“Sharq yulduzi” jurnalida ishlagan kunlarimni hayotimdagi eng baxtli damlar deb bilaman. Qachondir bunday baxt menga nasib qiladi deb xayolimga ham keltirmagan edim. Oʻquvchilik yillarimda, ayniqsa, oltinchi-yettinchi sinfda maktab kutubxonasiga keladigan bu jurnalni qoʻldan qoʻymasdan oʻqiganman. Talabaligu undan keyingi yillarni aytmasa ham boʻladi. Aspirantlik paytimizda “Sharq yulduzi” jurnalida maqola chiqarish ezgu niyatimiz edi. Unga yetishish juda ogʻir, qoʻl yetmas olis choʻqqi boʻlib tuyulardi.
Aspiranturada sirtdan oʻqiganim uchun “Sovet Oʻzbekistoni”, “Oʻzbekiston madaniyati” gazetalarida, “Mehnat va turmush” jurnalida ham ishlaganman. Fidoyi munaqqid Mahkam Mahmudov orqali koʻplab jurnalist va adabiyotshunoslar bilan tanishdim. Ularning tajribalarini oʻrganib, baʼzan bahslashib ham turar edik. Tanqidchilar Pirmat Shermuhamedov va Norboy Xudoyberganovlar tahririyatga tez-tez kelib turishardi. Hatto ular bir kuni ustoz Matyoqub Qoʻshjonovning tavsiyasi bilan ona qishlogʻim Xumsonga chiqib dam olib kelishgan ham.
70-yillarning boshlarida shoir Ramz Bobojon “Obi hayot” dostoni uchun, boshqird shoiri Mustay Karim sheʼriy toʻplami uchun Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Pirmat aka bu shoirlar haqida “Sharq yulduzi”ga ixcham maqola yozib bering, deb taklif qildi. Maqolani qisqa muddatda yozib, tahririyatga eltib berdim. Navbatdagi sonda bosilib chiqdi. “Sharq yulduzi”dagi ilk qadamim ana shunday boshlangan.
Bir kuni domlamiz Sattor Haydarov adabiyotshunos Muhsin Zokirov Shayxzoda haqida kitob chiqarganini aytib qoldi. Bu kitobdan koʻnglim toʻlmagandi. Ilmiy ishim Shayxzodaning estetik qarashlari haqida edi. Sattor aka: “Xoʻp desang, birga maqola yozaylik”, deb taklif qildi. Maqola-taqriz, asosan, tanqidiy ruhda yozildi. Sarlavha ham shoir misralaridan olinib, “Shaxsiy xating koʻp ojiz” deb nomlandi. Bu taqriz ham jurnalda tez bosilib, ancha shov-shuvlarga sabab boʻldi. Keyin andijonlik shoir Olimjon Xoldor haqidagi yana bir taqrizim chiqdi. Qarasam, oʻzim bilmagan holda “Sharq yulduzi” mualliflardan biriga aylanib qolibman.
Jurnalda zamonaviy sheʼriyat haqida ijodiy munozara boshlanib qoldi. Norboy Xudoyberganov, Ibrohim Gʻafurov, Egam Rajabov va yana koʻp tanqidchilarning maqolalari bosildi. Munozara meni ham ilhomlantirdi. “Sheʼr masʼuliyati” nomli bir narsa qoraladim-da, ilmiy rahbarim Ozod Sharafiddinovga koʻrsatdim. Baʼzi mulohazalarini aytib, tahririyatga olib boravering, deb oq fotiha berdi. Maqola boʻlimdagilarga ham yoqdi. Ammo tahririyatda ayrim oʻzgarishlar yuz berdi. Koʻpdan beri jurnalda bosh muharrir boʻlib ishlayotgan Hamid Gʻulom Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashryotiga direktor etib tayinlandi. U Pirmat Shermuhamedovni nashriyot bosh muharrirligiga oʻzi bilan birga olib ketdi. “Sharq yulduzi”ga bosh muharrir boʻlib yozuvchi Mirmuhsin aka keldi. Adabiy tanqid boʻlimida Yusuf Shomansur, Muhammadali Qoʻshmoqovlar ishlar edi. Yangi xodimlarni tabriklash va maqolam taqdirini bilish uchun jurnalga bordim. Sunnatilla Anorboyev, Mashrab Boboyev, kursdoshim Zohir Aʼlamlar bilan biroz suhbatlashgandan keyin adabiy tanqid boʻlimiga oʻtib, Yusuf aka bilan Muhammadali Qoʻshmoqovni tabrikladim. Mirmuhsin aka bilan hali tanish emas edim.
Shu kezlarda oila qurib, uy-joydan qiynalib qolgan edim. Qishlogʻimga adabiyot muallimi boʻlib ketayotganimni aytdim. Yusuf aka: “Ortigʻali, maqolangiz yangi muharrirga ham maʼqul boʻldi. Tez orada bosilib qoladi, mana shunday narsalarni koʻproq yozib turing”, – dedi. Tahririyatdan yangi ot mingan kishidek xursand boʻlib chiqdim.
Bir yilning nari-berisida ana shu kattagina maqola jurnalda chop etildi. Ogʻzim qulogʻimda. Ilmiy ish yuzasidan ikki-uch oyda bir marta Toshkentga kelib turaman. Qaysi tanishni koʻrsam iliq gaplar, tabriklar eshitaman.
Tabiiyki, jurnaldan ham yaxshi gaplar, tilaklar eshitdim. Ammo hech kutilmagan gapni Yusuf aka aytib qoldi:
– Mirmuhsin domlaning xonasiga kirib chiqing. Siz bilan tanishmoqchi. Kelsa, albatta uchrashsin deb tayinlagan.
– Qanday boʻlarkin,– deb ikkilandim. Yusuf aka, sheʼriyat boʻlimining mudiri Oydin Hojiyeva (universitetda bir kurs oldin oʻqigan, yaxshi tanish edik) dalda berishdi. Yusuf aka meni bosh muharrirga tanishtirdi-yu, tez chiqib ketdi.
Mirmuhsin akani uchrashuvlarda, Yozuvchilar uyushmasidagi majlislarda koʻp koʻrganman. Qomati tik, koʻzoynagi oʻziga yarashgan, doim yangi kostyum kiyib, silliq yuradigan, chehrasi ochiq kishi edi. Oʻrnidan turib koʻrishdi. Ota-onam, oilam, maktabdagi sharoit, ilmiy ishim qay ahvoldaligini erinmay soʻrab-surishtirdi. Soʻng asosiy maqsadga oʻtdi:
– Maqolangiz menga yoqdi, yaxshi yozilgan. Sheʼrni tushunib tahlil qilar ekansiz. Faqat bir joyiga eʼtirozim bor. Hozirgi yoshlar bir ovozdan Rauf Parfini maqtashni yaxshi koʻrishadi. Undan boshqa shoir yoʻqmi? Katta shoirlar undan yomon yozishadimi? Sal meʼyorni oshirib yuborganga oʻxshaysiz. Raufni koʻp maqtab yuboribsiz, ozgina qisqartirdik.
Men Rauf Parfining “Tong otmoqda. Tong oʻqlar otar”, “Daryo mavjlariga yozilmish gʻazal, Maysalar egilib oʻqiydi kitob” deb boshlanadigan sheʼri haqida oʻz kuzatishlarimni aytgan va misralarning tabiiyligi, goʻzalligini qayd etgan edim. Sezdimki, Mirmuhsin aka sheʼriyatdagi yangi uslublarni, yosh shoirlar intilayotgan ilgʻor jahon sheʼriyatidagi ayrim mayllarni unchalik tan olmas ekan. Mirmuhsin akalarning avlodi ham 30-yillardagi, ham 50-yillardagi shafqatsiz qatagʻonlarni koʻrib yurak oldirib qoʻygani aniq. Mashʼum yillarda ijod ahli adabiyot oldiga qoʻyilayotgan har xil talablarni koʻraverib, qatiqni ham puflab ichadigan ahvolga kelib qolgan. Biz oʻqigan yillar iliq shabadalar esib, ijobiy oʻzgarishlar yuz berayotgan edi. Yozuvchilar uyushmasidagi jiddiy chiqishlar, Abdulla Qahhorning maqola va nutqlari, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Ali, Oʻtkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev, Oʻlmas Umarbekov, Jamol Kamol, Omon Matjon va boshqa katta isteʼdodlarning asarlarida hayot ziddiyatlari tasvirlangani ruhimizni ancha koʻtardi. Men ham maqolamda, asosan, sheʼriyatimizdagi yangilanish jarayonlarini tahlil qilishga intildim. Kechagina jurnalda maqolam bosilgan, bosh muharrir huzuriga taklif qilib turibdi. Mirmuhsin akaning gapiga eʼtiroz bildirmadim, faqat Rauf aka haqida u yaxshi shoir, uni ham toʻgʻri tushunish kerak deganga oʻxshash gaplarni aytdim. Mirmuhsin aka kulib qoʻya qoldi. Soʻng tez-tez uchrashib turing, uzoqlashib ketmang, mana shunday samimiy maqolalarni koʻproq yozing, ayniqsa, yaxshi taqrizlar kam, yangi kitoblar haqida fikrlaringizni bildirishdan erinmang, dedi. Domlaning gaplaridan ilhomlanib, Abdulla Sher va Muhammadali Qoʻshmoqovning sheʼriy toʻplamlari haqida “Yangi chashmalar” sarlavhali taqriz yozdim. Ana shu taqriz bahona, Yusuf aka bilan Keldi Qodirov Xumsonga mehmon boʻlib kelishdi. Togʻda yurib, Oʻgam daryosida choʻmilib, yaxshi dam olishdi. Keyin taassurotlarini tahriryat xodimlari-yu, Mirmuhsin akaga soʻzlab berishibdi.
Yana tahririyatga kelganimda Mirmuhsin aka: “Shunday qishlogʻingiz bor ekan, taklif ham qilmaysiz-a?! Biz ham borardik”, deb hazillashdi. Yozda Mirmuhsin aka, Nosir Fozilov, Mavlon Ikrom birgalikda kelib, Xumsonda bir kecha mehmon boʻlib ketishdi. Mirmuhsin aka qishloqqa faqat dam olish uchun emas, ijodiy rejalarini pishitish uchun ham kelgan ekan. “Chotqol yoʻlbarsi” romani ustida ish boshlaganini tezda bilib oldik. Domla qishlogʻimiz nomidan tortib, daryo, soy, buloq, soʻqmoqlar qanday atalishigacha soʻrab-surishtirdi, Xumsondagi tarixiy voqealar, keksa odamlar, ismlar bilan qiziqdi. Hatto qishloq qabristoni nima uchun Sevar ota deyilishi-yu, Sevar otaning oʻzi kim boʻlganigacha soʻrab, yon daftariga yozib oldi.
Ertasi kuni Xoʻjakent qishlogʻidagi azim chinorlarni koʻrgani bordik. Chinor tagidan bir tegirmon suv qaynab chiqib, pishqirib oqar edi. Bu tabbaruk joy qadimgi odamlar yashagan koʻhna makonlardan biri hisoblanardi. Chinor ortidagi ulkan qoyatoshlarda ibtidoiy odamlar solgan bir toʻda kiyiklar tasviri yaxshi saqlangan. Bu suratlar tarix kitoblariga kiritilgan, Oʻzbekiston tarixi muzeyiga ham qoʻyilgan.
Mirmuhsin aka va hamrohlari bu ochiq osmon ostidagi koʻhna suratlarni hayrat va hayajon bilan tomosha qilishgani yaxshi esimda qolgan. Shu kuni Bogʻiston qishlogʻiga ham bordik. U yerda Shayx Umar Bogʻistoniyning tabarruk qabri boʻlib, ziyoratgoh joylardan hisoblanardi. Xumsonda bu ziyoratgoh nomi “Shayximar buva” deb atalardi. Aslida, Shayx Umar buva avliyo – Toshkentda yashagan yirik tasavvuf olimi Shayxan Tahurning otasi, Xoʻja Ahror Valiyning bobosi ekanini keyinchalik bilganmiz.
Mirmuhsin aka tezroq Shayx Umar buvaga boraylik, deb qayta-qayta tiqilinch qildi. Bogʻiston qishlogʻi ancha olisda boʻlib, u yerga Yusufxona, Burchmulla qishloqlaridan oʻtib borilardi. Aksiga olib shu kuni yoʻl taʼmirlanayotgan ekan, Shayxning qabriga borishga imkon boʻlmadi. Biz avliyoning ruhiga duoyi fotiha qilib manzilimizga qaytdik.
Mehmonlar kechga yaqin Toshkentga yoʻl olishdi. Men Mirmuhsin akaga xos koʻp fazilatlarni shu kuni bilib olgan edim.
Xullas, qishloqda oʻqituvchilik qilar ekanman, yarim koʻnglim Toshkentda, adabiy muhitni, doʻstlar diydorini tinimsiz qoʻmsayman. Yozgi taʼtil kunlari, avgustning boshlarida tahririyatga kelganimda doʻstim Maʼruf Jalil: “Qishloqda yuraverasizmi? Yetar endi, shaharga qayting. Boʻsh oʻrin bor, Muhammadali adabiy kotib oʻrinbosarligiga oʻtkazilgan. Faqat domlaning oldiga oʻzingiz kiring, u kishi oʻrtaga odam qoʻyganlarni yoqtirmaydi”, – dedi.
Mirmuhsin akaning oldiga kirdim. Salom-alikdan keyin shaharga qaytish niyatim borligini, shu masalada yordam berishini soʻradim.
– Ota-onangiz, oilangiz rozi boʻladimi? – Domla eng avval ana shu bilan qiziqdi. Otam rozi ekanini aytdim.
Mirmuhsin aka ham dangal ish tutdi. Qoʻlimga oq qogʻoz berib: “Sharq yulduzi” jurnaliga ishga kirish haqida ariza yozing”, – deb buyurdi. Hayron qoldim:
– Hali maktabdan boʻshamaganman-ku?
– Bir-ikki kun muhlat beraman. Boʻladigan ishning boʻlgani yaxshi.
Hang-mang boʻlib qoldim. Hazillashayotgani yoʻqmi? – Sekin yer ostidan qarayman. Mirmuhsin aka jiddiy qiyofada, savol nazari bilan tikilib turibdi. Arizani yozib berdim. U qogʻoz tagiga nimalarnidir yozdi-da, kotibani chaqirdi.
– Tez koʻchirib bering. Keyin hamma xodimlar kirsin. Kichik majlisimiz bor, deb buyruq berdi.
Yo qudratingdan! Tushimmi bu oʻngimmi? Nahotki, odamlar bir umr orzu-havas qilib yuradigan muqaddas dargohga shuncha osonlik bilan joylashib olsam? Ishongim kelmaydi.
Xodimlar yigʻilgach, muharrir dedi:
– Ortiqboy Abdullayevni yaxshi taniysizlar, jurnalimiz jonkuyarlaridan. Maqolalari bilan jurnalimizda tez-tez chiqib turadi. Ilmiy ishi Shayx aka ijodi boʻyicha. Ilmiy rahbari Ozod. U har qanday odamni shogirdlikka olavermaydi. Biz ham yordam berishimiz kerak. Shu yerda ishlasin, chiniqsin, maqolalar yozsin. Nima deysizlar? Bu yigit shu bugundan tahririyat xodimi hisoblanadi.
Tashqariga chiqishimiz bilan jamoa meni astoydil tabriklashga tushdi. Keldi Qodirov eng boʻlarli gapni aytdi:
– Joʻrajon! Yana soddalik qilib bemalol kelaman deb yurmang. Hoziroq qishlogʻingizga joʻnang. Ertaga hujjatlaringizni olingu indinga yetib keling. U kishi orqaga tashlaganlarni yoqtirmaydi. Omadingiz bor ekan, domla hech kimga bunday muruvvat koʻrsatmagan.
“Sharq yulduzi” jurnaliga mana shu tarzda ishga kirganman. Hujjatlarimni olib kelganimda Mirmuhsin aka: “Publitsistika boʻlimi”ga mudirlik qilasiz, – deb qoldi.
– Bu maʼsuliyatli ishni uddalay olarmikinman?
– Uddalaysiz. Yordam beramiz. Katta boʻlim, lekin sira egasiga yolchimayapti. Hamma yo sheʼriyat, yo nasr boʻlimini moʻljallab keladi. Mana katta boʻlim, ikki-uchta yirik, jiddiy maqolani tayyorlab qoʻy, munozara oʻtkaz. Keyin sheʼringni, hikoyangni yozib yuraver. Kim qoʻlingdan ushlab turibdi? Publitsistika jurnalning ustuni, uni tutib turadigan boʻlim. Zamon daʼvatiga birinchi navbatda publitsistika “labbay” deb javob beradi. Yo gapim notoʻgʻrimi? Siz gazetada ishlagansiz, publitsistlarni yaxshi taniysiz. Mana, paxtakorlar, chorvadorlar, olimlar… Mavzu toʻlib yotibdi. Dolzarb masalalar, zamonaviy ocherklar haqida oʻylang. Oqsoqol yozuvchilarni, viloyatlardagi ijodkorlarni unutmang. Yaxshilab reja tuzing. Hozircha olti oylik qilib… Uni pishitamiz, boyitamiz, munosib ijodkorlarga yozdiramiz…
Men, baribir, “Adabiy tanqid boʻlimi”da ishlaganim foydali boʻlardi, deb aytib koʻrdim.
– U yerda siz Keldiga qaram boʻlib ishlaysiz. Maoshingiz 115 soʻm. Bu yerda oʻzingiz mudir, mustaqil ishlaysiz, maoshingiz 130 soʻm. Bu ham muhim masala. Yozgan narsalaringizga qalam haqi olasiz. Tanqid boʻlimiga mudirni yaqinda tayinladik.
Xullas, publitsistika boʻlimida ish boshladim. Muammoli ocherk nimaligini yaxshi bilar edim. Leonid Volinskiy, Vladimer Tendryakov, Valentin Rasputin, Viktor Astafyev va boshqalarning ijodi bilan tanishman. Yosh ocherknavislarni chaqirib suhbatlashdim, turli mavzularni oʻyladim. Bahsli masalani kim qiyomiga yetkazib yozib bera oladi? Shu masalada ancha bosh qotirishga toʻgʻri keldi. Ochigʻini aytganda, oʻzim ham qiziqib qoldim, boʻlim ishlari birmuncha tartibga tushdi. Ayniqsa olimlar hayotidan yozilgan ilmiy ocherklar jurnalxonlarga manzur boʻldi. Shu oʻrinda Sunnatilla Anorboyev, Rasul Rahmonov, Maʼruf Jalil, Hojiakbar Shayxov, Norqul Hayitqulov singari tajribali yozuvchi va jurnalistlar yaxshi zahmat chekkanini aytib oʻtish lozim.
Shunday qilib, respublikamizdagi yagona adabiy-badiy jurnalda qizgʻin ishga kirishib ketdim. Bu borada otamdek boshimni silab, mehr-muruvvatini ayamagan rahmatli Mirmuhsin domlaning ruhi poklariga hamisha minnatdorlik bilan taʼzim qilaman.
“Sharq yulduzi” jurnalida salkam yigirma yil (1975 yildan 1993 yilning oxirigacha) mehnat qildim. Shu muddat ichida toʻrtta muharrir – Mirmuhsin aka, Hafiz Abdusamadov, Pirmat Shermuhamedov, Oʻtkir Hoshimovlar bilan birga ishladim. Quvonchli kunlarni, tashvishlarni jamoa aʼzolari bilan baravar totdik. Jurnal obroʻsi uchun kezi kelganda talashib-tortishdik, sevimli nashrimizni mustahkam koʻrgʻon boʻlib avaylab-asrashga intildik. Jurnal tiraji 270 mingdan oshib ketdi. Xalqimiz sevib, qidirib topib, qoʻlma-qoʻl oʻqiladigan nashrga aylandi. Men shaxsan oʻzim ozgina eʼtiborga erishgan boʻlsam, hammasiga “Sharq yulduzi”dagi xizmatlarim, zahmatlarim evaziga erishdim. Buning uchun jurnal jamoasiga har doim minnatdorlik bildiraman. Mazkur xotiralar vositasida jurnalda birga ishlagan zahmatkash muharrirlar, fidoyi xodimlar haqida, oʻz koʻzim bilan koʻrib, qulogʻim bilan eshitgan qiziqarli voqealar, bahslar, munozaralar haqida bilganlarim, guvoh boʻlganlarim, kuzatganlarimni kuchim va imkonim yetkancha qogʻozga tushirgim keldi.
Mirmuhsin aka
Mirmuhsin akaning saronjom-sarishtaligiga hammamiz havas qilardik. Bu haqda yozuvchi Farhod Musajonov “Sizni eslab” xotiralar kitobida yozgan. U koʻp yillar “Sharq yulduzi”da muharrir boʻlib ishlagani uchun ishning koʻzini bilar, hammaning koʻngliga qarab muomala qilar edi. Ichimdan top deb oʻtirish tabiatiga toʻgʻri kelmas, charchaganda yoki zerikkanda kotibiyatga yoki roʻparasidagi katta xonaga kirib, Haydarali aka, Nosir aka bilan bir piyola choy ustida chaq-chaqlashib oʻtirishni yaxshi koʻrardi.
Mirmuhsin akaning oldiga yaqin doʻstlari, ustozlari Uygʻun bilan Zinnat Fatxulin, Shukrullo aka, Said Ahmad aka kelib turishardi. Oʻsha yillarda Asqad Muxtorning “Davr mening taqdirimda”, Hamid Gʻulomning “Binafsha atri”, “Qoradaryo”, Said Ahmadning “Qirq besh kun”, Pirimqul Qodirovning “Olmos kamar”, Oʻktam Usmonovning “Girdob” romanlari, Sunnatilla Anorboyevning “Mehr”, “Umr”, “Toʻrtkoʻzning sarguzashtlari” qissalari, Oʻlmas Umarbekovning “Joʻra qishloq”, “Yoz yomgʻiri”, “Urush farzandi”, “Kimning tashvishi yoʻq” qissalari, Oʻtkir Hoshimovning “Bahor qaymaydi”, “Dunyoning ishlari” qissalari, Shukur Xolmirzayevning qissa va hikoyalari, Neʼmat Aminov, Omon Muxtorning roman, qissa, xikoyalari bosilgan edi. Pirimqul akaning “Yulduzli tunlar” romani nashrga taxt qilib qoʻyilgan, ammo bosishga ruxsat berilmagan edi.
Sheʼriyatda esa Mirtemir, Zulfiya, Asqad Muxtor, Ramz Bobojon, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Husniddin Sharipov, Muhammad Ali, Jamol Kamol, Gulchehra Joʻrayeva, Oydin Hojiyeva, Halima Xudoyberdiyeva, Abdulla Sher, Muhammadali Qoʻshmoqov, Usmon Azimov, Shavkat Rahmon, Xurshid Davronlar sara sheʼriy turkumlari, dostonlari bilan faol qatnashar edi. Hozirgi nasr, sheʼriyat, adabiy tanqidning yirik vakillari “Sharq yulduzi” jurnalida voyaga yetgan. Ana shu yillarda yosh ijodkorlarga har yili jurnalning bir sonini ajratish, uy-joy sharoitini yaxshilash haqida maxsus qaror qabul qilindi. Bu nodir hujjat koʻp yosh ijodkorlarni roʻyobga chiqarishda katta rol oʻynadi. Shaxsan, Togʻay Murod, Zohir Aʼlam, Xayriddin Sultonov, Erkin Aʼzam, Murod Muhammad Doʻst, Nurali Qobul va yana koʻp isteʼdodli yoshlarning qissa va hikoyalari ana shu qaror tufayli bosilgan. 1976 yil oxirida Mirmuhsin akaning dadilligi tufayli yana bir jiddiy ishga qoʻl urdik. Men shu kezlarda ilmiy ishim ham qolib xalqimizning olis tarixi, turkiy xalqlarning kelib chiqishi bilan qiziqib qolgan edim. Shu yillarda turkiy xalqlar Sibir Oltoy tomonlardan kelib qolgan, bu hududda eroniy xalqlar yashagan degan nazariya hukmron edi. Bu qarashga qarshi chiqqan Mutal Ermatovning doktorlik ishi qabul qilinmagandi.
Qarindoshim, tarix fanlari doktori Mahkam Abduraimov Mutal Ermatov fikrlarini yoqlagandi. Bir kuni Mahkam domlani koʻrgani borsam, xunob boʻlib oʻtirgan ekan. Shu bahona tarix ilmida kora dogʻ boʻlib yotgan bu muammo, ilmiy soxtaliklar haqida koʻp gaplarni aytib berdi. Bu gaplarni eshitib, “Oʻzbek adabiyoti tarixi” darsligidagi Oʻrta Osiyoda qadimdan Sharqiy Eron tillariga mansub qavmlar yashagan degan fikrlarni esladim. Shu kungacha barcha oʻqituvchilar kabi maktab darsligida yozilganmi, demak, haqiqat deb kelardim. Mahkam akaning aytgan gaplari koʻzimni ochdi. Shu kundan boshlab ana shu bahs doirasiga kirib, mavzuga doir adabiyotlar bilan qiziqib, izlab topib, berilib oʻqiydigan boʻldim.
“Sharq yulduzi”da bir yilcha ishlaganimdan keyin adabiy tanqid boʻlimida ishlash niyatim amalga oshdi. Ikrom Otamurod uy sharoitim toʻgʻri kelmayapti deb (bu haqda alohida toʻxtalaman) Qashqadaryoga qaytib ketdi. Oʻrniga men oʻtib, Keldi Qodirov bilan birga ishlay boshladim. Shu kezlarda Moskvada professor Koʻroʻgʻlining rus tilida “Oʻzbek adabiyoti” darsligi (ikkinchi nashri) chiqib qoldi, uni sinchiklab oʻqidim. Oʻzimga yoqmagan joylarini doʻstim Zohir Aʼlamga koʻrsatdim. Shukur Xolmirzayev nasr boʻlimini boshqarardi. Kitob haqida gapirib berdim. Shukur aka ham qiziqib qoldi va darslikni ikkimiz yana bir karra jiddiy koʻrib chiqdik. Rusiyzabon talabalarga moʻljallangan bu kitob yuzakiligidan tashqari, koʻp masalalarni notoʻgʻri, tarafkashlik bilan yoritgan, xato fikrlarni ilgari surgan edi. Hatto buyuk shoirimiz Alisher Navoiy ijodi ham oʻrtamiyona tahlil qilingan, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi tuzukroq yoritilmagan edi. Uning sarguzashtlarga boy gʻaroyib hayoti, adabiy merosi chetlab oʻtilgandi. Boshqa shoirlar ijodi ham toʻla va chuqur tahlil qilinmagan, ayniqsa, yigirmanchi asr adabiyotiga xos murakkab jarayonlar yopiqligicha qolib ketgan edi. Bizni tarixni buzib tahlil qilingan oʻrinlar qattiq ranjitdi. Agar qadimiy xalqlarni ahilikka, tinch-totuvlikka chorlash oʻrniga biz azaldan yashab kelayotgan joʻgʻrofiy muhitda ilgari faqat hind-yevropa tillariga mansub qabilalar yashagan, qoloq koʻchmanchi turkiy xalqlar esa bu zaminga milodning IV asrida koʻchib kelgan, “kelgindi” turklar (kitobda aynan shunday yozilgan edi) mahalliy eroniy qabilalar bilan qoʻshilib, aralashib ketgandan keyin hozirgi oʻzbek xalqining ajdodlari bu zaminda shakllana boshlagan degan qarashlarni zoʻr berib targʻib qilishga uringan edi. Bu esa koʻhna xalqimiz tarixini, jahonga mashhur obidalar qurgan, qadimiylikda misrliklarga teng keladigan olis ajdodlarimizni qattiq kamsitardi. Aslini olganda, bu shoʻro mafkurasiga xos illat boʻlib, “ajratib tashla va hukm sur” degan mashʼum siyosatning mevasi edi. Ana shu siyosat tufayli qadimiy Turkiston boʻlib tashlandi, 20-30 yillarda xalqimizning guli-sarvari boʻlgan koʻp buyuk ijodkorlarimiz millatchi “panturkist”, “jadid” tamgʻasi ostida yoʻq qilingani maʼlum. Bu qattol oʻyinga yurtimiz mustaqillikka erishib, chinakam tarixini toʻgʻri baholash imkoniga ega boʻlgandan keyingina chek qoʻyildi. Oʻtgan asrning 70-80 yillarigacha bu siyosat tarixni soxtalashtiruvchilar qoʻlidagi asosiy qurol boʻlib kelgani bugun hammaga maʼlum. Shukur aka ikkimiz Koʻroʻgʻli kitobidagi bu jiddiy nuqsonlarni Mirmuhsin akaga koʻrsatdik. U kishi nihoyatda dargʻazab boʻlib, maqola yozib, munosib “baho beringlar” deb katta ishonch bilan topshiriq berdi.
Xullas, bir oyning nari-berisida hamkorlikdagi maqola tayyor boʻldi. Hamma dalillarni toʻplash va qoralama nusxani tayyorlash mendan, unga jiddiy jilo berish, munosib darajada tahlil qilish Shukur akadan. Bir nechta sarlavha oʻyladik, lekin ularning taʼsiri kam va siyqasi chiqqan deb hisobladik. Nihoyat, koʻnglimizdagi sarlavhani marhum Husniddin Sharipov topib berdi: “Bilib yozgan yaxshi…” Maqola oʻzimiz kutganimizdek katta shov-shuvlarga sabab boʻldi. Jurnal qoʻlma-qoʻl oʻqildi. Biz qayerga borsak faqat shu xususda gap aylanadigan boʻlib qoldi. Hatto Shukur aka bir kuni “Soʻnggi bekat” romani uchun ham bunchalik maqtov eshitmagan edim” deb hazillashgan edi. Maqolaning shuhrati Moskvagacha yetib bordi. Toshkentga muhim ijodiy ishlari bilan kelgan “Voprosiʼ literaturiʼ” jurnalining bosh muharriri Vitaliy Ozerov Yozuvchilar uyushmasida ijodiy suhbat oʻtkazdi. Shunda soʻzga chiqqan Mirmuhsin aka mazkur maqola haqida maʼlumot berdi. Vitaliy Mixaylovich maqolani “Tarjima qildirib jurnalda chiqaramiz” deb vaʼda berdi, ammo bosilmadi. Kimlardir qattiq xalaqit berdi. Lekin maqola oʻz vazifasini bajardi.
Kim bilsin, agar xalqimiz tarixini puxta bilgan Mirmuhsin akadan boshqa ijodkor bosh muharrir boʻlganda oʻsha zamon uchun qaltis mavzu hisoblangan bu maqolani bosib chiqarishga jurʼat etmagan boʻlarmidi?
Mirmuhsin akani biz ana shunday dadil muharrir sifatida hurmat qilar, ardoqlar edik. U jurnalni nihoyatda yaxshi koʻrar, jurnal shaʼniga zarracha gard yuqishiga yoʻl qoʻymas, Yozuvchilar uyushmasining har xil majlislarida ham uni qattiq turib himoya qilardi.
Tahririyatda zarracha moliyaviy xato, buzilish boʻlmasdi, belgilangan qalam haqi barcha xodimlar ishtirokida tiyin-tiyinigacha toʻgʻri taqsimlanardi. Yana bir odati, isteʼdodli yoshlarni jurnalga ishga taklif qilar, ularga barcha sharoitlarni yaratib berardi. Koʻz oʻngimizda Ikrom Otamurod, Tohir Qahhor, Shukur Qurbon, Nortoʻxta Qilich, Asad Asilovlar jurnal maktabidan taʼlim olib, ijodkor boʻlib yetishdi. Mirmuhsin akada ichki intizom kuchli edi. U xodimlarga ijodiy kun berishni uncha xush koʻrmasdi, lekin ish vaqtini soat 11 dan 17 gacha qatʼiy belgilab qoʻygan va birinchi navbatda bunga oʻzi amal qilardi.
Menga ham, boshqalarga ham koʻp yozinglar, yaxshi yozinglar, kattaroq asar yozishdan charchamanglar, hammasi mehnat bilan yuzaga chiqadi, deb nasihat qilardi. Bilishimcha, oʻzi shanba va yakshanba kunlari ham ijodni tark etmasdi. Ayniqsa, hordiq kunlari qadrdoni Said Ahmad aka telefon qilib, “Mirmuhsin, nima ish qilyapsan!?” deb jigʻiga tegishni yaxshi koʻrar ekan. “Hovlida yuribman, shlanka bilan gullarga, daraxtlarga suv sepayapman”, degan javobni olarkan. Buni kula-kula oʻzi gapirib berardi: “Yozganlaringni suvi koʻp demoqchimi? Nima, unga falon asar ustida ishlayapman, deb hisob berishim kerakmi?” – deb qoʻshib qoʻyar edi.
Jurnalda chamasi ikki yilcha ishlaganimdan keyin ilmiy ishni oxiriga yetkazib qoʻyishga jazm qildim. Doʻrmondagi ijod uyida yozish uchun aprel oyining boshlarida maosh olinmaydigan taʼtil soʻrab oldiga kirdim. Mirmuhsin aka odatdagidek xushvaqt qarshilab, maqsadimni bilgach, ancha oʻylanib dedi:
– Maoshsiz taʼtil berish-ku qiyin emas, ammo oʻzingiz qiynalib qolasiz, – u biroz oʻylanib turgach, qoʻshimcha qildi. – Moddiy ahvolingiz menga maʼlum. Qishloqdagi chol-kampirniyam urintirib qoʻyasiz. Oʻz hisobingizdan taʼtil soʻrab ariza yozing. Gʻaladonga tashlab qoʻyaman, har ehtimolga qarshi. Birov kelib soʻrasa, arizani koʻrsataman. Maoshingizni toʻliq olaverasiz, ilmiy ishingizniyam qilaverasiz. Shunday qilsak boʻladimi?
Bunday kutilmagan himmat, ochigʻini aytganda, meni dovdiratib qoʻydi. Mirmuhsin akaning oliyjanobligi, saxovatiga qoyil qoldim.
“Har toʻkisda bir ayb” deganlaridek Mirmuhsin aka har xil gaplarga ishonar, oʻziga yarasha soddaligi ham bor edi. Idorada oʻtgan gʻalati bir voqea esimdan chiqmaydi. Yozuvchi Shuhrat tahririyatga “Bir kecha fojiasi” nomli qissa olib kelgandi. Uni nasr boʻlimi, masʼul kotib, bosh muharrir oʻrinbosari, Mirmuhsin aka oʻqib nashrga tavsiya etishdi. Ammo qissa bosmaxonada terilib, qayta oʻqilayotganda tahririyatda koʻpdan beri ishlab kelayotgan keksa musahhih bir kamchilik topdi. Asar qahramoni ulfatlari bilan ichib, kechasi uyiga qaytayotganda militsiyaga tushib qoladi. Tunni shu yerda yolgʻiz oʻtkazadi. Bu hol 26 oktyabr kechasi roʻy beradi. Ruhan magʻlub qahramon dargʻazab boʻlib: “Ha, laʼnati 26 oktyabr, sen tufayli mana shu ahvolga tushib oʻtiribman”, deb bir necha marta soʻkinadi. Mana shu oddiy tasodifiy soʻkinish musahhihimizning nazarida katta siyosiy xato boʻlib koʻrinadi. 26 oktyabr kechasi qurolli qoʻzgʻolon koʻtarilib, bolsheviklar hukumat boshiga kelgani maʼlum. Musahhih yozuvchini qoralashga oʻtdi: “Yozuvchi ataylab shu sanani tanlab olgan. Shu bahonada inqilobni qoralayapti, inqilob boshimizga balo, musibat olib keldi, deb soʻkinyapti. Oʻzining oktyabr inqilobiga, sovet hukumatiga salbiy munosabatini ustalik bilan niqoblayapti. U sovet tuzumini koʻra olmaydi, uni qoralaydi”.
Akamiz oʻz daʼvolarini yana qatorlashtira boshladi. Asardagi ilgʻor ishchi anglashilmovchilik tufayli qamalib qolganini eshitgan korxona ishchilari kasaba uyushmasiga yopirilib kirishadi. “Oʻrtogʻimiz zudlik bilan ozod qilinmasa, hammamiz militsiya idorasiga boramiz. Uni qamoqdan chiqarmaguncha qoʻymaymiz”, deb qatʼiy fikr bildirishadi. “Nima bu ochiqdan-ochiq qoʻzgʻolon koʻtarishmi? Yozuvchi aka ana shunga ishora etmayaptimi?”– davom etdi musahhih.
Hammamiz karaxt boʻlib qoldik. Nima deyishni bilmay bir-birimizga hayron qaraymiz. Shunda Oydin Hojiyeva shartta oʻrnidan turdi-da:
– Nimalar deyapsiz oʻzi, aka?! Siz asar haqida mutlaqo notoʻgʻri gapirayapsiz-ku! Qissa hech qanday yomon niyat bilan yozilmagan-ku. Siz aytayotgan gaplar yozuvchining xayoliga ham kelmagani koʻrinib turibdi. Keksa yozuvchiga bunaqa tuhmat qilmang. Shuhrat aka bir marta qamalib azob tortib kelgani yetar, axir! Sanani oʻzgartirib qoʻyish kerak, tamom-vassalom. Hammasi joy-joyiga tushadi. Sal oʻylab gapiring, yozuvchi shaxsini hurmat qiling-da, aka!
Oydinxon koʻnglimizdagi gapni aytdi. Musahhih akamiz bunday zarbani kutmaganidan dovdirab, bosh koʻtara olmay qoldi. Soʻzga chiqqanlarning hammasi Oydinning fikrlarini maʼqulladi. Hayajonlanib ketgan Mirmuhsin aka “Siyosiy savodxon” akamizga qattiq tanbeh berdi:
– Siz tajribali korrektorsiz. Jurnalda koʻp yildan beri ishlaysiz. Sizga qattiq ishonganimizdan fizkulturachilar gazetasida ishlashingizga ham ruxsat berdik. Boshqa odam boʻlganda, ikki joyda ishlashiga rozilik bermas edim. Tushgacha bu yerda ishlayapsiz, keyin “Oʻzbekiston fizkulturasi”ga borib shtanga koʻtarasiz. Mayli dedik. Shu sharoitda tirnoq ostidan kir qidirishingiz nimasi? Ishimizdan siyosiy xato izlab oʻtirmasdan koʻnglingizda shubha tugʻilgan boʻlsa, toʻgʻri oldimga kiring, mana Haydarali bor, Oqiljon bor, ayting, maslahat soʻrang. Oydinxon juda toʻgʻri aytdi, koʻnglingiz toʻlmagan boʻlsa, 26 oktyabr emas, 27 avgust, deb oʻzgartirish haqida taklif kiriting, olam guliston!
Qattiq mulzam boʻlgan musahhih akamiz shundan keyin tahririyatda koʻp ishlamadi. Oʻz ixtiyori bilan ishdan boʻshab ketdi.
Mirmuhsin aka nashrga tayyorlanayotgan asardan koʻngli toʻlmasa yoki uni chiqarishga ikkilansa, darrov boshqa boʻlimdagi xodimlarga ham oʻqitib, fikrini soʻrab, maslahatlashib, ishni pishitishdan (oʻz taʼbiri bilan aytganda, “Oshni damlash”)erinmas edi. Bir kuni meni chaqirib, Tohir Malikning nashrga tayyorlanayotgan “Falak” qissasini qoʻlimga tutqazib: “Tez oʻqib chiqib ertaga fikringizni aytasiz. Yo “ha”, yo “yoʻq” degan xulosangiz kifoya. Boshqa tahlilni keragi yoʻq”, – dedi.
Men kechqurun allamahalgacha qissani katta qiziqish bilan oʻqidim. U ravon yozilgan, syujet keskin, qahramonlarning xatti-harakatlari, ichki dunyosi mahorat bilan ochilgan edi. Tohir shu kezlarda anchagina tanilib qolgan edi. Ammo men “Guliston” jurnalida eʼlon qilingan “Qora farishta” hikoyasinigina oʻqigan edim. Yangi qissadan koʻnglim toʻldi. Ertasi kuni kelishilganidek asarga “Bosilsa boʻladi” degan xulosamni aytdim. Mirmuhsin aka miyigʻida kulib dedi:
– Oʻzimga ham yoqdi, ammo baribir tanqidchi sifatida fikringizni bilgim keldi. Buni zarari yoʻq. Men bu bolaning asarlarini yaxshi bilmayman. Koʻp mehnat qilyapti, qalami oʻtkir. Oʻzi Mirzakalon akaning jiyani. Jahon fantastikasidagi tayyor syujetlardan foydalandimikan deb shubhalandim. Nasr boʻlimidagilarga ishonaman, shunday boʻlsa ham ishni pishiq qilganimiz yaxshi.
Yuqorida men Mirmuhsin aka ochiqkoʻngil, himmati baland kishi ekanini aytdim. Tahririyatda ishlar ekanman bunga koʻp marta guvoh boʻldim. U aytganini qiladigan, bergan vaʼdasini ustidan chiqadigan kishi edi “Tanqid boʻlimini sizga ishonib topshiraman” degan vaʼdasida ham turdi.
Keldi Qodirov bu lavozimda yaxshigina ishlab yurgan edi. U bir olim bilan birga yoshlar sheʼriyatiga bagʻishlangan “Hayotbaxsh shabadalar” nomli maqola eʼlon qildi. Jurnalning yangi soni tarqalishi bilan bu maqola tilga tushdi, qoʻlma-qoʻl oʻqildi. Ammo barcha fikrlar salbiy edi. Munaqqidlar yosh nihollarni avaylash oʻrniga 50-yillar tanqidchilariga oʻxshab vulgar sotsiologizm yoʻlidan borib, anchagina yosh ijodkorlarni qattiq tanqid qilishgan, keskin fikrlar bildirishgandi. Maqolada yosh shoirlar ijodi mehr bilan emas, koʻproq qahr bilan yoritilgan edi.
Maqoladagi keskin, ammo asossiz mulohazalarga biz ham qoʻshilmadik, ayniqsa, Zohir Aʼlam Keldiga qattiq-qattiq gapirdi. Shukur Xolmirzayev bilan men ham jiddiy xulosalarimizni bildirdik va Mirmuhsin akaga bu maqola jurnalning obroʻsini tushiradi deb aytdik.
Domla ertaga maqolani jiddiy muhokama qilamiz deb vaʼda berdi. Yuqorida aytganimizdek, Mirmuhsin aka jurnal obroʻsiga zarracha dogʻ tushirishni xohlamas edi. Xullas, soat oʻn birda boshlanib, tushlikdan keyin ham davom etgan bu majlisda jurnal “ur-ur”chilik ruhida yoziladigan maqolalarga oʻrin bermasligi kerak, degan toʻxtamga keldik. Keyin Keldi publissistika boʻlimiga oʻtkazildi, men tanqid va adabiyotshunoslik boʻlimini boshqaradigan boʻldim. Mirmuhsin aka jurnal xodimlarini juda avaylar, ularga birov xizmat buyursa hatto jahli chiqib ketar edi. “Sovet Oʻzbekistoni” gazetasida birga ishlagan qadrdonlarimdan birining ocherki jurnalda chiqayotgan paytda Mirmuhsin aka meni chaqirib, ocherkni qoʻlimga tutqazdi: “Markazqoʻmga mana shu oʻrtoqqa telefon qiling, kelib oʻqib, qoʻl qoʻyib ketsin”, – dedi.
Markazqoʻmdagi oʻrtogʻimiz bandligini aytib: “Agar malol kelmasa, maqolani olib kelib bersangiz, shu yerda oʻqib berardim”, deb huzuriga chorladi.
Jurnalda Mirmuhsin aka joriy qilgan va hamma amal qiladigan qoidaga koʻra, xodim biron joyga boradigan boʻlsa xodim muharrirga, albatta, aytib ketishi zarur edi. Oldiga kirdim, boʻlgan gapni aytdim. Domlaning peshonasi tirishdi:
– Yoʻq, bunaqasi ketmaydi. Hech qayoqqa bormaysiz. Oʻzi shu yerga kelib oʻqib bersin.
U telefon trubkasini koʻtarib, doʻstimizning raqamini terdi:
– Bizda qoida shunday, hatto Uygʻun aka, Yashin akalar ham kelib asarini shu yerda oʻqib berishadi. Tez yetib keling!
– Bu gaplarim sizga ham saboq boʻlsin. Jurnal xodimi hech kimga yugurdaklik qilmaydi, – dedi.
Boyagi doʻstimiz qattiq xijolat boʻlib, bir muddatdan keyin tahririyatga kirib keldi. Tasodifni qarangki, u kelgan paytda ichkarida Uygʻun aka, Zinnat Fatxullin va Mirmuhsin aka gaplashib oʻtirishar edi.
Domla oʻrni kelganda toʻgʻri soʻzlarni katta majlislarda ham ayta olardi. Uyushmadagi shunday majlislardan birida Mirmuhsin aka raisimiz Komil Yashin haqida ham hech kim ayta olmaydigan mardona gapni aytdi. “Sharq yulduzi” jurnalining xodimlari yopiq partiya majlislaridan boshqa barcha tadbirlarda qatnashar edi. Hech kutilmaganda, Mirmuhsin aka minbarda turib: “Yashin aka katta dramaturg. U ajoyib dramalar yozishi, faol ijod qilishi kerak. Buning oʻrniga nima boʻlyapti? Yashin akaning umri katta majlislarda, xalqaro yigʻinlarda oʻtib ketayapti, xayolni joyiga qoʻyib, xotirjam asar yozishga vaqti yoʻq. Buning ustiga, Yashin aka 80 yoshni qoralab qoʻygan. Keksa odam chamadon koʻtarib, aeroportlarda soatlab sargʻayib oʻtirishga majbur. Bu masalaga odamgarchilik, insoniylik nuqtai nazaridan qarash lozim. Yashin akaga har jihatdan qulay sharoit yaratib beraylik, u kishi oqsoqol, maslahatchi boʻlib qolsin, rahbarlikni yoshroq, sergʻayrat boshqaruv aʼzolaridan biriga beraylik”, degan taklif bildirdi. Zalga sukut choʻkdi. Hech kim Mirmuhsin aka toʻgʻri gapirdi demadi. Faqat tanqidchi Hafiz Abdusamadov: “Men Mirmuhsinning taklifiga qoʻshilmayman. Yashin aka yoshlik shijoati bilan ijod qilayapti. Jamoat ishlarida ham faol. U ayniqsa, Osiyo va Afrika yozuvchilar hamjamiyatining raisi sifatida katta ishlarni bajarmoqda” deya eʼtiroz bildirdi. Biz “Sharq yulduzi”chilar esa rahbarimizning dadilligi, choʻrtkesarligiga qoyil qoldik. Oradan koʻp oʻtmay vaqtning oʻzi hamma narsani joy-joyiga qoʻyib qoʻydi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga taniqli jamoat arbobi, dramaturg, publitsist Sarvar Azimov rais boʻlib keldi. Tahririyatdagilar ahillik bilan oʻz ishlarini davom ettiraverdik. Ammo, hammamiz tez orada jurnalda ham biron oʻzgarish boʻlsa kerak degan xayolda edik, oʻylaganimizdek boʻldi. Uyushma majlisida Mirmuhsin aka Yashin akaga nisbatan aytgan gaplar izsiz ketmadi. Yangi rais ish boshlagandan keyin Mirmuhsin aka “Guliston” jurnaliga bosh muharrirlikka oʻtkazildi. Shunday qaraganda u kishi hech narsa yutqazgani yoʻq. Ammo biz – jurnal jamoasi qattiq xafa boʻldik. Iloj qancha, koʻnish kerak.
Mirmuhsin aka bilan ana shunday mahzun xayrlashganmiz. Oradan bir-ikki kun oʻtgach, jurnalimizga filologiya fanlari doktori, teatr tanqidchisi Hafiz Abdusamadov boshliq boʻlib keldi. Yangi joyda ham Mirmuhsin aka jurnalimiz bilan aloqasini aslo uzgani yoʻq. Meni “Guliston”da ham qatnashing, deb daʼvat qilib, katta-katta maqolalarimni suratim bilan juda koʻrimli qilib chiqardi. Domla vafot etguncha aka-ukaligimiz yoʻqolgani yoʻq. Hozir ham Mirmuhsin akaning qizi, isteʼdodli jurnalist Gulyuz bilan xabarlashib turamiz. Mirmuhsin akaning vafotidan keyin chiqqan “Saylanma”siga soʻzboshi yozib berdim. Domlaning xotirasi qalbimizda uzoq yashaydi.
Hafiz akaning jurnalga kelishidan ochigʻini aytganda, hech kim xursand boʻlgani yoʻq. Ammo buyruq shunday, bajarilishi shart. Hafiz aka bor-yoʻgʻi bir yarim yil ishladi. Biroq shu qisqa muddat ichida u hammaga mehribon, toʻgʻrisoʻz kishi sifatida koʻnglimizda qoldi. Birinchi tanishuv yigʻilishimizdayoq: “Ortiq Abdullayev Ozodning shogirdi sifatida ishga kelgan (u kishi meni Mirmuhsin aka bilan qadrdon ekanligimni tasavvuriga ham keltirmagan boʻlsa kerak). Qani, birga ishlab koʻraylik-chi. Men bu falonchini odami, bu pistonchini shogirdi degan gaplarga eʼtibor bermayman. Kim yaxshi ishlasa, halol boʻlsa, vazifasini vijdonan bajarsa, shunday xodimni hurmat qilaman”, deb ochiq aytdi. Tez orada bu yumshoq, koʻngilchan olim hamma bilan yaxshi el boʻlib ketdi. Ammo, ish bor joyda kamchilik bor, deganlaridek, oʻzim qovun tushirib qoʻydim. Tanqidchi Norboy Xudoyberganov akademik Matyoqub Qoʻshjonovning ikki jildlik “Saylanma”siga taqriz yozib keldi. Oʻylashimcha, bu Norboy akaning eng yaxshi maqolalaridan biri edi. Muharrir oʻrinbosari Haydarali Niyozovga ham maʼqul boʻldi. Soʻnggi tahriri oʻqilayotganda Hafiz aka meni chaqirib, “Ibrohim Rahim tanqid qilingan joylarni olib tashlang” dedi-da, qizil qalamda oʻrab qoʻyilgan oʻrinlarni koʻrsatdi. Bu buyruq menga yoqmadi. Oʻsha soʻzlar olib tashlansa, maqolaning salmogʻi tushib ketardi. Haydarali akaga vaziyatni aytdim. Bir yil oldin Matyoqub Qoʻshjonovning Ibrohim Rahim romaniga yozgan ochiq xati jurnalimizda bosilgan edi. Xullas, bosh muharrirning buyrugʻi muovinga ham yoqmadi. Haydarali aka uni qisqartirsak maqoladan hech narsa qolmaydi-ku, qisqartirmay qoʻya qoling, ketaversin deganidan keyin tanqidiy oʻrinlar ham jurnalda chiqib ketdi. Men, tan olishim kerakki, muharrir buyrugʻini bajarishdan bosh tortdim. Jurnal bosilib tarqalgandan keyin kutilgan mashmasha boshlandi. Muharrir yangi sonni varaqlab koʻrishi bilanoq meni yoʻqladi. U dargʻazab koʻrinsa-da sir boy bermadi:
– Ortiqboy, nega buyruqni bajarmadingiz? – dedi u soxta vazminlik bilan. Men gapni chalgʻitib, qutulmoqchi boʻldim:
– Muovinga koʻrsatdim, u ketaversin, – dedi.
– Haydaralini qoʻying, – muharrir asosiy hujumga oʻtdi. – Topshiriqni men sizga berganman, siz esa uni bajarmagansiz. Yana bahona qilasiz. Bu ahvolda siz bilan ishlolmaymiz. Hali bu masalaga alohida qaytamiz. Mayli, hozir ishingizni qilavering!
Ish vaqtimiz tamom boʻlgan, shoir Tursun Ibrohimov bilan shaxmat oʻynab oʻtirgan edik. U kayfiyatimni koʻrib hayron qoldi. Nima gap oʻtganini aytdim.
– Ie, ishlar pachava-ku! Hoziroq Yashin akaga telefon qiling, boʻlmasa ishdan ketasiz, – dedi u.
Telefon qildim.
– Hafiz aka: “Siz bilan xayrlashishga toʻgʻri keladi”, deyapti dedim.
Oqsoqolning juda kayfiyati yaxshi ekan:
– Hafiz shunday deydimi? Boʻlmasa, shunday qilamiz, maylimi, hozir uyga boring, dam oling, ertalab soat oʻnda Hafiz sizni kabinetingiz eshigida kutib oladi.
Ertasi kuni roppa-rosa soat oʻnda ikkinchi qavatga koʻtarildim. Hafiz aka eshik oldida Yashin aka qanday aytgan boʻlsa, xuddi shunday kulib, qarshilab turibdi-da!.
U kishi: “Qani, yuring-chi”, deb toʻgʻri kabinetiga boshladi, avval meni oʻtqazib, soʻng oʻzi oʻtirdi. “Yaxshi uxlab turdingizmi?” deb soʻradi.
– Kechagi gapdan keyin yaxshi uxlab boʻladimi, domla?
U kishi yana kuldi:
– Siz-ku hali tajribangiz yoʻq. Bu Haydaraliga hayronman. Siz undan maslahat soʻragansiz. U boʻlsa orqa-oldiga qaramasdan ish qilavergan. Mayli, oʻtgan ishga salovat. Hech narsani oʻylamay, xotirjam ishlayvering!
Hafiz akani oʻylasam, mana shu voqea koʻz oldimda jonlanaveradi. Ustoz Yashin akaning bir ogʻiz soʻzini yerda qoldirmagan Hafiz akaning joʻmardligini oʻylab, koʻnglim yorishib ketadi. U kishi madaniyatli, yaxshi odam edi. Hafiz aka bilan mana shunday samimiy kayfiyatda ishladim. Faqat men emas, butun jamoa uni yoqtirib qoldi. Tahririyatda tugʻilgan kunlarni nishonlash anʼanasi bor edi. Navbat menga kelganda Hafiz aka yana bir halol gapni aytdi:
– Men muharrir boʻlib kelayotganimda ayrim doʻstlarimiz: “Ortiqvoydan ehtiyot boʻlasiz, u Ozodning shogirdi, ustozining yoʻlidan yuradi. Boʻshatib yuborsangiz, tinch ishlaysiz”, deb maslahat berishdi. Men shoshilganim yoʻq. Qanday ishlashini koʻrayin dedim. Qarasam, juda yaxshi ishlayapti. Halol, bilimli, ishda tajribasi bor yigit. Bunday xodimni nega boʻshatishim kerak, avval yaxshilab sinab koʻray dedim. Mana sinovdan yaxshi oʻtdi. “Men na deymanu qoʻbizim na deydi?” maqolasi juda yaxshi oʻqildi. Uni bosib chiqarganimiz uchun koʻpchilikdan rahmat eshitdik. Endi, Ortiqvoy shunday dadil maqolalarni yozavering!
Hafiz aka keyingi yillar hikoyachiligi haqida yozilgan “Zamindan uzilib boʻlmaydi” nomli maqolamni ham iliq soʻzlar aytib, chop ettirdi. Jurnalimizning obroʻsi tobora ortib, adadi ham koʻpayib bordi. Hafiz aka biror katta, salmoqli asarni “boʻlmaydi” deb qaytargani yoki jurnalda chiqarishdan choʻchiganini bilmayman. Keyinchalik chor Rossiyasi bosqini manzaralarini koʻrsatgan qissa bosilgach, Hafiz akaga hujum va tazyiqlar kuchayib ketdi. Oxiri, u kishini muharrirlikdan boʻshatishdi. Ochigʻini aytsam, shunda hammamiz xafa boʻldik. Domla “Sharq yulduzi” jurnaliga roppa-rosa bir yarim yil muharrirlik qildi va jamoada yaxshi nom qoldirdi.
Pirmat Shermuhammedov
Pirmat aka “Sharq yulduzi”ga bosh muharrirlikka tayinlanganda, boshqalarni bilmadimu, men xursand boʻlganman. Sergʻayrat, qalami oʻtkir. Rus tilida yaxshi yozadi. Markaziy matbuotda faol qatnashadi. Adabiyotimizni boshqa tillarda targʻib qilishda bosh-qosh boʻla oladi.
Ish boshlashi bilan jurnal muqovasi va ichki bezaklari sifatini yaxshiladi. Yangi asarlar, tarjimalar tanlashda bosh-qosh boʻldi. Eʼlon qilinayotgan asarlar har jihatdan pishiq-puxta, baquvvat boʻlishi uchun jonbozlik koʻrsatdi. Yosh ijodkor xodimlarga katta ishonch bildirib, lavozimlarga qoʻyishga intildi. Jumladan, yosh shoir Shukur Qurbonni sheʼriyat boʻlimi mudirligiga oʻtkazdi. Ayniqsa, turkiy tilda chiqadigan jurnallar bilan ijodiy aloqalar oʻrnatish rejalarini ishlab chiqdi va uni amalga oshirish uchun astoyidil harakat qildi. U yaxshi takliflar, tashabbuslarni ragʻbatlantiradigan, jonkuyar muharrirlardan edi. Men Oybekning uy muzeyida boʻlganimda qozoq yozuvchisi Sobit Muqonov yozgan xatga koʻzim tushgan edi. U eski oʻzbek maktablaridagi oʻqitish tartib-intizomi, oʻqitiladigan fanlar va darsliklar haqida ancha-muncha savollar yozib, shu masalalarda yordam berishni Oybek domladan soʻragan ekan. “Oybek qanday javob yozgan ekan, shu masalada qiziqib koʻrmaymizmi, biron kishi Olmaotaga ijodiy safarga borsa, yaxshi boʻlardi”, deb Pirmat akaga aytdim. “Oʻzingiz borib keling”, dedi u xayrixohlik bilan. Shu bahona 5-6 kun Olmaotada qozoq ijodkorlari bilan uchrashuvlarda boʻldim. Oʻljas Sulaymonovdan Oybek sheʼriyati haqida maqola undirdim, tanqidchi Qulbek Ergubekov Gʻafur Gʻulom va Sobit Muqonov oʻrtasidagi adabiy aloqalar haqida maqola yozib berdi. Taniqli yozuvchi Abdujalil Nurpeisov ham Oybek domla toʻgʻrida yozishga kirishdi.
Xullas, Pirmat aka ishni yaxshi boshladi. Jurnal adadini koʻtarish uchun katta amaliy ishlar qildi, Surxondaryodagi bir ilgʻor jamoa xoʻjaligi bilan otaliq aloqalari oʻrnatdi va eng yaxshi asarlar va maqolalar uchun “Surxon” mukofoti tashkil qilishga erishdi. Jurnalda sifat oʻzgarishlari yaqqol koʻrindi. Ammo, “har toʻkisda bir ayb” deganlaridek, Pirmat akada ham ayrim nuqsonlar yuzaga chiqa boshladi. Uning taklifi bilan bolalar adabiyotiga bagʻishlangan munozara tashkil etildi. Mutaxassislar va bolalar uchun yozadigan ijodkorlarni jalb qilishga kelishdik. Muharrir juda “jonbozlik” qilib, ishtirokchilar sonini koʻpaytirib yubordi va munozarani ikki sonda beramiz, deb taklif qildi. Maqolalar kela boshladi. Kutilmaganda Pirmat aka oʻta saxiylik qilib oʻzining ikki-uchta hali anchagina xom shogirdlari yozgan maqolalarni ham tiqishtirib qoldi. Men: “Bu aspirant bolalar maqola yozishga hali gʻoʻrlik qiladi. Yozganlari jurnal saviyasiga toʻgʻri kelmaydi, hali boʻsh ekan”, deb ochiq aytdim. Pirmat aka esa… Xullas, “oraga ola mushuk tushdi”. Oqibat yaxshi boʻlmadi. U meni jurnaldan ketishimni xohlab qoldi. Men esa hech qanday aybim yoʻqligi uchun boʻshashni istamadim. Xudoga shukr, bir-ikki oshna-ogʻaynilar oraga tushgandan keyin munosabatlarimiz avvalgidek yaxshi yoʻlga tushib ketdi. Keyin: “Jurnalning masʼul kotibligiga oʻting”, – deb qoldi. Men esa oʻrganib qolgan ishim tanqid va adabiyotshunoslik boʻlimidan ketishni xohlamadim. Masʼul kotib lavozimida Abdusaid Koʻchimov ishlar edi. Pirmat aka negadir uni ham yoqtirmay qoldi. Mehnat taʼtili soʻrashi bilanoq rozi boʻldi. Shunda meni yana chaqirib: “Hech boʻlmasa, Abdusaid qaytgunicha uning vazifasini bajarib turing”, deb iltimos qildi. Men bu taklifiga rozi boʻldim. Ammo oradan salgina oʻtib, u kishi hech kutilmaganda ishdan ketadigan boʻlib qoldi. Pirmat aka ham Hafiz akaga oʻxshab jurnalda bir yarim yil ishladi. Yolgʻiz oʻzim kuzatib qoʻydim. Kabinetiga chaqirib seyf va eshik kalitlarini qoʻlimga berdi. “Taʼtilga ketayapman, sizda tursin”, dedi. Pirmat aka oʻz imkoni darajasida jurnal adadini ancha yuqori koʻtarib berdi. Yoshlarga xayrixohlik qildi. Yaxshi tashabbuslarni ragʻbatlantirdi. Shuning oʻzi ham katta xizmat hisoblanadi.
Oʻtkir Hoshimov
Ertasi kuni jurnal jamoasi bir kun muharrirsiz qoldi. Soʻraganlarga “Muharrir mehnat taʼtiliga ketdi, onasi kasal ekan,” deb aytdim. Pirmat aka shunday tayinlagan edi. Koʻpchilik, ayniqsa, Omon Muxtor qattiq xafa boʻldi. “Bir ogʻiz aytsangiz boʻlardi-ku, xayrlashib qolardik, kuzatardik. Shu ham ish boʻldimi?” dedi menga.
Keyingi kuni Oʻtkir Hoshimov jurnalga bosh muharrir boʻlib keldi. Oʻsha paytda markazqoʻmda mafkura boʻlimini boshqarayotgan opa tahririyatimizga Oʻtkir akani boshlab kelib, rasman tanishtirib ketdi. Hammamizning dimogʻimiz chogʻ. Oʻtkir akani suyukli, ardoqli yozuvchi va halol inson sifatida bilar va u haqida yaxshi gaplarni eshitar edik. Bir kunning ichida tahririyatimizga bahor havosi, bahor nafasi kirib keldi. Oʻtkir aka hammamizni tanir, hatto ismi sharifimizgacha bilar ekan, bir zumdayoq el boʻlib qadrdonlashib ketdik, chunki samimiyatda gap koʻp. Oʻtkir aka birinchi navbatda samimiy inson edi. Men tabriklar ekanman, masʼul kotib taʼtilda ekanini, vaqtincha vazifasini bajarib turganimni aytib, kabinet kalitini topshirdim. Oʻtkir aka kalitni olmasdan: “Kimdir bu ishni qilishi kerak, mayli, Abdusaid taʼtildan qaytguncha kotiblik vazifasini oʻzingiz bajarib turing”, dedi.
Xullas, jurnalimiz tahririyatida shu kundan yangi davr boshlandi. Oʻtkir aka ishni boshqa rahbarlarga oʻxshab, kabinetga zeb berish-u, xodimlarni oʻzgartirishdan boshlamadi. U: “Men hech kimni ishdan boʻshatmayman, hammamiz hamjihat boʻlib ishlaymiz. Jurnalning sifatini yanada koʻtarishimiz kerak”, deb ochiq aytdi va shu gapida qatʼiy turdi. 10-15 kundan keyin meni boshlangʻich kasaba uyushmasiga rais qilib sayladi. Ishlamayman, deganimga ham quloq solmadi. “Nimayam ish bor deysiz oʻzi. U-bu gap boʻlsa birga bajaramiz”, deb koʻnmaganimga qoʻymadi. Shayxontohurdagi oziq-ovqat magazini bilan gaplashib, hamma xodimlarga haftada bir marta ikki kilodan goʻsht olib tarqatishni yoʻlga qoʻydik. Jurnalning oltmish yillik toʻyi arafasida sanoat mollari, chinni buyumlar, kvartiralar, yengil mashinalar, unvonlar, faxriy yorliqlar olishga erishdik.
Shu yillarda sobiq shoʻrolar mamlakati boʻylab oshkoralik va qayta qurish avjiga chiqqan davr edi. Bu bizga adabiyot va tariximizdagi yopiq sahifalarni yoritish uchun imkoniyat berdi. Katta ruh va dadillik bilan hammamiz jurnal mazmunini boyitishga kirishdik. Bu gaplarni yozar ekanman, koʻz oʻngimda oʻsha yillardagi jonbozlik bilan ishlagan lahzalarimiz jonlanadi. Jurnal rejalarini tuzar ekanmiz, har bir sonda hech boʻlmaganda biron yangilik boʻlishi uchun harakat qildik.
Hamma boʻlimlar oʻzlarining amaliy takliflarini pishiq-puxta belgilab chiqdi. Tabiiyki, bu ishlarni bajarishda tanqid va adabiyotshunoslik boʻlimi zimmasiga katta masʼuliyat tushar edi.
Hammamiz yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalanib, birinchi navbatda, Choʻlpon va Fitrat singari adiblar ijodini tezroq xalqqa yetkazishni orzu qilar edik. Men OʻzFA til va adabiyot institutidagi yetakchi olim doʻstlarim, hamkasblarimni jalb qildim. Erik Karimov, Sherali Turdiyev, Naim Karimov, Ninel Vladimirova, Baxtiyor Nazarov va boshqa fidoyi olimlar ishimizga katta yordam berishdi. Qisqa muddat ichida Behbudiyning “Padarkush” dramasi, Fitratning “Hind istiqlolchilari”, “Abulfayzxon” dramasi, “Sayyoh hindi” hamda bir turkum sheʼrlari bosilib chiqdi. Tohir Qahhor Herman Vamberining “Turkiston tarixi” hamda Fozilbek Otabekning “Dukchi eshon isyoni” asarlari chop etishga tayyorladi. Adabiy tanqid boʻlim xodimi Asqar Haydarov Alixon Toʻra tarjima qilgan va bir paytlar “Guliston” jurnalida yarmi bosilgan “Temur tuzuklari”ni topib keldi. Tarixchi Mahkam Abduraimovning Amir Temur faoliyati haqidagi “Amir Temur va Toʻxtamish” nomli maqolasini jurnalning ikki sonida eʼlon qildik. Tabiiyki, bu ishlar osonlikcha amalga oshgan emas. “Temur tuzuklari”ga yana koʻz olaytirganlar boʻldi. Choʻlpon sheʼrlarini, “Kecha va kunduz” romanini chiqarish esa nihoyatda qiyin kechdi. Oʻtkir akaning tashabbusiga koʻra mashhur adiblar bilan suhbatlar oʻtkazish, rangli suratlarini eʼlon qilish rejasi tuzildi. Suhbatni Yashin akadan boshlashni lozim topdik. Bu vazifa menga yuklandi. Men esa: uyushma kotibi Erkin Nosirov “Bu ishni bajargani maʼqul, Yashin akani juda yaxshi biladi, men tahririni pishitib beraman”, dedim. 10-15 kun ichida suhbat-maqola tayyor boʻldi, ammo u juda silliq yozilgan, bironta jiddiy fikr aytilmagan edi. Shunda Yashin aka bilan oʻzim bir gaplashib koʻrsam, hozir sharoit oʻzgarganini aytib, zora u kishini Choʻlpon ijodi haqida iliq gaplar aytishga koʻndirsam, degan fikr xayolimdan oʻtdi. Shu kuniyoq Yashin akaning uyiga bordim. Niyatimni tushuntirdim. Rossiyada bir vaqtlar oq gvardiyachi boʻlgan, keyinchalik qizillar otib tashlagan Nikolay Gumilev sheʼrlari bosilganini, Osip Mandelshtam, Marina Svetayevalarning kitoblari chiqqanini aytdim. Yashin aka hamma gaplarimni maʼqullagandek eshitdi. Soʻng suhbat matnini olib, qoʻshib, kengaytirib yozib keling, oʻzim koʻraman. Biz 20-yillarda adabiyotga kirib kelganimizda bir guruh millatchi adiblarga qarshi kurashganmiz. Kim edi u millatchilar? Albatta, Choʻlpon, Fitrat, Elbek, Botu va boshqalar millatchilar safida edi. Ana shular haqida alohida toʻxtaling, dedi. Nazarimda, ish pishgandek, gʻisht silliqqina qolipdan koʻchgandek tuyuldi. Bir-ikki kun ichida Yashin aka aytgan “qoʻshimcha”larni kiritib, olib borib koʻrsatdim. Domla qoʻlimga kattagina papka tutkazdi. “Markazqoʻmda Choʻlpon ijodiga bagʻishlab oʻtkazilgan muhokama stenogrammasi ekan”. Mana shu materiallardan foydalanib, fikrlaringizni yanada pishiting” deb maslahat berdi. Men papkadagi nihoyatda qimmatli maʼlumotlar bilan tanishdim. Ularda Choʻlpon va unga yaqin shoirlar ijodi, asosan, qora boʻyoqlarda edi. Yana 2-3 kun oʻtkazib, domlaning oldiga bordim. Bu gal u kishi “qoʻshimchalar”ni koʻzdan kechirgach, “Mana endi mashinkaga beraversangiz boʻladi”, deb kuldi. Tahririyatga borib, boʻlgan gaplarni Oʻtkir aka bilan Nosir akaga aytib berdim. Yashin aka men bilan xayrlashayotganda: “Korrekturani, albatta, koʻrsatasiz” deb tayinlagan edi. Tayyor boʻlgan kuni yana qariyaga telefon qildimu uyiga bordim. Juda quvonib kutib oldi. “Avval ovqatlanib olaylik, ish qochib ketmaydi”, deb oshxonaga boshladi. “Parhez palov qilgan edik, qoʻrqmay olaverasiz”, deya oshga taklif qildi. Umrimda bunday palov yegan emasman, oshning guruchidan koʻra goʻshti koʻp. Behi solingan va parrak-parrak qazi qoʻshilgan. “Qazi qoʻshilgan boʻlsa, nimasi parhez ekan”, deb oʻylayman ichimda. Lekin juda antiqa ovqat ekan.
Xullas, ovqatdan keyin domla ikkinchi qavatdagi xonasiga boshladi. Javonlar toʻla kitob, stol atrofida oʻtirdik. “Xoʻsh, qani korrekturani beringchi”, dedi va koʻzoynagini taqib, qoʻlini uzatdi. Sahifalarni mamnuniyat bilan koʻzdan kechirib, tez-tez varaqlab chiqdi, qoʻshimcha qoʻshilgan betga kelgach, ruchkani oldiyu: “Ortiqjon, mana shu joygacha olib tashlaymiz”, dedi. Men hangu mang boʻlib tikilib qoldim. U kishi esa hech narsa bilmagandek, xotirjam qiyofada sahifalar ustidan chiziq tortib chiqdi. “Yuqoridagi oʻrtoqlar bilan maslahatlashdim, hali vaqt bor deyishdi”, deb oʻzicha izoh berdi. Sahifalarni qanday qoʻlimga olganim, qanday koʻchaga chiqqanim va tahririyatga qanday yetib kelganimni bilmayman. Yaxshi xabar kutib umidvor boʻlib oʻtirgan doʻstlar oldida mulzam boʻlib gapirganim esimda.
Yashin akadek ulugʻ inson ham Choʻlpon masalasida oʻzini chetga oldi. Suhbat Erkin aka qanday tayyorlagan boʻlsa shunday chiqdi. Hech qanday izohga oʻrin qolmagan edi. Choʻlpon ijodini xalqqa yetkazish yoʻlidagi birinchi urinishimiz ana shunday muvaffaqiyatsiz tamom boʻldi. Ikkinchi urinishimiz ham qattiq qarshilikka uchradi. Oradan bir-ikki yil oʻtdi, jurnalning adadi koʻpayib, obroʻsi yanada oshib ketdi. Adabiyotshunos Naim Karimov va Sherali Turdiyevlar “Kecha va kunduz” romani matnini jurnalga olib kelishdi. Bu gal ish pishiq boʻlsin, boʻlajak hujumlarga oʻrin qolmasin degan niyatda ustozim Ozod Sharafiddinovga soʻzboshi yozdirdim. Asar bosmaga topshirildi, lekin… Aniq esimda, yangi yil arafasi edi. Oʻtkir aka tahririyat xodimlarini yigʻib, kelayotgan yangi yil bilan tabrikladi, lekin u nimagadir xomush edi.
– Bayramni yaxshi oʻtkazib, 2 yanvar kuni ishga kechikmasdan kelinglar. Muhim gap bor, – deb tayinladi…
Xullas, hamma yigʻilgach, muharrir odatdagidek hol-ahvolimiz, yangi yilni qanday kutib olganimizni soʻradi-da, maqsadga koʻchdi:
– 30 dekabr kuni Markazkoʻmga chaqirishdi. “Kecha va kunduz”ni chiqarish mumkin emas emish. Bayram kunlari kayfiyatingiz buzilmasin deb aytishni xohlamagandim. Menga ochiqdan-ochiq aytishdi. Romanni bosmaxonadan kaytarib oling, deyishdi. Asarni chiqarmaysiz. Shu bilan masala tamom, bu haqda boshqa gap boʻlmaydi, tahririyat hech qanday jarima toʻlamaydi, yopigʻliq qozon yopigʻligicha qoladi, deyishdi. Xoʻsh, nima qilamiz endi? Asarni qaytarib olamizmi?
Hammamiz bir ogʻizdan:
– Yoʻq, kaytarib olmaymiz, – dedik.
– Unda nima qilamiz? – jiddiy soʻradi Oʻtkir aka.
Xullas, hammaning dami ichga tushib ketdi. Norozilik bildiramiz, asar bosilmasa, hammamiz ishdan ketamiz, degan takliflar ham boʻldi. Majlisda men ham oʻz fikrimni bildirib: “Markazqoʻmdagilar hech qanday chora koʻrmaymiz”, deb vaʼdani quyuq qilaveradi. Hafiz Abdusamadovga ham shunday deyishgan edi. Ammo sal vaqtdan keyin uni muharrirlikdan olib tashlashdi. Sizga ham maʼlum vaqtdan keyin “siyosiy hushyor emas” deb ayb qoʻyishmasligiga kafolat yoʻq. Endi orqaga chekinib boʻlmaydi, hammamiz qattiq turaylik”, dedim. Oʻtkir aka uzoq oʻylanib qoldi. Xullas, bundan hech qanday foyda chiqmaydi, degan fikrlar ham aytildi. Oʻtkir akani “Markazqoʻmga jamoadagi norozilikni yetkazing” deb koʻndirdik. Koʻp ikkilanishlardan keyin rozi boʻldi.
“Temirni qizigʻida bos” deganlaridek, Oʻtkir aka yana Markazqoʻmdagi oʻrtoqlarga uchrashib, jamoadagi vaziyatni, norozilikni oqizmay-tomizmay aytdi. Bu gal rahbariyatdagi oqil kishilar aralashib, Choʻlponning hayoti va ijodida xatolar, millatchilik koʻrinishlari ham boʻlgani haqida soʻzboshida kengroq toʻxtalinglar. Shu yoʻl bilan romanni eʼlon qilish mumkin, deb maslahat berishdi. Faqat Ozod aka Choʻlponni tanqid qilishga koʻnarmikin? Shu masalada muharrir men bilan maslahatlashdi. Domlani koʻndirishni zimmamga oldim. U kishi ogʻir kasal boʻlib yotgan edi. Ozod aka maqolani qayta ishlab berdi. Yuqoridagilar koʻrib tanqidiy fikrlarni kuchaytirish kerak, deb talab qilishdi. Ozod aka qiynalib boʻlsa-da, yana maqolani qayta ishlab berdi. Choʻlponing sheʼrlariga kelganda, “Sutdan ogʻzi kuygan qatiqni ham puflab ichadi” qabilida ish tutdik, tabiiyki, ayrim oʻquvchilardan taʼnalar eshitdik. Boshqa taniqli adiblar bilan suhbatlar ancha silliqina oʻtdi. Men Mirmuhsin aka, Ozod aka bilan suhbatlar oʻtkazdim. Mirmuhsin aka bilan suhbatimiz yaxshi baholandi. Tesha tegmagan savollar tuzib, domlani “qitiqlagan”, dadil gaplarni aytib, dilimizda tugun boʻlib yotganlarni yoritishga intildik. Mirmuhsin aka ham koʻngil dardlarini aytib, xumordan chiqdi.
Yozuvchi Saʼdulla Siyoev bilan Namanganga borganimizda taniqli shoir, qatagʻon qurboni Soʻfizoda uyining ahvoli bilan qiziqqan edik. Uy ancha xarobaga aylangan, shoir hayotligida foydalangan buyumlar deyarli yoʻqolgan edi. Bu holni Mirmuhsin akaga aytdim. Qattiq taʼsirlandi. “Marhum ijodkorlar, ayniqsa, qatagʻon qurbonlari koʻlyozmalari, kitoblari, shaxsiy buyumlarini avlodlar uchun avaylab asrash kerak”, dedi. Suhbat jurnalda bosilib chiqqandan keyin Namangandan bu masalaga katta eʼtibor berilgani, shoir xonadoni qayta taʼmirlanib, muzey holiga keltirilgani haqida doʻstlarimiz xabar berib, jurnal tahririyatiga minnatdorlik bildirishdi.
Hammaga maʼlumki, avvallari jurnalimizda diniy mavzudagi asarlar eʼlon qilinmasdi. Bu kemtiklikni tuzatish lozim edi. Koʻpchilik oʻquvchilar Qurʼoni Karimning oʻzbekcha maʼno tarjimasini chiqarishni taklif qilishmoqda edi.
“Kasal tuzaladigan boʻlsa, tabib oʻz oyogʻi bilan keladi” degan gap bor. Bu masalada ham aynan shunday boʻldi. Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi Oʻtkir akaga Qurʼoni Karimni oʻzbek tiliga Alouddin Mansur tarjima qilayotganini maʼlum qildi. Oʻtkir aka boshchiligida ishchi guruhi tuzildi. Unga ustoz Abdulhakim qori, mufti Muhammadcodiq Muhammadyusuf, Oʻtkir Hoshimov, Nurali Qobul, Alibek Rustamov, Erkin Vohidov, Zohidjon Qodir, Abdulaziz Mansur, Ozod Sharafiddinov, Boboxon Sharipov, Islom Shogʻulomov, Neʼmatilla Ibrohimov, Umarali Normatov, Muhammad Ali, Nosir Fozilov, Ortiqboy Abdullayevlar kiritildi. Bu ulkan qomusiy hujjatni qayta-qayta nazardan oʻtkazish, munosib izohlar, sharhlar tuzish lozim edi. Akademik Alibek Rustamov bilan Anvar Tursun asosiy maslahatchi qilib tayinlandi. Omon Muxtor tayyor boʻlgan tarjima matnini yana bir karra tahrir qilar, keyingi ishlar uchun adabiy tanqid boʻlimi masʼul edi.
Dastlabki tarjima matni (15-20 bet atrofida) tayyor boʻlgach, Qurʼoni Karimni ommaviy tarzda nashr etish kimlargadir yoqmay qolib, yana bosh muharrirni Markazqoʻmga chaqirishdi. Oʻtkir aka ham ancha pishib qolgani uchun masʼul kotibimiz Nosir Fozilov bilan Alibek Rustamovni topib, bir bosma taboq matnni olib bordi. U yerda mafkura kotibi – biolog-akademik va yana bir necha kazo-kazolar kutib oʻtirishgan ekan. Ularning hammasi Qurʼoni Karim tarjimasini chiqarib boʻlmaydi, tezroq bosmaxonaga buyruq berib nashrni toʻxtatish kerak deb zugʻum qiladi. Jurnal vakillari ham boʻsh kelmaydi. Ayniqsa Alibek Rustamov oʻrinli dalillar keltirib, kazo-kazolarning popugini pasaytirib qoʻyadi. Oʻtkir aka ham bir qadam orqaga chekinmaydi. Har ikki tomon murosaga kelmagandan keyin “Masalani Islom Karimov eʼtiboriga havola qilish lozim” degan xulosaga kelishadi. Olijanob bu inson barcha fikr-mulohazalarni tinglagach, bosh muharrirga soʻz beradi. Oʻtkir aka “Qurʼoni Karim” “Sharq Yulduzi” jurnalida bosmaga tayyorlanayotganidan keng oʻquvchilar ommasi xabardor ekanini, shu ahvolda nashr toʻxtatib qoʻyilsa, turli noroziliklar yuzaga kelishi mumkinligini aytadi va Qurʼon tarjimasining bir bosma tabogʻi bosmadan chiqqanligini maʼlum qilib, uni Islom Karimovga taqdim etadi. U kishi jurnal sahifalarini qoʻliga olib, bu ishdan mamnunligini yashirmasdan: “Jurnalda bosilayotgan ekan, masala hal boʻlibdi-ku, yana qanday muammo boʻlishi mumkin. Faqat jurnal jamoasini tabriklash kerak”, deb masalaga nuqta qoʻyadi. Ollohga shukrlar boʻlsinki, ikki yil ichida Qurʼoni Karimning oʻzbekcha nashri toʻla bosildi. Keyinchalik Choʻlpon nashriyotida ham alohida kitob holida eʼlon qilindi.
Xalqimiz tarixidagi yana bir muammo Turkistoning Rossiya qoʻshinlari tomonidan bosib olinishiga bogʻliq edi. “Sharq yulduzi” jurnali bu borada ham yetarli darajada katta savobli ishlarni amalga oshirdi. Men bu muammo haqida “Achchiq mevalar”, “Turkistoning qora kunlari” nomli badialar yozdim hamda rus rassomi Vereshchaginning “1868 yilda Samarqand” nomli xotirasini tarjima qilib, bu savobli ishga hissa qoʻshdim.
Oʻtkir aka “Sharq yulduzi” jurnalida shakllangan eng yaxshi anʼanalarni munosib davom ettirdi, uni xalq sevib, qoʻlma-qoʻl qilib oʻqiydigan suyukli nashrga aylantirdi. Men, shaxsan oʻzim Mirmuhsin akadan keyin Oʻtkir aka bilan birga ishlagan kezlarimni “Sharq yulduzi”dagi eng yulduzli, baxtli onlarim deb hisoblayman.
Ikrom Otamurod
Bu qotma, novchagina yigitni tahririyatda hamma yaxshi koʻrardi. Otasi yoshligida olamdan oʻtgan, onasi bilan opasi ancha qiyinchiliklar tortib ulgʻaytirgan. U koʻz oʻngimizda izlanuvchan, erkin fikrlaydigan shoir boʻlib yetishdi. Yetti yil bir boʻlimda yaxshi aka-uka boʻlib ishladik. U koʻp kitob oʻqir, markaziy gazeta-jurnallarini tinimsiz kuzatib borar edi. Zamonaviy jahon sheʼriyatidagi ilgʻor yoʻnalishlarni erinmay oʻrganar, oʻziga xos sheʼriy obrazlar yaratishga intilar, sabr va qunt bilan izlanar edi.
Esimda, bir gal tahririyat xodimlari bilan Xumsonga chiqib qaytgan edik. Shunda Ikrom kitoblarim bilan qiziqdi, ichki xonaga olib kirdim. Javonlar eshiklarini ochib: “Mana, Ikrom, mening boyliklarim, mana shu”, deb koʻrsatdim. Sheʼriy kitoblar alohida edi. Ikrom, asosan, ana shu kitoblar bilan tanishdi. Bir mahal kichkina kitobchani qoʻlida ushlab, oldimga keldi. “Ortiqboy aka, – dedi alohida salmoqlab, – mana shu kitobni menga berasiz, koʻpdan beri izlab topa olmay kelardim. Nihoyat, koʻlimga tushdi”. Qarasam, Litva shoiri Eduardas Mejelaytisning Temur Fattoh tarjima qilgan sheʼrlari. “Oling, bu kitob sizniki boʻlsin, faqat yaxshi sheʼrlar yozasiz” , – deb shart qoʻydim. Shundan keyin Ikrom ijodi bir daraja koʻtarildi desam, yanglishmagan boʻlaman.
Ikrom bir kuni: “Oʻzim uchun yana bir shoirni kashf qildim. Konstantin Balmont. Soʻzni rosa ohangini topib yozar ekan”, – deb oʻziga xos hayajon bilan taʼriflab ketdi. Men shunday zavqi baland, butun vujudi bilan shoir ukam borligidan boshim osmonga yetdi. Ikrom chiqargan kitoblar koʻp emas, nari borsa besh yoki oltita, ammo ularning salmogʻi baland. Qashqadaryoga xos choʻl tabiati, kenglik, toza havo, iliq shabadalar epkini bor bu sheʼrlarda. Ikromning dostonlari ham bir olam, oʻziga xos dunyo. “Yarador umid otlari”, “Yobondagi yolgʻiz daraxt”, “Tagʻazzul”, “Ichkari… Tashqari”, “Aning umidi”, “Uzoqlashayotgan ogʻriq”, “Sopol siniqlari”, “Iztiror”, “Xaritaga tushmagan joy” nomli dostonlarida qalb iztiroblarini koʻrasiz.
Xullas, koʻz oʻngimizda Ikrom soʻz qadrini bilib, eʼzozlab, suyub ishlatadigan noziktaʼb shoir boʻlib yetishdi. U koʻhna lugʻatlarni, buyuk bobolarimiz yozib qoldirgan purmaʼno soʻzlarni oʻrganib oʻziga xos uslubda ishlatishni, “soʻz terishni” yaxshi koʻradi. Qadimiy soʻzlar uning talqinida yangi qirralarini ochib bera boshlaydi. Bu oʻziga xos noyob hodisa. Aytaylik, u hazrat Navoiy asarlarini oʻqir ekan, hayratga solgan soʻzni topib olsa, sevinchini yaqinlariga yetkazmaguncha tinchimaydi; shu soʻz bir sheʼr bagʻriga singib ketguncha izlanishdan tolmaydi. Shoirdagi bu fazilat aslida “Sharq yulduzi” jurnalining sheʼriyat boʻlimida koʻp yillardan beri ishlab, soʻz zahmatini tortgani, uni qadriga yetishni oʻrganganiga bevosita bogʻlanadi. Ikromni toʻgʻrisoʻz, mard yigit sifatida qadrlashadi. 1991 yil “Sharq yulduzi” jurnali tashkil etilganligiga 60 yil toʻldi. Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov bu sana munosib nishonlanishiga katta eʼtibor berdi. Jurnal xodimlari uchun unvonlar, uy-joylar, avtoulovlar ajratildi. Unvonga tavsiya qilinganlar orasida Ikrom Otamurod ham bor edi. Ammo u ochiqchasiga: “Menga kvartira bersanglar bas, unvon ham, mashina ham kerak emas”, deb turib oldi. Men: “Kvartirani, albatta, olasiz. Unvonga ham rozi boʻlavering”, deb koʻp marta taklif qildim. Uni koʻndirib boʻlmadi. Shunda rahbariyat ham tantilik qilib, Ikrom Otamurodga kvartira bilan birga faxriy yorliq ham berdi.
Mana, oʻtgan yillar mobaynida, u “Sharq yulduzi”da musahhihlikdan boshlab, bosh muharrir oʻrinbosarligigacha boʻlgan lavozimlarni bajarib keldi. Bu yillar ichida “Sharq yulduzi” jamoasi bir necha marta yangilandi. Faqat birgina Ikrom jurnalga sadoqatini oʻzgartirmadi. Yaxshi kunlar qaytishiga umidvor boʻlib, qiyinchiliklarni orqaga tashlab, arzi dod, shikoyat qilib oʻtirmasdan ishlayverdi. Jurnal yopilish darajasiga yaqinlashganda ham tashlab ketmadi. 1946 yildan beri nashr etilgan barcha sonlarini koʻz qorachigʻidek avaylab, saqlab qoldi. Tahririyat bir necha marta joydan-joyga koʻchsa-da, bitta soni ham yoʻqolmadi. Bu fidoyilik Ikromning katta fazilatidir. Bunday sadoqat hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Ana shu ogʻir kunlarda tahririyatda maosh uchun pul qolmagan paytlar ham boʻldi. Faqat Ikromgina bu qiyinchilikka chidadi.
Xudoga shukr, hozir jurnal qaddini rostlay boshladi. Asil holiga qaytdi, adadi ham bir qadar koʻpaydi. Ikrom Otamurodning qilgan mehnati va sadoqati mevalarini koʻrib, hammamiz sevingandan-sevinib yuribmiz.
Tohir Qahhor
Bu oʻrta boʻyli, toʻladan kelgan, har doim bejirim kiyinib yuradigan yigit bilan kursdosh doʻstim Zohir Aʼlam tanishtirgan edi. Shu kezlarda u Oʻzbekiston radiosining adabiyot boʻlimida ishlar, yaxshigina sheʼrlar ham yozar ekan.
“Sharq yulduzi” jurnali barcha yozuvchilar, yosh ijodkorlar uchun qutlugʻ maskan boʻlib kelgani maʼlum. Biz – yosh xodimlar, ishdan keyin tahririyat qarshisidagi “Oʻzbekiston” restorani yonboshidagi favvora atrofida suhbatlashib oʻtirishni yaxshi koʻrar edik. Ayniqsa, sevimli yozuvchimiz Shukur Xolmirzayev jurnalga ishga kelganidan keyin, boyagi “goʻzal majlis”lar doimiy tus oldi. Shu kezlarda isteʼdodli yoshlar Shukur akani tez-tez yoʻqlab turishardi. Tohir Qahhor ham ana shu yoshlar bilan birga oʻziga xos adabiy bahslarimizga kelar, suhbatga aralashavermas, tinglab oʻtirishni yaxshi koʻrardi.
Zohir uni menga tanishtirar ekan: “Tohir faqat yaxshi shoirgina emas, yaxshi bokschi ham”, – deb taʼriflagan edi. Bu taʼrif hazil emas, asil haqiqat boʻlib chiqdi. Tohir Qahhor ham tengqur doʻstlari kabi adabiyotga katta ixlos qoʻydi. Izlandi, azoblandi, mustabid tuzum yillarida bagʻri kabob boʻlib, dil armonlarini ramzlar, imo-ishoralar ichiga yashirib yashashga majbur boʻldi.
Tohir Qahhor ham Ikrom Otamurod singari koʻz oʻngimizda lirik shoir boʻlib yetishdi.
Mazkur xotiralarni yozar ekanman, qaysidir ijodkorning asarini tahlil etish emas, balki maʼlum yillarda “Sharq yulduzi” tahririyatida ishlagan ustozlar, tengdoshlar, shogirdlarning qanday odamlar boʻlganlari, qanday ishlaganlari, qanday xislatlar bilan hurmat qozonishganini hayotiy misollar bilan aytishdan iborat. Albatta, shu asnoda jurnal bajargan ulugʻvor ishlar sarhisob qilinishi tabiiy. Tohir Qahhorning izlanuvchan shoirligini koʻrsatish uchun, bir sonetini keltirish bilan cheklanaman:
Tungi sukunatni titratib oʻtar,
Beparvo bogʻni zor qaqshatar shamol,
Beqaror daraxtlar bagʻrin dol etar,
Xor etar bu bogʻni shovqin va malol.
Bu holat ruhimda ogʻriq uygʻotar,
Ammo bundan qochmoq emas muddao,
Yolgʻiz tik turibman. Bogʻning benavo
Nolasi pichoqdek koʻksimga botar!
Yuraklarni yutib, guvullab hamon,
Daraxtlarni bukib esmoqda shamol,
Samo ham egilib bormoqda holsiz.
Qay inson chidagay bunday ahvolga?
Hayqirib yuborar qalbim shamolga:
“Mana, men egilmay turibman yolgʻiz!”
U shoir sifatida har doim mana shunday soddalikka, sheʼriy obrazlarni yorqin suratlantirishga intildi. Tahririyatga kelganda hali kitobi chiqmagan edi. Maʼlum muddat keksa masʼul kotibimiz Nosir Fozilovga yordamchilik qildi. Shu davrda bironta boʻsh, yaxshi tahrir qilinmagan qoʻlyozma jurnalda bosilganini eslay olmayman. Keyinroq Tohirning tashabbusi bilan jurnalda kichik nasr boʻlimi tashkil qilindi. Keng oʻquvchilar eʼtiborini tortgan “Dukchi Eshon voqeasi”, hungar olimi Herman Vamberining “Movarounnahr tarixi” asarlari Tohir Qahhor tufayli jurnalda bosildi. Oʻzim ham Tohir Qahhor daʼvatiga koʻra qirim tatar yozuvchisi Ayder Osmanning “Bir dunyoda yashaymiz” qissasini tarjima qilganman.
Men “Sharq yulduzi” jurnalida yigirma yil ishladim. “Er yigit el ichida yetilar” deganlaridek, jurnalda tajribali akalardan va ukalarimizdan odamiylik ilmini, tahrir madaniyatini va sirlarini oʻrgandim. Ijod zahmati qanday ogʻirligini, uning quvonchli kunlardagi zavqi va sururini oʻz boshimdan oʻtkazdim. Ogʻirliklarga chidadim, baxtiyor damlarda, ayrim maqolalarim, badialarim, ming bir istihola bilan qilgan tarjimalarim tilga tushganda hovliqib ketmadim, izlanishdan, oʻrganishdan erinmadim. Ollohga ming qatla shukrlar boʻlsinki, “Sharq yulduzi” jurnalida umrimning eng baxtli onlarini oʻtkazishga muyassar boʻldim. Bu maqaddas dargohda qayta-qayta tilga olganim Mirmuhsin aka, Hafiz aka, Pirmat aka, Oʻtkir akalar qatorida koʻp bagʻrikeng akalar va isteʼdodli ukalarimiz bilan hamkorlik qildim. Shu oʻrinda, “Sharq yulduzi”dek muqaddas dargohda birga ishlagan insonlar nomlarini sanab oʻtsam: Haydarali Niyozov – bosh muharrir oʻrinbosari, Oqiljon Husanov – masʼul kotib, Nosir Fozilov – masʼul kotib, Tohir Malik – masʼul kotib, Omon Muxtor – bosh muharrir oʻrinbosari, Neʼmat Aminov – bosh muharrir oʻrinbosari, Sunnatilla Anorboyev – nasr boʻlimi mudiri, Shukur Xolmirzayev – nasr boʻlimi mudiri, Husniddin Sharipov, Oydin Hojiyeva – sheʼriyat boʻlimi mudiri, Yusuf Shomansur – sheʼriyat va tanqid boʻlimi mudiri, Zohir Aʼlam, Mashrab Boboyev, Maʼruf Jalil, Shukur Qurbon, Keldi Qodirov – adabiy tanqid va publitsistika boʻlimi mudiri, Amirqul Poʻlkanov, Tursun Ibrohimov – nasr boʻlimi xodimi, Asad Asilov – nasr boʻlimi xodimi, Yamin Qurbon – sheʼriyat boʻlimi xodimi, Nortoʻxta Qilichov – nasr boʻlimi xodimi, Murod Xidirov, Alinazar Egamnazarov, – publitsistika boʻlimi mudiri. Tahririyatda uncha koʻp ishlamagan bir qator aka-ukalarimizni ham tilga olib oʻtish burchimiz. Bular: Xudoyberdi Toʻxtaboyev – bosh muharrir oʻrinbosari, Asqar Haydarov, Abusaid Koʻchimov – masʼul kotib, Mansur Tenglashov – tanqid boʻlimi xodimi, Murod Muhammad Doʻst – bosh muharrir oʻrinbosari, Murodjon Mansurov – nasr boʻlimi mudiri, Muzaffar Ahmedov – sheʼriyat boʻlimi xodimi, Yusuf Abdullayev – adabiy xodim, Bahodir Murodali – tanqid boʻlimi xodimi, Abduvosid Qambarov – masʼul kotib, Tursunoy, Farida, Manzura, Muhayyo – matn koʻchiruvchi qizlarimiz.
Men yigirma yil davomida mana shu aziz insonlar bilan birga ishladim, mana shu azizlar bilan yaxshi va ogʻir kunlarni birga baham koʻrdim. Biriga uka, biriga doʻst, biriga aka boʻlib, bir burda nonni boʻlashib yedik. “Sharq yulduzi” jurnali haqida gap ketganda ularning samimiy, insoniy fazilatlarini eslamay oʻtish mumkin emas. “Sharq yuluzi”da ishlagan baxtiyor kunlarimni mana shu aziz insonlarsiz tasavvur qila olmayman. Mazkur xotiralarga nuqta qoʻyar ekanman, yuqoridagi moʻtabar, zahmatkash insonlarning ezgu ishlarini munosib davom ettirayotgan bugungi yosh, navqiron ijodiy jamoaga yuksak muvoffaqiyatlar, ijodiy omad va mustahkam sogʻlik tilayman!
“Sharq yuluzi” musaffo osmonimizda hamisha yuksak yulduz boʻlib, porlab tursin! Ezgu, qutlugʻ ishlarimizga Olloh hamisha madadkor boʻlsin!
Ortiqboy ABDULLAYEV
“Sharq yulduzi” jurnali, 2017–2
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/sharq-yulduzi-da-kechgan-kunlarim/