Muborak muvozanat

Dil daftari gul misli ochildi har on,

Yellar uchirib qildi xazonlarni toʻzon.

Dardu firoq gardini qum soatidek

Menga toʻkar dil. Men esam — dilga tomon.

Matnazar ABDULHAKIM

 

— Yaqinda uylanmoqchi ekanimni eshitgan bir tanishim «Baxtiyor oila» kitobini oʻqishimni tavsiya qildi. Kitobni topib, oʻqib chiqdim.

His-tuygʻu hamda mushohada ziddiyatlari, aql va yurak muammosi tafakkur ahlini azaldan bezovta qilib kelayotgan mavzudir. Tubanlashmak uchun hech narsa qilmaslikning oʻzi kifoya, xolos. Yuksalish esa hamisha mashaqqattalabdir. Hayot bizlardan bu yoʻlda hamisha ikki jihatdan bittasini talab qilib turadi. Biz hamisha oʻziga xos «tanlovlar» girdobida yashaymiz.

Pahlavon Mahmud ham, tabiiyki, bu mavzuni chetlab oʻtmagan. Va bu muammoni oʻziga xos poetik bir tarzda hal qilgan. Shoir fikricha, aql va yurak bir-biriga zid emas, balki hamkordir. Ularning orasidagi ixtilof mutlaqo zohiriydir. Mana shu zohiriy qarama-qarshilikning zaminidagi ittifoq hayotni taʼminlab turadi. Bu ziddiyat — samaralidir.

Dastlabki ikki misrada, asli, tabiatning oʻzi ziddiyatlardan iborat ittifoqning sharofati bilan tiriklik kechiradi, degan falsafa namoyon boʻlgan. Shoir talqinicha, har bir dil gul kabi, har bir gul dil kabi ochilib, tiriklik hikmatlarini oshkor qilib turadi. Shoir anglatayotgan «dil daftari»da ana shunday qutlugʻ bir sir fosh boʻlayotirki, bu daftarda insho etilishicha, gullash va soʻlish, soʻlish va gullash — azaliy hayot halqasi boʻlib, tirik mavjudotlarning barchasi ana shu halqaning ichida charx urib aylanadi. Hayotning oʻziki ana shunday ziddiyatsiz hayot emas ekan, insonning tafakkuri ham, mana shu tafakkurga asoslangan faoliyati ham yuqorida zikr etilgan ixtilofga oʻxshagan ziddiyatlar asosida sodir boʻlishi ajablanarli emas.

Xulosa shundayki, biz bu ixtilofga hushyor koʻz bilan qarashimiz, bu ziddiyatni taraqqiyotning doyasi deb anglashimiz kerak. Shoir buni goʻzal bir tarzda bayon eta olgan. Buning uchun u «qum soati» badiiy obrazini yaratgan va bu obrazdan yuksak mahorat bilan oʻz ijodiy maqsadini ifoda qilish yoʻlida foydalangan. Maʼlumki, qum soati vaqtni eng aniq oʻlchaydigan asbob. Mexanik soatlar va shu singari boshqa «vaqt tarozi»lari ham u yoki bu sababga koʻra ishdan chiqishi mumkin. Biroq quruq qum zarralarining maxsus soat qurilmasidagi bir qismdan ikkinchi qismga ­muayyan vaqt mobaynida oʻtishi tufayli vaqtning aniq oʻlchanuvi qum soatida kafolatlangan.

Bizning hayotimizdagi ziddiyatlar, xususan, aql va yurak ziddiyati fikrat hamda nafsning qarama-qarshiligi ham ana shunday muqarrar va muttasildir. Bu ziddiyatni bartaraf qilish odamzodning ixtiyoridan tashqari, shuning uchun ham bu ziddiyatni inson imkon qadar ezgulik yoʻliga xizmat qildirmogʻi kerak.

Albatta, bir vujudda, bir ruhda yuz berib turadigan bunday «kelishmovchilik»ka hakamlik qilishning oʻzi boʻlmaydi. Buning uchun har bir shaxs uzluksiz iztiroblar, kechinmalar chigʻirigʻidan oʻtib turmogʻi kerak boʻladiki, insonni inson qiladigan ham, aslida mana shu darddir.

Har bir shaxsning shaxsligi, har birimizning qay darajada odam ekanimiz mana shu dardni chekish va bu dardga ratsional davo topa olishimiz bilan belgilanadi. Ayon boʻladiki, hayot — mashaqqat. Bizga ajratiladigan umrning hammasini qum soati ichidagi qum deb oladigan boʻlsak, uning bir zarrasini ham na yurak, na aql, na bir zarra ortiq, na bir zarra kam emas, balki teppa-teng tortadilar, «baham koʻradilar». Maʼlum boʻladiki, kechirayotgan hayotimizning bor neʼmatlaridan tafakkurimiz ham, tuygʻularimiz ham mutanosib bir tarzda bahramand boʻlishi kerak. Ular hayotning bir zarrasini ham qoldirmasdan, xuddi qoʻsh hoʻkizdek bab-baravar tortishi lozim. Aqlni yurakdan, yurakni aqldan mahrum qilmagan holda, tuygʻu aralash tafakkur qilishimiz, fikr aralash hissiyotlarni kechinishimiz tabiiy bir adolatga muvofiq boʻladi.

Bu xususda fikrlayotib, odamzodning bosh miya va yurak qismi bilan qum soati oʻrtasidagi shakldoshlikdan hayratlanganimizni taʼkidlab qoʻysak ham ortiqcha boʻlmaydi. Pahlavon Mahmudning ushbu ruboiysidan xulosa shuki, aql yurakning, yurak aqlning oldida hatto qumning bir zarrasichalik ham «qarzdor» boʻlmasligi kerak.

 

«Iymon tuhfasi»dan

 

od-press.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/muborak-muvozanat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x