Qochoqning oʻlimi

Mixael Pitala qamoqxonadan qochdi. Quyuq oʻrmonlar va bugʻdoyzorlarda yashirinib u janub tomon yurdi, toqqa yaqinlashdi. Dehqonlar uning qornini toʻygʻizishdi, yoʻl uchun oziq-ovqat va kiyim-bosh berishdi. Kech tushdi. Oppoq ilonizi yoʻl togʻ yonbagʻirlab buralib ketgan edi. Dovonda xoch turardi. Qochoq chang yoʻldan asta koʻtarila boshladi. U Galitsiyaning Tarnovsk oʻlkasilik dehqonlar kiyadigan uzun, chang bosgan koʻylagiga tirishgan qaltiroq qoʻli bilan ul-bul yegulik solingan kichkina tugun qistirib olgandi.

U atrofni qoʻrqa-pisa kuzatdi, uning yuzida soqchi koʻrinishi bilanoq oʻzini tik qiyalikdan vodiyga tashlash jurʼati namoyon edi. Va nihoyat u etagida yarimchirigan oʻrindiq turgan, yogʻoch xoch joylashgan dovonga yetib keldi. Mixael Pitala choʻqindi va oʻrindiqqa horgʻin oʻtirdi. Tugunni yoniga, maysaga qoʻydi va atrofga nazar tashladi. Ikki tomondan ham yoʻl nishablikka qarab ketardi. Uning koʻz oʻngida oʻrmonli vodiy gavdalandi. Atrof qanday goʻzal! Uzoqda, kulrang choʻqqilar orasida azim Bobotogʻ qad koʻtarib turibdi. Undan nariroqda Taqirtogʻ, uning yon-verida esa Mixaelning ota joylari… Shuncha yillardan keyin, ikki-uch kun oʻtib u oʻrmonning yoqasiga qadar yoyilgan qoʻralar, moʻjaz ibodatxona joylashgan ona qishlogʻini koʻradi.

Togʻlar orasiga asta botayotgan quyoshning nurlari soʻnib borardi. Qochoq oppoq qirov qoʻngan boshini quyi egganicha kechmish hayotini esladi. Koʻp yillar avval u ish qidirib xotini va bola-chaqasini olib Germaniyaga otlandi. U yerda ter toʻkib holdan toyguncha mehnat qilishdi, hayotning achchiq-chuchugiga sabr qilishdi. Qish oylaridan birida u ishsiz qoldi va butun oila ochlik domida qoldi. U yaqinlarining qiynalganlariga chiday olmadi va avval ularni, soʻng oʻzini zaharlab oʻldirishni oʻylab qoldi. Ogʻuni tayyorlab, mudhish rejasini amalga oshirdi. Xotini va bolalari oʻldi, lekin u tirik qoldi. Tuzalib ketganidan soʻng uni uzoq yilga ozodlikdan mahrum etishdi. Koʻp yillar ish davomida olisdagi bulutli togʻlarga havas ila qarab, yana oʻsha yerga borishni orzu qilardi. Nihoyat, u qamoqdan qochishga erishdi. Mana, hozir shu yerda…

Mixael Pitala yana atrofga nazar soldi. Quyosh tobora pastlab botib borardi. Bobotogʻ choʻqqisi shafaq bagʻriga singib ketdi. Shafaq. Magʻrib tomonda toʻq-qizil olovli shar asta togʻ ortiga botdi. Kechki qizil shuʼlalar togʻ bagʻrida erib ketdi. Undan keyin goh parchalanib, goh yana qoʻshilib tuman pardasi koʻtarildi. Qandaydir oʻzgacha gʻira-shira qorongʻulik oʻrmonni burkab oldi. Iliq shamol esa ignabarg hidini atrofga sochdi. Pastda katta toshlari zamburugʻ bilan qoplangan togʻ nishabligi yastanib yotibdi. Sershovqin soy toshdan toshga va ildizi bilan qoʻporilgan daraxtlarga urilib oqar, baland tilogʻoch va qaragʻaylar orasida koʻrinmay ketardi.

Qochoq soqol qoplagan yuzini quyi indirgan koʻyi pinakka ketdi. Tushiga uyi kiribdi. Lekin u oqsoqol qariya emas, navqiron yigitcha edi. U hozirgina oʻrmondan qaytgandi. Mana, oʻchoqdan chiqayotgan tutun oʻrlagan kulbadagi oʻzining kichkina xonachasi. Mana, otasi, onasi, butun oilasi. “Mixalek, sen qayerda buncha koʻp qolib ketding?” deb soʻrashyapti. Soʻng hammalari xontaxtaga oʻtirib ovqatlanishadi, gurunglashib oʻtirib qoʻy sutidan ichishadi. Qoʻshnilar chiqadi. Oʻrmonda oʻrtogʻi Konichkani ayiq qanday qoʻrqitganini aytib berishadi. U oʻchoqqa oʻtin tashlaydi. Oʻtin charsillab yonib, qurum bosgan xonani yoritadi. Tashqaridagi qoʻraga qaytayotgan mollarning maʼrashini eshitib oʻtirish qanchalik yoqimli. Ibodatxona qoʻngʻirogʻi chalinadi. Hammalari turishadi, choʻqinib, baland ovozda ibodat qilishadi. Olov esa charsillab yonadi… Birdan ogʻir qadamlar qochoqning tushini buzib yuboradi.

Oʻrnidan turarkan, yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, qayerdandir paydo boʻlgan mirshabni koʻrdi. Uning miltiq nayzasi tunning soʻnggi shuʼlalarida dahshatli yaltirardi. Mixael Pitala tugunini olib, bir sakrashda narigi yoʻlga oʻtib, togʻ nishabligiga qarab yugurdi. Uch marta “Toʻxta, toʻxta, toʻxta!” buyrugʻidan soʻng gʻira-shira oʻrmonning tun sokinligida koʻp marta oʻq ovozi aks-sado berdi. Oʻq yegan boshini egganicha qochoq oldinga va yuqoriga intilardi. Oxirgi marta botayotgan quyoshni va togʻlar tizmasini koʻrib qolishga harakat qilardi. Quyosh botdi.

Vodiyning allaqayerida kechki ibodatga chaqiruvchi cherkov qoʻngʻirogʻi chalindi. Yuqorida, yoʻldagi yogʻoch xoch yonida turgan mirshab qalpogʻini yechdi va ibodat qila boshladi: “Tangri malaklari…”

Miltiqning ogʻzidan osmonga koʻtarilayotgan tutun soʻroq belgisi shaklini eslatardi. Oʻrmon osmonida oy chiqib, qiyalikda yotgan qochoqning murdasini xira nurlari bilan yoritayotganda, uning koʻkargan lablari asta pichirladi: “Vatan! Vatan!”

 

Yaroslav Gashek

 

1902 yil

 

Rus tilidan

Davronbek Tojialiyev

tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 8-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/qochoqning-olimi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x