Tanqid kimga yoqadi?

Yoxud adabiy tanqidning bugungi ahvoli va istiqboli xususida oʻylar

“OʻzAS” keyingi vaqtda adabiy tanqidchiligimizni yuksaltirish orzusida kuyunchaklik bilan yozilgan maqolalarni chop etib, eʼtiborimizni tortdi. Ana shu chiqishlar taʼsirida xayolimga “Tanqid kimga yoqadi?” degan savol ortidan ayrim fikrlar keldi.

Tarixga razm solinsa, munaqqidlar hamma zamonlarda kamchil boʻlgan koʻrinadi. A. Pushkin 1829 yilda: “Bizda goʻzal adabiyot bor, ammo hozircha tanqid yoʻq”, deb armon bilan yozadi. Shoirning armoni tezda ushaldi. Shu adabiy avlod asarlari tiynatidan talantli tanqidchi V. G. Belinskiy maydonga chiqdi… Nima demoqchiman? Munaqqidlarning faolligi, oʻqishi, uqishi, maqtashi, tanqidi, tahlili, talqini, baholashi juda muhim, ammo ijod olamida isteʼdodli adib shaxsiyatining bunyod boʻlishi undan ham muhimroqdir.

Sir emas, gohida biror oʻquvchidan iliq munosabat kutsa ham, aslida, isteʼdodli ijodkor yuragi nimani qanday yozib qoʻyganini aksar bexato his etadi. Chunki unda intuitsiya – ichki sezim boʻladi. Shunga koʻra, atrofdan maxsus uyushtirilgan maqtovlar yogʻilishiga ehtiyoj sezmaydi. Yozganlarini targʻib-tashviq etish yoʻlida tashvish tortmaydi. Masalan, bundan oʻttiz yillar oldin bir adabiy uchrashuvda Abdulla Oripov muxlislar savoliga javob berib, mazmunan: “Tanqidchilar mening ijodim toʻgʻrisida nima desa desin, ammo men nima bilan shugʻullanib yurganimni ham, sheʼrlarim darajasini ham juda yaxshi bilaman”, deganini hamon eslayman.

Aslida, adabiy tanqidiy maqolalar – haqiqat yoʻlidagi izlanish, iztirob, mehnat, mashaqqat, ilhom, jazava, ehtiros va boshqa koʻplab maʼnaviy-ruhiy omillar mahsuli. Qalovini topib haqiqatni aytmoq kerak. Adabiy tanqidiy maqola ham, boshqa ijod namunalari singari, obdon pishib yetilmasa, silliqlanmasa, tarashlanmasa, dalillanmasa qurigan daraxtning shoxiga oʻxshab moʻrt keladi. Tez sinadi, oʻtin boʻladi, unutiladi, chiqitga chiqadi.

Odatda, tanqidchidan badiiy asar toʻgʻrisidagi barcha ilmiy haqiqatni aytish talab qilinadi. Haqiqatni aytishning yoʻl-yoʻrigʻi, usuli, etikasi, mavridi, makoni, adib va oʻquvchi koʻngliga qarashdek nozik jihatlari bor. Rivoyatga koʻra, bir sayroqi qushcha oʻrmonda oʻtinlar ostiga yonarqurtni qoʻyib, olov oldirish maqsadida jon-jahdi bilan puflayotgan maymunga duch kelibdi. Qush yonarqurtning choʻgʻ emasligini tushunib, bir-ikki marta sayrabdi. Puflayotgan jonivor esa beparvogina ishida davom etibdi. Shunda qushcha “Gapimni yaxshi eshitmadi, shekilli” degan xayolda daraxtning pastki shoxiga qoʻnib, gapini yana takrorlagan ekan, maymun bir sakrab, uning qanotlarini uzib mahv etibdi. Hazrat Navoiydan qolgan hikmatni har kim biladi:

Xiradmand chin soʻzdin oʻzgani demas,

Vale bari chin ham degulig emas.

Donishmandlar gapni bejiz qopga solingan bigizga oʻxshatmaganlar.

Tanqidchi sanʼatning nazariy qonuniyatlarini puxta biladigan olim; tanqidchi – yuksak saviyali kitobxon; tanqidchi – xolis va odil baholovchi-oʻquvchi. Shu bilan birga tanqidchiga xusumat, tarafkashlik yarashmaydi. Adabiy tanqid oppoq koʻylakdagi mitti qora dogʻni doston qilmasligi; munaqqid haqorat, mazax, piching, guruhbozlikni oʻziga kasb qilmasligi lozim. Tanqidchi adib va kitobxon orasida turib xolis fikrlashga masʼul ekan, odamlar fikrini notoʻgʻri oʻzanga solish bu sohada halol luqma yeyman, degan mardning ishi sanalmaydi.

Nazarimda, manfaatparastlik, mahalliychilik, hamtovoqlik avj olgan muhitda hech qachon xolis va adolatli adabiy tanqid boʻlmaydi. Anʼanaviy qolipga mos ravishda koʻpincha maqtaladi, ozgina kamchilik aytiladi. Tamom. Agar jiddiyroq tanqid qilinsa bormi, oʻzaro dushman qutblar paydo boʻladi. Bitta asari qachonlardir kurashchan munaqqid tanqidiga uchragan tajribali adibning adabiy davralarda oʻsha tanqidchi ustiga magʻzava agʻdarib, mavzuga aloqasi bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, uning ismi-sharifini qistirib ochiqdan-ochiq masxara qilganini koʻp kuzatganman. Ayting-chi, tanqid kimga yoqadi? Tanqidchiga kim qachon rahmat aytgan? Ijod ahli uchun maqtov muhim. Maqtov kimga yoqmaydi? Biroq adabiy tanqid madhiya ham, qasida ham, toʻychining nogʻorasi ham emas. Binobarin, adabiy jarayonni xolis baholashga bel bogʻlagan tanqidchilar ishi hech qachon oson boʻlmagan.

Munaqqidlik zahmatiga bir misol. Besh yuz sahifali romanni oʻqish uchun eng kamida bir-ikki hafta vaqt ketadi. Taqriz yozish uchun fikrlab, chizib, oʻchirib… aytayotgan fikri isboti uchun dunyo allomalari bisotidan iqtiboslar olib oʻqisa, yana shuncha vaqt kerak. Mayli, bosmaqolip-stereotip taqrizlarda bu nisbatan oson ish, yaʼni asarning atigi ayrim fazilatlari va juzʼiy kamchiliklari aytiladi, xolos. Endi tasavvur qiling, asosli tanqidiy, chuqur tahliliy maqola yozish lozim boʻlsa, fikrning ishonchliligi, adabiy tanqid etikasi rioyasi uchun qanchadan-qancha kuch-quvvat sarflash, ezopona tilni charxlash kerak boʻladi. Agar maqola yaxshi chiqib, unutilmasa bu – yutuq. Biroq u oʻsha saviyasi past roman bilan birga unutilsa-chi? Adabiyotchi sarflagan umri va vaqti uchun aqalli achinsa kerak. Kitoblar oʻqib koʻngil koʻzi ochilgan va qoʻlida tutgan togʻoraning teshikligini bilgan oqil odam esi borida etagini yopib oladi.

Tasavvur qilamiz: bugun jiddiy munaqqidlarimiz yetarlicha. Bunday sharoitda ikki sababga koʻra adabiy jarayondagi yangi asarlar eʼtiborsiz qolishi mumkin. Birinchidan, badiiy asarni tushunish va tushuntirishga munaqqid idroki yetmaydi. Ikkinchidan, “asar” tanqid va tahlilga arzimaydi. Bugungi adabiy jarayonda ikkinchi sababga aslo omad tilamagan boʻlar edim. Haqiqiy munaqqidlar uchun yozilmagan mezonlar boʻladi; maʼlum bir ijodkorga yollanib, uning otizi-tomorqasiga qovun ekmaydi; sababi – boʻsh asarni koʻklarga koʻtarish alaloqibat ijodkorni xursand qilmaganidek, munaqqidga ham obroʻ keltirmaydi.

Chin adabiyot qadri, maqomi ustidagi tortishuvlar, maʼnili-maʼnisiz insholar hamma zamonlarda ham boʻlgan. “Aslida, maʼnisizlik ikki xil boʻladi: birinchisida tuygʻu va fikrlar yetishmaydi; ortiqcha vaysama soʻzlar koʻpayib ketadi. Ikkinchisida, tuygʻu va fikrlar haddan tashqari koʻp boʻlib, ular ifodasi uchun soʻz topilmay qoladi”. A. Pushkinning barcha zamonlar munaqqidiga yordam beradigan bu fikrini xayoliga kelgan gapni badiiy asar oʻlaroq yozib yurganlar maslahat oʻrnida qabul qilishlari ham mumkin.

Yuqorida aytdik, badiiy adabiyot isteʼdodlar bilan umrboqiydir. Isteʼdodlar esa tugʻiladi. Ularni zavod yo fabrikada ishlab chiqarib boʻlmaydi. Ijodkorlarni xoʻrozqandga oʻxshatib qolipga solib yasash zamonlari ham ortda qolgani rost boʻlsin. Biroq bugun bosilayotgan kitoblardagi aksar soʻzboshi yoki soʻngsoʻzlar ana shunday “yasash”ga urinish boʻlib koʻrinadi.

Ayrim soʻzboshi yo soʻngsoʻzlarni men ham yozganman. Ularni jamlasam, kichikroq kitob boʻladi. Gohida kitoblar uchun mening soʻzimdan koʻra ilmiy daraja va unvon zarurmikan, degan xayolga ham boraman. Ammo soʻzboshi va soʻngsoʻzlarga tegishli muhim bir gap shuki, boʻynigami yo qoʻyniga taqilgan tumor inson manglayiga yozilgan taqdir bitigini aslo tahrir qila bilmaydi. Kitoblarga, yangi bosilayotgan asarlarga yozilgan soʻzboshilar ham tumordek gap. Ism-shariflari yonida qator unvonlari ilova etilgan soʻzboshi va soʻngsoʻzlar kitoblar qismati – umr yoʻlini oʻzgartirishi juda qiyin. Asarning oʻzi goʻzal boʻlsa, uni kimningdir yelkasiga mindirish shart emas. Shukrkim, bugungi adabiy jarayonda bunday holga kuni qolmagan, oʻz soʻzining qadri va sehrini bilib asarlar yozib yurgan adiblar ham bor.

Aslida, har qanday odam oʻz ishidan zavqlanishi lozim. Jumladan, qalam ahli ham. Agar ijodkor oʻzi yozgan matnni oʻzi oʻqib zavqlanmasa, birov undan maʼni topmaydi. Sheʼri esda qolmagan shoir oʻsha oddiy gaplaridan oʻzi ham taʼsirlanmaydi, hayratlanmaydi, hayajonlanmaydi. Holan oddiy soʻzlar yigʻimi boshqalar yuragiga yetib bormaydi. Shu singari adabiyotshunoslik asarlari, adabiy tanqidiy maqolalar ham zavq-shavq bilan yozilishi lozim; ularda zarur mulohazalar, oʻylantiradigan, hayratlantiragan fikrlar boʻlishi shart. Original fikr – har qanday olimning bebaho xazinasi.

Adabiy nazariyalarga koʻra, adabiy tanqid adabiy jarayon bilan birga yashaydi. Yangi nazariyalar shu jarayonda tugʻiladi yoki yangi nom oladi. Adiblarning asarlari vaqt va adabiy jarayon elagidan oʻtadi. Dunyo adabiyotshunosligida tajriba shunday. Adabiy tanqid ham oʻz spetsifik xususiyatiga ega ijodning bir turi. Munaqqid adiblarning tavallud kunlarida qoʻllarida gul tutib sahnaga chiqadigan nozanin ham, maʼraka-marosimlarda chopon kiyadigan hassakash ham emas. Agar shunday tasavvur qilinadigan boʻlsa, munaqqidlikka doir bunday xato tushunchani tahrir etish, oʻsha qotib qolgan tushunchani oʻzgartirish kerak. Negadir adabiyotchi-munaqqidlar aynan kimlarningdir tavallud ayyomlarida gʻimirlashib, goʻyoki bir martalik zarur “matoh”ga aylanishadi. Soʻng yana chekkada qoʻl qovushtirib, bekatda navbatdagi ulovni, ulovchi va uning qoʻshigʻini kutadi. Munaqqidlikning bunday “xizmat turi”da oʻta yengillik, oʻtkinchilik va yuzakilik seziladi. Holbuki, adabiyotshunos-munaqqidning vazifasi bundan koʻra jiddiyroq, ilmiyroq, tizimliroq, yukliroq, masʼuliyatliroqdir.

Har qanday sohada yoshlar kuch-quvvati, tashabbusidan umid qilinadi. Ilmning bu yoʻlidagi yoshlar bugungi adabiy hayot ichiga kirishi, oʻz fikrlarini aytishi lozim. Ammo qani oʻsha yosh munaqqid? Bir-ikkita yoshlarning chiqishlarini oʻqidim, ragʻbat uchun oldinroq ular nomini bir maqolada tilga ham oldim. Taassufki, ular hozircha bu sermashaqqat ishda izchil va faol emas. Bugun oʻzini koʻp ham yoqimli boʻlmagan shu ijodiy ishga chogʻlagan, oʻz niyati bilan munaqqid boʻlishga qatʼiy bel bogʻlagan yoshlarni topish qiyin. Chunki bu ilm sohasida koʻp kitoblar oʻqish, his-tuygʻularga berilish, gapni toʻgʻri tuzishning oʻzi kamlik qiladi. Jahon adabiyoti va adabiyotshunosligidan xabardorlik, adabiy-nazariy hodisalarni teran analiz qilish, kengqamrovli bilim, estetik did, fahm-farosat kerak; badiiy asarga original yondashuv usullarini oʻrganish va kashf etmoq lozim.

Chinakam badiiy asarda ruh, til, yurak, jon, jahon, hayot mavjud. Ruhsiz tana – jonsiz jism. Ruhsiz, tilsiz “badiiy asar” ustidan tegirmon toshi yuritish bilan ham jonlantirib, tirik adabiy durdonalar safiga qoʻshib boʻlmaydi. Didli adabiyotchi bunday koʻngilsiz yumushni zimmasiga olmaydi. Asrlardan asrlarga oʻtadigan adabiyotshunoslik asarlari ortida ham oʻtkinchi ommaviy qarsakbozliklarga joʻr boʻlishdan or qiladigan, oʻz adabiy-estetik, ilmiy-nazariy, ijtimoiy-hayotiy konsepsiyasi-tutumlariga ega yuragi butun ijodkor ShAXS turadi. Kungaboqarlik qismatidan uzoqlashib, ildizi mustahkam asriy chinorlar bilan boʻylashish orzusi har qanday ijodkorni abadiyat gulshaniga noil etadi…

Xullas, bugungi adabiy-ijodiy muhitdagi odillik va xolislikka, toʻgʻrilik va haqgoʻylikka daʼvat odamni umidlantiradi; koʻnglida ana shunday ezgu orzu-niyatlar uygʻotadi.

 

Bahodir KARIM,

filologiya fanlari doktori, professor

 

uzas.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tanqid-kimga-yoqadi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x