Qoraqalpogʻiston Respublikasi axborot-kutubxona markazi

Qoraqalpogʻistonda kutubxonalar tizimi, arab alifbosidagi Sharq qoʻlyozmalari jamlangan kutubxonalarni hisobga olmaganda, XIX asrning 90-yillarida ochilgan Toʻrtkoʻl, yaʼni sobiq Petro-Aleksandrovsk shahar kutubxonasidan boshlangan. Oʻsha paytda poytaxt Toʻrtkoʻl shahri boʻlgan. Uning dastlabki kitob fondi fuqarolarning hadya qilgan adabiyotlaridan tashkil topadi. 1907-yil 7-martda u shahar ommaviy kutubxonasi sifatida rasman taʼsis etiladi. Umumiy yigʻilishda uning nizomi tasdiqlanib, 41 aʼzodan iborat qoʻmita tuziladi. Kutubxona shahar aholisiga maʼlum darajadagi mablagʻ evaziga kitoblar, gazeta, jurnallardan foydalanish imkonini bergan. Bundan tashqari, turli shaxslar va tashkilotlarning kutubxonaga hadyalari, xayr-ehsonlari evaziga mablagʻ topa boshlaydi. Oʻsha paytdagi kutubxona Nizomiga koʻra, uning aʼzolari har bir jinsdagi (voyaga yetmaganlar, sudlanganlar, oʻquvchilardan tashqari) barcha fuqarolar boʻlishi mumkin edi.

1912-yilda kutubxonada jurnallar bilan 3300 nomda axborot mahsuli boʻlgan. Kutubxona 100 kun ishlagan va undan 697 kitobxon foydalangan, 2032 kitob berilgan. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, 1919-yil aprelda ishchi va askar deputatlar kengashi kutubxonani milliylashtirish boʻyicha komissiya tuzadi. May oyida Toʻrtkoʻldagi Novikovning chor hukumatiga qarashli shaxsiy kutubxonasi milliylashtirilib, avval xalq kutubxonasi, keyin markaziy, Xorazm Respublikasi kutubxonasi deb yuritildi.

1920-yillarda mahalliy aholining madaniy turmush tarzi yaxshilana borgan. Shaharlarda kutubxonalar va klublar tarmogʻi, qishloq va ovullarda qizil choyxonalar, kitob oʻqish xonalari tashkil topadi. 1921-yilning avgustiga kelib, Qoraqalpogʻistonda 6 ta choyxona, 8 ta koʻchma kutubxona boʻlgan. 1927–1928-yillarda 13 ta qizil choyxona, 9 ta kutubxona, 1933-yilda 43 ta kutubxona, 41 ta qizil choyxona, 71 ta koʻchma kutubxona faoliyat yuritgan. 1940-yilda respublikada jami 195 kutubxona ishlagan.

Markaziy Ijroiya qoʻmitasining 1936-yil 9-apreldagi qaroriga muvofiq va Qoraqalpogʻiston Maorif xalq komissarligi buyrugʻiga koʻra, Toʻrtkoʻl kutubxonasi negizida Respublika kutubxonasi tashkil etildi. Qoraqalpogʻiston markazining Toʻrtkoʻldan Nukusga oʻtkazilishi munosabati bilan kutubxona ham koʻchiriladi. Dastlab kutubxonada 9,5 shtat birligi, 4 ta katta xonaga joylashtirilgan umumiy maydoni 60 m2 boʻlib, 1 ta xonada 10 ta oʻringa moslashtirilgan qiroatxona, qolganlarida kitobxonlarga xizmat koʻrsatish boʻlimlari va devonxona, arxiv, ombor boʻlgan. Arxiv materiallariga koʻra, kitob fondi – 24430 nusxa, kitobxonlar soni – 500, kundalik qatnov – 70 ta boʻlgan. 1941-yilga kelib, fondda 64080 rublga teng 31046 nusxa kitob bor edi. 1944-yili Moskva, Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) bilan kutubxonalararo abonement tashkil etiladi. Urushdan keyingi yillarda 176 kutubxona, shu jumladan, 1 ta respublika, 16 ta tuman va shahar, 6 ta qishloq, 2 ta bolalar kutubxonalari, 116 ta tayanch qizil choyxonalar va koʻchma qiroatxonalar ishlab turgan. 1950yillarning o ‘ rtalariga kelib, 293 kutubxona va 117 koʻ chma qiroatxona boʻlgan, 1962-yili Respublika bolalar kutubxonasi tashkil topadi. 1966-yili imkoniyati cheklangan kitobxonlar uchun Respublika koʻzi ojizlar kutubxonasi, 1970-yil Xoʻjaylida, 1972-yili Amudaryo, Chimboy, Beruniy tumanlarida koʻzi ojizlar kutubxonalari tashkil topadi.

1936-yildan 2006-yilgacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi kutubxonasi sifatida xizmat koʻrsatgan. 2006-yil 20-iyunda qabul qilingan 381-sonli qarordan soʻng Berdaq nomidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi ilmiy-universal kutubxonasi negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasi axborot-kutubxona markazi (AKM) tashkil topadi.

Shu yillar davomida kutubxona xodimlari uch yillik Toshkent madaniy-maʼrifiy maktabida, Moskva, Leningrad, Toshkent madaniyat institutlarida, Nukusdagi maxsus kurslarda malaka oshirib, taʼlim olishdi. 1980-yillarda oliy maxsus maʼlumotli kadrlarga ehtiyoj tufayli QQ Madaniyat vazirligining tashabbusi bilan Toshkent madaniyat institutida alohida qoraqalpoq guruhlari 10 yil davomida oliy maʼlumotga ega boʻlishdi.

 

Zuhra Berdiyeva

 

Kutubxonashunoslik” (Kasb-hunar kollejlari uchun. Toshkent, “Ilm ziyo”, 2014) darsligidan.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/qoraqalpogiston-respublikasi-axborot-kutubxona-markazi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x