Qadimiy Nyuje (Nyutsze) masjidi


Post Views:
40

niujie-1Xizmat safari bilan Xitoy poytaxti Pekinda bo‘ldim. Shaharning Nyuje ko‘chasida joylashgan qadimiy bir masjidda namoz o‘qidim. “Nyuje” so‘zi xitoy tilida “Sigir mahallasi” degan ma’noni bildirar ekan. Shu mahallada Turkistondan kelib qolgan uch ming o‘zbek xonadoni istiqomat qilgan, ular ham bog‘dorchilik, ham chorvachilik bilan shug‘ullanishgan. Xitoyliklar uchun chorvachilik g‘ayri odat bo‘lgani uchun bu yerni “Sigir mahallasi” (“Nyuje”, “Nyutsze”) deb atashgan. Pekinda yashovchi o‘zbeklar ibodat qilish uchun ilk bor Nyuje masjidi qurishgan. Masjid hovlisida ikki zotning qabri saqlanadi. Toshlardagi arabcha yozuvlarning mazmuniga qaraganda, qabrlarning biri Shayx Ali Imomaddin Buxoriyga, ikkinchisi esa Shayx Muhammad ibn Ahmad Burtan Kosoniyga tegishli ekan.

Shayx Ali Imomaddin Buxoriy 1280 yili, shayx Muhammad ibn Ahmad Burtan Kosoniy esa 1283 yili vafot etgan. Hayot paytlarida ular masjidda mudarrislik qilishgan. Katta martaba va obro‘ga ega bu zotlarni hurmat yuzasidan masjid hovlisiga dafn etishgan. Masjid xodimlarining so‘zlariga qaraganda, musulmon davlatlaridan kelgan mehmonlar bu joyni ziyorat qilib, u zotlar ruhiga tilovat qilib turishadi.

Nyuje masjidi hozirgi vaqtda Pekindagi 34 ta masjid orasida eng kattasi va eng qadimiyi. U 996 yili qurilgan. Masjidning asoschisi turkistonlik Nasriddin, ba’zi adabiyotlarda esa Qavomiddin ismli shaxs ekani qayd etiladi. Shimoliy Sung sulolasi (960–1127) hoqoni Tayzung (976–998) taxtda o‘tirgan yillarida Qavomiddin ismli yigitning bilimdonligidan xabar topib, uni Pekinga mudarrislik qilish uchun taklif qiladi. O‘sha vaqtda Pekin mazkur sulolaning shimoliy poytaxti hisoblangan. U yerda Qavomiddinni odamlar “shayx” deb atashgan. Keyinchalik uning uch o‘g‘li ham Islom dinini Xitoyda keng tarqalishida munosib hissalarini qo‘shishgan.

niujie_mosques02

XI asrning ikkinchi yarmida Nyuje masjidini Pekinda joylashib qolgan buxorolik xo‘jalar obod qilishgan. Vafotidan keyin “Shangyang Vang” deb atalgan Sayyid Shamsiddinning ajdodlaridan Buxoro Xo‘ja va Ayso oilasi bilan Xitoyga keladi. Sung sulolasi hoqoni Shengzung (1068–1092) ularga katta iltifot ko‘rsatib, boshqaruvchi, bir oz vaqt o‘tgandan so‘ng hokimlik mansabini beradi. Ulamoning chevarasi Kamoliddinning o‘g‘li Mahmud ham Xitoy hoqoni iltifotiga sazovor bo‘lib, ko‘p yillar davomida yuqori lavozimlarda ishlagan, hatto harbiy qo‘mondon ham bo‘lgan. U Nyuje masjidining obod bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan. U masjid katta xonaqohining orqa tomoniga azon aytish minorasini qurdirgan. Bu minora 1496 yili qayta qurilgani bois asl shakli saqlanib qolmadi.

1127 yili Sung sulolasi poytaxti Pekindan hozirgi Shanxay yonidagi Nanjin shahriga ko‘chirilgach, Nyuje masjidiga ikki nafar shayx taklif etiladi. Bular biri kosonlik (Namangan viloyati) Ahmad Burtanning o‘g‘li Muhammad, ikkinchisi buxorolik Imomaddin o‘g‘li Ali (Pekin musulmonlari orasida “Shayx Ali Imomaddin Buxoriy” deb tanilgan) bo‘lib, ular Pekinga 1127–1279 yillari kelgan. Masjid faoliyati ikki shayx davrida yanada rivoj topgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1967–1976 yillari Xitoyda yuz bergan “madaniy inqilob” davrida mahalliy musulmonlar masjid hovlisidagi qabr toshlarini qiyinchiliklar bilan asrab-avaylagani qayd etiladi. 1979 yildan boshlab mamlakatda iqtisodiy islohot harakati boshlanishi munosabati bilan mamlakatda dinga, jumladan, Islom diniga bo‘lgan munosabat ijobiy o‘zgardi. Nyuje masjidi ham ta’mirlanib, obodonlashtirilib, ziyorat maskaniga aylantirildi.

XIII asrdan boshlab Buyuk ipak yo‘lining sharqiy nuqtasiga aylangan Pekinda Islom dini va madaniyatining rivojlanishiga o‘zbekistonlik ulamolarimiz katta hissa qo‘shishgan. Bu hol esa Buyuk ipak yo‘li nafaqat savdo aloqalari, balki diniy-madaniy aloqalar yo‘li ham bo‘lganidan dalolat beradi.

O‘ktamjon TURG‘UNBOY o‘g‘li

Manba

https://shosh.uz/uz/qadimiy-nyuje-nyutsze-masjidi-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x