Tarixi Aliquli (Alimquli) amirlashkar. 4-fasl


Post Views:
183

IV. UCHINCHI MARTABA O‘RUSIYA ASKARI YANGI QO‘RG‘ONNI MUHOSIRA QILG‘ONI BAYONI TURUR

Muni(ng) ustiga, o‘rus sardori Yangi Qo‘rg‘onni qamadi, degan xabar keldi. Mallaxon darhol Shodmonxo‘ja mingboshini Normuhammad qushbegi qipchoq va Bahodurbek dodxoh va Qurama hokimi Yoqubbek Badavlat va meni to‘pu to‘pxona va sarbozlar bilan Rusiya daf’i uchun Yangi Qo‘rg‘on buyurdi. Bizlar shitob bilan Turkistonga borsak, Rusiya Yangi Qo‘rg‘onni olib, ichidagi askar va odamlarni sihatu salomat Turkistonga yuborib, Yangi Qo‘rg‘onni yondirib ketgan ekan.

Alqissa, Yangi Qo‘rg‘on borib, qayta boshdan ta’mir qilmoq va devor urmoq uchun kamina sarboz bilan Yangi Qo‘rg‘onda qolib, tamomi qo‘shin Jo‘lak ustiga ketdilar. Bu miqdor qo‘shin to‘pu miltiq xavfidan Jo‘lak qo‘rg‘oniga yaqin borolmay, uch-to‘rt nafar arobaga pichan yuklagan ruslarga ro‘baro‘ bo‘lib, ruslarni otamiz, deb hamla qilibdilar. Ruslar miltiq otib Bahodurbek dodxohni badanidan yardor qilib, o‘zlari salomat Jo‘lak qo‘rg‘oniga, bu qadar qo‘shinlar esa, arobaga qo‘shgan besh-olti adad ho‘kuzlarni o‘lja qilib, Yangi Qo‘rg‘onga qaytib keldilar.

Alhosil, Yangi Qo‘rg‘on devorlarini ko‘tarib, Turkiston hokimiga topshirib, murojaat aylab, Xo‘qand keldik. Mallaxon Shohmurodbekni Namangon hokimligidan olib, Shodmonxo‘ja qushbegini hokim qildi. Qushbegi mazkur dohili Namangon bolib, muddati bir yarim oy o‘ygandan so‘ng, Ahror to‘ra degan odam Mallaxondan bir inoyatnoma ko‘tarib keldi. Unda Namangon qo‘shuni darhol Xo‘qandga hozir bo‘ling, deb buyurgan ekan. Shul sababdan qushbegi mazkur kaminani o‘rinlariga qo‘yub, o‘zlari Namangon qo‘shuni bilan Xo‘qand keldilar. Mazkur qo‘shunbegi Xo‘qand qo‘nganlaridan so‘ng, Olimbek dodxoh va qipchoqiya odamlari Mallaxonning xos odamlaridan Xidir qirg‘iz dodxoh, Muhammad Ibrohim mirzaboshi va Do‘st mehtar, bularga o‘xshash Mallaxon badxo‘yligidan jondan to‘ygan odamlar ittifoq bo‘libdilar. Bir kecha Mallaxon yotqan joyiga bosib kirib, Karimquli qipchoq qilichi zahmi bilan shahid qilib ertasi Shohmurodbekni xon ko‘tardilar. Shodmonxo‘jani mingboshi Xudoynazar dodxoh turkni Namangonda hokim qildilar. Kamina ham Namangondan Xo‘qand keldim. Yana Mallaxonni o‘ldirib, Shohmurodbekni xon va Shodmonxo‘ja qushbegini mingboshi qilg‘onlarini suyunchi tariqasida xat qilib, Qanoat otaliq va (Yoqubbek) Badavlatgakim, Turkistonda edilar, Do‘st mehtar qo‘lidann yubordilar. Qanoat otaliq Shodmonxo‘ja qushbegini mingboshi qilg‘on vajhidan parishonxotir va tashvishnok bo‘ldi. Tez Buxoroga kishi yuborib, Chinos va Chordara yo‘li bilan Xudoyorxonni Toshkandga keltirib,xon ko‘tardi-da, Xo‘qandga yov bo‘ldi. Bu xabarni eshitgan zahoti Shohmurodxon, mingboshi va amirlashkar tamomi Xo‘qand qo‘shini bilan Toshkand tarafiga otlanib, Xo‘jand yo‘li bilan Nav qal’asiniki, Xudoyorxon tarafidan Do‘st Muhammad dasturxonchi hokim ekan, qamab, o‘shal kuni fath qildilar. Do‘stmuhammad dasturxonchini O‘zgandga yubordilar. Daryodan o‘tib, Kirovuchi ustigakim, Xudoyorxon tarafidan Badavlat hokim erkan, borib qamaldilar. Badavlat ahd rioyasi uchun boshdan o‘n-o‘n besh to‘p o‘q o‘tkuncha sabr qilib, so‘ngra musoliha bilan chiqib, Kirovuchi qo‘rg‘onini topshirdi. Bu mavzedan ko‘chib borib, Toshkand muhosirasiga mashg‘ul bo‘lib, fath yaqinlashgan vaqtda qipchoqiyadan Mingboy dodxoh va Irisali ponsad, qirg‘iziyadan Xidir dodxoh va Namangon hokimi Xudoynazar dodxoh turk shunga o‘xshash fitnachi odamlar Shodmon mingboshini, Alimquli amirlashkar va Beknazar dodxohni o‘ldirmak va boshqa tariqa ish tutmak taraddudiga tushtilar. Bu so‘zni mingboshi va amirlashkari marhum fahmlab, dushman ustida muxolifat qilmoq yo muxoliflarni tutmoq va o‘ldurmoq yaxshi bo‘lmagani uchun Toshkand ishi ma’tal va muhmal qolsa ham, Xo‘qand tarafiga murojaat qildilar. Kirovuchidan o‘tgandan so‘ng badavlat Xo‘jandga hokim bo‘ldi. Ammo dushmanlarni kundan-kun qarshiliklari ziyoda bo‘lib, hadlaridan oshib, behuda harakat qila boshladilar. Simg‘or qo‘ng‘on kuni Xidir, Xudoynazar va Irisali bir necha muxolifatlar bilan xuftan vaqtidan so‘ng mingboshi chodariga kelib to yarim kechagacha o‘tirdilar. Mingboshi ham ehtiyot va hushyorliq birla muomala qilib, hech ish qilolmay qaytdilar.

(Shodmonxo‘ja) mingboshi: “Ko‘ch nag‘orasi kuygan zahoti meni uyg‘oting”, deb meni ta’kidlab, istirohatga mayl qildilar. Faqir uyg‘oq o‘tirib, subhi sodiq ko‘ch nog‘arasi kuygan zahoti mingboshini ogoh qildim. Turib, tahorat olib, otlanib, xon xizmatiga ketdilar. Faqir namozi bomdoddan so‘ng qo‘shu pilatalarni yuklatib, mingboshi tug‘ini ko‘tartirib, tobe’ lashkar bilan yo‘lga tushtim. Andak fursat o‘tkandan so‘ng yana Xidir, Xudoynazar va Irisalilar paydo bo‘lib, “Mingboshi akom qayon yetdilar?” deb faqirdan so‘radilar va kamina: “Ko‘ch nag‘orasi kuygan hamono otlanib erdilar, bilmadim, xon huzurlarida ekanlarmu”, deb javob berdim. Bu javobni eshitib, ular ham xon tug‘iga qarab ketdilar va bir soatdan so‘ng mingboshidan ko‘nglim tashvishnok bo‘lib, xon tug‘i ostiga bordim. U yerda mingboshidan asar topmay, Ko‘l mavzeidan chiqib, Xoja yagona dashtiga kelsam, bu yerga qo‘sh qo‘nib, mingboshi saroparda soyasida o‘turg‘on ekanlar. Kamina kelib salom bergan edim, iltifot aylab, qo‘llarida bir jom iskinjin sharbatini berdilar. Ichib, duo qilib, xonni(ng) yaqinlikidan xabardor qildim.

O‘runlaridan turub, xon chodariga borganda, xon ham keldi. Dasturxon o‘tgandan so‘ng mingboshi o‘z qo‘shlariga kelib, o‘toviga kirib, istirohatga mashg‘ul bo‘ldilar. Kamina havo haroratidan va gardu g‘ubor kasratidan soch oldurmoqg‘a mashg‘ul edim. Birdan Alimqul amirlashkari marhum paydo bo‘lib: “Soch oladurg‘on vaqti emas edi”, deb faqirga itob qilib, mingboshini so‘radilar. Kamina: “O‘tovida istirohatda”, deb javob berdim. Har daf’a uyg‘otib bering, deb faqirga buyurar edilar, ammo bu daf’a o‘zlari kirib uyg‘otib, yana ikkovlon xon huzuriga ketdilar. O‘shal lahza ikkovlon xon huzuridan kelib, “Peshin vaqti bo‘libdirmu?” deb savol qildilar. Faqir soatga qarab, “Avvali vaqt”, deb javob berdim. Darhol azonga buyurib, namozdan so‘ng kaminaga: “Xayr Muhammad yovarga ayting tamomi sarbozlari bilan mani chodarim va chodar qanoti orqasida zohir va tayyor bo‘lib tursin”, deb amr qildi. O‘zlari Amirlashkari marhum chodarga kirib: “Maslahat bor, tamomi sarkarda va umaro jam’ bo‘lsun”, deb odam buyurdilar. Va sarkarda-umarolar jam’ bo‘ldilar. Ammo Xidir tezda hozir bo‘lmay, hammadan so‘ng kamina chodarim bilan mingboshi chodarlari qanoti orasinda bir tor yo‘ldan kirib keldi. Ammo ayog‘ida etik yo‘q, sar-poy bilan kirib o‘tirdi. Suhbatni boshqa tariqa fahmlab vahmga tushib: “Men etik kiyib kelay”, deb mazkur tor yo‘l bilan qo‘shiga ravona bo‘ldi. Ammo sarboz yo‘lini to‘sib miltiq havola qilg‘ondan so‘ng qochib, kamina chodarimga kirdi, orqasidan yigitlar kirib, qilich bilan chopib, chodardan sudrab olib chiqib, chodarim yonida o‘ldirdilar.

Kamina chodaru paloslarim qonu harom bo‘ldimikin, xabar olay, deb chodarimga kirdim. Orqamdan Qo‘ychi dodxoh qirg‘iz kirib nos chekib, meni so‘zga mashg‘ul qilib turg‘onda Irisali ponsadboshi qipchoq kirib: “Men bu mufsidlarga qo‘shulgan emasman, xos davlatxohman, meni arizamni mingboshiga ma’lum qilinglar”, deb tavallo va zori qila boshladi. Ammo Bekmuhammad dodxoh: “Bugun har jamoa o‘z yomonlarini o‘lduradurg‘on kun. Qipchoqni(ng) yamoni Irisali. Uni o‘ldiringlar”, deb baland ovoz birla chaqirib, mening chodarimga yugurdilar.

Kamina va Qo‘ychi dodxoh qochib chiqib, yigitlar kirib, Irisalini qilich ostiga oldilar. Lekin sovut va choroyina boylangan ekan, qilich tezda ta’sir qilmay, chodardan sudrab chiqib, Xidir yoniga tashlab, otib o‘ldirdilar. Xudoynazar dodxoh turkni mingboshiga tobe’ Rustam Elbek otlig‘ yigit bir qilich zarbi birla oxirat safiga ozim qildi. Ammo Mingboy dodxoh daryodan o‘tib qo‘ng‘on ekan va ham o‘zi istisqo va chilaashur kasaliga mubtalo bo‘lgani uchun Bekmuhammad dodxoh iltimosi bilan bu ofat va balodan salomat qoldi.

O‘sha kuni Alimquli eshik og‘osi qirg‘iz qipchoqinkim, oxir udaychi ham bo‘ldi, Olim dodxohni o‘ldurmak uchun Xo‘qandga buyurdilar. Ul ham xufton vaqtida doxili Xo‘qand bo‘lib, Olimbek dodxohni o‘ldirib, mufsid va mufatinlar ishi tugab, itmomiga yetdi. Ertasi o‘zimiz ham ul mavzedan ko‘chib doxili Xo‘qand bo‘ldik. U tarafdan podshoh kelib Xo‘qandni qamab, Xudoyorxon o‘z tavobeoti bilan kelib, Xo‘qand muhosirasiga qo‘l urdi. Ammo Badavlat Xo‘jandda harchand sa’y va taraddud qilsa ham, fuqarosi yov bo‘lib, Sayid Fozil Miri Asadniki, Domullo Mir Boqi marhum o‘g‘li va Xo‘jandning rukni edi, urub o‘ldirib Badavlat qasdiga yugurdilar, (Yoqubbek) Badavlat ham nochor qochib, amirni ko‘rib omon qoldi. Ammo Xo‘qandni Xudoyorxon To‘qaytepaga qo‘nib muhosira qilganda, Shodmonxo‘ja mingboshi tog‘lik darvoza va Amirlashkari marhum Marg‘ilon darvoza va Bekmuhammad dodxoh va boshqa sardor har qaysilari bir darvoza muhofizatiga mashg‘ul bo‘ldilar.

Bu orada bir kecha mingboshi va Amirlashkari marhum kaminani bir xizmat uchun shahar ichiga buyurdilar. Kamina ham ul xizmatni bajarib, subhi sodiq Tog‘lik darvozasiga keldim. Mingboshi to avvalgi vaqt uxlamay uyg‘oq ekanlar. Marhamat qildilarki: “Men bu kecha uxlamadim. Xo‘ja kalonto‘ra va Shayxul-islom menga xat yozibdurlarki, fuqaro tamoman sizlarga yov bo‘lib, erta Xudoyorxonni shaharga olib kirib, sizlarni tutadurlar, deb. Munga nima tadbir qilsak ekan?” Kamina arz qildimki: “Amirlashkar va Bekmuhammad dodxoh ukalarimiz bilan mashvarat qilib, savob qaysi ishda bo‘lsa, uni qilsunlar”.

Mingboshiga ham ma’qul tushib, darhol otlandi. Amirlashkar qo‘shi Marg‘ilon darvozasi tarafiga yurdi. Amirlashkar va Bekmuhammad dodxohlar bilan mingboshi so‘zlashti. Mingboshida ikki yuz nafar toshkandlik yigit bor edi. Ularning ishi shu ediki, har kuni shomdan so‘ng qo‘rg‘onni aylanib, xabardorlik qilib, subhi sodiq Tog‘lik darvoza qo‘shlariga kelib uxlar edilar. Amirlashkari marhum va mingboshi Marg‘ilon darvozadan kaminaga: “Borib o‘shal ikki yuz nafar yigitni uyg‘otib, beta’xir darhol olib keling!” deb buyurdilar.

Kamina borib mazkur yigitlarni uyg‘otib, olib kelsam, mingboshi va Amirlashkar Marg‘ilon darvozasidan chiqib ketib, hech odam qolmabdi. Toshkand yigitlari ham nochor ularni topolmagandan so‘ng, Xudoyorxon tarafiga yurdim. Mazanglikka borganda, Abdulloh eshikog‘osi uchrab, mendan ahvol so‘radi. Kamina ahvolni mufassal bayon qildim. Abdulloh eshikog‘osi kaminani man’ qilib, dediki: “Qanoat otaliqni ko‘rmay Xudoyorxonga etmak sizga mumkin emas. Qanoat otaliqqa muloqot qilsangiz, bo‘lar ish ma’lum (bo‘ladi). Maslahat shulkim, men birlan shahar kirib, mening hovlimda turing. Peshindan so‘ng, shaharga kiradurgan xon xizmatlariga arz qilib, undin so‘ng ko‘rsatayin”, dedi.

Binobarin on, kamina shaharga kirdim va Abdulloh eshikog‘osi arz qilib, inoyatnoma olib, ertasi xon(ning) saodati muloqotlariga yetkardi.

Amiri Buxoro Xo‘jandni olib Qaroqchiqumga kelg‘onda, Xudoyorxon: “Bizlar Xo‘qandni olib xotirjam bo‘ldik”, deb Qanoat otaliqni yubordi. Amiri Buxoro Xo‘qand kelmay, Qanoatni olib, Buxoroga murojaat qildi. Buxoroga borgandan so‘ng, Qanoatni o‘ldirib, rishtai hayotini uzdi. Bu tarafdan Amirlashkari marhum va mingboshilar Xo‘janddan chiqib, yo‘lda So‘xdan kelib turg‘on Xudoyorxon mulozimi Yo‘lchibek dodxoh ro‘baro‘ kelib va uni odamlari bilan o‘ldirib, Andijon uyezdi Toshloq qishloqda Amirlashkari marhum hovlisiga qo‘ndilar. Amirlashkari marhum qirq-ellik ming naqdina siqqani olib chiqib, mingboshi va arkoni davlat oldiga qo‘yib: “Hozir bu naqdinani askarga beringlar, yana shundan so‘ng, harnima lozim bo‘lsa, jonu dil birla tayyor va muhayyo qilurman”, dedi. Tamomi arkoni davlat bil-iitifoq bu pul naqdinani olib: “topqon siz va sarf qilg‘uchi ham o‘zingiz bo‘lursiz, ne ixtiyoringizda, bizlarda itoat va inqiyoddan boshqa ish yo‘q”, deb aytdilar. Amirlashkar ham nochor qabul qilib, tamomi askariga xarj va imkoni boricha yorog‘u aslah yasab, tamomi qo‘shun bilan Andijonga kelib, Xudoyorxon amriga tobe’ odamlarni qochirib, Andijonni fath qildilar. Bu xabarni Xudoyorxon eshitib, xafa bo‘lib, Xo‘qand askari bilan otlanib Marg‘ilondan o‘tib qo‘ndi. Bu tarafdan Amirlashkar Andijondan jo‘nab, Xo‘jason mavzeiga qo‘ndi, ertasi Sho‘r mavzeida ikki lashkar bir-birlariga ro‘baro‘ bo‘lib, urush boshlandi. Xudovandi taolo fazlu karami bilan Amirlashkar askari g‘olib va muzaffar bo‘lib, Xudoyorxon lashkari qochib tarqab, qanchasi o‘lib, boshqalari majruh va xasta bo‘ldi. Qolganlar Xudoyorxon va ukasi Sulton Murodbek bilan bozorchilar arobasi va to‘pxona arobasiga yashirinib qochib, qilichu xanjar zarbidan xalos bo‘ldilar. Ammo Amirlashkari marhum askarlari ularni qurshab oldi. Xudoyorxon va ukasi tobe’lari bilan har vajhdin, xususan, avqot jihatidan nihoyat tanglik va mehnatga qolib, Xo‘qand fuqarolaridan madad tilabdilar. Nodon fuqaro janobi katta hazrat Domullo Fayzi qozi rais va bir necha ulamo va akobirlarni jabr bilan otlantirib, oldilariga solib, Xudoyorxon madadi uchun Marg‘ilondan o‘tg‘onlarida, Amirlashkar ularni qochirib, bir nechasi o‘lib va bir nechasi yarador bo‘ldilar. Qolganlari ot va libosdan ajrab, it ahvolida Marg‘ilonga qochib kirdilar. Ammo Amirlashkar mingboshi bir birodari birlan so‘zlashib, “Lashkarga to‘p va zanbarak lozim, agar bizlarda to‘p bo‘lsa edi, Xudoyorxon ishini qachonlar tamom qilur edik. Hali bo‘lsa, sizlarga har nimarsadan to‘p zarur ekan”, dedi.

Bil-ittifoq, bir tunda to‘p qasdida hujum qilib, Xo‘qandga keldilar. Tongda Xo‘qand xalqi ogoh bo‘lib Xudoyorxonga tobelar Buxoro tarafiga qochdi. Amirlashkar va mingboshi shaharga kirib, u kecha shaharga yetib, to‘pdan keraklicha olib, to‘pchilardan Abdusamadxon va Habibulloxonlarni olib, o‘radan chiqib, Hashtchamanga qo‘ndilar.

Bu tarafdan Xudoyorxon Amirlashkar va mingboshi askaridan asar ko‘rmay, voqea nima ekanini bilmay, hasratga qoldi. Oxiri xabardor bo‘lib, u ham tamomiaskar bilan Xo‘qandga keldi va nodon fuqarolar Xudoyorxonni shaharga kirguzib va Amirlashkar darvozaga qo‘ygan odamlarni bandi qildi. Fuqaro va Xudoyorxon ham Hasht chamanga keldilar. Amirlashkar ham darhol to‘plarni qo‘rg‘on rahnasidan tashqari chiqorib, ham qo‘rg‘ondan chiqqanda namozi asru shom orasida urush boshlandi. Necha karrot Xudoyorxon askarini qochirib shaharga qamadilar. Bu orada Jarqinboy dodxoh Muhammadyor lashkarboshi ukasikim, qipchoqiya orasida bahodirlig‘ va dildorlig‘da mashhur edi, qorong‘ulikda oti sholipoya loyiga botib shahid bo‘ldi.

Hosil (ul-kalom), u kecha namozi xuftondan so‘ng, soyga qo‘nib, ertasi to choshtgoh Amirlashkar ko‘chmay, “Agar Xudoyorxon chiqsa, to o‘rdagacha quvib tanbehini beray”, deb harakat qilmay turdi. Ammo Xudoyorxon na o‘zi va na askari hargiz qoralarini ko‘rsatmadilar. Nochor choshtgohdan so‘ng jo‘nab, Somonchi mavzeiga kelib, to‘p arobalari xarob (bo‘lgani) uchun har bir yigitga “Xns(?) mavzeiga yetkazib beringlar”, deb bir adad to‘p o‘qi xatlab topshirildi. Va shu payt ham Somonchi tarafdan quyuq dud (tutun) ko‘rindi. “Bu nima hodisadur? Xabar olinglar”, deb bir toifa askarga buyurdilar. Ular borsalar, Roshidan, Oq yer va munga o‘xshash qishloqlarini(ng) avboshi fuqarolari ekankim, kelib bu oradagi qirg‘iziya va elotiyani talab uylariga o‘t qo‘ygan ekan. Askarlar borib bechora qirg‘izlarni qutqarib, falonchi fuqarodan qo‘liga tushganini o‘ldirib, ulug‘larini Somonchi soyiga tashlab keldilar. Ul kuni Somonchi soyidan suv ichgali bo‘lmadi.

Ba har taqdir, ul kecha Somonchida yotib, ertasi ko‘chub Xns(?)ga Qo‘sh parvonachi manziliga qo‘nib, ul yerda arobachi ustalarni yig‘ib, to‘p arobalarini ta’mirladilar. U yerdan ko‘chib, Yormozordan Quboga qo‘nub, bir-ikki marta to‘p otishlari bilan Qubo akobirlari va fuqarolari peshkashu hadya bilan chiqib, duo qildilar, va tobe’ bo‘lib, marhamat va iltifot toptilar.

Undan o‘tib, Asaka mavzeiga qo‘nub, Bekmuhammad dodxohni ko‘rib, e’zoz va ehtirom bilan shaharga olib kirib, sidqidillik bilan mute’ va mindoq bo‘lganlig‘i xabarini undan oldilar.

Asakani jam’iyati xotir bilan Andijonga kelib, hazrati… buzurgvor alayhi rahma taraflaridan Andijon muhosirasiga mashg‘ul bo‘ldik. Bu mavzeda Qo‘ychi dodxoh O‘zganddan qirg‘iziya askari bilan kelib qo‘shuldi va ertasi Andijon shaharini ikki-uch tarfidan to’’ga tutdilar. Amirlashkar bir cho‘yan to‘p ba bir muncha askarni olib, Andijon shahri ichiga jo‘nadilar. Valekin ko‘p fursat o‘tib Amirlashkardan hech asar zohir bo‘lmagan sababli, Shodmonxo‘ja mingboshi xabar olmoq uchun orqalaridan bordi. Yana o‘sha soat qaytib kelib, kaminaga dedilarki: “Amirlashkar yamon joyda Gultepada, atroflarini tamoman fuqaro qurshab o‘rtaga olgan. Bir nav’ bilan qutqarmasak bo‘lmas, ikki-uch dasta askarni tayyorlab olib keling”, deb buyurdilar. Kamina darhol uch dasta qirg‘iziya, qoraqalfoq askarini hozir qildim. Bu askarlar qilichlarini g‘ilofidan chiqorib va nayzalarini rostlab, mingboshi oldilariga ot chopib bordilar. Fuqaro bu askarni ko‘rib, har tarafga qochib (ketdi). Amirlashkarni ular orasidan salomat ajratib oldik. Ammo cho‘yan to‘p Gultepada fuqaro qo‘lida qolib, olmoq muyassar bo‘lmadi.

Andijonni har kun har tarafdan qattig‘ muhosiraga olindi. Andijon hokimi Qodiraulbek dodxoh va Xudoyorxon ilg‘orlari va tamomi fuqaro qo‘llaridan kelgan sa’y va taraddudlarini bajo keltirib (mudofaada turdilar). Ayomi muhosira rabi-ul-avval oyining ibtidosidan, to rajab oyining oxirigacha davom etib, oxiri Xudoyi taolo karami birla fath topib, musaxxar bo‘ldi. Qodurquli dodxoh tamomi quzzot, ulamo va ulug‘;ari bilan chiqib, ko‘rdi. Amirlashkar va mingboshi bularni gunoh va jaroyimlaridan o‘tib, sarpolar va xil’atlar berib, marhamati benihoya birla sarafroz qildilar. Lekin, Xolnazar cho‘loq, Kamol va Boqi – Xudoyorxon ilg‘orlari chiqib ko‘rmay, qochib, yo‘ldagi askar qo‘liga giriftor bo‘lib, halokatga yettilar.

Andijon fathidan so‘ng, mingboshi va tobe’ marhumlari qoraqalfoq askari, sartiyadan Muhammadnazarbek qushbegi va qipchoqlardan Mingboy dodxoh bilan Balig‘chi fathiga buyurdilar. Kamina ham (Shodmonxo‘ja) mingboshi iltimosi bilan u safarda hamroh bo‘lib borib, Balig‘chini olib, Mingboy Balig‘chida Muhammadnazarbek qushbegi, Mingboy dodxohlar Namangon tarafiga bordilar.

Bu asnoda Amirlashkardan mingboshiga maktub kelib, kaminani talab qilg‘on ekanlar. Kamina Balig‘chidan jo‘nab, Amirlashkar Andijondan ko‘chib, Asakaga kelganda, u yerda sharafi dastbo‘s hosil qildim. Janobi Amirlashkar marhamat qildilarki: “Biz ushbu qish ichra Marg‘ilon ishi ham saranjom topsa, deb Asakaga keldik. Emdi siz borib Mingboshi akamga (Shodmonxo‘jaga) ma’lum qiling. Agar ul kishga ham ma’qul bo‘lsa, sizni yuborsunlar. Mingboy dodxohlarni ko‘rub, alarg‘a ham maqbul bo‘lsa, kelib bizga qo‘shulsunlar, toki jam’iyat tamom birla Marg‘ilon uzasiga boraylik”, dedilar.

Kamina bu xizmatga muraxxas bo‘lib, Balig‘chi kelib, mingboshiga aytdim, u kishiga ma’qul bo‘lib, Mingboy dodxoh qo‘shiga buyurdilar.

Mingboy dodxoh huzurlariga keldim. Abdurahmon oftobachi va qipchoqiya akobirlari bilan o‘tirgan ekan. Ularga janobi Amirlashkar so‘zlarini bayon qildim. Mingboy dodxoh dediki: “Nihoyat ma’qul so‘z, ammo boshlig‘imiz Muhammadnazar qushbegidir, avval u kishiga anglatib, bilittifoq javob beraylik”, deb o‘rinlaridan turdilar. Shu vaqtda qorovuldan: “Bugun yov qorovullarini shiddati ziyodroq, bir muncha mergan bering”, deb odam keldi. Mingboy dodxoh besh-olti nafar mergan qo‘shib qarovga yuborib, otlanib, Muhammadnazarbek qo‘shiga keldik. Bu yerda shirchoy tayyor ekan, shirchoy tortti va Amirlashkar maslahatlari bu kishiga ham ma’qul tushti. Shu asnoda qorovuldan “mergan” deb odam keldi. Mingboy dodxoh savol qildiki: “Dushman u ko‘frukdan yiroqmu yo yaqinmu?” Javob berdiki: “Yaqin desa ham bo‘lur, yiroq desa ham bo‘lur”. Yana mergan berib jo‘natdilar.

Shirchoyni ichib tamom qilmagan ediki, “dushman ko‘prikdan o‘tti”, deb xabar keldi. Darhol otlanib, jam’iyat bilan bizlar bordik, tamomi Namangon askari va Xudoyorxon qoshidan kelgan ilg‘or tamom chiqib kelgan ekan. Nochor choshtgohdan urush boshlandi.

Balig‘chidan mingboshi xabardor bo‘lib qoraqalfoq askari bilan madad uchun keldi. O‘sha kuni to ikki xuftangacha urush bo‘lib, Namangon qo‘shini qochib, ko‘p odam o‘lib, ko‘p bandi, tug‘u bayroq va o‘n olti karnay o‘lja ushdi. Namangon yigitlari azobu uqubat bilan qochib, qolganlari Namangon qo‘rg‘oniga kirdilar. Bizlar o‘sha kecha shu mavzeda turib, tushgan bandi, o‘lja va g‘animatlarni sarishta aylab, xotirjamlik bilan ko‘chib, Amirlashkarga qo‘shilib, Marg‘ilon ustiga keldik. Marg‘ilondan Mullo Sulton dodxoh va Mirzo Ahmad qushbegi tamomi Marg‘ilondagi askariyalar bilan chiqib, oxiri peshindan, to ikki xufatngacha qattig‘ urush va muhobira qildilar. Xudoyorxon tobe’laridan Davlat qo‘rboshi va shunga o‘xshash nech nafar katta odam bandi bo‘lib, ko‘pi o‘lib, boqiy lashkar qochib shaharga kirdi. Bizlar o‘sha kecha mavzei mazkurga qo‘nib, andin so‘ng, Yormozor ichiga ko‘chib kirdik. Va har kuni mingboshi Toshloq darvozasida Mullo Sultonga qarshi, Amirlashkar (Alimquli)hazrat Muoz Jabal darvozasida Mirzo Ahmadga qarshi, boshqa askarlar har tarafdan Marg‘ilon muhosarasiga mashg‘ul bo‘ldilar.

Bir kuni Amirlashkari marhum mingboshiga dedilarki: “Bugun joyimiz badal bo‘lsin. Mullo Sultonga muqobil man boray, Mirzo Ahmadga qarshi siz boring”, deb. Ushbu ittifoq bilan jo‘nab ko‘rdilarkim, Kirgi arig‘i suvi Marg‘ilonga kirar ekan. Shu sababli, o‘n nafar mahramni kaminaga qo‘shib, buyurdilarki: “Kirgil arig‘i suvini Marg‘ilondan bog‘lab, dashtga solib yuboring”. Kamina bu xizmatga mashg‘ul edimki, ikki tarafdan urush boshlanib, Amirlashkar tomonidan Mullo Sultonga o‘q tegib o‘ldi. O‘ligini Amirlashkar amri bilan bir otga ortib, mingboshi (Shodmonxo‘ja) huzuriga keltirdilar. Urush ham tamom bo‘ldi. Amirlashkar Mullo Sulton o‘ligini ko‘p taqdim bilan yuvib, kimxob va atlas bilan yoptirib, jam’iyati azim bilan janoza o‘qib dafn aylab, ruhiga xatmi Qur’on va hayrot berdilar.

Sulton o‘lgandan keyin, Marg‘ilon ishi kundan-kunga va lahza ba lahza xarob va vayron bo‘lib, askarlari Xo‘qand tarafiga qochib, Marg‘ilon fath bo‘ldi. Marg‘ilon fathidan so‘ng, Xo‘qand ustiga jo‘nab Xo‘qand qo‘rg‘oniga yaqin Mingtut mavzeiga qo‘nib, Xo‘qand muhosirasiga mashg‘ul bo‘ldik.

Ittifoqdan bir namozi peshin hadida bemahal va bemavrid urush boshladi. Mingboshi (Shodmonxo‘ja)ni Sayid g‘ozi otliq katta o‘g‘liga qazoi ilohiy birlan to‘p o‘qi tegib, oti bilan qo‘shib necha pora qildi. Va muning ustiga, qorovullarimizdan “Amiri Buxoro qo‘shini bilan Konibodomdan jo‘nab, muqaddimai lashkari Beshariq qo‘ndi”, deb xabar keldi. Bu ikki voqeadan qo‘shinimiz parishonhol bo‘lib, Sayid g‘ozi xo‘ja namozi janozasini o‘qug‘ondan so‘ng, Xo‘qand tomonga ko‘chib, Somonchiga< undan Oltiariqqa, Keyin Yormozoriga nuzul qildik. Bu manzilda xudovandi taolo irodasi bilan mingboshidan bir ish sodir bo‘ldiki, amirlashkari marhumning rishtai iroda va ixlosini undan qaytardi. Shunga o‘xshash ish Andijonda ham vuqu’ topib, binoyi e’tiqodini munhazam qilg‘on edi. Va bu ikki ishni malol kelmasligi uchun bayon qilmadim.

Hosil ul-kalom, amiri Buxoro va Xudoyorxon otlangan xabari kelgandan so‘ng, Yormozordan ko‘chib, Qubo, keyin Asaka, Andijon va undan Hazrati Yunus Alayhissalom tepalri ostiga qo‘ndik va podshoh (amir Muzaffar) va Xudoyorxonlar ham O‘sh tobei Qoshg‘ar qishlog‘iga qo‘ndilar. Amirlashkar Xol ponsad va shunga o‘xashash bir necha jasurlar qarovul tariqida Hazrati Yunus alayhissalom tepalarida qo‘yub, boqiy askari daryodan o‘tib, Xonobod va Burgutchi mavzeiga qo‘ndilar. Bu mavzeda mingboshiga andak za’f va bemorlik oriz bo‘lib, kuchi bilan ilg‘ori jo‘nab ketdi. Ammo u Amirlashkarga ko‘p nasihatlar qildi. Nasihatlardan biri bul edikim: “Zinhor podshoh bilan urush va muhoriba qilmang, na uchunkim, urushning ikki boshi bor: yo shikast, yozafar. Xudo asrasun, mabodo shikast bo‘lsa, yana bu jam’ita mumkin bo‘lmaydur. Agar muhoriba qilmasangiz, podshoh ham bu yerlarda haftadan ortuq turolmaydi. Avbosh lashkari fuqarolarni g‘orat va taroj aylab, ekinu ziroatlar xarob va zoye qilganda, xalqulloh podshadan tamoman bezor bo‘lib, uni nafrin va la’nat qilib, Xo‘qand va Farg‘ona fuqarolari sizni duo qilib, boshlariga ko‘taradilar”, deb bu nasihatga ko‘p ta’kidlar qildilar.

Hosil ul-kalom, podshoh Qoshg‘ar qishloqdan otlanib jo‘naganda, Hazrati Yunus alayhissalomdagi qarovullarimiz to‘nu qarovul bilan andak muhoriba qilib, bir asir va bir-ikki o‘lja olib, daryodan o‘ttilar. Podshoh askari hazrat mozori ostiga qo‘ndi.

Amirlashkari marhumning amir bilan urushmoq va muhoriba qilmoqg‘a shavqu rag‘bati g‘olib bo‘lsa ham, mingboshi nasihati unga mone’ tushdi. Kamina ham nafas ba nafas mingboshi maslahatlarini xotiri muboraklariga solib turardim. Podshoh daryo labiga qo‘ng‘onda bo huzuri tamom asta-sekin Xonariqqa qo‘nib, nafaslarimizni rostlab turdik. Podshoh askarini yiroqdan tomosha qilib, jam’iyati tamom birla Qulinchoq ustiga qo‘ndik. Podshoh ham daryodan o‘tib, xonobodga qo‘ndi. Ertasi Qulinchoqddan ko‘chib O‘zgandga, undan ko‘chib Qarog‘ulchaga qo‘nib, keyin Qarog‘ulcha darasiga kirib, tog‘ orasini toshu loy bilan mustahkam qo‘rg‘on qilib to‘sib, darvoza qo‘ydik va to‘plar qo‘rg‘on ustiga chiqorib, xotirjam’ va forig‘ul-bol bo‘ldik. Podshoh ham bizlarni keyin O‘zgand keldi va askari O‘zgand fuqarosini g‘orat va talon-taroj qilib, tamomi molu amvollarini olib, yalang‘och va uryon aylab, so‘ng jo‘nab Qarog‘ulcha dahasiga yaqin kelmay, yiroq qo‘nib, bir hojazodani elchi tariqasida kirguzdikim: “Man bu yergacha keldim, chiqib mani ko‘rib duo qilinglar va man kimni xohlasalaringiz xon qilib, sizlarga ko‘p iltifotlar ko‘rsatay”.

Amirlashkar va mingboshi javob aytdilarki: “Bu qadar takalluf va xushomadga hojat yo‘q, bir ko‘chmanchi xon kerak emas. Obro‘ va davlat bilan amir qaytsinlar, o‘zimiz kimni xohlasak xon qilib, Xudovandi karim iroda va taqdiri nima bo‘lsa, ko‘rarmiz”.

Podshoh ham nochor hech ish uxdasidan chiqmag‘on sababli izzati ketib, obro‘yi to‘kilib, Xo‘qand tarafiga murojaat qildi.

Bizlar ham Qarog‘ulchadan chiqib, ul marguzori jannatosorda, sabza va rayohin va Xudovandi Robbul-olamin yaratgan go‘zalliklarni tamosha aylab, O‘zgandga kelib, bir-ikki kun turdik. Keyin o‘ttuz adir yo‘li bilan yurib O‘sh tobe Qo‘rg‘oshim dashtiga qo‘ndik. U yerda O‘sh fuqarolari va Marg‘ilon hokimi Bahodur to‘ra peshkash va tortuq bilan kelib, tobe’ bo‘lib qoldilar. Xo‘qanddan Yoqubbek otaliq Badavlat va Mirzo Ahmad qushbegi Xudoyorxondan qochib keldilar. Bu yerda har tarafdan akobiru ashrof kelib qo‘shilib, nihoyat jam’iyati azim hozir bo‘ldi. Shodmon mingboshini Toshkand fathiga buyurib, kaminani ajratib olib qoldilar. Mingboshi harchand: “Bu bo‘lmasa, men ham bormayman”, deb sa’y qildi, ammo Amirlashkar: “Alhol bizlar podshoh birlan so‘zlashib turibmiz, bizga zarur va lozim. Ammo sizga Toshkandga hech darkorligi yo‘q. Har vaqt Xo‘qandga kirib xotirjam’ bo‘lsak, xizmatingizga yuborurmiz”, deb meni olib qoldilar.

Podshoh Xo‘qandda ham turolmay, bir nav’ Buxoro tarafiga murojaat qildi. Amirlashkar jo‘nab, Yormozor qo‘rg‘oniga qo‘ndi. U yerda Marg‘ilon, O‘sh, Andijon, Shahrixon, Namangon, Chust, Xo‘qand va tamomi atrofu tevarakning ulamo, fuzalo, quzzot va akobiru ashroflari jam’ bo‘lib, Mallaxoni shahidning o‘g‘li Sulton Sayidxonni Namangonga olib kelib, bilittifoq xon taxtiga ko‘tardilar. Ammo yurtdorlig‘ ishini chunonchi, daxlu sarf, azlu nasb, qatlu rahm va tamomi muhimoti mulku mol tasarrufini Amirlashkarga taslim va taslid ayladilar. Bu ma’niga kamina qalami birla ahdnomai muaqqad va paymonu vasiqa yozilib, bul ahdnomaga janobi xon boshlig‘ tamomi ulamo, fuzalo va akobir sidqidil birla qo‘l qo‘yub, muhr bosib, mustahkam qildilar.

Bu ishlardan xotirjam’ bo‘lg‘ondan so‘ng, jo‘nab Xo‘qandga doxil bo‘ldik. O‘sha kuni mingboshi (Shodmonxo‘ja) tarafidan Solihxo‘ja Mirzo Toshkand fath bo‘lg‘onini(ng) xabarini olib keldi. Amirlashkar o‘shal kuni xazinai oliyga kirib, bir katta tillo kimxob to‘n kaminaga kiydurub, marhamat qildilarkim: “Farg‘onani(ng) xirojini, tanobona va zakot pullari, askariyaning qishloq va g‘alloti, qishloqlar ijoroti, sarkoru amloklar tahqiqi va hisobu, askariya yarog‘u asliha daftari sizga taalluqlidir. Bulardan yaxshi xabardor bo‘lung va mukohila qilmang”.

Yana qo‘limga to‘rt kimxob to‘n berdilar: biri Do‘stga mehtarlik, ya’ni, zakotchilik sarposi, yana biri Muhammad Ibrohimga inoqli sarposi, yana biri Tursun Muhammadga sarkorlik, ya’ni, nikohona, tarakona va kema ijoralarini olmoq sarposi, yana biri Mirzo G‘afurga sarrofona, ya’ni, tillo va sikkarlarga zarb urg‘uchi boshlig‘i sarposi. Kamina bularni(ng) liboslarini berib, duo qildirdim. Mushofihat, og‘zaki ularni menga tobe’ bo‘linglar, deb amr qildilar. Bu orada Toshkand bormoq irodasini qilib, kaminani askar qishlog‘i va barotlarini bermoq uchun Xo‘qandga tashlab, o‘zlari Xo‘jand yo‘li bilan Mirzo Ahmad qushbegini ham hamroh olib, Toshkand bordilar. Toshkandda Yormozor va Andijonda voqe’ bo‘ldi, deb ishorat qilg‘on voqelar sababli, balki xotimai umr va intihoi ajal birla mingboshi (Shodmonxo‘ja) vafot etdi. O‘rniga Normuhammad parvonachini Toshkandga hokim aylab, murojaat qilib, Xo‘qand keldilar.

Kamina bir necha mahal topib arz qildimki: “Alhamdulilloh, bu davlat yangii va jadid davlatdur. Bizlarni askarimizdan ham fuqaromizga hech bir ozor va zahmat lohaq bo‘lg‘on emas. Shu vaqtda bir xushyor odamni elchilik tariqi ila yuborib, improtur davlatigakim, davlati azimdur, takya qilsak, yaxshi bo‘lur erdi”.

Janobi amirlashkarga so‘zlarim ma’qul bo‘lib, dedilarki: “Nihoyat maqbul maslahatdur. Muni o‘ylab topibsiz, emdi boradurg‘on odamni ham mulohiza aylab arz qiling”. Kamina arz qildimki: “Agar askariya< umaro va sardorlardan borsa, loyiq odamni janoblaridan yaxshiraoq bilmaydur va agar yurt akobiru ulamolaridan borsa, Toshkand tobe’ida turkistonlik Aliakbar hoji naqib va toshkandlik Xontoraxon eshoni marhum o‘g‘illari Abdulqosimxon eshon va Nizomuddin qozi o‘g‘illari Eshon qozi va Xo‘qanddan Yo‘ldashboy karvonboshilardan qaysisi borsa ham, loyiq va munosibdur”. Savol qildilarkim: “Bu qadar xalqulloh ichidan bu to‘rt nafarni nima sababdan ko‘rsatasiz?” Kamina javob berdimki: “Odamizod hamma barobaremas, balki zukkoligi, aqli va hushu fahmi o‘tkirligi bilan ajralib turadur. Muhammad Alixoni shahid asrida janobi Miyon Xalil Sohib hazrat elchilik bilan Fitirburx borg‘onlarida, ul janobni O‘rusiya tobe’ida nug‘oy toifasi va boshqa toifadin muridu muxlis, yoru, do‘stlari ko‘p ekan, har qaysilari o‘z hokimlari bilan istiqbolga chiqib, bu tariqa O‘rusiya kattalariga qadru manzalatlari ma’lum bo‘libdi. Borg‘ondan so‘ng, o‘zlari nihoyat daraja oqil va xo‘shmand (bo‘lg‘onlari) uchun nizom biladurg‘on yoru do‘st mashvarati birla muvofiqi qoida ish qilib, nihoyat izzat va obro‘ bilan qaytgan edilar. Bu to‘rt nafarni ham O‘rusiya kattalaridan yoru oshnolari ko‘p va ham o‘zlari g‘oyatda oqilu hushyor odamlardur. Taqdir bo‘lub borsalar, umidkim, bo maslahat, qonun-qoidadan chiqmay, albatta hurmat va obro‘ bilan murojaat qilsalr kerak”.

Janobi Amirlashkarga (Alimquliga) maqbul bo‘lib, bulardan birini yubormoq fikru mulohazasiga tushtilar.

Bu orada sultoni Rum, ya’ni, xalif xizmatlariga Tibet yo‘li bilan yuborgan Ahmadxo‘ja eshon elchini Xitoy yo‘l bermay, Yorkendda tutib turur, deb xabar qildi. Janobi Amirlashkar muztarib bo‘lib: “Bu elchini(ng) bormog‘i nihoyat zarur”, deb kaminaga marhamat qildilarki: “Avval Qoshg‘ar borib, na tariqa birla mumkin bo‘lsa, Ahmadxo‘ja eshon elchini o‘tkazib yuborib keling. Undan so‘ng, improtur xizmatlariga elchi yuborurmiz”.

Ramazon namozi o‘qulg‘on kuni birinchi shavvol kaminani Qoshg‘arg‘a buyurib, Ahmadxo‘ja eshon o‘rniga xalifai Rum xizmatlariga elchi Hoji Meliboy va Inglis davlatiga elchi Mullo Xo‘jabek udaychi, Qobul va Kandahorga podshohi amir Sheralixonga elchi kosonlik Muhammadnazar eshikog‘asi, Jamud va Kashmir Maharajasiga Shukurxon oqsoqol o‘rniga Xamroquli eshikog‘asi oqsoqolni (elchi) qilib, bularni(ng) hammasini kaminaga topshirib, shavvolning ikkinchi kuni Xo‘qanddan chiqib, muddati o‘n olti kunda dohili Qoshg‘ar hokimi Qutlug‘bek bilan muloqot qilib, Xitoy anballari bilan so‘zlashib, bu elchilarni Tibet yo‘liga solib jo‘natguncha uzoq muddat o‘tib ketdi. Iydi qurbon namozini ham Qoshg‘arda o‘qib, andin so‘ng xoqoni Xitoy Qosimbek degan sart bekini ko‘p hadiya va tuhfalar bilan elchilik tariqasida kaminaga qo‘shib, muharram oyi o‘ratalarida Qoshg‘ardan chiqib, Xo‘qand tarafiga jo‘nadik va oxiri muharram, balki avoili safar Xo‘qandga dohil bo‘ldim. Mazkur elchi va hadiyalarni jo‘natib Amirlashkari marhum va janobi xon nazari muboraklaridan o‘tkazdim. Ular bag‘oyat xursand bo‘lib, kaminaga ko‘p iltifotlar aylab, marhamat qildilarkim: “Bu ishlaringizdan ko‘p masrur va rozi bo‘ldik. Ammo uzundan-uzoq yurib fursat o‘tib, Turkiston qo‘ldanketdi. Kaminaga ham ba qadri hol dilosolik berib, mazkur elchini ham tezlik bilan xushvaqt va masrur qaytarib, safaroyining yigirmasi yoki yigirma birinchisi (Amirlashkar) tamomi Xo‘qand va Farg‘ona askari, to‘pu to‘pxonasi bilan ba davlati tamom Chimkent otlandilar.

(davomi bor)

Muhammad Yunus bin Muhammad Amin

Manba: Muhammad Yunus Toib. Tarixi Alimquli amirlashkar//Sharq yulduzi. –1996. -№ 1-2.

https://shosh.uz/uz/tarixi-aliquli-alimquli-amirlashkar-4-fasl/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x