Qoʻchqor Norqobil (1968)

Qoʻchqor Norqobil 1968 yilning 5 mart kuni Surxondaryo viloyati, Oltinsoy tumanidagi Moʻminqul qishlogʻida tavallud topdi. Oʻrta maktabni tugatib, 1986–1988 yillarda afgʻon urushida qatnashdi. 1992 yilda Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomladi. Mehnat faoliyatini “Turkiston”, gazetasida boshlab, keyinchalik “Oʻzbekiston ovozi”, “Xalq soʻzi” gazetalari va “Saodat” jurnalida ishladi. Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi muassisligidagi “Inson va qonun” gazetasi bosh muharriri vazifasida xizmat qiladi.

Qoʻchqor Norqobilning ijodi oʻtgan asrning 80-yillarda boshlandi. “Bosinqirash”, “Asorat”, “Xun” hikoyalari, “Daryo ortidagi yigʻi” qissasi chop etildi. Adib ijodida “Daryo ortidagi yigʻi” (1994) qissasi muhim oʻrin tutadi. Unda afgʻon yurtida muallif oʻz koʻzi bilan koʻrgan, boshidan kechirgan hayotiy voqealar mahorat bilan ifoda etilgan. Mazkur qissa yoshlar tashkilotining Usmon Nosir nomidagi mukofotiga sazovor boʻlgan edi.

“Kaftimdagi qizgʻaldoq” (1990), “Xosiyatli dunyo” (1993), “Deraza rahidagi gul” (2007) kabi sheʼriy va “Daryo ortidagi yigʻi” (1994), “Kulib tur, azizim” (2005), “Quyoshni kim uygʻotadi?..” (2008), “Koʻzlaringni koʻrgani keldim” (2012), “Afgʻon: 2 rota” (2012) kabi nasriy kitoblari chop etilgan. “Taqdir sinovlari” (2010), “Quyoshni sen uygʻotasan” (2011), “Nur soyada qolmaydi”, “Omad biz tomonda”, “Suv koʻrmay etik yechma” (2012), “Zamindan olis ketma” kabi dramalari poytaxt va viloyat teatrlarida sahnalashtirildi.

Qoʻchqor Norqobil 2001 yil “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist” unvoniga sazovor boʻlgan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/qochqor-norqobil-1968/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x