Soʻzlar koʻpaygaydir soʻz sarfimizdan

Behzod Biybolayev 1986 yili Toshkent viloyati Bekobod tumanida tugʻilgan. 2013 yili Toshkent Moliya institutini tamomlagan. Hozir “Kitob dunyosi” gazetasida ishlaydi. Sheʼrlari markaziy nashrlarda chop etilgan.

 

 

Hayot

 

Daftar yuzin chang bosib qolgan,

Ilhom bermay qoʻygan bahorlar.

Bu xonada nedir yoʻqolgan,

Chalinmagan bu fasl torlar.

 

Oʻqilmagan eski xatlar ham

Bir burchakda yotibdi ana.

Temir tili zanglagan qalam

Gʻaladondan topgan boshpana.

 

Bir-birini bosgan bagʻriga

Javondagi uch-toʻrtta lagan…

Derazaning koʻz yoshlaridan

Tokcha yuzin sepkil qoplagan.

 

Ikki surat boqar bir yerga,

Ikkisi ham qoshini kergan.

Pishiq, lekin mayda zanjirga

Oʻzin osib soat jon bergan.

 

Xona uzra sukunat daydib,

Bor ovozda qiladi xitob.

Bir-birini zoʻrgʻa suyaydi

Javondagi uch-toʻrtta kitob…

 

Hamma motam tutadi unga.

Shabbodalar mayin yelmaydi.

Hammasidan yomoni – bunga

Shoir boshqa qaytib kelmaydi…

 

 

Paradoks

 

Yigirmanchi asr – gʻalati asr –

Ikki bor dunyoni qopladi tutun.

Ikki betamizning tegdiyu kasri

Yigirmanchi asr yigʻlar bagʻri xun.

 

Yigirmanchi asr – arzirli saboq,

Qalqiydi tarixning silsilasida.

Bugun erkin uchar samoda uchoq

Baxt oʻynar qizlarning kokilasida…

 

Koʻhna adovatni yoʻqotib sekin,

Qinga yashirdilar odamlar tigʻni.

“Endi jang qilmaymiz!” – dedi-yu, lekin

Oʻqi bilan saqlab qoʻydi miltiqni…

 

 

Koʻngil sohili

 

Koʻngil sohiliga yetkuncha, ey dil,

Hali koʻp yurgaymiz, yuz yilmi, ming yil.

 

Har bir jafolardan navo olurmiz,

Qaytgan vafolardan safo olurmiz.

 

Olis manzil sari shaylanajakmiz,

Parqu bulutlarga aylanajakmiz.

 

Kimdir bosib oʻtgan sariq maysadan

Biz davo olurmiz qayta-qaytadan.

 

Manzilga yetmoqqa yetmasa umr,

Bizdan soʻng shu qalam-qogʻoz yurgaydir.

 

Soʻzlar koʻpaygaydir soʻz sarfimizdan,

Manzil yaqinlashgay har harfimizdan.

 

Oʻtinchim, yurakni quvvatlab turgil,

Koʻngil sohiliga yetkuncha, ey dil.

 

 

BALKI…

 

Balki siz hech qachon meni sevmassiz,

Lekin uzoqlashib qayga ketaman?!

Bugun orzularning boʻyidan mastsiz,

Men esa sevishda davom etaman!

 

Siniq oy har tunda tigʻini charxlab,

Nur uchun jonimni qilganda tama

Olis-olislardan turib, erkalab

Men sizni sevishda davom etaman…

 

Quyosh – yer yuzining musavviridir,

Uni deb boʻy choʻzar dunyoi chaman.

Nomimni toptasa qachondir, kimdir,

Shunda ham sevishda davom etaman!

 

Sovuq qish ortimdan etganda taʼqib,

Suv boʻlib togʻlarga singib ketaman.

Bir kun poyingizda jilgʻadek oqib –

Men sizni sevishda davom etaman!

 

Doʻstu dushmanimga bildirmayman-u,

Sizning qoshingizda boshim egaman.

Sizni sevmoqlik bu – eng ajib tuygʻu,

Siz borsiz – sevishda davom etaman!

 

Balki siz hech qachon sevmaysiz meni,

Sizdan koʻngil uzib qayga ketaman?!

Taqdir keltirsa ham boshimga neni

Men sizni sevishda davom etaman!

 

 

Oy yetdi adoqqa…

 

Oy yetdi adoqqa osmonni suzib,

Soʻng yulduzni oldi bittalab uzib.

Mening-chi, yuragim qushday potirlar –

Tushimga kirgandi Muhammad Yusuf…

 

Jilmayib turardi, koʻzlarda mehr,

Ularda yoʻq edi zarracha aldoq.

Yastanib yotardi poyimizda qir,

Atrof alvon edi – lolaqizgʻaldoq…

 

Derdi: gul soʻzlarni behuda toʻkma,

Hikmat durlarin tuz har bir yozishda.

Gar yoza olmasang ilhomni soʻkma,

U mening qalbimni olgan farishta…

 

Yelkamni bosadi soʻzlarin yuki,

Bir yukki, salmoqdan oyogʻim titrar.

Bir yukki, gar uni koʻkka koʻtarsam,

Chokidan soʻkilib ketar bulutlar…

 

Ustoz! Kunda meni boʻyi mast qilar

Koʻksimda barq urgan – siz ekkan rayhon.

Yuragim ostida qumrilar yigʻlar,

Siz yoʻqsiz, atrofga boqarlar hayron…

 

Har tong rayhon isi hovlimni tutar,

Gʻaflat devorini kiradi buzib.

Ohular erkalab ohista turtar,

Tushimga kiradi Muhammad Yusuf…

 

 

Daryo

 

Daryoga tikildim, goʻzal daryoga,

Eng toza hislarim qoʻzgʻoldi bir zum.

Eng nafis mavjini poyimga toʻshab,

Daryo shivirladi: koʻzlaringni yum…

 

Kiprik qoqmoqqa vaqt topmadim bir on,

Daryo suluv qizday etardi araz.

Sen meni tushungin, axir, daryojon,

Bunday goʻzallikdan koʻz yumib boʻlmas…

 

Oʻynoqi toʻlqinlar dilim dilbari,

Qaniydi, bagʻrida qolsaydim mangu.

Yuzimni yuvardim, yuvganim sari

Qitigʻi kelganday qiqirlardi suv…

 

 

Istak

 

Shamol keldi yelib-yugurib,

Yerni ochdi xazonni surib,

Koʻhna chinor ostida turib,

Yana seni oʻylagim keldi.

 

Qilolmaydi kelganim idrok,

Sobiq soqchi – Olapar mudroq.

Titrab turar darchangda chiroq,

Devoringdan boʻylagim keldi.

 

Roʻmolingni tashlab yelkaga,

Derding: “Kelasizmi, ertaga?”

Toshni yorib chiqqan maysaga

Sen haqingda soʻylagim keldi.

 

Yuragimni yegan yemirib,

Armonlarim shundan semirib,

Sening birlan buloq simirib,

Yashil yalpiz chaynagim keldi.

 

Kulmang bukun oshiq holiga,

Oshiq toʻymas yor jamoliga.

Bekobodning zoʻr shamoliga

Devonadek oʻynagim keldi…

 

Yoding birla oʻynagim keldi…

 

 

Qish

 

Boʻshab qoldi laylaklar ini,

Qish-qishligin endi boshladi.

Koʻnglidagi bor niyatini,

Yer yuziga sepib tashladi.

 

Yoʻl boʻyida oʻtirib toshga,

Qor parchalar yorugʻ kuy chalar.

Oq doʻppisin bostirib boshga,

Koʻchalarga boqar uychalar.

 

Dalalarni bezab chinniday,

Toʻldiradi koʻnglining yarmin.

Oq libosli yangi kelinday

Bir entikib oladi zamin…

 

 

Muhabbat

 

Derazamni tirmalar shamol,

Yolvoradi boshini qoʻyib:

Darichangni ochgin, ochaqol,

Men ham unga boqayin toʻyib.

 

Titrab ketar qoʻldagi surat

(O, bu holat menga emas xos.)

Va soʻzlashga topadi jurʼat:

Shamollarga berma, iltimos…

 

Hamon tirnar oynani shamol…

Yolvoradi surat jim turib…

Mening yarmim shu shamol misol,

Yarmim qolgan suratga kirib…

 

Kuz kechasi ayvonda turib

Oy bilan koʻz urishtirdim men.

Oy koʻzida oʻzimni koʻrib

Soʻng oʻzimni surishtirdim men.

 

Tomirda qon daryoday oqdi,

Hijron tanni olovday yoqdi.

Suratini yirtganim – bir qiz

Yuragimdan jilmayib boqdi.

 

Men dunyoni mot etay desam,

Yashil dil bunyod etay desam,

Oʻzgalarni tinch qoʻyib, bu kech

Oʻz ruhimni shod etay desam –

 

Ovutmoqqa na sabab chiqdi,

Na biror soʻz, na bir gap chiqdi.

Sahargacha jilmayib bir qiz

Yuragimni chimchilab chiqdi.

 

 

***

 

R.ga

 

Toshkan bogʻlarida sayr etadi kuz,

Muxlis daraxtlarga imzosin chekib.

Charchasa oʻtirib dam olar, maxsus

Oʻrindiq poyiga sochlari tegib.

 

Havoda boradi havoday oqb,

Chinorlar shoxida olovday yonar.

Anhorning yam-yashil suviga boqib

Unda ham oʻz aksin koʻrib quvonar…

 

Kuzak chiroylidir doimo – sheʼrda.

Qolgani shunchaki… shunchaki gap-soʻz…

 

Qara, biz bahorda uchrashgan yerda

Faqat kuz qolibdi…

Faqat kuz…

Afsus…

 

 

Maslahat

 

Bolangizga sheʼr oʻqib bering,

Haq yoʻlida, xalqona yoʻlda.

Axir, Tangri nazari tushgan

Yurt iqboli uning qoʻlida.

 

Shiringina boʻlib yurganda,

Nelarnidir xayol surganda,

Sizdan mehr kutib turganda,

Bolangizga sheʼr oʻqib bering.

 

Gullayotgan gul, shona haqda,

Vatan haqda, yo ona xaqda,

Yo Mashrabi devona haqda

Bolangizga sheʼr oʻqib bering.

 

Tilagingiz bajo etganda,

Baxtning boʻyi koʻkka yetganda.

Mehringiz bir joʻshib ketganda,

Bolangizga sheʼr oʻqib bering.

 

Yov koʻksiga gʻulgʻula solsin,

Olim boʻlib dunyoni olsin.

Bir umrga yodida qolsin

Bolangizga sheʼr oʻqib bering.

 

Gar quchsangiz koʻksingiz toʻlar,

Qarang, koʻzi yulduzdek kular.

Haq istasa Navoiy boʻlar…

Bolangizga sheʼr oʻqib bering.

 

Botirlarning safida yur deb,

Shu elning koʻz oʻngida tur deb,

Bobong sohibqiron Temur deb,

Bolangizga sheʼr oʻqib bering.

 

Shu diyorning yashnashi uchun,

Buyuk ishlar boshlashi uchun,

Til va millat yashashi uchun

Bolangizga sheʼr oʻqib bering!

 

 

Behzod Biybolayev

https://saviya.uz/ijod/nazm/sozlar-kopaygaydir-soz-sarfimizdan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x