Pollyutsiya yoxud o‘smir yigit “muammosi”

Kechalari shahvoniy tush ko‘rish natijasida uyquda bulg‘anish, ya’ni shahvat ajralib chiqishi — ehtilom hodisasi, tibbiy adabiyotlarda pollyutsiya jarayoni deb ataladi. Darhaqiqat taxminan 15 yoshlarga kelib (ayrimlarda 12-16 yosh o‘rtasida) haris hissiyotlarning jo‘sh urishi bois bulg‘anish, ya’ni ehtilom holati tez-tez ro‘y beradi. Afsuski, ayrim otalar yoki akalar orasida ostonasidagi o‘smir o‘g‘il va ukalariga bu jarayonning meyoriy hol ekanligini vaqtida tushuntirishni unutganliklari yoki beparvo qaraganliklari goho kutilmagan intihoga olib borishi kuzatilmoqda. Asabiy, ruhiy beqaror o‘smirlar bu jarayonni tahlikali hodisa, kasallik belgisi deya o‘ylab siqilishlari bois, gohida haqiqatdan ayrim kasalliklarga chalinib qolayotirlar.

Pollyutsiya (ehtilom) — normal fiziologik holatmi?

Pollyutsiya, ya’ni ehtilom — normal fiziologik hodisa hisoblanib, har haftada yoki oyda bir necha marta takrorlanib turishi mumkin. Ayrim asabiy, ruhan beqaror kimsalarda shahvoniy xayolparastlik o‘ta kuchli bo‘lganligi bois, bu holning juda tez-tez ro‘y berishi ham odatiy xodisadir. Ehtilom hodisasining kelib chiqishi quyidagi ikki sabablar majmuiga bog‘liq: birinchidan, jinsiy munosabatlar haqida ko‘p o‘ylash, shu mavzudagi oldi-qochdi suhbatlar, film va adabiyotlar girdobiga tushib qolish natijasida o‘smirlar miya qobig‘i osti bezi — gipotalamusdan kelayotgan impulslar ta’sirining oshishi bois orqa miya eyakulyatsiya markazi (umurtqa pog‘onasining bel qismida joylashgan) tonusining keskin oshishi ro‘y beradi.

Ikkinchidan, urug‘ pufakchasiga to‘layotgan sekret bu a’zo devoridagi asab tolalari uchini ta’sirlantirib, shahvat chiqazuv markazini yanada qo‘zg‘aluvchan qilib qo‘yadi. Gohida osmonga qarab uxlash ham qovuq va to‘g‘ri ichakning to‘lishi natijasida urug‘ pufakchalari ta’sirchanligini oshirib yuboradi.

Me’yoriy tungi ehtilom xush kayfiyatda, shirin tushlar og‘ushida, lazzatli his-tuyg‘u bilan kechishi va kishini tetiklashtirishi lozim. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, aqliy va jismoniy band yosh o‘smirlarda bu hol o‘rtacha har haftada bir marta, bir oyda uch-to‘rt marotaba bo‘lishi meyoriy hisoblanadi.

Ehtilom qanday hollarda tez-tez qaytalanishi mumkin?

  • o‘smir o‘ta bekorchi bo‘lib, kuchli qo‘zg‘atuvchi taomlarni iste’mol qilsa;
  • oynai jahondagi beparda tomoshalarga ruju qo‘ygan bo‘lsa;
  • ishqiy sarguzashtli suhbatlar, beibo adabiyotlardan bahramand bo‘lsa;
  • jinsiy a’zolarini qisib turadigan ichki kiyimlarda, osmonga qarab uxlash odati bo‘lsa;
  • gijja yoki boshqa sabab bois bolaligidan qo‘llari chotga ketaversa hamda uxlaganda muntazam ravishda qo‘llarini sonlari orasiga qo‘yib yotsa ham tez-tez bulg‘anish ro‘y berishi mumkin.

Ammo yuqoridagi hollarda uning tez-tez ro‘y berishi ham xavotirga asos bo‘la olmaydi.

Qanday holatlarga androlog ko‘rigi zarur?

Ehtilom quyidagicha ro‘y bergan hollarda mutaxassis shifokor bilan maslahatlashgan ma’qul:

  • bulg‘anish har kuni bir necha marotaba yoki kun ora ro‘y beraversa;
  • ehtilom payti aniq-tiniq tush ko‘rilmasa, zakar taranglashuvi ro‘y bermagan holda bulg‘anilsa;
  • ehtilom lazzatlanish bilan kechmasa va og‘riqli hissiyotlar bo‘lsa;
  • bulg‘anishdan so‘ng tetiklashuv emas, aksincha lanjlik paydo bo‘lib, kayfiyat beixtiyor yomonlashsa, shifokorga murojaat etilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ehtilomdan so‘ng g‘uslning lozimligi, ya’ni cho‘milish shartligi tibbiy nuqtai nazardan ham to‘g‘ri ekanligi shubhasizdir.

Yuqorida asosan tungi pollyutsiya haqida fikr yuritildi. Ammo hayotda kam hollarda bo‘lsada, kunduzgi, uyg‘oq holda, o‘ngda ro‘y beruvchi ehtilomlar ham uchraydi. Kunduzgi pollyutsiyaning adekvat va noadekvat turlari tafovut qilinadi. Kunduzgi adekvat pollyutsiya quchish, bo‘sa olish kabi shahvoniy qo‘zg‘alishlar natijasida ro‘y beradi. Shuningdek, yoshlar ko‘z o‘ngida cho‘milish havzalarida yarim yalang‘och ayollar badanlarining ko‘z-ko‘z qilinishi ham kunduzgi adekvat pollyutsiyaga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Kunduzgi noadekvat pollyutsiya esa shahvoniy qo‘zg‘alish natijasida emas, ijobiy ta’sirotlar (tomoshada keskin, zo‘riqib kulish) yoki salbiy ta’sirotlar (keskin qo‘rquv) natijasida kamdan-kam hollarda uchraydi.

Yoshlar orasida petting holati ham uchraydi. Bu jamoat joylarda, transportda birovga tirg‘alib, ishqalanib shahvat chiqazish holidir. Goho kelin-kuyovlarning qovusha olmay, aloqaning sonlar orasiga ishqalanishi bilan kifoyalanishlari ham shu holatga kiradi. Pettingning yuzaki, chuqur, o‘z yoki boshqa jinsga, bir va ikkiyoqlamali turlari tafovut qilinadi.

Yuqorida ta’kid etilgan hollarning barchasini ehtilom jarayonining turli ko‘rinishlari deb tushunish mumkin. Shu bois, bunday holat beixtiyor ro‘y bergan kishilar butun vujudlarini poklashlari, ya’ni cho‘milishlari maqsadga muvofiq. Zero, shahvat suyuqligi tarkibidagi fruktoza kabi qator moddalar kasallik chaqiruvchi ko‘plab mikroblar uchun sevimli ozuqa ekanligi tib ilmiga ma’lum va poklanmaslik turli dardlar paydo bo‘lishiga moyillik tug‘dirishi shubhasizdir.

1 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x