Kimki bir koʻngilni obod aylasa…

Tilimizdagi adolat soʻzi “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da: “Adolat – odillik, odilona ish tutish” deya talqin qilinsa, ahli donishmandlarning tilida, adolat bu – oʻrtacha yoʻl tutish, meʼyorni saqlash, insof qilish degan maʼnolarni anglatadi.

Diniy arkonlarimizdan bizga maʼlumki, Alloh taolo insonlarni barcha ishlarda adolatli boʻlishga chaqirgan. Bu haqda Qurʼoni karimda: “Albatta, Alloh adolat va yaxshilikka buyuradi. Qarindoshlarga (sadaqa) berishga buyuradi. Fahsh, munkar va tajovuzdan qaytaradi. Sizlarga vaʼz-nasihat qilur. Shoyadki, nasihat olsangiz” deyiladi (“Nahl surasi”, 90-oyat).

Manbalarda yozilishicha, adolat ikki xil boʻladi. Bulardan biri inson va yaratgan orasidagi adolat boʻlsa, ikkinchisi insonning boshqa insonlar bilan boʻlgan adolatidir. Insonning Yaratgan bilan adolati shuki, inson yolgʻiz Alloh taologa ibodat qiladi va unga boshqani sherik qilmaydi. Insonning boshqa insonlar bilan adolati shundayki, boshqalarni eshitadi, ularga zulm qilmaydi, ularning manfaatlarini yuzaga chiqarishda yordam beradi.

Darvoqe, insonlarning dardini eshitish, mushkulini oson qilish azaldan xalqimizda eʼzozlangan yuksak insoniy fazilatlardan. Bir ehtiyojmand insonning dardu tashvishini eshitib, uning koʻnglini olib, xursand qilish Kaʼbani obod qilish bilan barobar deyiladi. Shu xususida mutafakkir bobomiz hazrat Navoiy shunday deydi:

Kimki bir koʻngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa obod aylagay.

Darhaqiqat, moʻmin kishi boshqa bir moʻminga toʻgʻri maslakdosh boʻlsa, uni qiynayotgan masalani oʻzaro hal qilib, mushkulini oson qilsa, unga sherik boʻlib qaygʻusini aritsa, oʻzining ham qaygʻusi ketadi, birovga yordam berdimi, unga ham yordam beriladi. Bu yillar davomida sinalgan hayotiy haqiqatlardan biri. Bu haqda hadisda: “Kimki bir musulmonning dunyo qaygʻularidan bir qaygʻusini yengillashtirsa, Alloh uning qiyomat kunidagi qaygʻularidan birini yengillashtiradi. Kimki dunyoda bir qiynalgan musulmonning ogʻirini yengil qilsa, Alloh taolo uning qiyomatdagi ogʻirini yengil qiladi. Kimki bu dunyoda bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh taolo uning dunyo va oxiratda aybini yashiradi. Madomiki, bir banda boshqa bir bandaga yordam qilsa, Alloh taolodan unga madad yetadi” deyiladi (Imom Termiziy rivoyati).

Paygʻambarlardan biri Dovud (a.s.) odamlar bilan diniy muloqotda boʻlishga vaqt ajratib, ularni tinglab oʻzaro muammoli masalalarni yechgan. Bu haqda Qurʼoni karimda: “Dovud va Sulaymonning ekinzor xususida hukm kezlarini eslang. Oʻshanda unga qavmining qoʻylari tunda kirgan (va uni payhon qilgan) edi. Biz ularning (chiqargan) hukmiga shohid edik. Bas, Biz uni Sulaymonga anglatdik. Biz har ikkisiga hikmat (paygʻambarlik) va ilm ato etdik…” deyiladi (“Anbiyo” surasi, 78-79-oyatlar).

Hadislarda keltirilishicha, kunlardan bir kuni Dovud (a.s.) huzuriga bir kishi qoʻshnisidan shikoyat qilib keladi va u:

– Men dehqonchilik bilan shugʻullanaman. Bu yil dehqonchilik qilib ekinzorimda ancha hosil yetishtirgan edim. Qoʻshnim qoʻylarini qarovsiz qoldirib, bu yilgi dehqonchiligimni payhon qildi, – dedi. Dovud (a.s.) uning qoʻshnisini topdirib keldilar va undan:

– Sening qoʻylaring qoʻshningni ekinlarini payhon qilibdi, shu rostmi? – deb soʻradilar. U:

– Ha, shunday boʻldi, – deb javob berdi.

Dovud (a.s.):

– Qarovsiz qoldirib, dehqonning ekiniga zarar bergani uchun qoʻylar dehqonga olib berilsin! – deb qaror chiqardi. Shunda Dovud (a.s.)ning yonlarida turgan farzandi Sulaymon (a.s.) oʻrnidan turib:

– Bu hukm adolat yuzasidan boʻlmadi, – dedi. Dovud (a.s.) farzandi Sulaymon (a.s.)dan:

– Bu ish yuzasidan adolatli hukm qanday boʻladi? – deb soʻradi.

Sulaymon:

– Payhon etilgan ekinzor qoʻy egasiga, ekinni payhon qilgan qoʻylar ekinzor egasiga berilsin! Qoʻy egasi ekinzorni ishlab, unga ekin ekib, ekinlar to hosil qilib pishgunicha parvarishlasin, hosil tayyor boʻlgach, ekinzorni egasiga qaytarib, qoʻylarini qaytib oladi. Shu muddatda ekinzor egasi qoʻylarning suti va shu davrda tugʻilgan qoʻzichoqlardan foydalanadi, – deb hukm chiqaradi.

Inson har bir holatda, qanday vaziyatda boʻlmasin, xoh xursand, xoh qaygʻuda boʻlsin oʻzgalarga nisbatan adolat qilishi lozim. Paygʻambarimiz (s.a.v.) “Kimda uch xislat boʻlsa, unga Dovud ( a.s.)ga berilgan yaxshilik ato etilibdi: gʻazab va rozilik vaqtida adolatli boʻlish; kambagʻallik vaqtida ham va boylik vaqtida ham oʻrtacha boʻlish, pinhon va oshkora paytida ham birdek Allohdan qoʻrqish” dedilar (Termiziy rivoyati).

Inchunun, hayoti davomida har bir ishida adolat tarozisini teng qoʻya olmagan kishi koʻp bora adashadi. Bundan oʻzi koʻp aziyat cheksa-da, alaloqibat, adolatsizligi tufayli bor huzur-halovatidan ayriladi, tinchligi va xotirjamligi yoʻqoladi. Shunda u oʻzgalarning mehr-muhabbatini qozonish oʻrniga, nafrat va gʻazabga duchor boʻladi. Shuning uchun ham kishi har bir ishida adolatli boʻlsa, ayniqsa, rahbarlik maqomida boʻlganlar umumxalq manfaatini koʻzlab mavjud masala yuzasidan adolatli qaror chiqarsa, oʻsha jamiyatda farovon hayot hukm surib, tinchlik va xotirjamlik boʻladi, qolaversa, fozil insonlar orasidagi mehr-oqibat rishtalari yanada mustahkamlanadi.

 

Ruhiddin AKBAROV

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/kimki-bir-kongilni-obod-aylasa/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x