Qalb

Natsume Soseki (1867–1916) nomi oʻtgan asr boshlarida yapon adabiyotida bamisoli mashʼal boʻlib xizmat qildi. Hatto jahonga taniqli Akutagava Ryunoske, Yasunari Kavabata (Nobel mukofoti sovrindori), Abe Kobo kabi ijodkorlar uni ustoz deb bilganlar. Yozuvchining “Michikusa” (“Yoʻl yoqasidagi uy”, 1910) avtobiografik romani uning ijodiy faoliyatida alohida oʻrin tutadi. Ustoz va shogird oʻrtasidagi vorislik munosabatlariga bagʻishlangan “Kokoro” (“Qalb”, 1914) romani XX asr yapon yoshlari uchun bir umrlik dasturilamal boʻlib qolgani sir emas. Adib uncha uzoq umr koʻrmagani uchun adabiy faoliyati ham bor-yoʻgʻi 11 yilgina davom etgan. Shugina muddat ichida u 16 ta roman, bir qancha ajoyib, qissalar, hikoyalar, esselar yozishga ulgurdi. Oʻzbek kitobxonlari bu antiqa yozuvchining ijodiy faoliyati bilan “Qalb” romani tarjimasi orqali ilk bor tanishmoqda.


 

Natsume SOSEKI

 BIRINCHI BOB

 

Ustoz va men

I

Men har doim uni ustoz der edim. Shuning uchun bu yerda ham faqat “ustoz” deb yozib, haqiqiy ismini oshkor etmaslikka qaror qildim. Lekin odamlardan qoʻrqqanimdan emas, balki uni shunday deb atash men uchun qandaydir tabiiy tuyulganidan. Har gal uni yodga olsam, “Ustoz” deb atagim keladi. Qoʻlimga qalam olganimda ham shunday his paydo boʻladi. Uning ismini boshqacha atashga sira yuragim chopmaydi.

Men ustozim bilan birinchi bor Kamakurada uchrashgandim. Oʻsha paytda soddagina talaba edim. Yozgi taʼtilda dengiz boʻyida yashovchi doʻstimdan xat olganimda, “Albatta, sen ham kel!” deb yozgandi. Yonimda pulim oz edi, lekin shunday boʻlsa ham bordim. Bu pulga men u yerda taxminimcha ikki-uch kungina yashay olardim. Lekin borganimdan keyin oradan uch kun oʻtmasdanoq, meni bu yerga chaqirgan doʻstimning oilasidan telegramma kelib qoldi. Unda “Tez qaytib kel!” deb yozilgan ekan. Onasining betob boʻlib qolgani aytilgan boʻlsa-da, doʻstim bunga ishonmadi. Chunki ota-onasi uni uylantirishga ahd qilgan, doʻstim esa bunga rozilik bermay kelardi. U “turmush qurishga hali yoshlik qilaman”, derdi. Bundan tashqari, unga koʻrsatilgan qiz umuman yoqmagandi. Shuning uchun ham u yozgi taʼtilda uyga borishdan koʻra Tokioga yaqinroq yerda dam olishni maʼqul koʻrgandi.

U menga telegrammani koʻrsatib, nima qilay, deya maslahat soʻradi. Men ham u qanday yoʻl tutsa toʻgʻri boʻlishini bilmasdim. Onasi chindan ham xasta boʻlsa, u, albatta, qaytishi lozim-da. Oxiri u uyga qaytishga qaror qildi. Men esa, bu yerga doʻstim uchun kelgan boʻlsam ham, bir oʻzim qolishimga toʻgʻri keldi.

Oʻquv yili boshlanishiga hali ancha bor. Menga qaytishimning ham, Kamakurada qolishimning ham farqi yoʻq edi. Shuning uchun men yana bir muncha muddat bu yerda qolishga ahd qildim.

Doʻstim puldan siqilmagan, u – Chyugokuning[1] oʻziga toʻq oilalaridan birining farzandi edi. Lekin talabalik hayotimiz farq qilmasdi. Doʻstim joʻnab ketganidan keyin men ham hamyonim koʻtaradigan joyga koʻchib oʻtdim.

Mehmonxona Kamakuraning chekkasida joylashgan boʻlib, shahar markazigacha dalani kesib oʻtib boriladi. Elektropoyezdda borsam, yigirma ming yena[2] toʻlashimga toʻgʻri kelardi. Biroq bu yerning afzallik tomonlari ham koʻp. Yon-atrofimda qator-qator yozgi hovlilar saf tortib turar, dengiz ham qoʻl uzatsa yetgudek edi, shu bois xohlagan vaqtimda borib, dengizda choʻmila olardim.

Men deyarli har kuni dengizga tushib turardim. Sohil yigit-qizlar bilan liq toʻlaligini koʻrib, “butun poytaxt shu yerga koʻchib kelibdi”, deb oʻylardim. Baʼzan qirgʻoq gʻij-gʻij qora boshlarga shunaqangi toʻlib-toshib ketardiki, bu xuddi umumiy hammomdagi tiqilinch holatni esga solardi. Bu yerda mening tanish-bilishim boʻlmasa-da, gavjum muhitda oʻzimni juda erkin his qilardim. Qumda oʻzimni oftobga solib, dengiz toʻlqinlarining oyoqlarimga kelib urilishidan behad huzurlanardim.

Xuddi mana shu olomon ichida men ustoz bilan uchrashdim. Sohil boʻyida ikkita kichkinagina tamaddixona bor edi. Tasodifan ularning biriga kirib qoldim. Bu yerda dala hovlida yashovchilar juda koʻp, Xase tarafidagi dala hovlilarning koʻpchiligi xususiy edi. Ularda alohida kiyim xonasi boʻlmagani uchun umumiysidan foydalanishardi. Shuning uchun ham ular bu yerga kelib choy ichib dam olishar, choʻmilish kiyimlarini yuvgani berishar, dengizga choʻmilgani ketganda shlyapa va soyabonlarini shu yerda qoldirishardi.

Mening maxsus choʻmilish kiyimim boʻlmaganidan, kiyimlarim yoʻqolib qolishidan qoʻrqar, shuning uchun har doim dengizga choʻmilgani ketganimda kiyimlarimni shu yerda qoldirar edim.

 

II

 

Men tamaddixonada ustozni uchratganimda u kiyimlarini almashtirib, dengizga ketishga shaylanib turgan edi. Men esa, aksincha, endigina dengizdan chiqib, badanimni shamolga tutib, quritayotgandim. Oʻrtamizda qora sochli olomon gʻij-gʻij ediki, agar oʻsha birgina oʻziga xos vaziyat boʻlmaganda, men ustozimni koʻzdan qochirgan, hozir u bilan uchrashmagan boʻlardim. Ustozimning yonida bir yevropalik kishi ham bor edi.

Bizda uchrayvermaydigan oqbadan bu yevropalik darhol eʼtiborimni oʻziga tortdi. U yaponcha yozgi kimonosini yigʻma stulga qoʻyib, dengiz tomon ketmoqda edi. Egnida ichki kiyimidan boshqa hech nima boʻlmagani uchun bu hol menga gʻalati tuyuldi. Ikki kun oldin Yuigaxamada boʻlganimda, sohilda oʻtirib, yevropaliklarning qanday choʻmilishini kuzatgan edim. Barcha erkaklarning badani yopiq, faqat qoʻl va oyoqlari ochiq edi, xolos. Ayniqsa, ayollari butun badanini yopib turuvchi kiyimda choʻmilishar, ustiga-ustak, barchalarining rezinkali bosh kiyimlari ham bor edi. Ular sariq, koʻk va havorang boʻlganidan, dengiz mavjlanganida koʻzga yaqqol tashlanardi.

Mana bu yevropalikning hammaning oldida birgina ichki kiyimda turgani menga gʻalati tuyuldi.

U yonida turgan yaponga bir nimalar dedi-yu, ikkovlon sochiqlarini qum ustiga tashlab, dengizga tushib ketishdi. Oʻsha yapon mening ustozim edi.

Men ularning shundoq dengizga kirib borishlarini zoʻr qiziqish bilan kuzatib turdim. Ular zumda suvga shoʻngʻib ketdilar. Sohil yaqinida odamlar gavjumligidan xoliroq joygacha suzib borishdi. Choʻmila-choʻmila, dengizdan ancha uzoqlashib ketishdi. Birozdan soʻng yana sohilga suzib kelishdi. Tamaddixonaga qaytib, buloq suviga chayinmasdan ham, apil-tapil kiyinishdi-da, qayergadir ketishdi.

Ular ketgandan soʻng men oʻrindiqda tamaki chekib oʻtirib, haligi yapon, yaʼni, hozirda ustozim deb ataydigan kishi haqida oʻylanib qoldim. Men uni qayerdadir koʻrgandek edim. Menga shunday tuyulmoqda edi. Lekin qachon, qayerda koʻrganimni har qancha urinmay, eslolmasdim.

Oʻsha vaqtda mening jiddiy mashgʻulotim boʻlmaganligi bois zerikib qiynalardim. Shuning uchun ertasi kuni ataylab ustozim keladigan vaqtni moʻljallab tamaddixonaga oʻtdim. Ustozim u yerga oʻzining qamish shlyapasida yolgʻiz kirib keldi. Koʻzoynagini yechib, tezda boshiga sochiqni tashlab, qirgʻoq tomon ketdi. Ustoz xuddi kechagidek dam olayotganlar orasidan oʻtib, bir oʻzi suvga tushar ekan, yana uni kuzatishga kirishdim. Sayozlikdan oʻtib, suvning ancha chuqur joyigacha bordim va u yerdan ustoz tomon suzib ketdim.

Qarasam, ustozim kechagidan farqli oʻlaroq, toʻgʻri yurib emas, balki aylanib qirgʻoq tomon qaytib ketayapti. Shu bilan men maqsadimga yetolmadim, yaʼni ustozni kuzatish rejasi amalga oshmay qoldi. Men qirgʻoqqa chiqib, badanimdagi suvlarini qoʻlim bilan sirqib, tamaddixonaga kirdim. Ustoz allaqachon kiyinib, tashqariga chiqib ketayotgan ekan.

 

III

 

Ertasi kuni men oʻsha soatda yana sohil tomon bordim va yana ustozni uchratdim. Keyingi kun ham xuddi shunday voqea takrorlandi. Lekin bizda na gaplashish va na salomlashishga imkon boʻldi. Ustiga-ustak, ustozim har kim bilan el boʻlib ketaveradigan, odamshavanda kishilardan emasdi. U har doim bir vaqtda kelib-ketar, atrof qanchalik gavjum, quvnoq boʻlmasin, hech kimga zarracha eʼtibor bermas edi. Birinchi bor uchratganimda unga hamroh boʻlgan yevropalikni boshqa koʻrmadim. Ustozim har doim bir oʻzi kelib-ketar edi.

Bir kuni ustozim suvdan chiqib, odatdagi joyiga yoʻl olarkan, kiyimlariga qum yuqqanmikan, haytovur, orqaga qaytib, ikki-uch silkib, kimonosini qoqdi. Shunda kimononing orasida turgan koʻzoynagi yerga tushdi. Kiyinib boʻlgach, koʻzoynagi yoʻqligini payqagan ustozim uni qidirishga tushdi. Men oʻrindiq tagidan qoʻlimni choʻzib, koʻzoynakni olib unga uzatdim. Ustozim: “Minnatdorman”, – deb koʻzonakni qoʻlimdan oldi.

Keyingi kuni ustozimning ketidan izma-iz borib, dengizga tushdim va u qaysi tomonga qarab suzsa, men ham oʻsha tomonga suzaverdim. Anchadan keyin qirgʻoqqa chiqib, ustozim menga gap qotdi. Bepoyon, koʻm-koʻk dengiz sohilida bizdan boshqa hech kim yoʻq, charaqlagan quyosh dengiz va togʻlarni koʻz qamashar darajada yoritib turardi. Men oʻzimni erkin his etar, butun vujudim toʻlqinlar ichida yayrardi. Ustozim qoʻl-oyoqlari bilan hopitishdan toʻxtab, toʻlqinlar ustiga qalqib chiqdi. Men ham unga taqlidan shunday qildim. Moviy osmon koʻzni qamashtirar, uning jilvasi yuzimda aks etardi. Men bor ovozim bilan: “Qanday mazza!” – deb qichqirdim.

Biroz oʻtib, suv yuziga qalqib chiqqan ustozim menga:

– Endi qaytmaymizmi? – deb qoldi.

Men hali miriqib choʻmilmaganim uchun yana bir muncha vaqt suvda boʻlgim bor edi. Ammo ustozimning gapidan keyin oʻylab-netib oʻtirmay: “Yaxshi, qaytamiz”, – dedim va kelgan yoʻlimizdan sohil tomon suzdik.

Shu daqiqadan boshlab men ustozimga yaqinlashdim. Ammo uning qayerda yashashini hali-hanuz bilmas edim.

Shu voqeadan keyin ikki kun oʻtib, choshgoh vaqtida men ustozimni oʻsha tamaddixonada uchratib qolganimda, u menga dabdurustdan savol berib qoldi:

– Siz hali bu yerda koʻp boʻlasizmi?

Qoʻqqisdan berilgan bu savolga javob berishga tayyor emasdim, buni hatto oʻylab ham koʻrmagan edim. Shuning uchun:

– Oʻzim ham bilmayman, – deb qoʻya qoldim. Qarasam ustozim mening bu javobimdan miyigʻida kulib turibdi. Shunda qandaydir qatʼiy ohangda:

– Siz-chi, ustoz? – deb soʻrashdan oʻzimni tiyolmadim. Oʻshanda men uni ilk bor “ustoz” deb atagan edim.

Shu kuni kechqurun u qoʻnim topgan mehmonxonaga bordim. Aniqrogʻi, bu yerni mehmonxonadan koʻra dala hovli desa boʻlardi. U yerda kattagina buddaviylar ibodatxonasi ham bor edi. Shunda bu yerda yashovchilar ustozimning oilasi emasligini bildim. Men uni “Ustoz” deb chaqirganimda, u kulib qoʻydi. Shunda men unga, oʻzimdan yoshi kattalarni shunday deb chaqirish menga odat boʻlib qolgan, deb aytdim ham. Undan yevropalik sherigi haqida soʻraganimda, u bizlarga oʻxshamasligini va hozir Kamakurada emasligini, ustozim odatda yaponlar bilan ham unchalik chiqisholmasa-da, oʻsha yevropalik doʻsti bilan negadir til topishib qolganini va u bilan bogʻliq yana boshqa narsalarni soʻzlab berdi. Men oʻylab-oʻylab, oxiri ustozimga uni qayerdadir koʻrganimni, lekin qayerda koʻrganimni hech eslolmayotganimni aytdim. Oʻshanda men yosh boʻlganim uchun ustozimning ham xayolidan shu fikr oʻtayotganmikin deb, nima deyishini kutib turdim. Lekin u uzoq oʻylab oʻtirmaydi:

– Men esa seni ilgari hech qachon koʻrmagandayman, balki meni kim bilandir adashtirayotgandirsan?

Bu javobdan tarvuzim qoʻltigʻimdan tushib, noqulay ahvolda qoldim.

 

IV

 

Oy oxirida Tokioga qaytdim. Ustozim mendan avvalroq qaytib kelgan edi. U bilan xayrlashayotganimda: “Tokioda sizni goh-goh yoʻqlab tursam boʻladimi?” – deb soʻradim. Ustozim esa bunga, “Ha, ha, kelaver”, deb javob berdi. Bu vaqtga kelib men ustozim bilan ancha yaqin boʻlib ulgurgan va shuning uchun undan ijobiy javob kutgan edim. Bunday quruqqina javobdan taajjubga tushganimning sababi shunda. Ustozim meni koʻp marotaba hayratga solar, goho buni oʻzi ham sezar, ammo sezmagan paytlari ham boʻlardi. Men esa umidim puchga chiqqanini his etardim. Ammo, shunda ham undan uzoqlashishni oʻylamas, aksincha, har safar muloqotimizdan qoniqish his etmaganimdan tashvishlanardim va oʻrtamizdagi rishta mustahkamroq boʻlishini xohlardim. Menimcha, oldinga qarab boraversam, bir kun kelib orzularim roʻyobga chiqishi mumkinday edi. Men yosh edim. Kim bilan tanishmay, ichimdagini hadeganda oshkor qilavermasdim. Nima uchun menda aynan ustozga nisbatan bunday tuygʻu uygʻonganini oʻzim ham bilmasdim. Oʻshanda bilmasligim aniq edi. Anglab yetganimda esa, ustozim hayotdan koʻz yumib ketgandi. Ustozim vafotidan soʻng menga boshidanoq yomon munosabatda boʻlmaganligini ilk bor his etdim. Uning gohida meni xushlamaygina kutib olishi va menga nisbatan oʻzini beparvo tutishi meni oʻzidan uzoqlashtirmoqchi boʻlganini anglatmasdi. Unga oʻzini yaqin tutmoqchi boʻlgan insondan ustozim goʻyoki oʻzini tortibroq turishni istar edi. Bunday yaqinlashuvdan maʼno chiqmasa, yaxshisi undan voz kechgan maʼqul. Insonlar bilan osonlikcha muloqotga kirishavermaydigan ustozim kimnidir himoya qilishdan avval oʻzi himoyaga muhtojligini sezardim. Men ustozimni yoʻqlash uchun Tokioga borishga ahd qildim. Oʻqish boshlanishiga hali ikki hafta bor edi. Bu vaqt ichida unikiga hech boʻlmaganda bir marta boʻlsa ham borib qoʻysam degandim. Kamakuradan qaytganimdan keyin ikki-uch kun oʻtgach, mening shashtim pasaydi. Ustiga-ustak, menga katta poytaxtning yorqin muhiti taʼsir etdi. Koʻcha-koʻyda talabalarning yuziga qarab, yangi oʻquv yili boshlanganini, yoshlarning kuch-gʻayratga toʻlganini his etib, ustozimni bir muddat unutdim.

Oʻqish boshlanganidan sal oʻtgach, qalbimda yana qandaydir bezovtalik paydo boʻldi. Hayotdan qoniqmagan holda koʻcha kezadigan odat chiqardim. Xonaga kirsam, xuddi bir nimam yoʻqolganu uni qidirayotganday atrofga alanglar edim. Koʻz oʻngimda yana ustozim namoyon boʻlib, yana u bilan koʻrishish istagi paydo boʻldi.

Men ustozimning uyiga ilk marotaba borganimda u uyida yoʻq edi. Ikkinchi marotaba keyingi yakshanbada borganimni aniq xotirlayman. Ajoyib ob-havo, ochiq osmon butun borligʻimizga singib ketayotgandek tuyulardi menga. Bu safar ham ustozim uyda yoʻq ekan. Kamakurada yurganimizda deyarli har kuni uyda boʻlishini, uydan chiqishni xushlamasligini oʻz ogʻzidan eshitgan edim. Mana, men bir emas, ikki marotaba kelganimda ham uni uchratolmadim. Uning soʻzlarini eslab, nimadandir xafaligini his etdim. Ammo oʻsha zahoti ortimga qaytmay, nima qilishni ham bilmay, oqsochning yuziga qarab turaverdim. Hozirgina mening tashrif qogʻozimni olgan oqsoch, “tura turing”, dedi-da, ichkariga kirib ketdi. Shunda uydan goʻzal bir ayol chiqib keldi. Hoynahoy, ustozimning turmush oʻrtogʻi boʻlsa kerak, deb oʻyladim.

U xushmuomalalik bilan ustozim qayerga ketganini tushuntirdi. Maʼlum boʻlishicha, har oyning shu kunida ustozim Zoshigayadagi qabrga gul qoʻygani borar ekan.

“Hozirgina chiqib ketgan edi-ya”, istihola bilan javob berdi haligi ayol. U bilan xayrlashib, koʻchaga chiqdim. Shovqin koʻchalardan yurib borar ekanman, birdaniga Zoshigaya tomonga oyogʻim tortdi. Oʻsha yerda ustozimni uchratib qolarmikinman, degan umidda qabriston tomon yoʻl oldim.

 

V

 

Sholipoyaning chap tarafidan qabristonga kirib bordim. Ichkariga qarab ketgan keng yoʻlning har ikki tarafiga zarang daraxti qator ekilgan. Yoʻl chetidagi doʻkonchada ustozimga oʻxshash bir kishi koʻrindi. Men unga shunday yaqin bordimki, uning koʻzoynagi quyoshda yarqirab, koʻzimni qamashtirdi. Birdaniga bor ovozim bilan “Ustoz” deb qichqirib yubordim. U keskin toʻxtab, yuzimga qaradi.

“Qanday?.. Qanday qilib?..” – derdi u hayratlanib qayta-qayta. Jim – jitlik, sokinlik hukm surgan vaqtda ustozimning ovozi aks-sadoday eshitildi. “Mening ortimdan poylab keldingmi? Nima uchun?..” Ustozim ogʻir-bosiq edi. Uning ovozida oʻychanlik bordek tuyuldi. Bu qiyofaning ortida qandaydir tushuntirish qiyin boʻlgan mavhumlik bor edi. Men bu yerga qanday kelib qolganimni tushuntirdim.

– Kimning qabrini ziyorat qilishga kelding? Senga ayolim aytdimi?

– Yoʻq, bu haqda hech narsa demadi.

– Ha, shundaymi, buni senga gapirishning hojati yoʻq edi. Buni gapirishdan ne maʼno?

Ustozim javobimdan qoniqish hosil etganday boʻldi. Lekin gap nima haqida ekanligini tushunmas edim. Qabriston oralab ustozim bilan yurib bordik. Bu yerda qandaydir “Izabella”ning va “Loginiya” maʼbudasi qulining qabri bor edi. Qabr toshlarida esa har xil buddaviy yozuvlar aks etgan edi. Bu yerda qandaydir elchi va vazirning qabrtoshlari ham koʻzga tashlanib turardi. Bir yodgorlik toshidagi chang bosgan yozuvni koʻrib, ustozdan soʻradim:

– Buni qanday oʻqish mumkin?

– Balkim “Andrey”dir, – deya u zaharxanda kulib qoʻydi.

Qabrtoshlarni yevropacha uslubda oʻrnatgan bu insonlarga nisbatan mening bu kinoyamni ustozim sezmadi. Men bir kichik yumaloq toshga qarab, goh uzun, baland qabr yodgorligini koʻrsatib toʻxtamasdan soʻzlab borardim. Avvaliga jim turgan ustozim, kutilmaganda:

– Siz oʻlim haqida hali hech qachon risoladagidek, jiddiy oʻylab koʻrmaganga oʻxshaysiz, – deb qoldi.

Men churq etmadim. Shundan soʻng ustozim ham bir ogʻiz gapirmadi. Qabristondan chiqaverishda ulkan bir daraxt yaproqlari osmonni berkitib turardi. Daraxt tagiga kelganimizda, ustozim daraxtning baland shoxlariga qarata:

– Yana oz fursatdan soʻng u juda goʻzal boʻladi. Hamma barglar sariq tus olib, yer ustini oltin barglar qoplaydi, – dedi.

Ustozim oyda bir marotaba bu daraxt tagidan oʻtar edi.

Roʻparamizda yangi qabr qaziyotgan bir erkak yerga belkuragini sanchgancha bizni kuzatib turardi. Biz oʻsha zahoti koʻchaga chiqdik.

Menga qayerga borish baribir edi. Faqat ustozim qayga yursa, men ham unga ergashardim. Ustozim bu gal odatdagidan ham kamgap edi. Shunday boʻlsa-da, men hech tortinmay, dadil holda:

– Siz toʻgʻri uyga ketasizmi? – deb soʻradim.

– Ha, hech narsa rejalashtirmaganman.

Biz janub tomonga qarab tepalikdan tushib borardik. Men ustozimdan soʻradim:

– Ustoz, oilangizning xilxonasi oʻsha qabristondami?

– Yoʻq.

– Unday boʻlsa u yerda kim dafn etilgan? Qarindoshlaringizmi?

– Yoʻq.

Ustozim boshqa hech narsa demadi va men ham bu haqda ortiq soʻramadim. Ammo bir muddat oʻtgach, ustozim oʻzi bu mavzuga qaytdi.

– U yerda mening doʻstim dafn etilgan.

– Siz har oy oʻsha doʻstingizning qabrini ziyorat qilasizmi?

– Shunday.

Oʻsha kuni ustozim menga boshqa hech nima demadi.

 

VI

 

Shundan soʻng ustozimni tez-tez yoʻqlab turadigan boʻldim. Har safar uni uyidan topardim. Uchrashuvimiz koʻpaygan sari, oyoqlarim yana ustozimning uyi tomon boshlayverardi. Uning doʻstona munosabati birinchi uchrashganimizdagidan deyarli oʻzgarmagan edi. U har doim oʻzini bosiq tutardi. Baʼzida bunday bosiqlik menga malol kelar edi. Men avval-boshdanoq unda odamlardan allaqanday yotsirash borligini sezgan edim. Men esa undagi bu hisni yoʻqotishga azmu qaror qilgandim. Balki, buni faqat men his qilgandirman. Atrofimdagilar meni hali yosh deb, ustimdan kulganlarida ham, vaqt oʻtib, mening bu ichki tuygʻularim haqiqatga aylandi, bundan oʻzim ham haligacha hayratda qolaman. Insonlarni seva oladigan, muhabbatsiz hayotini tasavvur qilolmaydigan, atrofidagilarni quchoq ochib oʻz bagʻriga qabul qila oladigan inson – bu mening ustozim edi.

Hozirgina aytib oʻtganimdek, ustozim oʻsha-oʻsha bosiqligicha qoldi. Biroq vaqti-vaqti bilan uning yuzida gʻalati bir soya paydo boʻlar, bu soya xuddi oyna oldidan lip etib uchib oʻtgan qora qushdek, tezda gʻoyib boʻlardi. Bu soyani men ilk bor Zoshigayadagi qabristonda, uni bor ovozim bilan chaqirganimda sezgan edim. Oʻshanda yuragim toʻxtab qolgandek boʻlgandi. Bu uzoqqa choʻzilmadi. Besh daqiqa oʻtar-oʻtmas, men avvalgi holatimga qaytdim va bu qoʻrqinchli soyani ham unutdim. Bu ilk bahor oqshomida toʻsatdan esimga tushdi. Ustozim bilan suhbat asnosida men oʻsha daraxtni tilga oldim. Ustozim ham darrov eslay qoldi. Men ustozimga dedim:

– Zoshigayadagi oʻsha daraxt allaqachon sariq tusga kirgandir?

– Balkim, ammo butunlay emas.

Shunday deya, ustozim menga qayrilib qaradi-da, bir necha soniya tikilib qoldi.

– Siz qachon qabristonga borasiz? Men ham siz bilan birga borsam boʻladimi? Siz bilan sayr etish men uchun juda zavqli.

– Men qabristonga sayr qilgani emas, ziyorat qilgani boraman.

– Bir yoʻli sayr qilib kelsak, yaxshi boʻlmasmikin? Nima deysiz?

Ustozim hech nima deb javob bermadi. Birpasdan soʻng takrorladi:

– Men faqat qabrni ziyorat qilgani boraman.

Ziyoratga borishini taʼkidlashidan men bilan birga bormaslikka sabab qidirayotgandek koʻrindi. Ustozim oʻzini bolalardek tutishi menga gʻalati tuyuldi. Ammo bu narsa meni u bilan birga borish xohishidan qaytara olmas edi.

– Mayli, ziyoratga boʻlsa ham meni birga olib keting, men ham ziyorat qilmoqchiman, – dedim men.

Ochigʻini aytganda, sayr bilan ziyoratning farqiga bormasdim.

Ustozim qovogʻini solib, menga qaradi. Uning koʻzlari tubida oʻzgacha otash aks etar edi. Bu yengilgina besaranjomlikmi, yoqimsiz tuygʻumi yoki norozilikmi – bilolmadim.

– Bilasizmi? – deya gap boshladi ustozim. – Bilasizmi, baʼzi bir sabablarga koʻra men bu haqda gapira olmayman va kim boʻlishidan qatʼi nazar, birovning men bilan birga qabristonga borishini istamayman.

 

VII

 

Menga bu gʻalati tuyuldi. Men ustozimnikiga uni oʻrganish maqsadida bormas edim. Shuning uchun bunga koʻpda parvo qilmadim. Endi oʻylab qarasam, menimcha, oʻshandagi xatti-harakatim hayotimdagi eng arzigulik qadam boʻlgan ekan. Men oʻshanda ustozim bilan bevosita iliq insoniy munosabat oʻrnata olgandim. Ammo unga boʻlgan mehrimning zamirida boshqa gaplar yotar edi. Yosh boʻlganimdan baʼzi harakatlarim maʼnosini anglab yetmasdim. Balki, bu toʻgʻri ham boʻlgandir. Agar men oʻshanda ters oʻgirilib ketganimda, oramizdagi hozirgi munosabatga erisha olmagan boʻlar edim. Hozir buni tasavvur qilsam, qoʻrqib ketaman. Ustozim esa hamon meni tadqiq etayapti deb oʻylar va menga sovuq nigoh bilan qarardi.

Men oyda ikki, hattoki uch marotaba ham, albatta uni yoʻqlab turardim. Shunday tashriflarning birida u menga savol bilan murojaat qilib qoldi:

– Nima uchun siz meni tez-tez yoʻqlab turasiz?..

– Nima uchun, deysizmi? Sizni yoʻqlashimdan hech qanday alohida maqsad yoʻq… Men sizga xalaqit berayapmanmi?

– Menga, xalaqit berayapsiz, deyayotganim yoʻq.

Aslida, uning menga boʻlgan munosabatida uni bezovta qilayotganim aslo sezilmagandi. Uning tanish-bilishlari barmoq bilan sanarli, ustozimning kursdoshlari orasida ham Tokioga qaytganlari ikki-uchtadan koʻp emasligini bilardim. Kursdoshlari baʼzida unikiga mehmonga kelishardi. Men ularni kuzatar ekanman, birontasi ham ustozim bilan menchalik yaqin, doʻstona munosabatda boʻlganini koʻrmaganman.

– Men zerikarli odamman, – dedi ustozim. – Shuning uchun siz meni yoʻqlab turganingizdan xursandman. Sizdan “nega meni tez-tez yoʻqlab turasiz”, deb soʻraganim boisi shunda.

– Baribir ham nega bunday deb soʻraganingiz menga qiziq tuyuladi, – deb yana oʻsha gapni takrorladim, ustozim hech nima deb javob bermadi. Menga qarab, dedi:

– Necha yoshdasiz?

Bu men uchun tushunarsiz suhbat edi. Oʻsha zahotiyoq ustozim huzuridan chiqib ketdim. Lekin oradan uch-toʻrt kun oʻtib, yana uning uyiga bordim. Menga peshvoz chiqiboq istehzoli tabassum ila dedi:

– Yana tashrif buyuribsiz-da!

– Ha, keldim, – deb men ham kulib qoʻydim. Agar menga bu gapni boshqa birov aytganida, aniq jahlim chiqqan boʻlardi. Biroq bu soʻzni ustozimning ogʻzidan eshitganim uchun mamnun boʻldim.

– Men zerikarli odamman, – ustozim avvalgi gapini yana takrorladi. – Men zerikarli odamman, balki siz ham shundaydirsiz, a? Zerikarli odam boʻlsam ham, sizdan yoshim ancha katta boʻlgani uchun hech qanday harakat qilmasligim, faoliyat yuritmasligim mumkin. Ammo siz hali yoshsiz, bu sizga toʻgʻri kelmasa kerak… Shunday emasmi? Siz, imkon qadar nima bilandir shugʻullanishingiz lozim. Shunday emasmi?

– Men hech qachon zerikish nimaligini bilmayman.

– Ha, yoshlikda zerikish nimaligini bilmaydi odam… Unda nega menikiga tez-tez tashrif buyurasiz? – Ustozim yana oʻsha savolni takrorladi. – Agar siz vaqtingizni men bilan oʻtkazadigan boʻlsangiz, mening zerikarli hayotim sizga ham oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Siz esa hali yoshsiz, jamiyatga quchogʻingizni keng ochishingiz lozim. Shunday qilsangiz, mening uyimga qadam bosishni ham xohlamay qolasiz.

Shunday deb, ustozim maʼyus jilmayib qoʻydi.

 

VIII

 

Baxtga qarshi ustozim aytgandek boʻlmadi. Men esa yosh va tajribasiz boʻlganimdan uning soʻzlari maʼnosini toʻla anglay olmadim. Avvalgidek ustozni koʻrishga boraverdim. Bir marta uning dasturxonidan ovqatlanganman ham. Tabiiyki, uning xotini bilan gaplashishga toʻgʻri kelgan. Oddiy inson sifatida men ayollarga befarq emas edim. Lekin yosh boʻlganim uchunmi, tajribasizlikdanmi, oʻshangacha ayollar bilan arzigulik munosabatda boʻlmagan edim. Shu sababdanmi yo boshqa sababdanmi, bilmadim, menda faqat notanish, koʻchada uchratganim ayollargagina qiziqish uygʻonardi. Men ostonada ustozimning xotiniga duch kelganimda, u chiroyli ayol sifatida xotiramda muhrlanib qolgandi. U haqda gapirishga menda shundan boshqa hech sabab yoʻq edi.

Bu unda havas qilarli hech nima yoʻqligidan emas, oʻzini koʻrsatish uchun imkon boʻlmaganidan shunday edi. Lekin men uni ham ustozimdan kam hurmat qilmas edim. U ham men bilan erining shogirdi sifatida samimiy, doʻstona munosabatda edi. Biroq oʻrtada ustozim boʻlmasa, bizni bogʻlaydigan hech narsa qolmasdi. Shuning uchun ham mening koʻnglimda unga nisbatan birinchi uchrashuvda paydo boʻlgan “chiroyli ayol” degan taassurotdan boshqa hech vaqo yoʻq edi.

Bir gal ustozim meni sake[3] bilan siyladi. Ustozimning xotini kelib, sakeni piyolalarga quyib berdi. Ustozim har qachongidan ham quvnoqroq koʻrinardi. Sakedan quyarkan ustozim:

– Sen ham ich! – dedi xotiniga.

– Men… – xotini rad etmoqchi boʻldi-yu, baribir ikkilanib piyolani oldi, chiroyli qoshlarini chimirib, piyolani lablariga olib keldi. Er-xotin orasida shunday suhbat boʻlib oʻtdi:

– Qiziq! Siz menga ilgari ichishni taklif qilganingizni eslolmayman!

– Sen ichishni yoqtirmaganing uchun shunday qilgandirman! Lekin baʼzida ichib turgan yaxshi. Kayfiyatni koʻtaradi.

– Hecham-da! Juda badboʻy-ku. Lekin siz xursand koʻrinasiz… Yana iching!..

– Ha, baʼzida bu yoqimli, lekin har doim ham emas.

– Bugun-chi?

– Bugunmi? Ajoyib!

– Unda har kuni kechki payt iching!

– Yoʻq, boʻlmaydi.

– Iching, ichavering. Sal ochilasiz, yengil tortasiz.

Ustozimning uyida er-xotin va xizmatkordan boshqa hech kim yoʻq edi, qachon kelsam suv quygandek jim-jit boʻlardi. Baʼzida uyda ustozim va mendan boshqa hech kim yoʻqdek tuyulardi.

– Farzand boʻlsa qanday yaxshi! – ustozning xotini menga yuzlandi.

Men “Ha” dedim u – lekin yuragimda bu fikrga nisbatan hech qanday tuygʻu yoʻq edi. Shaxsan menga, bolasi yoʻq odamga, ular faqat jonga teguvchi, zararli narsa boʻlib tuyulardi.

– Birorta bola asrab olamizmi? – dedi ustozim.

– Asrab olish? Nimalar deyapsiz!.. Rostdanmi? – Shunday deya, xotini menga qaradi.

– Oʻzimizning bolamiz boʻlmagandan keyin… – dedi ustozim. Xotini jim edi.

– Nega endi? – soʻradim men.

– Xudoning jazosi! – javob berdi ustozim va qah-qah urib kulib yubordi.

 

IX

 

Bilishimcha, ustozim va uning xotini juda yaxshi juftlik edilar. Ular bilan yashamaganim uchun, albatta, chuqurroq munosabatlaridan xabarim yoʻq edi, lekin har gal ularnikiga borganimda, ustozga nimadir kerak boʻlsa, xizmatkorni emas, xotini Shidzuni chaqirar edi.

– Hoy, Shidzu! – degancha, ustozim keyingi xonaga yuzlanadi. Uning bunday chaqirishlarida mehr tovlanib turardi. Xotini ham uni mahtal qilib qoʻymasdi. Men ularnikida mehmon boʻlganimda, xotini ham birga oʻtirar, shunday vaqtlarda ularning orasidagi munosabat yana ham ochiq va samimiy manzara kasb etardi.

Baʼzida ustozim xotini bilan teatrga, konsertga borardi. Yanglishmasam, er-xotin bir haftalik sayohatlarga ham koʻp borgan. Menda Dakunoldan ularning nomiga kelgan maktub hali ham saqlanadi. Ular Nikkoga borishganida qizil chinor bargi solingan xatjild olganman. Bir gal gʻalati voqea boʻlgan edi. Ichkariga kirayotganimda qulogʻimga ikki kishining suhbatlashayotgani chalindi. Bu oddiy suhbatdan koʻra tortishuvga oʻxshardi. Mehmonxona dahliz yaqinida joylashganidan bu yerga ovoz bemalol eshitilardi. Jaranglab, chiqayotgan erkak ovozidan uning ustozim ekanini bildim. Ikkinchi ovoz birinchisidan pastroq eshitilgani uchun uni taniy olmadim. Adashmasa, ustozim xotinining ovoziga oʻxshab ketdi. U yigʻlayotgan edi, chamasi. “Nima boʻldi ekan?” deb biroz turib qoldim, keyin shartta pansionga qaytib ketdim.

Meni qandaydir gʻalati hayajon bosardi. Qoʻlimga kitob oldim, lekin uni oʻqib biror narsa tushunadigan holim yoʻq edi. Oradan biror soat oʻtib, tashqaridan ustozimning ismimni aytib chaqirgan ovozi eshitildi. Men hayratlanib derazadan qaradim. Pastda ustozim turar va u meni sayrga chorladi. Belimga osilgan soatga qaradim. Soat sakkizdan oshgan. Kiyimni ham almashtirmay koʻchaga chiqdim.

Shu oqshom ustozim bilan birga pivo ichdik. Umuman olganda, u kamdan-kam ichardi. Ozroq ichib, kayfi oshmasa, keyin mast boʻlguncha ichadiganlar xilidan edi.

– Bugun biror ish chiqmaydi, – dedi ustozim, miyigʻida kulib.

– Kayfiyatingiz yoʻqmi? – hamdardlik bilan soʻradim men.

Xayolimdan haligi voqea ketmasdi. Oʻzimda emasdim. Tomogʻim gʻippa boʻgʻilgandek. Nima qilishni bilmasdim: aytaymi, aytmaymi? Bu xavotir yuzimdan ham bilinib turardi, hoynahoy.

– Senga nimadir boʻldimi? – Ustozim xolatimni sezib qoldi va qoʻshib qoʻydi: – Toʻgʻrisini aytsam, bugun men ham oʻzimda emasman, bilyapsanmi?

Men hech narsa deya olmadim.

– Toʻgʻrisini aytsam, men hozirgina xotinim bilan tortishib qoldim. Asablarim buzildi, – dedi u yana.

– Nima uchun…? – Men “tortishdingiz” degan soʻzni aytolmadim.

– Xotinim meni tushunmayapti. Unga adashayotganini aytsam ham, tan olmadi. Shunga jahlim chiqib ketdi.

– Nega u sizni tushunmadi?

Ustozim bu savolga javob bergisi kelmadi, chamamda.

– Men xotinim oʻylagandek odam boʻlganimda, bunchalik qaygʻurmasdim, – dedi u.

Ustozimni nima qiynayotgani menga mutlaqo qorongʻu edi.

 

X

 

Qaytayotganimizda uzoq jim ketdik. Birdan ustozim gapirib qoldi:

– Bekor qildim. Jahlim chiqib, ketib qolganimdan xotinim xavotir olayotgandir. Bechora! Uning mendan boshqa suyangani boʻlmasa…

U bir daqiqa jim turdi va mendan javob kutmay davom etdi:

– Aytishlaricha, erkaklarning yuragi baquvvatroq boʻlar emish. Kulgili! Mana men, seningcha qanday koʻrinaman, kuchlimi yoki kuchsiz?

– Oʻrtacha, – javob berdim men. Ustozim bunday javobni kutmagandek tuyuldi. U yana jim boʻlib, yoʻlda davom etdi.

Ustoz bilan deyarli yoʻlimiz bir edi. Pansionga yetib borgach, muyulishda xayrlashishga toʻgʻri kelganidan, biroz xijolat boʻldim.

Uyigacha kuzatib qoʻyarman, balki? Shuni taklif qildim. Lekin u qoʻli bilan meni asta nari itarib, “Endi kech boʻldi, tezroq uyga kira qol. Men ham uyga boraman. Xotinim uchun…”, dedi. “Xotinim uchun” degan soʻz negadir yuragimga iliqlik berdi. Mana shu soʻzlar tufayli men bu kecha xotirjam uxlay oldim. Yana uzoq vaqt bu soʻzlarni unuta olmadim: “Xotinim uchun”. Bundan tushundimki, ustozim va xotini oʻrtasidagi tortishuv unchalik jiddiy emas ekan. Uning boshqa takrorlanmagani ham fikrimni tasdiqlab turardi. Ustozimning oʻzi ham bir marta quyidagilarni aytgan:

– Men uchun bu dunyoda faqat birgina ayol bor. Xotinimdan boshqa hech qaysi ayolni ayol deb tan olmayman. Men ham uning uchun shundayman. Butun olamda faqat bir erkak – men borman. Bundan kelib chiqadiki, biz eng baxtli juftlik boʻlishimiz kerak.

Nima uchun ustozim menga bunchalik ochiq gapirgani sababini bilmayman. Lekin oʻsha vaqtdagi uning jiddiy qiyofasi va mungli ovozi esimda qolgan. Faqat “biz eng baxtli juftlik boʻlishimiz kerak”, degan soʻnggi soʻzlari qulogʻimga gʻalati eshitilgan. Nega u joʻngina qilib, “biz eng baxtli juftlikmiz” demadi? Yoki u baxtli boʻlishi keragu, lekin baxtli emasmi? Bu fikrlardan miyam achib ketdi. Ammo ular tezda tarqadi.

Bir marta ustozim yoʻqligida uning uyiga kirib, xotini bilan suhbatlashganman. Ustozim shu kuni Yokoxamadan kemada chet elga ketayotgan doʻstini kuzatish uchun vokzalga chiqqandi. Yokoxamadagi kemaga ulgurish uchun Tokiodan 8: 30 dagi poyezd bilan joʻnash lozim edi. Men ustozim bilan bir asar haqida gaplashishim uchun, kelishganimizdek, toʻqqizlarga keldim. Ketayotib, men kelsam, kutib turishimni aytib ketgan ekan. Shuning uchun xonaga kirdim-da, ustozni kutish bahonasida xotini bilan suhbatlashib oʻtirdim.

 

XI

 

U paytda men universitet talabasi edim. Ustozim bilan endigina tanishgan paytlarimizga qaraganda ancha ulgʻayib qolgandek edim. Xotini bilan ham doʻstlashib qolgandik. Endi uning oldida umuman hayajonlanmasdim. Oʻtirib, turli mavzularda gaplashardik. Bu suhbatlarda aytishga arzigulik hech gap yoʻq edi. Baribir ular tezda esimdan chiqib ketardi. Xotiramda faqat bir narsa qolgandi. Ammo bu haqda gapirishdan avval bir masalani tushuntirib oʻtishim kerak.

Ustozim ham universitetni bitirgan, buni men boshidanoq bilgan edim. Lekin ustozimning ishlamay, faqat dam olib yurishi haqida men Kamakuradan Tokioga qaytganimda bildim. Oʻshanda, qanday qilib bunday yashash mumkin, deb ajablangandim.

Ustozimni hech kim tanimaydigandek edi. Shuning uchun u bilan yaqin munosabatda boʻlgan bir necha odamdan tashqari, hech kim uning madaniyati va gʻoyalarini hurmatga loyiq deb bilmasdi. Men bunga achinardim. Ustozim esa hech gapimni eshitmas va bu dunyoga kelib nima qildim, der edi. Bu menga ortiqcha kamtarlikdek tuyulardi. Men unga ich-ichimdan achinardim: nahotki shunday odamni hech kim tan olmasa? Bunday vaqtda ustozim maʼyus ohangda: “Nima ham qilarding! Men bu jamiyatda yashash uchun yaralmaganman”, – derdi. Ustozimning qarashi yanada maʼnoliroq edi. Bu nima – hayratmi, qoniqmaslikmi, gʻammi? Men buni tushunolmasdim. Tushunishga madorim qolmagandi.

Ustozimning xotini bilan suhbatimiz, tabiiyki, uning oʻzi haqida boʻldi.

– Nega endi ustoz faqat uyda oʻtiradi, oʻylaydi, ilm bilan shugʻullanadi, nega jamoat bilan ishlashni xohlamaydi?

– Shundan boshqasi uning qoʻlidan kelmaydi. Bunday ishlarni u kishi yoqtirmaydi.

– Yaʼni, oʻziga ep bilmaydimi?

– Ayol boʻlganim uchun buni tushunmayman, ammo unday boʻlmasa kerak. Menimcha, nimadir qilishni xohlaydi, lekin qilolmaydi. Unga achinaman…

– Axir ustozimning toʻrt muchasi sogʻ-ku?!

– Ha, u soppa-sogʻ, hech nimadan shikoyati yoʻq.

– Unda nega hech narsa qoʻlidan kelmaydi?

– Men tushunmayman. Agar gap nimada ekanligini bilganimda, bunchalik xavotir olmagan boʻlardim. Men hech narsa bilmayman – shuning uchun ham yuragim eziladi.

Ayolning gaplarida eriga achinish hissi bor edi.

 

XII

 

Ustozimning xotini tokiolik edi. Men buni uning oʻzidan ham, ustozdan ham eshitganman. U oʻzi haqida shunday der edi: “Mening asli-naslim yoʻq – duragayman”. Uning otasi tatar, onasi esa Edo davridagi ichigayaliklardan, shuning uchun uning hazilida jon bor edi. Ustoz esa mutlaqo qarama-qarshi tomon – Nigatadan edi.

Ustozim bilan tanishganimdan to u vafot etgunga qadar uning turli tuygʻulari va qarashlari bilan toʻqnash kelganman, lekin ularning toʻyi haqida eshitish hech nasib qilmagan edi. Men baʼzida buni yaxshilikka yoʻyardim. Mendan yoshi ancha katta boʻlgan odam yosh bolaga oʻz sevgi xotiralarini qayerdan ham ishonsin, deb oʻylardim. Baʼzida esa bu jimlikni boshqacha tushunardim. Ularning ikkisi ham men yashayotgan davrdan oldin voyaga yetishgani uchun, anʼanalar va shart-sharoit tufayli oʻzlarining nimalarga qodirligini namoyon qila olmayotgandek koʻrinardi. Lekin bular taxmindan boʻlak hech narsa emasdi. Qaysi biri toʻgʻri boʻlishidan qatʼi nazar, ustozimning uylanishi ajoyib voqea ekanini tan olardim. Oxir-oqibat bildimki, taxminlarimda adashmagan ekanman. Lekin men oʻzimcha sevgining faqat bir tarafini tasavvur qilayotgandim. Ustozimning bu goʻzal muhabbati ortida katta fojia yotardi. Bu fojia ustozga qanchalik taʼsir qilgani xotiniga ham qorongʻu edi. U buni hali ham bilmaydi. Ustozim esa bu fojiani yashirib dunyodan oʻtib ketdi. Xotinining baxtini buzishdan avvalroq, umri poyoniga yetgandi. Hozir bu fojia haqida hech narsa degim kelmaydi. Bir narsani aytishim mumkinki, ularning muhabbati aynan shu fojia asosida paydo boʻlgandi. Lekin ular bu haqda hech narsa deyishmagan. Xotini bu sirdan bexabarligidan, ustozim esa boshqa nozik sabab tufayli churq etmagandi. Xotiramda bir narsa qolgan. Bir gal biz olcha gullaganini koʻrgani Ueno bogʻiga borganimizda, u yerda chiroyli yosh juftlikka koʻzimiz tushdi. Ular gullagan daraxtlar ostida, bir-birining qoʻlini qattiq ushlagancha yurib kelishardi. Atrof naqadar fusunkor boʻlsa ham hamma eʼtiborini gullarga emas, ularga qaratgandi.

– Yangi kelin-kuyovga oʻxshaydi, – dedi ustoz.

– Bir-biri bilan juda ahilga oʻxshaydilar, – qoʻshib qoʻydim men. Ustoz miyigʻida kulib qoʻydi, xolos. Ularni koʻrmaslik uchun atayin boshqa tomonga burilib oldi. Keyin menga yuzlanib soʻradi:

– Sen ham birovni sevganmisan?

Men “yoʻq”, deb javob berdim.

– Sevishni xohlarmiding?

Indamadim.

– Qarshi emasga oʻxshaysan-a?

– Shunday ham deylik…

– Sen hozir bu juftlikning ustidan kulding. Lekin kulging ostida sevgiga mushtoq, ammo unga musharraf boʻla olmayotgan odamning koʻngil yarimligi yotibdi.

– Nahotki sizga shunday tuyulgan boʻlsa?

– Ha, shunday. Lekin… lekin… sevgi – baloyi azim! Buni bilasanmi?

Men hayron qolib, hech narsa deb javob bermadim.

 

XIII

 

Biz koʻpchilik orasida edik. Odamlar har doimgidek quvnoq edi. U yerni tark etib, gullar ham, odamlar ham yoʻq oʻrmonga yetgunimizcha bu mavzuga qaytishga imkon boʻlmadi.

– Sevgi baloyi azim ekanmi? – toʻsatdan soʻradim men.

– Ha, shunaqa. Shubhasiz, baloyi azim! – javob berdi ustoz, xuddi birinchi galdagidek bu soʻzlarga alohida urgʻu berib.

– Nega?

– Nega, deysanmi? Bir kun kelib tushunasan… Sen buni hozir ham tushunishing kerak.

Men bir marta oʻz ichki dunyomni oʻrganmoqchi boʻlganman. Lekin unda boʻshliqdan boshqa hech narsa yoʻq edi. Arzigulik hech nima yoʻq edi.

– Mening qalbimda intilishga undaydigan hech narsa yoʻq. Men sizdan buni yashirmoqchi emasman.

– Aniq bir maqsading yoʻq – shuning uchun ham xavotirdasan. Agar maqsad topilsa, sen xotirjam boʻlasan.

– Umuman olganda, men hozir xavotirda emasman.

Dilimni qandaydir gʻamginlik chulgʻadi.

– Siz, kutishing kerak, deb oʻylasangiz, nima ham qila olardim! Lekin menda fikr paydo boʻlgani yoʻq.

Gaplarimni ustozim eshitsa ham eshitmaganga oldi.

– Ammo ehtiyot boʻl. Sevgi – bu ayrilmas balo! – Ustozning “Sevgi – baloyi azim”, degan gaplari tushunarsiz edi. Buning ustiga menda bir muncha yoqimsiz hislar paydo boʻldi.

– Ustoz, nega siz sevgini yomon deysiz, aniqroq tushuntirib bering? Agar xohlamasangiz, unda savolni shunday ochiq qoldiramiz.

– Meni kechir. Men senga haqiqatni aytishni xohlagandim, oxir-oqibat seni oʻylantirib qoʻydim. Meni kechir.

Biz ustoz bilan muzey binosi boʻylab Ugaysudani tomon sekingina yurib bordik. Toʻsiq ortida zich oʻsgan barglar, katta bogʻning asosiy qismi koʻrinar edi.

– Bilasanmi, nega men har yoz Zoshigaya qabristoniga qoʻyilgan doʻstimning qabri boshiga boraman?

Bu savolni kutmagan edim. Bunga javob bera olmasligimni yaxshi bilardi. Biroz vaqt mulzam qoldim. Shunda ustoz buni sezganidek dedi:

– Yana yaxshi ish qilmadim! Senga javob bermoqchi boʻlib, gapni boshqa tomonga burib yubordim. Nima ham qilardim! Kel, hammasini qoʻyaylik. Faqat shuni bilginki, sevgi – azob-uqubat. Tushundingmi? Uqubat boʻlish bilan birga – muqaddas narsa…

U nima demoqchi ekanini tushunganday boʻldim. Lekin ustoz sevgi haqida boshqa gapirmadi.

 

XIV

 

Yoshligimdan juda beriluvchan boʻlib, biror narsaga butun vujudim bilan kirishib ketar edim. Har holda ustozga shunday koʻrinardim. U bilan oʻtgan suhbatlarim universitet maʼruzalaridan koʻra foydaliroq edi. Ustozning fikrlari boshqa professorlarning gʻoyalaridan ham qiziq tuyulardi. Toʻgʻrisini aytganda, kamgap ustoz koʻzimga kafedradagi mutasaddilardan koʻra ulugʻvorroq koʻrinardi.

– Sen changga botgansan. Chang bosilsa, juda jirkanch koʻrinadi. Men haqimda bunday oʻylashing menga ogʻir botadi. Lekin sen oʻzgargan taqdiringda ham, ayriliqni his qilganingda ham, buni boshqacha tushunasan.

– Nahotki, meni shunday ikkiyuzlamachi deb oʻylasangiz? Nahotki, menga ishonib boʻlmaydi?

– Men senga faqatgina achinaman.

– Achinaman… Demak ishonmaysiz… Shundaymi?

Ustoz xijolat boʻlgandek bogʻ tomonga burildi. U yerda katta qizil gullari barq urib kameliya oʻsardi, lekin hozir bir dona ham gul yoʻq edi. Ustoz mehmonxonada shu kameliyalarga tikilib oʻtirishni odati qilgandi.

– Men ishonmayman, deganda, faqat senga emas, umuman odamlarga ishonmayman, demoqchi edim.

Toʻsiq ortidan oltin baliq sotuvchining ovozi eshitildi. Bu yerda uning ovozidan boshqa biror sado yoʻq edi. Katta yoʻldan ikki mavze uzoqlikdagi bu koʻcha jim-jit boʻlib, uy ichida ham sukunat hukm surardi. Men qoʻshni xonada ustozning xotini borligini bilardim. Bilaman, u jimgina nimadir tikayapti va unga mening ovozim yaxshigina eshitilib turibdi. Lekin men buni mutlaqo unutgandim.

– Unda siz umr yoʻldoshingizga ham ishonmaysizmi? – soʻradim ustozdan. Uning yuzida hayajon sezildi, lekin ochiq javob bermadi.

– Men oʻzimga ishonmayman. Holbuki, oʻzimga ishonmas ekanman, qanday qilib boshqa bir insondan ishonch qidirishim kerak? Oʻzimni ayblashdan boshqa choram yoʻq.

– Sizningcha, nahotki, bu dunyoda bironta ishonchli odam topilmasa?

– Men buni aniq bilaman, boshimdan oʻtkazganman.

Men shu yoʻldan yana biroz yurgim kelgandi. Surma eshik ortidan xotinining ovozi eshitildi, u ustozimni ikki marta chaqirdi.

– Nima boʻldi?

– Bir daqiqa! – deya imladi ayol.

Nima boʻlganiga fahmim yetmadi. Bu haqda oʻylagunimcha ustoz qaytib keldi.

– Har holda menga ishonib boʻlmaydi. Keyin afsuslanasan. Aldanganingni anglab yetganingda kimdandir alamli oʻch olmoqchi boʻlasan.

– Bu nima deganingiz?

– Oldin kishi oldida tiz choʻkadilar, keyin uning boshiga chiqadilar. Keyin xorlikka duch kelmaslik uchun hozir hurmat-ehtiromdan voz kechganim yaxshi. Biz mustaqil, ozod zaminda yashayapmiz, buning uchun qurbonlik qilishimiz, bu zerikarli hayotga chidashimiz lozim.

Bunchalik ishonch bilan aytilayotgan gaplarga javoban joʻyali soʻz topa olmadim.

 

XV

 

Shundan keyin ustozimning xotini bilan har gal uchrashganda oʻzimni biroz noqulay his qilardim. Nahotki, ustoz oʻzini u bilan doim shunday tutgan boʻlsa? Agarda shunday boʻlsa, nahotki, xotini bunga chidagan? Tashqaridan qaraganda xotini bunga koʻnikkanmi-yoʻqmi bilib boʻlmasdi. Birinchidan, u bilan yaqinroq tanishishga menda imkoniyat boʻlmagan, ikkinchidan, u men bilan koʻrishganda oʻzini sipo tutardi va nihoyat uchinchidan, ustoz boʻlmaganida biz u bilan uchrashmasdik ham.

Menda yana shunday savollar tugʻilgan edi: ustozda odamlarga nisbatan bunday munosabat qanday yuzaga kelgan? Ustoz xayol surishni yaxshi koʻradigan kishilar toifasidan edi. Lekin bunday oʻyga choʻmish bilan ish bitmaydi. U oʻz qarashlarini hayotdan olardi. Ustoz mening koʻzimga haqiqiy donishmanddek koʻrinardi. Uning mardona xayollari hayotiy dalillarga asoslanardi. Boshqalarda emas, oʻzida his qilgan, uning qonini qaynatgan, yuragiga borib sanchiladigan darajadagi dalillar! Bu faqat mening taxminlarim emas, uning oʻzi bunga iqror boʻlardi. Lekin uning iqrori bulutlar bilan oʻralgan togʻ choʻqqisiga oʻxshardi. U xuddi boshimga men bilmaydigan va tushunmaydigan narsani yopib qoʻyganga oʻxshardi. Nega bundan choʻchishimga ham aqlim yetmasdi. Lekin u bunga iqror boʻlardi, hattoki asablarimga tegishini bilsa ham. Odamlarga boʻlgan bunday munosabatiga sabab – albatta, u bilan xotini oʻrtasidagi buyuk muhabbat deb taxmin qilib koʻrdim. Agar uning “sevgi – uqubat” degan soʻzlaridan kelib chiqsak, bu taʼrif toʻgʻri emasdek tuyulardi. Lekin xotinini sevishini hozir ham tan olardi. Agar shunday boʻlsa, bunday dunyoqarash – dunyoni qabul qilmaslik – oʻrtadagi buyuk sevgi natijasi boʻlishi mumkin emasdi.

“Oldin kishi oldida tiz choʻkadilar, keyin uning boshiga chiqadilar…” Uning bu soʻzlari har qanday odamga taaluqli boʻlishi mumkin. Faqat u va xotini orasidagi munosabatlarga emas. Zoshigayadagi qabr (kimnikiligi nomaʼlum) ham bir necha marta xayolimdan oʻtdi. Men bu qabr bilan ustoz oʻrtasida jiddiy bogʻliqlik borligini tushundim. Ustozning hayotiga qanchalik chuqur kirib bormayin, bu bogʻliqlik tagiga yetmagan boʻlsam-da, hartugul qabr bilan bogʻliq xotiralar hayotining bir qismi ekanligiga imon keltirdim. Lekin men uchun bu qabr jonsiz bir narsa edi. U bizning oʻrtamizda turgan eshikni ochadigan kalit boʻla olmasdi. Balki, aksincha, katta bir toʻsiqdek edi goʻyo.

Ishlar mana shunday davom etayotgan vaqtda men uning xotini bilan suhbatlashib qoldim. Bu kuzning sovuq kunlaridan birida boʻlgandi. Ustozimning uyi atrofida ikki-uch kundan beri oʻgʻriliklar sodir boʻlayotgandi. Bu kech ham xonadonlardan nimadir yoʻqolgandi. Ustozimning xotini juda qoʻrqib qolgan. Bir gal ustozim oqshom uyda yoʻq ekan. Oʻshanda Tokioga viloyatdagi bir kasalxonada ishlaydigan hamyurt doʻsti kelgan boʻlib, yana ikki-uch tanishlari uni tushlikka chaqirishgan ekan. Ustozim, men yoʻqligimda xotinim bilan uyda oʻtirib tura olasanmi, deb soʻradi va vaziyatni tushuntirdi. Men ikkilanib oʻtirmay rozi boʻldim.

 

XVI

 

Ustozning uyiga kelganimda qosh qorayib qolgan, ustozim allaqachon ketib boʻlgan edi.

– Hozirgina ketdi – kech qolishni yomon koʻradi, – dedi xotini va meni erining kabinetiga boshlab bordi. Xonada yevropacha stol-stuldan tashqari kattagina javon boʻlib, unda kitoblar muqovasi yaraqlar, oynaga chiroq yorugʻi tushib turardi. Uy bekasi meni yupqa yostiqqa oʻtkazdi va “shu yerdagi kitoblarni oʻqib oʻtiring”, deb xonadan chiqib ketdi. Noqulay ahvolda qoldim, men xuddi xoʻjayin kelishini kutayotgan mehmonga oʻxshardim. Oʻzimni chalgʻitish uchun tamaki chekdim. Orqa xonada beka xizmatkor bilan nimanidir gaplashayotgan edi. Kabinet uyning eng chekkasida joylashgani uchun sokinlik hukm surardi. Ichkaridan ovoz eshitilmay qoldi va xonaga sukunat choʻkdi. Menda hozir oʻgʻrilar keladi, degan xavotir paydo boʻldi va diqqatim oshib, butun vujudim quloqqa aylandi.

Koʻp oʻtmay, beka kirib keldi.

– Eh! – dedi u menga biroz hayronlik, biroz istehzo bilan qarab. – Siz oʻzingizni bu yerda noqulay sezayapsizmi?

– Yoʻq, hammasi yaxshi.

– Zerikmayapsizmi?

– Yoʻq, aksincha, men bu yerni qoʻriqlab, oʻgʻrilarni poylab oʻtiribman.

Beka kulib yubordi. Uning qoʻlida choy bor edi.

– Bu eng chekka xona ekan, shuning uchun qoʻriqlash biroz noqulay, – dedim.

– Meni maʼzur tuting. Balki ichkariga oʻtarsiz? Men bu yerda zerikyapsiz, deb oʻylab choy olib kelgandim. Qarshi boʻlmasangiz, oʻsha yerda icharsiz, choyni?

Men uning ketidan xonadan chiqdim. Ichkari xonadagi uzun oʻchoqda metall choynak hushtak chalardi. U meni choy va shirinliklar bilan mehmon qildi. Oʻzi esa, keyin uyqum qochadi deb, choy ichmadi.

– Nima, ustoz bunday yigʻilishlarga koʻp borib turadimi?

– Yoʻq, kamdan-kam. Soʻnggi paytlarda u yanayam odamlardan uzoqlashib bormoqda.

Uning bu soʻzlarida norozilik alomati yoʻq edi.

– Demak, siz istisnosiz.

– Yoʻq, u meni ham unutib qoʻymoqda.

– Yoʻq, bu gap yolgʻon, – dedim men, – siz buning rost emasligini bilib turib aytayapsiz.

– Shundaymi? Nega endi?

– Rostini aytganda, ustoz odamlarni yomon koʻrib qolgan, lekin bu sizni sevishiga toʻsqinlik qilmaydi.

– Siz olim odamsiz, soʻzga ham ustasiz. U odamlarni yomon koʻradi, shuning uchun meni ham yomon koʻradi. Nima farqi bor? Maʼnosi bir xil.

– Shunday desa ham boʻladi, lekin mening gapim haqiqatga yaqinroq.

– Eh, bu erkaklar!.. Ular tortishishni muncha yaxshi koʻrishmasa!?

Ayolning keyingi soʻzlari biroz keskin yangradi. Lekin ohangi unchalik qoʻpol emasdi. U zamonaviy ayollardan farqli oʻlaroq, oʻzini aqlli koʻrsatishga harakat qilmas, undan koʻra vujudining tub-tubida vatan qurgan qalbini avaylashni afzal bilardi.

 

XVII

 

Mening unga aytadigan gaplarim koʻp edi. Lekin unga boʻlmagʻur tortishuvlarni yaxshi koʻradigan odam boʻlib koʻrinmaslik uchun oʻzimni bosdim. Piyolamga jimgina termulib oʻtirganimni koʻrib:

– Yana quyaymi? – dedi.

Men jimgina piyolani uzatdim.

– Nechta? Bittami yoki ikkita?

Gʻalati! Qandni qoʻlida ushlab turib, mendan qancha solishni soʻrayapti. Bu uning menga mulozamati emas, balki biroz oldin aytgan soʻzlariga uzrxohligi edi.

Men choyimni jimgina ichdim. Piyolani boʻshatsam-da, jim oʻtiraverdim.

– Indamay qoldingiz! – dedi u.

– Yana tortishuv boshlasam, urushadigandek tuyulayapsiz! – dedim men.

– Shundaymi? – dedi beka. Yana suhbatimiz ulanib ketdi. Suhbat mavzusi endi ustozga koʻchdi.

– Bir gap aytsam maylimi? Balki bu sizga quruq gapdek tuyulishi mumkin, lekin bu jiddiy masala.

– Gapiravering.

– Ayting-chi, agar siz birdan gʻoyib boʻlib qolsangiz, ustoz sizsiz yashay oladimi?

– Bilmadim… Buni mendan emas, ustozingizning oʻzidan soʻrang.

– Men jiddiy aytayapman. Yashirmasdan. Toʻgʻrisini aytavering.

– Toʻgʻrisini?.. Men sizga bor haqiqatni aytayapman: bilmadim.

– Mayli, yana bir gap: siz uni sevasizmi? Bu savol endi ustozga emas, aynan sizga taaluqli. Bunga nima deysiz?

– Albatta!

– Mana qarang: sizdek vafodor xotin birdan yoʻq boʻlib qolsa, ustoz nima qilardi? Dunyoga qiziqishi soʻngan odam… Agar siz boʻlmasangiz ustoz nima qilgan boʻlardi? Buni aynan siz yaxshiroq tushunasiz. Siz yaxshiroq bilasiz… Shuning uchun ayting-chi, u baxtli boʻlarmidi, yoʻqmi?

– Buni men tushunaman (ustoz boshqacha oʻylayotgan boʻlishi ham mumkin). Agar mendan ayirilib qolsa, u baxtli boʻlmas edi. Aytaylik, u hatto yasholmasdi ham. Bu oʻzimning fikrim boʻlsa ham, faqatgina men uni baxtli qila olaman. Aminmanki, mening oʻrnimda boshqa bir kimsa boʻlganda ham, men berayotgan baxtni berolmagan boʻlur edi. Shuning uchun men xotirjam boʻlsam ham boʻlaveradi.

– Sizning bu ishonchingiz ustozning dardiga malham boʻladi, deb oʻylamayman…

– Bu butunlay boshqa masala.

– Nima, siz endi ham ustoz meni sevmaydi, deya olasizmi?

– U meni sevmaydi, deya olmayman. Bunday maʼnoda aytmadim. Ustozingiz bu dunyoni sevmaydi. Oxirgi vaqtlarda u kishi dunyoni ham emas, odamlarni sevmay qoʻydi. Men oʻsha odamlardan biriman. Shunday ekan, u meni seva olarmidi?

Oxiri “u meni sevmaydi”, degan fikri qanday maʼno kasb etganini tushundim.

 

 

XVIII

 

Men shu yilning iyun oyida kursni tamomlashim, shu bois aprel oyidan kechiktirmay diplom ishimni yoqlashim kerak edi. Bir necha oy qolganida biroz sarosimaga tushdim. Boshqa talabalarning allaqachon kerakli maʼlumotlar va bilimlarga ega ekanliklarini koʻrdim. Bir narsaga qatʼiy ahd qilgan edim, u ham boʻlsa, yangi yil kirishi bilan diplom ishini tugatishga astoydil bel bogʻlaydigan boʻldim. Shu qaror bilan ishimni boshladim, lekin ishimda hech unum yoʻq edi. Berilgan vaqt davomida men faqat mavzuning umumiy holatini va rejasini tuza oldim, xolos. Endi ushbu ish ustida bosh qotira boshladim. Diplom ishi mavzusini qisqartirishga toʻgʻri keldi, kitoblardan saralab-saralab, xulosa yasadim.

Men tanlagan mavzu ustozning mutaxassisligi bilan uzviy bogʻliq edi. Bu boradagi fikrlarim va savollar bilan oʻrtoqlashganimda u fikrlarimni maʼqulladi. Biror nimadan qiynalib qolsam, nimani oʻqishni soʻrash uchun oʻsha zahoti uning oldiga chopardim. Ustozim har doim oʻz fikrlarini menga bayon etardi. Bundan tashqari, zarur boʻlgan ikki-uchta kitobni menga tortiq qilib ham yubordi. Lekin u meni boshqarishni oʻz zimmasiga olishini xayolimga ham keltirmas edim. Oxirgi vaqtlar kam oʻqiganim sababli koʻplab yangiliklardan bexabar qolgandim.

Birdaniga ustozimning turmush oʻrtogʻi avvallari uni koʻp kitob mutolaa qilgani, keyin nima sababdandir kitoblarga qiziqishi soʻngani haqida gapirganini eslab, dabdurustdan soʻradim:

– Ustoz, nega siz kitoblarga qiziqmaysiz? Azaldan shunaqamisiz?

– Nega unday deysan? Ha, toʻgʻrisi, buni oʻzim ham bilmayman. Shunchaki, qancha… Shunchaki, qancha kitob oʻqima, bundan hech narsa chiqmaydi.

– Bor-yoʻgʻi shumi?

– Menimcha, bu sabab emas, bilasanmi, avvallari men odamlar orasida oʻzimni noqulay sezardim. Agar menga savollar bilan murojaat qilsalar-u, men oʻsha savollarga javob berolmasam, noqulay boʻlar edi, endi esa bilmaslik uyatligidan choʻchimayman va natijada kitob oʻqishga qiziqishim yoʻqoldi. Qisqa qilib aytganda, qarib qoldim.

Ustozimning mulohazalariga javoban bir nima deyishim qiyin edi. Dunyo ishlaridan yuz oʻgirib, qaygʻuni yengganiga oʻzi ham ishonmayotgandi. Men uning qarilik haqidagi fikrlari tagiga yetolmay xayrlashdim. Shu kundan boshlab men diplom ishi ustida zoʻr berib ishlay boshladim, zoʻriqib ishlayotganimni qizargan koʻzlarimdan bilsa boʻlardi. Oʻtgan yili bitirgan talabalar haqida soʻrab-surishtirdim. Ulardan biri qabul hayʼatining vaqti tugashiga ozgina qolganida inshoni topshirishga ulgurgan ekan. Boshqasi esa oʻn besh daqiqa kechikib, insho topshirishdan mahrum boʻlishi aniq bir vaqtda, professorning yordami bilan ishini topshirgan. Bu fikrlardan keyin qatʼiyatim yanada kuchaydi. Xudoning bergan kuni zoʻr berib kutubxonaning qorongʻi xonasidagi baland rastalardan kitob qidirdim. Ovchi oʻljasini ovlagandek, koʻzlarim kitob muqovalaridan zarhal harflarni izlardi. Olxoʻrilar gullagan, asta-asta esayotgan sovuq shamol tinmay yoʻnalishini oʻzgartirar, men esa faqat insho ustida bosh qotirar edim. Nihoyat, aprel, oyining soʻnggi kunlari men ham inshoni topshirdim. To ishimni tugatmaguncha ustozimning ostonasini bosib oʻtmadim.

 

XIX

 

Men yana avvalgidek qushday yengil tortdim. Yozning boshlanishi edi, olchalar gulini toʻkib shoxlari yalangʻochlangan, kurtaklar endi-endi uch bera boshlagan edi. Qafasdan ozod boʻlgan qushdek men qanotimni keng yoyib olgandim. Oʻsha zahotiyoq ustoz huzuriga oshiqdim. Yoʻl boʻyi koʻzlarimni qurigan oʻtlar orasidan barq urib turgan yam-yashil buta devordan uzmadim, baland anor shoxlari orasidan charaqlab turgan quyosh gʻoyat maftunkor edi. Bu goʻzallikni goʻyo umrimda birinchi bor koʻrayotgandekman.

Ustozim yuzimdagi quvonchni koʻrib:

– Demak, diplom ishini tugatgansan, juda soz! – dedi mamnun holda.

– Nihoyat, tugatdim, ustoz, – deb javob berdim men. – Rahmat, endi ozodman.

Haqiqatan ham hamma ishni qoyil qilganimdan gʻururim joʻsh urdi, endi bemalol sayr qilsam boʻladi. Bajargan diplom ishimdan koʻnglim toʻq edi. Ishimning mohiyatini ustozga tushuntirar ekanman, u faqat bosiqlik bilan “ha, ha, shundaymi?” deb qoʻyar, kamchiligimni aytmasdi. Men esa biron-bir kamchiligimni sezish u yoqda tursin, orzularim bilan andarmon edim. Biroq oʻsha kuni shunchalik ehtirosga berilib ketgan edimki, hatto ustozning kayfiyatini koʻtarmoqchi, uni, tabiat goʻzalligidan bahramand boʻlishi uchun, yashil olam sari chorlamoqchi boʻldim.

– Ustoz, yuring, sayr qilgani u yer-bu yerga boraylik!

– Qayerga ham borardik?

– Menga farqi yoʻq.

Ustozimni faqat shahar tashqarisiga olib chiqish niyatida edim. Bir soatdan soʻng ustoz bilan shahar tashqarisidagi shunday joyga bordik-ki, u yerning shahar yoki qishloq ekanligini tasvirlash qiyin. Koʻm-koʻk baland buta shoxidan sindirib, bargini shilib tashladim-da, “surnay” yasab chala ketdim. Lekin ustoz bunga parvo qilmay, boshqa yoqqa qarab keta boshladi.

Koʻp oʻtmay biz qalin pechak qoplagan tor yoʻlakka duch keldik. Darvozaga qoqilgan taxtachadagi yozuv bu bogʻ-uyning xususiy emasligidan dalolat berardi. Ustoz, yoʻlakdan tepalikka koʻtarilaylik, dedi. Bunga men jon deb rozi boʻldim:

– Albatta, balki bogʻbon bordir.

Borib qarasak, chap tomondagi uyning derazalari ochiq ekan, uy esa boʻm-boʻsh, hech zogʻ yoʻq. Faqatgina tashqariga qaratilgan akvariumda oltin baliqchalar suzardi.

– Qanday sokinlik! Soʻroqsiz kirganimiz toʻgʻrimikan?

Biz bogʻ ichkarisiga kirib bordik. U yerda ham hech kim koʻrinmadi. Atrof gullarga burkangan edi. Ustozim baland oqish gulni koʻrsatib, dedi:

– Bu “kirishima” degan gul.

Oʻn kvadrat metrdan ortiqroq maydon piyozgul koʻchatlariga toʻla edi. Hali piyozgul ochiladigan vaqt boʻlmagani sababli birorta ham gul koʻrinmasdi. Uvat chetida bir eski oʻrindiq bor ekan, ustozim shu oʻrindiqqa yonboshlab oldi. Oʻrindiqning bir chetiga omonatgina oʻtirib, tomogʻimni chaydim. Ustoz musaffo osmondan koʻz uzmasdi. Meni esa yam-yashil koʻchatlar sehrlab qoʻygandi. Borib qarasam, ularning bargi har xil ekan. Birorta ham koʻchatning shoxida bir xil rangdagi barglar uchramasdi. Ustozimning baland gul shoxiga osilgan shlyapasi shamolda uchib tushdi.

 

XX

 

Men darhol shlyapani yerdan oldim. Barmoqlarim bilan changini qoqib, ustozga dedim:

– Ustoz, shlyapangiz yerga tushib ketibdi.

– Rahmat!

Qaddini rostlagancha ustoz qoʻlimdan shlyapasini oldi va meni savolga tutdi:

– Ayting-chi, sizlarning moddiy ahvolingiz qanday?

– Ochigʻini aytsam, yaxshi.

– Har qalay daromadlaringiz qancha? Kechirasiz, albatta.

– Qanaqa daromad? Faqat yer, xolos, pulimiz umuman yoʻq.

Ustozimning birinchi bor oilamiz moddiy ahvoli haqida toʻgʻridan-toʻgʻri savol berishi edi. Men esa bir marta ham u nimaning hisobiga yashashini soʻramaganman. Qanday qilib hech ish qilmay yashash mumkin? Bu fikr meni oʻylantirib qoʻygan, lekin hech narsa tushuna olmasdim. Faqat ustozga bunday savol berish odobdan emas, deb shu vaqtgacha oʻzimni tiyib kelardim.

– Ustoz, sizning moddiy ahvolingiz-chi?

– Nima? Men boy odamga oʻxshaymanmi?

Ustozim doim odmi kiyinib yurardi. Uning uyi hashamatli emasdi, moddiy ahvoli ham maqtagulik emas. Hayoti toʻkis va tinch boʻlsa-da, yetishmovchiliklari oʻziga yetib-ortardi.

– Har holda, men shunday oʻylayman, – javob berdim men.

– Uncha-muncha qoʻr-qutim bor-u, lekin boy odam emasman. Agar boy odam boʻlganimda, bundan yaxshiroq uy qurgan boʻlardim.

Ustozim shunday deya turib, oʻrindiqqa borib oʻtirdi. U gapini tugatib, choʻp bilan yerga doira chizdi, doira oʻrtasiga bambul gulini sanchib qoʻydi.

– Qachonlardir boy edim!

U oʻzi bilan oʻzi soʻzlashganday past ovozda gapirar, men esa sukut saqlardim. Bu soʻzlarni aytib, ustozim gʻamgin kulimsirab menga qaradi. Men javob qaytarmadim. Oxiri tajribasizligim va hayot saboqlaridan bexabarligim pand berib, mum tishlab qoldim. Shunda ustoz mavzuni oʻzgartirdi:

– Otangning sogʻligʻi qanday?

Yanvar oyidan beri otamning holidan bexabar edim. Otam har oyda qisqagina maktub va ozroq pul joʻnatardi. Uning dastxati tiniq boʻlib, kasal odam yozgani aslo bilinmasdi.

– Bu haqda yozmaydi. Hammasi yaxshi boʻlsa kerak-da.

– Agar shunday boʻlsa, juda yaxshi, lekin kasallik baribir kasallik-da.

– Baribir yomon fikrga boryapsiz-a? Hozircha hech qanday oʻzgarishlar yoʻq. Menga hech qanday xabar yozishmayapti.

– Ha-a…

Ustozning moddiy ahvoli, otamning kasalligi haqidagi barcha gaplar oddiydek tuyular edi. Lekin uning oʻsha bergan ikki savoli tubida juda katta maʼno bor edi. Ustozning boshidan oʻtganlarni bilmaganim sabab men bu borada gap ochmay qoʻya qoldim.

 

XXI

 

– Agar moddiy mablagʻing boʻlsa, ishlaringni tugatib unga ega boʻlish vaqti keldi. Mening senga ortiqcha gʻamxoʻrlik qilayotganimni toʻgʻri tushun, otang hayotligida oʻz merosingga ega boʻlsang, nima qilibdi! Agar biror noxush holat yuzaga kelsa, mol-mulk musodarasi yuzasidan savollar koʻtariladi.

– Ha, bu gapingiz toʻgʻri.

Ustozning gaplariga unchalik ahamiyat bermadim. Bizning oilada otam, onam va men boʻlganim uchun bu gaplar ortiqchadek edi. Men bu holatga biroz hayron boʻldim. Kattalarga hurmatim yuzasidan indamadim.

– Agar otangning bevaqt vafoti haqida soʻz ochib, koʻnglingni ogʻritgan boʻlsam, meni kechir. Axir insonning umri abadiy emas-ku. Har qancha sogʻlom boʻlmasin, bir boshda bir oʻlim bor. – Ustozning bu soʻzlarida qandaydir gʻamginlik zohir edi.

– Men bu haqda hech ham oʻylamabman, – javob berdim men. Soʻng ustozim mening qarindosh-urugʻlarim haqida surishtira boshladi.

Oxir-oqibat u dedi:

– Ularning hammasi yaxshi odamlarmi?

– Deyarli hammasi sodda, qishloq odamlari.

Men juda qiyin ahvolda qoldim. Ustozim oʻylab turib javob berishimga qoʻymay, savolga tutardi.

– Oddiy qishloq odamlari ahmoqlikda shaharliklardan oʻtib tushadi. Bundan tashqari, seningcha, qarindoshlaring ichida mana bunisi ahmoqroq, deydigani yoʻqmi? Seningcha, umuman dunyoda ahmoq odamlar kammi? Bir qaraganda hamma bip-binoyidek inson, yaxshi odam. Agar bordi-yu, boshlariga noxush ish tushgudek boʻlsa, gʻirt ahmoqqa aylanadilar. Mana shunisi achinarli. Shuning uchun andisha-pandishani yigʻishtirib qoʻy.

Ustoz shu bilan soʻzini tugatmoqchi emasdi. Uning gaplariga javob bermoqchi ham edimki, birdan orqadan itning vovullashi eshitildi. Biz qoʻrqib oʻgirilib qaradik. Bogʻ ichkarisida chogʻroq gʻarovzor bor ekan, shu gʻarovzor ichidan bir it boshini chiqargancha bizga qarab qattiq-qattiq vovullardi. Bir vaqt oʻsha yerdan chamasi oʻn yoshlardagi bir bola yugurib chiqib, itga jahl qilib baqira ketdi. Bola boshiga qogʻozdan yasalgan shapka qoʻndirib olgan edi. Ustozga yaqinlashib, harbiylarcha salomlashdi.

– Amaki, sizning bu yerga kirganingizni hech kim koʻrmadimi? – deb soʻradi bolakay.

– Hech kim koʻrgani yoʻq.

– Opam bilan onam oshxonada edilar.

– Ha, shunaqami?

– Ha, amaki! Borib, salomlashib, ruxsat soʻrasangiz boʻlarmidi…

Ustozim kulib yubordi. Choʻntagidan hamyonini olib, besh sentlik tanga uzatdi.

– Borib onangga ayt, shu bogʻda biroz dam olishimizga izn bersin. Bola kulimsirab, boshini sarak-sarak qilib javob berdi:

– Men endi patrul boshligʻiman.

Shunday deya oʻtlar orasidagi yoʻlakdan yugurib ketdi. It ham dumini koʻtargancha uning ortidan ergashdi. Biroz oʻtgach, yoʻlda yana ikki-uch nafar shu yoshdagi bolalar “patrul boshligʻi”ga qoʻshilib yugurib ketishdi.

 

XXII

 

Bola va uning kuchugi ortidan qarab qolgan ustozning nima demoqchi ekanini tushunolmay hayron edim. Oʻsha vaqtlar meni meros va shunga oʻxshagan narsalar qiziqtirmas edi, nega bu savollar ustozning xayoliga kelib qolgan ekan-a? Men jamiyatdagi oʻrnimning foydasi yoki zarari haqida bosh qotirishdan yiroq edim. Oʻylashimcha, bunday holatlarga duch kelmaganim sabab boʻlsa kerak, yosh oʻsmirga pul gʻami degan tashvishlar hali uzoq-uzoqlarda tuyular edi. Ustozdan faqat birgina gapini, yaʼni nega har qanday inson ogʻir vaziyatda ahmoqlik qilib qoʻyishi mumkinligini izohlab berishini kutar edim.

Bola bilan iti ketganidan soʻng yam-yashil bogʻni yana sukunat chulgʻadi. Biz ham qimirlamay, ushbu sukunatdan sarxush boʻldik. Bir payt osmonning moviy rangi oʻz tarovatini asta-asta yoʻqota boshladi. Koʻz oldimizda hayhotdek chinor va uning och-yashil yaproqlarga burkangan shoxlari sekin-asta qoraya boshladi.

Uzoqdan yuk ortilgan avtobusning kuchangan tovushi eshitildi. Koʻz oʻngimda aravasini sabzavotlarga toʻldirib shahar bozoriga olib ketayotgan dehqon bobo gavdalandi. Ustoz avtobus tovushidan oʻziga keldi.

– Xoʻsh, koʻpi ketib ozi qoldimi? Haqiqatan ham kunlar uzun, ammo bu goʻzallikka bir mahliyo boʻlib qolsang, qarabsanki, kech tushganini ham bilmay qolasan.

Oʻrindiqqa chalqancha yotgani sababli ustozimning kiyimiga chang yuqqan ekan. Men uning kiyimini qoqa boshladim.

– Rahmat! Saqich yopishmabdimi?

– Yoʻq, top-toza boʻldi.

– Bu kiyimni yaqinda tiktirgan edim. Agar uni kirlatib uyga borsam, xotinim kesatib… “rahmat!” deydi.

Biz yana tepalikda joylashgan chogʻroq uyning oldidan chiqdik. Biz kirib borgan uyning atrofida hech kim koʻrinmadi, birozdan soʻnggina uy bekasi va oʻn besh-oʻn olti yoshlar chamasidagi qiz ipni gʻaltakka oʻrab oʻtirganiga koʻzimiz tushdi. Uy bekasidan bezovta qilganimiz uchun uzr soʻrab, akvariumdagi tilla baliqchalar oldiga keldik. Uy bekasi muloyimlik bilan oʻgʻliga sovgʻa qilingan tanga uchun rahmat aytdi. Darvozadan tashqariga chiqib ikki-uch daha yurgach, ustozimga yuzlanib, yana boyagi masalaga qaytdim:

Ustozim kulib, mavridi oʻtib ketgani va bu vaziyatni tushuntirishga hojat yoʻqligini aytdi.

– Pul, doʻstim, pul! Pulni koʻrgan har qanday bagʻrikeng inson ham zolimga aylanadi.

Ustozning gapi menga qattiq taʼsir qildi. Uning holatidan hayratda qolgancha yoʻlimda davom etdim. Ustoz biroz orqada kelar edi. Birdan meni chaqirdi.

– Mana qara! Hoy! Mana, koʻrdingmi?

– Nimani?

– Oʻzingning kayfiyatingni. Mening birgina javobimdan kayfiyating oʻzgarmadimi?

Men toʻxtab, uning yetib kelishini kutib turdim.

 

XXIII

 

Oʻsha damda men yuragimning tub-tubidan ustozimdan xafa edim. Shuning uchun ustozimdan soʻramoqchi boʻlganlarimni ham soʻramadim. U mening holatimni sezgan-sezmaganligini bildirmadi.

Ustozimning sekin, bir meʼyorda qadam tashlab yurishi sal gʻashimni keltirdi. Men nimadir qilib uning jigʻiga tegmoqchi boʻldim.

– Ustoz!

– Nima?

– Biz bogʻbonning oldida boʻlganimizda kechgacha koʻtarinki ruhda yurdingiz. Sizni bunday holatda kam uchratganman, shu bois bu menga qiziq tuyuldi.

Ustozim oʻylanib, javob berishga shoshilmadi. Gapim unga malol kelganini sezdim. Ustozim yoʻl chetiga oʻtdi, chiroyli, koʻm-koʻk buta devor yoniga kelib, kimonoga oʻrangancha hojatini chiqardi. Men uni kutib turdim.

– Uzr!

Ustoz yana yoʻlida davom etdi. Men unga nima bilandir taʼsir etish niyatidan qaytdim. Biz ketayotgan yoʻl borgan sari shovqin-surondan jonlanib borardi. Tep-tekis va cheksiz sholipoyalar ortda qolib, ikki tomonda qurilish ishlari boʻlayotgan joylardan oʻtib borar edik. Metall toʻrlar bilan oʻralgan tovuq inlari, gʻarovzor atrofida saf tortgan uylarning bari tinch, sokin, shahar tomondan bir-birining izidan otaravalar kelmoqda edi.

Bu hol menda katta taassurot qoldirganidan bergan savollarim esimdan ham chiqib ketdi. Ustoz avvalgi mavzuga qaytganida mening fikrlarim chuvalashib ketdi.

– Men kechgacha hayajonda yurdimmi?

– Unchalikmas, ozgina.

– Mayli, sezilgan boʻlsa, yana yaxshi. Men haqiqatan ham hayajonda edim. Gap pul haqida ketsa, har doim hayajonlanaman. Seni bilmadim-ku, lekin men bu borada qatʼiy fikrga egaman. Oʻn, yigirma yil oʻtsa ham insonlar tomonidan kamsitilgan paytlarimni esimdan chiqarmayman.

Ustozimning gap ohangidan uning avvalgidan ham hayajonda ekani sezilib turardi. Meni xijolatga solgan uning soʻzlari emasdi. Uning har bir soʻzi menga oʻgitday eshitilardi.

Ustozimning bunchalik ochiq gapirishi men uchun kutilmagan holat edi. Uning hech kimga oʻxshamaydigan bu feʼlida oʻz fikriga ishontirish qobiliyati shunchalik kuchli ekanini shu damgacha bilmagan ekanman.

Uni irodasi kuchsiz odam deb bilardim. Uning saxiy, kamtar insonligi meni oʻziga tortar edi. Bir daqiqa avval jahlimni chiqarib, koʻngliga ozor bermoqchi boʻlgan odamim birdaniga kuchli insonga aylanib oʻtiribdi, axir.

Ustoz soʻzida davom etdi:

– Men aldanganman. Oʻz jigarlarim aldagan. Otam tirikligida ular juda yaxshi odamlar edi. Otamning vafotiga yaqin ular shunaqangi razil insonlarga aylandilarki, taʼrifga soʻz ojiz. Bolalik davrimdan to shu kungacha ular meni kamsitib, xoʻrlab kelishdi, buni hech qachon unutmayman. Umrbod unutmasam kerak. Lekin men qasoskor emasman. Hech kimdan oʻch olib oʻtirmadim, men boshqacha yoʻl tutdim. Men nafaqat ulardan, balki barcha odamlardan nafratlanaman. Menimcha, shuning oʻzi yetarli boʻlsa kerak.

Men unga taskin berish uchun soʻz topa olmadim.

 

XXIV

 

Bizning suhbatimiz oʻsha kuni oʻz poyoniga yetgandi, bu mavzuga boshqa hech qaytmadik. Men ustozning bu xatti-harakatidan norozi edim. Shahar chetiga etganimizda biz elektropoyezdga chiqdik, vagonda deyarli churq etmay ketdik. Poyezddan tushgach (yoʻllarimiz qarama-qarshi tomonga yoʻnalgan edi), xayrlashuv chogʻida ustozim sal oʻziga keldi. Muloyim ovoz bilan dedi:

– Endi iyun oyigacha eng yaxshi vaqt, hayotingning eng yaxshi davri. Sayr qil, oʻyna!

Men kulib, shlyapamni yechdim. Shu lahzada ustozga qarab, nahotki, shu inson odamlardan nafratlansa, deb oʻyladim. Uning koʻzida ham, soʻzida ham bu nafrat sezilmas edi. Meni qiynagan savollarga ustoz koʻngildagidek javob berdi, buni tan olaman. Lekin bu fikrlardan kerakli xulosani chiqarolmasdim. Ustozimning jumlalari baʼzida shunday mavhum tugar ediki, men ularni tushuna olmasdim. Shahar tashqarisiga qilgan sayohatimiz davomidagi suhbat ham men uchun shu tariqa tushunarsiz boʻlib qoldi.

Bir vaqtlar men ustozimga dabdurustdan bu haqda gapirganimda, u kulib qoʻygandi.

– Axir, shunga aqlim yetmasa, nima qilib yuribman? Nazarimda, siz menga fikringizni ochiq bayon etmayapsiz, hamma gap ana shunda.

– Men hech narsani yashirmayapman.

– Yoʻq, yashirayapsiz!

– Nega sen mening fikrlarimni, qarashlarimni avvalgi hayotim bilan bogʻlab koʻrmading? Balki fikrlarim teran emasdir, lekin oʻylaganimni, fikrlarni odamlardan yashirmayman. Yashirishimga asos yoʻq. Agar gap mening avvalgi hayotim haqida ketayotgan boʻlsa, uni senga toʻliq soʻzlab berishim kerak – bu esa alohida va jiddiy masala.

– Yoʻq. Sizning oʻtmishda tugʻilgan fikrlaringiz men uchun juda qadrli. Agar, xayolan oʻtmishni oʻzimizdan ayirsak, u qadrini yoʻqotadi. Ichki tuygʻulari boʻlmasa, insonning tashqi koʻrinishidan qoniqish hosil qilmayman.

Ustoz hayron boʻlib menga qaradi. Uning sigaret ushlab turgan qoʻli qaltirar edi.

– Juda dovyurak ekansan!

– Men bunday narsalarga jiddiy qarayman. Oʻzim uchun oʻzgalar hayotidan kerakli xulosa chiqarishni xohlayman.

– Demak, senga oʻtmishimni ochib solaymi?

“Ochib solaymi” degan ibora, nazarimda, gʻoyat tahdidli jarangladi. Shunday holatga tushdimki, goʻyo qarshimdagi odam hurmatli ustozim emas, balki qandaydir jinoyatchidek. Ustozim yalt etib menga qaradi.

– Jiddiy soʻrayapsanmi buni? – dedi yana ustozim. – Oʻtmishim tufayli insonlarga boʻlgan ishonchim yoʻqolgan, senga ham ishonmayman. Lekin ishonishni xohlayman. Sen juda samimiysan, senga ishonmaslik uchun… oʻlishimdan avval hech boʻlmasa bir odamga ishonishni xohlardim. Bu dunyodan insonlarga ishonib ketishni xohlardim. Sen men ishongan inson boʻla olasanmi? Oʻsha inson boʻlishni xohlaysanmi? Chin yurakdan ayt! Agar astoydil hayotimni bilishga jazm etgan boʻlsang, chin haqiqatni gapirganim boʻlsin.

– Yaxshi! – davom etdi ustozim. – Senga aytib beray. Butun oʻtmishimni hikoya qilaman. Uning evaziga… eh, mayli, endi ahamiyati yoʻq. Lekin mening oʻtmishim senga foyda bermasligi mumkin. Buni tezda bilib olarsan, ammo sababini aytishga hali erta.

Uyga qaytib borganimda ham tushkun kayfiyat meni tark etmagandi.

 

XXV

 

Professorning nigohi bilan qaraganda, yozgan diplom ishim taxmin qilganimchalik qoyilmaqom emas edi. Ustoz undan qoniqmagandi. Ammo shunday boʻlsa ham, men himoyaga kirishdim va ishni oʻzim oʻylagandek yoqladim. Diplom topshirish marosimi kuni men jomadonimdan poʻpanak bosgan, eski rusumdagi kiyimimni olib kiydim. Biz marosimda qator tizilib turdik, kun juda ham issiqligi uchun, hamma bitiruvchilar diqqinafas boʻlib turishardi. Shamol kelmaydigan joyga turib qolganimdan koʻp oʻtmay roʻmolcham jiqqa hoʻl boʻldi.

Marosim tugashi bilanoq yugurib uyga qaytdim. Kiyimlarimni yechib, qip-yalangʻoch boʻlib oldim. Ikkinchi qavatning derazasini ochib, teleskopga oʻxshab oʻralgan diplomimni qoʻlimga olgancha atrofni kuzatdim. Keyin diplomimni stol ustiga qoʻyib, xonaning qoq oʻrtasida yerga yotib oldim. Uyqu aralash oʻtmishim haqida oʻylanib qoldim va kelajagimni oʻzimcha tasavvur qildim. Shunda, hozirgina olgan diplomim hayotimda biror maʼno kasb etarmikin yoki yoʻqmi, degan xayollar miyamda charx urardi.

Men oʻsha oqshom ustozimning uyiga kechki ovqatga bordim. Avvaldan vaʼdalashib qoʻygandik. Mehmonxonada tuzalgan guldor, chiroyli, ohorlangan dasturxon chiroq nurida nafis yaltirab turardi. Har safar ustozimning uyida ovqatlanganimda, albatta, dasturxonga Yevropa restoranlaridagidek ohorlangan sochiqlar, quloqli piyolalar, ovqat yeydigan maxsus choʻplar qoʻyilar, bularning barchasi hozirgina yuvilgandek top-toza turardi.

“Bu koʻylak yangi. Kirchimol boʻlishi uchun sidirgʻa rangda boʻlishi kerak. Agar oppoq boʻlsa, unda gard yuqtirmaslik lozim”, – ustozim shunday der edi.

Tabiiyki, bundan ustozimning oʻta ozodaligi koʻrinib turardi. Bundan tashqari, uning kabinetiga qachon kirmay, hamma narsa saranjom-sarishta boʻlardi.

“Ustozim juda ham tozalik shaydosi-ya”, deganimda, uning xotini:

“Har doim ham emas, kiyinish borasida bunga qoʻshilmayman” – der edi. Buni eshitib turgan ustozim:

“Rostini aytganda, men ruhan asabiy odamman, shuning uchun doim qiynalaman. Oʻylab qarasam, ahmoqlarning ahmogʻiman,” – deb oʻzi qah-qah otib kulib yuborardi. “Ruhan asabiy odamman” degan iborani qay maʼnoda, toʻgʻridan-toʻgʻri fan tilidagi ruhiy kasallik maʼnosida aytdimi yoki majoziy maʼnodami – tushuna olmadim.

Oʻsha oqshom men ustozimning shundoq roʻparasidan joy olgan edim. Xotini esa toʻrda (biz stolning har ikki tomonida edik) yuzini bogʻ tomonga qaratib oʻtirardi.

“Tabriklayman!” – deb ustozim men uchun qadah koʻtardi. Men esa bu tabrikdan hech quvonmadim. Buning sabablaridan biri, ushbu xursandchilikka nisbatan qalbimda hech qanday tuygʻu boʻlmaganidir. Buning ustiga, ustozimning tabrigi menga samimiy emas, balki istehzoliday, kinoyaliday tuyuldi. Ustozim kulib, yana bir bor qadah koʻtarganida, tilaklarini dildan aytayotgandek boʻldi-yu, ammo baribir men ustozimning bu kungi tabrigi maʼnosiga tushunib yetmadim.

– Bunday paytda “tabriklayman”, deb qoʻyiladi, – kuldi u.

Ustozimning xotini:

– Qanday yaxshi! Ota-onangiz ham juda xursand boʻlishsa kerak! – dedi.

Shunda xasta otam yodimga tushib ketdi. Tezroq diplomimni olib borib otamga koʻrsatishni oʻylab qoldim.

– Sizga nima boʻldi? – deb soʻradi beka.

– Ha, albatta, ular xursand boʻlishlari aniq.

Ularning ikkisi ham diplomimning qayerda yotganidan bexabar edi.

 

XXVI

 

Ovqat vaqtida ustozimning xotini oqsoch ayolga yumush buyurmasdan, unga ruxsat berib, bizga oʻzi xizmat qildi. Norasmiy mehmonlarga nisbatan bunday mulozamat ustozim xonadonining odatlaridan biri edi. Avvallari, menga birinchi marotaba bunday eʼtibor koʻrsatilganda, bundan xijolat boʻlgan edim. Keyinchalik bu holatga oʻrganib, hech tortinmay piyolamni uzatadigan boʻldim.

– Choymi? Guruchmi? Ishtahangiz yaxshi-ya. – Ustozimning xotini bunday gaplarni dangal aytardi. Lekin bu oqshom kun juda issiq boʻlgani uchunmi, ishtaham aytarli emasdi.

– Ha, boʻldimi? Oxirgi paytlarda ishtahangiz yaxshi emas, kamovqat boʻlib qoldingiz…

– Yoʻq, kamovqat boʻlib qolganim yoʻq. Issiq boʻlgani uchun koʻnglim ovqat tusamayapti.

Ustozimning xotini oqsoch ayolni chaqirib, stolni yigʻishtirishni buyurdi. Ovqatdan keyin muzqaymoq va shirinliklar tortildi.

– Buni uyda tayyorladik.

Uy bekasi pazanda boʻlgani uchun bunday ishlar unga hech choʻt emasdi. Men ikki kishilik ovqatni paqqos tushirdim.

– Mana, institutni ham bitirding, bundan keyin nima qilmoqchisan? – soʻradi ustozim. U stulini surib, toʻr tomonga qarab oʻtirdi.

Shu vaqtgacha faqat institutni bitirish haqida oʻylab, kelajakka oid hech qanday reja tuzmagandim. Nima deyishimni bilmay turganimni koʻrgan beka:

– Oʻqituvchilik qilasizmi? – deb soʻradi. Bunga ham hali javob berishga ulgurmay, yana savolga tutdi:

– Yo davlat xodimimi?

Men ham, ustozim ham kulib yubordik.

– Ochigʻini aytsam, hali hech nima haqida oʻylab koʻrganim yoʻq. Aslida, men ishlash, faoliyat koʻrsatish degan narsa haqida umuman oʻylamaganman. Shuning uchun qay biri men uchun yaxshi, qay biri yomon, bilmayman. Hozir bitta yoʻlni tanlashga ojizlik qilib turibman.

– Shundaylikka shundayku-ya, ammo siz xohlagan yoʻlingizda ketishingiz mumkin. Qaysi yoʻldan borishni bilmaydiganlar ham bor. Ular bu masalaga sizdek xotirjam qarasholmaydi.

Kursdoshlarim orasida hali institutni tugatmasdanoq, oʻrta maktabda ishlashni koʻzlab qoʻyganlar ham bor edi. Men ichimda bekaning aytgan gaplariga toʻla qoʻshildim.

– Mayli, mayli, sen undan avval, otang hayotligida merosini taqsimlatib ol. Agar shunday qilmasang, keyin qiynalasan, eslatdi ustozim.

May oyining azaliya gullagan pallasida ustozim bilan shahar tashqarisidagi bogʻda qilgan sayrimiz yodimga tushdi. Oʻshanda qaytayotganimizda, ustozimning menga jahl bilan shu haqda gapirgani yana qulogʻim tagida jarangladi. Uning gaplari nafaqat qoʻpol, balki oʻta tahdidli ham edi.

– Sizlarning moddiy ahvolingiz qanday? – deb bekaga yuzlandim.

– Nega bularni soʻrab qoldingiz?

– Ustozdan soʻrasam, aniq bir javob aytmadi.

Beka kulimsirab ustozimning yuziga qaradi.

– Toʻgʻri, chunki aytishga arzigulik hech narsa yoʻq-da.

– Lekin men bilmoqchi boʻlganim, ustozimdek kun kechira olish uchun moddiy ahvol qay darajada boʻlishi kerak? Uyga borib otam bilan gaplashganimda, buni eʼtiborga olib qoʻyardim-da.

Ustozim hovli tomonga qaragancha, tamaki tortardi.

– Mening moddiy ahvolim turmush oʻrtogʻimning yordamiga bogʻliq. aytarli hech vaqomiz yoʻq. Lekin mana, shu paytgacha eru xotin qoʻsh hoʻkiz boʻlib yashab kelmoqdamiz. Siz, yaxshisi, bu gaplarni qoʻyib, bundan keyin nima bilandir jiddiy shugʻullaning. Ustozingizga oʻxshab bekorchi boʻlib qolmang.

– Men bekorchi emasman, – ustozim xotinining gapiga eʼtiroz bildirib, unga qarab qoʻydi.

 

XXVII

 

Oʻsha oqshom kechki oʻnlardan oshganda ustozimning uyidan chiqdim. Ikki-uch kundan keyin uyimga, qishlogʻimga qaytadigan boʻldim va xayrlashish uchun ustoznikiga bordim.

– Ancha vaqt koʻrishmasak kerak.

– Sentyabr oyida yana qaytasan, shunday emasmi?

Institutni bitirgandim, sentyabr oyida qaytib kelishim shart emas edi. Men uchun ish topish qanchalik muhim boʻlmasin, avgust oyining issiq kunlarida Tokiogacha kelib ketish menga malol kelardi endi.

– Ha, menimcha, sentyabr oylarida koʻrishsak kerak.

– Unday boʻlsa, oʻzingni ehtiyot qil. Biz ham yozda biror yerga ketishimiz mumkin. Bu yoz juda issiq keladiganga oʻxshaydi. Biror joyga ketadigan boʻlsak, senga esdalik uchun suratli maktub joʻnatarmiz.

– Agar boradigan boʻlsangiz, qayerni moʻljallayapsiz?

Ustozim kulib qoʻydi.

– Borish-bormasligimiz hali aniq emas, bu shunchaki bir fikr.

Oʻrnimdan turmoqchi boʻlgandim, ustozim menga yuzlanib dedi:

– Otangning ahvoli qalay?

Otamning kasalini tuzukroq bilmaganim bois, uning ahvoli qandayligidan ham bexabar edim. Hech qanday xat-xabar kelmagani uchun ahvoli yomon boʻlmasa kerak, deb oʻzimcha oʻylab yurardim.

– Kasallikka bunchalik beparvo qarab boʻlmaydi, agar peshob ajralishi ogʻir boʻlsa, bu yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi.

Men “peshob ajralishi ogʻir boʻlsa” degan iboraning maʼnosini umuman tushunmadim. Qishki taʼtilda qishloqda shifokor bilan uchrashganimda ham u soʻzlarimni eshitmaganga olgandi.

– Otangga yaxshi qarang, uni asrang, – dedi beka. – Agar zahar bosh miyagacha yetib borsa, oʻlimga olib keladi. Bu hazilakam gap emas.

Bu borada mutlaqo tasavvurga ega boʻlmaganim uchun kulimsirab turaverdim.

– Baribir bedavo dard ekan, shuning uchun qancha gʻamxoʻrlik qilinsa ham, foydasi yoʻq. Shunday ekan…

– Shunday deysiz-u, lekin nima boʻlganda ham…

Uning onasi ham aynan shu kasallik tufayli vafot etgani uchunmi yo onasi birdan yodiga tushib ketdimi, beka biroz maʼyus tortib, yerga termulib qoldi. Shunda men ham otamning kasalini oʻylab, koʻnglimga gʻulgʻula tushdi, otamga juda achinib ketdim.

Birdan ustozim xotini tomon yuzlanib dedi:

– Shidzu, sen mendan avval oʻlasanmi?

– Nega bunday deyapsiz?

– Shunchaki soʻradim-da. Yoki men sendan avval u dunyoga ravona boʻlarmikinman-a? Koʻpincha eri xotinidan avval bu dunyodan koʻz yumadi.

– Bu mutlaqo asossiz gap. Erkaklar xotinlaridan ozgina boʻlsa ham yoshi katta boʻladi, balki shu sababdandir.

– Bundan chiqdi, men ham sendan avval u dunyoga ravona boʻlishim kerak ekan-da?

– Siz bundan mustasnosiz.

– Nima uchun?

– Chunki siz – sogʻlom odamsiz. Hali shu vaqtgacha biror joyingiz ogʻrimagan. Shuning uchun avval men ketsam kerak!

– Sen? Nega sen avval ketarkansan?

– Ha, meni aytdi, dersiz.

Ustozim menga qarab kulib qoʻydi.

– Agar men sendan avval ketsam, keyin sen nima qilasan? – ustozim xotinidan soʻradi.

– Nima ham qilardim?..

Xotini shundan boshqa hech nima deya olmadi. Ustozimning oʻlim haqidagi bu gapi xotiniga ogʻir botdi, shekilli, koʻzlari namlangandek boʻldi. Ammo yerdan koʻzini olganida, ancha oʻziga kelib qolgandi.

– Nima ham qilardim? Iloj qancha… Biz xohlaymizmi, yoʻqmi, yillar, oylar, kunlar va, albatta, bizning yoshimiz ham oʻtib boraveradi.

U hazilomuz ohangda shunday deb, men tomonga qarab qoʻydi.

 

XXVIII

 

Ketishga shaylanib turganimda yana qaytib oʻrindiqqa oʻtirdim va er-xotinning suhbati tugashini kutdim.

– Sen-chi, nima deb oʻylaysan? – deb ustozim mendan soʻradi.

Ustozimmi yoki uning xotinimi, qay biri avval bu dunyoni tark etishi menga qorongʻu edi. Men faqat kulimsirab qarab turardim.

– Menga ham qorongʻu, qancha umr koʻrishimiz, bu bizlarga bogʻliq emas, mana erimning ota-onasi deyarli bir vaqtda vafot etishgan.

– Ikkalasi ham bir kundami? – soʻradim men.

– Bir kunda emas-ku, lekin ketma-ket ketishdi.

Bu haqida avvallari eshitmagan ekanman, men uchun bu yangilik edi. Chunonchi hayron boʻldim.

– Nega aynan bir vaqtda vafot etishgan?

Beka savolimga javob berishga ogʻiz juftlagan edi hamki, ustozim uni toʻxtatdi.

– Bunday gaplarni bas qilaylik!.. Ensani qotirishdan boshqaga yaramaydi.

Ustozim qoʻlidagi yelpigʻich bilan yelpinib, xotiniga dedi:

– Shidzu, mening vafotimdan soʻng bu uy butunlay seniki boʻladi.

Xotini kulib:

– Balki, yerni ham berarsiz? – dedi hazilomuz.

– Yer birovniki. Ammo menga qarashli hamma narsa senga qoladi!

– Juda minnatdorman, lekin yon tomoniga zarhal harflar bosilgan bu kitoblarni men nima qilaman?

– Eski kitob doʻkoniga sotasan.

– Ular bu narsalarni qanchaga olishardi?..

Ustozim javob bermadi. Ammo uning oʻlim haqidagi oʻy-fikrlari hali ham tugamagandi. Uning bu kabi savol-javoblaridan albatta xotinidan oldin oʻlishini istayotganini taxmin qilsa boʻlardi. Avvaliga bu holatga hazil deb qaragan xotinining qalbiga ozor berib qoʻyishidan bexabar edi.

– “Men oʻlsam”, “men oʻlsam”, deb necha marta qaytardingiz-a! Nima boʻlishini hali hech kim bilamaydi. Buni kelajak koʻrsatadi. Shuning uchun bu bemaʼni gaplaringizni bas qiling! Bu xursand boʻladigan narsa emas! Yaxshi, siz oʻlsangiz, hammasini siz aytganingizdek qilaman. Shunday qilsam, koʻnglingiz joyiga tushdimi?

Ustozim hovli tomonga qarab kuldi. Lekin shundan soʻng oʻlim haqida boshqa ogʻiz ochmadi. Men ham ancha oʻtirib qolganim uchun, ketishga otlandim. Ustozim xotini bilan meni eshik oldigacha kuzatib chiqdi.

– Otangiz sogʻayib ketsinlar, – dedi xotini.

– Xayr, sentyabrgacha, – dedi ustozim.

Ular bilan xayrlashib tashqariga chiqdim. Yoʻlak va darvoza oraligʻida keksa, ulkan bir daraxt bor edi. Shunchalik katta edi-ki, tagida tursangiz, atrof qorongʻudek tuyulardi. Ikki-uch qadam tashlab, barglar orasida nimsariq tusga kirganlarini koʻrdim va dimogʻimga kuz nafasi urilgandek boʻldi. Shunda men bu bahaybat daraxtning kuz faslidagi manzarasini koʻz oldimga keltirdim. Ustozim esimga tushishi bilan uning uyi va mana shu ulkan daraxt koʻz oʻngimda paydo boʻlardi. Shunday xayollarga gʻarq boʻlib turganimda, dahliz chirogʻi “lip” etib oʻchdi. Ustozim va xotini ichkariga kirib ketganga oʻxshadi. Men esa bir oʻzim qorongʻuda yoʻlga tushdim.

Toʻgʻri uyimga qaytmadim. Qishloqqa ketgunimga qadar xarid qilishim kerak boʻlgan narsalar bor, bundan tashqari, mehmondorchilikdan keyin ozgina sayr qilmasam boʻlmasdi. Shundan soʻng men, shovqin shahar tomon yurdim. Shaharda kechki hayot boshlangan, bekorchi qiz-yigitlar aylanib yurishardi. Oʻsha kuni men bilan birga institutni tamomlaganlardan bir nechasini uchratdim. Ulardan biri qoʻyarda qoʻymay, meni mayxonaga olib kirdi. U yerda pivo ichib, uning safsatasini tinglab oʻtirishimga toʻgʻri keldi.

Yotogʻimga qaytganimda vaqt oʻn ikkilardan oshgandi.

 

 

XXIX

 

Ertasiga kun issiq boʻlishiga qaramay, soʻralgan mayda-chuydani xarid qilgani yoʻlga chiqdim. Oldingi safar uydan xat olganimda hech nima sezmagandim, lekin xarid qila turib, xavotirlana boshladim. Elektropoyezdda terlab ketar ekanman, tashvishlari boshlaridan oshib-toshib yotgan shahar aholisi haqida oʻylab ketdim.

Bu yozni bekorchilikda oʻtkazmoqchi emasdim. Qishloqqa qaytganimdan keyin oʻzimcha qiladigan ishlarim rejasini tuzib chiqdim. Buni amalga oshirish uchun kerakli oʻquv qurollarini sotib olishim lozim edi. Yarim kunimni “Maruzen” kitob doʻkonining ikkinchi qavatida oʻtkazdim. Oʻzimning mutaxassisligim boʻyicha mukammal yozilgan kitoblarni birma-bir koʻzdan kechirib chiqdim.

Xarid paytida meni qiynab qoʻygan narsa – ayollar koʻylagiga iladigan tayyor yoqa boʻldi. Tikuvchiga buyurtma bersangiz-ku, xohlaganingizni tikib berardi. Doʻkonda esa qay birini tanlashni bilmay boshim qotib qoldi. Buning ustiga narxlari ham har xil ekan. Mana bu arzonga oʻxshaydi deb soʻrab koʻrsam, qimmat boʻlib chiqar, qimmat boʻlsa kerak, deb oʻylaganim, aksincha, arzon boʻlib chiqardi. Ularni qancha solishtirsam ham, nima uchun narxi bunchalik farq qilishini tushunmasdim. Qanday sovgʻa olish haqida ustozimning xotinidan maslahat soʻrab koʻrmaganimga achindim.

Oʻzimga bir jomadon sotib oldim. Yaponiyaning asil terisi emasdi-ku, lekin maʼdandan qilingan bezaklari yalt-yult qilardi. Buni qishloqdagilar koʻrganida havasi kelishiga ishondim. Jomadon olishimni onam xohlagandi. U oʻz xatida oʻqishni tugatishim bilanoq jomadon sotib olishim va uni toʻldirib qishloqqa sovgʻa-salom olib kelishim kerakligini yozgan edi. Onamning oʻsha xatini oʻqiganimda, rosa kulgandim. Uning nima uchun bunday deganini bilmadim-u, ammo bu menga haqiqatdan ham kulgili tuyulgan edi.

Ustozimnikidan xayrlashib chiqqanimdan keyin oradan uch kun oʻtib, poyezdda Tokiodan qishlogʻimga yoʻl oldim. Butun qish davomida ustozim otamning kasalligi haqida gapiraverib, meni qattiq xavotirga solib qoʻygan edi. Otam bu dunyodan koʻz yumsa, onamning ahvolini tasavvur qilib, unga ichim achib ketar, buning qanchalik baxtsiz voqea ekanligini koʻz oldimga keltirar edim. Qalbimning allaqayeridadir otam tuzalib ketmasa kerak, degan ogʻriq turardi. Bu haqda Kyusyu orolida yashovchi akamga xat ham yozgandim. “Bir ilojini qilib ishingizdan ruxsat oling-da, yozda qishloqqa, otamni koʻrishga boring”, deb aytgandim xatda. Unga ota-onamiz qishloqda yolgʻiz qolib ketgani, biz farzandlar esa har qayoqda oʻz ishimiz bilan band boʻlib, ulardan xabar ololmayotganimizni ham yozgandim. Bu gaplarni yuragimning tub-tubidan ularning holini his qilgan holda yozgan edim. Biroq ushbu jumlalarni yozayotganda qalbimda kechayotgan bezovta hislar avvalgilarga oʻxshamasdi.

Poyezdda ketayotib shular haqida oʻylab borardim. Shunda oʻzimning naqadar beqaror tabiatli odam ekanimni angladim. Shu on yana ustozimning xotini aytgan soʻzlar yodimga tushdi. Ikki-uch kun avval kechki ovqat ustidagi suhbatni esladim.

“Qay birimiz oldin oʻlar ekanmiz-a?..”

Bu savolni oʻzimga berib koʻrdim. Shunga amin boʻldimki, bunga hech kim toʻliq ishonch bilan javob bera olmaydi. Biroq agar ikkisidan qay biri oldin oʻlishini aniq bilsa, ustozim nima qilgan boʻlar edi? Uning xotini-chi? Nima ham qilardi, qoʻlidan hech narsa kelmaydi-ku. (Otamning oʻlimi yaqinligini bilsam-da, mening ham qoʻlimdan hech nima kelmayotgani kabi). Men odamzodga achindim. Axir insonlar oʻz hayoti qanday boʻlishini bilmay tugʻiladi-da…

 

IKKINCHI BOB

 

Ota-onam va men

 

I

 

Qishloqqa qaytib kelgach, otamning ahvolini koʻrib, xafa boʻlib ketdim. Chunki oxirgi marotaba koʻrganimga nisbatan sogʻligʻida deyarli oʻzgarish sezilmasdi.

– Keldingmi, bolam? Oʻqishingni bitirdingmi? Balli! Oʻtira tur, men bundoq yuz-qoʻlimni chayib olay.

Otam bogʻda qandaydir yumushlar bilan mashgʻul edi. Boshida eski shlyapasining orqasiga oftob tegmasligi uchun yupqalashib suzilib ketgan roʻmolchasini tangʻib oldi-da, uy orqasidagi quduq tomon yoʻl oldi.

Oliygohni bitirish – har bir odam uchun oddiy hol deb oʻylardim men, otamning hammadan koʻproq quvonganini koʻrib, oʻzim ham suyunib ketdim.

– Oʻqishni bitirganing juda yaxshi boʻlibdi-da.

Otam bu soʻzlarni bir necha bor takrorladi.

Ushbu holatni men oʻzimcha bitiruv marosimidan soʻng ustozimning uyidagi manzara bilan qiyosladim. Ustozim quvonchdan chehrasi ochilib, menga “Tabriklayman” deb aytgan edi. Ustozim mening kelajagimga katta umid bilan boqardi. Otam esa bu voqeadan bolalardek xursand boʻlardi, xolos. Uning bu soddaligi menga qoloqlik belgisiday tuyulib, gʻashimni keltirardi.

– Oʻqishni tugatganimning hech ham taajjublanarli joyi yoʻq. Har yili minglab odamlar bitiradi, – dedim men. Shunda otamning nigohida gʻalati oʻzgarish roʻy berdi.

– Ha, albatta, oʻqishni tugatganing yaxshi ish boʻlibdi, ammo men boshqa narsaga xursand edim, koshki, sen shuni anglay olsang…

Men otamni soʻroqqa tutdim, u gapirishni xohlamasdi, ammo keyin dedi:

– Yaxshi deganimning maʼnosi shundaki, mazam yoʻqligini bilasan. Oʻtgan yil qishda uchrashganimizda, uch-toʻrt oygina umrim qolgan deb oʻylagandim. Lekin bir baxtli tasodif tufayli bugunga qadar tirikman. Hali oʻtirishga, harakatlanishga kuchim yetadi, sen ham universitetni tugatding, men shunga xursandman. Nahotki, ota-onaning sevimli farzandi u tirikligida oʻqishni tugatsa-yu, ota-ona xursand boʻlmasa, sening baland dunyoqarashingga koʻra universitetni tugatish oddiy hol, albatta. Senga hadeb, “yaxshi, yaxshi” deyaverganim ham yoqmayapti, ammo bu narsaga mening koʻzim bilan boq. Biz bilan sen boshqa-boshqa odamlarmiz. Oʻqishni bitirganingdan sendan koʻra men koʻproq suyundim. Tushungandirsan?

Men hech nima deb javob bera olmadim. Qalbimning tub-tubigacha vijdon azobida qiynalib, boshimni quyi solib turaverdim. Demak, otamning befarqligi tagida oʻlim sharpasi sezilib turgan ekan-da, u men oʻqishni tugatgunimga qadar oʻlib qolishiga ishonib yurgan ekan-da…

Oʻqishni bitirishim otamning qalbiga qanday taʼsir qilishini anglolmaganim uchun, oʻzimni gʻirt omi his etdim. Jomadonimdan asta diplomimni olib, ota-onamga koʻrsatdim.

Jomadonning ichida diplom ozgina ezilib qolibdi, shekilli, otam uni avaylabgina silab tekisladi.

– Bunaqa narsani naycha qilib oʻrab, qoʻlda olib yurish kerak.

– Biror qattiq jildga joylab olsang ham boʻlardi-ku, – deb onam ham qoʻshimcha qildi.

Otam diplomimni biroz tomosha qildi-da, soʻng tokcha yoniga kelib, uni hammaning koʻzi tushadigan joyga qoʻyib qoʻydi. Boshqa payt boʻlganida bundan qattiq jahlim chiqqan boʻlardi. Ammo hozir mutlaqo boshqa kayfiyatda edim. Ota-onamga qarshi biron-bir fikr aytishni xohlamasdim. Men jim boʻlib, otamni oʻz holiga qoʻyib qoʻydim. Mayli, xohlaganini qilsin. Diplomning qalin varagʻi esa otam qancha toʻgʻrilamasin, yana avvalgi holatiga kelib qolardi.

 

II

 

Men onamni bir chetga chaqirib, otamning kasali haqida surishtira boshladim.

– Umuman olganda u oʻzini yomon his etmayapti, – dedi onam.

Onam oʻzini vazmin tutmoqda edi. U shaxarlik ayollardan farqli oʻlaroq dala va togʻlar etagida yashovchilar qatorida bunaqa narsalar oldida noʻnoqroq edi. Oʻtgan safar otam hushini yoʻqotganida uning qoʻrqqanini koʻrib, kapalagim uchib ketgan edi.

– Axir shifokorlar bu juda xavfli narsa deyishmaganmidi?

– Odam organizmi hayratlanarli darajada murakkab narsa – doktor oʻshanda bizlarni ogohlantirgandi, ammo mana, otang hozirgacha hech nima boʻlmaganday yuribdi. Boshida otang juda xavotir olib, kamroq harakat qilishga urindi. Ammo sen uning feʼlini yaxshi bilasan – u sogʻligʻini ham oʻylaydi, oʻziga yetguncha oʻjar ham. Agar u biron ishni maʼqul koʻrdimi, uni bajarmaguncha tinchimaydi.

Oʻtgan safar uyga kelganimda otamning tezda toʻshakni yigʻishtirib, soqol olgani yodimga tushdi.

– Endi men sogʻman! Onang esa meni senga boplab gapirgandir.

Shu soʻzlarni eslaganimda, “Hech boʻlmaganda orqavorotdan uni kuzatish kerak”, degim kelardi, ammo men uyalib jim turardim. Ustozim va uning xotinidan ushbu kasal haqida eshitganlarimni onamga aytib berarkanman, ular oʻz havotirlarini bildirmaslikka harakat qilayotganlarini sezib qoldim.

– Demak, xuddi shunaqa kasal ekan-da, esiz, u necha yoshda vafot etibdi? – soʻradi ota-onam.

Maʼyus holda otamga qaradim, soʻzlarim onamdan koʻra otamga koʻproq taʼsir qilgan edi.

– Sen haqsan, axir mening organizmim bu faqat meniki va uni qanday parvarish qilishni hammadan koʻra oʻzim yaxshiroq bilaman. – Buni eshitgan onam kinoyaomuz tirjayib qoʻydi.

– Oʻzingiz bilasiz! – dedi u nochor.

– Demak, otam oʻlimiga tayyorlanib yurgan ekanlar-da, shuning uchun oʻqishni bitirib kelganimdan xursand boʻlgan ekanlar. Buni uning oʻzi aytdi.

– Bu quruq gap. Oʻzining sogʻligʻini oʻzi yaxshi biladi.

– Ona, siz oʻylayapsizki…

– U yana oʻn besh-yigirma yil yashayman deb taxmin qilmoqda, goho ichidagi dardini yorib, bunday deydi: “Umrim oxirlab borayapti, vafotimdan keyin nima qilasan, bu uyda bir oʻzing yashayverasanmi?”

Men darhol xayolan bu katta qishloq uyida onamning yakka oʻzi yashashini, otamning yoʻqligini tasavvur qildim.

Akam nima qilgan boʻlar edi? Onam nima qiladi? Men-chi? Bu yerlarni tashlab ketib, Tokioda emin-erkin yashay olamanmi? Shu on ustozimning “otang tirikligida oʻz ulushingni ol”, degan oʻgitlari yodimga tushdi.

– Oʻlaman, oʻlaman deganlar aslida oʻlmaydi, boshqalardan koʻproq yashaydi! Kimki indamay yurib oʻzini sogʻlomday tutsa, oʻshaning ishi ogʻirroq.

Bu omadi gaplarga jim quloq solib turdim. Ammo, bu omadi gapmi yoki ular qaysidir hisob-kitoblardan kelib chiqayotibdimi, deb oʻylab qoldim.

 

III…

 

Onam va otam gap orasida “qizil guruch” tayyorlab, mehmon chaqirish haqida ogʻiz ochishdi. Kelganimdan buyon shu kun boʻlishini bilib va bundan juda qoʻrqib yurgandim. Shunda men bunday dedim:

– Dabdabaning keragi yoʻq! Men bu qishloq odamlarini yoqtirmayman. Chunki ular boʻlar-boʻlmasga xursand boʻlaverishadi, sababi: ularning maqsadi faqat yeb-ichish, xolos.

Men yoshligimdanoq bunday yigʻilishlarda qatnashishni yoqtirmas edim. Ularning men tufayli yigʻilib kelishi menga qanchalik ogʻir boʻlishini tasavvur qilayotgandim. Ammo ota-onamga, ularni chaqirmanglar deb aytishga oʻzimda kuch topa olmadim. Shuning uchun “Dabdabaning keragi yoʻq” deya oldim, xolos.

– Qanaqa dabdabani aytayapsan, bu yerda deyarli hech narsa yoʻq, bunday voqea hayotda bir marta boʻladi. Mehmon chaqirish – bu azaldan qolgan udum-ku. Ziqnalik qilma.

Onam oʻqishni bitirganimga xuddi uylanish masalasiga qaragandek qaramoqda edi.

– Chaqirmasak ham boʻlardi, ammo keyin xafa boʻlishadi-da. Koʻzday qoʻshnilar.

Bu otamning soʻzlari edi. U odamlarning gap-soʻz qilishidan xavotirda edi.

Haqiqatan ham bu odamlar hech narsadan tap tortmasdi, biron narsa koʻngillaridagidek boʻlmasa, darrov gap-soʻz qilib yuborishadi.

– Bu senga Tokio emas! Qishloq xalqi injiq boʻladi, – dedi otam.

– Noqulay boʻladi-da, – otamning tarafini oldi onam. Men ham ortiq oyoq tirolmadim, chunki ular baribir oʻz bilganidan qolmasdilar.

– Men uchun boʻlsa, keragi yoʻq, demoqchi edim, xolos, agar odamlarning gap-soʻzlari uchun boʻlsa – bu, albatta, boshqa masala. Men ham oilamizga zarar keltiradigan narsalarga qarshiman, – itoatkorona dedim men.

– Sen oʻzingning mulohazalaring bilan bizni noqulay ahvolga solyapsan. – Otamning qarashidan noroziligi bilinib turardi.

– Otang sen uchun qilayapman deganlari yoʻq, ammo oʻzing yaxshi bilasan, bizning boshqalar oldida majburiyatlarimiz bor.

– Maʼlumotli odam bilan tortishib boʻlarmidi? – deb qoʻydi.

Otam boshqa hech narsa demadi. Ammo shu soʻzlarining oʻzidayoq uning mendan noroziligini sezdim. Oʻsha daqiqalarda soʻzlarim otamga qattiq botadi deb oʻylamabman ham, xayolimni faqat otamning urinishlari behuda degan oʻy qamrab olgan edi.

Ushbu kecha otamning kayfiyati oʻzgardi. Mehmonlarni ham mening vaqtimga qarab chaqiradigan boʻlishdi. Bu otamning menga yon bosayotganidan darak edi. Chunki men bu eski uyda bekorchilikdan zerikib yotgan bir befarq odam boʻlib, ular mening vaqtim borasida maslahatlashayotgan edilar. Oxiri mehmonlarni taklif qilish kunini belgiladik. Ushbu kunlar arafasida imperator Meyji betob boʻlib qolgani haqida xabar keldi. Gazetalar ushbu xabarni butun Yaponiya boʻylab tarqatib yuborishdi. Bu xabar bizning qishloqdagi kulbamizga ham kirib kelib, mening oʻqishni bitirishimga bagʻishlangan kechaga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmadi.

Gazetani oʻqib turgan otam ham koʻzoynagi ustidan qarab:

– Endi bu yogʻi qandoq boʻldi, har holda noqulay-ku, – deb qoldilar. Otamning sukut saqlaganidan oʻz kasalligi haqida oʻylab qolgani yaqqol sezilib turardi. Shunda imperatorning Universitet bitiruv kechasiga kelgani bir-bir koʻz oldimdan oʻtdi.

 

XVII

 

Bugun otamning ahvoli ogʻir edi. Oʻrnimdan turib oʻz xonamga chiqar ekanman, dahlizda akamga duch keldim. Shunda u menga jiddiy ohangda:

– Qayerga ketayapsan? Uning ahvoli har doimgidan ogʻir. Shuning uchun uning yonidan ketmay turganing maʼqul, – dedi.

Men otam yotgan xonaga qaytdim. Otam koʻzini ochib, onamdan atrofdagilarning ismini soʻrar edi. Onam hammaning ismini aytar, otam esa boshini qimirlatib qoʻyar edi. Agar u bunday qilmasa, onam baland ovozda ismni yana takrorlar edi.

– Hammangizga rahmat, barchasi uchun! – otam shunday deya hushidan ketdilar.

Hamma uni jim kuzatib turar edi. Shu top oʻtirganlardan biri oʻrnidan turib, tashqariga chiqdi, keyin ikkinchisi. Soʻng men ham chiqib, oʻz xonamga bordim. Men bemorning oldidaligimda xatni ochib oʻqimoqchi edim. Ammo u shunday qalin ediki, birdaniga uning hammasini oʻqib tugatib boʻlmas edi. Buning uchun men alohida vaqt topishim kerak edi. Xatjild ustidagi qogʻozni yirtib tashladim. Ichida yana bir qogʻoz bor edi. U qoʻlyozma uchun moʻljallangan edi. Bunday joylashtirish uchun u toʻrt buklab solingandi. Orqa tarafidan oppoq qogʻoz qoʻyib, oʻqish uchun oʻzimga qulaylik yaratdim. Qogʻozlar shunchalik koʻp ediki, xatning oʻzini oʻqishdanoq koʻp narsadan voqif boʻlish fikri koʻnglimdan oʻtdi. Shunda men yuragimga gʻulgʻula tushib, kasalning xonasida sodir boʻladigan narsalarni his qila boshladim. Xatni oʻqib tugatmasimdan otamga bir nima boʻlishiga ishonchim komil edi. Meni darhol chaqirib olishlariga shubha yoʻq edi. Shuning uchun men shoshilinch tarzda xatning birinchi ustunini oʻqib chiqdim. Unda bunday deyilgan edi. “Siz mendan oʻtmishim haqida soʻraganingizda, men bunga javob berishga oʻzimda jurʼat topa olmadim. Endi esa sizga bu haqida ochiq-oydin ayta olishimga ishonaman. Sizning Tokioga kelishingizni kutsam, men oʻz erkimdan mosuvo boʻlaman. Men xat yozish imkoniyatidan foydalanib, sizni oʻtmishimdan voqif qilishim mumkin. Sizga oʻshanda qatʼiy vaʼda berganim yolgʻon. Sizga istamay yozayotgan bu gaplarni oʻzingizga yuzma-yuz turib aytishim kerak edi”. Shu yergacha oʻqib boʻlgach, men shunday holatda edimki, bu uzun xatdan uning nima demoqchi boʻlayotganini anglash mumkin edi. Binobarin, xat avval-boshdanoq menga ish joyi topish haqida emasligini bilgan edim. “Nima uchun u qoʻliga qalam olib, oʻzining oʻtmishi haqida menga uzundan-uzoq xat yozdi? Nima uchun u meni Tokioga kelishimni kutmadi? “Men erkinlikka, ozodlikka erishdim, shuning uchun ham soʻzlab beraman. Bu ozodlik men uchun asrlarga yoʻqotiladi…” Men dilimda bu soʻzlarni qaytarar ekanman, uning maʼnosini tushunishni istar edim. Birdan yuragim hapriqib ketdi. Men xatning davomini oʻqishga kirishdim. Shu dam otamning xonasidan akamning baland ovozda meni chaqirayotgani eshitildi. Qoʻrqqanimdan oʻrnimdan sakrab turdim. Yugurib xonaga kirdim, u yerda hamma jamul-jam edi. Ushbu daqiqalar otam hayotining oxirgi damlari edi.

 

XVIII

 

Shu asno xonaga doktor ham kirib keldi. Bemorga yengil boʻlishi uchun muolaja qildi, oqshom otamga navbatchilikda qolgan odam hordiq olgani qoʻshni xonaga oʻtdi. Akam esankiraganidan meni koʻrib dedi:

– Qarashib yubor, iltimos.

Shunday dedi-da, u oʻtirib qoldi. Men esa u bilan navbat almashib, otamga qaray boshladim. Otam biroz yengillashdi. Doktor chamasi yarim soatlar otamning yonida turdi va yana kelishga vaʼda berib, ketdi. Keta turib, agar biron kor-hol boʻlsa, xohlagan vaqtda uni chaqirishimiz mumkinligini aytdi. Men esa yana xonamga, ustozim xatining davomini oʻqishga qaytmoqchi edim. Lekin yuragim bunday qilishimga yoʻl bermayotgan edi. Stolimga oʻtirmasimdan, akam yana baland ovozda meni chaqirib qolsa-ya, degan hadikda edim.

Otam sal tinchlangandek edi. Engashib undan soʻradim:

– Qandaysiz? Muolajadan soʻng sal yengil tortdingizmi?

Otam boshini qimirlatib qoʻydi. Uning ahvoli maʼlum edi. Men yana oʻz xonamga qaytdim. U yerda poyezdlar jadvali va soatga qaradim. Oʻrnimdan turib, ustozimning xatini choʻntagimga soldim. Soʻng orqa eshikdan tashqariga chiqdim. Oʻzim bilmagan holda doktor oldiga yugurdim. Men undan otam yana ikki-uch kun yashay olarmikin, deb soʻramoqchi edim. Men otamni qanday boʻlmasin dori-darmon bilan yana ozroq ushlab turishni xohlardim. Baxtga qarshi doktor uyda yoʻq edi. Uni kutishga esa vaqtim yoʻq edi. Yuragim hovliqqandan-hovliqardi. Bekat tomon uchdim. Bekat devoriga suyangancha bir parcha qogʻozga akam va onamga maktub yozdim. Maktub qisqagina edi, ammo ogohlantirmasdan ketish bundan ham yomon edi. Men bir tanishimdan uni uyimga eltib berishini iltimos qildim. Soʻng Tokio poyezdi tomon otildim. Uchinchi toifa vagonidan joy oldim va ustozimning xatini qoʻlimga olib, boshidan oxirgacha oʻqib chiqdim…

 

 

UCHINCHI BOB

 

Ustozimning maktubi

 

I

 

Shu yozda men sizdan ikki yoki uchta xat oldim. Men juda yaxshi eslayman, ulardan ikkinchisi yoki uchinchisida, Tokioda oʻzingizga mos joy topishni istayotgan va shu bois sizga yordam berishimni iltimos qilgansiz. Xatingizni oʻqib jim turolmadim. Hech boʻlmaganda sizga javob yozishim kerak deb oʻyladim. Lekin ochigʻini aytaman: sizning topshirigʻingizni bajo keltirish uchun hech narsa qilmadim. Oʻzingizga maʼlumki, tanishlarim doirasi juda cheklangan, bundan tashqari, dunyoda yolgʻiz yashaganim uchun sizga yordam berishimning hecham imkoni yoʻq. Lekin gap bunda emas. Toʻgʻrisi, bu vaqtda oʻzimni nima qilsam ekan, deb oʻylab rosa iztirob chekdim. Odamlar orasiga tushib qolgan afsonaviy maxluq kabi yashayversammikan yoki… Dilimda “yoki-yoki”larning koʻpligidan shunday damlarda, bor kuchi bilan yugurib kelayotganda jarlikka duch kelgan va uning koʻz ilgʻamas tubiga qaragan odam kabi yuragim hapriqib ketardi. Men koʻngilchan odamman. Shu bois boshim tashvishlardan chiqmasdi. Mubolagʻasiz aytish mumkinki, siz men uchun deyarli yoʻq edingiz. Bundan tashqari, sizning oʻrningiz, yashashingiz uchun vosita manbalari men uchun hech qanday ahamiyatga ega emas edi. Men uchun bularning barchasi befarq edi. Men bu borada gʻam chekmaganman. Xatingizni tortmaga solib, men ilgarigidek oʻz xayollarim bilan boʻlib, qoʻl qovushtirib oʻtiraverdim. Uyida ozmi-koʻpmi qoʻr-quti boʻlgan odam nimadan tashvish qilardi? Bunday hissiyot bilan men sizni bir lahzagina esga oldim. Bularning barchasini sizga uzr sifatida aytmoqdaman, chunki sizga javob yozishim kerak edi. Men mutlaqo jahlingizni chiqarish uchun soʻz oʻyini qilayotganim yoʻq. Ishonamanki, keyingi satrlarni oʻqiganingizda fikrim sizga ayon boʻladi. Nima boʻlganda ham, biror narsa deb javob qaytarish kerak boʻlgan chogʻda, mendan sado chiqmadi, shuning uchun men endi sizdan kechirim soʻrayman. Shundan soʻng koʻp oʻtmay sizga telegramma yoʻlladim. Ochigʻini aytsam, oʻshanda sizni koʻrgim keldi. Oʻzingiz istaganingizdek sizga oʻz oʻtmishimni soʻzlab bergim keldi. Siz shu onda Tokioga kelolmasligingizni telegrammada bayon etdingiz va men umidlarim puchga chiqib telegrammaga uzoq tikilib qoldim. Chamasi telegrammaga qanoat qilmay, siz menga uzundan-uzun xat yoʻlladingiz. Bu xatdan sizning Tokioga kelishingizga xalal berayotgan vaziyatni angladim. Men sizni eʼtiborsizlikda ayblay olmasdim. Uyingizni, betob otangizni qanday qilib tashlab keta olardingiz? Yoʻq, mening harakatlarim, – gap otangizning hayot-mamoti ustida ketayotganini unutgan mening xatti-harakatlarim nooʻrin edi. Lekin men sizga telegrammani yoʻllayotgan daqiqalarda men haqiqatdan ham otangizni unutgan edim. Tokioda “kasallik ogʻir, unga yaxshilab qarang!” deb oʻzingiz menga tayinlagan edingiz-ku. Ha, men shunday ikki feʼl odamman. Balki bu mening miyam emas, oʻtmishimdir – meni shunday ikki feʼl odamga aylantirgan oʻtmishimdir.

Sizning soʻnggi xatingizni oʻqiganimda, yaxshi ish tutmaganimni angladim. Shu maʼnoda sizga javob yoʻllash maqsadida qoʻlimga qalam oldim, ammo bir satr ham yozmay, shundayligicha qoldirdim. Yozish kerak boʻlsa mana shu xatni yozishim kerak edi, lekin buni yozishga hali fursat kelmagandi, shu bois hech narsa yozmadim, aynan shuning uchun sizga ikkinchi qisqa telegrammamni yoʻlladim.

 

II

 

Shundan soʻng mazkur xatni yoza boshladim. Yozishga koʻnikmaganim uchun juda qiynaldim, chunki na dalillar, na fikrlarim qovushardi. Sal boʻlmasa oldingizdagi burchimdan voz kechardim. Biroq yozishni bas qilaman deb harchand urinmay, bu qoʻlimdan kelmadi. Oradan biror soat oʻtmay yana yozishga kirishar edim. Ehtimol, sizga men oʻz burchini bajaradigan odam boʻlib koʻrinarman. Men buni inkor etmayman. Sizga maʼlumki, men tashqi olamdan uzilgan holda, oʻz holimcha yashaydigan odamman; shu bois qayerga qaramay, burch deb atashga arzigulik hech narsa koʻrmayman. Notoʻgʻri eʼtiqod boʻyichami yoki taqdir taqozosi bilanmi, har holda men oʻzgalardan ajralgan holda yashashga harakat qildim.

Men burchimga befarq boʻlganimdan bunday boʻlmadi. Koʻproq uning zarbalariga dosh berolmaganimdan shunday boʻldi – oʻzingiz koʻrganingizdek, kunlarimni bemaʼni oʻtkazardim. Shu bois vaʼda berilgan ekan, uni bajarmasligim noqulay boʻlardi. Sizga nisbatan bunday noqulay hissiyotlarga berilmaslik maqsadida men yana qoʻlimga qalam oldim.

Bundan tashqari oʻzi yozgim keldi. Burch oʻz yoʻliga – lekin men oʻz oʻtmishimni taʼriflagim keldi. Chunki sizning qalbingiz jiddiy. Siz menga inson hayotidan jonli saboq olishni istaganingizni aytdingiz.

Men hech ikkilanmay sizning gardaningizga inson mavjudligining zulmatli soyasini yuklayman. Ammo choʻchimang. Bu zulmatga diqqat bilan nazar tashlang va sizga naf keltiradigan narsalarni oling. Men zulmat deb atagan narsa albatta odob-axloq maʼnosidagi zulmat. Men dunyoga odob-axloq timsolida kelgan insonman. Men axloqan tarbiyalangan insonman. Mening odob-axloq borasidagi eʼtiqodlarim hozirgi yoshlarning shunday eʼtiqodlaridan keskin farq qilishi mumkin. Biroq ular qanday boʻlmasin, bu mening oʻzim. Bu biror nuqsonni yashirish uchun ijaraga olinadigan kiyim-kechak emas. Shu bois oʻylaymanki, oldinga qadam tashlashni istaganingiz uchun sizga birmuncha nafi tegadi.

Esingizda boʻlsa kerak, men bilan zamonaviylikning turli mafkuraviy masalalari borasida bahslashgandingiz. Men sizning qarashlaringizga hech qachon nafrat bilan qaramaganman, lekin ularni hurmat ham qilmaganman. Fikrlaringiz ortida hayot nishonasi yoʻq edi; unga – oʻz oʻtmishingizga ega boʻlish uchun siz hali juda yoshlik qilar edingiz. Baʼzan men kulardim. Shunda siz menga norozi qiyofada qarar edingiz. Boz ustiga, siz oʻtmishimni “dasturxon qilib” yozishimni talab qila boshladingiz. Shunda men birinchi bor sizga nisbatan hurmatni xis etdim. Chunki siz tortinmasdan qalbimdan qandaydir bir jonli narsani olish istagini namoyish etdingiz. Qalbimni chil-parchin qilishni va issiq qonimdan bir qultum ichishni istadingiz. Unda men hali tirik edim. Unda men hali oʻlishni istamasdim. Shuning uchun sizning talabingizni boshqa vaqt bajarishga vaʼda berib, uni rad etdim. Endi esa men oʻzim qalbimni tilka-pora qilib, qonimni yuzingizga sachratish istagidaman. Qalbim urishdan toʻxtagan hamon, sizning qalbingizda yangi hayot nish ura boshlaganining oʻzi meni mamnun etadi.

 

III

 

Ota-onamdan yetim qolganimda yoshim hali yigirmaga ham toʻlmagan edi. Xotinim sizga aytganidek, ular bir xastalikdan ikkisi ham birin-ketin bir vaqtning oʻzida olamdan oʻtib, barchani taajjubga solgan. Qisqacha qilib aytganda, otam ichterlamadan oʻlgan. Bu kasallik otamni parvarish qilayotgan onamga ham yuqqan.

Men ularning yakkayu yagona farzandi edim. Bizning mablagʻimiz yetarli boʻlib, men amaliy yoʻnalishda tarbiya oldim. Oʻz oʻtmishimga nazar solar ekanman, oʻsha vaqtda ota-onamdan hech boʻlmasa bittasi tirik qolganida edi, ehtimol, amaliy tarbiyam shu vaqtgacha davom etarmidi.

Ulardan keyin men tamomila sarosimaga tushib qoldim; mening na bilimim, na tajribam bor edi, xayotni ham hali unchalik yaxshi tushunmas edim. Otam oʻlayotganida onam oldida boʻlolmas edi. Onam oʻlayotganida unga hatto otamning oʻlgani haqida hech narsa deyishmadi. Uning bunga aqli yetganmi yoki atrofdagilarning otam tuzalayotgani toʻgʻrisidagi soʻzlariga ishonganmi, nomaʼlum. U faqat amakimdan hammasiga bosh-qosh boʻlishni iltimos qildi. Shunda meni koʻrsatib shunday dedi:

– Iltimos, shu bolaga qarab turing, uni tashlab qoʻymang.

Hali ota-onam tirikligidayoq men Tokioga joʻnashim hal qilingan edi va chamasi onam shu haqda ham aytmoqchi edi. Lekin u “Tokioga…” deyishi bilanoq amakim:

– Yaxshi, yaxshi! Hecham tashvishlanmang, – dedi.

Onamning tanasi otash boʻlib yonardi va amakim menga yuzlanib uni maqtadi:

– Juda chidamli ekan!

Biroq bu onamning soʻnggi tilagi boʻlganmi, yoʻqmi, menga qorongʻu. Onam turgan gapki, otamning kasali ogʻir ekanidan xabardor edi. Shuningdek, oʻzi ham shu kasalga chalinganini bilardi. Lekin aynan shu kasallik uning hayotiga zomin boʻlishini bilganiga shubham bor. Qolaversa, bu butunlay boshqa gap. Faqat shundan keyin menda barcha narsani anglash, atrofdagi narsalarga nazar tashlash odati paydo boʻldi. Sizni bu haqda oldindan ogohlantirishim kerak, masalan, bu ishlarga hech qanday aloqasi boʻlmagan va sizga umuman kerak boʻlmagan mening xotiralarim. Lekin siz bunga parvo qilmay, oʻqishda davom eting. Alohida insonlarning axloqi va xatti-harakatlarida odob-axloq jihatdan toʻxtash odatim, oʻylaymanki, keyinchalik boshqalarning himmatlariga tobora koʻproq shubha bilan qarashimga olib keldi. Shuni bilingki, aynan shu narsa hasrat va iztirob hissiyotini oshirdi.

Mavzudan chetlashib ketdim va gapim tushunarsiz boʻlib qoldi, shuning uchun yana ortga qaytaman.

Har holda shu uzun maktubni yozayotganimda men nisbatan xotirjamroqman.

Atrofda borliq uyquga ketganidan dalolat bergandek, travmay shovqini tindi. Deraza ortidan chigirtkalarning chirillashi eshtiladi, ular oʻz tovushlari bilan goʻyo shudringli kuzni eslatib turgandek. Hech narsadan xabari yoʻq xotinim qoʻshni xonada uxlamoqda.

Qoʻlimga moʻyqalam olganimda, u har bir belgi, har bir chiziqchada titrar edi. Lekin men xotirjamlik bilan qogʻoz uzra bosh egaman. Fikr – larim ayqash-uyqash boʻlgani sababli moʻyqalam tartibsiz harakatlanadi, deb oʻylamayman.

 

IV

 

Shundaymi, yoʻqmi, yolgʻiz qolgan men uchun onamning vasiyati boʻyicha amakimdan tayanch izlashdan oʻzga chora qolmagandi. Amakim oʻz navbatida barcha ishlarni qabul qilib, mening gʻamimni yedi. Men shunchalar intilgan Tokioga ketishim uchun hamma narsani qildi. Tokioga kelgach, men Oliy Meʼyoriy maktabga kirdim. U vaqtdagi oʻquvchilar hozirgilariga nisbatan qoʻproq va shoʻxroq edi. Tanishlarim orasida kechqurunlari masterovoylar bilan urush chiqaradigan va oʻz getalari bilan boshlarini urib yoradiganlari ham bor edi. Bu ichkilikbozlik holatida sodir boʻlar va buning oqibatida ularning poʻrim furajkalarini olib qoʻyishar edi. Furajkaning ichki tarafida oq matodan furajka egasining ismi yozib qoʻyilar edi. Ish chigallashib, aybdor toʻgʻrisida politsiyadan maktabga soʻrovnoma yuborilar edi. Biroq oʻrtoqlari har doim ishni tashqariga chiqarmaslikka harakat qilar edilar. Hozirgi sharoitda tarbiya qoʻrganlarga bunday holat gʻayritabiiy, bemaʼni boʻlib koʻrinsa, ehtimol. Toʻgʻrisini aytsam, menga ham bu bemaʼni ish boʻlib tuyuladi. Lekin barcha oʻrtoqlar hozirgi oʻquvchilarda boʻlmagan oʻziga xos samimiy xislatlarga ega edilar. Oʻsha vaqtda men amakimdan har oy olib turadigan pul hozir sizlar otalaringizdan oladigan puldan ancha kam boʻlgan. Lekin narx-navolar ham oʻzgacha boʻlgan. Shuning uchun men yetishmovchilikni his qilmaganman. Bundan tashqari mablagʻ borasida tengqurlarim orasida men kimgadir havas qilishim kerak boʻlgan darajada yomon emasdim. Hozir ortga nazar tashlasam, koʻpchilikning menga havasi kelgan deb oʻylayman. Chunki har oydagi maʼlum summadan tashqari men koʻpincha amakimdan kitob xarid qilishga (men oʻsha vaqtdan beri kitob yigʻishni yoqtirib qolgan edim) yoki zarur xarajatlarga pul talab qilar edim va ularni oʻz xohishimcha sarflashim mumkin edi.

Hali hech narsani tushunmasdan men amakimga ishonar edim; bundan tashqari, menda unga nisbatan minnatdorchilik hissi boʻlib, uni juda hurmat qilardim. Amakim ishning koʻzini bilar edi. U hatto prefektual yigʻin aʼzosi etib saylangan. Nazarimda, shu munosabat bilan uning hatto siyosiy partiyalarga ham aloqasi boʻlgan. Otamning tugʻishgan ukasi boʻlishiga qaramay, feʼl-atvorlari har xil edi. Otam sodda odam boʻlib, ota-bobosidan qolgan mol-mulkni koʻz qorachigʻidek asrar edi; u gullar va choyni, bundan tashqari sheʼriy asarlarni oʻqishni yaxshi koʻrardi. Uning kitoblar, rasmlar, qadimiy buyumlar bobida didi baland edi. Uyimiz qishloqda joylashgan boʻlib, bu yerdan shahar ikki mil narida edi; bu shaharda amakim yashardi, shu yerdan koʻpincha sotuvchilar goh rasmlar, goh isiriqdonlarni koʻrsatish uchun otamga olib kelishar edi. Qisqacha qilib aytganda, otamni “man of means” – “oʻtkir didli qishloqlik azamat” deb taʼriflash mumkin edi. Shuning uchun u oʻz feʼli bilan ishning koʻzini biladigan amakimdan keskin farq qilardi. Shunga qaramay, ularning munosabatlari juda yaxshi boʻlgan. Otam koʻpincha amakim haqida gapirganda, oʻzidan ham mehnatkashroq kishi deb aytardi. Ota-onasidan qolgan boylikka ega boʻlgan kishining qobiliyati, albatta, zaiflashadi; qisqacha qilib aytganda, tashqi olam bilan kurashish zarurati boʻlmasa yaxshi emas. Bu kabi soʻzlarni onam ham otamdan eshitgan. Men ham. Otam menga oʻgit boʻlsin deb aytgan. “Sen buni yaxshilab qulogʻingga quyib ol!” – der edilar otam menga qarab. Shuning uchun ham men bu gaplarni yaxshilab eslab qolganman. Otam shunchalar maqtagan, shunchalar ishongan amakimdan men shubhalanishim mumkinmidi? U oddiy sharoitda ham men faxrlanishim kerak boʻlgan amakim boʻlishi mumkin. Lekin otamning vafotidan soʻng u nafaqat faxrlanishim sababiga aylandi: u mening yashashim uchun zarur boʻlgan inson boʻlib qoldi.

 

V

 

Yozda ota-onamning vafotidan soʻng tark etgan uyimizga kelganimda, bu yerda endi yangi uy egalari sifatida amakim xotini bilan yashardi. Men hali Tokioga ketmasimdan oldin shunga kelishib olgandik. Men butunlay yolgʻiz qolganim uchun oʻzga choram yoʻq edi.

Amakim oʻsha vaqtda shahardagi turli hissadorlik jamiyatlari bilan ish olib borardi. Kulib turib u, ishlash nuqtai nazaridan, unga shahardan ikki mil narida joylashgan qishloqdagi uyimizga koʻchib oʻtgandan koʻra oʻzining shahardagi uyida qolish ancha qulayroq boʻlishini aytdi. Buni men hali Tokioga ketish taraddudini koʻrayotgan vaqtimda aytgan edi.

Uyimiz qadim zamonlarga borib taqaladigan oʻz tarixiga ega boʻlib, maʼlum doiralarda mashhur edi. Ehtimol, sizning yurtingizda ham xuddi shundaydir; qishloqda oʻz vorisiga, tarixiga ega boʻlgan uyni buzish yoki sotish ozmuncha katta ish boʻlmaydi. Hozir menga bunday tuyulmaydi, ammo oʻsha kezlarda men hali bola edim va uyimizni asil holida qanday qilib saqlab qolish meni tashvishlantirardi.

Amakim vaziyat tufayli boʻshab qolgan uyimizga koʻchib oʻtishga rozi boʻldi. Lekin shahardagi uyini ham qoldirishini, u yerda ham, bu yerda ham boʻlib turishini, aks holda ishlashga qiynalib qolishini aytdi. Albatta, bunga qarshi eʼtiroz bildira olmasdim. Men har qanday shartga ham koʻnishga tayyor edim, faqat Tokioga joʻnab ketsam boʻlgani. Bolaligimdayoq yurtimdan yiroqda unga qalbimning sogʻinch koʻzlari bilan tikilardim. Men unga vaqti kelib qaytib keladigan yoʻlovchi hissiyoti bilan termulardim. Tokio qanchalik yaxshi boʻlmasin, taʼtil boshlanishi bilanoq, uyga qaytish ishtiyoqi uygʻonardi va bu hissiyot juda kuchli boʻlardi. Koʻpincha qattiq mashq qilishlardan va koʻngilxushliklardan keyin, men taʼtil vaqtida qaytib bora oladigan yurtimni tushlarimda koʻrardim.

Mening yoʻqligimda amakim bu ikki uyni qanday eplaganini bilmayman. Qaytganimda butun oila shu uyga toʻplandi. Maktabga boradigan bolalari, odatda shaharda yashasa kerak, ammo hozir yozgi taʼtil sababli, ularning barchasi mehmon sifatida shu yerga keltirilgandi.

Meni koʻrib, barcha xursand boʻldi. Menga ham uyimni ota-onam vaqtidagiga nisbatan quvonchliroq holda koʻrish yoqimli edi. Amakim mening ilgarigi xonamdan oʻzining katta oʻgʻlini koʻchirib chiqardi va xonani oʻzimga qaytarib berdi. Uyimizda xonalar koʻp edi, menga qayerda joylashishimning farqi yoʻq edi, biroq amakim eʼtiroz bildirib, shunday dedi:

– Bu sening uying.

U boshqa gapga quloq solishni istamasdi. Ota-onam toʻgʻrisidagi baʼzan menda uygʻonadigan xotiralardan tashqari hech qanday qaygʻum yoʻq edi va yozni amakimning oilasi bilan oʻtkazib, yana Tokioga qaytdim. Butun yoz mobaynida dilimda yoqimli his qoldirgan narsa – bu amakim va xotinining meni uylanishga daʼvat etishlari boʻldi – endigina maktabga kirgan mening uylanishim-a! Ular buni uch-toʻrt marta takrorladilar. Avvaliga men bu kutilmagan suhbatdan hayron boʻldim. Ikkinchi marta gap ochilganda men qatʼiyan rad etdim. Uchinchi marta men ulardan nima uchun bu haqda ogʻiz ochganliklarini soʻradim. Ularning fikri oddiy edi: meni uylantirib, otamning uyiga merosxoʻr boʻlib qolishimni istashgan ekan. Fikrimcha, taʼtilda kelib-ketib turishim kifoya etardi. Ota merosini egallash uchun uylanish zarur ekan – buning barchasi oʻz maʼnosiga ega edi. Ayniqsa qishloqdagi ahvolni tushungan men uchun bu tushunarli edi. Mening oʻzim ham bunga unchalik qarshi emasdim. Lekin Tokioda endigina oʻqishga kirganim uchun bu qandaydir koʻz ilgʻamas uzoqlikda tuyular edi. Shu bois men pirovard-natijada amakimga rozilik bermasdan uydan ketdim.

VI

 

Shu bilan men nikoh toʻgʻrisidagi suhbatni esimdan chiqardim. Atrofimdagi barcha yoshlar orasida birorta ham oilaligi yoʻq edi. Hamma erkin va boʻydoq edi. Betashvish bu odamlar orasida, agar ularning tashqi hayotining ortiga nazar tashlansa, oilaviy sharoiti tufayli uylanganlari ham bordir, ammo men hali bola boʻlganligim uchun buni fahmlamasdim. Bundan tashqari, bundaylar atrofidagilardan uyalib, oʻquvchi yoshlar uchun shu qadar yiroq boʻlgan bu mavzu haqida gapirmaslikka harakat qilishardi. Endi koʻrib turibman, men ham ulardan biri edim, lekin oʻsha damda buni tushunmasdim va bolalarcha quvonib, oʻz mashgʻulotlarim boʻyicha ilgarilab borardim. Oʻquv yili tugagach, men savatlarimni yigʻib, yana ota-onamning qabri joylashgan qishloqqa ravona boʻldim. Bu safar ham ilgarigi kabi, ota-ona yashagan uyda amakim, xotini va bolalarini koʻrdim. Men yana yurtim havosidan nafas ola boshladim. Bu havo ilgarigidek dilimga xush yoqardi. Bu soʻzsiz oʻquv yilining bir xilda kechuvchi sharoitida foydali oʻzgarish edi.

Meni tarbiyalab oʻstirgan shu muhitda yashar ekanman, amakim yana mening uylanishimdan ogʻiz ochdi. U bulturgi soʻzlarni takrorlardi. Vajlar ham xuddi oʻshanday. Lekin oldingi safar u hali hech kimni koʻz ostiga olmagandi, bu gal kelinlikka nomzod ham topib qoʻyibdi. Bu amakimning qizi edi. Amakim bu ikkala tomon uchun ham yaxshi boʻlishini, buni otam ham tirikligida tayinlaganini aytdi. Buning yaxshi boʻlishini oʻzim ham bilardim. Ehtimol, otam ham bu haqda amakim bilan gaplashgandir. Lekin bunga amakimning soʻzlaridan keyin eʼtibor berdim, unga qadar buni sezmagandim. Shuning uchun hayron qolgandim. Hayron qolsam ham, amakimning istaklari adolatli ekanligini yaxshi tushunardim. Men betashvish edimmi? Ehtimol, shundaydir, lekin asosiy sabab mening amakivachchamga befarqligim edi. Bolaligimda shaharda yashovchi amakimnikiga tez-tez borib turardim. Koʻpincha u yerda qolib ketardim. Oʻsha vaqtlardayoq men amakivachcham bilan yaxshi oʻrtoq edim. Bilasizki, aka-singillar oʻrtasida otashin muhabbat boʻlmaydi. Barchaga maʼlum narsani aytaman, bir-biri bilan doim yaqin boʻlgan kishilar oʻrtasida sevgi uchun zarur boʻlgan ragʻbatlarni yaratuvchi yangilik hissi yoʻqoladi. Bamisoli xushboʻy hidni faqat isiriqdonda hid endi koʻtarila boshlagandagina sezganingdek; bamisoli sharbatning mazasini faqat endigina icha boshlaganda sezganingdek, muhabbat bobida ham xuddi shunday; kuchli hissiyot bir lahzalik boʻladi. Qanchalik koʻproq koʻniksang, bogʻlanish ham shunchalik kuchli boʻlib, muhabbat rishtasi asta-sekin zaiflashib boradi. Men qanchalik fikr yuritmay, yaqin qarindoshimni xotinlikka olishga koʻnmadim. Amakim, agar men istasam, toʻyni oʻqishim tugaguniga qadar qoldirish mumkinligini aytdi: lekin shu bilan birga bugungi ishni ertaga qoʻyma, degan naqlda aytilishicha, ezgu ishni ortga surmaslik kerak, dedi. Men uchun unisi ham, bunisi ham maʼqul emasdi. Men yana bir bor rad etdim. Amakimning yuzi oʻzgardi. Qiz yigʻlab yubordi. U menga turmushga chiqmayotgani uchun emas, uni rad etganim uchun nafsoniyati ogʻriganidan yigʻlardi. Men uni sevmaganim kabi, u ham meni sevmasligini bilardim. Men yana Tokioga qaytdim.

Uchinchi marta yurtimga yana bir yildan soʻng yozda keldim. Imtihonlar tugashi bilan Tokiodan joʻnab qolardim. Yurtimni shunchalar yaxshi koʻrardim. Oʻzingiz ham bilasiz, ona yurt havosi, yerining isi oʻzgacha boʻladi. Qayerga qaramay, otam va onamni eslatuvchi xotiralar. Yilda ikki oy – iyul va avgustda – shu havoda boʻlish, ilon iniga yashiringani kabi u yerga yashirinib olish men uchun hamma narsadan afzalroq edi.

Soddaligim tufayli amakimning qizi bilan nikohim borasida tashvish qilishga hech qanday sabab yoʻq, deb oʻylardim. Yoqmasa rad etasan, rad etdingmi, masala hal boʻldi, deb ishongandim. Shu bois amakimning raʼyiga qarshi chiqqanimga qaramay, men butunlay xotirjam edim. Yil davomida bu haqda biror marta ham oʻylamadim va endi uyga ilgarigidek xush kayfiyatda ketmoqda edim. Biroq bu safar kelganimda amakimning munosabati oʻzgacha boʻldi. U endi ilgarigidek meni oʻz quchogʻiga olmadi. Shunga qaramay, men erkinlikda tarbiyalanganligim uchun uch-toʻrt kun bunga eʼtibor bermadim. Faqat keyinchalik nima boʻldi-yu, buning jiddiyligi maʼlum boʻldi. Amakivachcham va xotini ham gʻalati boʻlib qoldilar. Xatto Oliy tijorat maktabiga kirish niyatida menga xat yozgan oʻgʻli ham meni koʻrganda gʻalati boʻlib ketardi.

Feʼl-atvorim shunaqa boʻlgani uchun men boshqacha oʻylay olmasdim. Hissiyotlarim nima sababdan bunchalar oʻzgardi? Ha-da, nima sababdan ular bunchalik oʻzgarib qoldilar? Nazarimda, rahmatlik ota-onam birdan koʻzimni ochgandek boʻlishdi. Ota-onamning vafotidan keyin ham men dilimda ular tirikligida meni qanday yaxshi koʻrgan boʻlsalar, hozir ham shunday yaxshi koʻradilar, deb ishonar edim. Hatto oʻsha vaqtda ham men tabiat qonunlaridan bexabar emasdim. Lekin ota-bobolarimdan qolgan xurofot izlari qon-qonimga singib ketgan edi.

Toqqa yolgʻiz chiqib ketib, men ota-onam qabri oldida tiz choʻkdim. Ham qaygʻu, ham minnatdorlik hissi joʻsh urardi dilimda. Goʻyo taqdirim shu yerda yotganlarning qoʻlida ekanligini his etib, taqdirimni hal qilishlarini iltijo qilib duo oʻqidim. Sizga balki bu kulgili tuyular. Oʻzim ham ustimdan kulish kerak deb oʻylayman. Axir oʻzim shunga loyiq edim-da.

Nazarimda butun dunyo oyogʻi osmondan boʻlib oʻzgardi. Bu ahvolga tushgan bir men emasdim. Dunyoda goʻzallik mavjudligini kashf etib, hayratga tushganimda yoshim oʻn olti-oʻn yettilarda edi. Avvaliga koʻzlarimga ishonmadim. Soʻng, “E-voh, mana goʻzallik!” deb hayqirdim. Oʻn olti-oʻn yetti yoshlarda erkak va ayolda jinslarning uygʻonish davri boshlanadi. Shunda men dunyoda goʻzallik timsoli boʻlgan ayolni birinchi bor koʻrdim. Men shu paytgacha borligini payqamay yurgan qarama-qarshi jins koʻzlarimni birdan ochdi.

Buni amakimning harakatlariga eʼtibor qilganimda yozdim. Keyin oʻzimga eʼtibor qildim. Bu bexosdan, hech qanday tayyorgarliksiz roʻy berdi. Uning oʻzi, oila aʼzolari ham koʻz oʻngimda butkul boshqacha namoyon boʻlishdi. Men qoʻrqib ketdim, bu shundayligicha qolsa, kelajagim nima boʻladi, deb oʻyladim.

 

 

VII

 

Menda shu vaqtgacha amakimga ishonib topshirilgan boyligimizning ahvoli haqida batafsil bilib olmasam, ota-onam oldida oʻzimni qandaydir gunohkordek sezar edim. Amakim doim oʻzicha band boʻlar, hech bir joyda tunamasdi. Bu yerda ikki kun tursa, uchinchi kunni shaharda oʻtkazar, uydan-uyga koʻchib yurardi, doim koʻrinishi tashvishli boʻlar edi. “Bandman” soʻzi unga odat boʻlib qolgandi. Fikrlarim tiniq vaqtida men haqiqatan ham uni band deb oʻylardim. Bundan tashqari, bizning zamonamizda bu tabiiy bir hol derdim. Lekin men oʻz mulkim toʻgʻrisida u bilan uzoq gaplashishga harakat qilganimda, amakimning bunday bandligi mendan qutilish uchun bir bahona ekanini bildim. Men amakimni uchratishga hech fursat topa olmadim.

Amakimning shaharda jazmani borligi qulogʻimga chalingandi. Men buni hali oʻrta maktabda oʻqib yurgan vaqtlarimdayoq sinfdoshlarimdan eshitgandim. Amakim kabi kishining jazmani borligi ajablanarli emasdi, lekin otam xayotligida bu haqda hech narsa bilmagani meni taajjubga soldi. Oʻrtoqlarim menga yana koʻp narsalarni aytib berishdi. Masalan, goʻyo uning ishda omadi kelmay qolgan deb oʻylashgan, lekin u ikki-uch yildan keyin esa hamma narsani qaytarib bergan. Bu ular menga soʻzlab bergan narsalarning asosiysi edi, ammo shuning oʻzi shubhalarimning ortishiga sabab boʻldi.

Nihoyat, men amakim bilan suhbatlasha boshladim. Buni “suhbat” deb ham atab boʻlmaydi, lekin oʻrtamizda boʻlib oʻtayotgan gaplarga qaraganda shu soʻz oʻz-oʻzidan xayolga keladi. Men avval-boshdanoq unga ishonchsizlik bilan qarardim va ishni osonlikcha oxiriga yetkaza olmadim.

Afsuski, oʻrtada boʻlib oʻtgan suhbatni hozir mufassal bayon etolmayman – shoshilib turibman. Aslini olganda aytadigan muhim narsalar bor edi. Men shaxsiy suhbatda sizga hamma narsani xotirjamlik bilan soʻzlab berish imkoniyatidan mahrumman. Yozishni istagan narsamni qoʻlimda qalam ushlashga odatlanmaganim uchun bilganimcha yozib tashlayapman. Qimmatli vaqtning uvvol boʻlayotganiga achinaman.

Esingizda bordir: bir vaqtlar dunyoda tayyor jinoyatchilar boʻlmaydi, vaqti kelib kutilmaganda oliyjanob kishi ham jinoyatchiga aylanadi, degan edim. Shunda siz mening juda hayajonlanganimga eʼtibor bergan edingiz. Oliyjanob kishi qanday hollarda jinoyatchiga aylanadi, deb soʻragan edingiz. Men sizga “pul tufayli” deb javob berganimda, aftidan, javobimdan qoniqmagan edingiz. Men sizning oʻshandagi holatingizni juda yaxshi eslayman. Oʻshanda men oʻz amakimni nazarda tutgan edim. Men pulni koʻrib, jinoyatchiga aylangan amakimni, dunyoda ishonsa boʻladigan odamlar yoʻqligini nazarda tutgan edim. Ehtimol, oldinga, gʻoyalar olamiga intiluvchi boʻlgan sizga bu eskirganday boʻlib tuyulgandir. Ammo men uchun bu hayot-mamot masalasi edi.

Hozir men xotirjamman. Oʻylaymanki, aql bilan fahmlangan narsalarni soʻzlashdan koʻra, boshqa bir narsalarni soʻz bilan ifoda etish hayotiyroqdir. Tanani qon harakatga keltirganidek, soʻzlar nafaqat havoni, balki inson vujudini ham junbushga keltira oladi.

 

VIII

 

Sirasini aytganda, amakim mulk borasida meni laqillatdi. Tokiodagi uch yillik oʻqishim vaqtida bu ishni xamirdan qil sugʻirgandek bitirdi. Barchasini amakimga ishonib qoʻyib katta ahmoqlik qildim. Buni aslida oliyjanoblik deb atasa ham boʻlar. Oʻsha davrdagi oʻzimga hozir nazar tashlar ekanman, nega bu qadar dumbul boʻlib tugʻilganman, nega toʻgʻrisoʻz va sofdil boʻlib yaralganman, deb nadomat chekaman. Shu bilan bir vaqtda menda dunyoga yana xuddi shunday boʻlib kelish istagi paydo boʻlardi. Bir eslab koʻring! Siz bilgan oʻshandagi “men”ga gard yuqib boʻlgandi. Agarda gard yuqishi yosh bilan bogʻliq boʻlsa, u holda, shubhasiz men sizdan ancha kattaman.

Agar amakimning istagi bilan uning qiziga uylanganimda, bu men uchun moddiy jihatdan foydali boʻlarmidi? Oʻylaymanki, albatta, foydali boʻlardi. Amakim menga bir nimani koʻzlab oʻz qizini taklif qilgan. Uning menga aslida yaxshi munosabatda boʻlgani, ikkala oilaning manfaatini oʻylab emas, balki boshqa gʻarazli niyat bilan ish tutgani sababli edi.

Men uning qizini yaxshi koʻrmaganman. Unga nisbatan hech qanday xusumatim ham yoʻq. Ammo endi oʻtmishga nazar tashlasam, men undan voz kechganim koʻnglimga qandaydir taskin beradi. Ikkala holda ham birdek aldangan boʻlardim, ammo har holda amakimning aytgani boʻlmay, uning qiziga uylanmaganim men istagandek boʻldi. Zero, buning ishga aloqasi yoʻq. Ayniqsa, bu ishga aloqasi boʻlmagan siz uchun buning barchasi ahmoqona tuyulsa kerak.

Amakim bilan mening oʻrtamdagi munosabatlarga boshqa qarindoshlar ham aralashdi. Men bu qarindoshlarga ham mutlaqo ishonmasdim. Nafaqat ularga ishonmasdim, balki ularni dushman deb bilardim. Amakim meni aldaganini bilgach, qolganlar ham, albatta, meni aldaydilar deb hisoblardim. Otam shunchalar maqtagan amakim meni shu ahvolga solgan ekan, boshqalari nima qilardi, deb oʻylar edim. Har holda shu qarindoshlarim hali menga tegishli boʻlgan barcha narsani toʻplashga harakat qildilar. Pulga chaqqanda, mening chamamdan ancha kam edi. Oldimda ikki yoʻl turardi: yoki indamay borini olish, yoki amakim bilan sudlashish. Men gʻazabda edim. Nima qilishni bilmas edim. Sud boʻlgan taqdirda ham qarorning chiqishini uzoq kutishga toʻgʻri kelishidan qoʻrqar edim. Men hali talaba edim. Talaba uchun shunchalik qimmatli boʻlgan vaqtni yoʻqotish yaxshi emasdi.

Shularni oʻylab, qoʻshni shaharlik oʻzimdan katta boʻlgan maktabdosh oʻrtogʻimdan menga tegishli boʻlgan barcha narsani pulga aylantirib berishni iltimos qildim. Oʻrtogʻim unday qilmaslikni aytdi, lekin men unamadim. Oʻsha kunlari yurtimni uzoq vaqtga tashlab ketishga qatʼiy qaror qildim. Men ichimda amakim bilan hech qachon uchrashmaslikka ont ichdim.

Ona yurtimni tashlab ketishdan oldin yana bir bor ota-onam qabrini ziyorat qildim. Bu soʻnggi ziyorat edi. Endi ularni hech qachon koʻrolmayman.

Oʻrtogʻim aytganimdek qildi. Bu Tokioga qaytib kelgach boʻldi. Qishloqda yerni sotish oson emas. Men olgan pul oʻsha vaqtdagi narxlar boʻyicha ancha oz edi. Ochigʻini aytganda, men ketayotganimda choʻntagimda faqat bir nechta foizli qogʻozlar va keyinchalik oʻrtogʻimdan olgan oʻsha pullar bor edi. Bu, albatta, otamdan qolganidan ancha kam edi. Menga alam qilgani shu ediki, mulkim borib-kelib shunday nozik paytda kamaygan edi. Biroq talabaning kun koʻrishi uchun shu ham yetib ortadi. Aslini olganda pullarim keltiradigan foizlarning yarmini ham sarflaydigan joyim yoʻq edi. Mablagʻlarim ortiqcha boʻlgani tufayli talabalik hayotim mutlaqo kutilmagan oʻzanga kirib ketdi.

 

IX

 

Pulga muhtojlik nimaligini bilmagan menda sershovqin mehmonxonani tark etib, oʻzimga uy sotib olish istagi paydo boʻldi. Ammo bu uyni jihozlash zarurati bilanmi yoki roʻzgʻorga qarab turadigan birorta kampir olish kerakligidanmi, bu istagim amalga oshmadi.

Bir kun aylanib kelish va shu bilan birga oʻzimga uycha qarash maqsadida, Xongo tepaligidan tushib, toʻppa-toʻgʻri Dendzuin tomonga, Koisikava tepaligiga koʻtarildim. U yerda tramvay oʻtkazilgandan beri joyning tashqi koʻrinishi butunlay oʻzgarib ketgandi, oʻsha kezlari chap tomonda toʻpxona toʻsigʻi qad koʻtarib turardi, oʻng tomonda esa ochiq maydon boʻlib, uni oʻt bosib yotardi. Shu yalanglik oʻrtasida turib, men hech bir narsani oʻylamay qarshimdagi tepalikni tomosha qilardim. Hozir ham u yerning koʻrinishi yomon emas, oʻsha paytda esa butun manzara koʻp jihatdan oʻzgacha edi.

Koʻz ilgʻaydigan joy haqiqatan ham asablarni tinchlantiruvchi koʻm-koʻk oʻsimliklar bilan qoplangan edi. Birdan xayolimga, shu yerlarda menbop uy yoʻqmikan, degan fikr keldi. Men soʻqmoqdan yurib, shimol tomondagi yalanglikni kesib oʻtdim. Oʻsha paytlarda bu yerlarda chiroyli koʻchalar yoʻq boʻlib, uylar juda xunuk edi. Men goh ogʻzi berk koʻchalar yonidan oʻtib, goh tor koʻchalardan aylanib, atrofni kezar edim.

Nihoyat qandolatfurush xotindan bu yerda ijaraga beriladigan kichikroq uy yoʻqmi, deb soʻradim. U bir zum oʻylanib turib dedi:

– Ijaraga uy?… Ha…

U goʻyo hech narsa oʻylab topa olmagandek edi. Men ketmoqchi boʻlgan edim, ayol soʻz qotdi:

– Sizga xususiy pansion toʻgʻri kelmaydimi?

Men oʻylanib qoldim. Uy-roʻzgʻor va ijara bilan bogʻliq boʻlgan tashvishlardan koʻra tinch oilada birorta xonani ijaraga olgan maʼqul emasmikan? Shu bois qandolat doʻkoni yonidagi supachaga oʻtirib, qandolatfurush xotindan hammasini surishtirdim. Bu bir harbiyning oilasi, toʻgʻrirogʻi, oilasidan qolgan uyning bir qismi ekan. Beka menga oila boshligʻi yapon-xitoy urushi vaqtida halok boʻlganini tushuntirdi. Bir yil muqaddam ular Itigaydagi harbiy maktab yonida yashashar ekan, ularning uylari katta boʻlgan, xatto otxonalari ham bor ekan; endi esa barchasini sotib, shu yerga koʻchib kelishgan ekan; yolgʻiz yashash ular uchun zerikarli boʻlib, shu sababdan munosib odam topilsa, ularning uylarini tavsiya qilishini shu xotindan soʻrashgan ekan. Ayolning soʻzlaridan butun oila beva ayol, uning yolgʻiz qizi va xizmatkor ayoldan iboratligini bilib oldim. Men u yerda tinch va qulay boʻlishini tasavvur etdim. Meni faqat bir narsa tashvishlantirardi: oilada kutilmaganda allaqanday talaba paydo boʻlganidan aynib, birdan menga rad javobini berishmasmikan? Hatto bundan umid uzib qoʻya qolay dedim. Biroq, talaba boʻlishimga qaramay ust-boshim yomon emasdi. Boz ustiga boshimda talabalarning poʻrim furajkasi ham bor edi. Siz, albatta, kulayotibsiz, poʻrim furajka, deb. Ammo oʻsha davrlarda talabalarning obroʻyi baland boʻlardi. Aynan mana shu poʻrim furajka uning joniga oro kirardi. Shartta qandolatfurush xotin koʻrsatgan shu uyga qarab yoʻl oldim.

Beva ayolga kelishim maqsadini tushuntirdim. U menga qator savollar berdi: oʻzim haqimda, qayerda oʻqishim, mutaxassisligim nimaligi xususida. Pirovardida istagan vaqtimda koʻchib kelishim mumkinligini aytdi. Beva ochiqqina, toʻgʻrisoʻz ayol ekan. Chamasi barcha harbiylarning xotinlari shunday boʻlsa kerak, deb oʻyladim va unga nisbatan menda hurmat paydo boʻldi.

 

X

 

Men darhol shu uyga koʻchib oʻtdim. Birinchi tashrifimdayoq beva ayol bilan suhbatlashgan xonani egalladim. Bu uydagi eng yaxshi xona shu edi. Oʻsha davrda Xongoda birin-ketin talabalik yotoqxonalari qurilayotgandi va men talaba yashashi mumkin boʻlgan eng yaxshi xonalarni egallayapman, deb hisoblardim. Lekin endi koʻchib oʻtganim bu xona ilgarigilaridan aʼloroq edi. U yerga koʻchib oʻtgach, bu talaba uchun oʻta hashamatli, degan xayolga bordim.

Uy katta edi. Bosh jovonning yon tomonida chiroyli tokchalar va shkafchalar qurilgan: tashqi ayvon qarshisidagi devorga ichki shkaf yasalgan edi. Derazalar umuman yoʻq. Ammo janubga qaragan ayvon tomondan yorugʻlik tushib turardi. Men koʻchib kiradigan kuni bosh jovonda shinam qilib kesilgan gullarni koʻrdim, ular yoniga esa koto[4] suyab qoʻyilgandi. Unisi ham, bunisi ham menga yoqdi. Men xitoy sheʼriyati, kitoblar, xushchaqchaq marosimlarni yaxshi koʻruvchi inson edim.

Otam tirikligida toʻplagan barcha jihozlarni boshqa narsalar kabi amakim talon-toroj qilgan boʻlsa ham har holda nimadir saqlanib qolgandi. Ularni saqlab turish uchun oʻrtogʻimnikida qoldirdim. Boshqa narsalar orasida toʻrt-beshta yaxshiroq rasmni savatim tubida oʻzim bilan olib keldim. Koʻchib kelishim bilan ularni koʻrinadigan joyga osib qoʻyib, tomosha qilaman deb oʻylagandim. Ammo mana bu koto va gullarni koʻrganimda bu fikrimdan qaytdim. Keyinroq soʻrab, ular men uchun qoʻyilganini bildim va jilmayib qoʻydim. Albatta, koto bu yerda ilgari ham turgan, qoʻyadigan boshqa joy boʻlmagani uchun uni noiloj qoldirishgan.

Sizga bularni soʻzlab berayotganimda, ehtimol, koʻz oʻngingizda yosh qizning siymosi gavdalanar. Men oʻzim ham u yerga koʻchib oʻtmasimdan ilgariroq shunga qiziqib qolgan edim. Turfa fikrlar taʼsiridanmi yoki odamovi boʻlib qolganimdanmi, har holda qizni birinchi bor uchratganimda bazoʻr salomlashdim. Bunga javoban qizning chehrasi qizardi.

Shu vaqtgacha beva ayolning holatiga qarab oʻzimcha qizni aniq tasavvur qilgan edim. Bu tasavvurimda uni bu qadar jozibali deb oʻylamagandim. Modomiki u harbiyning xotini ekan – demak, u shunday, agar qiz uning qizi boʻlsa – binobarin, u ham onasiga oʻxshagan boʻlishi kerak. Ammo qizni koʻrgan zahoti fikrim butunlay oʻzgardi. Menga shu vaqtgacha notanish boʻlgan ayol isi dimogʻimga urildi. Shu vaqtdan boshlab jovonimda turgan gullar men uchun yoqimsiz boʻlmay qoldi. U yerda turgan koto ham xalal bermay qoʻydi. Vaqti kelib gullar soʻlib qolganda, ular oʻrniga yangilari keltirildi. Koto ham yon tomondagi xonaga tez-tez olib chiqilardi. Xonamda iyagimga tiralib oʻtirib bu asbobning chalinishini tinglardim. U yaxshi chalyaptimi, yoʻqmi, men unchalik farqiga bormasdim. Ammo usuli uncha kuchli boʻlmaganidan qiz mohir sozanda emas deb oʻylardim. Men gullarni yaxshi ajratardim, qizni bu sohada ham bilimdon deb boʻlmasdi.

Shunga qaramay, u mening jovonimni doim gullar bilan bezar edi. Gullarning joylashtirilishi har doim bir xil boʻlardi. Guldon va gullar oʻrni almashtirilgan hollar boʻlmasdi.

Qiz turli kuylarni asta chalardi. Ashula aytardi, faqat juda sekin, goʻyo faqat oʻzi uchun aytayotgandek. Biroq buning uchun tanbeh eshitganidan soʻng ovozi umuman chiqmay qoldi. Men didsiz qoʻyilgan gullarni bajonu dil tomosha qilar, koto tovushini jonim bilan tinglar edim.

 

XI

 

Yurtimdan ketayotgan chogʻimda odamlarga nisbatan xusumatda edim. Ularga ishonish qiyin degan fikr qon-qonimga singib ketgandek edi. Men dushman deb hisoblagan amakim, xotini va boshqa qarindoshlar oʻsha odamlarning vakillari boʻlib hisoblanardi. Poyezdda oʻtirganimda ham qoʻshnilarimga xuddi shu tarzda qarardim. Moboda men bilan baʼzan biror kimsa soʻzlashb qolgudek boʻlsa, men darhol sergak tortardim. Yuragim baʼzan qoʻrgʻoshin quyilgandek ogʻirlashib ketar va asablarim qattiq tarang tortar edi. Tokiodagi mehmonxonadan ketgim kelib qolganiga mendagi shunday hol sabab boʻldi. Agar ilgarigidek ahvolda boʻlganimda, pulim oshib-toshib ketganda ham bunday ishlarga qoʻl urmasdim.

Koisikavaga koʻchib oʻtganimdan keyin ham bir muncha vaqt davomida tinchiy olmadim. Atrofga shunchalik olazarak boʻlib qarardimki, bundan oʻzim uyalib ketardim. Qiziq, faqat boshim, koʻzlarimgina toʻgʻri ishlardi, tilim esa bazoʻr aylanardi. Men stolim yonida jim oʻtirib uyda yashovchilarni mushuk kabi kuzatardim. Baʼzan bu qadar diqqat bilan kuzatganimda ularga achinib ketardim: oʻzimcha ularga qandaydir kisavur boʻlib tuyulardim va bundan oʻzimni-oʻzim yomon koʻrib ketardim. Sizga gʻalati tuyulsa kerak: ana shu holatimda qiz menga qanday qilib yoqishi mumkin? Uning didsiz qoʻyilgan gullari qanday qilib yoqishi mumkin? Uning kotoni toʻpori chalishidan qanday qilib lazzatlanishim mumkin? Bunga javoban shu ikki holatni keltirishdan boshqa choram yoʻq, chunki bu ikkisi ham bor gap. Buni qanday tushunishni oʻzingizga havola qilaman, faqat bir narsani taʼkidlamoqchiman: men odamlardan faqat pul masalasi borasida shubhalanganman, sevgi bobida esa ish bu darajaga yetganicha yoʻq. Shu bois boshqalarga gʻalati, mening oʻzimga – ziddiyatli tuyulsa ham, baribir bular qalbimdan joy olishga ulgurgan edi.

Men bevani bekach deb atab kelganman, bundan buyon ham shunday boʻladi. Bekach esa meni kamtarin, ogʻir-bosiq odam deb bilgan. Meni mehnatkash deb maqtagan. Lekin u hech qachon mening bezovta koʻzlarim, tashvishlanishim toʻgʻrisida soʻz ochmagan. Buni sezmasmidi yoki gapirishga uyalarmidi – bilmadim, lekin menga butunlay eʼtibor bermayotganga oʻxshardi. Boz ustiga, bir kuni u meni “tashvishsiz kishi” deb atadi va bu qandaydir hurmat alomati sifatida yangradi. Oʻsha vaqtda hali sodda boʻlganim uchun qizarib ketdim va soʻzlarini inkor etishga harakat qildim. Shunda u jiddiy ohangda tushuntirdi:

– Siz shunday deyapsiz, chunki buni oʻzingiz sezmayapsiz.

Bekachning avvaliga mendek talabani uyiga joylashtirish niyati boʻlmagan, shekilli, u uyni biror xizmatchiga bermoqchi boʻlgan va shu toʻgʻrida qoʻshnilaridan iltimos qilgan. Uning fikricha, xususiy pansionlarda daromadi kam boʻlganlar yashashga majbur, bu fikr uning miyasida anchadan beri aylanib yurgan. Shuning uchun oʻz tasavvuridagi ijarachi bilan solishtirib, meni betashvish kishi deb atagan.

 

XII

 

Bekachning bunday munosabati mening ruhiy ahvolimga katta taʼsir koʻrsatdi. Maʼlum vaqt oʻtgach, koʻzlarim ilgarigidek olazarak boʻlmay qoldi. Yuragim esa xonamda oʻtirganimdayoq tinchlanadigan boʻldi. Bir soʻz bilan aytganda, bekachdan tortib uyda yashovchilarning barchasi mening bu feʼlimga oʻrganib qolishgani men uchun baxt boʻldi. Asablarim asta-sekin tinchlana boshladi. Bekach ziyrak ayol boʻlgani uchun menga atayin shunday muomala qilganmi yoki haqiqatan ham meni betashvish kishi deb hisoblaganmi, bilmayman. Balki mening tashvishlanishim va esankirashim faqat ongimdagina boʻlib, koʻrinishimdan uncha sezilmagandir va shu uni chalgʻitgan boʻlishi mumkin. Tinchlanib, men asta-sekin bu oila bilan yaqinlasha boshladim. Men goh bekach bilan, goh qizi bilan hazillashardim. Baʼzan ular meni choy ichgani xonalariga taklif qilishardi. Baʼzan esa shirinlik sotib olib, men ularni oʻz xonamga chaqirar edim. Nazarimda, tanishlarim doirasi kengaygandek edi. Shu sababli bir necha bor oʻquv darslarim rejasi buzilgan hollar boʻldi. Taajjubki, bunday hollar men uchun toʻsiq boʻlmasdi. Bekach erkin odam edi. Qizi maktabga qatnar va bundan tashqari koto chalish va oʻsimliklarni qanday kesish boʻyicha saboq olardi; shuning uchun uning boʻsh vaqti boʻlmasligi kerak edi; lekin men oʻylaganim toʻgʻri emas, uning boʻsh vaqti goʻyo koʻpday edi. Shu tariqa biz uchchalamiz yigʻilib suhbat qurardik. Meni chaqirgani koʻpincha qiz kelardi. U otimni aytib chaqirib:

– Siz bandmisiz? – deb soʻrardi.

Koʻpincha men biror kitobni ochib qoʻyib, unga termulib oʻtirardim va tashqaridan qaraganda juda band odamga oʻxshardim. Aslida esa unday emasdi. Kitob sahifalariga termulib oʻtirib, qizning kelib chaqirishini kutar edim. Qiz kelavermagach, oʻzim turishga majbur boʻlardim. Shunda uning xonasi yoniga kelib soʻrardim:

– Siz bandmisiz?

Qizning xonasi ichki xonadan keyingisi boʻlib, uncha katta emasdi. Bekach odatda shu ichki xonada yoki qizining xonasida boʻlardi. Garchi bu ikki xona bir-biridan toʻsiq bilan ajratilgan boʻlsa-da, ular har holda bir xonani tashkil etgandek edi va ona-bola goh u xonada, goh bu xonada boʻlar edilar. Ichkariga kirishga ruxsat soʻraganimda, “kiring” deb, albatta, ona javob berardi, qizi kamdan-kam hollarda javob qaytarardi. Shu orada qiz biror yumush bilan xonamga kiradigan va men bilan suhbatlashadigan boʻldi. Shunday onlarda qalbimda gʻalati hislar paydo boʻlardi. Mening qarshimda yosh qiz oʻtirganidan shunday boʻladi, deb oʻylamayman. Men oʻzimni yoʻqotib qoʻyardim. Harakatlarim gʻayritabiiy, oʻzimga xos boʻlmay qolishi meni tashvishga solardi. U oʻzini shu qadar xotirjam tutar ediki, men nahotki kotoda ovoz chiqarishga botina olmaydigan qiz shu boʻlsa, degan shubhaga borardim. Hatto oldimda uzoqroq qolib ketib onasi uni qoʻshni xonadan chaqirganida u “hozir” deya, ketishga shoshilmasdi. Qiz endi yosh bola emasdi. U meni tushunsin deb oʻzini shunday tutayotgani ayon edi.

 

XIII

 

Qiz xonamdan chiqib ketganida men chuqur xoʻrsinar edim. Shu bilan birga menda qoniqmaganlik hissimi, aybdorlik hissimi paydo boʻlardi. Lekin oʻsha vaqtlarda bizlarning aksariyat koʻpchiligimiz shunday boʻlganmiz.

Bekach uyidan kam chiqardi. Uydan ketgan vaqtlarida bizni – meni va qizini yolgʻiz qoldirardi. Bu tasodifmidi yoki atayin qilinarmidi – buni bilmayman. Buni gapirish sal gʻalatiroq boʻlsa-da, lekin bekachni kuzatar ekanman, nazarimda, u meni va qizini yaqinlashtirishni istayotgandek edi. Baʼzan u gina qiladigan hollar ham boʻlardi, bu esa menga yoqmasdi.

Uning menga boʻlgan haqiqiy munosabatini bilishni istardim. Mantiqiy nuqtai nazaridan u menga qarshidek tuyulardi. Lekin amakimning meni aldagani hali yodimdan chiqmagani uchun, dilimda yana shubhalar paydo boʻldi. Men bekachning xatti-harakatlarida nima samimiy va nima ayyorlik ekanligini aniqlashga harakat qilardim. Bir toʻxtamga kelishga ikkilanardim. Ikkilanganim ham mayli, nimaga u oʻzini bunday tutayotganligiga hech aqlim yetmasdi. Sababini aniqlashga harchand urinmay, buni bilolmasdim; aniqlay olmagach, butun aybni ayol boʻlgani uchun uning zimmasiga yuklab tinchlanardim. U ayol boʻlgani uchun shunaqa, ayol kishi esa har holda oqil boʻlmaydi. Fikrlarim rivojlanib, muqarrar tarzda shu xulosaga kelardim. Ayollarga nisbatan bunday mensimay munosabatda boʻlsam-da, qizga bunday qilolmasdim. Mening barcha fikrlarim uning oldida oʻz mantigʻini yoʻqotar edi.

Men qizga nisbatan eʼtiqodga yaqin boʻlgan muhabbatni xis qilardim. Qizga nisbatan faqat dinda qoʻllanadigan soʻzlarni ishlatganim balki sizga gʻalati boʻlib tuyular, ammo men hozir ham shunga qatʼiy ishonaman. Qizning yuziga qaraganimda goʻyo oʻzim ham chiroyli boʻlib borayotgandek edim. Shu qiz haqida oʻylaganimda kayfiyatim ham koʻtarilardi. Agar muhabbat deb ataluvchi oʻsha erishib boʻlmaydigan narsaning ikki uchi boʻlsa, uning yuqoridagi uchida muqaddas tuygʻu, pastkisida esa – jinsiy mayl joylashgan boʻladi. Mening muhabbatim soʻzsiz yuqorigi uchida edi. Albatta, men har qanday inson kabi vujuddan ajrala olmasdim. Ammo bu qizga qarab turuvchi koʻzlarim, bu qiz haqida oʻylayotgan qalbim, vujudning mayllaridan yuqori turardi.

Onasiga nisbatan qarama-qarshi hissiyotlarim bilan bir qatorda, qiziga boʻlgan muhabbatim tobora ortib bormoqda edi, uchalamiz oramizdagi munosabat dastlab kelgan vaqtdagiga nisbatan ancha chigallashdi. Bu oʻzgarish tashdan qaraganda bilinmasdi. Shu vaqt ichida onasining munosabatini men notoʻgʻri tushunib yurmaganmikanman, degan shubha tugʻildi. Onasining menga munosabati baribir samimiy, degan toʻxtamga keldim. Boshqacha aytganda, meni qizi bilan yaqinlashtirishga harakat qilishni istash bilan bir vaqtda, meni ogohlantirar ham edi, ammo shunday paytlarda u nafaqat oʻz niyatini unutar, balki bizni yaqinlashtirishdagi harakatlarini davom ettirardi. Men uning harakatlarini bizning xufyona uchrashuvlarimizda chegaradan chiqmasligimizni istaydi, deb tushuntirardim. Mening fikrimcha, uning xavfsirashlari bekor, qizi borasida yomon oʻylarga bormagan edim. Shundan soʻng onasiga nisbatan mendagi noxush hissiyotlar yoʻqoldi.

 

XIV

 

Bekachning xatti-harakatlarini har tomonlama solishtirib, bu uyda ishonchga sazovor ekanligimga amin boʻldim. Avval-boshdanoq shunday boʻlganimning isbotini koʻrdim. Bu kashfiyotim odamlarga qandaydir ishonchsizlik bilan qaraydigan qalbimda gʻalati bir his uygʻotdi. Men erkakka nisbatan ayol hissiyotlarga boyroq boʻladi deb oʻylardim. Aynan shuning oqibatida ayol erkak tomonidan aldanishi mumkin. Onasi haqida shunday fikrda boʻlsam-da, qiziga samimiy edim. Hozir bu menga kulgili boʻlib tuyuladi. Chunki men odamlarga ishonmaslikka ont ichgan edim, oʻzim esa shu qizga mutlaqo ishonardim, chunki onasi menga ishonganini gʻayrioddiy hol deb hisoblar edim.

Men ularga oʻz yurtim haqida uncha koʻp soʻzlab bermaganman. Xususan yaqinda boʻlib oʻtgan voqea haqida hech narsa demadim. Hatto xayolimga bu toʻgʻrida tasodifiy bir fikr kelsa ham noxush bir his paydo boʻlardi. Men imkon qadar bekachning hikoyalarini tinglashga harakat qilardim. U esa paytdan foydalanib, mening yurtimda ahvol qandayligini bilishga intilardi. Oxir-oqibat men ularga barchasini soʻzlab berdim. Men endi uyimga bormasligimni, borsam ham u yerda ota-onamning qabridan boshqa hech narsam yoʻqligini aytganimda, onasi hayajonlanib ketdi, qizi esa xatto koʻziga yosh oldi. Ularga aytib berib yaxshi qildim, degan fikrga bordim. Men xursand edim.

Men haqimda hamma narsani bilib olgach, uning taxminlari toʻgʻri chiqqaniga ishongan boʻlsa-da, buni ochiq aytmadi. Shundan keyin u men bilan yosh qarindoshidek muomala qila boshladi. Bundan jahlim chiqmadi. Bu hatto menga yoqardi. Lekin shu vaqt ichida menda yana shubha paydo boʻldi. Bu arzimasdek tuyulsa ham, dalillar toʻplangani sari vahima ham orta boshladi. Onasi, amakimning maqsadi kabi, oʻz qizi bilan meni yaqinlashtirmoqchi emasmikan, degan fikr urildi miyamga. Shu vaqtga qadar mehribon va xushmuomala boʻlib kelgan kishilar endi ayyor va nayrangboz boʻlib tuyula boshladi. Men alamimdan lablarimni tishlar edim.

Avval-boshdanoq bekach qizi ikkalasiga zerikarli boʻlgani uchun uyiga ijarachi qoʻyayotganini aytgandi, men ham shunday ekan deb oʻylagandim. Biz yaqinroq tanishib, ayol oʻzi haqida koʻp narsalarni soʻzlab berganidan keyin ham hech narsa oʻzgarmagan edi. Biroq uning mablagʻlari uncha koʻp emasdi, foyda koʻrish nuqtai nazaridan men bilan yaqinlashish ular uchun foydadan xoli emasdi.

Men yana sergak tortdim. Ammo qizini yaxshi koʻrib turib, onasidan hadiksirashim nimasi? Oʻz ustimdan oʻzim kulganim emasmi? “Ahmoq” deb oʻzimni koyir edim. Ammo bu yagona ziddiyat menga uncha azob bermasdi. Qizi ham onasiga oʻxshash nayrangboz emasmikan, degan shubha paydo boʻldi menda. Ikkalasi orqavarotdan til biriktirib, zimdan ish bitirishmayaptimikan? Shunda kayfiyatim juda tushib ketardi. Shunga qaramay, qizga qattiq ishonardim. Natijada ikki oʻt orasiga tushib qolib, bir narsa qilishdan ojiz edim. Unisi ham, bunisi ham men uchun taxmin va ayni paytda toʻliq haqiqat edi.

 

XV

 

Men avvalgidek universitetga maʼruzalarga qatnar edim, lekin kafedradagi odamlarning maʼruzalari qandaydir olisdan eshitilardi. Mashgʻulotlarda ham shunday edi. Yaqqol koʻrinib turgan bosma harflar yuragimga yetib kelmasdan, tutun kabi tarqalib ketardi. Boz ustiga, kamgap boʻlib qoldim. Oʻrtoqlarimdan ikki-uchtasi buni, meni yomon fikrlar ogʻushiga choʻmib yuradi deb tushunib, bu haqda boshqalarga ham aytibdilar. Men buni rad etishga harakat ham qilmadim. Odamlar shunday oʻylayotganlaridan men qaytaga xursand edim. Lekin baʼzan bu menga yoqmasdi va yomon kayfiyatim birdan yaxshilangani ularni hayratga solardi.

Uyimizda begonalar kamdan-kam boʻlardi. Bekachning qarindoshlari yoʻq edi. Qizining oldiga baʼzan maktabdosh dugonalari kelib turardi, ammo ular shunchalik sekin gaplashar edilarki, u yerda biror kimsa bor-yoʻqligi bilinmasdi. Mendan uyalishganidan shunday qilishlarini sezmasdim. Mening oldimga keladigan oshna-ogʻaynilarim ham shovqin-suron qilishmas, lekin ulardan birortasi ham uy egalaridan tortinmasdi. Bunday hollarda men ijarachi sifatida koʻproq uyning egasiga, qizi esa xizmatkorga oʻxshar edi. Buni men shunchaki esladim va buning suhbatimizga hech qanday aloqasi yoʻq. Bir narsani eslatib oʻtishim kerak: bir marta yo oʻrta xonada, yo qizning xonasida erkak tovushi eshitildi. Erkak mening mehmonlarimdan farqli oʻlaroq sekin gapirardi, shuning uchun gap nima haqida ketayotganini tushuna olmadim. Bu narsa menga tushunarsiz boʻla boshlagan sari, asabimni qoʻzgʻatardi. Men bir joyda oʻtira olmasdim. Kim u – qarindoshimi yoki shunchaki tanishimi? Yoshmi, qarimi? Oʻtirgan joyimda, albatta, buni bila olmasdim, turib toʻsiqni surishim va moʻralashim ham noqulay edi. Asablarim taranglashdi. Mehmon ketganidan soʻng uning kimligini soʻradim. Ona va qizning javobi qisqa boʻldi. Men qoniqmadim, lekin qoniqish uchun yana surishtirishga jurʼat qilmadim. Bunga mening haqim yoʻq edi. Mening yuzimda tarbiyamning natijasi boʻlmish obroʻni saqlab turuvchi bosiqlik hissi va shu bosiqlik hissiga qarshi kurashuvchi qiziqqonlik hissi barq urib turardi. Ularning ikkisi ham kulib yubordi. Ular ustimdan mazax qilib emas, balki doʻstona kulishdimi, yoki faqat menga xayrixohliklarini namoyish etib kulishdimi, tushuna olmadim. Hammasi tugagach, men baribir ichimda: “Seni ahmoq qilishdi”, dedim.

Men butunlay erkin edim. Shunday holatda edimki, oʻqishni tugatish yoki oʻrtasida tashlab ketish, qayerda yashash, kimga uylanish kerakligi toʻgʻrisida hech kimdan ruxsat soʻrashim shart emasdi. Bir necha bor bekach bilan qiziga uylanish toʻgʻrisida gap ochmoqchi boʻldim. Lekin har safar ikkilanib, jurʼat etmadim.

Menga rad javobini berishlaridan qoʻrqqanimdan emas. Garchi menga rad javobini berishsa, taqdirim qanday boʻlishini bilmasam-da, har holda shunday qilishga jurʼatim yetardi, u holda boshqacha holatga oʻtish va yangicha sharoitda yashash imkoni tugʻilardi. Meni goʻyo aldab qoʻlga tushirishgandek edi, menga shunisi yoqmasdi. Men uchun birovlarning qoʻliga tushib qolishdan yomoni yoʻq edi. Amakim meni aldagach, kelgusida nima boʻlgan taqdirda ham yolgʻonga uchmayman, deb qaror qildim.

 

XVI

 

Faqat kitob sotib olayotganimni koʻrib, bekach menga kostyum tiktirishni maslahat berdi. Haqiqatan ham qishloqda qogʻoz matodan tikilgan kiyimdan boshqa hech vaqom yoʻq edi. Oʻsha davrlarda talabalar hali boʻz matodan kiyimlar kiyishmasdi. Oʻrtoqlarim orasida iokogamalik savdogalardan boʻlgan bir oshnam bor edi va uning oilasi ancha boy yashardi. Bir kuni uyidan unga shoyi koʻylak yuborishdi. Bu koʻylakni koʻrib hamma uning ustidan kuldi. U uyalganidan nima qilarini bilmay, koʻylakni savatga uloqtirdi va boshqa kiymadi. Ammo unikiga odamlar toʻplanib koʻylakni majburlab kiydirishardi. Baxtga qarshi, koʻylakda bit paydo boʻldi, bundan xursand boʻlib ketgan oshnam, koʻylakni oʻrab, anhorga tashlab yubordi. Men u bilan sayr qilib yurgan edim, koʻprikda turib oshnamning qiligʻidan miriqib kuldim, – bunday qilish kerakmasligini aytish xayolimga ham kelmagandi. Bu vaqtga kelib ancha ulgʻayib qolgan boʻlsam-da, oʻzimga koʻchalik koʻylak tiktirishni bilmasdim. Men bir narsadan ajablanardim – oʻqishni tugatib, soqol-moʻylov oʻstirmagunimcha, kiyim-kechak haqida oʻylash kerakmas derdim. Shuning uchun bekachga menga koʻylak emas, kitoblar kerak, deb javob berdim. U qancha kitob sotib olayotganimni kuzatar va shularning hammasini oʻqiysanmi, deb soʻrardi. Sotib oladigan kitoblarim orasida lugʻatlar ham boʻlardi, men ularga birrovgina qarar edim va koʻpincha sahifalari ochilmasdan turardi. Shuning uchun unga nima deb javob berishni bilmasdim. Miyamga, kerakmas kitoblarni sotib olganimdan keyin, kerakmas koʻylak ham sotib olishim mumkin, degan fikr keldi. Bundan tashqari oʻzimga xarid qilish bahonasida qiziga ham belbogʻlik yoki koʻylaklik mato sotib olishim mumkin, degan fikrda edim. Shuning uchun hammasini bekachga qoʻyib berdim.

Bekach bir oʻzi bormay, qizi va men bilan birga borishini aytdi. Biz hozirgi talabalarga nisbatan boshqacharoq tarbiyalanganmiz, koʻchada yosh qizlar bilan birga yurishga odatlanmaganmiz. U paytlarda udumlarga rioya qilganimdan bir oz ikkilanib turdim-da, oxiri borishga jazm etdim.

Qiz yasanib oldi. Qizning oʻzi oppoq boʻlishiga qaramay, yuziga upa surtib oldi va yanada koʻproq koʻzga tashlanadigan boʻldi. Yoʻlimizda uchraganlar avval qizga qarashar, keyin nigohlarini men tomonga burishardi. Biz uchalamiz Nixonbashida boʻldik va kerakli narsalarni sotib oldik. Xarid vaqtida hali uni tanlab, hali buni tanlab, vaqtni choʻzib yubordik. Bekach meni atayin yoniga chaqirib maslahatlashardi. Baʼzan matoni qizining koʻkragiga tutib menga bir necha qadam naridan qarashimni buyurardi. Har safar men oʻz fikrimni aytishim, “Bu toʻgʻri kelmaydi!” yoki “Bu yaxshi”, – deyishim kerak edi. Qaytayotganimizda kechki ovqat mahali boʻlib qolgandi. Bekach minnatdorchilik sifatida meni kechki ovqat bilan mehmon qilmoqchi ekanini aytib, bizni Kaxaradon teatri yonidagi tor koʻchaga olib bordi. Koʻchaning oʻzi tor, ovqatlanadigan uycha ham tiqilinch edi. Men bu joylarni mutlaqo bilmas edim va bekachning bu joylarni bilishi meni taajjubga soldi. Biz uyga tunda qaytdik. Ertasiga yakshanba boʻlgani uchun men tong otguncha xonamda oʻtirib chiqdim. Dushanba kuni universitetga kelishim bilan oʻrtoqlarimdan biri ustimdan kula boshladi. U men qachon uylanib ulgurganimni goʻyo shunchaki soʻragandek boʻldi. Keyin xotinimni goʻzal ekan deb maqtadi. Chamasi, Nixonbashi boʻylab yurganimizda biror yerda bizga koʻzi tushgan, shekilli.

 

XVII

 

Uyga qaytgach, bu gaplarni bekach va qiziga soʻzlab berdim. Bekach kulib yubordi. Menga qarab turib:

– Sizga bu yoqmagandir? – deb soʻradi.

Shunda men oʻzimcha oʻyladim: nahotki xotinlar har doim erkaklarni shunday tergasalar? Bekachning yuzidan meni shunga ishontirishga urinishi koʻrinib turardi. Fikrimni unga aytsammikan, degan xayol oʻtdi koʻnglimdan. Ammo shubhalarim hali yuragimni toshday bosib yotardi. Endi aytaman deb turganimda birdan fikrimdan qaytib, gapni boshqa yoqqa burdim.

Men bularni xayolimdan chiqarib tashladim-da, qizining turmush qurishi borasidagi onaning fikrini bilmoqchi boʻldim. U bir-ikki marta aynan shu toʻgʻrida gap ochgandi. Ammo men hali yoshman, oʻqiyman va uylanishga oshiqmayapman deb javob bergandim. Bekach ochiq aytmasa-da, qizining husnini dildan qadrlar edi. Bir gal hatto istasa qizini erga berishi qiyin emasligi ogʻzidan chiqib ketdi. Lekin boshqa farzandlari boʻlmagani sabab qizini erga berishi oson emasdi. U chamasi qizini boshqa uyga erga berishini ham yoki ichkuyov qilishini ham bilmasdi. Bekach bilan suhbatlashib, undan koʻp narsani bilib olganimni his etdim, lekin natijasi shu boʻldiki, men qulay fursatni boy berdim. Men pirovard-natijada oʻzim haqimda bir ogʻiz ham soʻz aytolmadim va suhbatni bir amallab boʻlib, oʻz xonamga qaytmoqchi boʻldim. Shu paytgacha yonimda oʻtirgan qiz birdan xonaning boshqa burchagiga surildi va bizga orqa qilib oldi. Xonamga kirib ketish uchun oʻrnimdan turganimda uning oʻgirilib olgan jussasini koʻrdim. Bunaqada kishi fikrini bilib boʻlmaydi, shu bois hozir u nima haqda oʻylayotganini bilmasdim. Xonim devorga qilingan shkaf yonida oʻtirardi. Ochilib turgan eshigidan nimanidir olib, tizzasiga yoyib tomosha qilardi. Koʻzim javon chetida biz sotib olgan matoning bir chetiga tushdi. Mening kiyimlarim va qizning koʻylaklari shu jovonda turardi. Men oʻrnimdan turganimda bekach butunlay boshqacha ohangda mening fikrim qandayligini soʻrab qoldi. Uning soʻz ohangi shu qadar kutilmagan ediki, men qayta soʻrashga majbur boʻldim:

– Fikrim qanday? Nima haqida?

Qizini tezroq erga berish kerakmi yoki yoʻqmi, degan savolga men shoshilmagan maʼqul, deb javob berdim. Shunda oʻzi ham shunday fikrda ekanini aytdi.

Shunday boʻlib qoldiki, ona va qizi bilan boʻlgan munosabatimga yana bir erkak aralashishi kerak edi. Bu kishi oila aʼzosi boʻlgani tufayli, mening taqdirim keskin oʻzgardi. Agar bu odam hayot yoʻlimda koʻndalang boʻlib turmaganida edi, ehtimol sizga shu uzun xatni yozishimga ehtiyoj boʻlmasmidi. Tan olishim kerakki, bu uyga uni men oʻzim olib kirdim. Albatta, oldin bekachdan ruxsat olishim, barchasini undan yashirmay soʻzlab berishim va undan buni iltimos kilishim kerak edi. Shunda u menga bunday qilmasligimni aytar edi. Bu kishini uyimga olib kelishimga barcha asoslar bor edi va menga “qoldiring” degan bekachning hech narsadan xabari yoʻq edi. Shuning uchun men uning istagiga qarshi qilgan bu ishimni toʻgʻri deb hisoblardi.

 

XVIII

 

Men bu yerda mazkur oshnamni K. deb atayman. Biz K. bilan bolaligimizdan doʻst edik. Men “bolalikdan” degan boʻlsam oʻz-oʻzidan ayonki, biz hamyurtlarmiz. K. Sinsyu sektasi ruhoniysining ikkinchi oʻgʻli edi. Shuning uchun uni bir doktorga tutingan oʻgʻil qilib berishdi.

Mening yurtimda Sinsyu sektasi katta obroʻga ega boʻlgan, shuning uchun bu sekta ruhoniylarining moddiy ahvoli boshqalarga nisbatan birmuncha yaxshiroq edi. Misol tariqasida shuni keltirishim mumkin, agar bunday ruhoniyning balogʻat yoshiga yetgan qizi boʻlsa, diniy jamoa aʼzolari majlis qilib, uni biror munosib oilaga uzatar edilar. Albatta, barcha xarajatlar ruhoniy hisobidan boʻlar edi. Shu bois Sinsyu butxonalarida xizmat qilish yaxshi edi. K. tugʻilgan oila ham oʻziga toʻq yashardi. Biroq ikkinchi oʻgʻillarini Tokioga oʻqishga yuborishga qurblari yetmaganidanmi yoki birovga oʻgʻil qilib berishsa taʼlim olish osonroq boʻlganidanmi, har holda K. ni bir doktorning oilasi asrab oldi. Bu biz hali oʻrta maktabda oʻqib yurgan vaqtlarimizda sodir boʻlgan edi. Sinfda oʻqituvchi barchaning ismi sharifini oʻqib yoʻqlama qilayotganda K. ning ismi sharifi birdan boshqacha boʻlib qolganini eshitib, oʻshanda juda hayron boʻlgandim.

K. ning yangi oilasi ham oʻziga toʻq oila edi. Bu oiladan mablagʻ olib, u Tokioga ketdi va men joylashgan mehmonxonaga qoʻndi. Biz bir vaqtda ketmagan boʻlsak ham, u Tokioga kelgach, men yashayotgan mehmonxonada toʻxtadi. Oʻsha vaqtlarda koʻpincha xonada ish stollarimizni yonma-yon qoʻyib, ikki-uch kishidan yashar edik. Biz ham K. bilan bir xonaga joylashdik. Biz togʻdan tutib kelib qafasga solib qoʻyilgan va hammaga oʻqrayib qarab turadigan jonivorlarga oʻxshardik. Biz ikkimiz ham Tokiodan ham, tokioliklardan ham qoʻrqardik. Choqqina xonamizdan butun olamga oʻqrayib qarardik.

Ammo ikkimizning niyatimiz jiddiy edi. Ikkimiz ham buyuk odamlar boʻlib yetishishga harakat qilardik. Ayniqsa K. juda matonatli edi. U Budda ibodatxonasida tugʻilgan boʻlib, doim “oʻzini tiyish” degan soʻzni takrorlardi. Nazarimda, bu soʻzga u jon-jahdi bilan amal qilardi. Xayolan men uning oldida bosh egardim.

Oʻrta maktab davrlaridanoq K. turli diniy va falsafiy savollari bilan meni garang qilib qoʻyardi. Bu otasining yoki uning uyi, yaʼni ibodatxonadagi muhitning taʼsiri ostida sodir boʻlar edimi, buni bilmayman. Lekin u ruhoniylarga ularning oʻzidan koʻproq oʻxshar edi. Uni boqib olgan oila doktor boʻlib yetishish uchun uni Tokioga oʻqishga yubordi. Ammo u qaysarligi tufayli doktor boʻlmaslik niyatida uydan chiqib ketdi. Men undan bu tutingan ota-onangni aldash emasmi, deb soʻradim. U menga: “Ha, shunday, ammo bu “oʻz yoʻling” uchun zarur boʻlsa, hech farqi yoʻq”, – deb javob bergandi.

U oʻsha vaqtda aytgan “oʻz yoʻling” soʻzini oʻzi ham tushunmagan boʻlsa kerak. Men ham, albatta, buni tushunmas edim. Lekin bizning yoshimizda bu soʻz balandparvoz bir narsadek yangrar edi. Biz uni tushunmasak ham, ammo koʻtarinki ruhda edik va shu “yoʻl” boʻylab ketishga tayyor edik, buning hech qanday yomon tomoni yoʻq edi.

Men K. ning fikriga qoʻshildim. Uning uchun mening hamfikrligimning ahamiyati bormidi-yoʻqmidi, bilmadim. Oʻylaymanki, men qanchalik fikriga qarshi chiqmay, u baribir oʻz bilganicha ish tutardi. Lekin bola boʻlsam ham shuni tushunardimki, uni qanchalik qoʻllab-quvvatlasam, zimmamda shunchalik masʼuliyat boʻlardi. Oʻsha vaqtda buni anglamagan boʻlsam ham mayli, ammo endi katta yoshli kishining nigohi bilan ortga nazar tashlar ekanman, mening zimmamda ham alohida masʼuliyat yotganligini toʻliq tan olaman.

 

XIX

 

K. men bilan bir fakultetga oʻqishga kirdi. Tutingan oilasi yuborgan pulni xoʻmrayib qabul qilardi va oʻziga yoqqan yoʻldan borardi. U yerdagilar hech narsani bilmasliklaridan xotirjam edimi, yoki unga u yerdagilarning bilib qolishlari baribir edimi – chamasi K. ning qalbida u hissiyot ham, bu hissiyot ham bor edi. U bu masala borasida menga nisbatan befarqroq edi.

Birinchi yozgi taʼtilda K. uyiga bormadi. U Komagomedagi budda ibodatxonasida bir xonani ijaraga olayotgani va u yerda dars qilishini aytdi. Sentyabr oʻrtalarida men Tokioga qaytdim, u esa hamon Kannon ibodatxonasi yonidagi oʻz ibodatxonasiga qamalib oʻtirardi. Uning xonasi bosh mehrob yonida boʻlib, K. ning koʻrinishi oʻzi istaganicha ishlay olganligidan mamnun edi. Mening nazarimda uning hayoti tobora koʻproq ruhoniylar hayotiga oʻxshab ketmoqda edi. Bilagida tasbeh osilib turardi. Undan buni nima qilasan, deb soʻraganimda u barmoqlari bilan ishora qilib: bir, ikki… deb sanay boshladi. Chamasi, u kun davomida tasbehidagi halqachalarni bir necha marta sanar edi. Buning maʼnosi menga tushunarsiz edi. Bu halqachalarni har qancha sanasa ham boʻladi, buning oxiri yoʻq. K. qaysi joyda qanday fikrlar ostida tasbehni sanashdan toʻxtar edi? Bu unchalik muhim boʻlmasa ham, men bu toʻgʻrida koʻp oʻylardim.

Bundan tashqari K. ning xonasida Bibliyaga koʻzim tushdi. Bu hol meni bir oz taajjubga soldi, chunki ilgari undan koʻpincha turli buddaviycha oyatlarni eshitib turardim, ammo nasroniylik toʻgʻrisida hech qachon soʻzlashmaganmiz. Men undan Bibliyani uning xonasida qanday paydo boʻlganini soʻramasdan turolmasdim.

– Hech qanday sababi yoʻq, – deb javob berdi u, – odamlarga shuncha yangilik keltiradigan kitob bilan tanishib chiqish oddiy hol-ku.

Bundan tashqari, imkoni boʻlsa Qurʼon bilan ham tanishib chiqmoqchi ekanligini aytdi. Chamasi, Muhammad va hadislari uning uchun alohida mazmunga ega edi.

Keyingi yozda uyidagilarining talabiga koʻra u yurtiga ketdi. U yerga kelgach, oʻzining mutaxassisligi toʻgʻrisida ularga hech narsa demadi. Oliy maktabni tugatgan sizga bu tushunarlidir: jamiyatda talabalar xayoti, universitetdagi tartiblar toʻgʻrisida juda kam bilishadi. Siz bilan bizga tushunarli boʻlgan narsa universitet devori ortidagilar uchun mutlaqo tushunarsiz boʻlishi mumkin. Biz esa, universitet havosidan nafas oluvchilar, hamma universitet hayotidagi ahamiyatliyu ahamiyatsiz narsani bitta qolmay bilishi kerak, deb hisoblaymiz. Bu borada K. jamiyatimizni mendan koʻra yaxshiroq bilar edi. Qovogʻini solgancha K. yana Tokioga qaytdi. Men u bilan birga ketayotgandim, poyezdga oʻtirib ulgurmasimizdan men undan soʻradim:

– Xoʻsh nima gaplar?

– Hech gap yoʻq, – javob berdi K.

Uchinchi yoz men ota-onam qabri bilan bir umrga vidolashmoqchi boʻlgan yoz edi. Oʻshanda K. ni men bilan birga ketishga koʻndirishga harakat qildim, ammo u rozi boʻlmadi.

– U yerda har yili nima qilaman? – dedi u. U, chamasi, yana oʻz ishlari bilan mashgʻul boʻlgisi keldi.

Noiloj, Tokioga bir oʻzim ketdim. Yurtimda kechgan ikki oylik xayotim davomida taqdirimda katta oʻzgarishlar sodir boʻldi; men bu haqda yozgan edim, yana takrorlab oʻtirmayman. Hayajon, qalbimda mung bilan men sentyabrda yana K. bilan uchrashdim. Uning taqdirida ham shu kabi oʻzgarishlar sodir boʻlibdi. U oxir-oqibat otasiga uni aldaganiga iqror boʻlib xat yozganidan bexabar edim. “Boʻlar ish boʻlibdi, endi istagan yoʻlingdan borishdan oʻzga chora yoʻq”, deyishlariga umid bogʻlaganmidi. Har holda universitetga kirguniga qadar oʻzining tutingan ota-onasini aldash niyati boʻlmagan. Aldashga qaror qilib, u, chamasi, bu hol uncha uzoq davom etmasligiga ishongan.

 

XX

 

Xatni oʻqib, K. ning tutingan otasi qattiq gʻazablandi. U darhol oʻgʻliga ota-onasini aldaydigan bunday vijdonsiz oʻgʻilga oʻqish uchun pul yubora olmasligini yozib yuborgan. K. bu xatni menga koʻrsatdi. Yana oʻzining uyidan kelgan xatni ham koʻrsatdi. Unda ham oldingisidan battarroq ayblovchi soʻzlar bitilgan edi. Chamasi, tutingan oila oldida oʻzini aybdor deb his qilgani uchun oʻz oilasi ham uni pulsiz qoldirishini bildirgan. K endi oʻz oilasiga qaytish yoki tutingan oilada qolish masalasini hal qilishi kerak, hozir esa biror chora topish kerak edi, chunki oʻqish katta xarajatlar talab etardi.

Men K. dan bu borada biror rejang bormi, deb soʻradim, u menga kechki kurslarda dars berish niyati borligini aytdi.

U davrlarda yashash osonroq edi va hozirgiga nisbatan qoʻshimcha ishlar siz oʻylagandan koʻproq boʻlardi. Shu bois K. har qachon joyini topa olishini bilardim. Lekin, oʻsha vaqtda oilasining raʼyiga qarshi chiqib, oʻz bilganicha ish tutishga qaror qilgan K. ni qoʻllab-quvvatlaganim uchun men ham javobgar edim. Men endi qoʻl qovushtirib oʻtira olmasdim. Unga darhol moddiy yordam taklif qildim. K. uni rad etdi. Uning feʼli shunday ediki, ogʻaynisining yordamini qabul qilishdan koʻra oʻz mehnati bilan yashash osonroq edi. U menga universitetda oʻqiyotgan har bir erkak oʻz kunini oʻzi koʻrishi kerak, derdi. Men zimmamdagi masʼuliyatimni ado etaman deb uning nafsoniyatiga tegib qoʻyganimdan xijolatda edim. Shu bois uni oʻz holiga qoʻyib, boshqa aralashmadim.

Koʻp oʻtmay K. oʻziga ish topdi. Vaqtining qadriga yetadigan K. ga bu ish qanchalik yoqmasligini aytmasa ham boʻladi.

Men uning salomatligidan tashvishlana boshladim. U esa qaysar boʻlgani uchun faqat kulib qoʻyar va mening ogohlantirishlarimga eʼtibor bermasdi.

Shu orada uning tutingan oilasi bilan boʻlgan munosabatlari butkul buzildi, oʻta band boʻlgani sababli u menga ilgarigidek hammasini batafsil aytib berolmadi, pirovard-natijada nima sodir boʻlganligini bilolmadim; faqat shunisini bildimki, masalani hal etish tobora qiyinlashib bordi. Ularni yarashtirish uchun kimdir vositachi boʻlganidan ham xabarim bor. Bu odam K. ga yozgan xatida yurtiga kelishini yozgan, ammo K. buning barchasi befoyda deb javob qaytarib, kelmagan. Bu qaysarlik edi: oʻqishi tugamagunicha qaytmasligini taʼkidlagan; oilasining nuqtai nazaridan bu gʻirt qaysarlik edi. Tutingan oilasini oʻziga qarshi qoʻyib, u oʻz oilasining ham qahriga duchor boʻldi. Men uning uchun tashvishlandim va ikkala tarafni murosaga keltirishga urindim, ularga xat yozdim, lekin bundan hech narsa chiqmadi. Xatlarim javobsiz qoldi. Mening qattiq jahlim chiqdi. Shu vaqtgacha K. ga xayrixohlik bildirib keldim, endi esa toʻgʻrimi-notoʻgʻrimi butunlay uning tarafiga oʻtdim. Oxir-oqibat K. oʻz oilasiga qaytishga qaror qildi. Bu holda tutingan oilasining uning oʻqishiga qilgan sarf-xarajatlarini K. ning oilasi qoplashi kerak edi. Buning oʻrniga uning oilasidagilar, bilganini qilsin, bizga baribir, deyishdi. Ochigʻini aytganda, bu uydan quvilish demak edi. U oʻz ahvolini shunday tushundi.

K. ning tuqqan onasi allaqachon oʻlib ketgan edi. Ehtimol, feʼl-atvorining ayrim xususiyatlari aynan oʻgay ona tarbiyasining oqibatidir, – deb oʻylardim men, – oʻzining oilasi bilan munosabatlari butunlay uzilib ketmadi. Otasi ruhoniy edi – bu toʻgʻri. Ammo oʻz burchi borasidagi matonati koʻproq samuraylarga oʻxshardi.

 

XXI

 

K. bilan sodir boʻlgan voqealardan keyin men pochchasidan uzun xat oldim. K. bu odam tutingan oilasiga qarindosh boʻlishini, uni oʻgʻil qilib olishayotganlarida va undan keyin oʻz oilasiga kelib turgan chogʻlarida uning fikri hamisha muhim boʻlganini aytgan edi.

Xatda hozir K. ning ahvoli qandayligini xabar qilishim soʻralgandi. Imkon qadar tezroq javob berishim, opasi tashvishlanayotgani ham qoʻshib qoʻyilgandi. K. boshqa oilaga uzatib yuborilgan opasini ruhoniy akasiga qaraganda koʻproq yaxshi koʻrardi. Ular hammasi bir onaning farzandlari boʻlib, K. bilan opasining oʻrtasidagi farq uncha katta emasdi. Shuning uchun bolaligida uni oʻgay ona emas, balki mana shu opasi tarbiyalagan edi. Men xatni K. ga koʻrsatdim. U hech narsa demadi, faqat oʻzi ham opasidan ikki-uch marta shu kabi xatlar olganini aytdi. Bunday hollarda men haqimda tashvishlanmanglar, deb javob berardi. Baxtga qarshi, opasining oʻzida yetarlicha mablagʻ yoʻq edi va shu bois ukasiga qanchalik achinmasin, moddiy yordam berolmasdi. Men K. ning pochchasiga shu asnoda xat yozib yubordim. Biror kor-hol sodir boʻlsa, tashvish qilmasliklarini, men qoʻlimdan kelgan barcha narsani qilishimni yozdim. Buni qisman K. ning opasini biroz tinchlantirish uchun, qisman meni ham mensimaydigan tutingan va tugʻishgan oilalarining nafsoniyatlariga tegish uchun qilgandim.

K. oʻzining ismi sharifini qaytarib olganida universitetning birinchi bosqichida oʻqirdi. Shundan soʻng u deyarli bir yarim yilcha faqat oʻz kuchiga ishonib yurdi. Biroq oʻta ogʻir mehnat uning salomatligi va ruhiyatiga yomon taʼsir koʻrsatardi. Bunga ismi sharifini oʻzgartirish bilan bogʻliq boʻlgan holat ham sababchi edi. U asta-sekin taʼsirchan boʻla boshladi. Baʼzan unga dunyodagi barcha baxtsizlik yolgʻiz uning yelkasiga tushgandek tuyulardi. Uning yoʻlini yoritib turgan yogʻdu undan uzoqlashib borayotgandek edi. Oʻqiy boshlaganingda zimmangda biror ulkan narsa turganini, qandaydir yangi yoʻlga qadam qoʻyayotganingni his etasan, kishi. Shundan soʻng bir yoki ikki yil oʻtgach, oʻqish yakuniga yetayotgan bir paytda, bu yoʻldan juda sekin siljiyotganini bilib ruhi tushishi – bu odatdagi hol. K. ham boshqalar kabi xuddi shunday ahvolga tushdi, ammo uning intilishi boshqalarnikidan ancha kuchli edi. Nihoyat, uning ruhiy olamiga faqat bir narsa oro kirishi mumkin, deb oʻyladim.

Yotib olib mashq qilishni tashla, dedim unga. Bir oz dam olish uning kelajagi uchun ham foydali boʻlishini uqtirdim. Qaysarligi tutib, gapimga quloq solmasligiga koʻzim yetib turardi, ammo u bilan gaplasha boshlaganimda kutganimdan ham koʻproq harakat qilishim kerakligini angladim. U menga ilm uning bosh maqsadi emasligini aytdi. U irodasini chiniqtirmoqchi va kuchli inson boʻlmoqchi ekanini zoʻr berib taʼkidlardi. Shuning uchun imkon qadar riyozat chekishim kerak, degan xulosaga keldi K. Bundoq olib qaraganda, u gʻalati odam edi. Bundan tashqari, asablari ham ancha boʻshashgandi. Unga samimiy hamdardligimni bildirishdan oʻzga choram yoʻq edi. Oxiri men ham shu yoʻldan bormoqchi ekanimni aytdim (buni men bekorga aytmagandim. Gaplarini tinglagan sari uning qarashlarini chuqurroq his qila boshladim: uning soʻzlarida allaqanday sehr bor edi). Menda u bilan yashash va bitta yoʻldan birga qadam tashlash istagi paydo boʻldi. Xullas, uni oʻz uyimga koʻchirib olib keldim.

 

XXIII

 

Xonamning yonida qabulxonaga oʻxshash toʻrt boʻyra keladigan yana bir xona bor edi. U juda noqulay edi, chunki dahlizdan mening xonamga kirish uchun shu xonadan oʻtish kerak edi. K. ni shu yerga joylashtirdim. Avvaliga uni oʻzim bilan oʻsha sakkiz boʻyrali xonaga joylashtirmoqchi boʻlgandim, lekin uning oʻzi shu xonani tanladi, tor boʻlsa ham yolgʻiz turishimga qulay, dedi. Sizga aytganimdek, bekach avvaliga unga joy berishimga qarshi edi. Uning nazdicha, bu yer pansion yoki mehmonxona boʻlib, maqsadim tijorat qilish boʻlganida edi, albatta, bittadan koʻra ikkita, ikkitadan koʻra uchta mijoz yaxshiroq boʻlardi. Lekin unday maqsadim boʻlmagani sabab oʻzimni tiyganim maʼqul. Oʻrtogʻimga koʻp narsa kerakmasligini vaj qilib koʻrsatsam ham, u oilasiga feʼl-atvori nomaʼlum kishini kiritishga qarshi edi. Men unga, menga joy berganingizda bunday qilmagandingiz-ku, – dedim xafa boʻlib. Lekin u, seni bir koʻrishdayoq qanday odamligingni tushunganman, deb turib oldi. Men kinoyali kulib qoʻydim. Bu yerga yangi odamni olish sening oʻzing uchun yaxshi emas, deb vaj keltira boshladi u. Buning sababini soʻraganimda, u jilmayib qoʻydi. Sirasini aytganda, K. ni oʻz xonamga joylashtirish menga ham zarur emasdi. Men unga har oy toʻgʻridan-toʻgʻri pul bersam, u olmaydi, deb oʻylagandim. Bu borada u juda magʻrur. Shuning uchun uni oʻz xonamga joylashtirib, undan yashirincha ijara pulini ikkalamiz uchun toʻlab yuraman, degan fikrda edim. Ammo K. ning moddiy ahvoli toʻgʻrisida bekachga biror narsa deyishni istamasdim. Men bekach bilan K ning salomatligi toʻgʻrisida soʻzlashdim. Uni yolgʻiz qoldirsam ahvoli yomonlashadi, dedim. Bunga qoʻshimcha qilib uning tutingan oilasi bilan munosabati yomonligini, oʻz oilasi bilan munosabati butunlay uzilganini, uni yoqtirganim uchun oʻz xonamdan joy berayotganimni aytdim. Shu maqsadda men bekach va uning qizidan ham unga iliq munosabatda boʻlishlarini iltimos qildim. Nihoyat, men bekachni koʻndirdim. K. ning oʻzi bularning barchasidan bexabar edi. Shunday qilsam yaxshi boʻladi deb hisobladim va koʻchib kelganida uni hech narsa boʻlmagandek qarshi oldim.

Bekach va qizi uning narsalarini sarishtalab joylashtirishdi. Mening hurmatim uchun shunday qilishayotganini bilardim va K. ilgarigidek qovogʻi soliq boʻlganiga qaramay, ichimda xursand edim. K. dan, yangi joyda ahvoling qalay deb soʻraganimda, u “boʻladi” deb javob qaytardi. Shu kungacha yashab kelgan uyining derazasi shimolga qaragan boʻlib, undan mogʻor hidi kelardi. Yeydigan ovqati ham xonasiga monand edi. Mening uyimga koʻchib kelishi – qorongʻu oʻradan baland daraxtga chiqib olishdek gap edi. Buni hech kimga aytmagani qisman oʻjarligidan, qisman – tarbiyasidan. U Budda dini eʼtiqodida tarbiyalangan, ovqat, kiyim-kechak va yashash sharoitidagi har qanday hashamatni salkam gunoh deb hisoblardi. Qadimgi Budda izdoshlari yoki nasroniy avliyolarining hayoti toʻgʻrisida koʻplab kitoblar oʻqigan, endi jismni ruhdan ajratish ilmini amalda sinay boshlagan edi. Men imkon qadar unga qarshi chiqmaslikka qaror qildim. Bu muz erib, iliq suvga aylanishi bilan K. ning oʻzi nima qilayotganini anglaydi, deb oʻylar edim.

 

XXIV

 

Men bekachning bunday munosabatini sezgandim va oqibatda ruhiy holatim yaxshilangandi. Xuddi shu usulni oʻrtogʻimda ham qoʻllamoqchi boʻldim. K. ning feʼli menikidan keskin farq qilishini ilgariroq bilib olgandim, lekin bu yerga koʻchib kelganimdan soʻng mening asablarim tinchlangani kabi, uni ham koʻchirib kelsam, koʻngli ozmi-koʻpmi taskin toparmikan, deb umid qilgandim.

K. menga qaraganda sabotliroq edi. Mendan ikki barobar koʻproq mashq qilardi ham. Bundan tashqari, u mendan koʻra qobiliyatliroq ham chiqdi. Oʻrta maktabda ham, Oliy maktabda ham K. mendan oldinda edi va u bilan hech nimada tenglasha olmayman, degan fikrga kelgandim. Ammo uni deyarli majburlab uyimga olib kelgach, narsalarning mohiyatini undan koʻra durustroq tushunishimga amin boʻldim. Nazarimda, u sabr-toqat va matonat oʻrtasidagi farqni tushunmaydigandek edi. Buni siz ham esda tuting. Inson tanasi kabi, ruhi va barcha qobiliyatlari tashqi kuchlar taʼsirida rivojlanadi va yemiriladi. Bundan tashqari, kuchlar tobora koʻpayib borishi zarur; ammo oʻylamay qadam bosilsa, notoʻgʻri yoʻlga kirib ketish xavfi tugʻiladi, buni nafaqat odamning oʻzi, balki boshqalar ham sezmay qoladi. Shifokorlar, inson meʼdasidan ham oʻlikroq narsa yoʻq, deydilar. Unga muttasil boʻtqa berib borilsa, keyinchalik qattiqroq ovqatni hazm qilish qobiliyatini yoʻqotadi. Shuning uchun ham unga turli ovqatlar berib, mashq qildirib turishni tavsiya qiladilar. Ammo bu – meʼda har narsaga koʻnikadi degani emas: tashqi taʼsir kuchi ortib borishi bilan ozuqa taʼsiriga qarshiligi ham ortib boradi. Meʼda kuchi susayib qolsa, nima boʻlishini bir tasavvur qiling-a. K. mendan ancha baland edi, ammo bunga sira eʼtibor bermasdi. Agar kishi oʻzini kulfatlarga koʻniktirsa, bora-bora ularni nazar-pisand qilmay qoladi, deb ishonardi. Har doim iztiroblar ichida yuraversang oxiri ular bezovta qilmay qoʻyadi.

K. bilan har suhbatlashganimda unga shuni tushuntirgim kelardi. Lekin u har doim qarshi chiqardim. Bilardim, u yana tarixiy shaxslar hayotidan misollar keltira boshlaydi va unga ular bilan oramizda katta farq borligini isbotlab berishim kerak boʻladi. Bunday hollarda u qoʻrqinchli boʻlib ketardi. U jon-jahdi bilan ilgari odimlardi. Uning feʼlini bilganim uchun sukut saqlashdan boshqa ilojim qolmasdi. Bundan tashqari, mening oʻylashimcha, boya aytganimdek, uning asablari joyida emasdi. Uni ishontirgan taqdirimda ham, u baribir hayajonlangan boʻlardi. U bilan bahslashishdan qoʻrqmasdim, ammo yolgʻizlik nimaligini bilganim uchun, oʻz doʻstimni bunday ahvolga solgim kelmasdi. Shu bois u menikiga koʻchib oʻtganidan keyin bir qancha vaqtgacha uni bezovta qilmadim. Faqat unga atrofdagi olam va osuda muhit qanday taʼsir koʻrsatayotganini kuzatib bordim.

 

XXV

 

Asta-sekin men K. dan yashirincha bekach va qizidan iloji boricha u bilan koʻproq suhbatlashishlarini soʻradim. Gap shundaki, ichimdagini topligi unga tekkan qargʻish ekaniga ishonchim komil edi. Nazarimda, ishlatilmay qoʻygan temirni zang bosgani kabi, uning qalbi ham xira tortib qolganday edi.

Bekach kulib, u bilan qanday muomala qilishni bilmayotganini aytdi. Qizi esa buni tasdiqlab, misol keltirdi. Qiz bir kuni undan soʻrabdi:

– Xibati[5]da koʻmiringiz bormi?

– Yoʻq, – javob beribdi K.

– Olib kelaymi? – davom etibdi qiz.

– Kerakmas, – rad etibdi K.

– Nahotki sovqotmayotgan boʻlsangiz?

– Sovuq, lekin koʻmir kerakmas.

Shu bilan gap tugabdi. Men buni eshitib, maʼyus iljayib qoʻydim.

Bu hol bahorda sodir boʻlgan, xibatida isinishga haqiqatdan ham zarurat yoʻq edi, lekin ularning K. bilan muomala qilishi qiyinligi toʻgʻrisidagi soʻzlarida jon bor edi.

Keyinchalik men imkon qadar ikkala ayol va K. ni oʻz atrofimda birlashtirishga harakat qila boshladim. Goh u bilan suhbat qurib oʻtirganimizda ona-bolani xonamga taklif qilardim, goh K. ni bekalar bilan yigʻiladigan xonaga sudrab borardim: barcha hollarda ularni nima qilib boʻlsa ham yaqinlashtirishga harakat qilardim. Albatta K. bularni yoqtirmasdi. U birdan turib xonadan chiqib ketgan, qancha chaqirmay, kelmasdi.

– Bu bemaʼni safsataning nimasi qiziq? – deb soʻradi u mendan bir kun. Men kulib yubordim, ammo dilimda K. meni yomon koʻrayotganini angladim. Maʼlum maʼnoda u meni yomon koʻrishga haqli ham. Uning nigohi oliyroq narsalarga qaratilgan edi. Buni inkor etmayman. Bu nigohlar qanchalik oliy narsalarga qaratilgan boʻlmasin, qolgan narsalar bu bilan muvofiqlashmasa, bamisoli qoʻl-oyoqsiz odam boʻladi-qoladi. Muhimi uni komil inson darajasiga koʻtarish kerak, deb hisoblar edim. Uning miyasi buyuk insonlar qiyofalari bilan qanchalik toʻlib-toshib ketgan boʻlmasin, oʻzi ularga yaqin borish u yoqda tursin, bit oʻldirish ham qoʻlidan kelmas edi. Uni komil inson darajasiga koʻtarish uchun uning aynigan qonini ayol kishidan taraladigan tarovat taʼsirida tozalashga urindim.

Asta-sekin bu urinishlarim naf keltira boshladi. Dastlab qoʻshilishi murakkabdek tuyulgan unsurlar asta-sekin qovushishga kiritdi. U oʻzidan tashqarida ham olam mavjudligini tushuna boshladi. Bir marta hatto menga murojaat qilib, ayollar unchalik nafratga sazovor emas ekan, dedi. Ilgari K., ayollar ham biz erkaklar bilan teng darajada maʼlumotli boʻlsalar ekan deb, talab qilar, bu xislatlarni topa olmagach, ularga nafrati kela boshlardi. Shu vaqtga qadar u barcha ayol va erkaklarga bir xil nigoh bilan qarar va jinsga qarab holat ham oʻzgarishini bilmasdi. Men unga, agar biz bir umr faqat bir-birimiz bilan aloqa qilganimizda edi, faqat bir toʻgʻri chiziq boʻylab harakatlangan boʻlardik, der edim. U buni maʼqullardi. Bu men maʼlum darajada bekachning qiziga qiziqib qolgan kezlarimda sodir boʻlgandi, shuning uchun bu soʻzlar ogʻzimdan oʻz-oʻzidan chiqib ketgandi. Ammo buning tub mazmuni haqida churq etmadim.

K. ning qalbi asta-sekin “eriyotganini” kuzatish men uchun hammasidan ham quvonchli edi. Men avval-boshdanoq shu maqsadda ishga kirishgan edim va muvaffaqiyatimdan quvonmay turolmasdim. Uning oʻziga bu haqda hech narsa demay, fikrlarimni bekach va qiziga bayon qildim. Ular ham mamnun boʻlgandek edilar.

 

XXVI

 

Biz K. bilan bir fakultetda oʻqir edik, lekin mutaxassisligimiz boshqa-boshqa edi. Shuning uchun uydan har xil vaqtda ketib, har xil vaqtda qaytar edik. Men undan ilgariroq qaytgan vaqtimda oʻz xonamga uning boʻsh xonasi orqali oʻtardim; undan keyin qaytgan vaqtimda u bilan salomlashib oʻtardim. Doim eshikni ochganimda koʻzini kitobdan uzib, menga qarardi. Shunda, albatta:

– E-ha, bu senmi? – der edi.

Men esa hech narsa demasdim, “ha, men” deb xonamga oʻtib ketardim. Bir kuni Kandada ishim chiqib qolib, uyga odatdagidan kechroq qaytdim. Tez-tez odimlab uyning tashqari eshigini sharaqlatib ochdim. Shu top qizning ovozi eshitildi. Bu ovoz K. ning xonasidan kelganini aniq eshitdim. Xonalar shunday joylashgan ediki, oʻrta xonadan keyin qizning xonasi kelardi, chapda esa K. ning xonasi va undan keyin mening xonam joylashgandi. Bu yerda anchadan beri yashayotganim sababli ovoz qayerdan kelayotganini aniqlashim oson edi. Men darhol tashqari eshikni yopdim. Qizning ovozi ham taqqa oʻchdi. Men botinkamni yechgunimcha – oʻsha vaqtlarda bogʻichli yevropacha botinka kiyib yurardim, – iplarini egilib yechib boʻlgunimcha hech kimning ovozi eshitilmadi. Menga bu gʻalati tuyuldi. Lekin odatdagicha K. ning xonasidan oʻtib ketishga shaylanib surilma eshikni ochganimda, ular ikkalasi ham shu yerda ekanini koʻrdim. K. odatdagidek:

– E-ha, bu senmi? – dedi.

Qiz ham oʻrnidan turmay men bilan soʻrashdi. Bu mening kayfiyatimga taʼsir qildimi, har holda ularning qisqacha soʻrashishlari menga erish tuyuldi. Men xonimga murojaat qildim:

– Oyingiz qayerda?

Savolimda hech qanday tagmaʼno yoʻq edi. Uy odatdagidan jimjitroq boʻlgani uchun bemalol soʻragandim. Bekach uyda yoʻq, xizmatkor ayol bilan bir yoqqa ketgan ekan. Natijada butun boshli uyda K. bilan bekachning qizi qolgan ekan. Men oʻylanib qoldim: bu uyda anchadan beri yashayman. Lekin bekach meni hech qizi bilan yolgʻiz qoldirmagan. Men yana xonimdan soʻradim:

– Biror muhim ishlar chiqib qoldimi?

U javob berish oʻrniga kulib yubordi. Boʻlar-boʻlmasga kulaveradigan ayollarni yoqtirmas edim. Bu odat balki barcha yosh qizlarga xosdir, buyogʻini bilmayman, ammo bekachning qizi koʻpincha bekordan-bekorga kulaverardi. Ammo mening yuzimni koʻrib, u ham jiddiy tus oldi va dedi:

– Yoʻq, arzigulik hech narsa emas, shunday, bir yumush bilan ketdi.

Ijarachi sifatida bundan ortiq gap soʻrashga haqqim yoʻq edi. Binobarin, indamay qoʻyaqoldim. Kiyimimni almashtirishga ulgurmasimdan, xizmaktor ayol bilan bekach qaytib kelishdi. Kechki ovqatga toʻplanadigan vaqt ham boʻldi. Men ularnikiga koʻchib kelgan kezlarimda menga begonadek muomala qilishardi: ovqatni xizmatkor ayol xonamga olib kirardi. Lekin vaqt oʻtib meni oʻzlari bilan ovqatlangani taklif qiladigan boʻldilar. K. biznikiga koʻchib kelganda, mening iltimosim bilan unga ham men kabi muomala qila boshladilar. Bunga minnatdorchilik sifatida men bekachga oyoqlari yigʻiladigan, yupqa taxtalardan yasalgan xontaxtacha sovgʻa qildim. Hozir bunday xontaxtachalarni har bir uyda uchratish mumkin, lekin u vaqtlarda butun oila bir dasturxon atrofida jam boʻlib ovqatlanmasdi. Men Tyanoidzu koʻprigi yonidagi yogʻoch jihozlar doʻkoniga atayin borib, oʻz didimga moslab xontaxtacha buyurtirdim. Uyda oʻtirib, men bekachdan bugun oziq-ovqat xarid qilish uchun shaharga oʻzi borishi kerakligini eshitdim, chunki baliqchi bugun oʻz vaqtida kelmagan edi. Bu – uyida ijarachilari boʻlgan bekach uchun tabiiy hol, deb oʻyladim.

 

XXVI

 

Oradan bir haftacha oʻtdi, men yana K. bilan qiz oʻtirgan xonadan oʻtishimga toʻgʻri keldi. Qiz menga koʻzi tushishi bilan yana kulib yubordi. Men, buning nimasi kulgili ekan, deb soʻrashim kerak edi, ammo indamay xonamga oʻtib ketdim. Bu orada K. ham har galgidek “E-ha, bu senmi?” demadi, xonim shu zahoti toʻsiqni surib, oʻrta xonaga oʻtib ketdi.

Kechki ovqat vaqtida u meni “gʻalati odam”, deb atadi. Bu safar ham mening gʻalatiligim nimadan iborat, deb soʻramadim. Men faqat onasi qiziga oʻqrayib qarab qoʻyganini koʻrib qoldim.

Kechki ovqatdan soʻng men K. bilan sayr qilgani ketdim. Biz butun botanika bogʻini aylanib, Tomidzaka qiyaligiga chiqdik. Sayr uchun bu anchagina uzoq yoʻl edi, shunga qaramay, biz juda kam gaplashardik. K. menga nisbatan kamgaproq edi. Men oʻzim ham sergaplardan emasdim. Shunga qaramay, sayr davomida iloji boricha uni suhbatga tortishga harakat qildim. Mening savollarim asosan biz yashayotgan oilaga tegishli edi. Men uning bekach va qiziga boʻlgan munosabatini bilishni istardim. Ammo K. mujmal javob berdi. Javoblari noaniq boʻlishi barobarida juda qisqa ham edi. Uning diqqatini goʻyo bu ikki ayol emas, oʻquv qurollari tortayotgandek edi. Bu voqea ikkinchi kurs imtihonlari arafasida sodir boʻlib, u haqiqiy talaba boʻlib koʻrinishga urinar edi. Bundan tashqari, Svedenborg toʻgʻrisida hech narsa bilmaydigan menday odamga u toʻgʻrida gapirib berib, meni hayratga solardi.

Biz imtihonlarni muvaffaqiyat bilan topshirib boʻlganimizdan keyin, bekach, oʻqishimizning atigi bir yili qoldi deb, xursand boʻldi. Yaqin orada qizi ham oʻquv kursini tamomlashi kerak boʻlib, bu uning yagona faxri edi. K. menga, qizlar maktabni tugatsa ham hech narsani bilishmaydi, degan edi. U chamasi qiz bola maktabdan tashqari bichish-tikish, musiqa chalish, gullarni parvarishlashni ham oʻrganishini hisobga olmas edi. Men uning soddaligidan kuldim-da, ayolning qiymati bunda emasligi toʻgʻrisidagi haqiqatni yana bir bor eslatib qoʻydim. U menga eʼtiroz bildirmadi. Lekin fikrimga qoʻshilmadi ham, nazarimda. Menga bu maʼqul boʻldi. Uning gap ohangida ilgarigidek ayollarga nisbatan nafrat bor edi. U chamasi ayollarni – men nazarda tutgan qizni bir chaqaga ham olmasdi. Hozir shularni eslasam, unda ayollarga nisbatan rashk qanchalar ildiz otib ketganini koʻraman.

Yozgi taʼtillar boshlandi, u bilan biror yoqqa dam olgani borsakmikan, deb koʻngliga qoʻl solib koʻrdim. U menga hech qayerga borishni istamasligini aytdi. Albatta, u hozirgi mablagʻiga hech qayerga bora olmasdi, lekin istagan joyiga borishga hech narsa toʻsqinlik qilmasdi, chunki men uni oʻzim birga olib ketmoqchi edim. Men undan nima sababdan istamasligini soʻradim, u hech qanday sabab yoʻqligini, shunchaki uyda qolib, kitob mutolaa qilish maʼqulroq ekanini aytdi. Ammo issiq kunda biror dalahovlidami, salqindami ishlash sogʻliq uchun foydali deganimda, u menga yolgʻiz ketaverishni maslahat berdi. Biroq uni uyda yolgʻiz tashlab ham ketolmasdim. Menga hatto K. va uy egalarining oʻzaro yaqinlashib borayotganini koʻrish ham yoqmasdi. Barchasi ilgari oʻzim reja qilgandek borayotgani ham bora-bora gʻashimga tega boshladi. Albatta, mening bu fikrim gʻirt ahmoqona edi. Oxiri natijasiz bahslarimizga bekach aralashgach, biz birga Bosyuga borishga qaror qildik.

 

XXVIII

 

K. ning boshidan hali unchalik koʻp voqea kechmagan edi. Men ham Bosyuda birinchi marta boʻlishim edi. Bu joylar toʻgʻrisida hech narsa bilmay, yoʻl oxirida kemadan tushdik. Chamasi, bu Xota qishlogʻi edi. Hozir u yerlar oʻzgarganmi-yoʻqmi, bilmayman, ammo oʻsha kezlarda bu haqiqiy baliqchilar qishlogʻi edi. Avvalambor hamma yoqda baliq isi anqib turardi. Qolaversa, dengizga kirishing bilan toʻlqinlar odamni bir zarb bilan qulatadi-da, koʻl-oyogʻingni shilib olasan. Oʻrningdan turishing bilan shiddatkor toʻlqinlar yana sudrab ketadi.

Menga bu narsa yoqmadi. Biroq K. bu borada lom-mim demadi. Har holda yuz ifodasi sira oʻzgarmasdi. Har gal suvga kirganida biror joyi lat yerdi. Nihoyat uni Tokiuraga borishga koʻndirdim. Tokiuradan Nagoga oʻtib ketdik. Ilgari bu sohillarda asosan talabalar dam olardi; bu yerda choʻmilishga qulay joylar koʻp edi. Koʻpincha biz K. bilan xarsang toshlar ustida oʻtirib, suvning rangi va dengiz tubini tomosha qilardik. Qoya tepasidan qaraganda suv, ayniqsa, chiroyli koʻrinadi. Shaffof toʻlqinlar orasida suzib yuruvchi shahar bozorlarida uchramaydigan mayda baliqchalarni koʻrib, olam-jahon zavqlanardik.

Shunda oʻtirib olib koʻpincha kitob varaqlardim. K. esa hech narsa qilmasdan jim oʻtirardi. Xayolga choʻmganimi, yoki shunchaki suvni tomosha qilyaptimi, yo boʻlmasa xayolida oʻzi istagan suratni chizchptimi, buni bilmasdim. Baʼzan unga qarab nima qilayapsan, deb soʻrardim. U qisqa qilib:

– Hech narsa, – deb javob qaytarardi.

Shunday paytlar miyamga, hozir yonimda oʻtirgan kishi K. emas, bekachning qizi boʻlib qolsa, qanday yaxshi boʻlardi, degan fikr kelardi. Bu ham mayli-ya, K. ham qoyada shunday narsalarni oʻylab oʻtirmaganmikan, degan shubha paydo boʻlardi dilimda. Bunday hollarda kitobni ochib oʻtirish istagi yoʻqolar, oʻrnimdan sapchib turib, ovozim boricha baqira boshlardim. Men xitoy dostonlari yoki yapon ashulalarini maromiga yetkazib aytishni bilmasdim, faqat yovvoyi odamlarga oʻxshab qichqirardim. Bir kuni men kutilmaganda K. ning yoqasidan tutib:

– Seni dengizga itarib yuboraymi? – dedim.

K. menga orqa oʻgirib:

– Yaxshi boʻlardi! Iltimos, itarib yubor, – dedi.

Men uning yoqasidan qoʻlimni boʻshatdim. K. ning asablari joyiga kela boshladi. Bunga qarama-qarshi tarzda endi mening asablarim taranglasha boshladi. K. mendan koʻra xotirjamroq ekanini koʻrib, unga havasim kelar, ikkinchi tomondan, bu menga yoqmasdi. U meni nazariga ilmayotgandek edi. Menga bu kibrdek tuyuldi. Shubhalarim bu kibr sababini ochib tashlashga undardi. Balki unda oʻzini kelajakka yetaklab boruvchi yorugʻlikka intilish istagi paydo boʻlgandir. Agar gap faqat shunda boʻlganida edi, oʻrtamizda toʻqnashuv sodir boʻlmasdi. Aksincha, uning uchun gʻam chekib qilgan harakatlarim natija berdi, deb xursand boʻlgan boʻlardim. Ammo uning xotirjamligi oʻsha qiz sababli boʻlsa-chi? Buni aslo kechira olmayman. Qanchalik gʻalati tuyulmasin, u mening bekach qiziga boʻlgan muhabbatimni sezmasdi. Tabiiyki, men ham buni atayin sezdiradigan harakatlar qilmasdim. U oʻz tabiatiga koʻra ziyrak emasdi. Bu jihatdan men xotirjam boʻlganim uchun ham uni uyimga koʻchirib kelgandim. Bu borada K. dan xavfsiramasa ham boʻladi, deb hisoblardim men.

 

XXXI

 

Oʻsha vaqtlarda men doim “insonga oʻxshagan boʻlish” degan soʻzlarni tilga koʻp olardim. K. menga, bu soʻzlar orqali oʻz nuqsonlaringni yashirishga harakat qilayapsan, derdi. Keyinchalik oʻylab koʻrsam, K. haq ekan. Lekin oʻsha vaqtda bunday deb oʻylashga fursat ham yoʻq edi, chunki men bu soʻzlarni K. ga oʻz fikrimni bayon etish uchun tilga olardim, umuman men unga muxolif munosabatda edim. Boz ustiga, men oʻz eʼtiqodimda qatʼiy turib olgandim. Shunda K. mendan, oʻzida “insonga oʻxshamaydigan” nimani koʻrayotganimni soʻradi. Men unga:

– Sen oʻzing insonga oʻxshaysan; hatto oʻta insoniysan ham. Ammo tilingdan insonga xos boʻlmagan soʻzlar chiqadi; shunda harakatlaring ham insonnikiga oʻxshamay qoladi, – deb javob berdim.

Mening soʻzlarimga K. faqat: “Men oʻz ustimda koʻngildagidek ishlayolmayman, shuning uchun odamlarga shunday koʻrinadi”, – dedi va gapimni inkor etishni istamadi. Men oxiri berk koʻchaga kirib qolganimdan koʻra koʻproq unga rahmim keldi. Shu zahoti bahsni toʻxtatdim. Uning gap ohangi ham tobora oʻz xayollariga choʻmib borayotganidan darak berardi. Mungli ovozda u, qadimgi odamlarni bilmaganimda edi, senga bunchalik hamla qilmasdim, dedi. K. gapirayotgan qadimgi odamlar, albatta, qahramon ham, mashhur kishilar ham boʻlishmagan.

Shu bilan ikkimiz gapimizni tugatib, uxlashga yotdik.

Ertasiga terga botib, yana sayoq savdogarlar kabi oyogʻimizni sudrab yurishda davom etdik. Biroq yoʻl boʻyi kechagi suhbatimiz qulogʻimdan ketmadi. Afsus-nadomatdan yuragim tilka-pora boʻlmoqda edi: kinoya bilan soʻzlamasam boʻlarkan derdim. “Insonga oʻxshagan boʻlish” kabi umumiy soʻzlarni ishlatish oʻrniga, unga hammasini ochiq-oydin gapirishim kerak edi. Toʻgʻrisini aytganda, men kashf qilgan bu soʻzlarning asil mohiyatini bekachning qiziga boʻlgan munosabatim tashkil etardi, shuning uchun uning quloqlarini quruq safsata bilan band qilish oʻrniga butun mohiyatni ochiq bayon etish oʻzim uchun manfaatliroq boʻlardi. Hozir tan olaman, oʻsha vaqtda birga oʻqishimiz asosida paydo boʻlgan doʻstligimiz maʼlum inersiyaga ega edi. Mana shu inersiyani bir zarb bilan toʻxtatib qoʻyishga irodam yetmadi. Buni oʻta takabburlik yoki manmanlik deb atash mumkin – unisi ham, bunisi ham toʻgʻri; lekin “takabburlik” va “manmanlik” soʻzlariga men ayricha maʼno beraman. Buni toʻgʻri anglasangiz, mamnun boʻlardim.

Quyoshdan batamom qorayib, Tokioga qaytdik. Qaytganimizda kayfiyatim butunlay oʻzgardi. “Insonga oʻxshagan boʻlish” yoki “insonga oʻxshamagan boʻlish” kabi sofizmlar miyamdan butunlay chiqib ketdi. K. ham oʻz navbatida vaʼzxonga oʻxshamay qoldi. Oʻylaymanki, shu vaqtda uning miyasida “Ruh” yoki “tana” kabi tushunchalar oʻrin olmagandi. Qishloq yigitlari kabi biz shaharga alanglab qarardik, u bizga juda band boʻlib koʻrinardi. Ryogokugacha yetib kelib, jazirama boʻlishiga qaramay, qovurilgan tovuq tanovul qildik. Shundan keyin K. Koisikavagacha yayov borishni taklif qildi. Men K. unga nisbatan jismonan baquvvat edim va shu bois darhol rozi boʻldim.

Uyga yetib kelganimizda, bekach bizni koʻrib, qoʻrqib ketdi. Ikkalamiz ham qorayib, jadal yurganimizdan ozib ham ketgan edik. Lekin bekach tetikroq koʻrinishimizni aytib, bizni maqtab qoʻydi. Qizga onasining bunday bir-biriga zid soʻzlari qiziq tuyulib kulib yubordi. Sayohatga joʻnashimidan avval uning bunday kulishi mening gʻashimga tegardi, ammo bu safar yoqimli chiqdi. Balki uni anchadan beri eshitmaganim uchundir…

 

XXXII

 

Faqat bugina emas – men qizda qandaydir bir oʻzgarish sodir boʻlganini sezdim. Uzoq safardan qaytgach, biz ikkimiz ham – odatiy hayotga kirishgunimizcha – hamma narsada ayollarning koʻmagiga muhtoj edik. Bekach bizning tashvishimizni qilayotganiga ajablanmasa boʻlardi; ammo qizi ham unga koʻmaklashar, hamma narsani oldin menga, keyin K. ga aytardi. Buni ochiq aytganda balki meni xijolatga qoʻygan boʻlardi. Oʻylaymanki, bu baʼzi hollarda hatto yoqmagan boʻlsa ham kerak. Lekin bu borada qizning harakatlari qatʼiyligi meni quvontirar edi. Qiz menga boʻlgan munosabatini shunday namoyon qilardiki, bu faqat mengagina ayon edi. Shu tufayli K. oʻz noroziligini namoyon etolmasdi, xotirjam edi. Ichimda gʻalaba nashidasini surardim.

Koʻp oʻtmay yoz tugab, biz yana universitetga oʻqishga qatnay boshladik. K. bilan ketish va kelish vaqtlarimiz har xil boʻlib, har birimizning, alohida dars jadvalimiz bor edi. Haftada uch marta men uyga K. dan keyin qaytardim, ammo xonasida endi hech qachon qizni koʻrmasdim. U menga har galgidek qarab qoʻyib, bir zaylda:

– E-ha, bu senmi? – deb qoʻyardi.

Mening javobim ham shunga oʻxshash edi.

Oktyabrning oʻrtalari edi, chamasi. Ertalab uxlab qolib, oʻqish libosimni kiyishga ulgurmay, darsga kimonoda borishimga toʻgʻri keldi. Xatto botinkamning ipini bogʻlashga ham fursatim qolmay, oyogʻimga getani ildimu uchib chiqib ketdim. Shu kungi dars jadvali boʻyicha men uyga K. dan ilgari yetib kelishim kerak edi. Uyga qaytib, eshikni sharaqlatib ochdim. Kutganimdek, uyda hech kim boʻlmasligi kerak edi. K. ning xonasidan uning ovozi qulogʻimga chalindi. Shu bilan birga qizning kulgani ham eshitildi. Menga odatdagidek poyafzalimni apil-tapil yechdim-da, tez dahlizga kirib, toʻsiqni surdim va K. ning xonasiga koʻz yugurtirdim. U odatdagidek oʻz stoli oldida oʻtirardi. Biroq qiz bu yerda yoʻq edi. Uning xonasidan qizning chiqib ketayotganini koʻrib qolarman deb oʻylagandim. Men K. dan nimaga buncha erta qaytganini soʻradim. U oʻzini yomon his qilganidan maʼruzalarni tashlab kelganini aytdi. Xonamga kirib oʻtirganimdan soʻng qiz choy olib kirdi. Bu safar u menga salom berdi. Qiz ayvondan oʻz xonasiga qarab ketdi. Lekin K. ning xonasi toʻgʻrisida toʻxtab, u bilan bir necha ogʻiz gaplashdi. Bu oldingi suhbatning davomiga oʻxshar, suhbatning boshini eshitmaganim uchun menga tushunarsiz edi. Shundan soʻng qizning xatti-harakatlari yana izga tushdi. Hatto K. bilan birga uyda boʻlgan vaqtlarimizda ham u koʻpincha ayvondan yurib kelib, K. ning xonasi yonida toʻxtar va uni chaqirardi. Baʼzan ichkariga kirar va u yerda uzoq qolib ketardi. Unga roʻznoma, kirxonadan yuvilgan kiyimlarini olib kelardi. Bir uyda yashovchi odamlar uchun bunday ishlar tabiiy hol edi; ammo qizga bir oʻzim egalik qilishni istaganim uchun buning barchasi menga gʻayritabiiy tuyulardi. Baʼzan u mening xonamni ataylab chetlab oʻtib, faqat K. ning xonasiga kirayotgandek boʻlardi. Nega K. dan bu uyni tark etishni talab qilmagansiz deb soʻrarsiz? Shunday qilganimda uni bu yerga qariyb zoʻrlab olib kelganimdagi maqsadga erishmagan boʻlardim. Men bunday qila olmasdim.

 

XXXIII

 

Bu voqea noyabrning yomgʻirli, sovuq kunlaridan birida boʻldi. Ivib ketgan paltoda har galgidek, tepalikka koʻtarilib, uyimga yetib keldim. K. ning xonasida hech kim yoʻq edi, lekin uning xibatisida hali koʻmir choʻgʻlari yalligʻlanib turardi. Men choʻgʻda qoʻllarimni isitib olmoqchi boʻldim va shoshilib xonam eshigini ochdim. Lekin mening xibatimda sovib qolgan kuldan boshqa hech vaqo yoʻq edi. Oʻzimni gʻalati his etdim. Qadam tovushlarimni eshitgan bekach kirib keldi. Xona oʻrtasida indamay turganimni koʻrib, egnimdagi paltomni yechdi va kimononi kiyishimga koʻmaklashdi. Sovqotayotganimni bilib, K. ning xibatisidan laxcha choʻgʻ olib kirdi. Men undan:

– K. qaytib keldimi? – deb soʻradim.

– Qaytib kelib, yana chiqib ketdi, – javob berdi bekach. Bu kungi dars jadvali boʻyicha K. mendan keyin kelishi kerak edi.

“Sababi nimada ekan?” – oʻyladim oʻzimcha. Bekach esa:

– Balki ishi chiqib qolgan boʻlsa kerak, – dedi.

Xonamda bir muddat kitob oʻqib oʻtirdim. Uy suv quygandek jim-jit edi. Men sovqotganimdan qishning yaqinlashib kelayotganini xis qildim. Kitobni yopib, oʻrnimdan turdim. Birdan shovqin-suronli koʻchaga chiqqim keldi. Yomgʻir tingan, ammo osmon qoʻrgʻoshindek qora edi. Har ehtimolga qarshi yelkamga yomgʻirpoʻshni ilib, toʻpxona ortidagi pastlikka tushdim. Bu koʻchalar hali qayta qurilmagan edi. Vodiyga tushishda janubiy qismni baland binolar butunlay toʻsib qoʻygan va oqava ariqlar tashlandiq ahvolda, koʻcha chilp-chilp loy edi. Ayniqsa Yanagi-tyo koʻchasiga chiqishdagi ensiz tosh koʻprik juda sirpanchiq edi. U yerdan hatto baland getada yoki etikda oʻtish ham qiyin edi. Uning eni bir-ikki fut[6]dan ortiq emas va undan yurish juda qiyin edi. Yoʻlovchilar bu yoʻlakdan turnaqator boʻlib yurardilar.

Shu tor yoʻlkada men K. ga toʻqnash keldim. Loy yoʻldan koʻzimni olmay ketayotganim uchun u bilan yuzma-yuz toʻqnashmagunimcha uni koʻrmadim. Yoʻlimni kimdir toʻsayotganini sezib, koʻzimni koʻtardim va shundagina uni koʻrdim.

– Qayerdan kelyapsan? – soʻradim undan.

– Ishlarim bor edi, – deb javob berdi u. Uning javobi odatdagi ohangda edi. Biz K. bilan shu tor yoʻlkada ajraldik. Shunda uning orqasida bir yosh qiz paydo boʻldi. Uzoqni yaxshi koʻra olmaganim tufayli uni darhol taniy olmadim, K. ni oʻtkazib yuborganimdan keyingina bu qizning yuziga qaradim – bu bekachimizning qizi edi. Men bundan bir oz taajjublandim. Qiz ham sal qizarib men bilan salomlashdi. Oʻsha vaqtlarda qizlarning soch turmagi hozirgidek emas, oldida osilib turmasdi, boshining oʻrtasida esa sochlar ilon kabi turmaklab qoʻyilardi. Men hayrat ichida qizning boshiga termulib turar ekanman, birdan ikkimizdan birimiz yoʻl berishimiz kerakligi esimga tushdi. Men bir oyogʻimni shartta loyga bosib, qizga yoʻl berdim. Shundan keyin men Yanagi-tyoga chiqdim va endi qayerga borishimni bilmay turib qoldim. Shunday kayfiyatda edimki, men uchun hech narsaning qizigʻi qolmagan. Yoʻlga qaramay har tomonga loy sachratib ketaverdim. Keyin shartta uy tomonga burildim.

 

XXXIV

 

K. dan bekachning qizi bilan birga borganmiding, deb soʻradim. U “yoʻq” deb javob berdi. Qiz bilan Masago-tyo koʻchasida tasodifan uchrashib qolganini va uyga birga qaytishganini aytdi. Men ortiq savol bermasligim kerak edi. Biroq ovqat paytida buni qizning oʻzidan ham soʻrab koʻrdim. Bunga javoban u menga yoqmaydigan qah-qahasi bilan uyni buzib yubordi va nihoyat, uning qayerga borganini oʻzing top-chi, deb taklif qildi. Oʻzi boʻlarim boʻlib turgani yetmay, qizning bunday betakallufligi oʻlganning ustiga tepganday boʻldi. Stol atrofida oʻtirganlar ichidan buni faqat bekach sezdi. K. xotirjam edi. Qizga kelsak, u buni ataylabmi yoki soddaligidan qilayotibdimi, bilib boʻlmasdi. Bekachning qizi yoshlarga xos boʻlmagan darajada fahmli, ammo unda barcha yosh qizlarga xos boʻlgan, men yoqtirmaydigan xislatlar ham bor edi. Bu yoqimsiz xislatlar K. biznikiga koʻchib kelgan paytlarda birinchi marta koʻzga tashlangandi. Buni K. ga nisbatan rashk deb bilish kerakmi yoki qizning menga nisbatan alohida munosabati deb qarash kerakmi – buni aniqlash qiyin edi. Hozir ham K. dan rashk qilayotganimni yashirmoqchi emasman. Men, ilgari ham bir necha marta taʼkidlaganimdek, sevgim ortida aynan shu hissiyot turishini juda yaxshi anglardim. Arzimagan narsadan ham bu hissiyotim junbushga kelishini koʻrish mumkin edi. Bu boʻlmagʻur narsamidi? Yoki rashk – sevgining ikkinchi pallasimikan? Uylanganimdan keyin bu hissiyot asta-sekin soʻnib borayotganini sezdim, muhabbat esa oʻzining dastlabki kuchiga hecham erisha olmasdi.

Menda bir fikr tugʻildi: qalbimni boshqa bir ayolga ochsammikan? Bekachning qiziga emas uning oʻziga! U bilan qizini menga berishi haqida ochiqchasiga gaplashib koʻrsammikan, deb oʻyladim. Ammo gaplashib koʻrishni kunda ortga suraverdim. Men irodasiz boʻlib koʻrinishim mumkin. Bu toʻgʻri, ammo olgʻa yurishga noqobilligim irodamning zaifligidan emas-da. Hali K. biz bilan boʻlmagan vaqtda, birovning gardaniga oʻtirish men uchun noqulay edi va bu hissiyot har qadamda toʻsqinlik qilardi. K. biznikiga koʻchib kelgach, qizning xayoli unda boʻlsa-chi, degan shubhadan boshim chiqmay qoldi. Agar uning qalbidan K. joy olgan boʻlsa, oʻz muhabbatimdan ogʻiz ochishga na hojat? – degan qarorga keldim. Men sharmanda boʻlib qolishdan qoʻrqmasdim. Men har qancha yaxshi koʻrmay, sevgilimning koʻngli boshqada boʻlsa, bunday ayol bilan hech qachon qovusha olmagan boʻlardim. Dunyoda shunday odamlar borki, oʻzlari sevgan ayollariga erishganlaridan qanoat hosil qiladilar; bu ayolning unda koʻngli bormi, yoʻqmi – unga baribir. Lekin bular oʻzga davr odamlari yoki sevgi nimaligini bilmaydigan noshudlardir. Oʻsha vaqtda shunday oʻylardim. Men, odam uylangandan keyin hammasi izga tushib ketadi, degan falsafaga hargiz qoʻshilmayman. Bir soʻz bilan aytganda, sevgi bobida balandparvoz xayollarga berilgan nazariyotchi va shu bilan birga sinchkov amaliyotchi ham edim.

Uzoq yillar davomida birga yashash davrida menda qizga barini aytib berish istagi bir necha bor paydo boʻlgan, ammo men buni atayin qilmagan edim. Menda bunday qilish nojoizligi toʻgʻrisidagi oddiy yaponcha qarashlar kuchli edi. Lekin meni toʻxtatib turadigan bugina emasdi. Men, yapon ayolining, ayniqsa yosh yapon qizining koʻnglidagini ochiq aytishga yuragi dov bermasligini oldindan bilardim.

 

XXXV

 

Shu sabablarga koʻra men na u tomonga na bu tomonga ham harakat qilaoladigan nogironga oʻxshardim. Shunday hollar boʻladiki, bemor yotgan joyida hamma narsani koʻra oladi-yu, ammo tana aʼzolarini iroda qilolmaydi. Baʼzan oʻzimni ana shunday his qilardim.

Bu orada eski yil tugab, yangisi boshlandi. Bir kun bekach K. ga oʻrtoqlaridan birortasini sheʼriy qarta oʻynashga chaqirishni taklif etdi. K., mening hech qanday oʻrtoq-poʻrtogʻim yoʻq, dedi. K. ning haqiqatan ham bironta chin oʻrtogʻi yoʻq edi. Koʻcha-koʻyda salomlashib yuradigan bir-ikkita tanishlari bor, lekin ularni hech qachon qarta oʻynashga chaqirmagan. Shunda bekach mendan iltimos qildi. Afsuski, bunday ermakka mening ham unchalik xohishim yoʻq edi, shuning uchun tayinli javob aytmadim. Biroq kech kirganida bekach va qizi men bilan K. ni oʻz xonalariga qoʻyarda-qoʻymay olib chiqib ketishdi. Uy jim-jit, chunki mehmon yoʻq, faqat uydagilargina yigʻilgandik. Bunday oʻyinlarga oʻrganmagan K. qoʻlsiz odam misoli edi. Men undan, oʻyinning barcha yuzta sheʼrini yoddan bilasanmi, deb soʻradim. K. unchalik yaxshi bilmasligini aytdi. Savolimni eshitgan qiz, meni K. ni yomon koʻrganidan shunday deyapti deb oʻyladi, chamasi. U K. ga ochiq-oshkora yordam qila boshlagani yaqqol koʻzga tashlandi. Aslida ular ikkalasi menga qarshi oʻynamoqda edi. Men raqiblarim bilan urisha boshladim. Baxtimga K. ning xatti-harakatlari hecham oʻzgarmadi. Oradan ikki-uch kun oʻtgach, ona-bola Itigayaga qarindoshlarinikiga ketishdi. K. bilan mening darslarim hali boshlanmagandi va biz uyda yolgʻiz qoldik. Mening kitob oʻqigim ham, aylanib kelgim ham kelmasdi, shu bois xibati yonida iyagimni qoʻlimga tirab, qimir etmay oʻtirardim. Yon xonadagi K. ning ham ovozi chiqmasdi. Uy shunchalik jimjit ediki, goʻyo hech kim yoʻqdek. Bu ikkalamiz uchun odatiy hol boʻlganidan ortiq eʼtibor bermadim.

Ertalabki soat oʻnlarga yaqin K. birdan toʻsiqni ochib, roʻparamda paydo boʻldi. Ostonada turib, nimalarni oʻylayapsan, deb soʻradi. Men oʻsha paytda hech nimani oʻylamayotgandim. Oʻylasam ham, faqat bekachning qizi haqida oʻylardim. Unga endi onasi ham kelib qoʻshildi; keyingi paytlarda bu masala yanayam chigallashib ketdi, chunki miyamning bir chetida men hecham qutula olmayotgan K. ham bor edi. K. bilan yuzma-yuz turib, yoʻlimda gʻov boʻlib turibsan, shuni oʻylayapman deb ochiq aytolmasdim, albatta. Unga ilgarigidek jim qarab turaverdim. Shunda u xonamga kirib, men isinib oʻtirgan xibati oldiga kelib choʻkdi. Men darrov xibatining chetidan tirsagimni olib, K. tomonga surib qoʻydim.

K. gʻalati ohangda bekach bilan qizi qayerga ketishganini soʻradi. Men xolasinikiga ketishgan boʻlsa kerak, deb javob qaytardim. Shunda u: “Xolasi kim?” dedi. Shunda u ham harbiy kishiga turmushga chiqqanini aytdim. “Ayollar odatda oʻn beshinchi sanadan keyin yangi yil sovgʻalari bilan yurishadi, bular nimaga erta ketishdi?” – deb soʻradi yana K. Men – “Bilmayman”, – deb qoʻya qoldim, xolos.

 

XXXVI

 

K. bekach va qizi toʻgʻrisidagi suhbatini hech tugatay demasdi. Oxiri men ham unga javob berib boʻlmaydigan savollar bilan murojaat qila boshladim. Oʻzimcha sarosimadan koʻra koʻproq taajjubni his qilardim. Shunga qadar u bilan har safar bu ayollar toʻgʻrisida gaplashganimda, uning ohangi oʻzgarayotganini sezardim. Nihoyat undan soʻradim:

– Nima sababdan aynan bugun ular haqida gapirayotibsan?

Shunda u birdan jim boʻlib qoldi. Lekin men uning lablari sezilar-sezilmas titrayotganini koʻrdim. K. tabiatan kamgap edi. Har safar biror nima demoqchi boʻlganida lablarining atrofi titray boshlardi. Goʻyo lablari qiyinchilik bilan ochilayotgandek; shuning uchun soʻzlarida ham qandaydir maʼno yashirinib yotganday boʻlardi. Uning lablariga qarab, hozir undan nimadir chiqishini his etdim. Lablari nimaga shaylanayotganini bilib boʻlmasdi. Mening hayratdan lol qolishim sababi shunda edi. Uning bu qadar jiddiy lablarini koʻring-u, bekachning qiziga qay ahvolda muhabbat izhor etishini, va men buni qanday tinglayotganimni bir tasavvur qiling. Goʻyo u meni sehrli tayoqcha bilan qotirib qoʻyganday edi. Men hatto lablarimni ham qimirlata olmadim. Shu turishimda dahshatli haykalgami yoki iztirobli haykalgami oʻxshardim, nima boʻlganda ham, haykal boʻlib qolgandim. Boshimdan tovonimgacha tosh yoki temirdan yasalgandek edim. Hatto nafas ham ololmayotgandim. Baxtimga bu hol uzoq davom etmadi. Bir zumdan soʻng men oʻzimni yana odam deb his qila boshladim va ichimda: “Barchasi tugadi! Vaqtni qoʻldan boy berdim”, deb oʻyladim.

Bundan buyon nima qilishim kerakligini umuman tasavvur qilolmayotgandim. Hatto oʻrnimdan turishga ham majolim yoʻq edi. Tosh qotib oʻtirarkanman, qoʻltigʻimdan yoqimsiz ter oqib tushib, koʻylagimni xoʻl qilayotganini xis etdim. K. hamon soʻzlardi. Uning soʻzlari menga ogʻir botgani yuzimdan koʻrinib turgandir ham. Buni xatto K. ham sezgan boʻlishi kerak, lekin u oʻzi bilan oʻzi ovora boʻlib, menga eʼtibor bermayotgandi. Uning butun suhbati bir xil ohangda kechardi. Qalbimning yarmi uni tinglasa, yarmi nima qilish kerak? – degan savolga javob izlardi. Men tafsilotlarni deyarli eshitmayotgandim, faqat uning ogʻzidan chiqayotgan tovushlar qalbimni larzaga solmoqda edi. Buning oqibatida men nafaqat iztirob chekardim, hatto vaqti-vaqti bilan dahshatga ham tushardim. Menda oʻzimdan kuchliroq boʻlgan raqibim oldida oʻziga xos qoʻrquv paydo boʻldi. K. gapirishdan toʻxtatgudek boʻlsa men bir ogʻiz ham soʻz aytolmasdim. Ushbu daqiqalarda oʻzim uchun nima yaxshiroq ekani toʻgʻrisida umuman oʻylamayotgandim: men unga ham qalbimni ochsammikan yoki barchasini sirligicha qoldirsammikan, derdim. Bir narsa deyishga majolim qolmagan, boz ustiga, oʻzi gaplashgim kelmayotgandi.

Tushlik vaqtida biz bir-birimizga qarama-qarshi oʻtirdik. Bizga oqsoch xotin xizmat qilardi. Men bu safar bemaza boʻlsa ham, suzilgan ovqatni paqqos urdim. Ovqatlanish asnosida bir-birimiz bilan deyarli gaplashmadik. Bekach bilan qizi qachon qaytishi ham bizga nomaʼlum edi.

 

 

XXXVII

 

Biz xonalarimizga tarqab ketdik va boshqa koʻrishmadik. K. ning xonasidan ertalabgidek sas-sado eshitilmayotgandi. Men ham oʻz fikrlarimga gʻarq boʻlgancha qimir etmay oʻtirardim. K. ga hammasini ochiq aytib berish kerak, deb oʻyladim. Ammo vaqt qoʻldan boy berilgandek tuyuldi menga. Nimaga boshidanoq uning gapini boʻlib, qarshi xujumga oʻtmadim? Buni katta xato deb oʻyladim. Hatto K. hammasini aytib boʻlganidan keyin ham unga bor gapni ochib-sochishim kerak edi, degan oʻy aylanardi boshimda. Ammo K. gapidan toʻxtaganida ham bu toʻgʻrida gapirish amri mahol edi. Men bu holni yengishga oʻzimda kuch topolmadim. Afsus va nadomatdan boshim gangib qolgandi. K. toʻsiqni surib, xonamga oʻzi kirib kelsa yaxshi boʻlardi. Nazarimda, ertalab menga kutilmaganda hamla qilgandek tuyuldi. Men K. ga javob qaytarishga tayyor emasdim va oʻzimcha ertalab qoʻldan boy berganlarimning barini endi qaytarib olishim mumkin deb umid qilardim. Shuning uchun bot-bot toʻsiqqa koʻz tashlardim. Biroq toʻsiq qimirlamay turar, K. ning xonasi ham jim-jit edi.

Jim-jitlik taʼsiridanmi, boshim gʻuvillay boshladi. “U xonasida oʻtirib olib nimalarni oʻylayapti ekan? – dedim-da, bundan oʻzim tashvishga tushdim. Odatda biz toʻsiqning har ikki tarafida oʻtirib, mana shunday ogʻzimizda talqon solib olardik, K. ning xonasi qanchalik jim-jit boʻlsa, uning borligi haqida shunchalik unutar edim. Bunga oʻrganib qolgandim va hozir boshimdan oʻtayotgan bu voqealar ruhiyatimga qanchalar yomon taʼsir etayotganini koʻrsatardi. Toʻsiqni ochib, uning oldiga oʻzim borolmasdim. Qulay fursatni kutishdan boshqa ilojim yoʻq edi.

Oxiri bunday harakatsiz oʻtirish jonimga tegdi. Bu yerda oʻzimni majburlab oʻtirishim uning xonasiga bostirib kirmasam boʻlmasligini anglatardi. Men oʻrnimdan turib ayvonga chiqdim. U yerdan oʻrta xonaga oʻtib, zarurat boʻlmasa ham choynakdan piyolaga suv quyib ichdim. U yerdan dahlizga oʻtdim. Shu tariqa atayin K. ning xonasi oldidan oʻtib, koʻchaga chiqdim. Albatta, boradigan joyim yoʻq edi. Lekin tosh qotib oʻtirishga ham toqat qolmagandi. Qayerga ketayotganimni oʻylamay, shaharda sargardon kezdim. Xayolim faqat K. da edi. Men K. ni oʻylamaslik uchun emas, balki yaxshiroq fikrlab olish uchun kezib yurardim. Avvalambor, uni tushunish juda qiyin: nima sababdan u menga birdaniga hammasini ochib soldi? Qanday qilib uning muhabbati shunchalik kuchayib ketdiki, bu haqda gapirmaslikning iloji boʻlmay qolsa? K. ning oʻzi qayerga gʻoyib boʻldi?

Bularning barchasi men uchun jumboq edi. Men uning irodasi kuchli ekanini bilardim. Uning jiddiyligi va oʻziga nisbatan talabchanligini ham bilardim. U bilan bundan keyingi munosabatimni aniqlashtirib olishdan oldin uning oʻzi toʻgʻrisida koʻp narsani bilib olishim kerak edi. Bu ahvolda u bilan kelgusida aloqani davom ettirish qiyin boʻlardi, nazarimda. Shaharni bemaqsad kezib yura-yura, oʻzimcha uni xonasida qimirlamay oʻtirganini tasavvur qildim. Qanchalik darbadar yurmay, ichimda qandaydir bir ovoz, “uni joyidan siljitishga kuching yetmaydi!” deb qichqirardi. Bir soʻz bilan aytganda, nazarimda u jodugardek edi. Ish shungacha borib taqaldiki, uning meni yomon koʻrishini umrimning oxirigacha his etamanmi, deb oʻylay boshlardim.

Uyga horib-tolib qaytib kelganimda, uning xonasi hamon suv quygandek jim-jit edi.

 

XXXVIII

 

Uyga qaytganimdan soʻng bir oz vaqt oʻtgach, riksha aravasining tovushi eshitildi. U paytlarda rezina shinalar boʻlmasdi va rikshalarning yoqimsiz gʻirchillashi uzoqdanoq eshitilardi. Arava uyimiz oldida toʻxtadi. Oʻttiz daqiqalardan keyin bizni kechki ovqatga chaqirishdi. Qoʻshni xonada ikkala xonimning bayram liboslari sochilib yotardi. Ikkalasi ham bizni kuttirib qoʻyish noqulay boʻlgani sababli kechki ovqatga yetib kelish uchun shoshilishganini aytishdi. Bekachning bu soʻzlari K. bilan mening bir qulogʻimizdan kirib, narigisidan chiqib ketdi. Stol atrofida oʻtirganimizda men qisqa luqmalar bilan cheklandim. K. esa mendan ham kamgaproq edi. Uyidan kam chiqadigan ikkala xonimning kayfiyati esa odatdagidan koʻtarinki edi. Shu bois bizning xatti-harakatlarimiz koʻzgat yanyada yaqqolroq tashlanardi. Onasi mendan soʻradi:

– Biror narsa boʻldimi?

Men bir oz mazam yoʻqligini aytdim. Oʻzi chindan ham tobim qochgandi. Shunda qizi K. ga savol berdi. U menga oʻxshab mazam yoʻq, deb javob bermadi. Shunchaki gapirishni istamayotganini aytdi.

– Nega gapirishni istamaysiz? – soʻradi qiz.

Shunda men qoʻrgʻoshinday qovoqlarimni koʻtarib, K. ga qaradim. U nima deb javob berishiga qiziqdim. K. ning lablari odatdagidek asta titray boshladi. Tashqaridan qaraganda u javob berishga qiynalyapti, deb oʻylash mumkin edi. Qiz kulib yubordi va:

– Siz biror oʻta jiddiy narsa haqida oʻylayapsizmi? – deb soʻradi.

K. ning yuziga qizil yugurdi.

Bu oqshom men odatdagidan barvaqtroq yotdim. Bekach mazam yoʻqligini aytganim uchun tashvishlanib, soat oʻnlarda qandaydir giyoh damlamasidan olib kirdi. Xonam qorongʻi edi. Bekach xayron boʻlib, surilma eshikni qiya qilib ochib qoʻydi. Mening xonamga K. ning xonasidan chiroq nuri qiyalab tushdi. K. hali yotmagan edi. Bekach bosh tarafimda oʻtirib, shamollab qolganimni va isinishim zarurligini aytib, damlamani uzatdi. Uning koʻz oʻngida buni ichishga majbur boʻldim.

Tun qoʻynida xayolga toldim. Oʻz-oʻzidan maʼlumki, miyamda hamon oʻsha fikr aylanardi, men hech narsaga erisha olmadim. Birdan xayolimga bir savol keldi: qoʻshni xonada K. hozir nima qilyapti ekan? Men ovozimni chiqarib, uni chaqirdim. K. shu zahoti javob berdi. U hali yotmagan ekan.

– Hali ham yotmadingmi? – soʻradim undan.

– Hozir yotaman, – qisqa javob keldi u yoqdan.

– Nima qilyapsan? – yana soʻradim men. Bu safar javob boʻlmadi. Buning oʻrniga devordagi javon eshigi ochilgani va yerga toʻshak solingani yaqqol eshitildi. Men yana soʻradim:

– Soat necha boʻldi?

K.:

– Birdan yigirma daqiqa oʻtdi, – deb javob berdi. Ortidan K. ning chiroqni puflab oʻchirgani eshitildi va butun uy qorongʻulikka choʻmib, jim boʻlib qoldi. Biroq sal oʻtmay koʻzlarim bu qorongʻulikka oʻrganib, hamma narsani aniq-tiniq koʻra boshladim. Men uyqu aralash yana K. ni chaqirdim. U shu zahotiyoq javob berdi. Shunda men ertalab undan eshitgan gaplarim haqida batafsilroq gaplashish istagim borligini aytdim. Albatta, bunday suhbatni toʻsiq ortidan davom ettirish niyatim yoʻq edi, undan faqat javob olmoqchi edim. Ammo men ikki marta chaqirganimda ham javob bergan K. bu safar odatdagidan koʻra pastroq ovozda istamaygina javob berdi:

– Mayli, keyinroq.

Men yana oʻylarimga gʻarq boʻldim.

 

XXXIX

 

K. ning bunday chala javobi uning ertasi kungi va, umuman, keyingi kunlardagi xatti-harakatida yaqqol oʻz aksini topdi. Bu yana shu masalaga qaytmoqchi ekanini bildirmasdi. Bunga qulay fursat ham boʻlmadi. Bekach va qizi kuni bilan uyda boʻlishardi va biz ular borligida gaplashib ololmasdik. Men buni yaxshi bilardim. Natijada u birinchi boʻlib gap boshlaydi deb, bunga tayyorgarlik koʻrib, agar imkon boʻlsa, gapni oʻzim boshlashga qaror qildim.

Shu bilan birga men indamay ayollarni kuzatardim. Biroq na onasining, na qizining xatti-harakatlarida biror oʻzgarish sezdim. Ularning xatti-harakatlari K. oʻz niyatini oshkor qilgunga qadar qanday boʻlsa, undan keyin ham shunday edi: u oʻz dilidagini faqat menga ochgan edi, qiz va uning onasi bu haqda hech nima bilishmasdi. Bu meni birmuncha tinchlantirdi. Shundan keyin ataylab emas, bunday fursat yuzaga kelganda gap ochgan maʼqul, deb oʻyladim-da, sabr qildim.

Hozir bular barchasi joʻngina sodir boʻlayotgandek tuyuladi, lekin qalbimdan kechgan tuygʻular dengiz toʻfoniga oʻxshardi: unda koʻtarilishlar ham, tushishlar ham boʻldi. K. ning qimir etmay oʻtirishiga qarab, buni goh unday, goh bunday talqin etardim. Ona va qizining xatti-harakatlarni kuzatib, ularning mendan koʻngillari qolmaganmikan? – degan shubhaga borardim. Nazarimda qalbimizda yashiringan oʻsha murakkab qurilmaning millari hozir siferblatda paydo boʻlib, kerakli raqamni koʻrsatadigandek edi. Gapning qisqasi, bir xil narsani men goh unday, goh bunday talqin etardim va oxir-oqibat yuqorida aytganimdek, tinchlanar edim. Aniqroq qilib aytganda, “tinchlanar edim” degan soʻzni bu yerda ishlatmasligim kerakmikan…

Shu orada universitetda darslar boshlandi. Oʻsha paytda maʼruzalarimiz bir vaqtda boshlanar, biz uydan birga chiqib ketardik. Toʻgʻri kelganda uyga ham birga qaytardik. Tashqaridan qaraganda, biz goʻyo ilgarigidek ahil-inoq, ammo har birimiz ichimizda oʻz oʻylarimiz bilan band edik. Bir kuni koʻchada kutilmaganda unga murojaat qildim. Birinchi soʻragan narsam shu boʻldiki, u dilini faqat menga ochdimi yoki ona bilan qiziga ham aytdimi? Uning javobiga qarab, bundan keyingi unga boʻlgan munosabatimni belgilashim kerak, deb oʻylardim. Savolimga javoban u mendan boshqa hech kimga ogʻiz ochmaganini aytdi. Men ichimda xursand boʻlib ketdim, chunki bu taxminim toʻgʻri boʻlib chiqqanidan darak edi. U mendan ayyorroq ekanligini yaxshi bilardim. Uning qalbida men singdira olmaydigan narsalar yashirinib yotardi. Ikkinchi tomondan, men unga negadir ishonardim. Garchi u oʻzining tutingan oilasini uch yil aldab yurgan boʻlsa ham. Unga boʻlgan ishonchim hecham susaymadi, aksincha, yanada ortdi. Azbaroyi shubhalanganimdan oʻzimcha uning javobi toʻgʻriligini butunlay tan ololmayotgandim.

Endi oʻz muhabbati borasida nima qilmoqchi ekanligini bilish uchun yana unga murojaat qildim. Faqat menga qalbini ochish bilan cheklanadimi, yoki biror qadam qoʻymoqchimi? Biroq u javob bermadi. Nigohini bir nuqtaga qadab, indamay odimlab ketdi. Men undan iltimos qildim:

– Hech nimani yashirma! Fikringni ochiq ayt menga.

Shunda u menga yashiradigan hech narsasi yoʻqligini aytdi. Ammo men bu javobdan qoniqa olmasdim. Men ham koʻchada turib olib hamma gapni aytasan, deb qistalang qilish notoʻgʻriligini tushunardim. Shu bilan suhbatimiz tugadi.

 

XL

 

Anchadan beri kirmay yurib-yurib, bir kun kutubxonaga yoʻlim tushdi. Keng stolning yarmigacha quyosh nuri tushib turgan joyga oʻtirib olib, yangi chet el jurnallarini varaqlay boshladim. Professor menga kelgusi haftagacha maxsus fan boʻyicha bir masalani yoritishimni topshirgandi. Oʻzimga kerak narsani hecham topa olmayotgandim va ikki-uch marta yangi jurnallarni olishimga toʻgʻri keldi. Nihoyat kerakli maqolani topib, uni oʻqishga kirishib ketdim. Shu vaqt stolning narigi tomonidan kimdir meni ohista chaqirdi. Boshimni koʻtarib qarasam, u yerda K. turardi. U stol osha egilib menga yuzini yaqin keltirdi. Bilasizki, boshqalarga xalal bermaslik uchun kutubxonada baland ovozda gaplashish mumkin emas, shuning uchun uning harakatlari boshqalarnikidan farq qilmasdi. Lekin meni bir gʻalati his chulgʻab oldi.

K. ovozini pastlatib soʻradi:

– Dars qilyapsanmi?

Men bir mavzuni hijjalayotganimni aytdim. Biroq u yuzimga tik qarab turaverdi. Yana oʻsha ohangda u bilan birga aylanib kelishimni soʻradi. Men, bir oz kutib tur, boraman, deb javob berdim. U, kutib turaman, deb qarshimdagi boʻsh stulga oʻtirdi.

Xayolim chalgʻib ketdi va ortiq mutolaa qila olmadim. Menga K. ning qalbini nimadir qiynayotgandek va u men bilan shu toʻgʻrida gaplashmoqchidek tuyuldi. Jurnalni yigʻishtirib, turishga chogʻlandim. K. xotirjam soʻradi:

– Tugatdingmi?

– Ahamiyati yoʻq! – javob berdim men.

Boradigan tayinli joyimiz boʻlmaganidan, biz Tatsouka-tyo koʻchasini kesib oʻtib, hovuz boʻyiga, u yerdan boqqa chiqdik. Shunda u dabdurustdan yana oʻsha masalada gap ochdi. Uning bu harakatlaridan keyin, meni atayin sayr qilishga olib chiqqan ekan-da, degan fikrga keldim. Shu bilan birga u men kutgan savollar borasida lom-mim demadi. Menga qarab, bu toʻgʻrida nima oʻylayotganimni soʻradi, xolos. Bir soʻz bilan aytganda, u shu topda oʻzi haqida qanday fikrda ekanimni bilishga intilardi. Bu unda paydo boʻlgan yangi xususiyat ekanligini payqadim. Men qayta-qayta aytgandim, u oʻzi haqida atrofdagilar nima deb oʻylashi toʻgʻrisida soʻraydigan darajada past ketmasdi. U shunday inson ediki, biror narsaga ishonsa, shuning uddasidan chiqishga oʻzida matonat topa olardi. Tutingan oilasi bilan boʻlib oʻtgan mojarodan keyin uning bu xususiyati qalbimda muhrlanib qolgandi, binobarin undagi bu oʻzgarishlar menga yaqqol koʻrinib turardi.

– Mening fikrim senga nega kerak boʻlib qoldi? – deb soʻradim K. dan.

Shunda u oʻziga xos boʻlmagan tushkun ohangda dedi:

– Shunchalik zaifligimdan uyalib ketaman; oʻzimni-oʻzim tushunmay qoldim, shu bois sening xolisona baholashingni istardim.

– Nimaga ikkilanib turibsan?

U dedi:

– Ortga chekinsammikan, yoki olgʻa yursammikan?

Men oldinga bir qadam tashladim.

– Agar istaganingda chekina olarmiding? – soʻradim undan. Shunda jim boʻlib qoldi. Faqat:

– Naqadar ogʻir! – deb qoʻydi uh tortib.

Haqiqatan ham uning iztirob chekayotgani yuzidan koʻrinib turardi. Bilmadim, agar gap shu qiz ustida ketmaganida edi, uning jaziramadan qaqrab ketgan yuziga bir tomchi suv tomizishdan qaytmagan boʻlardim. Men boshqalarga hamdard inson boʻlib tugʻilganimga ishonardim. Ammo hozir men oʻzgacha edim.

 

XLI

 

Burgut oʻljasidan koʻz uzmaganidek, men ham K. ni diqqat bilan kuzatar edim. Butun borligʻim – koʻzlarim, qalbim va vujudim bilan uning yonida sergak turardim. Aslida K. ning hech qanday aybi yoʻq, u men uchun kaftda turgandek ayonu oshkor edi. U biror ehtiyot choralarini koʻrmagandi. Men goʻyo uning qalʼasini himoya qiluvchi rejamni qoʻlidan tortib olgandek edim.

K. nazariya va amaliyot oʻrtasida adashib yurganini anglaganimdan soʻng, uni bir zarb bilan magʻlub qila olishimni ham tushundim. Men darhol uning ojiz nuqtasini topdim. Unga nisbatan qatʼiyatlilik va murosasizlik usulini qoʻlladim. Albatta, bu avvalambor mening usulim edi, ammo xatti-harakatlarimda muayyan hayajon ham bor edi, shuning uchun oʻsha damda oʻz ustimdan kulishga ham, xijolatni his qilishga ham fursat yoʻq edi.

Avvalambor unga shunday dedim:

– Oliy maʼnaviy kamolotga intilmagan shaxs – ahmoq.

Bu Bosyuda yurgan kezlarimizda K. ning menga aytgan soʻzlari edi. U menga oʻsha vaqtda qay ohangda aytgan boʻlsa, oʻziga ham oʻshanday ohangda aytim. Buni hech ham qasd olish niyatida aytmadim. Ammo, buni aytganimda qasd olishdan ham kuchliroq narsani nazarda tutdim. Bu ibora bilan men K. ning qarshisidagi muhabbat yoʻlini toʻsmoqchi edim.

K. Sinsyu sektasi ibodatxonasida tugʻilgan edi. Ammo u oʻrta maktabda oʻqib yurgan kezlaridanoq oʻz dinidan yiroqlashgandi. Men turli diniy taʼlimotlardan yiroq odamman va bu haqda fikr yurita olmasligimni ham bilaman; faqat dinning erkak va ayol oʻrtasidagi munosabatlarga boʻlgan qarashlari haqida soʻz yuritaman. K. azaldan “oʻzini tiyish” soʻzini yaxshi koʻradi. Men bu atamani shahvoniy ishtiyoqlarni yengish maʼnosida tushunardim. Lekin bir kuni bu haqda gap ochganimda, K. bunga yana qandaydir jiddiy maʼno yuklaganidan hayron qoldim. Uning birinchi qoidasi – Oliy maqsad yoʻlida barcha narsani qurbon qilish edi. Shuning uchun hissiyotlarini boshqarish yoki ularni yengish tabiiy narsa edi; hatto shahvoniy xohishlardan xoli muhabbat ham ushbu yoʻldagi toʻsiq hisoblanardi. Biz birga yashaganimizdan buyon undan bu mulohazalarni koʻp marta eshitgandim. Unga eʼtiroz bildirganimda yuzida afsuslanish ifodasi paydo boʻlar, menga achinishdan koʻra soʻzlarimdan nafratlanish koʻproq edi. Oʻrtamizdagi oʻtmish ana shunday edi; shu bois “kimda oliy maʼnaviy kamolotga intilish boʻlmasa – ahmoq”, degan soʻzlar unga ogʻir botishini bilardim. Biroq, yuqorida aytganimdek, bu soʻzlar bilan oʻrtamizda vujudga kelgan oʻsha oʻtmishni nari qilmoqchi emasdim. Aksincha, uni oʻzi toʻgʻri deb bilgan yoʻlga qaytarishga harakat qildim. Bunda u Oliy maqsadga erishadimi, samoga yetib boradimi – menga buning ahamiyati yoʻq edi. Men faqat u toʻsatdan hayot tarzini oʻzgartirishi mumkinligidan va shu bois manfaatlarim bilan toʻqnashishidan hadiksirardim. Qisqa qilib aytganda, soʻzlarim birgina xudbinligimning ifodasi edi.

– Kimda oliy maʼnaviy kamolotga intilish boʻlmasa – ahmoq, – men bu soʻzlarni ikkinchi marta takrorladim. Ular K. ga qanday taʼsir etarkan deb qarab turdim.

– Ha, ahmoq, – javob berdi K. – Ha, ahmoq.

K. joyida qimir etmay turib qoldi. Menga koʻzlarini tikdi. Beixtiyor seskanib tushdim. Shu damda u menga qoʻlga tushib qolgan va oʻzini himoya qilish maqsadida hamla qilmoqchi boʻlgan oʻgʻrini eslatdi. Ammo shunday boʻlsa-da, uning gapirishga chiranganini sezdim. Uning nigohini koʻrmoqchi boʻldim, ammo u koʻzini olib qochib, asta nari ketdi.

 

XLII

 

K. bilan yonma-yon odimlab borarkanman, uning ogʻzidan ne soʻzlar chiqarkin deb qulogʻim ding edi. Boshqacha qilib aytganda, goʻyo pistirmada oʻtirgandek edim. Oʻsha vaqtda uni aldashim ham mumkin edi, deb oʻylayman. Ammo mening ham vijdonim bor, agar shu vaqtda biror kimsa yonimga kelib: “Sen ablahsan”, deganida edi, men shu zahoti oʻzimga kelgan boʻlardim. Bu soʻzlarni menga K. ning oʻzi aytganida, ehtimo, uyatdan yonib kul boʻlardim. Lekin u meni ayblashga vijdoni yoʻl qoʻymasdi. Ha, u juda yaxshi odam edi. Men esa oʻsha damda koʻr edim va uning oldida bosh egishim kerakligini unutib, aksincha, bundan foydalanib qoldim. Uni magʻlub qilish uchun foydalandim.

Bir qancha fursat oʻtgach, K. mening otimni aytib chaqirdi. Men beixtiyor toʻxtadim. U ham toʻxtadi. Nihoyat, nigohlarimiz toʻqnash keldi. Uning boʻyi mendan baland boʻlgani uchun unga boshimni koʻtarib qaradim. Uning qarshisida goʻyo begunoh qoʻzi oldidagi qashqir edim.

– Bu gapni yigʻishtiraylik, – dedi u. Uning koʻzlarida, ovozida qandaydir maʼyuslik bor edi. Men javob qaytara olmadim. U yana takrorladi, lekin endi iltimos qilgandek edi:

– Shu gapni qoʻyaylik.

Shunda unga keskin javob qaytardim.

– Yigʻishtiramiz, yigʻishtiramiz… Uni men boshlaganim ham yoʻq. Uni boshlagan oʻzing emasmi?! Yigʻishtirishni istasang, yigʻishtiramiz, ammo bu haqda gapirishni bas qilganimiz bilan hech narsa oʻzgarmaydi. Qalbingdagi tuygʻularga xotima yasashga jurʼating yetmasa, eʼtiqodlaring nima boʻladi?

Shunday deb turib, uning baland qaddi-qomati nazarimda qisqarayotgandek va kichrayib borayotgandek tuyuldi. Doim aytib kelganimdek, u qaysar odam edi, lekin ikkinchi tomondan boshqalarga nisbatan ikki karra rostgoʻy edi. Unga oʻziga-oʻzi qarshi chiqqani uchun tanbeh berishganda, tinch tura olmasdi. Uni kuzatib turib, men asta-sekin tinchlana boshladim. Shunda u birdan soʻrab qoldi:

– Jurʼatmi? – unga biror nima deyishga ulgurmasimdan u qoʻshimcha qildi, – Jurʼatmi? Jurʼatim-ku bor, – u goʻyo oʻzi bilan oʻzi suhbatlashayotgandek edi. Bular bari goʻyo tushda boʻlayotgandek edi.

Biz boshqa gaplashmadik va uy tomon odimlab ketdik. Uyga qaytib kelib, stol atrofiga oʻtirganimizda, bekach nega kech qolganimizni soʻradi. Meni K. ning taklifi bilan Uenoda sayr qilganimizni aytdim. Bekach shunday sovuqda sayr qilganimizdan hayron qoldi. Qiz Uenoda biror gap boʻldimi, deb soʻradi. Men hech nima boʻlmaganini, shunchaki sayr qilganimizni aytdim. Odatda kamgap boʻlgan K. hozir umuman churq etmay oʻtirardi. Bekach unga gap qotsa ham, qiz kulsa ham indamay oʻtirdi, ovqatini yeb boʻlgach, mening turishimni ham kutmasdan, xonasiga kirib ketdi.

 

XLIII

 

U vaqtlarda “uygʻonish”, “yangi hayot” kabi soʻzlar yoʻq edi. Biroq K. ning yangi turmush tarziga mutlaqo intilmagani sababi, unda zamonaviy odamlarga xos gʻoyalarningda yoʻqligi emasdi. Uning oʻzi qadrlaydigan oʻtmishi boʻlib, shu tufayli ilgarigi “men”dan voz kecholmasdi. Shu oʻtmish tufayli u bugungi kungacha yetib keldi, desak xato boʻlmaydi. Oʻzi yaxshi koʻrgan insonga talpinmagani, uning sovuqqonligidan aslo dalolat bermaydi. U bir oz tin olib, ortga nazar tashlash zaruratini his qilardi, xolos. Oʻtmishi uni shu vaqtgacha intilgan maqsadi sari yoʻnaltirardi. Bundan tashqari u hozirgi odamlarda boʻlmagan sabot va matonatga ega edi. Men aynan shu ikki jihatdan uning qalbiga razm solishni istardim.

Qaytib kelganimizdan soʻng oqshomni nisbatan xotirjam oʻtkazdim. K. ning ortidan uning xonasiga yoʻl oldim, stoli yoniga oʻtirib, atayin turli mavzularda suhbat boshladim. Nazarimda, bu unga malol kelayotgandek edi. Mening koʻzlarimda esa chamasi hali ham gʻalaba uchqunlari porlab, ovozimda oʻzimdan mamnunligim bilinib turardi. U bilan birga oʻtirib, isinib oldim-da, oʻz xonamga kirib ketdim. Endi undan qoʻrqmasligimni his etdim.

Oradan koʻp vaqt oʻtmay uyquga ketdim. Lekin kimdir ismimni aytib chaqirib, uygʻotib yubordi. Koʻzimni ochib, qiya ochiq eshik yonida K. ning qora sharpasini koʻrdim. Uning xonasida chiroq hali oʻchmagandi. Toʻsatdan uygʻonganim uchun bir muddat nafasim ichimga tushib, unga qarab turdim.

Shunda K. mendan soʻradi:

– Uxlayapsanmi?

Uning oʻzi doim kech yotardi. Uning qora sharpasiga qarab, soʻradim:

– Senga biror narsa kerakmi?

K. hech qanday ishi yoʻqligi, hojatxonadan oʻtayotib, mening yotgan-yotmaganimni bilmoqchi boʻlganini aytdi. Yorugʻlik K. ning orqasidan tushayotgani uchun uning yuzini ham, koʻzlarini ham koʻrolmasdim. Biroq ovozi odatdagidan xotirjamroq edi. K. shu zahoti eshikni surib yopdi. Xonam zulmatga choʻmdi. Men yana koʻzlarimni yumib, uyquga ketdim. Boshqa hech narsa eslolmayman. Faqat ertasiga ertalab oʻtgan voqealarni xotirlab, hayron boʻldim. Hatto bu tushimda boʻlmaganmikin, degan xayolga ham bordim. Shuning uchun nonushta vaqtida bu haqda K. dan soʻradim. K. haqiqatan ham eshikni ochganini va ismimni aytib chaqirganini tasdiqladi. Nimaga bunday qilgani toʻgʻrisidagi savolimga tayinli javob bermadi. Aksincha, soʻnggi vaqtda qattiq uxlash-uxlamasligimni soʻradi. Menga buning barchasi bir oz gʻalati tuyuldi. Shu kuni maʼruzalarimiz bir vaqtda boshlanardi va biz uydan birga chiqdik. Kechagi voqayelarni oʻylab, yoʻlda undan yana shu toʻgʻrida surishtira boshladim. Ammo K. yana qoniqarli javob bermadi. Shunda men undan:

– Oʻsha masalada biror nima demoqchimisan? – deb soʻradim. K. qatʼiy javob berdi:

– Yoʻq.

Bu menga kecha Uenoda: “Bu gaplarni yigʻishtiraylik”, deb aytilgan soʻzlarni eslatdi. Bu borada K. oʻz qadrini bilardi. Kutilmaganda shu munosabat bilan u aytgan “jurʼat” soʻzini esladim. Men shu vaqtgacha eʼtibor bermay kelgan bu tovushlar toʻplami qandaydir kuch bilan ongimga taʼsir eta boshladi.

 

XLIV

 

Menga K. ning qatʼiyati juda tanish edi. U faqat shu birgina vaziyatda zaiflik qilganini ham bilardim. Bir soʻz bilan aytganda, men hammasini tushunardim va shu fursatni mahkam ushlab olganimdan magʻrurlanardim. Biroq u bir necha marta takrorlagan “jurʼat” soʻzini yana aytganda, gʻururim soʻnayotganini va ikkilana boshlayotganimni his etdim. Shunda, balki, buning unga unchalik ahamiyati yoʻqdir, deb oʻyladim. Men, u dilida barcha gumon, qaygʻu va iztiroblarni birvarakayiga bartaraf etishning soʻnggi vositasini asrab qoʻymaganmikan, degan gumonga bora boshladim. Uning “jurʼat” degan soʻzi yangicha maʼno kasb etmaganmikan? Agar oʻsha jurʼat nimadan iborat ekaniga yana bir bor xolisona nazar tashlaganimda edi, balki hammasi yaxshi boʻlarmidi. Baxtga qarshi, mening bir koʻzim koʻr edi. Men uning soʻzini shu qiz borasidagi keyingi qadam deb tushundim. Uning jurʼati, qatʼiyati muhabbat bobida ham namoyon boʻlmoqda, deb oʻyladim. Qalbim mening ham shunday bir toʻxtamga kelishim kerakligini aytib turardi. Endi bu chaqiriqqa javoban men oʻzimda jurʼatlilikni namoyon qildim. Men barcha ishni K. ga bildirmay, undan oldin hal etishga ahd qildim. Jimgina qulay fursatni poylay boshladim. Ikki-uch kun oʻtdi, lekin unday imkoniyat tugʻilmadi. Men uyda K. va qiz yoʻq vaqtda bekach bilan gaplashmoqchi boʻldim. Ammo har doim biri boʻlmasa, ikkinchisi xalal berardi. Men hayajonlanardim.

Oradan bir hafta oʻtgach, nihoyat toqatim toq boʻldi va men yolgʻondan oʻzimni kasalga soldim.

“Tur!” – der edi menga bekach ham, qizi ham, K. ning oʻzi ham, lekin men mujmal javob berib, soat oʻngacha koʻrpa-toʻshak qilib yotdim. Uyda K. ham, qiz ham yoʻqligiga ishonch hosil qilgachgina, oʻrnimdan turdim. Aft-angorimni koʻrib, bekach oʻzimni qanday his qilayotganimni soʻradi. Hatto yana bir oz yotishga koʻndirmoqchi, ovqatni xonamga olib kirmoqchi boʻldi. Ammo butunlay sogʻ boʻlganim uchun yotgim kelmayotgandi. Yuzimni yuvib, har galgidek oʻrta xonada ovqatlana boshladim. Bekach uzun xibatining naryogʻidan turib menga ovqat uzatardi.

Nonushtami yoki tushlikmi solingan idishni qoʻlimda ushlab, qanday qilib gap boshlasam ekan, deb oʻyladim, koʻrinishim haqiqatdan ham bemorga oʻxshardi. Ovqatlanib boʻlib, papiros chekdim. Stoldan turmaganim uchun bekach ham xibati yonidan ketishni noqulay sezdi. Xizmatkor ayolni chaqirib, stoldagi idishlarni yigʻishtirib olishni buyurdi. Oʻzi esa goh temir choynakka suv quyib, goh xibatining chetini artib, men bilan suhbatlashardi. Men undan biror yumush bilan bandmisiz, deb soʻradim. U “yoʻq” deb javob berdi.

Men u bilan bir oz suhbatlashmoqchi ekanimni aytdim.

– Nima gap? – deya bekach menga qaradi. Gap ohangim oddiy boʻlib, mening ahvolimni tushuntirguli holda emasdi. Unga aytmoqchi boʻlgan gaplarim boʻgʻzimda qolaverdi. Nima qilishimni bilmay, u yoq-bu yoqdan gapira boshladim va nihoyat: Yaqin kunlarda K. sizga hech narsa demadimi? – deb soʻradim. Bekach soddadillik bilan:

– Aynan nimani nazarda tutyapsiz? – deb soʻradi. Men unga javob bergunimcha yana: – U sizga biror narsa deganmidi? – dedi.

 

XLV

 

Men bekachga K. dan eshitganlarimni aytmoqchi emasdim, shuning uchun:

– Yoʻq, hech narsa, – deb javob berdim. Lekin shu zahoti yolgʻon gapirganimdan uyalib ketdim. Boʻlar ish boʻlgandi va K. menga biror arzigulik narsa demaganini, umuman gap u toʻgʻrisida emasligini bir amallab aytib qutuldim.

– Shundaymi? – dedi bekach va nima deyishimni kutib turdi. Men endi unga hamma gapni tushuntirishim kerak edi.

– Qizingizni menga bering, – dedim tomdan tarasha tushgandek.

Bekach men kutganimdek hayron boʻlmadi, – u chamasi bir narsa deyishga ojiz boʻlib, faqat menga indamay qarab turardi. Modomiki, dilimdagini aytib boʻlgan ekanman, menga qanday qarashlari endi meni tashvishlantirmasdi.

– Bering! Albatta bering! – dedim men. – Menga turmushga bering, – davom etdim.

Bekachning yoshi mendan kattaroq edi, menga nisbatan oʻzini ancha xotirjam tutdi.

– Sizga turmushga berishim mumkin, ammo hali erta emasmikan? – dedi u. Uning qiziga hoziroq uylanmoqchi ekanligimni aytganimda, u kulib yubordi.

– Yaxshilab oʻylab koʻrdingizmi? – soʻradi u. Unga qatʼiy ohangda birdaniga shunday toʻxtamga kelganimni aytdim. Shundan keyin yana bir-ikki savol-javob qildik, lekin nimalar deganim esimda qolmadi. Ammo boshqa ayollardan farqli oʻlaroq, bekach hamma narsani erkaklar kabi aniq tasavvur qiladigan ayol boʻlgani uchun, u bilan gaplashish oson edi.

– Yaxshi. Sizga qizimni beraman, – dedi u. – Garchi bizning hozirgi ahvolimizda “beraman” deb takabburlik qilish yarashmasa-da, iltimos, qizimni xotinlikka oling. Sizga maʼlumki, u kambagʻal, yetimcha qiz.

Endi bekachning oʻzi iltimos qila boshladi. Suhbatimiz qisqa va loʻnda boʻldi. U oʻn besh daqiqadan ortiq davom etmadi. Bekach hech qanday shart qoʻymadi. Qarindoshlar bilan gaplashishning ham hojati yoʻq ekan.

– Unga keyin aytamiz, yetadi, undan soʻrab ham oʻtirishning keragi yoʻq, – dedi bekach. Bu borada maʼlumotli boʻlganim uchun koʻproq rasmiyatchilik tarafdori edim. Qarindoshlarning roziligini olmasa ham boʻladi, ammo qizning roziligini olish kerak, deganimda, bekach:

– U rozi boʻlmasa berarmidim? – dedi.

Xonaga qaytgach, ish silliq koʻchdi deb oʻyladim va kayfiyatim gʻalati edi. Miyamga hatto qayoqdandir buning barchasi yaxshimikan, degan xayol ham keldi. Biroq birdan buning barchasi mening kelajagimni belgilashini angladim. Kun yarmida men yana oʻrta xonaga chiqdim va bekachdan bugungi gapimizni qiziga qachon aytmoqchi ekanini soʻradim. U:

– Menga farqi yoʻq, – dedi.

Bu borada mendan koʻra bekach erkakka koʻproq oʻxshardi. Men oʻz xonamga qaytdim. Shunda u meni toʻxtatib, agar istasam qizi bilan bugunoq gaplashishi mumkinligini qistirdi; qizi darsdan qaytishi bilan gaplashadi. Shunday qilgani maʼqulligini aytib, men xonaga kirib ketdim. Ammo, bu yerda qolsam, ona-bolaning suhbatini eshitib qolishimdan tashvishga tushdim. Oxir-oqibat men furajkamni kiyib tashqariga chiqib ketdim. Yoʻlda qizning oʻzini uchratib qoldim. Hech gapdan xabari yoʻq, meni koʻrib u hayron boʻldi. Furajkamni yechib, soʻradim:

– Uyga ketyapsizmi?

– Oʻzingiz tuzalib qoldingizmi? – deb soʻradi u savolimga savol bilan.

– Tuzaldim, rahmat, otdayman, – dedim-da, Suydobashi koʻprigi tomon yoʻl oldim.

 

XLVI

 

Sarugaku-chyo koʻchasidan oʻtib, Dzimbo-chyo koʻchasiga chiqdim va Koisikava tomonga burildim. Imari bu yerlarga doim eski kitoblar doʻkoniga kitob qarash maqsadida kelardim, ammo shu kuni kitoblarga qarash istagi menda umuman yoʻq edi.

Koʻchadan ketib borarkanman, uyda boʻlib oʻtgan voqeani oʻylardim. Qizuyga qaytgach, nimalar sodir boʻlishini tasavvur qildim. Bu ikki siymo goʻyo meni yetaklab ketayotgandek edi. Baʼzan oʻzim sezmagan holda koʻcha oʻrtasida toʻxtab qolardim. Shunda: “hozir bekach qizi bilan gaplashyapti” yoki “endi suhbat tugadi”, deb oʻylardim. Nihoyat, Manseybasi koʻprigidan oʻtdim va Myodzin ibodatxonasi yonidagi tepalikdan tushib, Xongo tepaligiga yetib keldim; u yerdan Kikudzaka tepaligidan tushib, nihoyat Koisikava vodiysiga chiqdim. Men bosib oʻtgan yoʻl uch mavzeni tashkil etardi. Uzoq sayr mobaynida biror marta ham K. ni oʻylamadim. Hozir oʻsha vaqtdagi holatimni eslasam, nega shunday boʻlganini mutlaqo tushunmayman. Faqat hayratlanaman.

Dahlizdan xonamga oʻtayotganimda birdan meni hijolat bosdi. K. har doimgidek stol yonida kitob oʻqib oʻtirardi. Har galgidek koʻzini kitobdan uzib menga qaradi. Ammo odatdagidek: “E-ha, bu senmi?” demadi. Buning oʻrniga:

– Sogʻligʻing qalay? Doktorga bordingmi? – deb soʻradi.

Shu topda uning oldida tiz choʻkib, kechirim soʻragim keldi. Bu koʻnglim boʻshligidan emasdi. Agar ikkalamiz keng dala oʻrtasida boʻlib qolganimizda edi, men shubhasiz vijdon amriga boʻysinardim va shu zahoti undan kechirim soʻrardim. Ammo uyda odamlar bor edi. Tabiiy intilishimni shu vaziyat toʻxtatib turardi. Baxtga qarshi, bu hol boshqa hech qachon takrorlanmadi.

Kechki ovqat paytida K. bilan yana toʻqnashdik. Hech narsadan xabari yoʻq u parishonxotir edi va koʻrinishidan hech narsani sezmagandek edi. Bekach esa odatdagidan quvnoqroq edi. Birgina men barchasini bilardim. Luqma tomogʻimdan bazoʻr oʻtardi. Qiz biz bilan oʻtirmadi, onasi uni chaqirganda, qoʻshni xonadan turib:

– Hozir, – deb javob qaytardi. K. hayron boʻlib soʻradi:

– Biror gap boʻldimi?

Bekach, qizim balki uyalayotgandir deb, menga qarab qoʻydi. K. yanada xayron boʻldi. “Nimadan uyaladi?” – deb surishtirishga tushdi u. Bekach kulib yana menga qaradi.

Stolga kelib oʻtirishim bilan bekachning yuziga qarab, masala nima bilan yakunlanganini tushundim. Ammo bu haqda mening oldimda K. ga gapira boshlashsa, bunga chiday olmasdim. Bekach ayol kishi boʻlgani uchun bunday narsalarga oddiy qarayotganidan tashvishda edim. Baxtimga K. boshqa gapirmadi. Har galgidan yaxshiroq kayfiyatda boʻlgan bekach meni hijolatga qoʻymaslik uchun gapni ortiq chuvatmadi. Erkin nafas olib, oʻz xonamga kirib ketdim. Lekin endi oʻzimni K. bilan qanday tutishim kerakligi borasida oʻylamasdan turolmasdim. Oʻzimni oqlash uchun turli bahonalar izlardim. Irodasizligim va pastkashligim tufayli hammasini K. ga oʻzim aytib berolmasligimni ham angladim.

 

XLVII

 

Ikki-uch kunni shu tariqa oʻtkazdim. Shu ikki-uch kun ichida K. tufayli chekayotgan vijdon azobim yuragimni qoʻrgʻoshinday bosib yotdi. Men biror narsa qilish kerakligini, aks holda yaxshi boʻlmasligini bilardim. Buning ustiga goh onasining, goh qizining endigi xatti-harakatlari dilimga nashtardek sanchilardi. Stol atrofida oʻtirganimizda onasi ogʻzidan gullab qoʻyishi hech gap emas edi-da. Qizining ham xatti-harakatlari K. da shubha uygʻotmaydi, deb boʻlmasdi. Binobarin, bu oilada men bilan yangi munosabatlardan K. ni xabardor qilish zarurati tugʻildi. Ammo men oʻzimni maʼnan zaifligimni tan olib, buni amalga oshirishim nihoyatda mushkul edi. Nima qilishimni bilmay, bekachdan hammasini K. ga aytib berishini iltimos qilsammikan, dedim. Albatta, bu mening yoʻqligimda boʻlishi kerak. Biroq buni bekach orqali ayttirganimda, nima uchun oʻzim aytmaganim toʻgʻrisida savol tugʻilardi. Buni bekachning zimmasiga yuklash onasi va qizi oldida oʻzimning zaifligimni oshkor qilish demak edi.

Shunday boʻlib qoldiki, halol yoʻldan yurishni istasam-da, baribir sirpanib ketib, ahmoqqa aylangan men boʻldim. Toʻgʻrirogʻi – razil kimsaga aylandim. Oʻrnimdan turib yurishda davom etishni istaganimda, atrofdagilar mening sirpanib ketganimni sezib qolishardi. Shunday boʻlsa ham, endi olgʻa yurishda davom etishim kerak edi. Men ikki istak orasida qolgandim, majruh insonga oʻxshardim…

 

XLVIII

 

Bekach bilan K. oʻrtasidagi suhbat ikki kun avval boʻlib oʻtgan edi. Shu vaqt ichida uning menga boʻlgan munosabati umuman oʻzgarmadi, shuning uchun uning xatti-harakatlaridan hech nima anglay olmasdim. Men: “Mayli, bu xatti-harakat shunchaki tashqi niqob boʻlaversin, baribir u tahsinga loyiq”, deb oʻyladim. Uni xayolan oʻzim bilan solishtirganimda, u yanada salobatliroq, mendan yanada balandroq boʻlib koʻrinardi. “Sen siyosatchi sifatida gʻolib chiqding, ammo inson sifatida magʻlubiyatga uchrading”. Ana shunday xissiyot qalbimni oʻrtar edi. Yolgʻiz qolganimda K. endi mendan nafratlanishi kerak deb hisoblab, uyatdan qizarib ketardim. Ammo uning oldida bunday sharmandagarchilik bilan bosh egib turishga gʻururim yoʻl qoʻymasdi.

Nima qilishimni bilmay, ertasi kunni kutishga qaror qildim.

Shanba kuni kechkurun edi. Odatda men boshimni sharqqa qoʻyib yotardim, lekin shu kuni kunbotarga qoʻyib yotdim. Kechasi bosh tomonimdan esgan shamoldan uygʻonib ketdim. Koʻzimni ochib, oʻsha yomgʻirli oqshomdagi kabi xonalarimizni ajratib turuvchi eshikning ochilib ketganini koʻrdim. Tirsagimga tiranib turdim-da, K. ning xonasiga moʻraladim. K. ning chirogʻi xiragina miltirab turardi. Oʻrni toʻshalgan, K. oʻrnida yuztuban yotardi. Men uni chaqirdim. Javob boʻlmadi.

– Senga nima boʻldi? – deb yana chaqirdim.

K. tagʻin churq etmadi. Men oʻrnimdan sapchib turib ostonaga keldim. Shu yerdan chiroqning xira nurida butun xona koʻrinar edi. Men joyimda qotib qoldim. Nazarimda sovuq shamol yana esgandek boʻldi va miyamga: “Tamom!” degan fikr urildi. Qora bulutlar kelajagimni oʻzining mungli pardasi bilan toʻsib, mening bundan keyingi butun hayotimni qamrab olganday edi. Meni qaltiroq bosdi.

Shunga qaramay, oʻzimni tutdim. Stol yoniga kelib, unda yotgan xatga koʻzim tushdi. Oʻzim taxmin qilganimdek, u menga yozilgan ekan. Deyarli hech nima anglay olmay xatjildni ochdim. Men: “Bu xatda men uchun qanchalik achchiq soʻzlar boʻlishi kerak”, deb oʻylardim. Ammo uning ichida men oʻylagan narsadan asar ham yoʻq edi. Men yana: “Bu xatga koʻzi tushgan ona-bola mendan qanchalik nafratlanadilar-a!”, deganx ham bordim. Vahima bosdi.

Ammo xatning mazmuni oddiy edi. K. irodasi zaifligi va kelajakdan hech qanday umidi yoʻqligi sababli oʻzini oʻldirayotganini yozgandi. Bunga qoʻshimcha qilib uni deb, tashvish chekkanim uchun menga samimiy minnatdorchilik ham bildiribdi. Shu yerning oʻzida oʻlimidan soʻng ham u haqda qaygʻurishimni iltimos qilibdi. Bekachdan esa uning uyida boʻladigan besaranjomlik uchun uzr soʻrabdi. Qarindoshlariga xabar berish toʻgʻrisida topshiriq ham bor edi. U hamma narsa toʻgʻrisida batafsil yozib, faqat qiznigina tilga olmagandi. Xatni oxirigacha oʻqib chiqib, u atayin shunday qilganini tushundim. Lekin meni qattiq iztirobga solgan narsa – xat oxiridagi ilova boʻldi: “Men ilgariroq oʻlishim kerak edi. Nimaga shu vaqtgacha yashab keldim?”

Men qaltirab turgan qoʻllarim bilan xatni buklab, qaytarib xatjild ichiga solib qoʻydim. Xatni yana stol ustiga – hammaning koʻzi tushadigan joyga qoʻydim. Shunda orqamga qarab toʻsiq ostigacha oqib borgan qonga koʻzim tushdi.

 

XLIX

 

Ikkala qoʻlim bilan K. ning boshini asta koʻtardim. Men uning jonsiz yuzini koʻrmoqchi edim. Lekin u yuztuban yotgani uchun unga egilibroq qarab, darhol qoʻllarimni tortib oldim. Uning boshi juda ogʻirdek tuyuldi. Bir muddat hozirgina qoʻllarim tekkan sovuq quloqlariga, kalta qirqilgan sochlariga qarab turdim. Mening sira yigʻlagim kelmayotgandi. Men faqat qoʻrqib titramoqda edim. Bu – vaziyatning hissiyotlarga taʼsiri bilan bogʻliq oddiy qoʻrquv emasdi. Men endi tanasi sovub ulgurgan oʻrtogʻimning taʼsiri ostiga tushib qolgan taqdirimning ayanchli kechishini butun vujudim bilan his etib turardim. Oʻzim bilmagan holda xonamga qaytib kirdim va u yoqdan-bu yoqqa yura boshladim. Nimadir qilishim kerakligini bilardim. Lekin shu bilan birga endi hech narsa ham qilib boʻlmasdi. Men faqat qafasga tushgan ayiqdek xonamda u yoqdan-bu yoqqa oʻzimni urardim.

Ichkariga kirib, bekachni uygʻotmoqchi boʻldim. Lekin ayollarga bunday manzarani koʻrsatish yaxshi emas, degan fikr meni toʻxtatib qoldi. Bekachga koʻrsatish mumkin boʻlganda ham, qizni zinhor qoʻrqitmaslik kerak! Bu fikr miyamga qattiq oʻrnashib oldi. Men yana xonamda yura boshladim.

Xonamdagi lampani yoqib, soatga qaradim. Shu kecha hayotimdagi eng uzun tun boʻldi. Qachon uygʻonganimni yaxshi bilmasdim, ammo tong yaqinligi aniq edi. Tong otishini intiqib kutib, men mana shu qorongʻu tun bir umr davom etishini oʻylab, dahshatga tushdim.

Odatda men soat yettilarda turardim, sakkizda maʼruzalar boshlanardi. Xizmatkor ayol oltida turardi. Shu kuni xizmatkor ayolni uygʻotishga ketayotganimda, soat hali olti boʻlmagandi. Bekach bugun yakshanba ekanligini eslatib qoʻydi. U mening qadamlarim tovushidan uygʻonib ketgan edi. Men undan, agar uxlamayotgan boʻlsangiz, xonamga kiring, deb soʻradim. U darhol egniga xabori[7]ni tashlab, ortimdan kirib keldi. U kirib kelayotganida shu vaqtgacha ochiq turgan surma eshikni yopib qoʻydim va past ovozda unga dedim:

– Baxtsizlik roʻy berdi.

– Nima boʻldi? – soʻradi u xavotirlanib. Men iyagim bilan qoʻshni xonaga ishora qilib, dedim:

– Faqat qoʻrqmang!

Bekach quv oqarib ketdi.

– K. oʻzini-oʻzi oʻldiribdi, – dedim men. Bekach qotib menga qotib qarab turardi. Shunda men shartta uning oyoqlariga yiqilib, boshimni polga egdim.

– Meni kechiring! Men gunohkorman! Sizning ham, qizingizning ham oldida gunohkorman, – deb iltijo qila boshladim. Avvaliga bunday qilishni xayolimga ham keltirmagan edim, ammo unga qarab turib oʻzim uchun kutilmagan holda shunday qildim. Endi K. ning oʻzidan kechirim soʻray olmasligim uchun ona bilan qizdan kechirim soʻragim keldi. Bekach soʻzlarimga unchalik eʼtibor bermadi. Oʻzining rangi oqarib ketganiga qaramay, meni yupatishga harakat qilardi:

– Bunday boʻladi deb kim ham oʻylabdi. Endi nima qilamiz?

Qoʻrquv uning butun vujudini qamrab olmoqda edi.

 

L

 

Bekachga rahmim keldi, oʻrnimdan turib, shu vaqtgacha berk turgan eshikni ochdim. K. ning xonasidagi chiroqning kerosini yonib tugagan, xona zimziyo edi. Shunda qaytib kelib, oʻzimning chirogʻimni oldim, uni tutgancha ostonada bekachga qaradim. U orqamga yashirinib, K. ning kichkina xonasiga moʻraladi, lekin ichkariga kirmadi.

– U yerda hammasini oʻz holicha qoldiring, faqat tashqaridagi deraza tavaqalarini ochib qoʻying, – dedi u.

Keyin men doktorning oldiga borib keldim, politsiyaga xabar berdim – bularning barchasini bekachning topshirigʻi bilan qildim. Barcha rasmiyatchiliklar ado etib boʻlinmagunicha, u K. ning xonasiga hech kimni kiritmadi. K. pichoq bilan boʻyin tomirini kesib, tez oʻlim sodir boʻlgan edi. Bundan boshqa unda hech qanday jarohat yoʻq edi. Men toʻsiq ostida koʻrgan boyagi qon aynan shu tomirdan sizib chiqqan edi. Kun yorugʻida men uni yana koʻrdim. Odam qonining koʻrinishi meni lol qoldirdi. Bekach ikkimiz qoʻlimizdan kelganicha K. ning xonasini yigʻishtirdik. Baxtimizga qonining koʻp qismi toʻshakka shimilgan ekan, sholchalar esa deyarli top-toza turardi. Bekach ikkimiz K. ning jasadini mening xonamga olib kirdik va uni uxlayotgandek qilib yotqizib qoʻydik. Shundan soʻng uning oilasiga telegramma yuborish uchun uydan chiqdim.

Qaytib kelganimda K. ning bosh tarafida tutatqilar yoqilgandi. Xonaga kirishim bilan dimogʻimga mana shu buddaviy marosimining hidi urildi va tutun orasida oʻtirgan ayollarni koʻrdim. Kechadan beri qizni birinchi marta koʻrishim edi. U yigʻlardi. Onasining koʻzlari ham qizargandi. Men indamasdan ikkala ayolning yoniga oʻtirdim. Bekach men ham tutatqi yoqishimni aytdi. Baʼzi-baʼzida u bilan bir-ikki ogʻiz gaplashardik, lekin bu gaplar marosimga tegishli edi. Qiz bilan gaplashgani jurʼatim yetmadi. Men faqat, yaxshiyam u tungi dahshatli manzarani koʻrmadi, deb oʻylardim. Yosh qizga bunday dahshatli manzara koʻrsatilsa, uning goʻzalligi gʻoyib boʻlishidan qoʻrqardim. Men buni dahshat boshimdan oyoqlarim uchigacha chulgʻab olganda ham yodimda tutdim. Bu narsa chiroyli gulni xivich bilan savalash kabi yoqimsiz edi.

K. ning yurtidan otasi va akasi kelganida, men ularga dafn etish joyi borasida oʻz fikrimni bildirdim. K. hayotligida biz u bilan Dzosigay atroflarida tez-tez sayr qilib turardik. U bu yerlarni juda yoqtirardi. Men hatto yarim hazil qilib, bu yerni shunchalik yaxshi koʻrarkansan, oʻlganingda seni shu yerga dafn qilaman, degandim. Xuddi vaʼda berganimdek, uni oʻsha yerga dafn qilishni, tirik ekanman, har oy uning qabriga kelib, gunohlarim uchun kechirim soʻrashni istardim. Men K. ga yordam berib kelganim sababli u hech narsaga muhtoj boʻlmadi. Shu bois ham biz doʻstlashib qolgan edik. K. ning otasi va akasi men aytgandek qilishdi.

 

LI

 

K. ni dafn qilib kelganimizdan soʻng oʻrtoqlaridan biri K. nega oʻzini oʻldirdi ekan, deb soʻradi. Voqea sodir boʻlgandan beri menga bunday savolni beraverib rosa jonimga tegishgan edi. Bekach va uning qizi, doʻstimning otasi va akasi, bundan xabar topgan barcha tanish-bilishlar, bunga hech qanday aloqasi boʻlmagan roʻznoma muxbirlari ham – barcha-barchasi menga, albatta, shu savolni berishardi. Har safar vijdonim qiynalardi. Bu savolning ortida: “Axir uni sen oʻldirding-ku! Tan ol!”degan taʼna jaranglaganday boʻlardi.

Hammaga beradigan javobim bir xil edi. Men faqat yozgan xatidagi gaplarni takrorlardim va oʻzimdan hech nima qoʻshmasdim. Qabristondan qaytishimizda menga shu savolni bergan va kerakli javob olgan K. ning oʻrtogʻi qoʻynidan bir roʻznoma chiqarib, menga koʻrsatdi. Men yura-yura, u roʻznomadan menga koʻrsatilgan joyni oʻqidim. Unda K. xafaqon xurujidan oʻlgani, bu esa uning uyidan quvilgani oqibati ekani yozilgandi. Men hech narsa demay roʻznomani buklab egasiga qaytardim. Shunda u menga boshqa roʻznomada u aqldan ozganligi sababli oʻzini-oʻzi oʻldirgan deb yozilganini aytdi. Men band boʻlganim uchun deyarli roʻznoma oʻqimasdim va bu haqda hech narsa bilmasdim, ammo ich-ichimda bundan tashvishda edim. Men bekachning oilasi shaʼniga dogʻ tushib qolishidan qoʻrqardim. Ayniqsa qizning ismi yuzaga chiqib qolishi men uchun dahshat boʻlib tuyulardi. Men u yigitdan yana nimalar yozishyapti, deya soʻradim. U faqat shu ikkita xabarga koʻzi tushganini aytdi.

Men hozirgi uyimizga shu voqeadan keyin koʻp oʻtmay koʻchib oʻtdim. Ona va qiz oʻsha mudhish uyda qolishni istamadi, men uchun ham oʻsha tungi dahshatni har kun eslash ogʻir edi. Biz kelishib turib, birga koʻchib oʻtishga ahd qildik.

Oradan ikki oy oʻtgach, men universitetni muvaffaqiyatli tugatdim. Yarim yil oʻtar-oʻtmas, nihoyat, uylandim ham. Tashqaridan qaraganda hammasi oʻzim oʻylagandek muvaffaqiyatli boʻlgan, ona va qiz baxtlidek edi. Men ham baxtli edim. Ammo baxtim ortida qora koʻlanka soya solib turardi va men, “shu baxt meni pirovard-natijada halokatga olib boradi-yov”, deb oʻylardim. Turmushga chiqqach, xotinim, endi uni qiz deb emas, xotinim deb atayman. K. ning qabriga birga borib kelishni taklif qildi. Men seskanib tushdim.

– Nimaga toʻsatdan miyangga bunday fikr kelib qoldi? – deb soʻradim undan. U menga:

– Ikkalamiz uning qabrini ziyorat qilsak, K. ning ruhi balki shod boʻlar, – deb javob berdi.

Men hech narsadan xabari boʻlmagan xotinimning yuziga sinchkov tikildim. U, nega menga bunaqa qarab qoldingiz, deb soʻragandagina oʻzimga keldim. Xotinim istaganidek, ikkalamiz Dzosigayga bordik. Men qabrga suv quydim, xotinim tutatqilar yoqdi va gullar qoʻydi. Qoʻlimizni qovushtirib, boshimizni egib ikkalamiz duo qildik. Ehtimol, xotinim unga biz ikkimiz qovushganimizni aytib berib, biz uchun quvonishini soʻragandir; men esa ichimda faqat: “Meni kechir! Kechir!” deb takrorlardim, xolos.

Xotinim qabrni siypalab, hammasi yaxshi oʻtganini aytdi. Aytarli boshqa hech gap yoʻq edi, men oʻzim ustaga borib, qabr toshini buyurtirganimni ham xotinim aytdi. Men xayolan shu yangi qabrni, men uchun yangi boʻlgan xotinimni yer ostiga qoʻyilgan K. ning oq suyaklariga solishtirdim, bunda taqdirning achchiq hazilini his etmasligim mumkin emasdi. Shundan soʻng men K. ning qabriga hech qachon xotinim bilan birga kelmaydigan boʻldim.

 

LII

 

Olamdan oʻtgan doʻstimga nisbatan bunday hissiyot menda doimiy saqlanib qoldi. Aslini olganda men bundan avval-boshdanoq qoʻrqqandim. Men shuncha yillar kutgan nikoh toʻyimda ham koʻnglim gʻash edi. Kelajagim men uchun ayon boʻlmagani sababli, bu nikoh hissiyotlarimni oʻzgartirib yuboradi va yangi xayotga qadam qoʻyaman, deb umid qilgandim. Ammo endi tunu kun xotinim bilan birga boʻla boshlaganimdan buyon bu orzularim sarobga aylandi. Xotinim bilan yasharkanman, K. menga tahdid qilayotganini seza boshladim. U oʻrtamizda turib olib, bir-birimizdan nari ketishga yoʻl qoʻymasdi. Xotinimdan har tomonlama xursand edim. Bu kayfiyat albatta, darhol ayolimning qalbida ham oʻz ifodasini topardi. U buni namoyish etar, ammo sababini bilmasdi. Baʼzan u menga nima haqda oʻylayotganim toʻgʻrisida savol berardi. Mendan, sizga nima yoqmayapti? – deb soʻrardi. Shunda men baʼzan kulib qutulardim. Lekin goho uniki ham tutib ketardi. Natijada: “Balki siz meni sevmay qoʻygandirsiz!” yoki “Siz mendan nimanidir yashiryapsiz!” qabilida dakki eshitishimga toʻgʻri kelardi. Bunday vaqtlarda men ich-ichimdan iztirob chekardim.

Bir necha marta men xotinimga hammasini roʻy-rost aytib bermoqchi boʻldim. Lekin har safar qandaydir bir kuch meni toʻxtatib qolaverdi. Siz meni albatta tushunasiz, buni aytmasam ham boʻladi, lekin hikoyam izchil boʻlishi uchun bu ham kerak-da. Oʻsha vaqtlarda xotinimning koʻziga yaxshi koʻrinishga urinmaganman. Men bor gapni xotinimga aytib berganimda, xotinim, albatta, koʻz yoshi qilgachgina soʻng meni kechirgan boʻlardi. Bunday qilmaganimning boisi – menga foydasi bor-yoʻqligidan emasdi. Faqat uning miyasiga bu gaplar qora dogʻ boʻlib oʻtirib qolishidan xavfsirab sir saqlagandim. Oppoq qogʻozga ataylab siyoh toʻkish yaxshimi? Bu oʻz-oʻzidan tushunarli-ku axir.

K. ning oʻlimidan keyin bir yil oʻtdi, men esa hamon uni unuta olmasdim va koʻnglimda qandaydir xavotir ham bor edi. Bu xavotirdan forigʻ boʻlish uchun kitob oʻqishga tushdim, ishga zoʻr bera boshladim. Ishimning natijasi nashr etiladigan kunni intiqlik bilan kuta boshladim. Lekin oʻz oldiga sunʼiy maqsad qoʻyib, uning natijasini sunʼiy tarzda kutishning oʻzi qalbakilik edi va men oʻzimni yomon his qila boshladim. Qalbimni hecham kitoblar orasiga koʻma olmasdim. Yana qoʻl qovushtirgancha koʻkka boqishga tushdim.

Xotinim bunga, koʻngilning gʻashligi – bugungi kunning tashvishini qilishimdan, deb qarardi. U bir hisobdan haq edi, ularning bir oz mablagʻlari boʻlib, men ish qidirishim ham shart emasdi. Biroq joyimdan qimirlamasligimning boisi bu emasdi. Amakim meni aldagan paytlarida, odamlarga ishonish mumkin emasligini aniq xis etgandim, men faqat oʻzimga qattiq ishonardim, dunyo oʻzgarishi mumkin, lekin men yaxshi insonligimcha qolaman, deb hisoblardim. Ammo K. bilan sodir boʻlgan voqea sabab men ham amakim kabi inson ekanligimni anglaganimda, oʻzimga ishonchim birdan yoʻqoldi. Oʻzgalardan oʻzimni olib qochadigan, oʻzimdan ham qochadigan boʻlib qoldim, biror ish bilan mashgʻul boʻlishga oʻzimda kuch topa olmasdim.

LIII

 

Oʻzimni tiriklayin kitoblar orasiga koʻmishga qurbim yetmay, bir vaqtlar ruhimni mayga choʻmdirishga va shu yoʻl bilan dardlarimni unutishga urinib koʻrdim. Men aslo mayparastlardan emasman. Lekin kezi kelganda ichishdan qaytmayman. Ana shunday paytlarda oʻz qalbimni mayda choʻktirishga harakat qilaman. Ammo bu holat tez orada mening atrof-olamdan nafratlanishimga olib keldi. Oʻta mastligimda ham men oʻzimning qay ahvoldaligimni his eta boshlardim. Oʻz harakatlarim bilan oʻzimni aldab yurgan ahmoq ekanimni xis qilardim. Baʼzan esa har qancha ichmayin, hatto ataylab ham shu holatga erisha olmasdim va tushkunlikka tushardim. Sunʼiy tarzda quvnoq kayfiyatga erishganimdan soʻng, albatta, yana tushkunlikka tushib qolardim. Buning barchasini hammadan koʻra koʻproq sevgan kishim – xotinimning, u bilan birga onasining koʻz oʻngida qulayotganim men uchun ogʻir edi. Ular mening bunday harakatlarimni oʻzlarining nuqtai nazaridan tushunishga urinar edilar.

Chamasi qaynonam xotinimga nimalardir degan. Xotinim esa buni mendan yashirardi. Koʻpincha u mendan biror narsa yoqmayotgan boʻlsa, uyalmay aytishimni soʻrardi. Yana mening kelajagim uchun tashvishlanib, ichishni tashlashimni ham iltimos qilardi.

– Siz butunlay boshqacha odam boʻlib qoldingiz! – derdi.

Bunisi ham mayli-ya, bir kuni u:

– K. tirik boʻlganida siz bunday ahvolga tushmagan boʻlardingiz, – dedi.

Men unga, balki sen haqdirsan, dedim, ammo bu soʻzlarni men boshqacha, u boshqacha tushunar edik. Dilimni yana gʻashlik chulgʻardi, lekin xotinimga biror ogʻiz gap aytmasdim.

Baʼzan undan kechirim soʻray boshlardim. Bu, odatda, ichib olib, kech qaytgan kunning ertasiga boʻlardi. Xotinim kulardi. Lekin indamasdi. Baʼzan esa koʻzlaridan yosh oqardi. Bularning hech biri menga yoqmasdi. Shuning uchun xotinimdan kechirim soʻrash oʻzimdan-oʻzim kechirim soʻragandek gap edi.

Oxir-oqibat ichishni tashladim. Xotinim koʻndirgani uchun emas, bunga oʻzimning toqatim qolmagani uchun tashladim.

Ichishni tashladim-u, ammo biror nima qilishga hafsalam yoʻq edi. Qilar ishim yoʻqligidan yana kitob oʻqiy boshladim. Avvaliga kitoblarni oʻqib, bir chetga olib qoʻyardim. Xotinim bir necha marta mendan nimaga bunday qilishimni soʻradi. Men qovogʻimni ochmay, kulib qoʻya qoldim. Ichimda, dunyoda men yaxshi koʻrgan yagona kishi ham meni tushunmaydi-ku, deb oʻylardim. Bundan yana maʼyus tortardim. Meni tushunishiga majbur qiladigan narsa bor, faqat irodam yetishmasligini oʻylaganimda men yanayam maʼyusroq boʻlib qolardim, men tushkunlikka tushardim. Koʻpincha hamma narsani tashlab ketib, biror joyda yakka-yolgʻiz yashashni ixtiyor qilardim. Shu bilan birga men K. ning oʻlimi toʻgʻrisida koʻp oʻylardim. Boshida xayolimni faqat “sevgi” soʻzi qamrab olganidanmi, mening xulosam oddiy va qisqa edi. Men, K. omadsiz muhabbatdan oʻldi, degan qarorga kelgandim. Ammo dalillarga asta-sekin xotirjamlik bilan nazar tashlab, masala bunchalik oddiy boʻlmasa kerak, deb oʻylay boshladim. “Haqiqatning oliy maqsad bilan toʻqnashuvimi?” Bu ham yetarli emasdi. Nihoyat hozir men yolgʻiz qolganim kabi, K. ham butunlay yolgʻiz qolib, birdan shunday qarorga kelgan, deb gumon qila boshladim. Shunda seskanib ketdim. Men ham K. ga oʻxshab shu yoʻldan borsam, mening ham kunim shunday bitsa-ya, deb oʻylardim-u, badanim muz boʻlib ketardi.

 

 

LIV

 

Bu orada qaynonam kasal boʻlib qoldi. Chaqirtirgan doktorimiz uning kasali bedavoligini aytdi. Men qoʻlimdan kelganicha unga yordam berishga harakat qildim. Men buni bemorning oʻzi uchun ham, sevikli xotinim uchun ham, koʻproq, umuman, insoniylik nuqtai-nazaridan qilardim. Shu vaqtga qadar ham boshqalar uchun nimadir qilishni istardim, lekin biror narsa qilishga ojiz boʻlganimdan, beixtiyor yelka qisardim. Hozir, atrof-olamdan oʻzimni chetlatib, oʻz qoʻllarim bilan qandaydir ezgu ish qilayotganimni birinchi bor his etdim. Menda bir kayfiyat paydo boʻldi – buni oʻz gunohlarini yuvmoqchi boʻlgan kishining kayfiyati deyish mumkin.

Qaynonam vafot etdi. Xotinim bilan ikkimiz qoldik. U menga qarab, endi dunyoda uning yolgʻiz tayanchi men ekanligimni aytdi. Men esa xatto oʻzimga ham tayanch boʻlolmasdim, shu bois xotinimga qarab turib, koʻz yoshlarimni ichimga yutdim. Uni baxtiqaro ayol – deb xayoldan oʻtkazdim-da, keyin ovoz chiqarib:

– Baxtiqaro ayol! – dedim.

– Nega? – deb soʻradi u.

U meni tushunmasdi. Men esa unga ahvolimni tushuntirib berolmasdim. Keyin u yigʻlab yubordi. Har doim menga qandaydir boshqacha qaraysiz, dedi taʼnaomuz. Qaynonamning oʻlimidan keyin xotinimga imkon qadar yumshoq muomalda boʻlishga harakat qildim. Uni yaxshi koʻrganim uchungina emas. Mehribonchiligim ortiq biror shaxsga bogʻliq boʻlmagan, yanada kengroq boshqa bir maʼno bor edi. Men kasal qaynonamning toʻshagi tepasida oʻtirganimdagi oʻz xayollarim bilan band edim. Xotinim mendan xursanddek edi. Ammo bu xursandchilik ostida u meni tushunmaganidan kelib chiquvchi allaqanday norozilik alomati sezilardi.

Bir kuni xotinim mendan, ayolning qalbi erkakning qalbi bilan birikib keta oladimi, deb soʻradi. Men mujmalgina qilib, yoshlik yillarida shunday boʻlishi mumkin, dedim. Shunda xotinim goʻyo oʻtmishiga nazar tashlaganday, yengil xoʻrsinib qoʻydi.

Shundan soʻng koʻnglimda qandaydir gʻashlik paydo boʻla boshladi. Bu gʻashlik dastlab u qayerdandir tashqaridan kelib, vujudimni qamrab olardi. Men qoʻrqib ketib, qaltiray boshlardim. Ammo vaqt oʻtib, qalbim bu gʻashlikka qarshi javob qaytara boshladi. Oxir-oqibat bu gʻashlik menda tugʻma boʻlib, qalbim tubida yashirinib yotgandek tuyula boshladi. Shunda miyam aynib qolmadimikan, deb oʻzimdan shubhalana boshladim. Lekin na tabibga, na boshqa biror kimsaga murojaat qildim.

Men doim barcha insoniy gunohlarni his etib kelganman. Bu hissiyot meni har oy K. ning qabriga yetaklab kelardi. Bu his meni kasal qaynonamni parvarish qilishga majbur etdi. Shu hisning oʻzi xotinimga mehribon boʻlishimga daʼvat etardi. Shu hissiyot tufayli yoʻlimda uchragan notanish kishilar meni savalashlarini istardim. Shu yoʻldan qadam-baqadam borib, birovlar savalagandan koʻra oʻzimni-oʻzim savalaganim maʼqul, degan fikrga keldim. Keyin, oʻzimni-oʻzim bunday jazolaganimdan koʻra oʻzimni oʻldirganim yaxshiroq emasmi? – degan oʻy keldi miyamga. Lekin biror narsa qilishga qodir emasligimdan oʻzimni oʻldirish fikri qatʼiylashguncha yashab turishga qaror qildim. Bu qarorga kelganimdan buyon oradan koʻp yillar oʻtdi. Biz xotinim bilan avvalgidek ahil yashardik. U bilan baxtsiz emasdik. Biz baxtli edik. Ammo xayolimning bir chekkasida turadigan, yuragimni kemirib kelayotgan oʻsha mashʼum voqeani xotinim bilmasdi. Shuni oʻylaganimda, xotinimga rahmim kelib ketardi.

 

LV

 

Oʻzimni-oʻzim oʻldirishga ahd qilganimdan buyon, tashqi olamning ijobiy taʼsiri ostida ruhan tiklangandek boʻldim. Ammo biror narsaga qoʻl urishim bilan qandaydir bir qora kuch yuragimni chulgʻab olib, qimirlashga bermasdi. Bu kuch meni tamomila sindirish uchun: “Sening biror narsa qilishga ham haqqing yoʻq” der edi. Birgina shu gapdan soʻng yana shashtim qaytardi. Allaqancha vaqt oʻtib, yana tiklangim kelardi, ammo yana oyoq-qoʻllarimga kishan solinardi. Tishlarimni gʻijirlatib:

– Nega odamga xalal berasan? – deb baqirardim.

Gʻoyibona kuch sovuq kulib:

– Axir oʻzing hammasini yaxshi bilasan-ku, – der edi.

Men yana shalvirab tushardim. Bunday iztirobli kurash bir maromdagi hayotim davomida ich-ichimda roʻy berib turdi. Xotinim uchun bu chidab boʻlmas uqubat boʻlsa, men uchun undan-da kam azob emasligini tasavvur qilavering. Bu zulmatda oʻtirishga majolim qolmaganida va uning devorlarini parchalab tashlashga ojiz ekanligimni his qilganimda birgina yoʻl – oʻzimni oʻldirish ekanini angladim, bu qutulishning eng oson vositasi boʻlib koʻrinardi. Ehtimol, hayratdan koʻzingiz katta ochilib ketayotgandir, lekin gap shundaki, biror narsa qilishimga yoʻl qoʻymayotgan oʻsha qora kuch menga birgina yoʻlni – oʻzimni oʻldirish imkonini qoldirayotgan edi. Harakat qilmay oʻtirganimda bir nav edi, ammo harakat qila boshlashim bilan shu yoʻldan boshqasi koʻzimga koʻrinmasdi. Shu kungacha ana shu oson yoʻlga qadam qoʻyishga ikki-uch bor shaylandim, ammo qalbim doim xotinimga ogʻib ketardi. Uni oʻzim bilan olib ketishga irodam, hammasini roʻy-rost aytishga qurbim yetmasdi. Oʻz hayotimni qurbon qilishim mumkin, ammo uning hayoti toʻgʻrisida oʻylashimning oʻzi dahshat edi. Mening oʻz qismatim bor, uning oʻz qismati bor edi. Ikkalamizni ham bir olovda yoqib yuborish har qanday mantiqqa zid boʻlardi va barcha azoblar buning oldida hech nima boʻlib qolardi. Shuning uchun xotinimning oʻlimimdan keyingi ahvolini tasavvur qilib, unga juda rahmim kelardi. Qaynonam oʻlganidan keyin xotinim, dunyoda yagona tayanchi men ekanimni, mendan boshqa suyanadigan kishisi yoʻqligini aytgan, bu soʻzlari yodimda mangu muhrlanib qolgan edi. Men doim ikkilanardim. Baʼzan xotinimga qarab turib, niyatimdan qaytsammikan, degan fikrga ham borardim.

Oʻzingiz bir oʻylang. Men aynan shunday yashab keldim. Biz siz bilan birinchi marta Kamakurada uchrashganimizda va birga shahar boʻylab sayr qilganimizda mening kayfyatimda hech qanday oʻzgarish boʻlmadi. Ammo ortimdan doim bir qora soya ergashib yurganday edi. Bu dunyoda men xotinimni deb yashadim. Siz oʻqishni tugatib, yurtingizga joʻnab ketganingizda ham ahvol shunday edi. Siz bilan yana sentyabrda uchrashishga shartlashib olgandim, shunda sizga rost aytgandim. Men uchrashaman, deb oʻylagandim. Kuz oʻtib, qish keladi; u ham oʻtib ketsin – men siz bilan, albatta, uchrashaman.

Lekin yozning jazirama kunlaridan birida imperator Meydzi olamdan oʻtib qoldi. Shunda men uning ruhi imperatorlarga xos tarzda boshlanib, imperatorga xos tarzda tugadi, deb dilimdan kechirdim. Biz aynan Meydzining yoʻlini tutganlar, endi undan ajralib, otasiz yetim boʻlib qolamiz, degan fikr miyamga urdi. Men hatto xotinimga bu haqda ochiq aytdim. Xotinim sharaqlab kulib yubordi.

 

LVI

 

“Oʻlim – qurbon” – men bu soʻzlarni deyarli unutayozgandim. Ularni kundalik hayotda ishlatishga zarurat boʻlmagandi va ular xotiram tubiga choʻkib, mogʻor bosa boshlagandi. Ularni xotinimning hazilomuz ohangida eshitganimdagina esladim. Shunda xotinimga:

– Agar men shunday oʻlim topganimda, hamma meni Meydzi ruhiga oʻzini qurbon qildi, deb oʻylardi, – dedim. Albatta, soʻzlarim hazildan oʻzga narsa emasdi, ammo shu bilan birga bu qadimgi, endi kerak boʻlmay qolgan iborada qandaydir yangi maʼno bordek tuyuldi menga. Shundan keyin oradan deyarli bir oy oʻtdi. Imperatorni dafn qilish kechasi, odatdagidek, oʻz xonamda oʻtirib, men zambarak tovushlarini eshitdim. Bu imperator Meydzi mangulikka ketganidan dalolat bergandi. Keyin general Nogi ham mangulikka ketgani toʻgʻrisida xabar keldi. Qoʻlimda roʻznomaning tezkor sonini ushlaganimcha xotinimga:

– Mana senga oʻlim – qurbon! Roʻznomalardan general Nogi oʻlimi oldidan xat yozib qoldirgani haqida oʻqidim. Bu xatda u janubi-gʻarbiy kampaniyada dushmanlar undan bayroqni tortib olganlaridan beri oʻzini oʻldirish fikri bilan yashab kelgani haqida yozgandi. Buni oʻqib chiqqach, men beixtiyor, bunday qaror bilan necha yil yashadiykan, deb sanay boshladim. Janubi-gʻarbiy kampaniya 1877 yildan 1912 yilgacha davom etgan, oʻttiz besh yil oʻtibdi. Nogi ham shuncha yildan beri oʻzini oʻldirish uchun qulay fursat poylab yashagan ekan. Uning uchun eng uqubatlisi – shu oʻttiz besh yil davomida yash ashim kerakmi yoki oʻzimga qilich urishim kerakmi, degan fikr boʻlgan. Har holda men shunday oʻylardim.

Shundan keyin ikki-uch kun oʻtgach, men oʻzimni oʻldirishga ahd qildim. Men Nogi oʻlimining sabablarini yaxshi tushunmaganimdek, ehtimol siz ham mening oʻlimim sababini tushunmasligingiz mumkin. Shunday boʻlgach, nailoj: chamasi gap bu yerda turli davrda yashagan odamlar orasidagi farqda boʻlsa kerak. Balki gap har bir kishining tugʻma xislatlaridagi farqdadir. Men bu yerda oʻzimni shunday taʼriflaganimning boisi – sizga tushunarsiz boʻlgan tabiatimni izohlamoqchi boʻldim.

Men xotinimni qoldiryapman. Mendan keyin ovqat, kiyim-kechak va boshpanaga muhtoj boʻlmasligining oʻzi – baxt. Unga ozor yetkazishni istamayman. U qon rangini koʻrmaydigan qilib oʻlmoqchiman. Men oʻlganimda, u baxtsiz hodisa sodir boʻldi, deb oʻylasin. Xatto meni aqldan ozdi, deb oʻylasa ham menga baribir.

Men oʻlishga ahd qilganimdan beri oʻn kundan ortiq muddat oʻtib ketdi va uning ham koʻproq qismini mana shu tarjimai holni yozishga bagʻishladim. Mana shuni biling! Avval hammasini sizning shaxsan oʻzingizga soʻzlab bermoqchi boʻldim, ammo yoza boshlaganimda, shunday qilsam koʻnglimni ochib berishim osonroqday tuyuldi va bundan quvondim. Lekin men huzur-halovat uchun yozayotganim yoʻq. Umuminsoniy tajriba sifatida yaratgan oʻsha oʻtmishimni faqat oʻzim soʻzlab berishim mumkin va uni taʼriflashga qilgan saʼy-harakatlarim odamlarning eʼtiboridan chetda qolmaydi, deb oʻylayman. Shu kunlarda Vatanabe Kadzan boshlagan rasmini tugatish uchun oʻz oʻlimini bir haftaga ortga sura olganligi toʻgʻrisida eshitdim. Boshqalarga bular barchasi ortiqcha safsata boʻlib tuyulishi mumkin, lekin har kimning koʻnglida oʻziga yarasha armon boʻladi. Mening asarim faqat sizga oʻz haqimda soʻzlab berishni vaʼda qilganim uchungina yozilmagan.

Bunga turtki boʻlgan armonim endi ushaldi. Boshqa qilar ishim qolmadi. Shu xatim qoʻlingizga borib tekkanda, men bu dunyoda boʻlmayman. Oʻlgan boʻlaman. Xotinim oʻn kuncha ilgari xolasinikiga – Itigayaga ketgan. Xolasi betob boʻlib qolib, unga qaraydigan odam qolmabdi, shuning uchun men oʻzim xotinimni u yerga borishga koʻndirdim. Shu uzun xatimning katta bir qismini xotinim yoʻqligida yozdim. Xotinim vaqti-vaqti bilan uyga kirib qolganida, men uni zoʻrlik bilan yashirardim.

Men oʻzimning oʻtmishimni, barcha ezguliklari va yomonliklari bilan birga oʻzgalar eʼtiboriga havola etmoqchiman. Lekin shuni nazarda tutingki, xotinim bundan mustasno. Men xotinim biror narsani bilib qolishini istamayman. Mening birdan-bir tilagim – xotinim xotirasida imkon qadar dogʻ tushmagan oʻtmishimni saqlab qolish. Shuning uchun oʻlimimdan soʻng bularning barchasini qalbingizda, faqat sizgagina oshkor qilgan sirim sifatida, yashirib qoʻying[8].

 

Yapon tilidan Nodira AMINOVA tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5


 

[1] Yaponiyadagi tumanlardan birining nomi.               

[2] Y ye n a (i ye n a) – Yaponiyaning pul birligi.        

[3]  S a k e – yaponlarning oʻtkir ichimligi.   

[4] Koto – cholgʻu asbobi.

[5] Xibati – pechka.

[6] Fut – 30 dan 48 sm gacha boʻlgan uzunlik oʻlchovi.

[7] Xabor – yaponcha libos.

[8] Roman jurnal varianti talabiga asosan juzʼiy qisqartirishlar bilan eʼlon qilindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/qalb/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x