Qahr va mehr

Avtobusda yoʻlovchilar bugun anchagina siyrak. Bekatlardan bir-ikki kishi chiqadi, baʼzilaridan hech kim yoʻqligi sabab toʻxtamay oʻtib boradi.

Yosh kelinchak qoʻlidagi goʻdagini ovutolmay halak. Ikki xotin sariq tishlarini koʻz-koʻz qilib, hoholashadi. Olti yoshlardagi ikki bolaning toʻpoloni avtobusning tormoz berganida boshini «toʻq» etib urib olishi bilan yakunlanadi.

Navbatdagi bekatdan taxminan hali qirq yoshlarga yetmagan kishi chiqdi. Uning chehrasida quyoshning mehnati anchayin bilingan, ehtimol, shamol sababli yuzi «kampirqovun»ga oʻxshab chiziq-chiziq boʻlib yorilgan. Yuz-qoʻlini yuvgan boʻlsa-da, chakkasida ohakning izlari qolgan. Yonimdagi oʻrindiq boʻsh boʻlgani uchun surilib joy boʻshatdim. Haligi kishi ogʻir sumkasini oldiga qoʻydi va oʻzini oʻrindiqqa tashladi (Quruvchi boʻlsa kerak, deya taxmin qildim). Eshitilar-eshitilmas qilib salom berib, derazaga yuzimni burdim. Saldan keyin mehnat zarbidan qabargan qoʻllaridagi olti-yetti yoshli bolalarga moʻljallangan kitoblar eʼtiborimni tortdi. U kitoblarni juda ham asrar, koʻzlarini undan uzmasdi. Bosh barmogʻiga bogʻlangan dokadagi qon yuqi kitob muqovasiga tekkanini koʻrib ancha kuyindi. Choʻntaklaridan dastroʻmol izlab topolmagach, koʻylagining sargʻaygan yengi bilan tekkan qonni artdi. Biroz izi qolgandi, oʻzini «ovsar» deya koyidi. Dastroʻmolimni uzatishga shaylandim-u, koʻngliga tegadimi deya fikrimdan qaytdim.

— Farzandlaringizgami? — soʻradim qiziqib.

— Ha, oʻgʻlim bor, shunga… — dedi yuzimga bir qarab qoʻyib. Shunda uning koʻzlaridagi maʼyuslikni koʻrdim. Charchagandan boʻlsa kerak-da.

— Tez-tez kitob eltasiz, shekilli-a?

— Oxirgi marta yettinchi sinfligimda uyga kitob koʻtarib borgandim. Ikki oy oldin otam qazo qildi. Endi yana uyga kitob olib borishim mumkin. Oʻzim oʻqimasam ham yolgʻizgina oʻgʻlim bor, shu oʻqisa boʻldi.

Oʻrtaga sukunat choʻkdi. Aytgan gaplari oʻylantirib qoʻydi. Tavba, uyiga kitob eltishining otasi oʻlimiga qanaqa aloqasi boʻlishi mumkin ekan-a? Ichimdagi qandaydir tuygʻu «sababini soʻra, soʻra» deb tursa ham botina olmadim. Bir necha daqiqalik jimlikni hamrohimning horgʻin tovushi buzdi.

— Baʼzan shunday vaqtlar boʻladiki, hech kim yoʻq yerlarga borib, osmonga tikilib yigʻlagim, ovozimning boricha baqirgim keladi. Hech kim ovozimni eshitmasa, hech kim koʻrmasa… Otam nega oʻsha vaqt bunaqa yoʻl tutganini haligacha tushunolmayman. — Uning soʻzlarini boʻlmaslik uchun jim quloq tutib turaverdim. — Yetti yil maktabda oʻqib, sinfning oldi boʻldim. Oʻqituvchimiz ham sinf sardorligini mendan boshqaga ishonmasdi. Ustozlarimning umidi katta edi. Oʻqimishli inson boʻlib, hayotda oʻrnimni topishimga ishonishardi, buni oʻzim ham his qilardim. Lekin bunday boʻlmadi. Hayotningmi bilmadim, otamningmi toʻqmogʻi yoʻlimni boshqa tomonga burib yubordi. Shu vaqtgacha ortimdan kulayotgan sinfdoshlarim, endi oldimda rosmana masxara qilishni boshlashdi. Axir, oʻzi tengilarga qaraganda ancha bilimli, kitobdan bosh koʻtarmaydigan bolaning kelajagi qurilish maydonida, gʻisht tashib, suvoq qilib yurishi kimning xayolida edi. Hozir sinfdosh doʻstlarimning deyarli hammasidan orqadaman. Noshukrlik qilmay-ku, biroq ularning har kuni zamonaviy kiyinadigan bir paytida ikki yilning badaliga bitta koʻylak ololsam olaman (kuladi, lekin kulgisida alam va oʻz-oʻziga achinish yaqqol sezilardi).

Balki, nima uchun bunday boʻlganiga, nega sizga bularni gapirayotganimga qiziqayotgandirsiz. Yuqori sinfga oʻtganimdan soʻng, otam uchun oʻqib bilim olishim deyarli ahamiyatsiz boʻlib qoldi. Mol-qoʻylarni boqishim, pichan toʻplashim, qoʻni-qoʻshnilarning ishlariga koʻmaklashib toʻrt-besh soʻm pul topishim koʻproq qiziqtirardi. Kunduzi uyda kitob oʻqib turgan boʻlsam, menga emas onamga jahl qilardi. Arzimas sabab bilan urishardi, soʻkardi. Men tufayli onamning koʻngli ranjishini hecham istamasdim. Yolgʻiz farzand boʻlganim uchun otamga koʻmaklashishim kerak, deb oʻylardim. Maktabdan keliboq dalaga yugurardim, otam quvonsin deb. Kechasi kutubxonadan keltirgan kitoblarni oʻqirdim. Ammo bir kuni «Qutlugʻ qon»ga juda qiziqib, uni oʻzim bilan dalaga olib ketdim. Sezmay qolibman, sigirimiz paxta dalasiga tushibdi. Rais otamni urishdi, otam onamni. Ertasi kuni ertaroq maktabdan qaytsam, hamma kitoblarimni yoqib yuboribdi. Onamning ozib, eti suyagiga yopishgan yuzlari koʻkargan. «Kechir, bolam, otangdan kitoblarni asrab qololmadim…» — dedi roʻmoli bilan dadamning «tuhfasi»ni yashirib. Sumkamni xonaga otdimu koʻchaga yugurdim. Shu kuni qoʻshnilarning qanday xizmati boʻlsa bajarib, pul toʻpladim. Tun yarmida uyga qaytdim. Ular hali uxlashmagan ekan. Qoʻlimdagi bir dasta pulni otam yonboshlab turgan koʻrpacha etagiga tashladim. «Koʻrdingmi, bu bolani kitobidan ayirsam, odam boʻladi, deganmidim?! Hali hamma havas qiladigan boʻladi, oʻgʻlim. Kitob oʻqigan «olim»laringning yashashini koʻrarmiz», — dedi onamga. Shu boʻyicha maktabga bormadim. Kutubxonachimizga nima sabab koʻrsatishimni bilmayman. Axir, qanday qilib boʻlgan voqeani ayta olaman. Otamning mahalladagi hurmati yoʻqolmaydimi?!

Har kuni otamni xursand qilaverdim. Muhimi, onamning yuzi endi men uchun koʻkarmasdi. Yuziga ozgina boʻlsa ham qon yugurib qoldi. Bir oylardan keyin ustozlarimning qistovi bilan yana maktabga chiqdim-u, lekin oʻqishimning rangi oʻzgarib ulgurgandi. Darslarda qanday ish qilish mumkinligini, koʻp pul topish yoʻllarini oʻylaydigan «ishbilarmon»ga aylanib qoldim. Shu toʻlqinda yillar oʻtdi. Ulgʻaydim, oila qurdim. Otam oʻylaganchalik boʻlmasa-da, koʻrib turganingizdek yashayapman. Bugun bir sinfdoshimnikida ishladim. Institutda dars beradi — muallim! Salom bergandim, barmogʻining uchini tutdi. Kun boʻyi uyida qilgan mehnatimga mana shularga yetadigan pul uzatdi, — dedi kitoblarga koʻzi bilan ishora qilib. Bergan puli arzimasdek koʻrinar, aslida ham shundaydir. — Lekin oʻgʻlim bularni oʻqib, men yetmagan kunga yetsa, mehnatim uchun toʻlangan eng qimmat haq shu.

Suhbatimiz hali nihoyasiga yetmagan edi, haydovchi tormozni bosdi. Avtobus bir silkindi-da toʻxtadi. Suhbatdoshim hayotning ogʻir yukini yelkasiga ortib, qoʻllaridagini mehr bilan quchgancha bekatda tushib qoldi. Avtobus oynasidan haligi kishi koʻrinmay qolguncha tikilib turib, bir paytlar dadam tugʻilgan kunimda chiroyli muqovali kitob sovgʻa qilganini esladim. Men esa telefon kutganim uchun uni sovgʻa oʻrnida koʻrmagandim ham. Mana shu kitobni olguncha dadam qanchalik mehnat qilgan ekan? Qanday orzularda tuhfa qilgan ekan?! Adashmasam, oʻsha kitob karavotimning ostida chang bosib qolgan. Ana endi avtobus tezroq manzilimga eltsa-yu, qadrini anglab yetgan sovgʻamni tezroq qoʻlimga olsam…

 

Roʻziqul OCHILOV,

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi

 

od-press.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/qahr-va-mehr/

2.7 3 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x