Sharbatga toʻla meva yoki bemaza yoʻgurt

Yelena BELYAKOVA

 

Jorji Amadu va Paulo Koelo – brazil adabiyotidagi ikki davrning ikki yirik namoyandasidir. Bu mashhur brazil adiblarining asarlari dunyoning deyarli barcha tillariga tarjima qilingan. Ularning kitoblari adadi oʻnlab milliondan oshadi. Shunday boʻlishiga qaramasdan, bu ikkala muallif ijodiga tamoman qarama-qarshi munosabat mavjud. Yaʼni, Amadu ijodi adabiyotdagi baynalmilallikning, Koelo asarlari esa globalizmning timsoli sifatida koʻrsatiladi.

Bir qarashda, baynalmilallik va globalizm bir-biriga yaqin tushuncha koʻrinadi. Aslida esa, ular mazmun-mohiyatiga koʻra tamoman teskaridir. Baynalmilallik millatlar oʻrtasidagi doʻstlik, hamkorlikni, xalqlarning hamjihatligini targʻib etib, madaniyat, ilm-fan, texnologiyaning oʻzaro aloqadorlikda rivojlanishini yoqlaydigan mafkuradir. Baynalmilallik bir madaniyatning boshqa millat madaniyati ustidan hukmron boʻlishi yoki uni yoʻq qilishni anglatmaydi. Aksincha, milliy madaniyatlar bir-biriga taʼsir koʻrsatib, ravnaq topishi, gullab-yashnashini bildiradi.

Globalizm – bu milliy madaniyatlarning buzilishi, aynishi va mavh etilishidir. Chunki, globalizm insoniyatga turlicha madaniyatga ega millatlari boʻlmagan bir turdagi individlar ommasi sifatida qaraydi. Emishki, yer sharining istalgan joyida – Nyu-York, Rio-de-Janeyro, Parij, Moskva yoki Cherepovsedagi doʻkonlar peshtaxtasida ham bir xil mahsulotlar turadi, koʻchalarda bir xil avtomobillar yuradi, odamlar bir xil kiyim kiyadi va, ayni, bir xil filmlarni tomosha qilishadi.

Baynalmilallik insoniyatning istiqbolini har bir millat madaniyatidagi eng yaxshi jihatlardan tarkib topadigan yagona umuminsoniy madaniyatni yaratishda koʻradi va globallashtirish xalqlar madaniyatini boyitmaydi, balki uni bir xil shaklga solib barbod qiladi, deb biladi. Xalqlar madaniyatidagi oʻziga xos milliy xususiyatlarni yoʻqotish barcha xalqlar madaniyatidan ustun turadigan afzal bir madaniyatning oʻrnatilishiga olib keladi, deb oʻylash xato. Aslo, bunday boʻlmaydi. Bu, umuman, madaniyatning yoʻqotilishiga olib keladi. Chunki milliy ildizlaridan mahrum madaniyat xuddi qirqilgan daraxt singari qurib bitadi.

Jorji Amadu shoʻro yozuvchilarining ikkinchi sʼyezdidagi nutqida baynalmilallikning adabiyotdagi mohiyatini: “Bizning kitoblarimiz – romanlarimiz yoki sheʼrlarimiz inqilob ishiga xizmat qila olsin. Ular, eng avvalo, brazilcha boʻlishi zarur. Ularning baynalmilalligi shunda koʻrinadi”, deya ifodalagan edi. Amaduning ijodi bu qarashning yorqin namunasidir. U barcha brazil yozuvchilari orasidagi haqiqiy brazil adibi sifatida butun dunyoga mashhur. Amadu asarlarini butun dunyoda sevib oʻqishadi. Chunki u oʻz xalqining qalbini ochib koʻrsata olgan. Braziliyaliklarning boshqalardan ajralib turadigan jihati esa shundaki, ular tabiatan optimist boʻlib, kunlarini shodu xurramlik, quvonch bilan oʻtkazishadi. Amaduning yuksak mahorati tufayli braziliyaliklarga ana shu oʻziga xos fazilat xuddi “jumboq rus qalbi” singari jahon adabiyotida oʻz aksini topdi. Jorji Amaduning ilk romani “Karnavallar mamlakati”dan tortib, soʻnggi “Piranyasada moʻjiza” asarigacha brazil xalqining oʻziga xos turmush tarzini gavdalantiradi. Adib asarlari ayni jihati bilan osmonini bulut qoplab, yeridan yetti oy qor ketmaydigan, bahor hech qachon kelmaydigandek tuyulganidan optimist boʻlish mushkul Rossiya singari mamlakatlardagi kishilar maʼnaviyatiga ijobiy taʼsir etadi. Amaduning romanlari bunday murakkab sharoitda yashayotgan odamlar uchun S darmon-dorisiga aylanib, ularda hayotga intilish hissini oshiradi.

Amaduning qahramonlari rangsiz, tussiz, shunchaki harakatlanadigan bir qolipdagi sharpalar emas. Ularning har biri oʻz manzil, makoniga ega. Har birining oʻziga xos tashqi qiyofasi, feʼl-atvori, oʻz hayoti va qismati bor. Shu bois hech bir kishi adib asarlaridagi Don Florni Gabriela yoki Tereza Batista, Kaprala Martinani esa Pedro Pula bilan adashtirmaydi. Ular oʻquvchi koʻz oʻngida xuddi hayotdagi odamlar singari namoyon boʻladi. Dunyodagi millionlab kishilar adib qahramonlari bilan birgalikda shodlanib quvonadi, iztirobga tushib yigʻlaydi. Chunki ular xuddi hayotdagi kishilarga oʻxshaydi. Amadu ularni jonajon Baiyasi koʻchalarida, tevarak-atrofidagi odamlar orasida koʻrgan, kuzatgan. Koeloning kitoblarida esa qahramonlar yoʻq. Ularda, hatto, personajlar ham mavjud emas. Uning kitoblarida uzuq chiziqlar bilan chizilgan, millati ham, yoshi ham, feʼl-atvori ham noayon sharpa mavjud, xolos. Bu sharpalar turli zamonda, har xil oʻlkalarda yashashi aytilsa-da, ular shunchalik oʻxshashki, bir-biridan deyarli farq qilmaydi. Muallif asarlarida kitobdan-kitobga oʻtgan bir xil qiyofalar turganga oʻxshaydi. Ular Paulo Koeloning oʻzi boʻlib koʻrinadi. Goʻyo Koelo karnavalda turli niqoblarni taqqan, deysiz. Koelo oʻylab oʻtirmasdan xayoliga kelganini yozaveradi. Bu toʻgʻrida uning oʻzi “Domino qoidalari”da ochiqdan-ochiq: “Toʻgʻrisi, oʻzim yaxshi biladigan bir kishi, yaʼni, oʻzim haqimda yozaman”, degan.

Jorji Amadu oʻsha paytda shoʻro mamlakatida mafkuraviy asoslarga koʻra “bosh brazil adibi” rolini bajaruvchi sifatida tanlangan edi. Ammo shoʻro oʻquvchilari uni ilk kitoblari bosilib chiqishi bilan chin dildan sevib qolishdi. Amadu ijodining taniqli tadqiqotchisi V. N. Kuteyshikov bu haqda eslab: “Oʻshanda olis Yangi Dunyo oʻlkalarida sirli hayot kechirayotgan notanish kishilarning tugʻyon, ehtiroslari qalbimizga tropika boʻroni yangligʻ bostirib kirgan edi”, deydi.

Paulo Koelo, hatto, bu jihatdan ham Amaduga tamoman teskari. Uning rus tiliga oʻgirilgan ilk romani “Alkimyogar” 1998 yilda bosilib chiqqanida oʻquvchilar mutlaqo eʼtibor qilishmadi. Noshirlar “Alkimyogar”ni bestsellerga aylantirish uchun ancha ter toʻkishdi. Ular Koeloning asarlarini targʻib etish uchun Jorji Amaduning tushiga ham kirmagan qudratli PR aksiyalaridan foydalanishdi. Paulo 2002 yildan beri Rossiyaga muntazam kelib turadi va uning tashriflari ommaviy axborot vositalarida keng yoritiladi. Uning birinchi kelishi juda dabdabali boʻlgan: eng ommaviy nashrlarda yozuvchi bilan suhbatlar chop qilingan. Birinchi kanalda uning toʻgʻrisida film namoyish etilgan, Koeloning oʻzi “Domino qoidalari”ga oʻxshash bir necha tok-shouda ishtirok etib, matbuot anjumanlarida kitobxonlar bilan uchrashuvlarda qatnashgan edi. “Oq bulutlar” madaniyat markazi esa Koelo kitoblari asosida maxsus etno teatr festivali tayyorlagan edi. Tabiiyki, bu tadbirlar oʻshandayoq natija bergan edi. 2008 yil sentyabrdan uning barcha kitoblari sotilib ketdi. Koeloning rus tilidagi beshta asari oʻntalik bestseller qatoridan oʻrin egalladi.

Ayni paytgacha Koeloning 13 kitobi rus tiliga tarjima qilingan. U shu tariqa Amadudan keyin braziliyalik mualliflar orasida rus tiliga tarjima qilinishiga koʻra ikkinchi yozuvchiga aylandi. Ammo Koeloni braziliyalik yozuvchi deb boʻlarmikan? Uning toʻgʻrisidagi dastlabki maqolalardan birida: “Hech qachon Braziliya toʻgʻrisida yozmaydigan braziliyalik”, deyilgan. Chunki uning kitoblarida brazilcha biror narsa yoʻq. Ular milliylikdan butunlay mahrum. Koeloning qahramonlari tabiatan globalistdir.

Koeloning falsafiy munozaralari badiiy adabiyotga aslo aloqador emas. Chunki uning kitoblarida oʻquvchi birga hayajonga tushishi, qaygʻurishi mumkin jonli qahramonlar obrazi koʻrinmaydi. Muallifning mushohadalari kimlarningdir fikridan olingan iqtibosga oʻxshaydi. Yozuvchi koʻpchilikka ayon haqiqatlarni tasdiqlaydi. Koeloning barcha asarlarida hayotda har bir kishining oʻz yoʻli bor, ammo hamma ham istak-orzulariga yetkazadigan bu yoʻldan qatʼiyat bilan oxirigacha borolmaydi, degan bir fikr oʻn martalab qayta takrorlanadi. Taʼkidlash joizki, Paulo Koelo bu borada ulugʻ adibning kam soʻzga keng fikrni joylab yozish kerak, degan oʻgitiga qatʼiy amal qilib, boshqa bir gʻoyani tiqishtirmasdan, boshqacha qarashni qarama-qarshi qoʻymasdan yagona bir fikrini yuzdan oshiqroq sahifaga kengu moʻl qilib joylaydi.

Koelo kim toʻgʻrisida, nima haqida yozmasin, u pand-nasihat, oʻgitlar jamlanmasi boʻlib qoladi. Shu boisdan uning asarlari bir-biriga juda oʻxshaydi. Yozuvchining bir necha kitobini oʻqigach, ular aslida bitta kitob ekani ayon boʻladi.

Paulo oʻzining nasihatgoʻyligi, odob-axloq oʻrgatishi, “yoʻl izlash”ga undashi, bu boradagi bilimini namoyish qilishi bilan kishini bezdirib qoʻyadigan darajada jonga tegadi. Mana, u oʻzining “Oʻn bir daqiqa” kitobi toʻgʻrisida nima deydi: “Ushbu roman seks mohiyatini tushunish yoʻli toʻgʻrisida boʻlib, men uni oʻzimning shaxsiy hayotimni anglash uchun yozdim”. Paulo Koelo Lyuiz Kerrollning kitobidagi Gersoginyani eslatadi. Alisa menga aql oʻrgatavermang, deganida u: “Jonginam, men nasihat qilishdan boshqasini bilmayman”, deydi. Achinarlisi shundaki, Koelo kimgadir aql oʻrgatmaydi, u pand-nasihatlarini yozadi. Nahotki 50 million odam (kitoblari adadini shuncha deyishadi)ga uning kitoblari yoqsa?

Koelo asarlarining tili nihoyatda joʻn boʻlib, unda badiiylikning biror unsuri koʻrinmaydi. Amadu asarlaridan farqli oʻlaroq, Koeloning yozganlarida muallifga xos uslub sezilmaydi. Shuning uchun uning kitoblarini juda osonlik bilan istalgan xorijiy tilga oʻgirish mumkin. Toʻgʻrirogʻi, ular aslida aynan shuni hisobga olib yaratiladi.

Yaxshi badiiy kitob, aslida, hayot darsligidir. Ha, hayot darsligi, bayonnomasi emas. Bunday kitob, avvalo, kishining his-tuygʻulariga taʼsir oʻtkazib, uning qalbini butkul egallab oladi. Undan ayrilishning iloji boʻlmay qoladi. Jorji Amaduning asarlari shunday: biz ularning qahramonlarini sevib qolamiz yoki nafratlanamiz, ular bilan birga zavqlanamiz yoki hayratga tushamiz, qanday yashash kerakligi haqida oʻyga tolamiz.

Koeloning kitoblari bunday emas. Uning yozganlari qalbga kirib borib, kishida xayol-tasavvur uygʻotmaydi. Ular oʻziga bino qoʻygan, manman, mijgʻov odamga oʻxshaydi. Koelo uchun hazil, yumor hissi tamoman begona. U oʻziga ham, ijodiga ham allaqanday takabburlik bilan qaraydi. Sira oʻylab oʻtirmasdan: “Men ajoyib yozuvchiman…”, deb daʼvo qiladi. Jorji Amadu esa hamisha oʻzi toʻgʻrisida: “Men Baiya shtatidan bor-yoʻgʻi kichik bir yozuvchiman”, derdi.

Obrazli ifodalaganda, Amadu ijodi shiraga toʻla tropik meva boʻlsa, Koeloning kitoblari sunʼiy qoʻshimcha va boʻyoqlardan boʻlak hech narsasi yoʻq taʼmsiz yoʻgurtdir. Koeloning asarlari oʻrta toifadagi isteʼmolchilar didiga mos keladi. Ularni intellektual darajasi joʻn odamlar qiziqib oʻqiydi. Asl adabiyot kitobxonlar qalbini bezovta qilib, dunyoning abadiy muammosi – oʻzi va olam toʻgʻrisida mushohada qilishga majbur etadi. Koeloning asarlari esa xuddi uy ichida kiyiladigan boshmoq singari muloyim va qulay boʻlib, ular birgina his – oʻzidan toʻla mamnunlik hissini tugʻdiradi.

Koeloning bitiklariga oʻxshash adabiyot, bir qarashda, mafkuradan xoliga oʻxshaydi. Aslida esa, bu xil adabiyot aniq va qatʼiy dunyoqarash – globalizm mafkurasini ifodalaydi. Jorji Amaduning kitoblari kurashchi va yaratuvchini tarbiyalasa, Koeloniki isteʼmolchilarni yetishtiradi. Bu isteʼmolchilar uchun kitob ham yoʻgurt yoki changyutgich singari mahsulotdir.

Jorji Amadu yoki Paulo Koelo: bu kurashda kim gʻolib chiqadi? Koelo kitoblariga qiziqish pasayib, Amadu asarlariga intilish ortib borayotgani insoniyatda hali imkoniyat borligini bildiradi.

 

(Maqola “Literaturnaya gazeta”ning 2012 yil 8-14 avgust (№32-33) sonidan olindi.)

Rus tilidan Abdulla ULUGʻOV tarjimasi

 

“Sharq yulduzi”, 2012–5

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sharbatga-tola-meva-oki-bemaza-yogurt/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x