Sabrning suvrati

Bu voqea bolaligimning olis yodida maʼyus bir oʻy boʻlib qotib qolganga oʻxshaydi. U paytlar men hali yosh edim. Toʻgʻrisini aytsam, Nazir togʻam bilan yangamning toʻylari qanday oʻtgani esimda qolmagan. Ammo ularning chigal taqdir kechmishlari hali-hanuz koʻz oʻngimdan ketmaydi…

Toʻylaridan oʻn kuncha oʻtib Nazir togʻam poytaxtga – oʻqishini davom ettirish uchun joʻnab ketdi. Yangam qaynonaci bilan qoldi. Elda gap urchidi: kuyovning kelinga koʻngli yoʻq emish, oʻzi bilan olib ketishni istamabdi. Dilafzo yangam texnikumni tugatgan ekan. Kelganidan koʻp oʻtmay maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlay boshladi. Togʻam ora-sirada kelib turar, ularning omonat munosabatlari shunday davom etar, lekin biror marta “baqir-chaqir”ni birov eshitgani yoʻq.

Hovlimiz maktabga yaqin boʻlgani uchun ertalabdan turib yuz-qoʻlimni yuvmasdan koʻchaga chiqar, Dilafzo yangamning ishga oʻtishlarini kutib oʻtiraverardim. Chunki u meni quruq qoldirib oʻtmas, yuzlarimdan oʻpib, erkalab, bir safar qoʻlimga qand bersa, boshqa safar mayizmi, parvardami berib oʻtardi. Saqich bergan kunlari-ku, men uchun haqiqiy shodiyonaga aylanardi. Shuning uchun ham uyimizdagilar harchand koyib toʻsqinlik qilishmasin, saharlab yoʻlga chiqib yangamni kutishni kanda qilmasdim.

Nazir togʻam menga yomon gapirmasa-da, Dilafzo yangamga boʻlgan sovuq muomalasi bois, negadir uni yomon koʻrib qolgandim. Shuning uchun u kishini uncha xushlamasdim. Yangamga bayram hisoblanmish togʻamning shahardan qaytishi mening bola koʻnglimda tushkunlik uygʻotar va bunday vaqtlari ularnikiga kamroq borishga harakat qilardim. Esimda, togʻam uyda kezlari Dilafzo yangam oyogʻini qoʻliga olib roʻzgʻor yumushlarini bajarar, bu ham yetmaganday xuddi uchib ketishga shay kapalakdek choʻchib turardi. Baland ovozda gapirmasdi, kulmasdi, biror sabab shovqinlab qolsam, menga ham barmogʻini labiga bosib “tsss” deb koʻrsatardi. Togʻam boʻlmagan vaqtlari yangam bilan suhbatlarimiz koʻpincha bir mavzu atrofida aylanardi.

– Hali togʻangiz bilan koʻchib ketsak… birga Toshkentda yashay boshlasak… sizni ham olib ketamiz, – derdi u xoʻrsinib-oʻksib.

– Qachon ketasiz oʻzi u yoqqa? – soʻrardim men, Toshkentga tezroq borish istagidan emas, azbaroyi bu mavzudan bezor boʻlganimdan…

***

Bir safar togʻam ichkari xonada kitob oʻqib oʻtirgan edi. Yangam dahlizda mashinada nimadir tikar, men yonida edim. Hazillashgisi keldimi, yangam tikayotgan gulli matosining qoldiqlaridan men uchun dastor – qalpoq tikib qoldi. Albatta, men koʻrinishidanoq hatto bolalarda ham kulgi uygʻotadigan bu “papax”ni kiyishdan bosh tortdim. Yangam esa qoʻlidagi bosh kiyim bilan meni dahliz boʻylab quva boshladi… Bir mahal roʻparamizdagi eshikning kutilmaganda qarsillab ochilishidan har ikkimiz choʻchib tushdik. Hushimizni yigʻib olganimizda, ostonada togʻam koʻzlaridan qahr va gʻazab uchqunlarini sochgancha yangamga tikilib turardi.

– B-bachkana! – dedi u yangamdan shiddatli nigohlarini uzmay. Keyin esa tashqariga eltadigan eshikni ochdi:

– Yoʻqol! – dedi menga qarab.

Men otilib hovliga chiqdimu baqirib yigʻlab yubordim. Uyimizgacha shunday yigʻlab, yugurib bordim.

– Ha bolam, nimaga yigʻlayapsan? – hovlimizga yetganimda peshvoz chiqdi onam. – Kim urdi?

– Togʻam urdi! Nazir togʻam urdi! – onamning bagʻriga oʻzimni tashlab, oʻpkamni bosolmasdan yigʻlardim men.

– Yoʻgʻ-a-ay… Nazir?.. Hazillashgandir-da… – lolu-hayron onam shoshib koʻzim yoshlarini artdi. – Axir u nimaga uradi seni? Kuchi mushtday goʻdakka yetadimi?!..

Ayni paytda men togʻamdan oʻch olishni juda-juda istardim. Oʻzim uchungina emas, yangam uchun ham oʻch olishni xohlardim.

Onam goʻyoki biror shikast yetgan boʻlishi mumkinday boshimni siypalab koʻrdi:

– Rostingni gapir, nimaga uradi?! – aytdi soʻngra. – Biror narsasiga teginganmiding?!

Onamning koʻzlarida jonsaraklik bilan birga oʻz ukasini ham ayab oʻtirmaydigan qatʼiyat bor edi. Burnimni shoʻrqillatib torta-torta, oxiri hamma voqeani roʻyi-rost gapirib berdim. Onam gaplarimni eshitib oʻyga choʻmib qoldi.

Ertasi kuni yangamni kutish uchun koʻchaga chiqmadim. Biroq, ishini tamomlagach, oʻzi eshik qoqib keldi. Darvozadan kirishi bilan menga koʻzi tushib, koʻtarib oldi:

– Alijon, nimaga bugun meni kutmadingiz?..

Men yangamning savoliga javob topib ulgurmay, onamning qorasi koʻrindi. Yangam meni qoʻlidan qoʻymasdan onamga qarab yurdi. Salom berib, soʻrashdi. Yangamning ovozida va oʻzini tutishida behalovatlik bor edi. Aftidan, kechagi gapni aytgan boʻlishimdan choʻchirdi.

– Shukur, kelin, shukur, – onam hech narsa boʻlmaganday tutardi oʻzini. – Soʻloqmonday bolani koʻtarib olganingizni qarang, qoʻying buni… Aytgancha, Nazir tuzukmi?

– Yaxshilar… – birdan boʻshashib qoldi yangam. – Bugun erta bilan joʻnab ketdilar…

Onamning sarosimaga tushgani sezildi.

– Nima?.. Darrov-a?… – dedi ajablangan va xokisor bir tovushda. – Bu safar oʻn-oʻn besh kun qolmoqchi edi-ku?..

Yangamning aybsigan nigohlari tagʻin yer chizdi…

***

Bora-bora togʻam qishloqqa deyarli kelmay qoʻydi. Dilafzo yangam har qancha yashirishga urinmasin, endi ikkisining oʻrtasidagi mojaro hammaga oydinlashib qolgandi. Qishloqdagi gaplardan, yuzlariga kun berkingan, qoshlariga qaldirgʻochlar qoʻnib ketgan malaksifat yangam kundan-kunga gulday soʻlib, toʻkilib borardi. Orada uyidagilar qaytarib olib ketamiz, deb bir-ikki janjal koʻtarib kelishsa-da, yangam ketishdan bosh tortdi.

Shunday kunlarning birida momom (onamning onasi) uyimizga kelib arzi hol qildi.

– Jonim hiqildogʻimga keldi goʻrsoʻxta ukangning dastidan! – deya qargʻandi onamga. – Shaharga yoʻqolib ketgani kamday, endi ajrashaman, deb xat joʻnatibdi! Sen opa boʻlib nasihat qilmaysan bunday…

– Mening gapimni olarmidi u olifta, ena?! – onam boshini changallab qoldi. – Oʻshanda sizga birga oʻqigan suyganim bor, dedi, ming zugʻum bilan oʻzingiz bitkazdingiz-ku!

– Bitmay bitanlar suqsinakan! – yigʻlab yubordi momom. – Bunaqa boʻlishini bilganimda shu ishni qilarmidim?! Axir, qozoq qizga uylanaman, dedi… Qozoq qizning qandayligini sen bilmasang, men bilmasam! Xudo bexabar kofir chiqsa nima qilardik?!..

– Ey-y, birovning bolasini bebaxt qilguncha kim bilan yashasayam tinch boʻlsin edi, – onam ham yigʻladi. – Gapirmaysan, deysiz… Kelinning koʻz oldimizda oyday ado boʻlayotganini koʻrib men kuymaymanmi, ena? Kim biladi, Xudoyimam tezroq tirnoq berib qolsa yaxshi boʻb ketisharmidi…

– Bularingni uyini saqlayman degan umidlarim umganidan uzildi… Nazir bizga indamagani bilan kelinning oʻzini ilgarittan ketasan, deb qistagani-qistaganakan. Hayla, singlisiga aytib yigʻlapti, tushganimdan beri shu kun: pochchang har kelganida nimaga haliyam ketmading, deb urishadi, depti. Ertalab otasiyam keb gapirib-gapirib ketdi. Quda, boʻldi, oyoq ostida qogan qizimiz yoʻq! Boʻlsa boʻlishini, boʻlmasa boʻlmasini koʻring, dedi. Ana, qiz sizlarniki, ixtiyor sizlarda, devdim, Dilafzo yana izillab oyogʻimga tarmashdi… Ketmayman, deb yigʻladi juvonmarg…

Gap shu yerga kelganda onamning koʻz yoshlari arib, momomga tikilib qoldi:

– Ena, yo birov-yarim irim-sirim qildimikan?

– Bilmasam… – jurʼatsiz chiqdi momomning namiqqan tovushi. – Necha borib Sulaymonxonga “issiq” ham qildirib keldim. Eshon buva “Ulingiz kelgan kunlari ichadigan suv idishlaringizga solib qoʻying”, deb buyurdi. Qildim. Oʻz koʻzim bilan boqib kelinga shu suvdan choy damlattirib ichirdim ham Nazirga. Ammo taʼsiri boʻlmadi…

Momomlarnikida qolgan kunlarimning birida tunda suhbatlashib yotgan edik, yangam yana oʻsha eski gapini aytib qoldi:

– Bilasizmi… Hali togʻangiz meni olib ketsa…

Men bu safar yangamning soʻzini boʻlib savol berishga jurʼat etmadim. Chunki uning oʻksib-oʻrtanib termulgan qaroqlaridan koʻz yoshlarining sim-sim oqib yostiqqa dumalayotganini koʻrib turardim.

– Keyin… Keyin esa… – ezgʻin, titroq ovozda sochlarimni siypalab gapida davom etardi yangam, – keyin sizga ukacha olib kelib beraman… Kichik boʻladi… Jajjigina… Togʻangiz ism qoʻyadi… Oʻynatamiz…

Ertasiga uyga qaytganimdan soʻng onam odatdagicha yangam bilan nimalar haqida gaplashganimizni soʻradi. Goʻdak emasmanmi, yangam aytgan hamma gapni oqizmay-tomizmay gapirib berdim.

– A, nima dedi?! – onamning koʻzlari gʻalati porlab ketdi. – Shunday dedimi, Dilafzo?!.. Chaynalmasdan gapir?!.. Boshqattan ayt?!.. Ukacha olib kelaman, dedimi?..

Shundan keyin onam allanarsadan quvongancha hovlida picha fursat kuymalanib yurdi. Sal oʻtib esa u kishini topolmay qoldik.

Tushga yaqin onam rangi oqarinqirab eshikdan kirib keldi.

– Nima boʻldi?! Qayerga ketganding?! – dedi, bir necha bor onamning qayoqqa ketganini soʻrab achchiqlanib turgan otam.

– Onamnikiga… Dilafzo bilan gaplashgani… – onam koʻzlarini bir nuqtaga tikkancha javob berdi. – Shoʻrim… Shoʻrimiz qursin…

Ertasiga onam, momom va bobom borib Dilafzo yangamning ota-onasi bilan uchrashib kelganini bildim. Yana bir narsani bilganimda esa ilk bor bolalik dunyoyim qorongʻilashib, haqiqiy iztirob bilan yuzlashdim. Yaʼni… Dilafzo yangamning endi bobomlarnikida yashamasligini bilganimda… Vaqt oʻtib, hech qanday “ukacha” boʻlmaganini bildim.

Hozir togʻamning ikki oʻgʻildan keyin koʻrishgan bittagina qizining ismi Dilafzo. Qozoq yangam momom qoʻrqqanidan koʻra iymonliroq chiqqan boʻlsa kerak, togʻamga bunday ism qoʻyishi uchun yoʻl qoʻyib bergan.

Olisga tushib ketgani bois, jami ezgu xislatlari bilan xotiramda oʻchmas iz qoldirgan Dilafzo yangamning aniq nechta farzandi borligini bilmayman. Bilganim, oʻgʻillaridan biri menga ismdosh emish.

 

Bayram Ali

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/sabrning-suvrati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x