Ulugʻ ajdodga ehtirom

“Abu Rayhon Beruniy” filmi yaratilishi tarixini eslab

 

1972 yili edi. Shuhrat Abbosov menga oʻrta asrlar Sharqining buyuk olimi, mutafakkiri Abu Rayhon Beruniy haqida keng koʻlamli film suratga olinishi rejalashtirilayotganini aytib qoldi.

Film ssenariysini Shuhrat Abbosov bilan sharq­shunos olim, Beruniy hayoti va faoliyatining bilimdoni Pavel Bulgakov hamkorlikda yozishgandi.

Pugachenkovaning taklifiga koʻra Sh. Abbosov, E. Kalontarov uchalamiz olimaning mutaxassislar uyidagi xonadoniga bordik. Uchrashuvimiz ishchan ruhda oʻtdi.

Rejissyorlik ssenariysi ustida ishlash uzoq davom etdi. Bu jarayonda Beruniy asarlarini oʻqi­shimizga, u boʻlgan mamlakatlarni, shuningdek, alloma yashagan davrda qoʻllanilgan ayrim atamalarni oʻrganishimizga toʻgʻri keldi.

Rejissyor, operator va rassomdan iborat ijodiy guruh naturani koʻrish uchun safarga chiqdi. Biz avval Samarqandda toʻxtadik. Afrosiyob, shaharning boshqa meʼmoriy obidalari, tarix muzeyi hamda shahar tash­qarisini koʻrib chiqdik.

Qadimiy tangalar va Somoniylar maqbarasini hisobga olmaganda, koʻrganlarimizning hammasi Beruniydan keyingi davrlarga oid edi.

Suratga olish uchun tabiiy joy va obʼyektlarni izlashda davom etib Toʻrtkoʻl hamda Beruniy shaharlariga yoʻl oldik. Kemada Amudaryoning narigi qirgʻogʻiga suzib oʻtib, Qoraqalpogʻiston zaminiga qadam qoʻydik. Ammo bu yerda Beruniy tugʻilib oʻsgan Koʻhna Qiyotdan (hozirgi Beruniy) hech narsa qolmagan edi.

Xiva koʻnglimizga ancha umid bagʻishladi. Shahar koʻchalari va maydonlari filmimizning bir necha obʼyektini suratga olish uchun mos kelardi.

Xorazmdan keyin biz Turkmaniston hududiga oʻtdik. Kun yonayapti. “Qilt” etgan shabada yoʻq. Koʻpdan buyon taʼmirlanmagan asfalt yoʻllar oʻnqir-choʻnqir boʻlib, erib yotardi.

Joy bizga yoqqani bilan, bu yerga koʻp sonli suratga olish texnikasini olib kelish, yashash juda ogʻir va oʻngʻaysiz edi.

Biz afsuslangan holda Toshovuzga yoʻl oldik.

Toshovuzda koʻp ushlanib qolmadik, Ashxobodga qarab yoʻlga tushdik.

Bizni Icheri-Shahar hayratga soldi. Shaharning bu qismida toshdan qurilgan uylar va gʻaroyib tor koʻchalar saqlanib qolgan edi. Ajoyib shaklli minora, karvonsaroy va boshqa obidalar bizning eʼtiborimizni tortdi.

Shoh saroyini koʻrganimizda esa “xayriyat” deganday yengil nafas oldik. Biz bu yerda filmimizning bir necha obʼyektini xotirjam suratga olishimiz mumkin edi.

Bokudan biz Nizomiy Ganjaviy vatani boʻlgan Kirovobodga yoʻl oldik. Shaharda moziydan qolgan koʻp sonli tarixiy va meʼmoriy obidalar boʻlib, ular yaqqol ajralib turgan ozarbayjon milliy naqshlariga ega edi. 

Yerevanga borib, teatrlar aktyorlari bilan uchrashdik. Ularning ayrimlari arman filmlari orqali tanilgan edilar. Aktyorlar bizning filmimizda suratga tushishga bajonidil rozi boʻlishdi.

Bizning Kavkaz orti respublikalari boʻylab safarimiz tugadi. Barcha koʻrganlarimizdan Bokuning qadimiy obidalari koʻproq yoqdi. Biz bu shaharda suratga olishimiz mumkin boʻlgan obʼyektlarni oʻzimizga belgilab oldik.

Toshkentga kelganimizdan soʻng studiya rahbariya­tiga izlanishlarimiz yakunlari haqida hisobot berdik. Rahbariyat Bokudagi bir nechta obʼyektni suratga olish uchun maʼqulladi. Biroq smeta tuzilayotganida pulimiz bunday safarlarga yetmasligi maʼlum boʻldi va biz studiya hovlisi va pavilonlarida dekoratsiya qurishga qaror qildik.

 

* * *

Filmga tayyorgarlik jarayonida aktyorlar tanlash ishiga alohida eʼtibor qaratildi. Bizning filmimizda bosh qahramonlar va ikkinchi darajali qahramonlar rollari moʻl edi. Biz aktyorlar tanlashga kirishdik.

Studiya koridorlari Toshkentning turli teatr­laridan, viloyat teatrlaridan, shuningdek, mamlakatning boshqa respublikalaridan taklif etilgan aktyorlar bilan toʻldi. Ular foto va kinosinovlaridan oʻtishardi, ularga rassomlar eskizlari boʻyicha tikilgan liboslar kiydirib koʻrilardi, turli grim va boshqa bezaklar tanlanardi.

Filmga taniqli oʻzbek kino va teatr aktyorlari taklif etilgandi. Kinosinovlarga boshqa respublikalardan ham aktyorlar kelishdi. Turli rollarga Razzoq Hamroyev, Nabi Rahimov, Poʻlat Saidqosimov, Bibo Batayev, Baxtiyor Ixtiyorov, Vladimir Yakut, Tamara Shokirova, Dilorom Qambarova, Toshxoʻja Xoʻjayev, Yevgeniy Gurov, Bahodir Yoʻldoshev (keyinchalik u taniqli rejissyor boʻlib yetishdi), Toʻgʻon Rejametov va boshqa aktyorlarni sinab koʻrdik.

Filmni suratga olishda operator aktyorlar bilan tez til topishishi, aktyor bilan operator bir-birini tushinishi kerak. Aqlli, plastik aktyor operatorga tasvirning taʼsirchan ifodasini topishga koʻmaklashadi.

Film uchun isteʼdodli aktyorlarni tanlab oldik. Guruhimiz uchun eng mashaqqatli sinov bosh rol ijrochisini tanlash edi. Bizga dovur Beruniyning tashqi qiyofasi qanday boʻlganligi haqida maʼlumotlar yetib kelmagandi, shuning uchun qahramonimizni hammamiz har xil tasavvur etardik.

Nihoyat “Oʻzbekfilm”ning oʻsha paytdagi direktori Abdulahat Abdullayev bu masalaga nuqta qoʻydi. U Beruniy roliga aktyor Poʻlat Saidqosimovni tasdiqladi.

 

* * *

Filmni suratga olish ishlari 1973 yilning aprel oyi oxirlarida boshlandi. Hali ob-havo maromiga yetmagandi. Shu sababli tasvirga tushirishni pavilonlardagi obʼyektlardan boshlashga qaror qildik.

Ishning dastlabki kunlaridan biz rejadan orqada qola boshladik. Koʻp vaqtimiz aktyorlarning murakkab grimiga, liboslarni tayyorlashga, chiroqlarni  oʻrnatishga ketardi. Guruhimiz sutkasiga oʻn ikki soatlab ishlashga majbur boʻldi.

Kinoda sahnalar tartib bilan tasvirga tushirilmaydi. Bu aktyorlarning doimo ham boʻsh boʻlmasligi, suratga olish obʼyekti yoki dekoratsiya hali tayyor emasligi bilan bogʻliq.

Pavilonda “Bogʻbonning bogʻi va hujrasi” dekoratsiyasi qurilgan edi. Biz bu yerda Beruniyning suyuk­lisi Rayhona bilan uchrashuvini tasvirga tushirishimiz kerak edi. Sahna tunda, shamlar yorugʻida oʻtishi kerak edi.

Kunduz aktyorlar bilan repetitsiya qilishga va suratga olish dekoratsiyalarini tayyorlashga ketdi. Ertasiga ertalabdan suratga olishni boshlashimiz kerak edi.

Biroq tongda biz Rayhona roli ijrochisi Dilorom Qambarovaning onasi vafot etganini eshitdik. Suratga olish ishlarini nomaʼlum muddatga kechiktirishga majbur boʻldik.

Iliq kunlar keldi. Guruh maʼmuriyati kartina direktori Yuriy Isakiyevich Rashragovich bilan naturada suratga olishga tayyorgarlikni boshlab yubordi.

Samarqandda direktorning maʼmuriy guruhi filmning ommaviy sahnasida suratga olish uchun besh yuzdan ortiq otliqni yigʻishi lozim edi. Bu oʻta murakkab vazifa edi. Otlar va ularning egalarini turli xoʻjaliklardan toʻplash kerak edi.

Samarqand viloyatining turli tumanlaridan tak­lif etilgan chavandozlar erta tongda belgilangan joyga yigʻilib kelmasdilar, bu esa suratga tushirishni boshlash vaqti choʻzilishiga olib kelardi.

Suratga olish maydonidan uncha uzoq boʻlmagan joyga palatkalar tikishga va toʻrt yuzta ot uchun otxona qurishga qaror qilindi. Bu palatkalar va otxona to biz suratga olishni tugatgunga qadar saqlanib turdi.

Rejissyorlik ssenariysi yozilishi bosqichida hamma narsani hisobga olib boʻlmaydi. Suratga olish maydonchasida joyning oʻziga xosligi, ishtirokchilar soni, dekoratsiyani qurish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ssenariy ayrim oʻzgarishlarga, tuzatishlarga duchor boʻlishi mumkin.

Tomoshabin uchun tasvir taʼsiri kuchini oshirish maqsadida ulkan maydonda dorlar yasab, ularga tashqi qiyofasi asir hindlarga oʻxshash tulum-qoʻgʻirchoqlarni osib qoʻydik. Har bir ustun tagiga tez yonadigan, baland olov hosil etadigan materiallardan qoʻyib chiqdik. 

Kadrda olovda jizgʻinak boʻlayotgan odamlar tanasini koʻrsatish uchun bir nechta ustunga kaskadyorlarni bogʻladik. Biron xavf tugʻilgan taqdirda darhol kuchli suv oqimini yoʻllash uchun ularga yongʻin oʻchiruvchi mashinalarning branspoytlari toʻgʻrilandi.

Aktyorlar suratga olish appparatiga yaqin joyda sahnani oʻynashlari kerak edi. Ular atrofida ham olov yondirildi, lekin ularga olovdan xavfsiz masofa aniqlab berildi.

Gulxanlar yoqilib, olov ustunlarga bogʻlangan manekenlarni domiga ola boshladi, oldingi planda quturgan oʻt ichida qolgan aktyorlar koʻrindi, ana shunda kadrda haqiqiy doʻzax manzarasi namoyon boʻldi: odamlar yonardi, dorga osilgan tanalar yonardi, yer yonardi, osmon yonardi, koinot olov ichida edi.

Filmda bu epizod juda kuchli hissiy taʼsir koʻrsatadi.

Biz murakkab sahnalarni suratga oldik. Lekin quvonishga erta edi. Olingan material tasmalari “Oʻzbekfilm” kinolaboratoriyasida ishlovdan oʻtganidan soʻng bir murakkab kadr operatorlik guruhi aybi bilan brakka chiqqani maʼlum boʻldi.

Keyinroq bu sahnani qaytadan tashkil etishga va qaytadan tasvirga tushirishga toʻgʻri keldi. Shu sababli operatorlik guruhi navbatdagi pul mukofotidan mahrum qilindi.

 

* * *

Toshkentda tasvirga tushirishni boshlaganimizda chidab boʻlmas darajada issiq edi. Iyul oyi bosh­lanmoqda edi.

Suratga olish uchun tuyalar, otlar, mollar, qoʻy-echkilar keltirildi. Qadimiy liboslar kiygan koʻplab odamlar paydo boʻlishdi. Hammayoq shovqin-suron, qiy-chuv. Odamlar va hayvonlar issiqdan qaqrab ketgan yerdan oʻtganlarida quyuq chang koʻkka oʻrlardi.

Nafaqat ishlash, balki nafas olish ham ogʻir edi. Biz terga gʻarq botgan koʻyi tinmay qaynoq choy ichardik.

Shunday lahzalar ham boʻlardiki, men deyarli hushimni yoʻqotardim. Aynan shu ish jarayonida men otashin quyosh va qaynoq projektorlar harorati taʼsirida limfaleykoz xasataligiga chalinib qoldim va hozirgacha davolanib kelmoqdaman.

Oʻsha payti esa, ishga jon-dilim bilan berilib ketganimdanmi, nima uchun tez-tez issigʻim koʻtarilib ketayotganini, oʻzimning esa quyosh nurida qolishdan choʻchiyotganimni tushunmasdim.

Filmda koʻp aktyorlar va ommaviy sahnalar ishtirokchilari qatnashayotgan boʻlsa biz koʻproq kadrni suratga olib qolishga ulgurish uchun dam olishsiz, kuniga oʻn ikki soatlab ishlashga harakat qilamiz. Odatda ommaviy sahnada ishtirok etayotganlar tasvirga tushirish maydonchasida ishning bu qadar sermashaqqat, azobli ekanini koʻrib, ertasi kuni kelmayoq qoʻya qoladilar.

Suratga olish guruhi uchun sinovlar davom etaverdi: Suhrobning hovlisi va koʻchasi bilan bogʻliq epizodlar kechasi tasvirga tushirilishi kerak edi. Bu dekoratsiyalarda Qiyot shahriga dushmanlar toʻsatdan hujum qilib, hamma narsani vayron qilishini, kulini koʻkka sovurishini koʻrsatishimiz kerak edi. Kadrda aktyorlar bilan birga qariyalar, ayollar, bolalar, askarlar va otliqlar ham ishtirok etishardi.

“Oʻzbekfilm”ning yarim natura maydonini egallagan dekoratsiyalar tez yonuvchi materiallar bilan oʻrab qoʻyilgandi. Pirotexnika vositalari ham katta miqdorda tayyorlab qoʻyilgandi.

Tasvirning taʼsir kuchini yanada oshirish uchun biz koʻplab odamlar, otliqlar, yonayotgan obʼyektlarni umumiy planlarda oldik. Aktyorlar, ommaviy sahna ishtirokchilari, suratga olish guruhi tutun va issiqdan rosa azob chekardi.

Voqea koʻlamini koʻrsatish maqsadida men katta operatorlik krani yordamida suratga olish kameram bilan eng baland nuqtaga koʻtarildim. Olovdan oʻzimni himoya qilish uchun yongʻin oʻchiruvchilarning maxsus kos­tyumini kiyib olgandim. Biroq, shunga qaramasdan, lovullab yonayotgan olov tillari meni har tomondan qurshab oldi.

Bizni kuzatib turgan oʻt oʻchiruvchilar esa xavfni payqab qolishgan zahoti menga qarab branspoytlardan kuchli suv oqimini yoʻllashdi. Hozirgina chidab boʻlmas darajadagi issiqda turgan odam birdan muzday suv tagida qoldi…

Suratga olish ishlari toʻxtatildi. Kran xartumi pastga tushirildi, meni darhol quritishga oʻtishdi. Omadim kelgan ekan, olov menga zarar yetkazib ulgurmabdi.

Birozdan soʻng suratga olish ishlari davom ettirildi. Suhrob Beruniyni taʼqib etuvchilardan qutqarib qolishi sahnasi tasvirga tushirilishi kerak edi. Bu kadr ham olov va tutun ichida suratga olindi. Suhrob rolini aktyor Baxtiyor Ixtiyorov ijro etdi. Kamera bilan Suhrobning harakatini uzluksiz kuzatib borayotgandim, birdan u kadrda yoʻqolib qoldi. Jahlim chiqib ketdi. Axir bu kadrni uzoq vaqt repetitsiya qilgandik, har bitta ishtirokchining harakati miridan-sirigacha koʻrib chiqilgandi.

Maʼlum boʻldiki, olovning achchiq dudi sabab Baxtiyor hushdan ketgan ekan. Aktyor yana suratga tushishga tayyor emasdi. Sahnani boshqa kunga koʻchirishga toʻgʻri keldi.

“Sahro”, “Xaroba quduq” obʼyektlari uchun natura Arnasoyda tanlandi. Kadrda personajlardan tashqari tuyalar karvoni ham qatnashishi kerak edi. Guruh maʼmuriyatiga Arnasoyning qozoq ovullaridan yetarli darajada ot va tuya toʻplash unchalik mushkullik tugʻdirmasdi. Bu sahnada Xorazm shohining Beruniy boshchiligidagi vakillari Xalifaning elchilarini kutib olishlari kerak edi. Uchrashuv kechasi, Mahmud Gʻaznaviyning aygʻoqchilari koʻzidan pana joyda kechishi kerak edi.

Tasviriy jihatdan esa odamlarning tungi sah­rodagi qoʻrquvini berishimiz lozim edi, chunki ular istagan soniyada Mahmud Gʻaznaviy odamlari qoʻliga tushib qolishlari mumkin. Beruniy elchilarni topib borish uchun tungi osmonda yulduzlarga qarab yoʻl boshlardi, ekranda ana shu holatni berish boʻyicha muammo paydo boʻldi.

Tunda koʻp miqdordagi odamlar va hayvonlarni suratga olish oʻta murakkab ish edi. Bu katta obʼyektni suratga olishga bir haftaga yaqin vaqt moʻljallangandi. Bir necha tunni sahroda oʻtkazganimizdan keyin suratga olishni toʻxtatishga majbur boʻldik. Biz kadrda personajlarning harakatini yulduzli osmon fonida koʻrsatishimiz kerak edi. Kinotasma sezgirligining kichikligi tufayli koʻkdagi yulduzlar unda oʻzining toʻla aksini topolmasdi. Busiz epizodning maʼno va mazmuni yoʻqolardi. Muammoni keyingi tasvirga olishlarni “Oʻzbekfilm” kinostudiyasidagi pavilonga koʻchirish bilan hal qiladigan boʻldik.

Rassom E. Kalontarov pavilonning bir qismida sahro va xaroba quduqni qurishni boshlab yubordi. Qorongʻu tun manzarasini hosil qilish uchun katta pavilonning barcha devorlariga qora qogʻoz yopishtirib chiqdi. Koʻkdagi yulduzlarni esa turli kattalikdagi yaltiroq metall zoʻldirlarni ingichka simlarga osib qoʻyish bilan hosil etdik. Pastdan bu shariklarni kuchli projektorlar bilan yoritib turdik. Natijada “haqiqiy” yulduzlar charaqlab turgan osmon paydo boʻldi.

Pavilonda turli projektorlar yordamida tun manzarasini hosil qilish ham osonlashdi. Naturada olingan kadrlar pavilondagidan farq qilmasligi uchun yoritish tizimi bilan alohida ishlashga toʻgʻri keldi.

“Oʻzbekfilm” tarixida birinchi marta katta pavilon va kollektorni qamrab olgan ulkan dekoratsiya qurilgan edi.

“Mahmud Gʻaznaviyning saroyi” obʼyekti katta hajmli boʻlganli sababli uni tasvirga tushirishga ikki haftadan koʻproq vaqt ajratilgan edi. Bir smenaning oʻziga bir yarim ming kilovatt elektr energiyasi dekoratsiyani yoritish uchun sarflanardi. Yuzdan ortiq projektor ishlardi. Vaqtni iqtisod qilish uchun oldindan, aktyorlar ishtirokisiz dekoratsiyaga chiroqlar qoʻyib chiqilardi. Shuning oʻziga ham bir smena vaqt ketardi.

…Filmimizning birinchi namoyishi Chilonzor koʻcha­sidagi eski Kinochilar uyi zalida boʻlib oʻtdi.

Zal tomoshabinga toʻlgan edi. Koʻplar joy yetmay qol­ganligi bois yoʻlaklarda, oʻtish joylarida tik turishardi.

Film ekranlarga chiqarilganidan keyin Ashxobod va Bokuda ham tomoshabin toʻla zallarda namoyish qilindi. Kartinamiz haqida ijobiy munosabatlarni, haya­jonli maqtovlarni eshitish yoqimli edi.

Men ishtirok etish baxtiga muyassar boʻlgan Kishin­yov kinofestivalida (1975 yil) filmimiz Bosh sovrin bilan taqdirlandi.

Tehronda oʻtgan xalqaro kinofestivalda (1977 yil) ham filmimiz “Oltin delfin” Bosh sovriniga munosib koʻrildi.

Shu film uchun Shuhrat Abbosovga Hamza nomidagi Davlat mukofoti berildi.

Film muvaffaqiyati bizni qanotlantirdi. Biz yanada yaxshiroq, yanada sifatliroq film yaratishni istardik…

 

Hotam FAYZIYEV,

filmning sahnalashtiruvchi-operatori

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 3-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/ulug-ajdodga-ehtirom/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x