Raxit kasalligi – davolash va oldini olish usullari (2-qism)

Bolalarda raxitni davolash erta muddatlarda boshlanishi kerak. Shundagina davo samarali bo‘ladi va raxitdan keyingi qoladigan asoratlar xavfi kamayadi.

Bolalar raxitdan tezroq qutilishi uchun nima qilish kerak, qaysi shifokor ko‘rigidan o‘tish zarur?

Bolalarda raxit belgilari aniqlanishi bilanoq mahalliy pediatr ko‘rigidan o‘tish kerak. U bolaning umumiy ahvolini ko‘radi, kerakli diagnostik tekshiruvlarni o‘tkazadi va tor doiradagi shifokorga yuboradi. Raxit kasalligini qancha erta davolashni boshlasa, davo samarasi shuncha yaxshi bo‘ladi. Hech qachon mustaqil ravishda tashxis qo‘yib o‘z boshimchalik bilan davo choralarini ko‘rmang. Raxit kabi kechuvchi boshqa kasallik ham bor, bunda ham D vitamini yetishmovchiligi kuzatiladi. Xatoga yo‘l qo‘ygan holda kasallikka davo choralari ko‘rilsa, uning oqibati og‘ir bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kasallikka tashxis qo‘yishda diqqatliroq bo‘lish kerak, aniq diagnoz qo‘yilgandan keyingina davo choralari qo‘llanilishi zarur.

raxitni davolash, raxitni oldini olish

Raxitni davolash rejimi

Raxit kasalligini bolalarda davolash rejimining o‘ziga xosligi quyidagicha:

  • Ochiq havoda muntazam sayr qilish (bir kunda kamida 4 soat). Kuniga 2 mahal sayr qilish, quyoshli kunlarda ko‘proq ochiq havoda bo‘lish, hatto kolyaskada bolani ochiq havoda uxlatish ham mumkin;
  • Bolaning uyqusi yetarlicha bo‘lishi, uni ko‘proq harakatlantirish. Ota-onalar bolakaylarni o‘yinchoqlar, musiqa, o‘yinlar bilan qiziqtirishlari kerak. Hattoki, televizordagi bolalar uchun ko‘rsatuvlar orqali ularni ko‘proq harakatlanishiga yo‘l qo‘yib berishlari zarur;
  • Bolaning ovqatlanish tartibini to‘g‘irlash. Ko‘krak suti bilan oziqlanadigan bolalar faqatgina ona suti bilan ovqatlanishlari zarur.

Massaj va gimnastika

Bolalarda raxitni davolashda massaj va gimnastika bajarish juda ham yaxshi natijalar beradi. Ular hisobiga qon aylanishi yaxshilanadi, to‘qimalar trofikasi va mushaklar tonusi normallashadi. Bundan tashqari, massaj bola nutqiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolalar yangi harakatlarni o‘rganadi va o‘sishi tezlashadi.

Bolalar raxitini davolashda ovqatlanishning o‘ziga xos jihatlari

Raxit kasalligini davolashda ovqatlanish tartibi va tarkibi ham muhim rol o‘ynaydi. Ko‘krak suti bilan oziqlantirishni kamida 1 yoshgacha saqlab qolish kerak. Ona suti bilan boqish imkoni bo‘lmasa, sun’iy aralashmalar berish mumkin. Ularni tanlash uchun shifokor bilan maslahatlashish zarur. Chunki ayrim sun’iy ozuqalar D vitamini, kalsiy va fosfor elementlariga boy bo‘lsada, ular tarkibidagi moddalarning ba’zilari bolaga allergik ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ulardan foydalanayotganda bolani sekin astalik bilan o‘rgatib borish lozim. Bolaning ovqatlanish ratsionida, albatta, sut mahsulotlari (sut, tvorog, pishloq, sariyog‘ va boshqalar), ko‘katlar va sabzavotlar, kartoshka, mevalar, go‘shtli ovqatlar, kasha, tuxum va baliq mahsulotlari bo‘lishi kerak. Kalsiyni eng ko‘p miqdorda saqlovchi mahsulot – pishloq, sut va sut mahsulotlari, tvorog, petrushka, ko‘k piyoz, fasol.

Bolalarda raxitni davolashda D vitamini

Bolalarda raxit kasalligi kelib chiqishida asosiy o‘rinni D vitamini yetishmasligini hisobga olib, kasallikni davolashda D vitaminining o‘rni katta.

D vitamini bilan davolash qanday olib boriladi?

Ko‘pincha D3 vitamini foydalaniladi (xalqaro nomi “Xolekalsiyferol”). Bu preparat bolaga davolovchi dozalarda, kasallikning og‘irlik darajasiga qarab buyuriladi, ya’ni 2000 dan 5000 XB (xalqaro birlik) gacha. Bunday doza bolaning 1-1,5 oyligidan boshlanadi va har oyda,  toki profilaktik maqsadlarda buyuriladigan dozaga yetgunga qadar kamaytirib boriladi. Profilaktik dozada preparat bola 2 yoshga kirgungacha beriladi. Kasallikni davolashda 2000 XB dagi dozadan boshlagan ma’qul. D3 vitaminining 5000 XB da raxitning og‘ir ko‘rinishlarida, suyaklarning kuchli deformatsiyalarida buyuriladi. Xavf guruhiga kiruvchi bolalarda qo‘shimcha davo buyuriladi, ya’ni birinchi davo kursi tugaganidan so‘ng 3-4 hafta davomida 2000 XB va 5000 XB oralig‘idagi dozada D3 vitamini qabul qilinadi. Bu kasallikning qaytalanishini oldini oladi.

Muhim jihati, preparatning 1 tomchisida qancha XB dagi D3 vitamini borligi. Masalan, Vigantol preparatining 1 tomchisida 670 XB xolekalsiferol bor. Akvadetrimning 1 tomchisida esa 500 XB davolovchi vitamin bor.

Raxitni davolashda D2 vitamini (ergokalsiferol) saqlovchi preparatlardan ham foydalansa bo‘ladi. Ular yog‘li va spirtli eritmalar ko‘rinishida bo‘ladi. Umuman olganda raxit davosida D vitaminlari bilan birgalikda kalsiy, fosfor, B, A, C guruh vitaminlari, kaliy, magniy elementlarini saqlovchi preparatlardan ham foydalaniladi.

Raxirni oldini olish

Raxit profilaktikasi ikki bosqichda olib boriladi: bola tug‘ilgungacha va tug‘ilgandan keyingi.

Bola tug‘ilgunga qadar raxit profilaktikasi quyidgilar:

  • Bolaning muddatidan oldin tug‘ilmasligiga harakat qilish;
  • Ayolning jinsiy kasalliklari va homiladorlik patologiyalarini aniqlash va davolash;
  • Homilador ayolning ovqatlanish tartibini to‘g‘irlash;
  • Homilador ayolning kun tartibiga rioya etishi (toza havoda sayr qilish, yetarlicha uyqu, yengil jismoniy mashq va shu kabilar);
  • Polivitaminlar qabul qilish;
  • Shimoliy mintaqalarda yashovchi, quyosh nuri kam bo‘lgan mintaqalarda ultrabinafsha nurlar bilan “cho‘miltirish”;

Tug‘ilgandan keyingi raxitni oldini olish chora tadbirlar:

  • Bolaning 1 yoshgacha va undan keyin ham ko‘krak suti bilan oziqlanishi;
  • Kun tartibiga rioya qilish (ochiq havoda sayr qilish, uyqu tartibi, quyoshli kunlarda sayr qilish, ayniqsa kunning birinchi yarmida soat 9-10 lar atrofida);
  • Bolaning erkin harakatlanishini ta’minlash (uzoq muddat beshikka bog‘lamaslik, uni erkin qo‘yib harakatlanishiga imkon yaratish);
  • Ko‘rsatma bo‘yicha davolovchi gimnastika va massajlar bajarish;
  • Emizikli va 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarda raxitning maxsus profilaktikasi:
  • Og‘iz orqali kunlik D vitamini qabul qilish;
  • Profilaktik D vitamin dozasi 500 XB ya’ni 1 tomchi bo‘lishi kerak;
  • Chala tug‘ilgan bolalarga 2-haftadan boshlab, vaqtida tug‘ilganlarga esa 3-haftadan boshlab D vitamin berish. Preparat har bir bola uchun individual ravishda buyuriladi. Profilaktik davo 2 yoshgacha olib boriladi. Raxit kasalligini boshidan kechirganlar uchun profilaktik davolash 3 yoshgacha buyuriladi. Bundan tashqari, bunday bolalarga B va C guruh vitaminlari ham tavsiya etiladi.

Chala tug‘ilgan bolalarda raxit kasalligining o‘ziga xosligi

Chala tug‘ilgan bolalar raxit kasalligiga uchrash xavfi yuqori bo‘ladi, ayniqsa 1 yoshgacha bo‘lgan davrda. Chala tug‘ilgan bolalarda raxit kelib chiqishi 80 % hollarda uchraydi. 1500 gr dan kam vazn bilan tug‘ilgan bolalarda raxit kelib chiqish xavfi juda yuqori. Bunga sabab bolaning o‘sishi jadal ravishda borishi uchun kalsiy va fosforga bo‘lgan ehtiyojning ortishidir. Bundan tashqari, chala tug‘ilgan bolalarda boshqa kasalliklar bo‘lishi ham raxit kasalligi kechishini og‘irlashtiradi. Bunday bolalarning qabul qiladigan ba’zi dori vositalar ham kalsiy va fosfor ajralib chiqishini kuchaytirib yuborishi mumkin. Ilmiy izlanishlar natijasida homiladorlikning uchinchi uch oyligida suyaklar jadal shakllanib, ularning mineralizatiyasi kechishi aniqlangan. Farzandning muddatidan oldin tug‘ilishi esa bu jarayonning kechishini buzib yuboradi.

Chala tug‘ilgan bolalarda raxit kasalligining belgilari

Chala tug‘ilgan bolalarda raxit kasalligi – osteopeniya deb ataladi. Kasallik bolaning birinchi haftasidanoq namoyon bo‘ladi va o‘tkir ravishda paydo bo‘ladi. Uning belgilari quyidagilar:

  • Nevrologik simptomlar (yig‘loqilik, qo‘zg‘aluvchanlik, uyqudagi muammolar va boshqalar);
  • Suyaklarning yumshoqligi va bo‘rtiqlarning paydo bo‘lishi;
  • Naysimon suyaklarning spontan ravishda sinishi (qovurg‘a, son, yelka va boshqa suyaklar);
  • Tish emali gipoplaziyasi, sut tishlarning kech chiqishi;
  • Mushaklar gipotoniyasi;
  • Qo‘l va oyoq suyaklarining deformatsiyalari.

Muddatidan avval tug‘ilgan bolalarda har doim ham raxit belgilari aniqlanavermaydi. Chunki bunday bolalarda boshqa kasallik belgilari bo‘lganligi hisobiga raxit simptomlari yaqqol namoyon bo‘lmaydi. Raxit kasalligi asoratlari salbiy bo‘lishi mumkin ekanligini inobatga olib, bu kasallikni chala tug‘ilgan bolalarda e’tibordan chetda qoldirish kerak emas.

Chala tug‘ilgan bolalarda raxit davosi

Rejim, oziqlanish tartibi, massaj va gimnastika muolajalari muddatida tug‘ilgan bolalar kabi olib boriladi. Faqatgina, bolalarning o‘ziga xos jihatlari e’tiborga olinadi, ya’ni yondosh kasalliklari. Eng asosiysi ko‘krak suti bilan oziqlantirishni ta’minlash kerak. Sun’iy ovqat tanlayotganda esa maxsus chala tug‘ilgan bolalar uchun ishlab chiqazilganini tanlash zarur. Bundan tashqari, davolovchi gimnastika va massaj qilish ham yaxshi natijalar beradi, chunki suyak va mushaklar harakatlanib ularning trofikasi yaxshilanadi va o‘sishi normallashadi. Dori preparatlari 2-haftadan boshlab buyuriladi. Dori preparatlari faqatgina D vitaminidan emas, balki kalsiy va fosfat tuzlarini saqlaydigan bo‘lishi kerak. Uning dozasi davolovchi shifokor tomonidan buyuriladi. Qo‘shimcha dori preparatlarini qo‘llashdan oldin ularning nojo‘ya ta’sirlarini ham inobatga oling. Chunki ayrim preparatlar kalsiy va fosfor almashinuvini izdan chiqarishi mumkin.

Birinchi qism: Raxit kasalligi – kelib chiqish sabablari, bosqichlari, klinik belgilari va darajalari (1-qism)


Bolangizni parvarishlashda ishonchli va foydali maʼlumotlar zarurmi? Marhamat, “Lalu — Onalar maktabi” mobil ilovasini hoziroq bepul yuklab oling.

Ilova orqali chaqaloq va bola rivojlanish kalendari, farzandingizni toʻgʻri parvarishlash boʻyicha koʻrsatmalar, bolalarda koʻp kuzatiladigan kasalliklar haqida maʼlumotlar olishingiz, emlash taqvimi va vazn/uzunlik kabi koʻrsatkichlarini nazorat qilib borishingiz mumkin.

Hoziroq bepul yuklab oling

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x