Soʻz ketidan ketgaymen

Navbatdagi Toshkent boruvimda ham odatdagidek “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi tahririyatiga bosh suqdim. Avvalo tahririyat xodimlari bilan soʻrashgan boʻldim, soʻng bosh muharrirning “oʻzida”ligini aniqlagach, kotibadan ruxsat olib berishini soʻradim. Kotiba “Nima masalada?” deb oʻsmoqladi. Men esa “juda muhim masala” ekanini aytdim. Muhimligi shuki, har zamonda shoiri davronga lutfi ehtirom koʻrsatib, birorta kitob undirishga intilaman. Bu gal ham shunday boʻldi. Salom-alikdan soʻng, miyamga kelgan fikrdan xursand boʻldim: Sirojiddin aka, shu “Onamning kalishlari” degan sheʼringiz boshqacha tugʻilgan-da! U nafaqat onangiz, balki umuman oʻzbek onasining madhiyasidek tantanali jaranglaydi. Tadbirlarda shu sheʼrni oʻqishni yaxshi koʻraman”, dedim. Xalq shoirida oʻziga xos jiddiylikdan asar ham qolmadi. Xush kayfiyatda: “Domla, siz “Onamning oʻtinlari” degan sheʼrimdan bexabarga oʻxshaysiz, ana shunisini oʻqing”, dedi. Men albatta oʻqishimni aytdim. Bu orada xodimlardan biri kirib keldi, bosh muharrir menga yuzlandi: Nima xizmat?

– Xizmat yoʻq. Haligi… oq muqovali kitobchangizdan izlab yuruvdim…

Sirojiddin aka “hozir” degandek ichkari xonaga kirib, men soʻragan kitobchani olib chiqdi, ichiga dastxat yozib menga uzatdi. Tashakkur aytib tashqariga yoʻnaldim. Ichimga hech sigʻmayman, deng. Tezroq uyga kelsamu, kitobchani varaqlasam.

“Xayyomdan bir kosa, Rumiydan bir jom”. Kitob shunday nomlanadi. Goʻyo shoir umrni bir kosa yo bir jom ichguncha oʻtib ketadigan qisqa fursatga qiyos qiladi. Bu kabi falsafiy mushohada shoirning “uch kun” va “besh kecha” iboralari bagʻriga ham singdirilgan. Kitobning uchdan ikki qismi toʻrtliklardan, qolgani ikkiliklardan iborat. Oxirida turli shaklga ega boʻlgan bir necha “Roʻzgʻor bitiklari” ham bor.

Sheʼriy toʻplam “Toʻrtliklarim” nomli sheʼr bilan ochiladi. Shoir unda mazkur shakldagi asarlarining mavzu koʻlami va gʻoyaviy yoʻnalishi haqida soʻzlaydi:

 

Siz gʻamgin umrimning sanalarisiz,

Yuragimning siniq oynalarisiz.

Alamlarim yangligʻ turlik-turliklarim.

Bir sheʼr hijronida tortgan xoʻrliklarim,

Mening toʻrtliklarim…

 

Toʻrtliklar shartli yoʻsinda alohida nomlar bilan olti faslga ajratilsa-da, ularni bir oʻzanda birlashtiruvchi muhim omil mavjud. Shoir jajji asarning deyarli barchasida turmushda koʻrgan, kechirgan, bilgan va eshitgan voqealarni oʻzining hayotiy tijribasidan kelib chiqqan holda bizga inʼom etadi. Oʻzgacha aytganda, shoir shaxsiy kechinmalari va kuzatuvlari hosilasi boʻlgan hayotiy voqealarni badiiy sintez shaklida kitobxonga tuhfa qiladi.

Sirojiddin Sayyidning hanuzgacha eʼlon qilgan kitoblari sonidan xabarim yoʻq, biroq ijodining oʻziga xos sifati, salmogʻidan yaxshigina xabardorman. Shoir ijodi hozirgi milliy sheʼriyatimizda oʻziga xos nodir hodisa ekanligi tanqidchilikda tan olingan. Uning, ayniqsa, koʻhna aruz ohanglarida bitgan asarlari har bir sheʼriyat muxlisining qalbidan munosib joy olgan. Nazarimda, shoir toʻrtliklari ham mumtoz shoirlarimiz ijodiga, ayniqsa, Umar Xayyom, Bobur mirzo va Pahlavon Mahmud ruboiylariga boʻlgan ayricha muhabbatning, vorisiylik burchi va masʼuliyatining natijasi yangligʻ qogʻozga tushganga oʻxshaydi. Shoir toʻrtliklari shaklan kichik boʻlsa-da, mazmunan juda yuksak umuminsoniy gʻoyalarga safarbar qilinadi. Oʻzgacha aytganda, bu toʻrtliklarning har biri muallifning bir necha muddaolarini yuzaga chiqaradigan badiiy qurilma – “kichik chaylacha”dir.

Sirojiddin Sayyid toʻrtliklarining mavzu doirasi behad keng. Uning lirik qahramoni ishqdan ishqsizlikkacha boʻlgan olis va mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtadi. Xalq shoiri oddiy roʻzgʻor buyumidan tortib cheksiz koinot jismlarigacha boʻlgan harakatdagi materiyadan serjilo poetik manzara yaratadi. Sirojiddin Sayyid chin oshiqni kaftida asraydi, uni ishqdan juda yiroqda boʻlgan soʻqir kimsalarga oʻrnak qilib koʻrsatadi. Bevafodan esa juda ranjiydi. Bu kabi kaslarni goʻyo vafodor itga qarshi qoʻyadi. Toʻrtliklarda biografik va avtobiografik unsurlar ham koʻzga tashlanib turadi. Oʻzgacha aytsak, shoir baʼzi bir toʻrtliklar panohida ustozlariga, maslakdosh doʻstlariga, tegrasida yurgan oʻzidan kichikroq shoirlarga va shogirdlariga bir tekis mehr ulashadi. Shoir shuurida pishib yetilgan maʼnolar shodasi navbati bilan oq qogʻozga toʻkiladi. Oʻqiganingizda, ana shu shodalar marvaridi goʻyo oʻzidan nur taratib, junbushga toʻlgan yuragingizni ilitganday boʻladi.

Adabiyotshunos doʻstlarimizda mutolaa jarayoni qanday kechadi, bilmadim. Biroq men muayyan shoir ijodini oʻqiganda, muallif bilan goʻyo dildan suhbatlashganday boʻlaman. Oʻzgacha aytganda, shoir oʻzini ruhlantirgan, toʻlqinlantirgan hodisalarni menga soʻzlayotganday, oʻzi his qilgan noyob kechinma yo tuygʻularni menga ham ilinayotganday boʻlaveradi. Ulardan cheksiz zavq va maʼrifat yogʻdusini tuygandek boʻlaman. Shoir meni goʻyo dillashishga, hasratlashishga chorlayotgandek boʻladi.

Sirojiddin Sayyidning mumtoz adabiyot namoyandalariga mehri, sadoqati hamda yuksak vatanparvar shoirligi haqida ilmda iliq gaplar aytilgan. Shu bois ularning takroriga erk bermaymiz. Faqat gʻazal va muxammaslardagi yuksak gʻoyalar tarannumi toʻrtliklar, goho ikkiliklar bagʻrida ham boʻy koʻrsatib turishini eslatib oʻtmoqchimiz, xolos. Shuningdek, ishq atalmish bedavo dardning toʻrtlikdagi yangicha izhoriga birrov nigoh tashlamasak, boʻlmaydigan koʻrinadi:

 

Men demasman bagʻri

kuygan dogʻ boʻl,

Ne buyursa matlabing

andogʻ boʻl.

Yer boʻlib men, kimsalar

tom qilsalar,

Sen shu tomga

lolaqizgʻaldogʻ boʻl.

 

Oshiqning oʻzini “er” yo “tom” deya ifodalashi kamtarlik va xokisorlik alomati. Lolaqizgʻaldogʻ – manzurga nisbatan qoʻllangan mutlaqo yangi tasvir – istioradir. Buni hech ikkilanmasdan ishq navosidagi ohorli, umuman barmoq urilmagan yangi parda deya olamiz.

Sirojiddin Sayyid – dil shaydosi. Uningcha “dil” qalb va koʻngilga nisbatan ancha ustun turadigan yuksak maʼvo. Shu bois ham shoir “dil”ga dilni boʻshatish, gohida esa maʼnaviy ozuqlantirish manbai sifatida juda koʻp murojaat qiladi. Bu hol nafaqat toʻrtlik, balki boshqa shakldagi sheʼrlarida ham juda koʻp kuzatiladi. Shoirning “dil bukun, boshdin oyogʻim dil bukun” degan iqrori shunday fikrni oʻrtaga tashlashga imkon ochadi. Sirojiddin aka uchun dil – yupanch, dil – suyanch, dil – oʻkinch, ayni paytda sogʻinch va quvonch ham, firogʻ va yarogʻ ham shu. Shu bilan birga, qip-qizil qon yo zaʼfaron zardobga toʻlgan ogʻriqli nuqtasi ham aynan shu dilning oʻzidir.

 

Koʻksim ichra yigʻlayur qizgʻish xazon,

Oʻrtanib chekkan firogʻim dil bukun.

 

Shoir toʻplamlaridan birining “Dil fasli” deb nomlanishi ham aytilgan fikr isboti uchun dalil boʻla oladi. Sirojiddin aka “dil”dan tashqari ona va ayol madhida ham qoyilmaqom ifoda birliklarini qoʻllagan:

 

Dilga eltar yoʻllar mening yoʻlimdir,

Dardi bor har koʻngil mening koʻnglimdir.

Mushtipar har ayol onamga oʻxshar,

Koʻngli yarim har qiz mening singlimdir.

 

Yuqorida shoirning oʻz yaqinlariga samimiy ehtirom koʻrsatishi haqida soʻzlagan edik. “Katta hodisa” sheʼrida shoir Shodmonqul Salomga ayricha ehtirom koʻrsatadi. Biroq sheʼrdan murod bu emas, unda muallifning adabiy jarayonga bergan xolis bahosi oʻz tajassumini topgan:

 

Dil bogʻin goh tikan, gohi gul koʻrdim,

Goh bulbul, gohida qirgʻovul koʻrdim.

Barcha shohu vazir sheʼr ahli aro

Yoronlar, men bu kun shodmon qul koʻrdim.

 

Sheʼrda bir necha tasvir vositalari mahorat ila qoʻllangan. Goh – takror; tikan va gul – tazod; yoronlar – xitob (murojaat manbai); gul, bulbul va qirgʻovul hamda shoh, vazir va qul – iboralari tanosib(mantiqiy aloqadagi soʻzlar) sanʼatini yuzaga chiqargan. Shuningdek, shodmon qul – qulning shod-xurram yurganidan tashqari shu nom bilan ijod qiladigan zamondosh shoirning ismi-sharifiga ham ishora qiladi. Badiiyat ilmida bu ittifoq sanʼati deydilar. Umuman, sheʼriy sanʼatlar poetikasini Sirojiddin Sayyid ijodi misolida kuzatish nihoyatda maroqli. Ayniqsa, toʻrtliklarda anʼanaviy tashbeh, talmeh, tamsil hamda mubolagʻadan tashqari tazod va tajnisning barcha turlari chunonam goʻzal ifoda etiladiki, oʻquvchi goho sheʼrning asosiy mazmuni va gʻoyasidan chalgʻib, shakliy jimjimaga oshufta boʻlib qolaveradi. Sizga yana bir misol keltiray. Mumtoz poetikada shunday badiiy tasvir usuli ham borki, shoir maʼshuqaning dudogʻi, beli yoxud xolini taʼrif-tavsif etish orqali aslida uning oʻzini, oʻxshashi yoʻq qaddi qomatini tarannum etgan boʻladi. Sirojiddin aka toʻrtliklarida ham “xol, zulf, soch, dudogʻ, qabogʻ” va boshqa yor jamolining turli maxzanlari orqali maʼshuqaning beqiyos talʼati ulugʻlanadi. Quyidagi toʻrtlikda “qilday bel” vositasida manzurning oʻzi, butun boʻy-basti tavsif etiladiki, buni sheʼr ilmida sinekdoxa deb yuritish odat tusini olgan. Oʻqiymiz:

 

Hayot bir nay boʻldi, dil chalar boʻldi,

Mening har bir damim yilchalar boʻldi.

Qilday bellaringga yetguncha, ey oy,

Jon ham nozik tortib qilchalar boʻldi.

 

Sheʼrda oshiq bilan maʼshuq obrazi aniq chizib berilgan. Maʼshuqaning beparvoligi tufayli oshiq ruhiy iztirobda. Shu bois jon nozik tortib, ingichkalashib xuddi qilga oʻxshab qolgan. Belning qilga qiyoslanishi milliy sheʼriyatimizda anʼanaviy hodisa, biroq oshiq jonining qilga mengzalishi shoirning tamomila yangicha kashfiyoti. Sheʼrda boshqa tasvir vositalari ham bor. Ammo sinekdoxa tasvirning bosh vositasi darajasiga koʻtarilgan.

Toʻrtliklar orasidan goho shoirning jamiyatimizdagi baʼzi illatlarga qarshi norozilik ohanglari ham eshitiladi. Ularda chin isteʼdodlar chetda qolib, oʻrtamiyona shoir va xonandalarning olqishlanishi, ayrim yoshlarning ona yurtni tashlab, oʻzga oʻlkalarda sarson kezishi, yigit va qizlar kiyimlarini “almashtirib” kiyishi, “xotinlari qallob, erlari kazzob” kimsalar, oltin egarlarning baʼzida eshaklarga nasib etishi, burgut va lochinning chittakka taʼzim qilishi va boshqa shu kabi ijtimoiy nuqsonlarni shoir yumor tili bilan keskin fosh etadi.

Shoir toʻrtliklari tarkibida “gʻizo, kom, tarahhum, toʻbo, tiyramoh, raftor, guftor, ravzan, zeru zabar, qiylu qol, mahu sol” va boshqa shu singari forscha-arabcha soʻz va soʻz birikmalari ham mavjudki, ularning magʻzini chaqmoq uchun oʻquvchi maxsus lugʻatlarga murojaat qilishi kerak. Demoqchimanki, yosh tadqiqotchilar Sirojiddin Sayyid sheʼriyatining botiniga chuqurroq kirishni istasalar, albatta, mumtoz adabiy asarlar lugʻatidan foydalanishlari lozim. Aks holda sheʼr bagʻridagi turfa oʻy, maʼrifat va haqiqat sirlari pinhonligicha qolib ketaveradi.

Endi ikki ogʻiz ikkiliklar haqida. Sheʼrning bu shakli mumtoz adabiyotda koʻp uchraydi. Zamonaviy sheʼriyatda uncha istifoda etilmaydi. Chunki bu zukkolik, bilimdonlik va donishmandlikning oliy namunasi boʻlib, bu shaklga koʻproq tajribali shoirlar murojaat qiladilar. Ikkilikning hajmi kichik boʻlgani bois talabi ham ogʻir. Sababi – shoir shaklda ixchamlikka erishgani sayin maʼnoda imkon boricha yuksaklikka intiladi. Oybek domla aytgan “fikr qaymogʻi” degan mashhur ibora koʻproq ana shu ikkiliklarga tegishli. Sirojiddin Sayyid fardlarining asos-negizini pand-nasihat, ogohlik va shukronalik motivi tashkil etadi. Biroq bu fikr ikkiliklarning mavzu koʻlami faqat shulardan iborat ekan-da, degani emas. Ularda insoniyat maʼnaviy-ruhiy olamining betakror manzaralari shu qadar tiniq, ravon chiziladiki, natijada zukko oʻquvchi bu jajji manzumalar qatidagi badiiy haqiqatlardan oʻziga tegishli xulosa chiqara oladi. Fardlarda ham koʻproq hayotning ayovsiz haqiqatlari oʻz tajassumini topgan. Oʻzgacha aytganda, shoir ikkiliklari u yo bu darajada hayotiy zaminga ega. Shoir biror bir oʻrinda ortiqcha gap toʻqimaydi. Hayotda qanday boʻlsa shu holicha tasvirlashga erishadi:

 

Oʻtti ellik chogʻ umrdin, kuzga yetti endi ish,

Bogʻlar ortidan ogʻir-ogʻir yaqinlashmoqda qish.

 

Bu sheʼr muallifning oʻzi haqida. Agar inson umrini ramziy maʼnoda toʻrt faslga qiyoslasak, ellikdan soʻng kuz, oltmish yo yetmishdan soʻng esa qish keladi. Demak, sheʼr shoirning ellik yoshdan oʻtganidan xabar bermoqda. Mana bu ikkilikni oʻqiganingizda koʻz oldingizda ikki yirik shoir – Erkin Vohidov va Abdulla Oripov siymosi jonlanadi:

 

Ikki ustozim aro mahzunmanu holim xarob:

Ul biri choy bersa menga, bul biri – tutgay sharob.

 

Shu oʻrinda bir narsani alohida taʼkidlashni juda xohlar edim. Sirojiddin Sayyid ijodining sarchashmasi, nazarimda, ikki asosiy irmoqdan bahra oladi. Biri – mumtoz shoirlar merosidan ilhomlanish boʻlsa, ikkinchisi zamondosh ustozlar, ayniqsa ikkilikda nazarda tutilgan ikki shoir sheʼriyatidan bahramandlik shoirga boʻligʻ asarlar yozishida turtki beradi. Shoir sheʼrlarini oʻqiganingizda, ana shu ikki omilning taʼsiri aniq seziladi. Toʻgʻri, shoir boshqa zamondoshlar ijodini ham kuzatib boradi. Biroq zamondoshlardan taʼsirlanish haqida soʻz ketganda, yuqoridagi ikki ustozga ayricha mehr bilan qaraydiki, bu hech qanday isbotni taqozo qilmasa kerak.

“Xayyomdan bir kosa, Rumiydan bir jom” kitobchasi mutolaasi bizga muallifning hazil-mutoyibaga oʻch sanʼatkorligidan ham darak beradi. Masalan, “Dunyo boʻylab” telekanalining baʼzi bir boshlovchilari ayrim hayvonlarning qirilib ketayotganini aytadilaru, buning sababini yetarlicha izohlay olmaydilar. Sirojiddin Sayyid shu jumboqqa oʻziga xos yoʻsinda javob beradi:

 

Bor gapdir ertaklar, dostonlardagi

Insoniy xislatlar – hayvonlardagi.

Koʻpaymish hayvonlar kamaygan sayin

Hayvoniy sifatlar insonlardagi.

 

Kitobning oxirgi “Roʻzgʻor bitiklari” fasli butunisicha hazil-mutoyibaga yoʻgʻrilgan. Unda muallif roʻzgʻor buyumlarining taʼrif-tavsifini keltirish bilan er-xotin munosabatlari, aniqrogʻi oila mustahkamligi haqida qalam tebratadi:

 

Qulogʻimda bir umr javrading: Goʻsht… kartoshka…

Aylanib qoldim, xotin, oxir oʻzim kar toshga.

 

Ushbu bayt shoirning badiiy sanʼatlarni mohirona qoʻllash layoqatiga yana bir dalil boʻla oladi. Misra yo baytda bir soʻz turkumi (ot yo son) ketma-ket qoʻllansa, uni taʼdid sanʼati deydilar. Yuqorida oziqa mahsulotlari(ot)ning izma-iz qoʻllanishi shunday sanʼatni yuzaga chiqargan. Shuningdek,”kartoshka” bilan “kar toshga”ning shakldoshligi tajnis sanʼatiga yorqin misoldir. Bu kabi soʻz oʻyinlari boya aytganimizdek, shoirning boshqa satrlari ichida ham yuzlab koʻzga tashlanishi mumkin.

Kitobdan oʻrin olgan bir necha rasmlar ham sheʼrlarda qalamga olingan ijtimoiy-falsafiy gʻoyalar tarannumini yuzaga chiqarishda qoʻshimcha vosita boʻlib xizmat qiladi. Sham, koʻza, kitob, kamon, anor, uzum, oy, quyosh, tandir, qalam va shu kabi rasm-portretlar oʻquvchiga turmushning koʻz va ong ilgʻamas bir necha boʻlaklari sifatida inʼom etiladi. Ular yordamida borliqning naqadar goʻzal va mazmundorligiga, inson esa bunga oʻz vaqtida eʼtibor qilmasligiga ishora qilinadi. Yaʼni, musavvir gʻoyasi shoir niyatlari bilan oʻzaro chatishib, uygʻun holda bizga turmush ikir-chikirlari va huzur-halovatidan saboq berayotganga oʻxshaydi.

Sirojiddin Sayyid hamisha yangi soʻz, yangi sheʼr ishtiyoqi bilan yonadi. Buning uchun shoir hazrat Alisher Navoiy mangu qoʻnim topgan goʻshani yuz bor tavof qilishga tayyor:

 

Soʻz izidan eng oxirgi faryodgacha ketgaymen,

Majnungacha, togʻlardagi Farhodgacha ketgaymen.

Bu dunyoda mening sheʼrdan oʻzga ot-ulovim yoʻq,

Soʻz izidan men piyoda Hirotgacha ketgaymen.

 

Abdurahmon PIRIMQULOV

 

“Ijod olami”, 2017–6

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/soz-ketidan-ketgaymen-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x