Qadimiy yapon sheʼriyati asrlar davomida shaklan oʻzgarmas qonuniyatlar, mohiyatan inson yuragida kechgan tuygʻular rang-barangligini namoyon etish asosida rivojlanib kelgan. Dunyo (tabiat) va inson (yurak) manzaralarining loʻnda ifodasi tarzida paydo boʻlgan beshlik – tanka, uchlik – xokku (xayku) yaponlar tushunchasiga koʻra, dunyoda paydo boʻlgan ilk mamlakat tuprogʻida tomir otgan koʻhna daraxtning novdalari va yaproqlariga oʻxshaydi. Yapon tilida “soʻz” va “harakat” maʼnolari bitta soʻz (“koto”) bilan ifodalangan.
Koʻhna yapon miflariga koʻra, mavjudot tangrilarning soʻzidan paydo boʻlgan. Shu sababdan yapon xalqi azaldan soʻz sehrli kuchga ega boʻlishiga ishongan, soʻzni muqaddas deb hisoblagan. Qadimiy yapon sheʼriyati inson hayoti uchun zarur dehqonchilik (asosan sholichilik) bilan bogʻliq mavsumiy marosimlarda ijro etilgan qoʻshiqlar, shuningdek, oʻtgan ajdodlar ruhi va tabiatga, eng avvalo, Quyosh tangrisiga sigʻinish aqidalaridan paydo boʻlgan.
Keyinchalik bu sheʼriyat Budda dini taʼsirida shakllangan yapon estetikasi – “sabi” gʻoyalari bilan yoʻgʻrildi. Sabi “yolgʻizlik iztirobi” degan maʼnoni bildiradi. Yapon olimi Makoto Ueda soʻzi bilan aytsak: “Sabi yolgʻizlik kayfiyatini belgilaydi, ammo bu sevimli kishisidan judo boʻlgan inson yolgʻizligi emas, balki tunda bambukzor uzra shitirlab tushayotgan yomgʻir yolgʻizligi, qaydadir, olisda qip-yalangʻoch toshlar orasida kuylayotgan chigirtka yolgʻizligidir… Tabiat tuygʻular bilan yashamaydi, biroq u tuygʻularni yaratadi. Faqat odamninggina shaxsiyati aks etmagan yolgʻizlik – sabi estetikasi mohiyatini tashkil etadi.
Shunday hikoya qiladilar: Ulugʻ Basyoning shogirdlaridan biri ushbu xokkuni bitdi:
Ninachi qanotini
Yulsang, oʻxshab qolar
Qalampir qoʻzogʻiga.
Basyo buni rad etib, shunday deydi: Bu xokku emas. Sen ninachini oʻldirding, aslida mana bunday aytish kerak edi:
Qalampir qoʻzogʻiga
Qanot ulasang –
Ninachiga aylanar.
Basyo bu bilan sabi, demak xokku ham hayot manbai ekanini uqtirgan edi.
- “MANʼYOSYu” DAVRI
Kunchiqar mamlakati adabiyoti tarixida birinchi sheʼriy antologiya –
“Manʼyosyu” tom maʼnoda, qadimiy yapon sheʼriyati rivojini toʻla aks ettirgan oyina boʻlib, u ilk poytaxt Nara nomi bilan atalgan davrda (710–794 yillar) shakllangan. Antologiya, shaklan Xitoy sheʼriyati anʼanalari asosida tuzilgan boʻlsa-da, mohiyat jihatidan sof yapon aqidalari ifodalangan va butun mamlakat viloyatlarining qoʻshiqlari jamlangan birinchi toʻplam hisoblanadi.
“Manʼyosyu”dagi dastlabki qoʻshiqlar, oʻsha davr anʼanasiga koʻra, xitoycha shaklda boʻlib, konfutsianlik bilan daosizm va buddaviylik mavzularini aks ettirsa-da, mazmunan koʻhna Yamato va qadimgi yapon dini – sintoizm mohiyatini ifoda etgan edi.
Toʻplamdagi sheʼrlar, avvalgidek, koʻhna xitoycha “venyan” yozuvida emas, balki qadimgi yapon yozuvi “manʼyogana” bilan yozilgani ham eʼtiborlidir. Quyida “Manʼyosyu” davrining eng birinchi mashhur shoiri sifatida tan olingan Kakinomoto-No Xitomaro va bu davrning soʻnggi taniqli shoiri sifatida tarixda qolgan Otomo Yakamoti sheʼrlarini taqdim etmoqdamiz.
Kakinomoto-No XITOMARO
(VII asr oʻrtasi – VIII asr boshida yashagan)
* * *
Yashil liboslarning tovushi tindi.
O, nechun aytmadim shirin soʻzlarim
Uydan chiqaturib
Suyukli yorga –
Gʻamga toʻldi birdan koʻzlarim.
* * *
Kamo togʻlarining toshlari
Bolish boʻlgan men bechorani
Kutarmikan umidlar bilan
Ahvolimdan bexabar yorim,
Suyukligim, dildorim?
* * *
Qadim zamonlarda ham
Nahotki, qaygʻurganlar,
Nahotki, suyuk yorni
Sogʻinib eslaganlar,
Uzun tunlar uxlamay, mendayin
boʻzlaganlar?
* * *
Tunday qora tulporim
Shiddat-la uchib oʻtdi –
Suygan yorim yashagan qishloq
ortimda qoldi.
Koʻkdagi bulutlarday
U joylar endi uzoq!
* * *
Kuz togʻlari bagʻrida
Xazonlar sochar qayin.
O, xazonlar, xazonlar,
Toʻkilmay turing birpas,
Oxirgi bor koʻrayin dildorimning
uyini!
Otomo YAKAMOTI
(716–785)
* * *
Oqshom choʻkar ekan,
Darvozani ochib qoʻygancha,
Tushlarimda shivirlab shodmon
“Huzuringga boraman” degan
Mahbubamni kutaman intiq…
* * *
Hattoki yolgʻondayam
Misqolchalik haqiqat bor-ku!
Sen ham, balki, ey suyukli yor,
“Seni sevmayman” deganing bilan
Ozgina boʻlsa ham yaxshi koʻrarsan?
* * *
Falaklardan toʻkilgan
Shaffof qorday begʻubor,
Darvozamning oldida
Qishki olxoʻri shoxi
Oppoq boʻlib gullabdi!
* * *
Bugun erta saharda kuzning
Shamollari sovuq keltirdi.
Oh, yaqindir, juda yaqindir,
Yovvoyi gʻoz – sargardon sayyoh
Soʻng bor boʻzlab uchib ketadi…
* * *
Agar ziyrak quloq tutsang,
Kuz kelganda, tongotar mahal,
Ilk shuʼlalar jimirlagan payt,
Togʻlar aro qaldiroq solib,
* * *
Bironta joy bormikan odam zoti
boʻlmagan,
Bironta jon boʻlmagan oʻlka bormi
dunyoda?
Oʻsha oʻlkaga ketsam
Suyukli yorim bilan,
Barcha chekkan azobim unutilib
ketarmi?
- “ISE MONOGATARE” VA “KOKINSYu” DAVRI
IX asr oxirlarida yapon adabiyotidagi eng mashhur qissa “Ise monogatare” paydo boʻldi. Qissa oʻtmishda qolayotgan Yakamoti – Nara davri bilan yangi davr (bu davr Yaponiyaning yangi poytaxti nomini oldi) Xeyan davri oʻrtasidagi koʻprik sifatida tarixda qoldi. Xuddi shu davrda “Manʼyusyu”dan keyin eng muhim sheʼriy majmua – “Kokinsyu”ga tartib beriladi. Uning avvalida Ki-no Surayukining yapon sheʼriyatining mohiyati, tarixi va qadriyatlariga bagʻishlangan maqolasi berilgan. Surayuki maqolasini shunday soʻzlar bilan boshlaydi: “Yamato qoʻshiqlari! Siz bir urugʻdan – yurakdan unib chiqasiz va siz gulbarglariga, til marvaridlariga aylanasiz. Gullar orasida sayragan bulbul sasi yoki hovuzda yashovchi qurbaqa qurillashi yangrarkan: “Bu roʻyi zaminda yashovchi qay bir tirik jonzot oʻz ovozi bilan sayramaydi?” deb soʻragim keladi”.
“Ise monogatare” muallifi – shoir, musavvir, aslzoda, imperator Kammuning nabirasi boʻlmish Arivara Narixira bilan hayoti tillarda doston boʻlgan yaponlar tasavvurida to hozirgacha goʻzallik timsoli hisoblanib kelayotgan shoira Ono-no Komati bu davrning eng yorqin yulduzlari edilar. Ono-no Komati haqida “Kokinsyu” soʻzboshisida shunday maʼlumot berilgan: “U benihoya goʻzal, ammo zaif va xasta. Uning sheʼrlari ham aslzoda, ammo ogʻir dardga uchragan xonimga oʻxshaydi”.
Arivara NARIXIRA
(825–880)
Agar soʻrasa odamlar:
“Nima edi oʻzi bu?
Qimmatbaho durmi, olmosmi?”
Javob bering: “Shabnam edi,
Tongda uchib ketdi osmonga”.
* * *
Bir paytlar sevgan ayolni koʻrib qolib
yozganim
Nahotki oy boshqa boʻlsa?
Nahotki, oʻsha men bilgan
Bahor boʻlmasa bu bahor?
Qayda qoldi ul sarxush kunlar?
Axir, oʻsha-oʻshaman-ku men…
* * *
Miyakodori…
Rostdan ham poytaxtdan uchib keldingmi?
Aytgin, ey, shahar qushchasi,
Oʻsha men sogʻingan dildor
Sogʻmi, omonmi?
* * *
Olbolular gullagan mahal
Toʻymay boqardimu hech toʻymas edim,
Har gal qaygʻurardim ular ortidan…
Ammo, men hech qachon, biron-bir marta,
Bugungidek iztirob chekmagan edim!
Ono-no KOMATI
(IX asr oʻrtalari)
* * *
Tushlarimda
Har kun koʻraman.
Ammo hali biron marta
Uchratmadim
Uni oʻngimda…
* * *
Soʻldi chechaklarning
Alvon ranglari…
Umrim ham shundayin qisqa boʻlajak!
Koʻzim yummay boqaman uzoq,
Nigohim ham
Yomgʻirday uzun.
* * *
Muhabbatim, xayollarim had nima bilmas, –
Hatto tunlari sen tomon boraman:
Axir tushlarimni birovlar koʻrmas,
Hech kim menga “Uyatsiz” deb
Ola qaramas!
III. QADIMGI TANKALAR
Tanka “qisqa qoʻshiq” maʼnosini bildiradi. Tanka ham xokku kabi yapon shoirlarining eng sevimli janrlaridan biridir. Tanka yapon sheʼriyatida VII–VIII asrlarda paydo boʻlib, qisqa vaqt ichida adabiyotning asosiy yoʻnalishiga aylandi.
Tanka yapon milliy sheʼriyatining oʻzagidir. Tanka, xuddi xokku singari, qofiyasiz boʻlib, unda asosiy unsur hijodir. Hijo esa oʻz navbatida soʻzlarning ohangdorligini, sheʼrning tabiiyligi va mukammalligini belgilaydi.
Dastlab tanka boʻlib oʻtgan voqea: visol va hijron, bazm va ishqiy sarguzasht, bayram va tabiat hodisasi sabab yaratilgan boʻlsa, asrlar davomida rivojlanib, oʻzida yuksak falsafiy muammolarni va gʻoyalarni mujassam eta boshladi.
Fikrning qisqa ifodalanishini, obrazlar siqiqligini talab qilgan shakl torligi janrning sheʼriy mohiyatini kengaytirish yoʻllarini izlashga majbur qilardi. Bu yoʻl yapon shoirlarini tankada soʻz oʻyinidan, istioradan, majoz va mubolagʻadan keng foydalanishga olib keldi va janr kamolotining rivojlanishiga xizmat qildi. Yuqorida yozganimizdek, yapon xalqi azaldan soʻz sehrli kuchga ega boʻlishiga ishongan. Shu sababdan juda koʻp soʻzlarga taqiq tamgʻasi bosilib, oxir-oqibatda asrlar davomida yapon xarakterida oʻz his-tuygʻularini “jilovlash”, uni yashirish, ishora va ramzlardan keng foydalanish, soʻz mohiyatidagi yashirin fikrni anglash xususiyati shakllangan. Xuddi mana shu xususiyat tankada ham, xaykuda ham ochiq namoyon boʻladi.
Dzyakuren-XOSI
(1139–1202)
* * *
Yana dalalar uzra
Bir-birini chorlagan
Yovvoyi gʻozlar sasi
Yangrar choʻzgʻin va hazin.
Xira tong uzra hilol.
* * *
Yana koʻkka chiqdi oy.
Ammo uning shuʼlasin
Qalin novdalar toʻsar.
Sumiyosi bogʻida qayinlarni oralab
Kuzak shamoli esar…
* * *
Seni juda sogʻindim…
Yengimdan etagimga
Toʻkilgan shabnammi, yo…?
Kuz shamoli esganda
Oʻylar yoprilib kelar…
* * *
Qavat-qavat yengimda
Bekinibdi yonarqurt –
Xuddi shunday qalbimda
Biron marhamat kutmay
Berkingan muhabbatim.
Saygyo-XOSI
(1118–1190)
* * *
Bugun tongda qoya ajinlarida
Jonini saqlagan
Yupqa muz ham eriy boshladi.
Hoʻl yosunlar ostidan kelar
Yoʻl izlagan suvning tovushi
* * *
Ogura togʻining poyi-pastida
Yashirinib olgan qishloqda
Xazon toʻkilarkan, maftun boqaman –
Yalangʻoch shoxlar aro
Oy charaqlab porlaydi!
Fudzivara SADAIE
(1162–1241)
* * *
Toʻxtatolmam koʻz yoshim,
Chechaklarga sochilgan
Kamyob shabnam durlarin:
Nega ketding umrbod meni tashlab, sevgilim?
Sensiz kulbamda esar kuzning sovuq shamoli…
* * *
Yolborishlar befoyda,
Eriydi umrim manim,
Xatsuse togʻidagi ibodatgoh jomlarin
Tovushi olis qishloq
Uzra erib yitgandek.
- QADIMGI XAYKULAR
Xayku (xokku)ga berilgan taʼriflar juda koʻp. Bu taʼriflar rang-barang boʻlsa-da, mazmunan bir fikrni namoyon etadi.
Ulugʻ yapon shoirlari xokku uchun eng muhimi – taassurot va taassurotni aks ettirishning tabiiyligi, deb tushunganlar. Xokku Basyo “fuyeki ryuko” deb atagan, tarjimasi “mangu va oʻtadigan oʻtkinchi” yoki “oʻzgarmas va oniy” degan maʼnoni bildirgan ijodiy tamoyil asosida yaratiladi. Basyoning fikricha, “haqiqiy xokku oʻzida ikki unsurni mujassam etmogʻi shart: birinchidan, taassurotning oniy va doimiylikka doxil boʻlishi; ikkinchidan, taassurot faqatgina oʻz manbai boʻlmish lahza yoki hodisaga xos boʻlishi talab etiladi. Boshqacha qilib aytsak, xokku oddiy bir manzara (oʻtlayotgan ot, suvga sakragan qurbaqa, shamol qayirgan bambuk, olcha gulining toʻkilishi, qush qichqirigʻi) taassuroti sabab koʻngildan kechgan doimiy (mangu) his-tuygʻu mevasi boʻlmogʻi kerak. Bu ikki unsurning qarama-qarshi kelishi, amerikalik yaponshunos Donald Kinning eʼtirof etishicha, “ikki qutb oʻrtasidagi elektr quvvatiga ega maydonni tashkil etadi”. Bu ikki qutb bir-biridan qancha yiroq boʻlsa, sheʼrxon ikki qutb oʻrtasidagi maydonda qancha uzoq qolib ketsa, sheʼr shunchalik barkamol hisoblangan. Uch yuz yil mobaynida yaratilgan xaykularni bir muqova ostida jamlab nashr etgan yapon shoiri Yudzuru Miura taʼrificha, “Xayku – oʻn yetti boʻgʻindan iborat olami sagʻir, yaʼni mikrokosmdir”.
Sizga taqdim etilayotgan mumtoz xayku namunalari Yudzuru Miura tartib bergan antologiyadan olindi. Tuzuvchi ushbu antologiyaga xaykularni qadimdan mavjud boʻlgan anʼanaga asoslanib, fasllarga boʻlib joylashtirgani uchun biz ham shu tartibga rioya qilamiz.
BAHOR
Matsuo BASYo
(1644–1694)
Majnuntol egilib uxlar xotirjam.
Yam-yashil shoxida qoʻngan bulbulni
Tolning yuragiga oʻxshatgim keldi.
* * *
Oqshom chogʻi safsargul
Meni asir ayladi –
Hushim yoʻqotib qoʻydim.
* * *
Ey, olcha gʻunchalari,
Shabboda koʻnglin olib
Kulib yuboring tezroq!
* * *
Ey, eskirgan qalpogʻim, qani ketdik, tezroq yur,
Yosino bogʻlarida gullagan bogʻchalarni
Senga koʻrsatib kelay.
* * *
Yopiray!.. Yopiray!..
Hayratimga soʻz topolmayman –
Yosinoda gullabdi bogʻlar!
Yosa BUSON
(1716–1784)
* * *
Sen kimning ruhisan, ayt,
Sen kimning yuragisan,
Ey, kaftimga qoʻngan kapalak?!
* * *
Tustovuqning uzun dumiga
Ulanib ketadi
Bahor oqshomining alvon shafagʻi…
* * *
Toʻrt yon shumgʻiya guli.
Gʻarbda kun botayotir,
Sharqdan oy chiqayotir.
* * *
Olislarda, togʻ choʻqqisida
Oqarib koʻrinar koʻhna bir qalʼa –
Sabza barglar qurshagan uni.
Midzuxara SYUOSI
(1892–1981)
* * *
Tokchadagi yogʻoch qoʻgʻirchoq –
Qotib qolgan koʻzlari bilan
Asrlar ortidan boqib turadi.
* * *
Ming yillik qorlar uzra
Yuksalgan oq choʻqqida
Sakura gullaydi sukunat aro.
Kobayasi ISSA
(1762–1826)
* * *
Erib bitdi qish qori.
Quvonchga toʻlib qoldi
Hatto yulduzlar koʻzi.
* * *
Orada begona yoʻq!
Hammamiz birodarmiz
Olcha guli ostida.
* * *
Bir gʻubor yoʻq koʻm-koʻk osmonga
Uchib chiqdi ajib bir varrak
Kambagʻalning tomi ustidan.
* * *
Bahor shamoli esar.
Sumida qirgʻogʻida.
Yutoqib-yutoqib suv ichar sichqon.
* * *
Bahor ham ketayotir…
Faqat ketgisi kelmas
Kechikkan olcha guli.
Iida DAKOTSU
(1885–1962)
* * *
Bahorning ayni avji.
Togʻdagi ibodatgoh darvozasi ustidan
Suzib oʻtayotir oppoq bulutlar…
Takai KITO
(1741–1789)
* * *
Qayiqning bir chetida varaqlari
Tosh bilan bostirilgan kitob –
Bahor shamollari esar…
* * *
Borarkanman bulutlar aro,
Toʻsatdan togʻ soʻqmogʻi uzra
Gullab turgan olchani koʻrdim!
YOZ
Yosa BUSON
(1716–1784)
* * *
Yomgʻir yogʻdi-yu tindi!
Oʻtlar shoxiga qoʻngan
Chumchuq hamon bezovta.
Kobayasi ISSA
(1762–1826)
* * *
Botayotgan quyoshga tikiladi qaldirgʻoch –
Ertangi kun tashvishi
Yuragida limmo-lim.
Matsuo BASYo
(1644–1694)
* * *
Yozgi oʻtlar qalin yuksalmish –
Shonu shavkat deb yongan qadimiy jangchilardan
Nima qolgan boʻlsa, shu oʻtlar qolgan.
Nisidzima BAKUNAN
(1895–1981)
* * *
Xuddi charxpalak kabi
Oʻzgarar umrimning manzaralari –
Mana, qarilik ham keldi qoshimga…
KUZ
Matsuo BASYo
(1644–1694)
* * *
Molxonaning tomi ostida
Chivinlarning zaif ovozi;
Kuchaymoqda kuzning shamoli.
Osima RYOTA
(1718–1787)
* * *
Oy charaqlar kuz osmonida.
O, koshkiydi qaytib tugʻilsam
Togʻdagi qayin boʻlib!
* * *
Jimgina oʻtirishar
Mehmonlar ham, mezbon ham
Oppoq xrizantema oldida.
Iida DAKOTSU
(1885–1962)
* * *
Chirilloq ushladimu koʻziga boqdim
Va oʻsha on angladim –
Kuz kelayotir…
* * *
Kuz yulduzlari –
Togʻ choʻqqisi ustida
Charaqlaydi moviy-yashil nur…
* * *
Inson yuragi…
Sen unga juda oʻxshaysan –
Kuzgi yonarqurt.
* * *
Shudring porlaydi taro yaproqlarida.
Olisdagi togʻlarning
Shamoyili bunchalar tiniq…
QISH
Yosa BUSON
(1716–1784)
Qish chillasi. Yolgʻizlik –
Yuragim tub-tubida.
Yosino togʻlari oppoq…
Iida DAKOTSU
(1885–1962)
* * *
Qirovli qish oʻrmoni.
Uyqusiragan quyosh nurlari
Oʻrmalaydi daraxtlarning uchiga.
* * *
Oʻlimi yaqin bemor,
Finjonni ushlab olib,
Goʻzal tirnoqlariga tikilib toʻymas…
* * *
Oʻchoq shuʼlasi tushgan
Uning yuzi gʻamsiz va goʻzal –
Garchi oʻlim turar yonma-yon.
Maeda FURA
(1884–1954)
* * *
Huv, olis qishloqlar ortida, dunyolarning chetida
Oppoq qorga chulgʻangan Okusirane togʻlari
Koʻzlarni qamashtirar!
Nakamura KUSATAO
(1901–1983)
* * *
Qish dengizi!
Chagʻalaylar suzar bagʻrida
Toʻkilgan xrizantema yaproqlaridek.
* * *
Qabr toshi ekan,
Men boʻlsam, yoʻlkoʻrsatkich deb oʻylabman.
Qish yoʻlidan boraman yolgʻiz.
Kato KOKO
(1931)
* * *
Qanday cheksiz va tubsiz!
Moviy osmon qaʼriga
Choʻkib ketdi qip-yalangʻoch daraxtlar…
Rus tilidan Xurshid DAVRON tarjimalari
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qadimgi-yapon-sheriya-t-i/