“Debocha”dagi kitobat sirlari

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning boy merosida tasviriy sanʼat, xususan, kitobatga oid fikr-mulohazalarni oʻrganish shoirning oʻz davri tasviriy sanʼati, kitobat fani taraqqiyotida tutgan oʻrnini aniqlashga yordam beradi.

Alisher Navoiy tasviriy sanʼat, kitobatga oid maxsus risola yozmagan boʻlsa-da, sheʼriy devonlari, dostonlari va boshqa asarlarida bu sohaga oid qimmatli fikrlarini uchratishimiz mumkin. “Badoyiʼ ul-bidoya” devoni “Debocha”sida kitobat fani va bu sanʼatga oid soʻz, atama, ibora, fikr-mulohazalarni alohida oʻrganish lozim. Chunki unda eng yirik ijodkor, badiiy ijod namunalari nomlari, badiiy ijod xususiyatlari toʻgʻrisida qimmatli fikrlar bayon etilgan.

Shoir oʻzi tuzgan “Badoyiʼ ul-bidoya” devoni “Debocha”sida muallifning ijodiy taomili bayon etilgan boʻlib, u oʻz devonini meʼmoriy oliy binoga qiyos etadi: “Va maqsad ul debochadinkim, bu raʼno ruxsorigʻa bitildi, ul erdikim, chun salotin qay birikim binoye qoʻyubdururlar maʼniʼ va ayvone chekibtururlar rafiʼ, ul bino ravoqida va ul ayvon toqida oʻz ismlarini tahrir va oʻz alqoblarin tanqir qilibdururlarkim, to ul ayvon toqi boʻlgʻay, ul ism ando boqiy boʻlgʻay:

 

Kim qilsa imorateki, maqdur oʻlgʻay,

Chun ismi kitobasida mastur oʻlgʻay.

Ne choqqacha ul bino maʼmur oʻlgʻay,

Ul ism ulus tiligʻa mazkur oʻlgʻay.

 

Chun bu qubbayi sipehrtimsol qasredurur muallo, ul hazratning (Sulton Husayn Boyqaro – A.M.) tabʼi latifining meʼmori bino qilgʻon va bu ravzayi firdavs misol bogʻedurur jahonoro, ul janobning xayoli sharifining bogʻboni tarh solgʻon va bu qasr (devon – A.M.) asosining toqida ul roʻzafzun janob yozilsa, ne gʻarib va bu bogʻ kiryosining ravoqida ul humoyun alqob bitilsa, ne ajab:

 

Gʻaraz ul erdikim, bu qasri oliy,

Ki hargiz boʻlmagʻay, yo rab, zavoli.

Binoyedurki, shah bunyod qilmish,

Zamona qasridek obod qilmish”[1].

 

Bu joyda shoir oʻz devonini oliy qasrga qiyoslab, uni yaratilishidagi Xuroson podshohi Sulton Husayn Boyqaroning (hukmronligi 1469-1506 yy.) xizmatini alohida koʻrsatib oʻtmoqda.

Ushbu devon va uning noyob qoʻlyozmasini tavsifga olgan yirik ingliz manbashunosi Charlz Riyo, debochadagi shahzoda Sulton Muhammadga oid ijobiy fikr­larga asoslanib, kitob unga bagʻishlangan boʻlsa kerak degan taxminni olgʻa surgan edi. Lekin debochada devon tartibi tashabbuskori Sulton Husayn Boyqaro ekanini aniq koʻrsatmoqda.

Yana ikkita sheʼriyat muxlisi shahzoda Sulton Muhammad va Sulton Husayn Boyqaro nomlari ham eslatilgan.

Alisher Navoiy, devon tuzuvchisi, muallifi oʻzini quyidagicha ataydi: “Bu parishon ajzoning varaqnigori va bu oshufta avroqning qissaguzori, mehnat paymonasining jurʼakashi va malomat xumxonasining sabukashi, shaydoliq mahallasining rasvosi va rasvoliq koʻchasining shaydosi, vafo boʻstonining dostonsaroyi, malomat bulbuli”[2]. Yaʼni, bir maʼnoni bildirish uchun sakkizta sinonim soʻzlarni ishlatadi. Bu soʻzlar baʼzisi biri biriga qarama-qarshi maʼnoda, lekin hammasi yigʻilib, muallifning oʻzi toʻgʻrisidagi tasavvurini, oʻsha zamon anʼanasiga binoan, oʻta kamtarlik bilan ifodalaydi.

Xuddi shuningdek, oddiy kitobat atama va tushunchalarini ham, fasohatli soʻzlar yordamida ifodalanganini koʻramiz.

Quyida debochada ishlatilgan bir qator soʻz va iboralarni namuna sifatida keltiramiz: 1. Fasohat – soʻzning ochiq, ravshan, ravon, yoqimli, qoidaga muvofiq, chiroyli uslubda boʻlishi. 2. Devon – sheʼriy toʻplam. 3. Devon yasamoq – devon tuzmoq. 4. Gʻazalsaroylar – gʻazal aytuvchi, soʻzlovchi. 5. Tabʼ mahzani – tabʼ xazinasi, koʻngil. 6. Otashin laʼl – koʻchma maʼnoda kuchli sheʼriy soʻz. 7. Nazm – tuzum, tartib; terish, tizish; Vazn va qofiyaga solingan soʻz, tizma sheʼr. 8. Nazm silki – sheʼriy tizim, qator. 9. Soʻz debochasi – Soʻzboshi. Umuman, ushbu debochada Alisher Navoiy uch yuzdan ortiq kitobatga oid soʻz, atama, ibora va oʻxshatishlardan foydalangan. Bu esa, bir tomondan shoirning soʻz boyligi behad ekanligini koʻrsatsa, ikkinchi tomondan uning yuksak badiiy mahorat egasi ekanligiga dalil boʻla oladi. Birgina ushbu debocha emas, “Xamsa” dostonlari, “Xazoyin ul-maoniy”dagi har bir alifbo harfiga chiroyli nom qoʻyilishini ham eslatish mumkin.

Xulosa shuki, Alisher Navoiy kitobat ahli bilan juda yaqin munosabatda boʻlgan, keyinchalik shaxsiy kutubxonasida zamonaning eng mashhur naqqosh-rassom ustod Kamoliddin Behzod va shogirdlari, Qiblat ul-kuttob Sulton Ali Mashhadiy va uning izdoshlari ijod qilgan boʻlib, buyuk shoirdan bizga bitta “Zanjirband sher” rasmi yetib kelgan. Afsuski, uning koʻplab dastxatlari topilmagan yoki hali aniqlanmagan. Uni oʻz davri kitobati homiysi boʻlishidan tashqari, bu soha bilimdoni deb baholash ham mumkin. Ijodkorning asarlaridagi kitobat va sanʼatga oid maʼlumotlarni jiddiy tadqiq qilish olimlarimiz oldidagi muhim vazifalardan biridir.

 

KITOBATGA OID SOʻZ VA ATAMALAR:

 

  1. Hamd – Ollohning madhi, anʼanaga koʻra asar boshida keladi.
  2. Murassaʼ qilmoq – qimmatli toshlar bilan bezamoq, bezatmoq, koʻchma maʼnoda asarni ziynatli soʻzlar bilan bezash.
  3. Gavhari bayon lutfi – yaxshi maʼnolarni bayon etuvchi muloyimlik.
  4. Ziynat bermoq – bezamoq.
  5. Kalom fihresti – soʻz roʻyxati, mundarijasi.
  6. Sanoyi mastur – yashiringan sanʼatlar.
  7. Naʼt – Paygʻambarni madh etish, maqtash.
  8. Manshur – yoyilgan, yorliq.
  9. Parishon ajzo – parokanda juzvlar, varaqlar.
  10. Varaqnigor – varaqni bezovchi.
  11. Oshufta avroq – tarqoq varaqlar.
  12. Yangi alif – yangi alif harfi, koʻchma maʼnoda yangi chizilgan.
  13. Xat-xat qon – chiziq boʻlib oqqan qonlar.
  14. Koʻngul surati holi – koʻngul surati ahvoli.
  15. Mastur – berkitilgan, yozilgan.
  16. Ratbul-lisoniy – til darajalari.
  17. Matlaʼ – gʻazalning boshlangʻich bayti.
  18. Xomam tili – qalam tili, uchi.
  19. Mushkbor qalam – xushboʻy qalam, avvallari siyohga xushboʻyliklar qoʻshilar edi.
  20. Kofurkirdor sahifa – oppoq sahifa.
  21. Raqam qilmoq – yozmoq.
  22. Mutaaddid savod – koʻp qoralash, koʻchirish.
  23. Parishon abyotni jamʼ qilmoq – tarqalib ketgan baytlarni yigʻmoq.
  24. Parokanda ashʼorga tartib bermak – parchalanib ketgan sheʼrlarni tartibga solish.
  25. Bu ish irtikobi – devon tuzishga kirishish.
  26. Tadvin – toʻplash, jamlash, devon tuzish.
  27. Devon yasamoq – devon tuzmoq.
  28. Ashʼor tadvin qilgʻonlar – sheʼrlarni toʻplaganlar, devon tuzganlar.
  29. Turk alfozi – turkiy soʻzlar.
  30. Turkiyshior – mumtoz oʻzbek tilida yozuvchi.
  31. Maoniy yomgʻuri – maʼnolar yomgʻiri, muhim fikrlarning sheʼriy ifodasi.
  32. Girih tugmoq – chiziq, naqsh chizmoq.
  33. Turkiy abyot – mumtoz oʻzbek tilidagi baytlar.
  34. Alfoz nazmi – sheʼriy soʻzlar.
  35. Devon takmili – devonni bitirish.
  36. Nozimlar zaroyifi – tartibga soluvchi, shoirlar nozikfahmligi.
  37. Zarofatdisor nozimlar – nozikfahmni baxsh etuvchi tartibga soluvchi, shoirlar.
  38. Mirʼoti behbud naqshi – koʻzgudagi najot naqshi.
  39. Musʼhaf bitmoq – Qurʼon matnini bitmoq, kitob qilmoq.
  40. Mistar yuzi – qogʻozning yozuv uchun mistar, ustiga ip tortilgan qalin qogʻoz bilan belgilangan joyi.
  41. Yozdi alqobini – laqabi, unvonini yozdi.
  42. Daqoyiq gavharlari – maʼnoli soʻzlar.
  43. Iborat qusuri – ibora, soʻz nuqsoni, kamchiligi.
  44. Tagʻyir bermak – oʻzgartirmoq, tuzatmoq.
  45. Isloh qilmoq – tuzatmoq, qayta qilmoq.
  46. Nuqsondin muarro qilmoq – kamchilikdan xoli qilmoq, tozalamoq.
  47. Nomunosib lafz – oʻrinsiz soʻz.
  48. Biror lafz kiyurmoq – biron soʻz kiritmoq.
  49. Biror nohanjor baytqa xat urmoq – biron tartibsiz baytni oʻchirmoq, chiziq tortmoq.
  50. Qasri zarnigor yasamoq – yaxshi devon tuzmoq.
  51. Baytgʻa daxl bermoq – sheʼrga oʻzgartirish kiritmoq.
  52. Musavvar – tasavvur qilingan.
  53. Baytlar ayvoni – sheʼrlar ayvoni, binosi oldi.
  54. Islohlar naqshu nigori – tuzatishlar chiroyi va bezagi.
  55. Ihtimomlar bahori – tugallashlar bahori.
  56. Har bayti shohbayte – sheʼrning eng zoʻr bayti.
  57. Javohir naqdi maxzan qilmoq – gavharlar naqdini yigʻish, jamlash.
  58. Afsonapardoz – qissaga bezak beruvchi, muallif.
  59. Ravon xomang – yengil yozuvchi qalaming.
  60. Murattab – tartib berish.
  61. Atorud koʻz qarosidin aylab murakkab – Merkuriy sayyorasi, yozuvchi, xattotlar homiysi koʻz qorasidan siyoh tayyorlab.
  62. Arsh lavhigʻa qalamni surmoq – Arsh lavhiga yozmoq.
  63. Nodir soʻzga qoyil oʻlmoq – nodir soʻz aytmoq.
  64. Fikrating devon xayoli qilgʻay – fikring devon yaratishni oʻylasin.
  65. Murattab qilmoq – tartib bermoq.
  66. Soʻz oʻldi muxtasar – Soʻz qisqa boʻldi, tugadi.
  67. Vojibul-ittiboʼ amr – bajarilishi lozim ish.
  68. Xomam tili lol – tilim uchi lol.
  69. Oʻz kalomi jonfizosi – oʻz soʻzining oromijonligi, jonga quvvat beruvchiligi, sifati.
  70. Aql xabiri yuzumga yugurdi – aql maʼlumoti yuzumga, xotirimga keldi.
  71. Tazyin bermoq – ziynatlamoq, bezamoq.
  72. Tadvin etmoq – toʻplash, kitob holiga solish, devon tuzish.
  73. Safha tartibigʻa raqam chekmoq – sahifalar tartibida yozmoq.
  74. Bu devon …murattab boʻlgʻay – bu devon …tartib beriladi, iborat boʻladi.
  75. Oʻzga davoninda – boshqa devonlarda.
  76. Devon tartib qilmoq – sheʼrlarni tugallangan harflariga qarab tuzmoq.
  77. Xaloyiq iborati – oddiy xalq tili, soʻzlari.
  78. Ulus kitobatida shoyiʼ – oddiy odamlar kitobatida mavjud.
  79. Matbuʼ kisvatin – maʼqul kiyim.
  80. Mavzun xilʼatin kiymoq – kelishgan, yarashgan xalat, kiyim kiyish.
  81. Oʻttiz ikkita gavhar – oʻttiz ikki harfli soʻzlar maʼnosi.
  82. Kalomigʻa futur voqiʼ boʻlmoq – soʻziga nuqson yetmoq.
  83. Infiol oʻlmoq – xijolat boʻlish.
  84. Toʻrt harf gavharlari – toʻrt harf bilan tugaydigan soʻzlar maʼnolari.
  85. Hurufi javohiri silkiga tortmoq – harflar javohiri ipiga tizmoq, sheʼr yozmoq.
  86. Gʻazaliyotni oʻttiz ikki harf tartibi bila murattab qilmoq – devonni mukammal qilmoq, yaʼni oʻttiz ikki harf bilan tugaydigan gʻazallardan iborat mukammal devon yaratmoq.
  87. Har harf gʻazaliyotining avval bitigan gʻazal uslub xaysiyati – har harf bilan tugaydigan gʻazalning birinchisi uslubi xususiyati.
  88. Muvashshah – ziynatlangan, bezatilgan.
  89. Mufattah – ochilgan, boshlangan.
  90. Nasihatoro bayt – nasihatni bezovchi bayt.
  91. Mavʼizapardoz nosihlar – vaʼzni pardozlovchi nasihatchilar (21 bet).
  92. Pandu nasihat – oʻgit, foydali maslahat.
  93. Matlaʼye …itmom xilʼatin va anjom kisvatin kiydurmaydurlar – Matlaʼ boshlangʻich ikki qatorga tugallanganlik xalati, toʻnini va mukammallik kiyimini kiydirmaydilar, yaʼni yaxshi yozmaydilar.
  94. Bu surat dogʻi – yana bu holatda.
  95. Har mazmunda matlaʼye voqiʼ boʻlsa, …maqtaʼgʻacha surat xaysiyatidin muvofiq va maʼni jonibidin mutobiq tushgay – Qaysi mazmunda matlaʼ – boshlavchi ikki qator boʻlsa, oxirgi ikki qator – maqtaʼgacha surat va maʼnosi jihatidan muvofiq boʻlsin.
  96. Masnaviy – har ikki misra-qatori qofiyadosh sheʼriy asar.
  97. Mujallad – charm muqovaga olingan, muqovalangan.
  98. Ruhafzo muxammas – jonni quvontiruvchi beshlik, beshtalik. Har boʻlagi (bandi) besh misradan iborat boʻlgan sheʼr turi.
  99. Xamsaziynat – ziynatlangan beshlik.
  100. Ravonoso musaddas – jon kabi, jonga oʻxshash olti qirrali, sheʼrda asli ikki misraga toʻrt misra qoʻshib, oltilik qilish.
  101. Sittaziynat – olti ziynatli.
  102. Mufid ruboiyot – foydali toʻrtliklar.
  103. Zoyidul-had – ortiqcha daraja, martaba.
  104. Kiromiy lugʻzlar – aziz, hurmatga sazovor topishmoqlar.
  105. Musalsal tarjiʼlar – zanjirsifat qaytariq sheʼr.
  106. Muʼtadil tuyuqlar – muʼtadil tuyuq, sheʼr oxirida keladigan bir xil yozilib, turli maʼno anglatadigan soʻzlar ishlatilgan sheʼrlar.
  107. Turkiy uslub bu abyot zaylida muxayyal – turkiy uslub bu sheʼrlar oxirida faraz qilinadi.
  108. Bu fihrastdinkim, bu zebo uzorigʻa yozildi – bu chiroyli yuza (qogʻoz)ga yozilgan roʻyxatdan.
  109. Maqsad bu debochadinkim, bu raʼno ruxsorigʻa bitildi – bu gul (devon) yuziga bitilgan soʻz boshidan maqsad.
  110. Raʼno ruxsori – qogʻoz yuzi maʼnosida.
  111. Ul bino toqida – u bino gumbazi, eshik va devorlar ustidagi yarim doira shaklida ishlangan joyi.
  112. Oʻz ismlarin tahrir – oʻz nomini yozgan.
  113. Oʻz alqoblari tanqir qilmoq – oʻz unvonini oʻyib bitgan.
  114. To ul ayvon toqi boʻlgʻay, ul ism anda boqiy boʻlgʻay – ayvon toqi boʻlganda, undagi ism ham doim boʻladi.
  115. Ismi kitobasida mastur oʻlmoq – nomi yozuvida yashiringan.
  116. Ne choqqacha ul binoki maʼmur oʻlgʻay – qachongacha u bino obod boʻlsa.
  117. Ul ism ulus tiliga mazkur oʻlgʻay – kishilar tilida u nom eslatiladi.
  118. Bu qubbayi sipehrtimsol qasre muallo – osmon kabi qubbali yuksak qasr.
  119. Tabʼi latifining meʼmori bino qilgʻon – muloyim tabʼi meʼmori yaratgan.
  120. Bu firdavsmisol bogʻe jahonoro – jahonni bezovchi jannat bogʻi kabi, yaʼni devon.
  121. Xayoli sharifining bogʻboni tarh solgʻon – sharif xayolining bogʻboni tarhini yaratgan.
  122. Ul roʻzafzun janob yozilsa – u kunni uzaytiruvchi janob (nomi) yozilsa.
  123. Bu bogʻ kiryosining ravoqida ul humoyun alqob bitilsa – bu bogʻ darvozasi ravoqida u shohona laqab yozilsa.
  124. Ani shah ixtimomi qildi maʼmur – shoh harakati bilan obod qilingan.
  125. Meni meʼmor farz et, balki muzdur – meni (Alisher Navoiy oʻzini) meʼmor, balki ishchi deb faraz qil (demoqchi).
  126. Tugangach shoh qasri zarnigori – shoh qasri ziynatlari tugagach, yaʼni devon qoʻlyozmasi yozib, bezatilgach.
  127. Imorat saʼyida kim boʻlsa zarposh, Bino oning oti birla boʻlur fosh. – Imoratni bezatishga kim harakat qilgan boʻlsa, bino uning nomi bilan mashhur boʻladi.
  128. Binogʻa garchi har kim boʻlsa boniy, Atarlar boniy ismi birla oni. – Binoni quruvchisi kim boʻlsa, uning ismi bilan imoratni ataydilar.
  129. Shah otin, chunki bu maʼnini bildim, bu qasr ayvoni uzra sabt qildim – Mana shu maʼnoda bu qasr –devon ayvonida, debochasida shoh otini yozdim.
  130. Alo, to charx qasri soyir oʻlgʻay, Nujum ayvoni uzra doyir oʻlgʻay – charx qasri aylanar ekan, yulduzlar ayvonida ham mavjud boʻladi.
  131. Bu shoh ayvoni umrining binosi, Matin oʻlsun, nechukkim charx asosi – Bu shoh ayvoni umri binosi, charx asosi kabi mustahkam boʻlsin.
  132. Qadar devonidin har lahza komin, Qazo dilxohidek yetkursun, omin! – Taqdir devonidan har lahza maqsadini, tasodif koʻngli xohlagandek yetkazsin!
  133. Parishon abyotkim, sharh qilgʻondek tartib topti – tarqoq sheʼriy baytlar sharhlangandek tartib topti.
  134. Baʼzi badiha – baʼzisi oʻylamasdan birdaniga aytilgan, yozilgan.
  135. Jamʼ qilmogʻida dalirlik qilinmas erdi – yigʻishga dadillik qilinmas edi.
  136. Xaloyiq arosida ming bayt-ikki ming bayt ortugʻroq-oʻksukrakkim oʻzlari jamʼ qilib erdilar… – xalq orasida ming-ikki ming bayt, ortiq-kam oʻzlari yiqqan devon mavjud edi.
  137. Bularning tartibigʻa hukm boʻlgʻondin soʻngra – Bu devon tartibiga buyruq boʻlgandan keyin.
  138. Baʼzi gʻazaliyotekim, notamomroq erdi – baʼzi gʻazallar mukammal emas.
  139. Kitobat shuyuʼidin – kitobat shonidan
  140. Nazm silki – sheʼr tizimi. Ipi.
  141. Soda bayt – toza, yangi sheʼr, bayt.
  142. Soʻz rishtasi uzoldi – soʻz ipi uzildi, tugadi.
  143. Bu nomagʻakim, xomam etibtur tahrir – qalamim yozgan bu noma.
  144. Taqsir topilsa, aylasunlar tagʻyir – kamchilik, xato topilsa, tuzatsinlar.
  145. Tagʻyir berurda qilmasunlar taqsir – tuzatishda xato qilmasinlar
  146. Ayb istaguchiki, soʻzidur barcha xilof – hamma soʻzi qarshi boʻlgan ayb istovchi.
  147. Mundoq javhariygʻa Tengri bergay insof – bunday mohiyatga Tangri insof bersin.
  148. Yo rab, chekibon koʻp raqam jurmu gunoh – Yo Olloh, koʻp yozib, ayb va gunoh qildim.
  149. Nomamni qaro qildimu umrumni taboh – yozganimni qaro qilib, umrimni xarob qildim.
  150. Mashhar kuni netkamen meni nomasiyoh?! – Mashhar – qiyomat kuni meni nomasi qora nima qilaman? (25 bet).

 

Abdumajid MADRAIMOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2017–2

 


[1] Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami. Birinchi tom. Badoyiʼ ul-bidoya. Toshkent: “Fan”, 1987, 23-24- betlar.

[2] Oʻsha asar, 12-bet.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/debocha-dagi-kitobat-sirlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x