QUSAM ibn ABBOS MAJMUASI

QUSAM ibn ABBOS MAJMUASI — Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik (11 —15-a. lar); Shohizinda tarkibida. Majmua turli davrlarda qurilgan masjid, maqbara va chillaxonadan iborat. Qusam ibn Abbos qabri atrofida bunyod etilgan. Majmuaga chortoqning sharqiy ravogʻidagi 2 tabaqali eshik orqali kiriladi. Yoʻlakning oʻng tomonida yuqorisi moʻjaz qafasali bejirim minora (bal. 12 m, 12-a.) saqlangan. Masjid 3 ga boʻlingan, yon tomondagi devor ustunlar yordamchi hujralarga birlashtirilgan. Ichki devorining izorasi sirkori yulduzsimon parchinlar bilan bezatilgan. namoyonlar qoʻsh islimiy sirkori parchinli hoshiya bilan oʻralgan. Mehrobidagi kitobalari ham sirkori parchinlardan naqshlangan. Masjidning sharqida miyonxona boʻlib, uning jan.sharqiy burchagidan maqbaraga oʻtiladi. Dastlab murabba tarhli, gumbaz bilan yopilgan goʻrxona-sagʻana, ziyoratxona va uning ostida joylashgan chillaxonadan iborat maqbara qurilgan. Qusam ibn Abbos sagʻanasi Amir Temur davrida oʻrnatilgan: sagʻana ustma-ust qoʻyilgan 3 ta toʻgʻri toʻrtburchakli va ularning ustidagi 1 egri sirtli, jami 4 qismdan tuzilgan, yon tomonlarining yuzasi zarhal islimiy naqshlar bilan ziynatlangan, ular orasiga Qurʼon oyatlari, hadislar bitilgan. Sagʻanani ziyoratxonadan koʻrish uchun goʻrxonaning shim. devoriga yogʻoch panjara oʻrnatilgan. Keyinroq masjid va b. binolar qurilgan. Bino bagʻallariga muqarnaslar ishlangan, gumbazi sirkor qoplamaga ega. Majmuadagi eshiklar 2 tabaqali oʻymakori nafis naqshlar, suls xatidagi kitobalar bilan ziynatlangan. Majmua tarkibidagi xonalarning tarhiy bogʻlanishi puxta hal etilganligi bilan ahamiyatga ega.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x