Qalb bastakori

Taniqli yozuvchi Togʻay Murod nasrida soʻz soʻylaydi, kuylaydi, tasvirlaydi. Adib sanʼatlararo uygʻunlikni teran his etib, dunyoni, borliqni bastakor, rassom, meʼmor nigohi-la idroklaydi. Asarlari zamiridagi musiqiylik, koʻlamdorlik muallif tafakkur va tasavvur olamini yaxlit gavdalantiradi. U har bir voqea-hodisa, holatni teran va obrazli tasvirlashga ahamiyat berdi: “Tabiatni toʻlgʻoq tutdi. Atirgullar atriyot anqitdi” (“Oydinda yurgan odamlar”).

Bir xil tovushlar takrori – alliteratsiya, assonansga asoslangan jumlalarda ohangdorlik, mantiqiylik kuchli. Maʼlumki, tabiat tuhfasi – Navroʻz azaliy va qadrli anʼanalardan. Adib tabiatning toʻlgʻoq, dard bilan yangi kun, yilni insonlarga hadya qilishini shunday badiiy kashf etadi. Atirgulning muattar boʻy taratishi, qismdan butun yaralishi, xushboʻy iforning tuygʻu quvvatlariga taʼsiri matnning mazmun qatlamini boyitgan.

Togʻay Murod qissalarida zamon va makon tarkibiy yaxlitlikni yuzaga keltirgan. Xususan, tong yorugʻlik, nurafshonlik ramzi sifatida “subhi sodiq”, “sahar mahali”, “tong sahar” tarzida koʻp qoʻllangan: “Subhi sodiq mahaldan sarrin-sarin sabolar esdi” (“Oydinda yurgan odamlar”).

Real, jonli manzara sezimlarga epkinlik baxsh etadi. Musaffolik qalbga surur, oʻzgacha kayfiyat ulashib, oniy lahzalarni muhrlab boradi, “s” tovushining takrorlanib kelishi taʼsirchan ohang va jarangdorlikni taʼminlaydi.

Inson yaralibdiki, suv, havo, yer, oʻt kabi eng zarur hayotiy unsurlar unga tuhfa etilgan. Adib inson va tabiat muvozanatini asrashday dolzarb muammoni qalamga olarkan, odamzot va nabototning bir tanu jon ekanini badiiy talqin qiladi. Boʻri polvon, Ziyodulla kal, Qoplon kabi qahramonlar tabiat farzandi. Ular yer, suvni eʼzozlaydilar, sirdosh tutinadilar. Boʻri polvon qoʻsh haydab, yerni mehr bilan parvarishlaydi. Bogʻbon Qoplon ona-zamin tuhfa etgan neʼmatlarga shukrona aytadi. Dehqonqul esa yer, tuproqni onaday qadrlab, u bilan dardlashadi. Adibning poetik mahorati ilk bor dala obrazini yaratganda, yaʼni dalani peyzajdan obraz darajasiga koʻtarganida koʻrinadi: “Dalalarim mudrab-mudrab oldi. Dala koʻngli nozik boʻladi – vaqt-bevaqt oralay bersa, koʻngliga oladi” (“Oydinda yurgan odamlar”).

Jonlantirish vositasida insonga xos sezimlar his etiladi. Keng, bepoyon dala tasviridagi kontrast, maʼno nozikliklari eʼtiborni tortadi. Ona tuproqqa ehtirom dalillab koʻrsatiladi.

Qissalarda suvning tiniq, zilolligi begʻubor insoniy tuygʻularga uygʻun tarzda ifodalangan. Qoplon bilan Oymomo ilk bor buloq boʻyida uchrashadi va shu hodisa sabab taqdirlar tutashadi. Maʼlum muddat ayrilganlarida ham Qoplon buloq boʻyiga kelib qoʻmsash, eslash qoʻshigʻini kuylaydi. Bu makon tasviriga maʼlum gʻoyaviy-badiiy vazifa yuklangani voqealar rivojida koʻzga tashlanadi. Suv shaffofligi dildagi gʻuborlarni yuvadi, vujudga rohat, osudalik bagʻishlaydi. Shu oʻrinda kitobxon yodiga Otabek va Kumushning ariq boʻyidagi sirli uchrashuvi keladi. Bu holat ular qismatida ham tub burilish yasaydi – suv detali muhabbat talqinida muhim ahamiyat kasb etadi. Tiniqlik, poklik ramzi boʻlmish suv insoniy tuygʻular bilan hamohangligi falsafiy-estetik jihatdan dalillanadi.

Togʻay Murod qissalarida Momoqiz, Momosuluv, Oymomo ismli badiiy obrazlar bilan tanishamiz. Qiziq, ismlar zamirida qanday maʼno mujassam? Maʼlumki, Momo Havvo odam naslining onasi. Ona degan moʻtabar zot qadim-qadimdan buyon muqaddasdir. Qizaloqlarga ism tanlanar ekan, inson yaralishi, tugʻilishi, kamol topishiga ishora etiladi. Momo Havvo naslining oriyatli, diyonatli, mehrli avlodlari bu nomga vorisliklaridan faxrlanadilar. Shu bois, adib ayollar fitratini, latofatini rangin boʻyoqlarda yorqin tasvirlaydi. Xususan, Oymomo ruhiyati ifodasida falsafiy mushohadaning teranligi kuzatiladi. Adib turli kechinmalarni oʻz dunyoqarashi, estetik ideali orqali sintez qilib, betakror obraz yaratadi. Oymomo tirnoqqa zor boʻlib, farzand ilinjida soʻnggi damgacha umidvor oʻtadi. Onalikni orzu qilgan ayol alla aytar ekan, dili tubidagi dardlar sirtda namoyon boʻladi:

“Allada Sherobod dashtlariday anqillab yotmish koʻngil nolasi boʻldi.

Koʻngil dardi boʻldi, armoni boʻldi.

Koʻngil fojiasi boʻldi!” (“Oydinda yurgan odamlar”).

Muallif alla vositasida ayol qismatiga ishora qiladi. Koʻngil nolasi dasht misoli bepoyon, qat-qat yigʻilgan figʻon sirtdan otilib chiqyapti. Nola, armon – tasvirning avj nuqtasi, maʼno kuchaygan, dil torlarining taranglashgan hazin intihosi.

Ayol suyukli yorini otalik saodatiga musharraf etolmaganidan oʻzini aybdor hisoblab ketib qoladi. Umr boʻyi bir-birini alqab, ardoqlab yashagan er-xotin bu ayriliqdan azoblanadi: “Yurakni yashirsa boʻladi. Boisi yurak koʻrinmaydi. Yurak jamiki dardlarni pinhon tutadi. Ammo koʻzlarni yashirib boʻlmaydi. Koʻzlar oʻzini oʻzi fosh etadi” (“Oydinda yurgan odamlar”).

Mehribon, begʻubor, samimiy boqishlarni sogʻingan Qoplon ayoli koʻzlariga termulib, uning holati, iztirobini oʻzida tuyadi. Dillar unsiz dardlashadi. Adib bu uchrashuvni goʻyo sahnaga koʻchiradi. Inson ruhiyatida kechmish hissiyotlarga nigoh tashlashda koʻz tasviridan oʻrinli foydalanadi. Imonli, xokisor, sabrli qahramonlar oy yogʻdusida nurli manzillarga oshiqaveradi.

Togʻay Murod millatimizga xos oʻzlik, gʻurur, oriyatni talqin etarkan, bir shaxs taqdiri orqali kelajakka ishora beradi. Boʻri polvon kurash tushib, tugʻilgan yurti, eli sharafini himoya qiladi. Gʻururi, oʻzligini asray olgan inson martabasi hamisha baland. Ziyodulla chavandoz koʻpkariga tushadi. Bunda chavandozlar birikib, hamjihat boʻlib kurashadi. Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar naqlining amali adib asarlarida badiiy talqinini topgan. Boʻri polvon, Ziyodulla kal, Qoplon timsolida tanti, mard, gʻururi baland oʻzbek gavdalanadi. Zotan, ularning maqsad-muddaosi oʻzi va elining shaʼni, orini asrash.

Rivoyat, afsonalar xalq donishmandligi mahsuli. Ular zamirida ezgulik, olijanoblik muqimlashadi. Umuminsoniy fazilatlar talqinida asarlar tarkibiga rivoyatlar singdirilishi tagmaʼnoni, tagqatlamni kuchaytiradi. Togʻay Murod ilk qissalari tarkibiga rivoyatlarni kiritib, mazmun-mohiyatni boyitgan. “Oydinda yurgan odamlar” qissasida sanʼat, tarix, falsafa, eʼtiqod uygʻunligi voqealar zanjirini mustahkamlagan. Toʻy marosimi, kelin salom, hayit bayrami tasviri vositasida bagʻrikenglik, odamoxunlik, saxovatpeshalik ulugʻlanadi. Navroʻz, sumalak haqidagi rivoyatlar xalq urf-odatlari, madaniyati tarixini koʻz oʻngimizda gavdalantiradi. Laylatul qadr, Ramazon bilan bogʻliq rivoyatlarda imon, diyonat, qanoat tushunchalari teran tahlil qilinadi. Soʻfi Olloyor, Hizr, Vaxshimor, Qorabuloq afsonalar sirli hodisalarga oydinlik kiritadi. Tasvirdagi originallik, gʻoyaviy-estetik taʼsirchanlik kitobxonga zavq va maʼnaviy qoniqish hissini bagʻishlaydi.

Togʻay Murod adabiyot maydoniga yonib kirdi. Oʻtkir zehni, nozik didi, maʼnaviy-axloqiy qarashlari, badiiy-estetik prinsiplari yaratgan qahramonlari fitratida oʻz tajassumini topdi, pirovardida oʻzbek nasrini poeziyaga yaqinlashtirdi. Siqiq jumlalar qatiga keng maʼnoni singdira olgan ijodkor zargarona uquv bilan xalq ogʻzaki ijodiga xos sehrli ohang va jozibali talqinlarni zamonaviy prozaga uygʻunlashtiradi. Xushohanglik, yorqin boʻyoqdorlik, falsafiy teranlik Togʻay Murodning badiiyat olamiga poetik yondashuvining yorqin dalilidir. Adib hayot boʻlganida oltmish besh bahorni qarshilar edi. Asarlari kitobxonlar qalbidan joy olgan ekan, demak, Togʻay Murod yulduzi porlayveradi.

 

Umida Rasulova,

OʻzMU dotsenti

 

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining 2013 yil 22-sonidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qalb-bastakori/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x