SOQOL VA SAQOQ
Iyakda oʻsadigan qiltuklar qoplamasi maʼnosini anglatgan “soqol” soʻzining tub ildizi qadimgi turkiy tildagi “engak” (iyak) maʼnosini anglatgan “saqoq” soʻziga borib taqalishi haqida “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”da aytilgan.
Mahmud Koshgʻariyda ham “saqaq” soʻzi iyak maʼnosida keladi va u “Saqaq oxshar, saqal bichar” (“Soqolini qirqadi-da, hiyla uchun iyagini silaydi”) degan maqolni keltiradi . Bizning mumtoz adabiyotimizda “saqogʻ” soʻzi koʻp qoʻllangan. Masalan Alisher Navoiyda shunday bayt bor:
Gahi koʻz surtaramda yoʻqsa haryon shodligʻ ashkim
Gul uzra qatra shabnamlar kabi siymin saqogʻinda.
Mahmud Koshgʻariy “saqa” soʻzi “togʻ etagi” degan maʼnoni anglatishi haqida ham aytgan. Demak, soqolda ham, iyakda ham, togʻ etagida ham pastga tomon yoʻnalish holati borligini hisobga olsak, ulardagi umumiy ildizni ilgʻashimiz mumkin.
Shu oʻrinda bir hangomani eslab oʻtgim keldi. Qishlogʻimizda Boʻta bobo degan bir kishi bor edi. Juda zamonaviy chol edi, feʼli bor edi qurgʻurning. Yoshi yetmishdan oshib ketganda ham soqol qoʻymagan edi. Oʻtgan asrning oltmishinchi yillariga xos kitel sifat kostyumda, xrom etik va shlyapada yurardi. Shunda bir davrada bir-ikkita keksa gapchinozlar Boʻta boboni olib qochishib, shuncha yoshga kirib ham soqol qoʻymaganini taʼna qilishib ustidan kulishadi. Undan dashnom maʼnosida: “Endi shunday yuraverasizmi, soqol qoʻyasizmi oʻzi, yoʻqmi, u dunyoda nima deb bahona topasiz?” – deb soʻraydilar. Shunda Boʻta bobo ularga: “Mening xudodan jon qarzim bor, jun qarzim yoʻq!” – degan ekan.
Garchand, “Erning koʻrki soqol, gapning koʻrki maqol” degan yaxshi gap bor-ku, lekin buyam bir hangoma-da.
QORA YOGʻ VA YERMOYI
Bugungi kunga kelib neftni “qora yogʻ” deb aytsangiz kamdan-kam odam tushunadi. Holbuki, koʻhna manbalarning guvohlik berishicha, garchi neft turkiy soʻz boʻlsa-da, tilimizda qadimdan “qora yogʻ”, “qora moy” deb ham aytilgan. Bolaligimda men bu soʻzlarga tez-tez duch kelganman. Qishlogʻimizdan sakkiz chaqirim narida Kakaydi posyolkasi (shahar tipidagi qishloq)ning yuqori tomonida Bobtoqqa tutashib ketgan adirlarda neft quduqlari boʻlardi. Shu yeda burgʻilash mashinalari ishlab yotardi. Bu joyning nomini odamlar oʻzlaricha “Qoramoy” deb qoʻyib olishgandi. Bu yerdan shifobaxsh qoramoyli shoʻrsuv chiqar, odamlar unga choʻmilgani borishardi. Shu taraflarga bormoqchi boʻlganlar “Qoramoyga borib kelamiz” deyishardi.
Men bolaligimda yermoyi deb tanishgan narsamning ikkinchi yunoncha otini keyinroq bilib qoldim. Kerosin ekan. Yunon tilida “keros” – “mum” maʼnosini anglatarkan. Kerosinni “er moyi” deb aytish hozir ham baʼzi shevalarimizda saqlanib qolgan. “Yer moyi” degan soʻzda obraz bor. Tabiat bilan hisoblashish va bogʻlanish bor. Sigir moyi sarimoy boʻlganiday Yerning moyi qoramoy boʻlar ekan-da.
“QUMGʻON”dagi “QIMIZ” va “QIMRON”
Tariximizda oʻchoqda choy qaynatish uchun koʻzacha shaklida yasalgan idish “qumgʻon” deb atalgan. “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”da izohlanishicha, “qumgʻon” soʻzi tarkibidagi “qum” soʻzi “toʻlqinlan”, “qayna”, “chayqal” degan mazmunni ifodalagan.
U holda “qumgʻon” soʻziga biya sutidan achitish yoʻli bilan tayyorlanadigan shifobaxsh ichimlik maʼnosidagi “qimiz” soʻzining nima aloqasi bor deyishingiz mumkin. Bu soʻzlar bir daraxtning shoxobchalariday gap. “Qimiz” soʻzining oʻzagi ham “toʻlqinlan”, “qayna”, “chayqal” maʼnosidagi “qum” soʻzidir. Tuya sutidan tayyorlanadigan ichimlikning nomini bildirgan “qimron” soʻzi ham “qimiz” va “qumgʻon”ga uyqash. Bu soʻzning ildizida ham “qum” soʻzi bor.
Mahmud Koshgʻariy izohiga koʻra, “qum” soʻzi “suv toʻlqini” maʼnosini bildirgan. Koshgʻariy “toʻlqinlandi”, “hayajonlandi” mazmunini ifodalagan “qumishdi” degan feʼlni ham keltirib oʻtgan. Odatda, qimiz ham qimron ham meshda qayta-qayta chayqaltirilib pishitilgan. Tilimizda “xom suv” va “pishgan suv” degan iboralar bor. Xalqimiz choʻqqilardan togʻu toshlarga urilib, chayqalib, toʻlqinlanib tushib kelayotgan suvni “pishgan suv”, turgʻun suvni “xom suv” deb atagan. “Suv yetti dumalasa toza boʻladi” degan ibora ham shunga yaqin maʼnoda. Ot va tuya suti meshda chayqaltirilganda tez yetiladi, bu goʻyo pishgan suvga oʻxshaydi. Sigir yo echki sutini bunday pishitish qiyin. Buni chorvadorlar tuya va otning yantoq,tikan, beda ajriq kabi pishiq giyohlarni yeyishi bilan bogʻlaydilar. Qimiz ham qimron ham qadimdan meshda saqlangan va qayta-qayta chayqaltirib turilgan. Gap shundaki, sarka (echki) terisidan qilingan mesh va maxsus loydan qilingan koʻzaning ichimlikni salqin saqlash xususiyati boʻlgan. Echki terisi ham, koʻzaning maxsus loyi ham atrofdagi sovuq va salqinni soʻrib olish xususiyatiga ega. Shuning uchun mutaxassislar yoz oylarida echki terisidan qilingan poyabzalni kiyishni tavsiya etadilar.
Men tuya sutini ichib katta boʻlganlardan tuya suti sogʻilgan vaqtida ham salqingina boʻlishi haqida eshitganman. Boshqa jonivorlarda hozir sogʻilgan sut iliq boʻladi. Qimiz – issiqlik, qimron – sovuqlik sanaladi. Tuya sutining sovuqligi ham uning oʻrkachi bilan bogʻliq. Chunki, tuya oʻrkachi tuya tanasini sovutib turuvchi sovutgichday gap.
Tuyaning achitilgan sutini “qimron”, achitilmagan sutini “shubat” deyishar ekan. Qarangki, bittagina “qum” soʻzi atrofida shuncha gap bor.
Eshqobil ShUKUR
Manba: “ Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi 2017 yil 26 may soni
https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/sozlar-bilan-sozlashuv-3/