QIZIRIQ TUMANI

QIZIRIQ TUMANISurxondaryo viloyatidagi tuman. 1975-y. 6-martda tashkil etilgan. Gʻarbdan Sherobod, jan. dan Angor, shim. dan Bandixon, sharqsan Jarqoʻrgʻon, shim.-sharqdan Qumqoʻrgʻon, shim.-gʻarbda Muzrabot tumanlari bilan chegaradosh. Mayd. 0,33 ming km2. Aholisi 78 ming kishi (2004). Tarkibida 1 shaharcha (Sariq), 5 qishloq fuqarolari yigʻini (Boʻston, Mehnatobod, Paxtakor, Yangiyoʻl, Yangi Hayot) bor. Markazi — Sariq shaharchasi.

Tabiati. Relyefi tekislik, adir va togʻoldi qismlaridan iborat. Foydali qazilmalardan osh tuzi, oltingugurt, yonuvchi slanes, qurilish materiallari konlari bor. Iqlimi quruq subtropik iqlim. Yillik oʻrtacha t-ra 18°. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi tekislik, choʻl va adirlarda 3,6°, togʻlarda —6°, eng past t-ra —20°. Iyulning oʻrtacha t-rasi 32,1°, eng yuqori t-ra 48°. Yillik yogʻin 150 mm. Vegetatsiya davri 260 kun. Tekislikda och va toʻq boʻz, adirlarda arid, togʻlarda sur tuproqlar tarqalgan. Yovvoyi oʻsimliklardan archa, mavrak, kiyikoʻt, togʻrayhon, kovrak, shuvoq va b. oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, jayra, koʻrsichqon; toʻqayzorlarda toʻqay mushugi, qobon, chiyaboʻri; qushlardan: kaklik, mayna, qaldirgʻoch, soʻfitoʻrgʻay, chil, gʻoz, oʻrdak; sudralib yuruvchilardan oʻqilon, gekkon, koʻzoynakli ilon va b. bor.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, turkman, tatar, rus va b. millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2 ga 236,4 kishi. Shahar aholisi 9,3 ming kishi, qishloq aholisi 68,7 ming kishi (2004).

Xoʻjaligida q. x. sohalari — paxtachilik, gʻallachilik yetakchilik qiladi, shuningdek, chorvachilik, sabzavotchilik, polizchilik, bogʻdorchilik, tokchilik ham rivojlangan. Tumanda paxtaning, asosan, ingichka tolali navlari ekiladi. Paxta tozalash, gʻisht z-dlari, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, dehqon bozori, MTP, don k-ti, vino tayyorlash korxonasi, tajriba xoʻjaligi bor. Kichik, oʻrta biznes va yirik korxonalar, mikrofirmalar faoliyat koʻrsatadi. Shirkat, dehqon, fermer xoʻjaliklari mavjud. Sugʻoriladigan maydonlarga paxta, don, poliz, sabzavot, ozuqa ekinlari ekiladi. Tumandagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida qoramol, qoʻy va echki, parranda boqiladi.

44 umumiy taʼlim maktabi (18 mingdan ziyod oʻquvchi), bolalar musiqa maktabi, litsey, kasb-hunar kollejlari bor.

Tuman markaziy kutubxonasi, madaniyat uyi, 7 klub muassasasi, 8 ashula va raqs xalq dastasi, shu jumladan, «Qoʻngʻirot» folklor-etnografik, estrada vokalcholgʻu dastalari faoliyat koʻrsatadi. Stadion, sport maydonchalari, sport zallari va b. sport inshootlari bor.

Tuman markaziy kasalxonasi, 2 poliklinika, 50 ga yaqin feldsher-akusherlik punkti, 7 vrachlik ambulatoriyasi, 7 dorixona va b. tibbiy muassasalarda 115 vrach, 436 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi.

Tuman hududidan ToshkentDushanba xalqaro avtomobil magistrali oʻtadi. Shuningdek, bir necha yoʻnalishda avtomobil yoʻllari oʻtgan. Tuman markazidan Termizga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi.

Jovli Tursunov, Mashhura Roʻziyeva.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x