“Boshimga ming gʻazab qotar gʻariblik”

Kamina

(1770–1840)

Turkman mumtoz adabiyoti vakillaridan biri Muhammadvali “Kamina” taxallusli shoirning tugʻilgan yili aniq maʼlum emas. U taxminan 1770 yillar atrofida Turkmanistonning hozirgi Saraqt tumanida kambagʻal oilasida dunyoga kelgan. Muhammadvali boshlangʻich maʼlumotni oʻz qishloq maktabida olib, soʻng Buxoro va Xiva madrasalarida tahsilini davom ettirgan. U turkman mumtoz adabiyotida asosan oʻtkir satirik shoir sifatida nom chiqarish bilan birga, oʻynoqi, lirik sheʼrlar muallifi, maʼrifatparvar shoir hamdir.


 

Gʻariblik

 

Kunda ming qaygʻu va yuz alam bilan,

Bori dardimdan ham badtar gʻariblik.

Sargʻayib ming soʻldim qaygʻu-gʻam bilan,

Kelar qiynab, qator-qator gʻariblik.

 

Bu foniyning bezagi bor, xarji bor,

Yuragimda modda, jonda oji bor.

Vaʼdasiz oʻlimga ne iloji bor?

Yildan-yilga jondan oʻtar gʻariblik.

 

Yemasam, ichmasam, kunim ham oʻtmas,

Yostanib yotmoqqa madorim yetmas,

Har kun ming haydasam, boy tomon ketmas,

Qoʻsh bosib, kulbamda yotar gʻariblik.

 

Qaratibdir menga paykon-oʻqini,

Belin mahkam bogʻlab, qilar doʻqini,

Qoʻlga olib sopi[1] bilan soʻqini*,

Charchash bilmay, boshdan urar gʻariblik.

 

Gʻam-gʻussa yil-yildan jismimni yoqar,

Axir gʻariblarga kim kulib boqar?

Yugursam, yetdirmas, kurashsam – yiqar,

Bahslashsam, bir zumda yutar gʻariblik.

 

Sayr etmadim sahrolarda, choʻllarda,

Kezolmadim yayrab goʻzal ellarda,

Bulbulman-u sayrolmadim gullarda,

Boshimga ming gʻazab qotar gʻariblik.

 

Kamina der, kelar bir kun shum oʻlim,

Kimlarga – toʻy, kimlar uchun bu – zulm.

Dosh ber azoblarga, sabr ayla, koʻnglim,

Kelibdir, lek bir kun oʻtar gʻariblik.

 

Turkmanchadan Qurbon MUHAMMADRIZO tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2017–6

 


[1] *Sopi -soʻqi-(sheva), oʻgʻirdasta-keli.

https://saviya.uz/ijod/nazm/boshimga-ming-gazab-qotar-gariblik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x