Sokin koʻngil rozlari

Oʻtgan asr 60-yillarining oxirlari, zilziladan soʻng Talabalar shaharchasi biqinida universitet domlalari uchun qurilgan binodan oilamizga ajratilgan xonaga yaqindagina koʻchib borganmiz. Shu orada qadrdonim Mahmud Saʼdiy toʻladan kelgan oʻrtaboʻy bir yigitni boshlab keldi. “Tanisangiz kerak, talabangiz Togʻaymurod Mengnorov, jurnalistika fakultetida oʻqiydi, hikoyalar yozadi”, deya tanishtirdi hamrohini. Darhol tanidim, u oʻqiydigan guruhga “Estetika va adabiyotshunoslik asoslari”dan dars berganman. Esladim: bu yigit darslarda doimo xayol surib, nimanidir pichirlaganday oʻzi bilan oʻzi ovora jimgina oʻtirar, darsda biror marta ham savol berganini, bahs-munozaralarga aralashganini bilmayman. Nihoyat, sinov vaqti keldi, biletda qoʻyilgan savollar boʻyicha shunaqa bulbuligoʻyo boʻlib gapira ketdiki, lol boʻlib qoldim, hatto men koʻrmagan, tavsiya etmagan asarlarni ham oʻqigani maʼlum boʻldi. “Uka, shuncha narsa bilar ekansiz, nega seminar darslarida biror kalima ham soʻz aytmadingiz?” desam, “Xarakterim shunaqa” deb qoʻya qolgandi.

Mehmonlarni ichkariga taklif qildim. Stol tevaragida choyxoʻrlik, qizgʻin gurung boshlandi. Mahmudjonning taklifi bilan Togʻay Murod “Zarang tayoq” deb atalgan yangi hikoyasini oʻqidi. Hikoyada keksayib qolgan choʻpon va uning oʻgʻli haqida gap borar, ota qoʻlidagi zarang tayoqni kimga topshirishni bilmay xunob, zamona yoshlari, jumladan, oʻgʻli “podachi” boʻlishdan or qiladi, bu hol qariyani iztirobga soladi. Talaba yoshidagi havaskor yozuvchidan bunday tayyor asar kamdan-kam hollarda chiqadi. Hikoyadagi oʻta hayotiy, tabiiy, taʼsirchan lavhalar Mahmudjonni ham, meni ham oʻylatib qoʻydi, har ikkimiz ham u haqda iliq gaplar aytdik. Togʻay Murod esa maqtov soʻzlarimizga parvo ham qilmay, shunday boʻlishini bilganday indamay oʻtirardi. Oradan koʻp oʻtmay hikoya qaysidir jurnalda chiqdi. Asar matni keyinchalik yozuvchining “Momo yer qoʻshigʻi” qissasiga biroz oʻzgartirishlar bilan kiritildi.

Odatdagidek, gurung oxirida dasturxonga osh tortildi. Devzira guruchdan manqalda tayyorlangan qip-qizil fargʻonacha palovdan tatib koʻrgach, “Palov pishirishni asli fargʻonaliklarga chiqargan”, deb qoldi Togʻay Murod. Men ham oʻz navbatida “Tandir kabobni esa surxondaryoliklarga chiqargan”, deb javob qildim. Kulishdik. “Surxondaryodan boʻlsam ham choyxona palovni xush koʻraman, asli ajdodlarimiz fargʻonalik-da”, deya ilova qildi u. Bu gap chinmi yoki shunchaki koʻngil uchun hazil tariqasida aytildimi – bilolmay qoldim. Oradan chorak asr oʻtib yozilgan “Otamdan qolgan dalalar” romanidagi eng nurli siymo “Fargʻonachi Jamoliddin”ni muallif diliga yaqin olib, chin samimiy ehtirom bilan tasvir etadi. Bu personaj Togʻayning ajdodlaridan boʻlsa ajab emas.

Shu-shu, Togʻay Murodning matbuotda chiqqan har bir asarini kuzatib, oʻqib boradigan boʻldim. U adabiyotga shoshilmay sekingina kirib keldi, ilk mashqlaridan to el ogʻziga tushgan “Yulduzlar mangu yonadi” qissasi chiqqunga qadar oʻn yilcha vaqt oʻtdi. Har gal unga duch kelganimda “Nega matbuotda kam koʻrinasiz?”, deb soʻrasam, hamisha “Oʻqiyapman, oʻrganayapman, durustroq narsa yozishga tayyorlanayapman” degan javobni olardim. Bunday jiddiy tayyorgarlik izsiz ketmadi. Birin-ketin “Yulduzlar mangu yonadi”, “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar” eʼlon qilindi, bu asarlarning har biri adabiy hayotimizda katta voqea boʻldi. Hamkasb munaqqidlar qatori men ham bu qissalar haqida koʻnglimdagi gaplarni aytganman, yozganman.

Togʻay bosiq, vazmin koʻrinsa-da, taʼbi oʻta nozik, kuyunchak odam edi. Sal narsaga birdan lovillab ketardi. Yozuvchilar uyushmasidagi majlislardan birida “Momo yer qoʻshigʻi” xususida iliq gaplar bilan birga qissa biroz tarafkashlik bilan yozilgani, muallif oʻzi suymagan qahramoniga jamiki salbiy illatlarni yopishtiraverganini aytuvdim, zalda oʻtirgan Togʻay shartta oʻrnidan turib bunday eʼtirozga qoʻshilmasligini bildirdi. Shundan keyin anchagacha koʻcha-koʻyda unga duch kelganimda hatto salomimga alik ham olmay yurdi.

90-yillarning boshlari boʻlsa kerak, yangi bitgan hovlimizga kutilmaganda Togʻayning oʻzi tanho holda kirib keldi. Oʻsha kezlari shaharda tarqalgan grippdan aziyat chekib endigina oʻzimga kela boshlagan, dilimga yaqin suhbatdoshni qoʻmsab yotgan edim. Boz ustiga, Togʻayning oradagi ginaxonlikni unutib xonadonimizga kirib kelishi koʻnglimni togʻday koʻtarib yubordi. Odatdagidek non-choy, Togʻay xush koʻradigan devzira guruchdan oʻchoqda tayyorlangan fargʻonacha palov… Eng muhimi, tun yarmigacha davom etgan ham maroqli, ham dardu hasratlarga toʻla hazin suhbat. Togʻay meni oʻziga yaqin olib dilidagi jamiki dardu dunyosini toʻkib soldi. Oʻsha kuni men Togʻayni yangidan kashf etgandek boʻldim. U haqdagi avvalgi tasavvurlarim goʻyo ost-ust boʻlib ketdi. “Domla, Maʼsumaga uylanganimdan xabaringiz bor, – deya, eng aziz, nozik dil rozini ocha boshladi. – U alomat ayol, yaxshi yozuvchi. Dunyoda onamdan keyin meni tushunadigan, qadrimga yetadigan zot shu! Turmushimiz joyida. Faqat birgina armonimiz – tirnoqqa zormiz. Shifokorlarga qaratdik. Ikkimiz ham soppa-sogʻ. Ollohning oʻzi bermasa iloji yoʻq ekan…”

Darhol “Oydinda yurgan odamlar” xayolimdan oʻtdi. Qoplon timsolida Togʻay oʻz dardu dunyosini tasvirlagan ekan-da, degan oʻyga bordim. Shu haqda soʻz ochgan edim, Togʻay “E, domla, “Oydinda yurgan odamlar”ni toʻyimizdan besh yil burun yozganman. Oldindan qilingan bashoratmi, intuitsiya karomatimi yoki peshonaga bitilganimi, qarang, oʻzim yaratgan Qoplonning kuni oʻzimning boshimga tushib oʻtiribdi…”

Togʻay qayta qurish, oshkoralik davri algʻov-dalgʻovlari, maʼnaviy hayotdagi evrilishlar, ijodkorlar davralaridagi behuda dahanaki janglar xususidagi hasratlaridan chang chiqardi. Ikki-uch yozuvchi-shoirdan boshqasi – barcha-barchasi unga begona, u menga goʻyo gʻanimlar qurshovida qolgandek tuyuldi oʻsha topda. “Qaysi davraga kirsam, ijod oʻrniga gʻiybat, men bunaqa davralardan oʻzimni chetga olib yuradigan boʻlib qoldim”, deya hasratlariga yakun yasagandek boʻldi.

Biroz sukutdan keyin, yana qizishib soʻzida davom etdi: “Gʻanimlarimning daʼvosicha, goʻyo men etnograf, shunchaki baxshi qalamkash emishman. “Denovdan nariga chiqolmaysan, naryoqda nimalar boʻlayotganini koʻrmaysan, jahon adabiyotidan bexabarsan, modernizm nima, absurd, ong oqimi nima – bilmaysan, Nitshe, Freyd, Kafka, Joys, Kamyuga tishing oʻtmaydi”, deya tashlansalar boʻladimi menga, bu “bilagʻon” nodonlar. Ishoning, Umarali aka, men Nitsheni, Freydni, Kafka, Joys, Kamyularni, modernizm adabiyotini ulardan kam emas, ortiqroq bilaman. Nitshe “Zardusht”ini, Kafka “Jarayon”ini, Kamyu “Begona”si bilan “Vabo”sini bir emas, bir necha bor oʻqib chiqqanman, Joysning “Uliss”ini ham “Inostrannaya literatura”da ruscha tarjimasi chiqmasdan burun qoʻlyozmasini topib oʻqiganman, hatto uni oʻzbekchaga tarjima qilishni koʻnglimga tugib qoʻyganman. Bu oliftalarning moderncha mashqlari taqliddan nariga oʻtmaydi, yozganlari tarjimaga oʻxshaydi. Men ularga haqiqiy “oʻzbekona modern”, “oʻzbekona absurd”, “oʻzbekona ong oqimi” qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻyaman…”

Sirtdan oʻta bosiq, tabiatan sokin koʻringan bu yigitning qalbida shunchalar dard, iztiroblar borligidan ogoh boʻlib hayratda qoldim.

Zamonaviy jahon falsafasi, adabiyoti, ularning ulkan namoyandalari, men eshitgan, eshitmagan, oʻqigan, oʻqimagan asarlar haqida shu qadar toʻlib-toshib gapirdiki, koʻplar nazarida “etnograf, baxshi qalamkash” boʻlib koʻringan bu oʻgʻlonni teran fikrlaydigan zamonaviy yetuk bir faylasuf, zabardast zamonaviy mutafakkir adib qiyofasida koʻrib ich-ichimdan quvondim. Bu beorom qalb sohibi, mutafakkir ijodkor yaqin kelajakda milliy adabiyotimizda albatta badiiy kashfiyotlar yaratajagiga ishonch hosil qildim. Adibning galdagi “Otamdan qolgan dalalar”, “Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi” asarlari mendagi mana shu ishonchni toʻla oqladi, deb dadil ayta olaman.

Har ikki asarda yozuvchining oʻz asri, zamonasi, zamondoshlari haqidagi oʻy-mushohadalari, qalb iztiroblari toʻla-toʻkis ifodasini topgan. Togʻay Murod tanqidchilikda koʻproq anʼanaviy baxshiyona yoʻnalishdagi yozuvchi sifatida talqin qilinadi. Buning uchun muayyan asos bor, albatta. Til, ifoda, ohang tarzi qadim dostonlarni yodga soladi. U folklor tajribalariga tayangan holda milliy nasrimizda yangicha betakror uslub ixtiro etdi. Biroq uning adabiyotimizdagi eng katta badiiy kashfiyoti, meningcha, Shaxs talqinidagi yangilikdadir. Bu borada oʻzi sevib oʻqigan, oʻrgangan Kafka, Joys, Kamyu bisotlaridan oʻtgan nimalardir bor. Shaxs tabiati, baxti, baxtsizligi, qismati talqinida Togʻay XX asr jahon modern adabiyotining eng muhim xususiyatlariga hamohang yoʻllardan bordi. Shaxsni ijtimoiy mavjudot sifatida anglashdan butunlay chekinmagan holda, uning qismatidagi sirli-sehrli, ilohiy, tushunish, tushuntirish mushkul boʻlgan sir-sinoatlar, tugʻma tabiiy omillarning oʻrnini favqulodda bir mahorat bilan ochib berdi, inson ruhiyatining gʻaroyib nagʻmalarini, qon-qoniga singib ketgan aqidalar uni ne-ne koʻylarga solishini, mana shunday odamlarning fikrlash yoʻsinidagi – tafakkur oqimidagi jarayonlarni sinchkovlik bilan kuzatdi va badiiy teran tahlil etdi.

Men ushbu xotiralarni qogʻozga tushirishga hozirlik koʻrayotgan kezlarim jahon adabiy hayotida gʻaroyib bir voqea sodir boʻldi. Biz shu paytga qadar ulkan yozuvchi-adiblarning tugʻilgan, buyuk asarlarining dunyoga kelgan sanalarini yubiley sifatida nishonlashga odatlanganmiz. Bu galgisi oʻzgacha boʻldi: irlandiyaliklar 2004 yil 16 iyun kuni “Uliss” romanida tasvir etilgan voqelarning 100 yilligini ulkan bayram sifatida nishonladilar. Televideniyening Bi-Bi-Si kanali ayni romanda aks ettirilganidek, oʻsha kuni ertalab soat 8dan tungi 3ga qadar Dublin koʻchalaridan, asar voqealari yuz bergan manzillardan, qahramonlari yurgan soʻqmoqlardan reportajlar berib bordi. Bu noyob asar, uning muallifi qismatiga oid maʼlumotlar bilan tanishtirildi. Roman oʻz vatanida ham oʻtgan asrning 60-yillariga qadar qadrlanmagani, tahdidu taʼqiblarga duchor boʻlgani, romanni anglash nihoyatda qiyin kechgani va, nihoyat, yangi zamon oqillari “Uliss” keyingi yuzyillikda ingliz tilida yaratilgan eng yaxshi asar degan xulosaga kelganligi taʼkidlandi. Joysning jahon adabiyoti tarixidagi eng muhim kashfiyoti shundan iboratki, u “Uliss”ga qadar mavjud boʻlgan adabiy qoliplarni buzib, insonning asl fikrlash tarzi suratini chizib berdi. Akademik Dmitriy Lixachev soʻzlari bilan aytganda, “Uliss” daho insonning fikrlash tarzi, tafakkur mevasidir. Inson zakovatini oʻrganish sari qoʻyilgan katta qadam, inson va hayotning yangicha madhiyasidir.

Men teleekran qarshisida shu reportaj, maroqli suhbatlarni tomosha qilar ekanman, 80-yillar sharoitida, “Uliss” romani hatto rus tilida chop etilmagan kezlari – Togʻay Moskvada taʼlim olib yurgan chogʻlari bu asarni qoʻlyozma holida topib oʻqib-oʻrgangani, uni oʻzining ona tiliga tarjima etishga ahd qilgani, matbuotdagi bir intervyusida kitobxonlarga bu haqda vaʼda berganini esladim. Bilmadim, Togʻay Murodga qadar yana qaysi oʻzbek ziyolisi, adibi “Uliss”ni oʻqigan, astoydil oʻrgangan ekan… Oʻsha kuni Togʻay xonadoniga – uning vafodor turmush oʻrtogʻi Maʼsuma Ahmedovaga telefon qilib “Uliss” tarjimasi taqdirini surishtirdim. Maʼsumaning aytishicha, Togʻay haqiqatan ham “Uliss” romanidan kattagina qismini – yuz sahifasini tarjima qilgan ekan. Afsus, qoʻlyozmaning taqdiri nomaʼlum: yo tarjima tarjimonga yoqmay yoʻq qilingan, yoki qayergadir tashlab qoʻyilgan.

Joys, Kafka, Kamyu singari XX asrning buyuk siymolari ijodi, shoh asarlariga astoydil qiziqish adibning ijodiy taqdirida chuqur iz qoldirgani ayon. Qarang, “Jarayon”, “Uliss” voqealari tor bir makon – Praga, Dublin shaharlari hududida yuz bergani singari, “Otamdan qolgan dalalar”da asosan bir jamoa xoʻjaligi, “Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi” romanida esa kichik bir shaharcha doirasidagi hodisalar qalamga olinadi. Kafka, Joysdagi kabi Togʻay Murod romanlarida ham asosan bosh qahramonning ruhiy sarguzashtlari, qalb iztiroblari tahlili asarlar asosini tashkil etadi. “Jarayon”dagi kabi totalitar rejimning begunoh odamlarni jinoyatchiga chiqarish mexanizmi zoʻr mahorat bilan aks ettiriladi. Boz ustiga Togʻay oʻz asarlarida Kamyu tasvirlagan Sizifning tosh dumalatishdan iborat azobli, behuda-besamar faoliyatini eslatadigan qahramonning maʼnisiz oʻtgan hayot yoʻlini teran tahlil etish yoʻlidan boradi. “Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi” romani esa boshdan-oyoq Joys tajribasini esga soladigan, personajning ichki monologi – asov tafakkur oqimi ifodasiga qurilgan. Biroq biror oʻrinda ham na “Jarayon”ga, na “Uliss”ga oshkora taqlid yoʻq. Muallifning oʻz soʻzlari bilan aytganda, sof “oʻzbekona modern”, “oʻzbekona absurd”, “oʻzbekona ong oqimi”…

Qisqasi, Togʻay Murodning keyingi yirik asarlarida XX asr jahon adabiyotining nodir namunalari bilan shu xil mushtarak jihatlar bisyor. Dadil aytish mumkin: Togʻay Murod shunchaki “mahalliy” qalamkash emas, yangi jahon adabiyoti mezonlari bilan yondashganda ham barkamol romanlar yaratgan yetuk zamonaviy sanʼatkordir.

Togʻay Murod oʻz shaʼnini, qadrini, darajasini bilgan, har qanday kamsitishlarga murosasiz, ammo maqtovlarga aslo uchmaydigan gʻururi baland soʻz sanʼatkori edi. Hech qachon uning oʻzgalardan oʻzi haqida maqtov, shirin soʻz kutib yaltoqlanganini koʻrgan emasman. Aksincha, maqtovlardan qochib yurardi. “Otamdan qolgan dalalar” romanining Yozuvchilar uyushmasidagi muhokamasiga maqtov soʻzlar aytilishini bilib atay kelmagan edi. Roman haqida “Xalq soʻzi”da maqolam chiqqanda, mening qalamimga mansub uning ijodiy portretiga oid moʻjazgina ishim “XX asr oʻzbek adabiyoti tarixi” darsligiga kiritilganida, nihoyat, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”dagi “Eng muhim muammo” sarlavhali suhbatimda “Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi” romani xususida koʻpchilikka maʼqul tushgan yangicha kuzatishlarimni aytganimda – biror marta ham, oʻzga adiblar singari menga telefon qoqib minnatdorlik bildirgani yoʻq. Soʻnggi kitobi “Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi” romanini ham avtografsiz jiyani orqali berib yuborgan edi. Mening u haqda yozganlarim unga maʼlummikan, maʼlum boʻlsa, maʼqul tushganmikan degan oʻyda yurardim. Togʻay vafotidan keyin Maʼsumaxon mening har bir chiqishimdan u xabardor ekanini, “Umarali aka meni oliy oʻquv yurti darsligiga ravo koʻribdi”, deya benihoya minnatdor boʻlganini, hatto “Otamdan qolgan dalalar” haqidagi maqolam chiqqan “Xalq soʻzi”ning bir doʻkondagi hamma sonlarini sotib olib avaylab saqlagani haqida gapirib berdi. Bilamanki, koʻnglidagi minnatdorlik tuygʻularini menga oshkor etishga gʻururi yoʻl bermagan.

Shu kunlargacha Togʻay Murod toʻgʻrisida yozgan narsalarim saviya-darajasi oʻzimga ayon, ular har jihatdan Togʻay Murod badiiy kashfiyotlari darajasida emasligini sezib turaman. Lekin Togʻay Muroddek gʻaroyib siymo, noyob isteʼdod egasi yozganlarimdan mamnun boʻlgani, bu dunyodan mening kamtarona ishlarim uchun minnatdor holda ketganligidan kechikibroq boʻlsa-da, xabardor boʻlish men uchun katta baxt!

 

«Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati» gazetasining 2004 yil 30-sonidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sokin-kongil-rozlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x