Sobiq sovet davrida yaratilgan badiiy asarlarga Istiqlol manfaatidan kelib chiqib nazar tashlaganda, baʼzilari haqida oʻsha paytlarda aytilmagan, aytishning iloji boʻlmagan fikrlarni eʼtirof etish lozim koʻrinadi. Ayni shunday ehtiyoj isteʼdodli adibimiz Anvar Obidjonning “Dahshatli Meshpolvon” doston-qissasini qayta oʻqish jarayonida ham tugʻildi. Gap xalq ogʻzaki ijodining Anvar Obidjon ijodiga taʼsiri, xususan, “Alpomish”ning adibning “Dahshatli Meshpolvon” doston-qissasiga turtkisi xususida.
“Alpomish” – vatanparvarlik, erk va mustaqillik uchun kurash ruhidagi asriy qahramonlik qoʻshigʻi ekani maʼlum. Undagi Alpomish, Barchinoy, Qaldirgʻoch, Qorajon obrazlari Vatanning fidoyi farzandlari, millat or-nomusi timsoli, adabiy ibrat namunasidir. Biroq oʻzbekning, turkiy qavmlarning oʻlmas “Alpomish”i qayoqda-yu, XX asrning soʻnggi choragi bolalar shoiri Anvar Obidjonning “Dahshatli Meshpolvon” asari qayerda, dersiz. Bu adabiy aloqadorlikni nima yaqinlashtiradi-yu, nimalar uzoqlashtirib turadi? Uzoqlashtirgan jihati – vaqt, zamon masofasi. Yaqinlashtirgan tomoni esa har ikki asarning erk va mustaqillik uchun kurash mavzuiga bagʻishlangani, millatning asriy orzu-armonlarining badiiy ifodasi ekanligida.
Jahon bolalar adabiyotining Don Kixot, Chipolinno, Buratino, Karlson, Hoshimjon, Alamazon obrazlari Meshpolvon harakteriga yaqin. “Dahshatli Meshpolvon” ijodkorning oldingi asarlari kabi satira-yumorga yoʻgʻrilgan boʻlsa-da, unda sarkazm, groteks, ramz-timsol, kinoyaviy-istehzoli uslub boʻrtib koʻzga tashlanadi.
Asar syujeti Sepkilshohning bosqinchi qoʻshinlari tinch-osoyishta hayot kechirayotgan mamlakatni talab, odamlarni qul qilib haydab ketishidan boshlanadi. Qahratoniya (Sibiriya)ga olib ketilayotgan bandilar orasida qahramonimiz Meshpolvonning yarador dadasi va koʻzlari kiyiknikidek chiroyli onasi ham bor edi. Vaqt-soati yetib, Meshpolvon ota-onasini qutqazish maqsadida, el-yurt hurligi uchun “milliy ozodlik” kurashiga otlanadi.
Anvar Obidjon yosh qahramoning zakiy polvon, ham xomsemiz oʻsmir sifatidagi sarguzashtlari oʻquvchini sehrlab oladi. Meshpolvon oʻzi aytmoqchi, anchayin mechkay, yebtoʻymas, bir qadar tekinxoʻr. Boshda buvisining qoʻliga qarab, “bersang – yeyman, ursang – oʻlaman”, deb oʻtiradi. Ammo aqlan yetishib, ota-onasini bosqinchi dushmanlar asir qilib olib ketib azoblayotganlarini anglab, qalbida isyon tuygʻusi joʻsh uradi. Uni harakatga keltirib, katta maqsadlarga yetaklovchi kuch bu – qondagi azaliy vatanparvarlik va mustaqillik tuygʻusi. Bu yoʻlda u “qoʻmondonlik” tuzar ekan, turli hunar va yoshdagi millat vakillarini jamlaydi. Hatto yengil hiyla bilan ilonchalar Chika va Puka xizmatidan ham oʻrinli foydalanadi.
Doston-qissada bir timsol-ramz bor. Bu asarda bot-bot keladigan, qahramonning ogʻzidan tushmaydigan, qolaversa, bolalar folklori mulkiga aylanib qoladigan toʻrt qator sheʼr:
Olma yedim baqalogʻidan,
Gilos yedim chaqalogʻidan,
Anjir yedim yapalogʻidan
Bogʻbon buvaning shapalogʻidan…
Bu afandisifat yosh qahramonning tish-tirnogʻigacha qurollangan jihozlari ham juda alomat: ostida oqsoq xachir, qoʻlida dastkalla, oʻqlov, qalqoni – qozonning yogʻoch qopqogʻi. Meshpolvon ozodlik-qasoskorlik yurishining ishtirokchilaridan Goʻroʻgʻlibek, Ravshanxonlar avlodi – Oshiqbolaga muallif shunday taʼrif beradi:
“Oshiqbola uch yoshida ariqdan sakrab oʻtadigan, toʻrtida harf bitadigan, beshida kitob titadigan, oltisida oʻzini otda erkin tutadigan, yettisida nonga xanjarda yogʻ surtadigan, sakkizida oʻq-yoy bilan tangani yirtadigan, toʻqqizida tuxumni xom yutadigan, oʻnida polvonlarni yelkada turtadigan, oʻn birida uyida oshna kutadigan, oʻn ikkisida haftalab ovga ketadigan boʻldi…”
Nasriy qofiyali saʼj usulidagi bu badiiy bayon xalq dostonchiligidan sizga yaxshi tanish. Anvar Obidjon doston-qissada mavjud adabiy anʼanalardan ijobiy foydalanadi. Chunonchi, Oshiqbola bilan bir qur jangarilarcha talashib olgan Meshpolvon boʻlajak hamrohiga oʻz maqsadini bayon qiladi:
Yoʻlga chiqsam asosim bor,
Sepkilshohda qasosim bor.
Elimni u talab oʻtdi,
Asalimni yalab oʻtdi.
Kallalardan qasr qildi,
Koʻpchilikni asir qildi.
Pahlavonim dadam – unda,
Mehribonim onam – unda.
Borib ozod qilayin deb,
Enamni shod qilayin deb,
Qoʻgʻirmoch yeb, kuchni toʻplab,
Yoʻlga tushdim, kaftga tuflab…
Safar davomida qaram xalqning ayanchli turmushi manzaralari ochila boradi. Mazanglar (loʻlilar) qishlogʻiga yaqinlashgan Meshpolvon bilan Oshiqbola qiziq xodisaning guvohi boʻlishadi. Bosqinchi Sepkilshohning joylardagi vakillaridan Nahang oʻlponchi mazang kampirning chirmandasiga soliq soladi. Bu oʻlpondan sarosimaga tushgan loʻli kampir: “Yetmish yil sanqib, sakson mamlakatni koʻrdim. Lokin chirmandaga soliq solganlarini birinchi boʻlib, san muttaham aytding”, deya oʻz noroziligini bayon qiladi:
Soliq solding yerimga,
Qoʻydan shilgan terimga,
Soyda yuvgan kirimga,
Chirmandamga yopishma.
…Qizlar toʻlar xol puli,
Kampir toʻlar chol puli,
Chol toʻlar soqol puli,
Chirmandamga yopishma…
Haddan oshgan adolatsizlikdan pichoq borib suyagiga yetgach, oqibat Oshiqbola yordamida Nahang-qaroqchilarning adabini berib qoʻygan Meshpolvon lashkariga yana bir sodiq askar – loʻli bola Chumakvoy ham qoʻshiladi. Koʻp oʻtmay, tuya mingan Chumakvoy yoniga qoʻchqor mingan Rayhon qiziq qoʻshiladi…
Dostondagi qahramonlar mingan xachir, gʻirot, tuya, qoʻchqorlar ham oʻz xoʻjayinlari feʼl-atvorining shakllanishiga munosib hissa qoʻshishadi. Asarda inson, hayvon obrazlaridan tashqari doston-qissaning boshdan-oyoq mehmonlaridan boʻlgan bir qahramon obrazi ham borki, bu Oltiariq tumani va oltiariqliklardir.
Afandisifat bolakay Meshpolvon ham Oltiariqdan chiqib, shunchaki hangomatalablik bilan mushkul safarga otlanayotgani yoʻq. Uning muqaddas orzu-maqsadi bor. Sepkilshoh boshliq bosqinchi yovlar oyogʻi ostida toptalib yotgan Vatanni ozod, qadimgiday mustaqil va obod qilish uchun kurashmoq, jang qilmoq lozim. Bu yoʻlda u jiddiy sinovlarga duch kelarkan, oʻzini yoʻqotib qoʻymaydi. Tajribasizligi, bilimsizligi gohida qahramonimizga pand berib, yoʻldan ozdirganday boʻladi. Biroq asosiy masala – imon va eʼtiqod sobitligida, hech qanday kuch Meshpolvonni ezgu niyatidan chekintirolmaydi.
Nihoyat, lashkar ishgʻol qilinishi lozim boʻlgan Sepkilshoh saltanati poytaxtiga yaqinlashar ekan, Qizqoʻrgʻonga yetib keladi. Bosqinchi turli mamlakatlardan qul-asira qilib keltirilgan goʻzal qizlarni shu qoʻrgʻonda “tarbiyalab”, soʻng sayillarda katta pulga sotar ekan. Asarda bir koʻrinish berib oʻtgan bukri chol tilidan muallif bu voqeaga shunday munosabat bildiradi:
Qilni savdo qilishar,
Filni savdo qilishar,
Dilni savdo qilishar,
Tilni savdo qilishar.
Qanday zamon keldiki,
Paydo boʻlsa qizbozor?
Sepkilshoh saltanatining maʼnaviy chirikligini ifodalashda qoʻl kelgan bu detal yanada kuchaytirilib, sovet zamoni metod-aqidalaridan biri badiiy ifodalanadi: Qanot chiqarib, tepadan tushishga intilib, oʻz shohining gʻazabiga duchor boʻlgan lashkarboshini jazolash uchun vaziru nozirlardan usullar taklif qilishadi. Ammo Sepkilshohning oʻz sinalgan usuli bor:
Urinmaylik oqlash uchun,
Doʻstni omon saqlash uchun.
Oʻligiga yigʻlash uchun
Tepkilaylik oʻzimiz.
Sepkilshoh va Meshpolvon lashkarlari oʻrtasidagi jang avj pardaga chiqadi.
Goh osmonni oʻrab uvlar,
Narvonlarni burab uvlar,
Yovni qordek kurab uvlar
Meshpolvonning askarlari.
Ushbu hayot-mamot jangida nihoyat nur zulmat ustidan, adolat yovuzlikdan ustun keladi. Sepkilshoh bandilari ham isyon koʻtargach, Meshpolvon lashkarlarining qoʻli balandlashadi. Bandilarga bosh boʻlgan isyonkor-yoʻlboshchi (Meshpolvonning otasi) ozodlik lashkariga kelib qoʻshilgach, koʻngilsiz vaziyatning ustidan chiqadi. Ozodlik kurashi rahnamosi Meshpolvon boshidan qattiq jarohatlangan edi. Oʻgʻil ustida ota faryod chekadi:
Yov chiritgan oʻtloq uchun,
Yov quritgan buloq uchun,
Yov iritgan tuproq uchun
Kichik joning kerakmidi?
Soʻlib bitgan gulshan uchun,
Oyoqdagi kishan uchun,
Toptalgan or-u shaʼn uchun
Kichik joning kerakmidi?
Xayriyatki, kurashlarda pishgan, chiniqqan qahramonimiz ogʻir xastalikni yengib, koʻz ochadi. Tez fursatlarda tuzala boradi…
Ota-ona, qarindosh urugʻlar, millatdoshlar, Vatan ozod boʻldi! Qahratoniya Meshpolvonning vaziri – Goʻroʻgʻlibek avlodi Oshiqbola qoʻliga oʻtdi. Gʻalaba nashidasi, toʻyu tantana, bayram boshlandi. Oshiqbolani Oytumorga uylantirayotgan Meshpolvon oʻzi ham tabib qiz Achaxonni koʻz ostiga bosib, saltanatning poytaxti Oltiariqqa olib ketish payidan boʻlib turibdi…
Xuddi alomat multfilmni eslatuvchi ushbu doston-qissa omon-omonlik, gʻalaba bilan yakun topadi. Kichik maktab yoshidagi bolalarga bagʻishlangan asar bugunda ming yilligi nishonlanayotgan “Alpomish”ning davomi, ozodlik haqidagi yarim hazil, yarim chin niyat-bashoratning badiiy-ramziy koʻrinishi.
1988 yilda yozilib, 75 ming nusxada chop etilgan bu asar qaram davlatning bolalariga tarqatilgan ozodlik varaqalari edi! Oʻzbek adabiyotida, uning tarkibiy qismi bolalar-oʻsmirlar adabiyotida Vatan ozodligi va milliy mustaqillik mavzuida yaratilgan oshkoralik koʻrinishidagi adabiy namunalarning biri edi!
Mahmud SATTOROV,
filologiya fanlari nomzodi
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/alpomishning-nevarasi/