Quvnoq qardoshlar haqidagi kitob

Turkiyaning bir muhiti bor: Qoradengiz. Atroflari yashillik va dengiz. U yerlik odamlarning sevgan ovqati qora karam va makkajoʻxori. Sevgan baliqlari xamsi. Sevimli cholgʻu asboblari kamoncha. Qayiqlari kichkina yelkan. Ana shu oʻziga xos xususiyatlarni bagʻirlarida olib yurgan insonlar – QORADENGIZLIKLAR.

Jonga jon doʻstdir ular. Jahli chiqib qizishib ketganlarida siz ularning yoniga borib: “Nima gap, ushogʻim (bolam)?” desangiz boʻldi, yaqiniga aylanasiz, mehmoni boʻlasiz, eng muhimi, “to oʻlguncha” himoyasida boʻlajaksiz.

Nozik gap-soʻzlari, yirik burunlari va oʻzlariga xos lahjalari bilan Qoradengizlilar “oʻziga xos bir maktab”dir. “Qoradengizli” deyishingiz bilan “oqar suvlar ham toʻxtaydi” va ular qaysi ishga qoʻl ursalar, “yuzlarining oqi” bilan, yaʼni uyaltirib qoʻymay gʻolib boʻlib chiqadilar.

Qoradengizlilar juda qiziq boʻladi. Bulgʻoristonning Gabrovo odamlariga oʻxshagan sodda, gʻalati, ammo mard.

“Qora dengiz fuqarolari”, yaʼni “Qoradengiz latifalari” nomli kitob aynan shu insonlar hayoti haqida bitilgan. Bu asar qiziqarli, nazokatli gaplarga boy. Uning qahramonlari Tamal, Jamol, Ilyos degan uch ogʻayni va Fodima ismli bir qiz. Ular sevgan xamsi baligʻi – odamning koʻrsatkich barmogʻidan sal kattaroq, mayda baliq turi boʻlib, Turkiyada “xamsi” degan soʻzning oʻzidanoq odamlarning lablarida tabassum paydo boʻladi. Xamsi, koʻpincha, katta qozon yoki tovada qizarguncha pishirib tanovul qilinadi. Shoʻrvasi ham, qovurmasi ham gʻoyat lazzatli boʻladi. Konservalari ham xaridorgir. Oʻsha Tamal, Jamol, Ilyos va Fodima degan qahramonlarimiz Qoradengiz boʻylarida yashovchi xalq timsollari boʻlib, ular zukko va hozirjavobligi bilan ham ajralib turadilar.

Xullas, ushbu “Qora dengiz latifalari”dan ayrim namunalarni tarjima qilib, muhtaram jurnalxonlar hukmiga havola etishni lozim topdim.

Miraziz AʼZAM

 

SAYOZMI, ChUQURMI?

Olis shaharlik bir kishi Qoradengiz viloyatining bir qishlogʻiga mashinada ketayotgan edi, bir daryo sohiliga chiqib qoldi. Daryo sayozday koʻrinar, ammo oʻrtasida suv tez oqardi. Bir payt u daraxt tagida kamoncha chalib oʻtirgan yigitni koʻrib qoldi.

Shaharlik: Menga qarang, inim! Ismingiz nima?

Yigit: Tamal.

Shaharlik: Tamaljon! Mashina bilan narigi qirgʻoqqa oʻtsa boʻladimi?

Tamal: Boʻladi!

Shaharlik mashinasi bilan daryoga qarab yurdi. Biroq salda suvga koʻmila boshladi. Zoʻr berib tislangancha zoʻrgʻa sohilga chiqib oldi.

Shaharlik: (Tamalga qichqiradi): Hoy yigit! Chuqur emas devding-ku! Bu qanaqasi?

Tamal: Manam hayronman, hamshahar. Sizdan oldin bir oʻrdak narigi qirgʻoqqa bemalol oʻtib ketdi. Suv beligacha ham kelmagandi!

 

OLTIN ChIQSA

Tamal, Jamol va Ilyos yelkanli qayiqda dengizga chiqqandilar. Qayiq suv ostidagi bir sandiqqa urildi. Uch ogʻayni sandiqni qayiqqa olib, qirgʻoqqa chiqdilar.

Tamal: Buning ichida oltin boʻlsa, nima qilamiz, ogʻaynilar?

Jamol: Boʻlishib olamiz.

Ilyos: Qanday boʻlishamiz?

Jamol: Biri senga, biri Tamalga, ikkisi menga.

Tamal va Ilyos: Nega bizga bittadan-u, senga ikkisi?

Oʻrtada janjal koʻtarildi. Tamal bilan Ilyos Jamolni urib dabdalasini chiqardi. Sohilda yurgan politsiyachi Jamolni tutdi va uchchovlarini tergov qildi.

Tergovchi: Nima boʻldi oʻzi, Jamol, menga tushuntir-chi!

Jamol: Sandiqdagi oltinning ikki hissasi menga, qolgan ikki hissasini ikkovinglar boʻlib olasiz, desam, meni ura ketishdi.

Tergovchi: Sandiqda oltin bormidi?

Jamol: Yoʻq. Yoʻq edi. Agar oltin boʻlsa, degandik-da.

 

KATTA ODAM TUGʻILGANMI?

Bir sayohatchi ingliz ayol Qoradengiz viloyatining qishloqlaridan birida Fodimaga yaqinlashdi.

Ingliz ayol: Men Angliyadan sayohatga kelganman. Ismim Jen, familiyam Stoun. Jurnalistman. Qishlogʻingiz haqida bir asar yozmoqchi edim. Menga baʼzi masalalarda yordam bersangiz.

Fodima: Mening ismim Fodima. Oʻqituvchiman. Bu yerda yongʻoq teryapman. Ayting, sizga qanday yordam kerak?

Ingliz ayol: Qishlogʻingizda biron katta odam tugʻilganmi?

Fodima (ingliz xotinni mixlab tashladi): Yoʻq, tugʻilmagan. Bizda katta odam tugʻilmaydi. Biz faqat chaqaloq tugʻamiz. Siz tomonlarda katta odam tugʻish zarurati paydo boʻlgan boʻlsa, biz bunga yordam berolmaymiz.

 

BIR BOʻSA KERAK

Tamal benihoya shoʻx yigit edi. Bekorchilikdan qizlarga gap otar va muvaffaqiyat qozonardi. Bir kuni koʻchadan bir goʻzal juvon oʻtib qoldi. Tamal unga ergashdi. Juvon bir atelyega kirib ketdi. Tamal ham orqasidan kirdi. Juvon shu yerning boshligʻi ekan. Orqaga qaytishni oʻziga ep koʻrmadi, tavakkal gap boshladi.

Tamal: Salomlar boʻlsin!

Juvon: Keling, keling. Sizga nima kerak?

Tamal: Menga bir boʻsa kerak.

Juvon: Bir boʻsa kerakmi?

Tamal: (boshini likillatib): Bir boʻsa…

Juvon: (bir xizmatchini chaqirdi): Oysha xola, mana bu yigitchaga bir boʻsa kerak ekan, keling, bitta oʻptiring.

(Bir kampir lapanglab, Tamalga yaqinlashdi)

Tamal: Yaxshi, yaxshi. Hozir shoshilinch ishim bor. Boshqa bir payt kelib, soʻraganimni olarman.

 

IMTIYOZ QOGʻOZI

Qoradengiz sohilida yashab, umrida avtobusga chiqmagan Jamol, taqdir taqozosi bilan Istanbulga kelib avtobusga chiqdi. Yoʻl haqini toʻlash uchun choʻntagini kavlab, pul chiqarmoqchi boʻlib turgandi, qarasa, yonida oʻtirgan bir yigit, konduktor Tamalga bir qogʻoz koʻrsatib, “Imtiyoz” deb qoʻydi. Shunda Jamol ham yonidan nikoh guvohnomasini chiqazdi.

Jamol (konduktorga): Imtiyoz… (Oʻtirgan koʻyi guvohnomani konduktorga uzatib, teskari oʻgirildi).

Tamal (Jamolning yengidan tortib): Sen bu imtiyoz bilan faqat xotining Fodimaga tekin minasan, avtobusga emas. Qani, pulni chiqar…

 

SABABSIZ

Tamalning kenja oʻgʻli yomon ish qilib qoʻydi. Tamal oldin uni yaxshilab savaladi. Keyin…

Tamal (oʻgʻlidan soʻraydi): Nega urganimni tushundingmi?

Kenja oʻgʻil (otasiga ters qarab): Sababini bilmas ekansiz, nega urasiz boʻlmasa?

 

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 3-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/quvnoq-qardoshlar-haqidagi-kitob/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x