Kundalik daftardan

ILMIY-TEXNIKA TARAQQIYOTI HAQIDA OʻYLAR

Oʻzbek adabiyoti… xalq ogʻzaki ijodidan bino boʻlgan. Oʻz oti oʻzi bilan – ogʻzaki ijod. Asar ogʻizda yaratilgan. Tilda yaratilgan. Asar ogʻizdan til orqali chiqib, har yoqqa tarqab-tarqab ketgan. Ogʻizdan chiqqanni koʻz bilan tutib boʻlmaydi, tokchaga chiq(ar)ib boʻlmaydi. Birpasda havoga uchib ketadi, soʻng havoda yoʻq boʻlib ketadi. Eshitgan eshitib qolgan, eshitmagan savodsiz qolgan. Eshitganlarini yodda saqlab qololganlar ilgʻor, ziyoli boʻlgan, eslab qololmaganlar avom xalq boʻlib qolgan. Shu boisdan ham oʻzbek xalq qoʻshiqlari, oʻzbek xalq dostonlarini xizmati ulkan, beqiyos boʻlgan. Oʻzbeklar ana shu qoʻshiqlar, ana shu dostonlarni eshitib… xalq boʻlgan! Ulgʻayib-oʻsgan, bir joyga jam boʻlgan… Aniq bir koʻrinishga ega boʻlgan.

Keyin yozma adabiyot paydo boʻladi. Oʻz oti oʻzi bilan yozma. Harflardan iborat adabiyot. Satrlardan iborat adabiyot. Sahifalardan iborat adabiyot. Koʻz bilan koʻrsa boʻladigan adabiyot, qoʻl bilan ushlasa boʻladigan adabiyot.

Har bir asrni oʻziga yarasha sivilizatsiyasi boʻladi. Har bir zamonni oʻzibop sivilizatsiyasi boʻladi. Ammo asl sivilizatsiya yozma madaniyatdan keyin keladi. Tom maʼnodagi sivilizatsiya yozma madaniyatdan paydo boʻladi.

Masalan, xalq baxshilari oʻz zamonlarini ilgʻor zotlari boʻlgan, ammo ular oʻz otlarini yoza olmagan. Yaʼni, oʻz fikr-mulohazalarini, dostonlarini yozma ravishda ifoda eta olmagan. Ular kuylab oʻtgan dostonlar(ni) eshitish dunyomizni nafaqat tuygʻular bilan boyit(a)di, nafis his-xayollar bilan toʻldir(a)di. Ruhiyatimizni goʻzal ham ezgu tuygʻular bilan sugʻoradi. Borligʻimizni maʼnaviy ham madaniy barkamol etadi. Ammo bu tuygʻular havoyi tuygʻulardir. Bir lahzalik tuygʻu, his-hayajonlardir. Bu tuygʻular koʻp yashamaydi, bir lahzada yoʻq boʻlib ketadi. Ogʻizdan chiqqan tovush, ovoz kabi oʻchib qoladi. Ammo ogʻzaki sivilizatsiya… aql-zakovatni boyitmaydi, fahm-farosatni oʻtkir etmaydi. Aqliy barkamollikka olib bormaydi. Belinskiy aytganiday,”Poeziya – erkin inson soʻzida ifodalanadi, soʻz esa – ham kartina, ham aniq va ravshan aytilgan tasavvurdir”.

Dunyoviy mantiq asosan… soʻzda oʻz aksini topadi. Yaʼni, harflarda(n bino) boʻladi. Qator-qator harflarda(n bino) bino boʻladi. (Kitoblar ana shunday bino boʻldi).

 

ULKAN BOYLIK

Xat-savodli kishilar (ziyolilar) faqat kitob oʻqir edilar. Magazinlarda kitob qolmas edi. Kishilar (kitoblarni) sotib olib (qoʻyar)kelardilar. Magazinlardan topolmagan kitoblarini… qora, chayqov bozoridan izlab topar edi(lar). (Ziyoli) qimmat boʻlsa-da, kitob sotib olar edi. Shu kitobni oʻqir edi. Oʻzgalar bilan shu kitob haqida suhbatlashar edi, bahslashar edi. Keyin shu kitoblarini uyidagi tokchaga qator qilib tizib, terib qoʻyar edi. Kelgan-ketganlarga ana shu kitoblarini koʻz-koʻz etar edi. Oʻzining ulkan boyligi sifatida saqlar edi. Ana shu kitoblarini qayta-qayta oʻqir edi.

Oʻzi, odatda, eng noyob bisot-narsalar qora bozorga chiqadi. Juda qadr-qimmatli narsalar qora bozorda boʻladi. Qora bozorda ikki-uch barobar qimmat narxda sotiladi.

Men qora bozorda kostyum-shimdan qimmat narxda sotilgan kitoblarni koʻrdim. Yapon televizorlaridan ham qimmat, kaftday-kaftday kitob(lar)ni koʻrib edim. Koʻzimni chirt yumib, shu qimmatbaho kitoblarni (sotib) olib oʻqib edim.

Odamlar, ayniqsa, yoshlar ertayu kech televizor koʻradi. Televizorga qarab… ovqat yeydi, televizorga qarab… uxlaydi, dam oladi.

Ular (yoshlar) qanday qilib insho yozadi, diktant yozadi? Ular Navoiy sheʼriyatini tushunmay oʻtirsalar, Bobur sheʼriyatiga uzzukun termilib, (tushunmay) oʻtirsalar… Ular shundan keyin (albatta) Bobur (avlodlari) kimligini bilmaydilar. Ular tilni bilmaydilar. (Axir) ular telereklamalarga tikilib oʻtiradilar. Reklamalar esa… oldi-qochdi, savdo-sotiq soʻzlardan iborat.

Televizor – bir quti. Mashina-quti. U qanday yaratilgan? Olimlar kitob oʻqib-oʻqib, televideniyeni yaratdi. Kitob yaratib-yaratib, televideniyeni oʻylab topdi. Yaʼni, televideniyeni kitob yaratdi. Barcha texnikalar kitob mahsuli. Yozma madaniyat, sanʼat mahsuli. Yozma harflar mahsuli. Yozma harflardan kitob boʻlmasa edi, sivilizatsiya boʻlmas edi. Biz ana shu poydevorimizdan olislab ketayapmiz. (Kitobga qaytish, adabiyotga daʼvat etish payti keldi).

Anna Axmatova muhabbatni: “yilning… beshinchi fasli”, deya ataydi. Belinskiy:”Muhabbat – tabiati yaqin boʻlgan ikki zotning bir-birlariga qovushib, cheksiz zavqlar topmogʻidir”.

 

YOZUVCHI OʻLGANDA TINADI!

Bilasizmi, 19-asrning oxirlarida Chor Rossiyasida kapitalizm barq urib, gullab-yashnab edi. Ayniqsa, 80-90-yillardan boshlab kapitalizm bor boʻyi bilan gullab-yashnadi. Kapitalizm nima oʻzi? Pul, pul, yana pul. Koʻk pul! Har kadamda koʻk pul! “Koʻkidan uzat!”; “Koʻkidan boʻlsin?..” Koʻk, koʻk… Odamlar, yozuvchi-shoirlar “koʻk”ka qarab intildi, koʻkka talpindilar. Shu vaqtgacha koʻk, koʻm-koʻk, deganda yozuvchi-shoirlar koʻm-koʻk tabiatni, koʻm-koʻk osmonni anglar edilar, his etar etar edilar. Koʻkka-osmonga qarab entikar edilar, koʻkraklarini toʻldirib toʻlib-toshar edilar, hayajonlanar edilar, ilhom bilan joʻshib-joʻshib sheʼr yozar edilar. Koʻm-koʻk faslga – bahorga talpinib-talpinib sheʼr yozar edilar. Shoir-yozuvchi unda koʻm-koʻk bahor farzandi edi, quli edi. Unda shoir-yozuvchi koʻm-koʻk osmon farzandi edi, quli edi. Koʻm-koʻk osmon shitir-shitiri, shovuri – yomgʻiriga kaft tutib asar yozar edi. Yomgʻir shovuridan, nafasi nomidan gʻarq boʻlib asar bitar edi. Yozuvchi-shoir koʻm-koʻk yaproqlar shivir-shiviridan koʻm-koʻk yaproqlar haqida toʻyib-toʻyib asar bitar edi.

Endi esa… Kapitalizm keldi. Boshqa bir koʻk keldi, koʻm-koʻk kuch, narsa keldi. Koʻk, koʻk, koʻk… Xayoldayam, aqldayam, koʻngildayam-yurakdayam pul, pul. Pul bor joyda poeziya qochadi. Poeziya puldan yiroq yuradi, baland yuradi. “Koʻk” shamoli, “koʻk” istarasi… issiq! Ammo “koʻk” poeziyani oldin soʻldiradi, keyin sindiradi. Yaproqlar koʻki poeziyani yashnatadi, osmon koʻki poeziyani gullatadi. Ammo pulni koʻki poeziyani xarob qiladi. Yozuvchi-shoir oʻzini koʻkka-pulga, mansabga, amal-eʼtiborga tashlab ketdi.

Ammo adabiyot bunday davom etmaydi. Boisi, hayotni ushlab turadigan, xayotni olga olib boradigan katta bir kuch bor, oʻzgarmas bir qudrat bor. Bu – tabiat. Tabiatning rangi koʻk, koʻm-koʻk. Shunday ekan, hayotni rangi-da koʻm-koʻk. Yozuvchi-shoir ana shu koʻm-koʻklikka qaytadi. Asr-asrlardan buyon ana shunday boʻlib kelgan. 18-asr, 19-asr, 20-asr… 19-asrni shu kunlari haqida Lev Tolstoy shunday deb edi: “Bunaqa zamonda sheʼr yozish – qoʻsh haydashga raqs tushish bilan barobar”.

Yozuvchi qanday paydo boʻladi? Yozuvchi yoʻqlikdan, kamchilikdan, och-nochorlikdan, mutelikdan, xor-zorlikdan paydo boʻladi!

Yozuvchi – qamok, azob, xoʻrlikdan, ezilishdan paydo boʻladi!

Yozuvchi – boshga tushgan qora kunlardan paydo boʻladi. Mana, shu kunlarda xalq qiynalayapti, kiyim-bosh ololmay, qorni toʻyib ovqat yeyolmay qiynalayapti. Oʻtish davri hamisha qiyin kelgan. Ehtimol, shu kunlarni, qora kunlarni boshdan kechirgan yosh bolalar bir kun kelib, katta yozuvchi boʻlar? Ehtimol, ana shu qiyin kunlar oʻz Jek Londonini, oʻz Abdulla Qodiriyini yetishtirib berar?

Oʻtish davri – urush davri… Hozir urush emas, tinchlikka oʻtish davri. Tinch oʻtish davrida kapital, pul, ayniqsa, koʻk pul… zambarak boʻlib otiladi, otadi, gumburlaydi. Hayotni jumbushga keltiradi, turmushni zir titratadi, quloqni shangʻilllatadi, koʻngil oʻynatadi, boshni aylantiriadi, es-hushni oldi.

Koʻk pul otilsa, ijod, ilhom sukut saqlaydi!

Sotsializm jamiyatida adabiyot bor edi, madaniyat bor edi, sanʼat bor edi. Oʻz adabiyoti bor edi. Barcha-barchasi bor edi. Ammo sotsializm jamiyatini oʻzini tarixiy poydevori yoʻk edi, yer qaʼriga kirib ketgan tomiri, oʻzak tomiri yoʻq edi.

Keksa, qadimiy chinorlar boʻladi. Bu chinorlar tomiri yuz yillar mobaynida yerni tub-tubiga kirib ketadi, necha-necha unlab, jamalak boʻlib, tomir otib ketadi. Bu chinorlarni qirqib tashlasangiz qurimaydi. Tagidan kundalab tashlasa-da, qurimaydi. Bir-ikki qarich omon qolgan tanasidan shoxlay boshlaydi. Tag-tugi bilan qoʻporib tashlansa, oʻsha yerdan, joyidan yana nish urib chiqadi. Boisi, yerni qat-qatida tomirlari bor boʻladi, shonila-shonila tomirlari bor boʻladi. Shu bois, chinorlar yuz yillab umr koʻradi, chinorlar mangu yashaydi. Sotsializm jamyatida ana shunday tomirlar yoʻq edi. Shu bois, qulab tushdi, tomirlari yoʻq boʻlsa, mayli edi, bunday qaltis, hal qiluvchi vaziyatda… kelajak qoʻtkarishi mumkin. Kelajakka intilib, intilib, talpinib yashash mumkin.

Sotsializmda… kelajak ham yoʻq edi. Sotsializmning kamchiligi – kommunizm edi. Kommunizm oʻzi esa yoʻq narsa, yoʻq bosqich edi. Shunday qilib, sotsializmda tomirlar-tarix ham yoʻq esa, kelajak ham yoʻq edi. Oqibat, imorat misol agʻnab tushdi.

Tarixida-da, kelajagi-da yoʻq narsa omonat boʻladi, yolgʻon boʻladi, soxta boʻladi.

Sotsializm hayoti, davri ana shunday edi. Sotsializm qulashi bilan uni madaniyati ham, sotsialistik ralizmi ham quladi.

Sotsialistik realizm davrida yozuvchi chinakam iskanjada qildi, xoʻrlandi, ezildi, oʻzini oʻzi ramkaga solib asar yozdi. Oʻzini qafasda his etib, ijod qildi. Qafasdagi qush misol kun koʻrdi. Ayniqsa, dissident, qingʻir fikrlovchi nomini oldi. Qafasdan… sotsializm deya atalmish qafasdan dod dedi, figʻoni falakka chiqdi. Ushbu qafasdan qutulishni orzu qildi. Mana, qutuldi. Erkin qush misol boʻldi. Ana endi erkin qush misol erkin parvoz etsa boʻladi, ana endi erkin ijod etsa boʻladi. Toʻrt tomoni qibla!

Ammo barchasi… oʻchib qoldi! Nega?

Meningcha, buni ikkita sababi bor. Birinchi sabab – sotsializm bir soxta qolip edi, yolgʻon bir tuzum edi. Masalan, bir odam ulugʻlansa, yaxshi deyilsa, boʻldi, shu odam koʻkka koʻtarilar edi, ulugʻlanar edi. Orden ketidan orden, unvon ketidan unvon berilar edi. U odam hamisha uy turidan joy olar edi. U odamga gard yuqtirilmas edi. U odam misoli farishta edi. U odam ijobiy qahramon edi, ijobiy edi. Bordi-yu, tagʻin bir odam qoralansa… boʻldi: u boshdan-oyoq qora edi, yomon edi. Nimaiki yomon gap bor boʻlsa, shu odamga tuflab yopishtirilar edi. U salbiy qahramon edi, salbiy edi.

Sotsializm, sotsialistik realizm qoidalari, talablari ham ana shunday edi. Jamiyat boʻlsa, undagi maʼnaviy, madaniy, axloqiy-ruhiy talab-qoidalar ham shunday boʻladi. Sotsialistik realizm metodi xam shunday talabdan paydo boʻldi. Sotsialistik realizm-sotsializm jamiyatining talab, yoʻnalish, maʼnaviy metodlaridan biri boʻldi.

Yozuvchilar ana shu sotsialistik realizm metodi quli boʻldi, qoʻgʻirchogʻi boʻldi. Sotsializm qoralagan odamni yozuvchi ham qoraladi. Makondan tashqarida yashab boʻlmaydi! Yozuvchi uchun yaxshi-yomonni sotsializm belgilab berdi, yozuvchi uchun oq-qorani sotsializm koʻrsatib berdi. Hatto, maxsus partiyaviy boʻyruq-koʻrsatmalar bilan beligilab berdi, partiyaviy programmalar bilan belgilab berdi.

Shu bois, sotsializmda yozuvchi urugʻi koʻpayib ketdi. Osmondan tayoq tushsa, yozuvchi boshiga, ustiga tushdi. Chunki sotsializmda asar yaratish, bunday jamiyatda asar yozish oson edi. Yana tagʻin, sotsializm yozuvchini iqtisodiy taʼminlab turur edi, yozuvchini uy-joylar, bogʻlar bilan taʼminlab turur edi. Yozuvchilarning soʻzi ardoqda edi, yozuvchini oʻzi undan-da ardoqda edi.

Favqulodda… ana shu sotsializm tugadi, sotsialistik realizmda (asar) yaratish tugadi. Yozuvchi boshi berik koʻchada qoldi. Nima kilishini, nima asar yozishini bilmay koldi. Orqaga qaytay desa, orqada hech nima yoʻq, boʻm-boʻsh – sotsializm yoʻq. Olgʻa boray besa, oldin-da boʻm-boʻsh! Orzu qilinmish… kommunizm yoʻq! Yozuvchi arosatda qoldi, yozuvchi muallaq qoldi! Yozuvchi sifatida yozmasa boʻlmaydi. Nimani yozadi? Kim haqida yozadi? Yozuvchi bilmay qoldi, bilmay qoldi!

Ikkinchi sabab… bosh sabab! Fojiali sabab!

Mana, oʻzbek yozuvchisini… yozuvchi boʻlish yoʻli, ulgʻayish yoʻli: maktabda ertaklar, dostonlar, gʻadir-budir til bilan tarjima qilingan tarjima kitoblarini oʻqiydi. Yozuvchi boʻlgisi kelib, tuman gazetasiga xabar, lavhalar yozadi, barchasini toʻplaydi. Xavaskor qalamkash yozuvchi boʻlish uchun jurnalistika yo filologiya fakultetiga oʻqishga kiradi. Qoʻliga tushgan kitobni oʻqiydi, oʻqib, izlanadi. Oʻzicha hikoyalar mashq qiladi. Oʻqishni bitirib, yozuvchi boʻlish uchun matbuotga ishga kiradi. Boʻldi, shu bilan oʻqib-izlanish tugaydi. Endi, boʻlajak yozuvchi koʻtarilish yoʻlini qiladi. Kichik muharrir, katta muharrir, masʼul kotib, bosh muharrir… Shu oʻsib-ulgʻayish davrida vaqti boʻlsa, asar yozib turadi. Oʻqib-izlanish uchun esa… vaqt yoʻq! Ana shu vaqti boʻlganda yozgan asari koʻklarga koʻtarilib maqtaladi, mukofotlanadi. Boisi, u bosh muharrir! Keyin, tagʻin mansab-martaba sari intiladi. Yozuvchilar uyushmasida ishlaydi, markaziy partiya komitetiga koʻtariladi. Oralarida ijod qilib ham turadi. Oʻqib-izlanish esa… yoʻq. Ertadan kechgacha martaba-mansab dardi, qaygʻusi, yugurib yelishlari. Yozuvchida hamon oʻqib-izlanish yoʻq. Yozuvchi hamon maktab, oliy oʻkuv yurti, talabaligida oʻqib-oʻrgangan izlanishlari kuch-qudrati bilan ijod qiladi. Yaʼni, doston yoki asari qanday badiiy saviyada, darajada boʻlsa, uninchi asari ham ana shunday darajada boʻladi. Talabalik yillari topgan badiiy darajasi bilan ijod qiladi. Boisi, oʻqib-izlanish yoʻq. Ertadan kechgacha mansab-martaba… yana-tagʻin tirikchilik tashvishlari…

Toʻqson olti oʻzbek yozuvchisining yozuvchilik ijod yoʻli ana shunday. Oqibat, oʻzbek yozuvchisida adabiy-badiiy poydevor yoʻq. Adabiy-badiiy tomiri yoʻq. Adabiy-badiiy poydevor ana shu chinor tanasiga oʻxshaydi. uni qirkib tashlasa, baribir oʻsib chiqadi. Oʻzbek adabiyoti-da ana shu koʻtarib tashlasa-da qurimaydigan, baribir bir kunmas – bir kun oʻnib chiqadigan tomir yoʻq. Chunki ular oliy oʻquv yurtini bitiriboq oʻqib-izlanishni tugatgan.

Yozuvchi bormi, umr boʻyi oʻqib-izlanishi kerak. Yozuvchi pensiyaga chiqmaydi. Yozuvchi oʻlganda tinadi!

Oʻqib-izlanish bu – poydevor demak, teran tomir demak. Ichki kuch-qudrat buloqqa oʻxshaydi. Buloqni yoʻlida qanaqa qiyinchilik boʻlmasin, baribir otilib chiqadi. Chunki buloqda ichki kuch-qudrat bor, poydevor bor. Bu povdevor yillar mobaynida toʻplanib, yigʻilib, qudratli kuchga aylanib qoladi. Uni hech qanday toʻsiq, qiyinchilik toʻxtata olmaydi. Bu kuch-qudrat koʻp yillar oqimi sanaladi.

Afsuski, oʻzbek adabiyoti-da ana shu ichki qudrat – poydevor yoʻq.

Oʻzbek adabiyotini tilida bor, qalbida hech vaqo yoʻq!

Qayta qurish davri, oʻtish davri… Buni nimasi muammo, nimasi qiyin? Urush davrida buyuk-buyuk asarlar yaratilgan. Ocharchilik yillarida buyuk-buyuk asarlar yaratilgan. Qamoqxonlarda buyuk asarlar yaratilgan.

Yoʻgʻon choʻzildi, ingichka uzil, deydilar. Oʻtish, qayta qurish davri ana shunday davr.

Oʻzbek adabiyoti ingichka ekan, uzildi-qoldi.

Yozuvchi, adiblar ijodiy yoʻlini, umrini, hayotini, olis masofaga yugurish poygasiga oʻxshatgim keladi. Marofon poygasi yoʻliga oʻxshatgim keladi. Poyga yoʻlagida boʻylab chopib boruvchi poygachilarga oʻxshatgim keladi. Bunday olis masofa poygasida oldindan, azaldan puxta, pishiq mashq qilgan, mashq olgan, suyagi shunday poygada qotgan, yaʼni poydevori pishiq, beli baquvvat, poydevori zaminli poygachi soʻnggi marraga yugurib boraveradi. Yoshligida shunchaki besh-olti mashq olgan, shunchaki orzu-havas bilan yoʻlga chiqqan poygachilar esa yoʻl-yoʻlakay arosatda qolib ketaberadi. Birov oʻpkasi toʻlib qolib ketadi. Birovi irodasi yetmay-yetmay qolib ketadi. Birovi kuch-qudrati yetmay qoladi, birov turli-tuman bahonalar topib qolib ketadi.

Oʻzbek adiblari ana shu poygachilarga oʻxshaydi.

Ijodiy yoʻlni ana shu poyga yoʻliga oʻxshataman. Yozuvchini ana shu poygachilarga oʻxshataman.

Kambagʻal boʻlsang, koʻchib boq, deydilar. Qayta quruvchi, oʻtish davri – bir davrdan ikkinchi davrga oʻtish, koʻchib oʻtish demakdir. Oʻzbek adiblari sovet davridan demokratiya davriga koʻchib oʻtayotib, qarasalar… qip-qizil, ship-shiydom ekanlar. Qoʻlga ilashadigan narsalar kam ekan. Birovlarda deyarli olib oʻtadigan bisotlari deyarli yoʻq ekan. Borini ham eski-tuski, qalangʻi-qasangʻi, boʻsh-bayov, yangi, demokratiya davriga toʻgʻri kelmaydigan, yaramaydigan bisot, narsalar ekan. Na iloj, bisotlarini eski sovet davrida qoldirib, tashlab keldilar. Oqibat, yalongʻoch qirol boʻlib qoldilar.

 

* * *

Toshkentda yashayotganimdan buyon ilk marotaba oʻzim haqimda oʻyladim: “Men oʻzi Toshkentda nima qilib yuribman? Surxonda tayyor uy, bogʻlarimni tashlab, ota-onam, urugʻ-aymoqlarimni tashlab, nega Toshkent-da daydib yuribman? Yozuvchi boʻlmoqchimidim? Qani, yozuvchi boʻlganim? Besh-oltita hikoyami? Bu hikoyalar yozuvchi boʻldi, degan gap emas. Bu hikoyalar shunchaki mashqlar. Yoʻq, kim ekanligimni, kim boʻlmoqchi ekanligimni bir koʻrsatib qoʻyishim kerak”.

 

* * *

Men muzeyni tomosha qilmishday “Oydinda yurgan odamlar”ni tomosha qildim. Men Rembrandt kartinalarini tomosha qilmishday “Oydinda yurgan odamlar”ni tomosha qildim. “Gʻayot bor ekan, “Oydinda yurgan odamlar” ham boʻladi, – deya yashnadim. – Oʻzbek xalqi hayot ekan, “Oydinda yurgan odamlar” ham hayotdir”.

 

* * *

“Otamdan qolgan dalalar” olti yuz (600) betdan oshiq edi. Men uni uch yuz (300) betga qisqartirib tushirdim. “Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi” besh yuz (500) betlar edi, men uni ikki yuz ellik (250) betga tushirdim. Oʻz qoʻlim bilan qaychiladim. Yillar davomida yaratgan, peshona teri toʻkib yaratgan mehnatim samarasini oʻz qoʻlim bilan yoʻq qildim. Koʻnglim… uvishib ketdi. Koʻnglim… achishib ketdi. Koʻkragim ostida bir nima oʻpirilib tushganday boʻldi…

 

* * *

Asarlarim qisqa-qisqa boʻlib qoldi, jajji-jajji boʻlib qoldi. Ruboiy misol boʻlib qoldi, uch minutlik qoʻshiq misol boʻlib qoldi. Bir daqiqalik tabassum misol boʻlib qoldi. Ikki dona marjon koʻz yosh misol boʻlib qoldi. Bir zarblik, nafaslik hayqiriq misol boʻlib qoldi.

Bilmadim, bunday, bu qabil jajji sanʼat qancha umr koʻradi? Bilmadim, bu qabil badiiy sanʼat koʻzga koʻrinmay, bir burchakda qolib ketmasmikin? Bu misol badiiy adabiyot, asar(ni) beshafqat vaqt shamoli uchirib ketadimi, bilmadim, bilmadim…

 

* * *

Yana tagʻin, menda… salom-alikni mazasi yoʻq. Duch kelgan odamga salom bergim kelmaydi. Boʻlgan-boʻlmaganga salom-alik qilavergim kelmaydi. Notanish odamlarga salom bergim kelmaydi. Ayniqsa… yomon koʻrgan odamlar bilan mutlaqo salomlashgim kelmaydi. Ayniqsa… gʻanimlarimga qoʻl uzatgim kelmaydi. Chin-da, hammaga salom beraversangiz… salom chidaydimi? Salom – dil-izhori. Salom – koʻngil mayli. Salom – shaxsni tan olish. Salom – bir shaxsni ikkinchi boshqa bir shaxs tomonidan tan olinishi. Shu bois, salomni ehtiyot qilish kerak. Salomni iqtisod (qilish), tejash kerak.

 

* * *

V. Rozanov aytganiday, yozuvchilik siri – koʻngildagi mangu va ixtiyorsiz muzikadan iborat. Agarda koʻngilda ana shu muzika yangramas ekan, kishi faqat “oʻzidan yozuvchi yasaydi”. Lekin u yozuvchi boʻlmaydi…

 

* * *

Isteʼdodlar bir-biriga soya solib qoʻymaslik uchun yolgʻizlikda ulgʻayadilar, dovrugʻ soladilar.

 

* * *

Qoʻylar poda-poda yuradi, sher yolgʻiz yashaydi.

 

* * *

Rabindranat Tagor: “Haqiqatning oʻzidek yozilgan narsa adabiyot emas!”

 

* * *

Yozuvchi tirikligida uning hayotidan nuqson izlaydilar. Yozuvchi dunyodan ketgach, undan faqat fazilat izlaydilar.

 

* * *

Pushkin aytganiday, aniqlik va qisqalik – prozaning birinchi unsurlaridandir. Ayni shu unsurlar fikr va yana… fikrni talab qiladi – ularsiz goʻzal tashbehlaru ifodalar hech nimaga arzimaydi.

 

* * *

Ayolning qudrati – erkakning boʻshligida.

 

* * *

Dunyo… hayot goʻzal emas… goʻzal boʻlganida edi, adabiyot boʻlmas edi.

 

* * *

Sulaymonning “Hikmatlar”i da shunday deyiladi: “Bor kuching bilan qalbingni asra!”

 

* * *

Fosiqning soʻqmoqlaridan yurma;

Hatto nazar solma,

Yonidan ham oʻtma,

Qayrilib ham boqma.

 

* * *

Bernard Shou: “Hech narsaga ishonmagan odam hamma narsadan qoʻrqadi”.

 

* * *

Undan pochta poyezdining hidi keldi.

 

* * *

Ahdu paymonlarim qoshu kipriklarim orasiga bitilgan.

 

* * *

Oyogʻi mayda suyganini kiyadi,

Oyogʻi katta topganini kiyadi.

 

* * *

Yomon gap raketadan oldin yuradi, yaxshi gap toshbaqadan keyin yuradi.

 

* * *

Asaldan bahor hidi keldi.

 

* * *

U olovga termulib oʻtirishni yaxshi koʻradi.

 

* * *

“Hayvonot olamida”: Ilonlar muhabbati. Qayligʻi uchun olishadi. Sof, halol, mardlarcha! Magʻlub boʻlgani gʻolibga qoyil boʻlib ketadi, muhabbatini tashlab ketadi. Lekin chaqmaydi. Boʻlmasa bir-biriga chirmashib, olishadi. Bir uzib olsa boʻldi! Inson-chi? Insonning tilida zahar yoʻq, xayriyat. Zaharni sotib oladi! Pichoq, miltiq…

 

* * *

Ertalab. Sodiqning uyi. Oʻgʻlining qoʻli chiqqan Boʻri kal:

– Kecha tong otmadi. Hali tong otgani yoʻq.

Demoqchi: u voy-voylab chiqdi. Uyqu betini koʻrmadi. Tong otganini bilmadi. Haliyam kechaday, tong bilan kun baravar boʻldi!

 

* * *

Umr yoʻli – borsa kelmas yoʻl.

 

* * *

Saraton – oshiq yuragiday yondi.

 

* * *

Mehr-oqibat ona suti, quyosh tafti bilan kiradi.

 

* * *

Shveysariyalik adiba Erik Burkart: “Bizning ona tilimiz – sukut. Aynan sukutdan soʻz tugʻiladi”.

 

* * *

Qadimgi yunonlar: “agarda xalqning qanday yashayotganini bilgingiz kelsa, ikki joyga – qabriston va bozorga boring”.

 

* * *

U togʻqishloqdan shahar keldi… U oʻzi bilan togʻ tabiati… magʻrurligi… sukunatini olib keldi. Shu bois el boʻlmadi…

 

* * *

Shon-shuhrat aroqqa oʻxshaydi misoli. Ichgan sayin ichging keladi. Yuz gramm ichsangiz, yana yuz gramm ichsam deysiz. Keyin, yana, yana… oxiri borib… yiqitadi. Oldin boshni aylantiradi. Odam burnidan narini koʻrolmay qoladi, bosar-tusarini bilmay qoladi. Keyin… keyin… yiqitadi.

Shon-shuhrat ana shu aroqqa oʻxshaydi. Yuz gramm ichsa, tagʻin yuz-yuz gramm ichsam, deydi. Shuhrat ketidan shuhrat… Kun sayin shon-shuhrat, yil sayin shon-shuhrat… Oxiri borib, aroqning kuni keladi – yiqitadi.

 

* * *

Kimki kamtar boʻlsa, kamsuqum boʻlsa, andishani otini qoʻrqoq qoʻyadi…

Togʻ betida qoʻyqushoq degan beti bor. Bosh choʻqqisidan etagiroqda. Qoʻyqoʻton desa-da boʻladi. Qoʻyqoʻtonga oʻxshab choʻzilib ketgan. Qor tushmagan yeri odam iziga oʻxshab ketadi. Qoʻyqushoq olisdan tor koʻringan bilan aslida katta, keng.

Ana shu qoʻyqushoqni qor bossa, qor moʻl boʻlgan boʻladi.

Qoʻyqushoq ochiq qolgan boʻlsa, qor turmasa… shu yil suv kam boʻladi.

 

* * *

Bahor – quyosh kulgan kun.

 

* * *

Qiz bolani tili oʻgʻil bolani tilidan oldin chiqadi.

 

* * *

Toshkentda… salom-alik, koʻrishish-soʻrashishlar, muomalalar, mulozamatlar… bir xil kechadi! Koʻchalar, uylar, transportlar, magazinlar, idoralar… qanday bir xil boʻlsa, salom-alik…. lar ham shunday bir xil!

 

* * *

“Yoʻq”, deyishni oʻrgan. Hammaga birday yoqish – mushkul ish. Bu ish hammaning ham qoʻlidan kelmaydi va oqibat muhim ishlarni bajarishda kishida kuch qolmaydi.

 

* * *

Italyan mutafakkiri Nikolo Makiavelli aytganiday, til insonga oʻz fikrlarini yashirish uchun berilgandir.

 

Togʻay MUROD

 

Maʼsuma Ahmedova nashrga tayyorladi.

 

togaymurod.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/kundalik-daftardan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x