Sakson yil lovullab soʻnmagan oʻt…

Jannatmakon ustozimiz Zulfiyaxonim, tom maʼnoda, ulkan shaxs edi. Biz – shogirdlari uchun hech qachon odatiy, oddiy odamga aylanib qolmasdilar. Har safar huzurlariga borganimizda (garchand baʼzan har kun diydorlashish nasib etsa-da) xuddi imtihonga, sinovga borayotgandek hayajon bilan borardik. Chimkent koʻchasidagi xonadonlariga borganimizda (koʻpincha dugonam Muhtarama bilan borardik) uchinchi qavatga koʻtarilgach, eshiklari oldida birpas turib, bir-birimizga:

– Toʻxtang, qoʻngʻiroqni bosmay turing, sal hayajonimizni bosib olaylik, – degan paytlarimiz boʻlardi.

Holbuki, Zulfiya opam bilan suhbatlashish juda maroqli edi. Shaxsan men opaning suhbatlaridan soʻng ijodga ishtiyoq bilan chiqardim. Chunki u kishi baʼzi ayollar davrasiga xos mayda gaplardan gapirmas, adabiyot maydonida nima gaplar, yoshlar nima yozyapti – shu mavzular atrofidagi gap-soʻzlarga qiziqar edilar.

Bir gal aynan yoshlar sheʼriyati haqida gap ketganda Xurshid Davronning yangi kitoblari, Gulandom Togʻayevaning “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgan turkumi haqida iliq fikrlar aytgandilar.

– Ijodkorlarning tasavvurlari keng boʻladi. Lekin bu qizning sheʼrlari bizning tasavvur doiramizdan ham chiqib ketganga oʻxshaydi. Oxirigacha hamma maʼnosini anglab yetolmaysan-u, anglaganing oʻzingga yoqadi, – degan edilar Gulandomni oʻqiganda.

Ustoz hamisha yaxshi ijodkorlar haqida mehr va havas bilan gapirardilar. Bunday deyishimga sabab bor. 80-yillar arafasi edi, adashmasam. Arman shoirasi Silva Kaputikyansning Moskvada bir necha tomdan iborat saylanmalari chop etilgan edi. Shoiraning oʻzlari (ular qadrdon edilar) Zulfiyaxonimga oʻsha kitoblarni yuborgan ekanlar. Opa ularni varaqlab oʻtirib:

– Qarang, qanaqa chiroyli kitoblar boʻlibdi. Faqat sheʼriyat, ijod dardu quvonchi bilan yashagan-da, bunaqa hayot har kimga ham nasib qilavermaydi, – degan edilar. Opaning bu soʻzlarida davrdosh shoira ijodiga ehtirom bilan birga har doim ham sheʼriyat dardu quvonchi bilan yashay olmagan onlari uchun armon ham bor edi, albatta.

Zulfiya opa, odatda, sahar turib, bir finjon qahva ichib ijod stoliga oʻtirardilar. Biror sheʼrni koʻngildagidek yakunlasalar, oʻqib berardilar. Opaning sheʼr oʻqigan onlarini juda yaxshi koʻrardim. Koʻzlari charaqlab ketardi.

Men opaning ijodiy jarayonlariga, ayniqsa, ijodlarining gultoji boʻlgan “Xotiram siniqlari” dostonining yozilish tarixiga guvoh boʻlganimdan nihoyatda faxrlanib yuraman.

Ustoz tavalludining 80 yillik tantanalariga tayyorgarlik boshlangan kunlar edi. Gazeta, jurnallar materiallar soʻrashar, opa har kuni xazinasini varaqlardi.

Galdagi shunday jarayonlarning birida:

– Qizimjon, (opa meni koʻpincha shunday chaqirardilar) davr yangilandi. Butunlay boshqacha ruhdagi zamon kelyapti. Men ham boshqacha bir narsa yozishga burchliman, – dedilar. (Ehtimol, ustoz aynan shunday demagandirlar, lekin suhbatimiz shunday mavzuda boshlangani aniq).

– Bir narsam bor-u, lekin sochilib yotibdi, yigʻa olmayapman. Har gal qoʻlimga olganda yuragim tugatib tashlaydiganga oʻxshaydi-yu, boshim charchab qoladi, – dedilar.

– Qani oʻsha yozganlaringiz? – dedim.

Opa oddiy ish daftariga eski yozuvda (ustoz odatda qoralamalarini shu yozuvda yozib, soʻng kirilchaga koʻchirardilar, “Menga shunisi qulay”, derdilar) yozilgan qoralamalarini oʻqiy boshladilar. Oxirigacha “qilt” etmay oʻtirib eshitdim.

– Axir, bu bir narsa emas-ku, Zulfiya opa, bu zoʻr doston boʻladi, – dedim. – Faqat bandlarni joy-joyiga qoʻyib chiqish kerak.

Shoir yozganlarining bahosini yaxshi biladi, lekin kimdir fikrdosh boʻlsa, baribir boshqacha kayfiyatda boʻladi. Hatto, oʻsha kimdir menday havaskor shogird boʻlsa-da…

– Sen shunday oʻylayapsanmi? – dedilar. Ovozlari boshqacha jaranglab, koʻzlari boshqacha chaqnadi.

– Albatta! Siz aytib turing, men kirilchada yozaman, – dedim.

Ustoz divanga bemalol oʻtirib olib qoralamalarini oʻqiy boshladilar. Koʻchirib boʻlgach, men baland ovozda hayajon bilan oʻqib berdim. Opa:

– Eshitganda aniq bilinar ekan, mana bu bandni oldinga olish kerak, bunisini orqaga, – deya baʼzi bandlarning oʻrnini almashtirdilar.

– Men ertaga sahar turib yana bir qarab chiqaman, keyin yana bir oʻqiymiz, – dedilar…

Ertalab ishga ketayotib, Chimkent koʻchasidagi uylariga kirdim. Ustoz horgʻin, lekin juda baxtiyor edilar. Kecha oʻqigan dostonga bir necha bandlar qoʻshilgan edi. Jumladan, birinchi oʻqiganimizda mana bu bandlar yoʻq edi. Bu betakror satrlar bugungi saharning – istiqlol saharining bergan imkoni tufayli dunyoga kelgan edi.

 

Hurriyat, keldingmi – nahotki kelding,

Pinhona sogʻindim, pinhona kuydim.

Yomgʻirga bagʻrini tutgan sahrodek –

Sening nasimingga qalbimni tutdim.

 

…Yodim siniqlari, qalq, ovoz beray

Qalqdi, yuragim, chida, ber bardosh,

Qaragin titroqda – hammasi jonli,

Qara, hammasining yuzi qontalash…

 

Men bor ovozim bilan hayajondan titrab, koʻzimda yosh bilan dostonni oʻqir ekanman, ustozning yillar davomida xotiralariga choʻkib yotgan, zamon toʻlqinlarida qalqib chiqqan armonlarining suvratini koʻrardim.

 

…Aka, jonim akam – jondoshim akam

Oltmish yil izimga qaytib, yigʻlayin.

Boʻgʻzimda tosh boʻlgan yoʻqlovlarimni

“Oh”larim eritar – aytib yigʻlayin.

 

kabi satrlarni takror va takror oʻqirdim. Ancha payt doston taʼsirida oʻtirdim.

– Bu dostonni nima deb ataymiz endi? – dedilar va oʻzlari:

– Xotiram parchalari… – dedilar. Indamay qarab turgandim:

– Yoʻq. Xotiram siniqlari… – dedilar…

Sarlavhadagi “siniq” soʻzida jarohat ham bor, soʻz juda joyiga tushgan edi.

“Xotiram siniqlari” koʻp oʻtmay matbuotda chop etildi. Doston samimiyati, insoniy dardning chin inʼikosi sifatida adabiy jamoatchilik, sheʼriyat muxlislari tomonidan juda iliq qarshi olindi. Va bu asar istiqlol tufayli hayrati, jasorati yana bir bosh balandlagan Zulfiyaxonimning goʻzal imkoniyatlarini namoyon etdi. Ustozning tavallud kunlari poytaxtimizning “Turkiston” saroyida nishonlandi.

Opa tantana yakunida minnatdorchilik soʻzlarini sheʼrga uladilar.

Sheʼrdagi:

 

Sakson yil lovullab soʻnmagan oʻtman…

…Baxtim shul, oʻzbekning Zulfiyasiman… satrlari u kishi hayotligida ham, keyin ham qancha chiroyli davralarga bosh soʻz boʻldi.

Dunyoda hech narsa mangu emas. Davrlar oʻtadi, koʻp narsa unutiladi, hatto, oʻz davrida yaxshigina vazifa bajargan asarlar ham qachondir ohorini yoʻqotishi mumkin. Lekin xalq, millat ogʻrigʻiga, quvonchiga daxldor asarlar xalq va millat bilan birga yashab qoladi. Ustoz Zulfiyaxonimning “Xotiram siniqlari” dostoni ana shunday oʻlmas asarlardan biri sifatida xalqimiz, kelajak avlodlar uchun ham qadrlidir.

 

Qutlibeka RAHIMBOYEVA

 

“Yoshlik”, 2014 yil 11-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/sakson-yil-lovullab-sonmagan-ot/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x