Umid guli

Haqiqat fikrlar almashuvining oqibatidir. Fikr fikrga doya. Inson inson bilan, suhbatu anjumanlar bilan tirik, barhayot. Baliqning vatani ummon boʻlgani kabi odamning vatani – uni tushungan, uning soʻzlariga quloq tutguvchilar orasindagi sershavq mashvarat onlaridadir. Xossatan, suhbatdoshing aytqoningni ziyrak ilgʻasa, fikr almashuvchilar posangisi teng kelsa munozara magʻzi quyuqlashar. Shu qabilda kalavaning yipi topilgani sari soʻz soʻzga, jumla jumlaga, mavzu mavzuga ulanadi. Ichingda qaynab-toshayotgan dardlaringni xumordan chiqaroq toʻkasan, sochasan! Bilʼaks tinglamoq, toʻgʻri uqmoq qasdidagi insonlar boʻlmasa aytqon soʻzlaring zoye.

Oʻzim anglamagan holda koʻpda suhbat maqomidan foydalanishimning boisi shundadir ehtimol? Dramalar-ku, bosh-oyaq suhbat asnosida yozilmogʻi tabiiy, munday qarasam, aksaran maqolalarim ham suhbat yoxud murojaat tartibinda bitilgan, ha, adashmayapman, hatto sheʼrlarimni aytmaymi?!

Xona sohibi bir-bir odim tashlab yuqori raxi baland shiftga boʻylashguday deraza yoniga keldi-da, xayolini band etgan oʻy oqimini hurkitib yuborishdan ehtiyotlangandek tashqariga mahzun termildi.

Oʻktabr yarimlamay qishning nafasi izgʻib qoldi. Nonushta payti yilt etib borliqni yoritgan quyosh zumda gʻoyib boʻldi-qoʻydi. Peshin edi, u qoʻnoqqa qaytayotib birpas havoning avzoyini kuzatib turdi. Osmonni paqqos qalin qora bulut qoplay boshlagan, havoning avzoyida pilikning uchicha yorugʻlik belgisi sezilmas, balki oʻzidagi tundlik siyohi bila dov-daraxt, atrof-javonib, odamlarni-da bosh-oyoq boʻyashqa boshlagandi.

Avvaliga mayda va yakka-yarim daydi tomchilar betiga urildi. Nazarida tomchilar iliqqinadek tuyuldi, shu boismi, ortiq eʼtibor qilmadi, odatiga koʻra ob-havodagi bundayin ajabtovur oʻzgaruvchanlik asrorini bilishga shahd qilgan odam qiyofasida dam osmonga, dam yomgʻir tomchilariga, dam yon-veridan ildam va shoshqinch qadamlar bilan oʻtib borayotgan yoʻlovchilarning ahvol-ruhiyasiga razm soldi.

Yomgʻir tezlashdi, tomchilar zichlashdi. Tomchilardagi xiyol oldingi iliqlik oʻrnini muzlik egalladi. Biroq havodagi keskin oʻzgarishlar unga zarracha taʼsir koʻrsatmayotgandek – qilt etmadi, u xuddi ulkan shaharning injiq va tushunuksiz havosi bilan yuzma-yuz soʻylashmoqqa ahd qilgan odamdek, unga bir oʻzi bas kelmoqchidek, kerak boʻlsa, qaysarlik-kajlik bilan qoqilgan qoziqdek tek qotib turaverdi. Odam ob-havoning emas, ob-havo odamning izmida boʻlmogʻi foydaliroq va maroqliroqdir!..

Yomgʻir tuyqus zoʻraydi, bu odam qochib oʻzini panaga olsa goʻyo hozirgina dilidan kechirgan aqiydasi oldida mulzam-besubut boʻladigandek bir odim ham jilmadi. Uzun chakmonining yoqasini koʻtarib tugmalarini oxirigacha qadadi, toʻsatdan zabtiga oladigan shamol uchirib ketmasin degan oʻyda ayvoni ixcham shapkasini bostirib kiydi. Turaverdi.

– Molodoy chelovek, pochemu viʼ ne ubegayete? Dojd-to usilivayetsya?!

U kishining qad-qomati kelishgan, qalin qora qoshlari, uzun va toʻgʻri burni, qoralikda qoshidan-da qolishmaydigan quyuq tukli taqa moʻylabi, hammasidan ham oʻtkir nigohi uni chandon serzalvor koʻrsatar, botinida toʻlib-toshgan gʻurur va nafsoniyati uning ana oʻsha zohiriy salobatida aks etardi.

U roʻparasiga kelib toʻxtaganicha pastdan tepaga – oʻziga angraygan qaddi dol kampirga bosh egib qaradi. Moviy, begʻubor nigoh. Inqilobga qadar naqadar goʻzal boʻlgan bu koʻzlar! Mushtipar volidalarga xos mehribonlik, oddiy-jaydari oʻrus ayollarigagina xos gʻamxoʻrlik barq urib turibdi bu koʻzlarda.

– Pust usilivayetsya!.. Lilsya biʼ etot dojd xot sorok dney, xot sorok let!..

Tusi uniqqan va gʻaribgina roʻmoliga boʻyni, koʻksi aralash chirmab oʻralgan kampir oʻrta yoshlardagi bu gʻalati kishining ajabtovur soʻzlariga tushunmadi, muddaosini ilgʻamadi ham, “Ne day bog! Ne day bog!” degancha ustma-ust choʻqina-choʻqina jadal yurib nari ketdi.

Eshik ohista, hatto nazokat bilan tiqirladi. Xona sohibi ovoz bermasidan burun qoʻsh tavaqali zalvorli eshikning bir qanoti qiya ochilib, tanish bashara koʻrindi.

– Oʻrtoq professor, ijozat etsangiz, chiqindilarni olay…

Bu oliy ilmiy martabani u shu yerga kelib orttirdi. Uning ism-sharifini kim birinchi boʻlib “professor” unvonini qoʻshgan holda tilga olgani yodida yoʻq, dastlab eshitganda bu soʻz qulogʻiga gʻalati chalindi, erish ham tuyuldi, dorilfununda emas, manavi mudarris-oʻqituvchilar otelidagi yugurdak xizmatchilar nazdidagina tilga olinayotganiga hayron boʻldi va… tez kunlarda aytsa aytar, deya bu arzimas tashvishga qoʻl siltadi – koʻndi-qoʻydi.

“Oʻrtoq professor” yozuv kursisi biqiniga taqab qoʻyilgan chiqindi savatiga imo qildi. Novcha, qotmadan kelgan, rangi zaxilgina, millati notayin xizmatchi erkak qaddi-qomatiga yarashmagan mayda qadamlar bilan toʻgʻri chiqindi tashlanadigan savatcha tepasiga borib, uni boʻm-boʻsh xaltasiga agʻdargan boʻldi-da, soʻzsiz-nesiz iziga qaytdi.

Savatcha boʻm-boʻsh edi.

Yomgʻir qor aralash maydalamoqda. Izgʻirin shamol izgʻiy boshlagan, qor-yomgʻir tomchilari qamchin uchlaridek shiddat bilan daraxt yaproqlarini, bino tomlarini, ulardan oʻtib yerni savalamoqda.

Darhaqiqat, neki yozgan boʻlsa bari suhbat koʻrinishida. “Munozara” oʻzgacha chiqdi! Koʻpchilikka maʼqul keldi u. “Buxoroning najib millati boʻlgʻan vatandoshlarim”, deya boshlagan edi uni.

Professor oʻyga toldi, ohista, shivirlab aytgan soʻzlari oʻz qulogʻiga oʻzgacha – goʻyo ilk dafʼa aytilgandek yoqimli eshitildi. Oʻn toʻrt yil burun ushbu asarini yozgan mahaldagi koʻtarinki kayfiyat koʻksida gupurib qayta uygʻongandek boʻldi. Uygʻongan kayfiyat junbishida oʻzgacha qiroat ila, oʻzga bir maqomda koʻtarilib takrorladi: “Buxoroning najib millati boʻlgʻan vatandoshlarim!..” Shul kabi daʼvatkor ohangda aytar soʻzlari hozir ham oz emas, lekin qachon aytadi, qanday aytadi… aytishgʻa yoʻl qoʻyishadimi?..

Sukunat bagʻrida soʻnib ulgurmagan aks sadoga quloq tutdi. Shifti baland xonaning burchak-burchaklariga razm soldi, derazadan tashqariga – qor-yomgʻir aralash boʻralayotgan shilta-shalabbo koʻchaga, biri biridan yupun yoʻlovchilarning oʻtib borishlaridagi tahlika-sarosima va jonsaraklik zamiridan qandaydir xulosalar yasamoq umidida ularga termildi. Yoʻqlik va nochorlik shaharni, koʻcha va xiyobonlarni, manavi sovuq sukunat ogʻushidagi xonani toʻldirgan mavhumlik oldida aytishga-da arzimasdek nimarsa edi.

Oʻylab koʻrilsa, “Munozara” nafaqat Buxoro millatiga, mana shu maskovlik avom omma uchun ham ahamiyatli. Oʻqisalar, onglasalar, koʻzlari ochilsa… Axir hayotni yaxshilayman degan jamiyat borki yangi va qadimni qiyoslay bilmogʻi darkor. Zero, qadim va jadid oʻrtasinda hamisha ixtilof mavjuddir, shul ixtilof ildizlarini topmoq va turmushda alarga barham berish choralarini qoʻllamoq uchun ham har bir zamon oʻz maʼrifatli zotlarini yetishtirgay. Shul niyatni dilga tugmoq uchun esa munozara darkor. Dildan boshlangan munozara pirovardida dilgʻa va turmushgʻa obodlik keltirgay.

Xona sohibi yozuv kursisi yoniga bordi-da, tik turgan koʻyi ikki-uch toʻrtlik qoralama bitilgan qogʻozga razm solganicha pichirlab oʻqidi:

 

– Kech boʻldi, tinib bitdi tovushlar,

soʻndi butun uylarda chirogʻlar,

tebranmadi yer uzra oyogʻlar,

zulmat yana har yon oqa qoldi…

 

Tashqarida qor-yomgʻir emas, kunduzni tunga qorishtirguvchi zulmat yogʻmoqda, zulmat. Hali kun botishiga ancha bor, lekin borliq zimiston qaʼriga choʻkib ulgurgan, Maskovning kunduzi shom qorongʻiligini kutishga toqatsiz – quyuq va qalin abrga burkanadi-da, erinchoqlik ila gumroh uyquga choʻmadi.

 

– Koʻklar sari chaqqon koʻtarilgan

togʻ gavdali uylar,

qoʻnuqlar,

saroylar…

qop-qora haykal tusin oldi…

 

Professor kursi uzra egilib qalamni tutdi, qoralama nusxa sheʼr misralariga tahrir kiritdi. Laziz bir xotira yodiga tushgan odam yangligʻ ildam yurib deraza tomon bordi. Yolgʻiz xonanishin odam boshqa nima ham qilardi, xususan, olim, shoir, qalamkash mardum – kechagina jondek shirin ona yurtida gurillab javlon urayotgan, orzu-havaslarining cheki koʻrinmayotgan, shu orzu-havaslari yoʻlida tinim bilmayotgan, kechani kunduzdan, kunduzni kechadan qizgʻanib mehnat qilayotgan inson favqulodda koʻch-koʻroniga ham qaramay manavinday yot oʻlkalarga itqitib tashlansa – zahar-zaqqum havodan oʻzini qayerga qoʻyishini bilmay manavindaqa xonaga qamalib oʻtirsa – yozuv kursisi birlan deraza yoniga qatnashdan oʻzga yurar yoʻli qolarmidi!

– Ustoz, – dedi Fayzullaxoʻja ittifoqo anjumanlardan birida uni chetga chorlab, – siz zudlik ila Maskovga joʻnaysiz!

– Maskovga? Zudlik bilan?!

– Jonli sharq tillari institutida mudarrislik qila turasiz, shunga kelishdik.

U tamom tushuniksiz hayrat ila Fayzullaxoʻjaga razm soldi, biroq jumhuriyat rahbari goh boshini solintirib oyogʻi ostiga, goh atrofga qarayotgan boʻlganidan uning tushunuksiz ahvolda oʻngʻaysizlanayotganini payqadi, faqat favqulodda xabar sohibining ovozidagi xotirjamlik, bosiqlik uning uchun yupanch vazifasini oʻtadi. Shunday esa-da, tovushini pasaytirib savol qotdi:

– Tinchlikmi oʻzi?

Tinchlik, ustoz, lekin notinchlik isi kelmoqda… Qarorning orti qorongʻilik.

Fayzullaxoʻjaning hurkitilgan jayronning ignalaridek tepaga qaratib taralgan sochlari bir silkindiyu oʻzi nari ketaturib, toʻxtadi, ortiga yarim oʻgirilganicha ustozning koʻngli uchun boʻlsa kerak, tovushiga atayin oʻktam tus berdi:

– Vaziyat oydinlashguniga qadar oʻsha tomonlarda boʻla turing, xabarlashamiz.

Xabarlashish qayda! Ozmuncha aytar soʻzi, ravshanlik kiritishi zarur savollari paydar-pay tugʻilyaptimi bu yerda! Lekin ularni kimga aytadi, kimga yorilib-yozilib bayon etadi?! “Qarorning orti qorongʻilik…” Oʻtgan yil fasli bahor kunlarida Maskovda qabul qilingan “Buxoro masalasi” qaroridan soʻng jumhuriyat osmonida qora koʻlankalar quyuqlasha boshladi. Shu yilning yozida esa Markazqoʻm kotibi Rudzutakning Buxoroga maxsus tashrifidan koʻzlangan maqsad oʻsha malʼun qaror bandlarini amalga oshirish ekanligi sir boʻlmay qoldi. Fayzulla aytmoqchi, Buxoroni notinchlik isi tutdi.

 

– Havo buzuq!..

– Koʻk yuzida qop-qora

Koʻmir kabi qator-qator bulutlar…

Koʻmir kabi bulutlari – yot ellar…

 

Qayerdasan, Abdulhami-id-d?.. Xuddi Maskovga kelgandek, shu kungi havoning avzoyini oʻz koʻzlari bilan kuzatgandek yozgan-a! Dilbar shoir, tengsiz shoir!.. Shu singari haroratli sifatlar ila Fayzullaxoʻjaga tavsiya qilgandi uni, Fayzulla baraka topsin, Abdulhamidga “Buxoro axbori” gaziti muharrirligi vazifasini topshirdi. Abdulhamid astoydil ishladi, ter toʻkib ishladi, shu tarzda ishonchni oqladi va nadomatlar boʻlgʻaykim, uning ham javobini berishdi – ketkazishdi. Choʻlpondek shoirning xizmatidan voz kechishdi!.. Vaholanki – professor tashqariga qaradi – vaholanki, hali qosh qorayishiga birmuncha erta, erta ekanligiga qaramay kunduzdan koʻra koʻproq shom qorongʻisiga oʻxshab ketayotgan kunduz zimistonida hamon savashda davom etayotgan qor-yomgʻirni koʻz ilgʻamay qolgandi.

“Oʻrtoq professor” deraza ortidagi zulmat qoplagan qorongʻilik goʻyo qora xitoyi qogʻoziyu, unga oq harflar ila bitilgan soʻzlarni nigohi ilgʻab-ilgʻamay uzuq-yuluq hijjalashga tutindi:

– Buxoroning najib millati boʻlgʻan vatandoshlarim!.. Neki yozgʻan boʻlsam, ona yurtim afkori umumiyasini vatandoshlarim deya tilga oldim. “Munozara”… Soʻng “Hind sayyohi”ni yozganlarimni eslasam!.. “Buxoroning holi” otliq maqolam… Yetti-sakkiz yil burungi shapaloqdekkina soʻz, hatto oʻzim ham unutgʻandekmen, boshqalarning esa shaksiz yodlaridan koʻtarilgʻan… Amrga qarshi isyon qilgʻan boʻlsam… Toʻgʻri-da, yaxshi soʻzlar, tavozelaru yolborishlar ila hukumatni yoʻlga keturmaklikni orzulash borib turgan soddadillik, goʻllik. Talab qilgʻan boʻlsam, ul amrga qoʻshilib amrlik ham barham topganiga necha yillar oʻtdi… Undin keyinroq Nasrulloh parvonachi afandi hazratlarina yoʻllagan maktubimda aytgʻan gaplarim gap: har qancha koʻz va quloqlaringizni berkitib olsangiz ham qadim millatimizning faryodiga, yurtimiz xarobligiga achinmaslikning iloji yoʻq… Xoʻsh, hoji domullo Abdu-r-rauf afandim! – oʻziga oʻzi baralla xitob ila davom etdi u – qayerda xatolikka yoʻl qoʻydilar? Tildan ilingan yerlari qayerda?..

U deraza raxiga kiftini bosganicha tashqariga quloq tutdi. Deraza oynasi ikki qavatli ekanligi bois tashqaridan deyarli tiq etgan shovqin-tovush ichkariga oʻta olmas, hozir ham xona sohibining quloqni ding qilishidan naf oz edi.

Xoʻsh, oʻsha achinarli hayot zarracha deylik oʻzgardimi? Buxoro amrligi boʻldi nimayu Buxoro jumhuriyati boʻldi nima?! Aksincha, endigi ahvol tahlikaliroq, mudhishroq koʻrinish olayotgandek…

Zulm ast onki xonai moro xarob kard,

Zulm ast onki siynai moro kabob kard.[1]

 

Toshkentda ijodiy ishlarga gʻarq edim, Buxoroga chaqirishdi. Uzoq yili, ayni navroʻz arafasi. Bu taklifni javobsiz qoldirish ona yurtim, ona tuprogʻimga xiyonatga teng edi. Qolaversa, Behbudiy hazratlarining vasiyatlarini unutmoqlik chandon xiyonat! “Buxoro tuprogʻiga tezlik ila yoʻl boshlangizlar!..” Tezlik ila yoʻl boshlangizlar! Tezlik ila!.. Buxoro bizdan, biz Buxorodan… Shul holda daʼvatga labbay demaslik zulmat qaʼrida ivirsib yotishga koʻnikishdan oʻzga nimarsa ermas!..

Illo ikki yil ichida ozmuncha ishlar amalga oshirildimi?! Yangi, goʻdak misol jumhuriyat atak-chechak qadam olmogʻiga madad bergʻuvchi tayanch yumushlar ado etildi.

Eh-he-e, uni qay vazifalarga roʻpara qilmadilar, ne-ne yumushlarni zimmasiga yuklamadilar. Biroq ularning hech birini hoji domulla afandim, yaʼnikim “oʻrtoq professor” oʻzi uchun vazifa yo yumush deb emas, burch deb qabul qildi. Bilimi, istak-orzusi, fahm-farosati oʻlaroq insoniy majburiyat deya qabul qildi. Imoni komil – qay ishga qoʻl urmasin, yangi va yosh jumhuriyat madaniyatini rivojlantirish, yuksaltirishdan ulugʻroq vazifa yoʻq degan aqida jilovini tutdi. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomini berish deysizmi, xalq dorilfununi tashkil etishmi, bosim maqolanavislik ijodi va teatr tashkil etishmi – bari-barida maʼrifatni tanho xaloskor deb bildi. Hech bir yerda niyatini pinhon tutmadi. Ochiq aytdi, ochiq yozdi, ochiq fikrladi.

Kunduz sakiz-oʻn yoqqa yugurgan,

chopgan,

yiqilishgʻan,

yana turgʻan,

oʻng, soʻl uni tepkan…

Niyati ezgu, sogʻingani – yurtiga-xalqiga yaxshilik edi. Afsus…

Bu borada u yolgʻiz emas edi. Yolgʻiz Fayzullaxoʻjaning ikki oʻt-alanga orasinda qovrilib yurib koʻngliga tuggan niyatlarini aytmasinmi?!

Eshik ohista tiqirladi. “Xizmatchilardan biri” dedi u ichida ensasi qotib. Xizmatchilar taqillatadilar-da, ichkaridan javob kutmay kirib kelaveradilar. Xuddi kimdir ularning qulogʻiga professor bilan shu qabilda munosabatda boʻlasizlar deb quyib qoʻygandek – eshikni taqillatish ham, javobni kutmay ichkariga kirib kelish ham, hatto “oʻrtoq professor” deya murojaat qilishlari ham azbaroyi allatovur dasturda bitilgan majburiyatlar rioyasi-ijrosidek, ikki tomchi suvdek bir xil.

Xona sohibi bu safar ham shunday boʻlishini kutib ovoz chiqarmadi. Shunda eshik yana taqilladi.

– Zaxodite, – tovush berdi u. – Dver otkriʼta.

Shundan soʻnggina eshik qiya ochilib, mutlaqo kutilmagan…

– Iya-iya! Vah ajabo, oh ajabo, jon ajabo! – deya hayratini yashirolmay oʻrnidan irgʻib turdi afandim. – Oʻzimning koʻzimmi? Nahotki?! Hamon ishonmayapman, ishonolmayapman!

Ostonada oʻrtadan tik qomatli, xipchadan kelgan, koʻrgan kishining birinchi navbatda yirik-yirik koʻzlari va keng manglayi oʻziga maftun etuvchi, sochlari ortga silliq taralgan, shu mahaldagi Maskov turmush tarziga qiyosan olganda birmuncha poʻrim kiyingan yosh-navqiron yigitcha turardi.

– Assalomu alaykum, ustoz, – dedi yigit dabdurustdan oʻylagan soʻzini topolmayotgandek oʻngʻaysizlanib. – Bezovta qildim… Sizni koʻrgim keldi, shunga… ogohlantirmay…

– Nechun ogohlantirasiz? Nechun ogohlantirish darkor, Mahmudjon inim? Axir xudobexabar bul musofirxonaga yurtdoshim, maslakdoshim, qalamdoshim qadam ranjida qiladilaru, biz bezovta boʻlamizmi?

Mehmon yigit qoʻllarini boshi uzra baland koʻtarib peshvoz chiqqan mezbon bilan ostonadan ikki odim ichkarida qoʻl olishdi. Mezbon ehtirom ila mehmonni qoʻsh kursidan biriga taklif qildi.

– Eshitgandim, xabarim bor, – dedi ustoz darhol suhbatni qizgʻin tus olishini istaganday. – Yaxshi joylashdingizmi? Oʻqishlar durustmi? Qiyinchilik yoʻqmi, haytovur?

– Yoʻq, avvaliga biroz choʻchigandim, soʻng tez koʻnikib ketdim.

– Yotish-turish, taom-kalom deganlaridek?..

Mehmon chehrasi charaqlab jilmaydi.

– Joyida, – dedi u ham suhbat avj pardalarda boshlanganidan mamnunligini yashirmay. – Qornimiz toʻq, ustimiz but. Axir buyuk inqiloblar shahriga ilm izlab kelganmiz, ustoz.

– Oh-ho-o, sekinroq aytadilarmi, jonim inim! Beshikdan to soʻnggi nafasga dovur ilm izla, deganlar ulugʻlarimiz.

Mehmon yigit javob qaytarmadi. Xonaning quyidan yuqorisiga qadar koʻz yugurtirib havaslandi.

– Sharoitingiz badastir ekan. Darslardan boʻsh vaqtlaringizda istagancha…

– Oʻh-hoʻ-oʻ, nimasini aytadilar, nimasini! Ijoddan boʻlak tashvish qayda? Vatanda masʼul yumushlar izmida qolib, ijod dov-dastgohini bir muddat yigʻishtirib qoʻyishga majbur boʻlgandik. – Oʻylab koʻrsa, hoʻ-oʻ oʻsha Istanbulda yashagan uch-toʻrt yil sermahsul ijod qilgʻan, bu yerda ham bekor oʻtmayapti kunlari. Kayfiyati bormi-yoʻqmi, ruhiyatidagi bezovtalikdan qatʼi nazar, bor alami qogʻoz-qalam ustida: “Qiyomat”ni yozib bitirdi. Uch-toʻrt kundan buyon, ana, yotsa-tursa yangi sheʼr xayol-halovatini band etgʻan. Biroq u bular haqida ogʻiz ochishni oʻziga ep koʻrmadi, zero oʻzi haqida emas, soʻzni shogirdga doxil mavzugʻa burgisi keldi. – Tangri ravo koʻrub, mana shunday manzillarda umrguzaronlik tushimizgʻa kirmagandi. Nasiba, nasiba… Oʻzlaridan soʻrasak? Ijtimoiy fanlar nechogʻliq zavqli va murakkab boʻlmasun, har qalay, badiiy ijoddan u qadar yiroq emas. Ham hayot quchogʻida, ham ijod tulporida, shundaymi, shoir?

– Siz… – Mehmon yigit oʻtirgan joyidan yozuv kursisida yoyilib yotgan varaqlarga, ulardagi sheʼriy mashqlarga nazar tashladi. – Sizning ijodingiz uchun ayni imkoniyat-da, bu yer, toʻgʻrimi, ustoz?

Ustoz dabdurustdan bu savolga javob qaytarishni lozim koʻrmadi shekilli, bir zum sukut saqladiyu qogʻozlar ostidan buklangan gazetani olib, ichki sahifasini ochdi.

– Shaxmatga qalaysiz, shoir, shaxmatga?

– Shaxmat bormi? – soʻradi mehmon.

– Manavini qarang, – dedi ustoz suhbat mavzusini boshqa oʻzanga burib olganidan yengil tortib, gazeta sahifasiga imo qilar ekan. – Jahon tojdori Kapablanka oʻn ikki yoshli goʻdaklik chogʻida oʻz mamlakati gʻolibi Korsoni taslim qilgʻan oʻyin yozuvini beribdilar. Oʻn ikki yoshda-ya!.. Yigirma yetti yoʻlda shohning jon saqlaydigan katagi qolmagan! Ofarin, deysiz, ofarin!

Ustozning hayajonu hayrati shogirdga yuqmadi, yuqmasa-da, iltifot yuzasidan oʻzini hayratlangan koʻrsatdi, xolos.

– Shu-uncha ish-ijod orasida shaxmatga fursat topishingiz hayratli, ustoz, – dedi u.

– Istak boʻlsa, fursat topiladi. Bu qadimiy va behad sehrli oʻyin haqinda bir risola yaratish niyatim ham yoʻq emas.

– Yozing-yozing, – dedi mehmon yigit va birdan boyagina boshlagan gapini takrorlagandek kelgan joyiga qaytdi. – Shu-unday imkoniyat yaratilgan joyda moʻl-koʻl ijod qilishingiz tabiiy.

– Imkoniyat-imkoniya-yat… – Miyigʻida kulimsirab dedi ustoz. – Koʻkdin tushdi bizga bu imkoniyat, koʻkdan. Xonadan huda-behuda chiqmayman, bilasiz, fursatni havoga sovurish odatim yoʻq, inchunin yolgʻiz qolgʻanda koʻpdan buyon qoʻngilda yigʻilgan niyatlar qogʻozga tushmoqda.

– Bitib qolgan koʻrinadi… – deb ishora qildi mehmon yigit sheʼr qoralamalaridan nigohini uzmay.

– Biz – havaskor, asl shoir – siz.

– Unday emas, ustoz. Xijolatga qoʻymang… Ijozat bersangiz, oʻqib koʻrsam.

– Marhabo, marhabo!

Mehmon yigit varaqlardan birini olib undagi yozuvni oʻqishga tutindi. Misralar gʻoyatda mayda arabiy harfda bitilgan, boz ustiga tahririy tuzatishlar tufayli ravon oʻqishi qiyinroq koʻchdi.

Ustoz yoddan oʻqib, yosh mehmonining mushkulini yengillashtirdi:

 

Kech boʻldi, tinib bitdi tovushlar,

soʻndi butun uylarda chirogʻlar,

tebranmadi yer uzra oyogʻlar,

zulmat yana har yon oqa qoldi.

 

Mehmon yigit dam mezbon shoirning qiroatiga, dam qoʻlidagi qogʻozga koʻz qirini tashlar, bu tarzda boshini sarak-sarak tebratishi oʻqiyotganiga – koʻzi, tinglayotganiga – qulogʻi ishonmayotgan odamga oʻxshab ketayotgandi.

Sheʼrxonlik tugadiyu oraga ogʻir jimlik choʻkdi. Ustoz yosh shogirdidan bir imdod kutar, shogird esa sukunatni qay soʻz ila buzishni bilmay qiynalar, ehtimol nima jin urib shu damda bul xonaga kirib kelgani uchun ich-ichidan oʻzini koyiyotgandi.

– Sarlavhasi?.. – savol qotdi u boshqa arzirli soʻz topolmay. Dediyu, bergan savoliga kutilajak javob noqulay ahvolini battar ogʻirlashtirishini zum oʻtmay kechikib angladi.

– “Mening kecham”.

– Taxminim toʻgʻri chiqdi…

– Qanday taxmin? Mos emasmu?

Mehmon yigit bu qisqa savol-javob asnosida oʻzini birmuncha oʻnglab oldi chogʻi, keyingi soʻzlarida dadillashdi.

– Sheʼrning nomi sifatida mos kelar, biroq sheʼrning oʻzi…

– Xoʻsh-xoʻsh, aytaversinlar.

– Uzr, ustoz. Aytmoqchi boʻlganim… bunchalar tushkun? Bunchalar qora?

– Tashqari qora-da, – darhol izoh berdi ustoz.

– Tashqari – kunduz, ustoz.

– Kunduz? Zimistonga burkangan kunduz. Ana, boqing derazadan, koʻrinarmi koʻzingizga siz aytgʻan kunduz?

“Oʻrtoq professor” yosh vatandoshiga sinovchan razm soldi. Mehmonning avzoyida oʻzgarish sezmadi. Boyagina – u kelmasidan burun yoddan oʻqigan misralarni ovoz chiqarib takrorladi:

 

– Havo buzuq!..

– Koʻk yuzida qop-qora

Koʻmir kabi…

 

Mehmon yigit bexosdan noxush narsani bosib olgan odamdek siltanib tushdi. Ovozidagi titroq uning muvozanatdan chiqqanini yanayam boʻrttirib tasdiqladi.

– Ochiq aytsam, siz eʼtimod ila eslaganingiz bu misralar gʻoyatda dagʻal, ular mening koʻnglimga ogʻir botadir.

Ustoz shogirddan bu qadar bepisandlarcha dangallikni kutmagandi.

Toʻgʻri, hali bir qadar yosh ekaniga qaramay tengqurlaridan koʻra koʻp oʻqigan, rus adiblari va shoirlari ijodi bilan yaxshi tanish. Xotirasi, quvvai hofizasi chakki emas. Boshlangʻich qalamkash ekaniga qaramay isteʼdod uchqunlari charaqlab koʻzni qamashtirgani unga boʻlgan hurmatini chandon orttirdi, shuning daldasida oʻtgan yili bosmadan chiqqan toʻplamga uning sheʼrlarinin oʻzi saralab kiritgandi.

Ustoz yosh mehmonning chaqmoqdek nigohi, keng peshonasiga tushgan bir tutam tim qora moylangan sochiga termilganicha mavzuni oʻzgartirdi.

– Sizlarda ijod uchun sharoit yoʻqmi? – Soʻradi u tovushini atayin mehribonona ohangda tovlantirib. Va savoliga javob kutmay gap yoʻnalishini yanayam boshqa oʻzanga burishga urindi: – Ijodga sharoit boʻlmasa, navqironsiz, koʻzga yaqinsiz, inim. Oʻrischada ham tilingiz burro. Tagʻin… oʻris qizlarining qarmogʻiga…

Mehmonning qizarib ketganini koʻrgan ustoz xayriyat deb qoʻydi ichida. Har qalay uyaldi-ku, demak, oʻylovsiz emas, oʻylovli odam – fikrli odam deganidir. Oʻylovlar va mulohazalar esa fahm-farosatni uygʻotar, qalblarni yumshatar axir.

– Otangiz nima kasb qilganlar? – Soʻrashga soʻradiyu, bu bilan na suhbat, na suhbatdoshni, balki oʻzini chalgʻitishga urinayotganini sezdi. Shu tobda uning hech bir mavzuda bahs qoʻzgʻashga toqati yoʻq edi. Oʻzi ne sermulohaza, sertahlika oʻy-xayollarda yuribdiyu, kechagina ijod koʻchasiga kirib kelgan zigʻirdek bola… ha-ha, murgʻak polapon bilan pachakilashib oʻtirishdan ne maʼni?! Yonib turibdi, yerga ursa koptokdek sapchib turibdi, hozir ayni koʻzi koʻrganiga ishonadigan, aql koʻzi bilan koʻrishga esa gʻoʻrlik-xomlik payti. Azbaroyi miyasiga zoʻrlab quygandan koʻra uning oʻzi anglab yetsa, tushunsa – ilgarini koʻra bilsa… Demak, – ustoz kutilmaganda chiqargan xulosasini ichida yana bir karra pishitib oldi – shoirlik uchun quruq isteʼdodning oʻzi kifoya emas, hayotiy tajriba ham zarur ekan-da!..

– Otam… dastlab hunarmandchilik qilganlar, keyinroq hunarmandlar kooperativida masʼul lavozim… xullas, biz farzandlarini halol rizq bilan boqqanlar.

Javob ustozning shundayiga ham ranjib ulgurgan diliga ogʻir botdi. Tagʻin vazminlik qildi, ichidagini tashiga chiqarmadi. Otang hunarmand boʻlgan ekan, kooperativchi boʻlgan ekan, bu suhbatga yegan luqmang halol-nohalolligining nima daxli bor?! Yegan oshim halol, demak, oʻzim ham, yozgan sheʼrim ham halol demoqchimi?! Bordiyu, shunday boʻlgan taqdirda, aytar boʻlsam, nazmiy halollik hayotiy halollikdan-da pokizaroq, halolroq hisoblanadur, polaponim!.. Yoxud misol tariqasida yodaki keltirilgan toʻrt misra taqsirimizgʻa ayildek botdimi?! Sheʼr muallifi chayonmidiki, uni eslashning oʻzi zaharli nish oʻrniga oʻtsa?!

– Bilaman, ustoz, oʻsha andijonlik shoirimizga ixlosingiz baland. Sheʼr soʻzini ipakdan toʻqiydi deb koʻklarga koʻtarib maqtagansiz, hatto taxallusini ham oʻzingiz yoki… Munavvar qori bilan tanlab bergansizlar. Mening unga hech qanday xusumatim yoʻq, faqat uning bilib olgani yurtning qaygʻusi, oʻlkaning buzilgʻani! Na sevinchni koʻradi, na qurilish-bunyodkorlikdan quvonadi! Hamonki, Vadud Mahmudning “Choʻlpon oʻzbekning yangi shoiridir” degan taʼrifi chin boʻlsa, shogirdingiz yangi hayotni yozsin, inqilobiy oʻzgarishlardan ilhomlansin!..

Oraga bir chimdim, lekin yoqimsiz jimlik choʻkdi. Jimlikni yana mehmon yigit buzdi.

– Meni toʻgʻri tushuning, ustoz, – dedi u, picha vazmin tortib, lekin soʻzlarni burro-burro talaffuz qilar ekan. – Mening nazarimda, sheʼr – siyosatga poʻpisa vositasi emas. Shunday emasmi?

– Sheʼr – dard.

– Ehtimol, billo…

– Dard esa – siyosat!

Mehmon yigit tilini tishladi. Shunga qaramay u oʻzidan yoshi ikki baravar ulugʻ va ilmi urfonda zabardast inson bilan bahsda boʻsh kelishni istamayotgani sezilib qolayotgandi.

– Dard siyosatga aylangan pallada shoirdan hushyorlik va xolislik darkor chamamda. Siz uchun va biz uchun ham hurmatli shoirimizda esa oʻsha xolislik taqchil.

Soʻzini aytib tugallamagan mehmon yigitning manglayidan duvullab ter tomchilari toʻkildi. “Xay ast bar ruxi tu yo gulob?!”[2] deb yubordi ichida ustoz. Takrorladi: “Xay ast bar ruxi tu yo gulob-b?!” Ich-ichidan toʻlib-toshib chiqayotgan gʻazabi boʻgʻziga kelib qadaldi, biroq butun irodasini tilini tiyishga sarfladi, qaltiray boshlagan barmoqlarini yashirish maqsadida qoʻllarini kursi ostiga suqdi. Gʻazab toʻfonidan hosil boʻlgan irodani atayin baralla yayrab kulishga qaratdi, mehmon yigitni oʻz qarashlari taʼsiriga olib kirishning uddasidan chiqolmayotganidan mutaassirlandi shekilli, gapni bir boshdan yotigʻi bilan uqdirish niyatida oʻnaqay soʻz oʻylay ketdi.

Eshik tiqirladi. Ohista ochildi. “Tovarishʼ professor”, degan ovoz eshitildi. Ovoz bilan bir vaqtda xonaga yumaloqqina, lekin yuzlari silliq, quyuq malla sochi tarang oʻrilgan yoqimtoygina ayolcha tabassum ila kirib keldi va yanayam sirli jilmayganicha, ikkala erkakka yer ostidan moʻralab qoʻyib deraza tokchasi, kiyim ilgich shkafning yon-veri va devor raxlarini doka latta bilan shoshilmay artishga kirishdi.

– Ijozat soʻramay, ogohlantirmay tozalashga kiraveradi.

Sohibi xona shunday deb qoʻydi-da, koʻz qiri bilan ayolchaning harakatlarini kuzatayotib yosh shoirga aytadigan soʻzlarini ichida pishitib olishga urindi. Vatandosh yigit esa he yoʻq-be yoʻq bezbetlarcha bostirib kirgan xotinni koʻrmaganday, ustozning pichingini tushunmaganday boyagi alfozda davom etdi:

– Siz ustoz boʻla turib shogirdingizning taʼsiriga berilishingizdan hayronman. Dunyoning narigi chekkasidagi Buxorodan chaqirib olib… Kechirasiz, quloqqa yoqimsizroq ovozalar tarqabdimi?.. Avvaliga mutlaqo ishonmadim, keyin…

– Keyin ishondilar, shundaymi? – Dagʻal, tahdidli ovozda soʻz qotdi ustoz.

– Y-yoʻq, aslo… Ovozalar chin boʻlsa mana shu-unday nufuzli oʻquv dargohiga muallimlikka tayinlasharmidi?!

– Rudzutakning soʻzlari chin boʻlsa…

– Rudzutak katta odam. Markazqoʻm kotibining soʻzlari yolgʻon demoqqa esa til…

– Tilingiz bormaydi, shundoqmi?! Leninchi tovarishlar yolgʻon soʻz aytishlariga aqllar bovar qilmas. Har kuni oʻqiyman oʻsha chin-n soʻzlarni, takror-takror koʻz yugurtiraman-n.

– Nimani oʻqiysiz? Nimaga koʻz yugurtirasiz?

Mezbon oʻrnidan turdi-da, bir-bir qadam bosib kiyim ilgich shkafni ochdi, uning yuqori javoniga buklab toʻshalgan gazeta varagʻini ikki qoʻllab tutganicha keltirib yozuv kursisi ustiga yoydi.

– “Izvestiya”mi?

– Shundoq.

Mehmon yigitning koʻzi darhol gazeta sahifasining pastki oʻng burchagidagi sarlavhaga tushdi. Ovoz chiqarib oʻqidi:

– “Smena pravitelstva v Buxare”… “Beseda s sekretarem SK RKP tovarishʼem Rudzudakom…”

Oʻqishdan toʻxtadi.

– Oʻqisinlar, bemalol oʻqisinlar, – dedi bamaylixotir ustoz.

Mehmon yigit barmogʻining uchini matn boʻylab yurgizib maqolani shoshilib oʻqishga kirishdi:

– Nozirlar kengashi raisi va tashqi ishlar noziri Otaxoʻjayev… moliya vaziri Sattorxon, maorif vaziri, yaʼni siz… yana Aminov, Yoqubzoda va boshqalar davlat banki sarmoyasini havoga sovurishda aybdor deb topildilar va hukumat tarkibidan chiqarildilar… Bu gazetni qayerdan oldingiz?

Ustoz boyagindan koʻra ancha vazmin tortgandi.

– Shkaf javonidan.

– Shkaf javoniga qanday kelib qolgan?! – Mehmon yigit gazeta sahifasiga koʻz yugurtirdi. – Avgustning oʻn birinchi kunidagi gazit qanday qilib sizning qoʻlingizga tushgani?..

– Tasodif.

– Tasodif? – Ishonmay soʻradi mehmon.

– Yuqori javonga toʻshalganicha qolgan ekan, xizmatchilar unutganlar. Buni tasodif deydilar-da, inim, tasodif.

Yigit shundagina chang-chungni artib-tozalayotgan ayolcha tomon oʻgirildi.

– Uvajayemaya, – deya murojaat qildi ovozini muloyimlashtirib.

Ayolcha tabassum bilan yigitga qaradi.

– Slushayu, molodoy chelovek.

– Hojati yoʻq! – dedi past, lekin qatʼiy ovozda ustoz. – Bunga aloqasi yoʻq.

Mehmon yigitning lutfi ogʻzida qoldi.

– Bolshoye spasibo, blagodaryu, – dedi ustoz ayolchaga muloyimlik bilan.

Ayolcha hayron boʻlganini sezdirmadi, bu gʻalati muomaladan ajablanib kulimsiradi-qoʻydi.

– Davlat mablagʻini sovurish aybini boʻynimizga ilishdi, soʻngra, mana, mudarrislik vazifasini ishonishdi. Ishlayapmiz…

Mehmon yigit gap nima haqda borayotganini eslab qoldi shekilli, birdan tusini oʻzgartirdi. U gazetdagi mazkur suhbatdan xabardor edimi yoxud mana shu yerda ilk safar oʻqidimi – mezbon shu taxminiga doir oʻylarini oxiriga yetkazolmadi.

– Har qalay, – dedi yigit mijgʻovlanib, – nima boʻlgan taqdirda ham manavinday shart-sharoitlar muhayyo etilgan xonani emin-erkinlikda yashash va ijod qilish uchun ixtiyoringizga berib qoʻygan ekanlar, siz “Mening kecham” deb sheʼr yozishingiz… Bilmadim, ustoz, bilmadim…

“… chin ila shikan qilgʻil!..” – Beixtiyor ogʻziga kelgan mashhur misrani koʻnglidan kechirdi ustoz. Shogird esa aftidan hayajonini oxirigacha izhor etib ulgurmagandi.

– Tushunmadim, ustoz sizni, tushunolmadim, – deb tugalladi nihoyat u mulohazasini ham tantanavor va hatto tanbehona ohangda.

“… ignadin tikan qilgʻil!..” – deya hayqirdi ustoz ichida, shu ahvoli oʻzining tasavvurida yopirilgan poʻrtana komida qolgan odam ahvoliga oʻxshab ketdi. Koʻzi oʻziga tikkasiga qarab turgan mehmon yigitning yiltillagan koʻzlari bilan toʻqnashdi. Biror kori hol yuz bermasligi uchun ham ogʻziga kelgan soʻzni aytishga majburiyat sezdi.

– U holda… Men “Mening kecham” degan boʻlsam, siz kunduz deb yozing, yozganingizni “Mening kunduzim” deb nomlang.

Mehmon yigit uzoq izlagan tashbehiga munosib taʼrifni nihoyat topgan shoirdek quvonib ketdi, hayajonini yashirmadi ham:

– Yozaman! “Mening kunduzim”ni albatta yozaman! Zudlik bilan yozaman!

– E ofarin! Uh ofarin! Voh ofarin-n! – Ustoz muallim kulgisini pardalash maqsadida atayin hayratlanyaptimi yoxud hayratlar bahonasida qah-qaha otayotirmi – buning farqiga bormagan mehmon yigitni ustozning zalvorli tovushi, tovushiga qoʻshilib aytgan soʻzi battar lol qoldirdi. – Ajab qilasiz! Shunday deb yozing! Barakallo, hazo-or barakallo! “Mening kunduz…”, astagʻfirulloh, “Sizning kunduzingiz”, sizning!..

Badiiy baquvvat sheʼr ijod etmoqlik uchun quruq isteʼdodning oʻzi kifoya qilmas, buning uchun tajriba, hayotiy tajriba ham zarur ekan. Hayotiy tajriba – nozik did, hayotiy farosat, hayotiy nigoh…

Ustoz boyaginda xayolidan kechgan oʻylarini aynan takrorlayotganini sezsa-da, bundan boshqa hech vaqoni shuuriga keltirolmadi shu tobda. Mehmon yigit esa… nahotki “Chigʻatoy gurungi”da shoirlik va nafis nazmiy mahorat bobida berilgan saboqlar, bir yilgina muqaddam “Yosh oʻzbek shoirlari” toʻplamidan joy bergani uchun ustozga minnatdorligini ifoda qilishga soʻz topolmay qaltirib turgan navqiron shoir Maskovga oʻqishga kelibdiyu ustozga nasihat qilishga, nasihat ham gapmi, tanbeh berishga oʻzini haqli sanamoqda?! Ertangi kuni-taqdiri oldidagi mavhumlikdan ogʻir ruhiy holatda yolgʻiz yashayotgan ustozning achchiq kinoyasini anglab yetolmaydigan darajada ziyraklikni boy bergan boʻlsa?!

– “Mijmar” taxallusi bilan yozgan asarlaringizda aksincha oʻt-olov, yorugʻlik-chiroq moʻlroq edi chamamda, ustoz?

– Mijmar?! – Ustoz dabdurustdan gap nima haqda borayotganini anglolmadi. Koʻzlarini yumib, fikrini tiniqlashtirishga urindi. Lablari asabiy titraganini hatto quyuq moʻylabi ham yashirolmadi. Esladi chogʻi, koʻzlari charaqlab ochildi, kulimsiradi. – Ha-a, Mijmar, Mijmarni soʻrayapsiz-a? Yo, alhazar, unutayozibman.

– Hozirgina siz nomini eslagan shoirimiz besh-oltita taxallusda… oʻz ismi bilan oshkora yozmaslik jurʼatsizlik alomati emasmi?

Ustoz Choʻlponning shaʼniga qaratilgan pichingni oxirigacha eshitsa dilbar va rubobiy sheʼrlar yaratgan sadoqatli shogirdiga xiyonat qilayotgandek his etdi oʻzini.

– “Mijmar”dan hoʻ-oʻ Istanbulda voz kechganman, – dedi “Yetar, bas qil!” degan ohangda. – Taxallus tanlash mutlaqo shaxsiy xohish-iroda ishi. Aytdim-ku, siz oʻz taxallusingiz ostida “Kunduzi”ngizni yozib koʻring. Sizning nazaringizda kunduz boʻlsa, kunduz boʻlaqolsin. Sizga tortiq etilgan yashash va oʻqish uchun shart-sharoit menikidan kam emas koʻrinadi.

Mehmon yigit mezbonning ovozidagi kesatiq ohangini payqamadi.

– Albatta yozaman. Keltirib, sizga oʻqib beraman, – dedi u nekbin kayfiyatda.

– Shoyad…

Ustoz boshqa soʻz topolmadi. Suhbat yana davom etguday boʻlsa, sogʻinchlarga toʻla ustoz-shogird diydorlashuvi oʻnglab boʻlmas xijolatvozlikka aylanishi muqarrarlashayotgan edi.

“Professor” odatdagi qiziqqonligini, tajangligini qanday qilib yenga olganiga oʻzi ham hayron, nazarida jismi boshqa-aytayotgan soʻzlari, ogʻzidan chiqayotgan lutfi karami boshqa edi. Navqiron shoir yigit esa yoshlik-gʻoʻrlik ishtiyoqi toʻlqinida vaziyat-holat zamiridagi taranglikni payqamayotgan, fahmi, oʻy-xayolini tamomila “Kunduz” band etgan edi…

Mehmon harchand qarshilik koʻrsatmasin ustoz uni kuzatib tashqariga chiqdi. Uning bu harakatlarida mehmonning hurmatini joyiga qoʻyish niyati astoydil edimi yoxud ichkarida davom etgan asabiy suhbatdan ozorlangan qalbi ochiq havoni istadimi, har qalay qoʻnalgʻadan yigirma-oʻttiz odimlar narida boshlangan quyuq daraxtzor tomondan gup etib urilgan sovuq namchil havodan koʻksini toʻldirib nafas oldi.

Ustoz ichidan gupurib aftiga tepchigan tugʻyonni qorongʻida yosh mehmon yigit payqamaganligidan mamnun boʻlib, yengil tortdi. Shu zahoti koʻkdan tushganday paydo boʻlgan qoʻsh otli foytun kelib toʻxtadiyu, mehmon xayrlashganicha lip etib sakrab unga mindi.

Ustoz daraxtzor tomon yurishda davom etdi. Yurgani sayin koʻz oʻngidagi zulukday qorongʻi parda yanayam quyuqlashdi. Yomgʻir boyagi shashtidan tushgan, bitta-yarimta tomchilayotgandi. Tim qora, tund bulut shahar osmonini butkul qoplagan, bosh koʻtarib qaragan odamni tepadan ezib-yanchib, oyoq ostiga qorishtirib tashlaguday vajohatda bosib tushayotgan edi.

– “Kecham” desang ham, “Kunduz” desang ham shafqat qilmas bu mudhish zimiston, millatdosh inim! “Kecham” desang ham, “Kunduz” desang ham!..

Ustoz ochiq koʻksiga ignadek sanchilayotgan sovuqqa eʼtibor bermay osmonga qaradi, atrofga alangladi. Yonida hech kimsa yoʻq – qorongʻilik qaʼrida yolgʻiz, tanho oʻzi poyi piyoda boraverdi. Ohista, deyarli shivirlab aytdi:

 

– Koʻk yoʻq emish, yer yoʻq emish, quyosh bilan yulduz yoʻq…

 

Oʻrmonzor oralab ichkarilayverdi. Betiga zax, mogʻor isi gup etib urdi. Pisand etmadi. Oyogʻiga quruq-hoʻl xazon aralash chaplashdi. Har qanday maʼrifatli qalb sohibini yuhodek yutib yuborishga qodir oʻrmonni tark etishni-da oʻylamay, yoʻq, aksincha tepa shoxlari koʻrinmas bahaybat daraxtlarni bosib-yanchib oʻtish qasdida shaxdam qadamlar ila ilgarilayverdi. Zimistonni larzaga solgudek, tanasiga quchoq yetmas daraxtlarni ildiz-pildizi bilan agʻdar-toʻntar qilib tashlagudek vajohatda, bor ovozda hayqirib oʻqidi:

 

Koʻk yoʻq emish, yer yoʻq emish, quyosh bilan yulduz yoʻq,

oy yoʻq emish, zamon-da yoʻq, kecha bilan kunduz yoʻq.

Yoʻq bir narsa, yoʻq bir kimsa, yoʻq bir sifat, yoʻq bir ism,

yoʻq bir nisbat, yoʻq bir holat, yoʻq bir maʼno, yoʻq bir jism…

 

Yana va yana takrorladi, koʻksidan-vujudidan otilib chiqqan alanga roʻparasidagi daraxtlarga tarmashdi, atrof yorishdi, qaddini tik tutib zulmat qoplagan olislarga mamnun koʻz tikdi. Koʻzidan, aʼzoi badanidan tinimsiz taralayotgan nur yoʻliga shuʼla boʻlib toʻshaldi – juda olis bir nuqtadagina elas-elas yorugʻ sharpa koʻrindi. Ustoz diqqatini jamladi. Chuqur xoʻrsindi. Entikib ketdi. Sinchiklab tikildi, shivirladi:

 

– Oldimizni toʻsgan bulut parchasi

Kuchli bir yel koʻrgach turmas, yirtilar,

Umid guli… Umid guli bizim uchun ham tugʻar…

Qaygʻurmagil! Qaygʻurmagil, sira, ey haq tuygʻusi!.. Haq tuygʻusi…

 

* * *

 

Oradan roppa-rosa bir kun oʻtdi. Hali qosh qoraymagan edi, eshik taqilladi, “oʻrtoq professor” odatdagidek javob bermadi. Eshik ochilib… kechagi mehmon yigit koʻrindi.

– Sheʼr tayyor, opkeldim! – dedi u ustozidan suyunchi tilayotgan shogirdlik kayfiyatida quvonib.

Ustoz hang-mang boʻlib qolganini sezdirmay kulimsiradi. Bir kunda, bir zumda yozilgan sheʼr!.. U bir soʻz aytib ulgurmay yozuv kursisi ustidagi varaqda “Mening kunduzim”ga koʻzi tushdi.

Shu oqshom ijodiy muloqot, aniqrogʻi, tahririy tuzatishlar xiyla choʻzildi. Pirovardida ustoz ikki enlik maktub yozib shogirdining qoʻliga tutqazdi:

“Inqilob” jaridasigʻa.

Ushbu ikki yangi sheʼr – kaminaning qalamiga mansub “Mening kecham” hamda yosh, navqiron shoirimiz mirza Botu bitgan “Mening kunduzim” sheʼrini nazmiy mubohasa sifatida bir sahifada chop etsangizlar.

Kamoli hurmat ila Abdurauf Fitrat. 1923 yil 14 oʻktabr. Maskov”.

 

Xurshid DOʻSTMUHAMMAD

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2017–2

 


[1]  Tarjimasi:  Bizning uyimizni xarob qilgan zulmdir,

          Siynamizni kabob qilgan zulmdir.

[2]  Tarjimasi: Yuzingdagi termi yo gulobmi?

 

https://saviya.uz/ijod/nasr/umid-guli/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x