“Shabnam yaltiraydi bamisli yoqut”

Qor

 

Olam bagʻrin belab oppoq boʻyoqqa,

Bir kechada yogʻib chiqdi oppoq qor.

Poklik kezar, koʻz tashlamang qayoqqa,

Zamin oppoq, osmon tiniq, begʻubor.

 

Qish faslidir, aslo, ranjimang, doʻstlar,

Agar oʻngu soʻlingizda qor boʻlsa.

Dunyoda bor insonlarning koʻngli ham

Koshki edi, qordek begʻubor boʻlsa.

 

Toʻrtlik

 

Har ne oʻlchanur tosh-tarozi bilan,

Inson qadr topgay tavoze bilan.

Qarqunoqdan bulbul chiqmagay hargiz,

Bulbul bulbuldir xush ovozi bilan.

 

Balxi tut

 

Qishloq. Koʻm-koʻk maysazorlar ichra kezaman,

Tonggi shabnam yaltiraydi bamisli yoqut.

Nigohini menga tikib turar sezaman,

Qishlogʻimiz chekkasida oʻsgan balxi tut.

 

Uni qachon, kim ekkanin hech kim bilmaydi,

Quyosh nurin, yomgʻirlarin ayamas bulut.

Qachon koʻrsang, osti gavjum, yolgʻiz qolmaydi,

Qishlogʻimiz chekkasida oʻsgan balxi tut.

 

Balki yuz yil boʻlgan unga, balki sal koʻproq,

Tegrasida aylanadi: hamal, mezon, hut.

Qishloq ahlin taqdiridan hamisha ogoh,

Qishlogʻimiz chekkasida oʻsgan balxi tut.

 

Buvim soʻzlab bergan edi, ushlab qoʻlimdan,

Urush elga keltirganda qoraxat, tobut.

Elni asrab qolgan ekan ochlik, oʻlimdan –

Qishlogʻimiz chekkasida oʻsgan balxi tut.

 

Tut pishigʻi. Qushlarga ham bizga ham yetar,

Moʻgʻjamaga lim-lim toʻlar barakayu qut.

Bir toʻysang bas, iligingni mudom toʻq tutar,

Qishlogʻimiz chekkasida oʻsgan balxi tut.

 

Qushlar har yil qaytib kelar qadrdon inga,

Baland, koʻrkam goʻshalarin etmasdan unut.

Tiriklikning ramzi boʻlib koʻrinar menga,

Qishlogʻimiz chekkasida oʻsgan balxi tut.

 

Garchi yillar shamolidan bagʻri dilxasta,

Olislarga termilgancha saqlaydi sukut.

Meni koʻrib qoʻllarini silkitar asta,

Qishlogʻimiz chekkasida oʻsgan balxi tut.

 

Ammo… Bu yil qishloq borsam… Mehr oʻlibdi,

Qolaverdim figʻonimdan chiqqanicha dud.

Bir nokasning tandiriga oʻtin boʻlibdi,

Qishlogʻimiz chekkasida oʻsgan balxi tut.

 

Ona ekanda

 

Ona alla aytar beshik tebratib,

Alla ham gʻamgin bir nola ekan-da.

Ulgʻaygach, ketguvchi koʻcha changitib,

Oh, bola, baribir, bola ekan-da!

 

Farzand tovoniga bir tikan kirsa,

Onaizor qalbi qonar ekan-da.

Qayerda boʻlmasin, qay chogʻ boʻlsa-da,

Dilbandim deb yonib kuyar ekan-da.

 

Uyqusiz kechalar, beorom tunlar,

Bir kun bari ortda qolar ekan-da.

Onayu farzandning oraligʻinda

Taqdir bir ayroliq solar ekan-da.

 

Qishloqdan shaharga yoʻl olgan oʻgʻlon,

Bir bandi qush boʻlib qolar ekan-da.

Koʻnglini mahv etib goʻzal bir jonon,

Mahbubam, yorim deb, yonar ekan-da.

 

Bir kuni uzilgay onaning joni –

Qirlarda toʻkilgan lola ekan-da.

Yo olam koʻzida jovdirab turgan –

Omonat tomchi yosh, jola ekan-da.

 

Yuzta beshikdan-da ogʻir bir tobut –

Onani bagʻriga olar ekan-da.

Koʻzing ochsang-chi, ey, farzandi noshud,

Volidang ketmoqda, axir kafanda!

 

Arvoh kapalakka aylanib har tun –

Ona ming jonsarak kelar ekan-da.

Bolamning ahvoli ne kechdiykin deb,

Dilbandidan xabar olar ekan-da.

 

Nima ham qilardik, ne ham der edik,

Faryod – bir ayovsiz nola ekan-da!

Oʻlsada, farzandin oʻylab ketguvchi:

Onalar baribir, ona ekan-da!

 

Mangu dars

 

Otam doim gʻamim yerdi,

Oʻrgatib yashash yoʻrigʻin:

– Unutmagil, bolam, – derdi, –

Bobongning eski chorigʻin!

 

Yetsa hamki boshing koʻkka,

Nafs yoʻlida tushma choʻkka,

Shudir Haq yoʻlning yoʻrigʻi –

Bobongning eski chorigʻi!

 

Darvozamizda misli tugʻ,

Turardi doim osigʻliq,

Goʻyoki bordek yorugʻi –

Bobomning eski chorigʻi!

 

Oradan koʻp yillar oʻtdi,

Qancha suvlar oqdi-ketdi,

Lek, tinmadi hech dovrugʻi –

Bobomning eski chorigʻi!

 

Aylanib men goh kiborga,

Tekkanda boshim devorga,

Bitkazdi manglay yorigʻin –

Bobomning eski chorigʻi!

 

Mudom meni qoʻllab turar,

Omadlarga yoʻllab turar,

Qalb sogʻinchi, dil ogʻrigʻi –

Bobomning eski chorigʻi!

 

Uzilmasin bogʻichi hech,

Tark etmasin sogʻinchi hech,

Imon qalʼamning qoʻrigʻi –

Bobomning eski chorigʻi!

 

Men uchun ham qarz, ham farzdir,

Mangu saboq, mangu darsdir,

Otamning yoʻlu yoʻrigʻi –

Bobomning eski chorigʻi!

 

Koʻhna naql

 

Tinmay aylanadi qoʻhna charxpalak,

Suv quyar zamonning tegirmoniga.

Inson rizq-roʻz izlab tunu kun halak,

Minnat qoʻshilmasin topgan noniga.

 

Koʻpning haqi – yetim haqidan yomon,

Dinu diyonating qoʻymagay omon,

Ochlikdan sulayib qolsa-da inson,

Minnat qoʻshilmasin topgan noniga.

 

Bordir har qilmishning savob-gunohi,

Bizdadir Ollohning tiyrak nigohi,

Insonga yetsinu vijdonin ohi,

Minnat qoʻshilmasin topgan noniga.

 

Birovning nafasin yutgani uchun,

Pufak tars yorilib ketgaydir bir kun,

Bandangni asragil, ey, charxi gardun,

Minnat qoʻshilmasin topgan noniga.

 

Zikrilla NEʼMAT

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–3

https://saviya.uz/ijod/nazm/shabnam-yaltiraydi-bamisli-yoqut/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x