Viktor Gyugo Fransiyada aslzoda tabaqaga mansub boʻlgan xonadonda tavallud topadi. Uning otasi Napoleon Bonapart armiyasida xizmat qilib, general unvoniga ham sazovor boʻlganligini Gyugo biograflari yozib qoldirganlar. Gyugolarning kelib chiqishlariga oid arxiv hujjatlarini koʻp va xoʻb titkilagan tarixchilar ularning asli yirik yer egalari ekanligini ham aniqlaganlar. Xullas, nima boʻlmasin, oliynasab bobokalonlariyu harbiy zot sifatida dong taratgan qattiqqoʻl otasidan qatʼi nazar, Viktor Gyugo yozuvchilikni tanladi va adashmadi. Uning adabiyot osmonidagi yulduzi hamon butun insoniyatga nur sochib turibdi.
Viktor Gyugoning bolalik va yoshlik chogʻlari asosan otasi xizmat qilib oʻtgan mamlakatlarda kechdi. General bir qancha vaqt Madridda yashab, Ispaniyaning uchta viloyatini boshqarib turdi, unvondor ispan grafiga aylandi. Uning farzandlari esa ispan aslzodalari bilan birga maktabga qatnadi. Ispaniyada kechgan tahsil yillari yosh Gyugo qalbida koʻpam nurli taassurotlar qoldirmagan. Bu orada Fransiyada Napoleon taxtdan agʻdariladi-yu Gyugolar oilasi Parijga qaytishga majbur boʻladi. Bolakay juda yoshligidan mustaqil oʻqib-oʻrganishga, mutolaaga ruju qoʻygan ediki, mamlakatlar va saltanatlar tarixi, xalqlar adabiyoti, tili, madaniyatiga oid oʻsha paytlardagi qanaqangi badiiy asar boʻlsa, ilmiy tadqiqot boʻlsa – bular bari oʻspirin yigitchaning mutolaa doirasini kengaytirib, koʻngil xazinasiga aylanib qoldi. Buning ustiga, bu bolakay qoʻliga qalam olib oʻzi oʻqib-oʻrgangan kitoblarga taqlidan adabiiy-badiiy mashqlarni ham boshlab yubordi. Har holda kitob oʻqish, tarixiy voqealarga badiiy tus berib tasvirlash Gyugo timsolida oddiy mashgʻulotdan endilikda hayotiy zaruratga aylanib ulgurgan edi. Shuning uchun ham otasining harbiy sohadagi parvozi yakun topib, onasi vafot etgan oʻn sakkiz-oʻn toʻqqiz yoshar Viktor oila barbod boʻlib, yeyish-ichish muammolari umriga xavf sola boshlagan yillarda ham yozuvchilik, shoirlik mashgʻulotlarini tark etmadi.
Otasning Fransiya taraqqiyoti yoʻlidagi zobitlik xizmatlari taxt egasi Lyudovik XVIII tomonidan esga olinib, oilaga nafaqa belgilangach, endi Viktor uchun ham mashqlarini matbuotda eʼlon qilish imkoniyati tugʻiladi va u yigirma yoshida ilk sheʼrini chop ettirishga muvaffaq boʻladi. Nachora, hayot qiziq ekan, Viktor endi uylanib, oilaviy turmushni yoʻlga qoʻyaman deb turgan paytda yangi bir mashmasha chiqib qoladi – gap shundaki, u bolalik paytidan birga oʻynab-oʻsgan Adeli Fushe ismli qizga uylangan edi, buni qarangki, oʻzining akasi Ejen ham mana shu qizni sevarkan. Toʻyda janjal koʻtargan Ejen Gyugo oradan ikki-uch kun oʻtar-oʻtmas… esdan ogʻib qoladi.
1827 yilda Viktor Gyugo “Kromvel” dramasini, 1830 yilda “Ernini” dramasini eʼlon qiladi va endi uning nomi fransuz adabiyotida porlab turgan yulduzlar – Shatobrian[1], de Vini[2], Nodye[3], Gotye[4], Lamartin[5] kabi adabiyot nahanglari qatorida tilga olina boshlaydi. Gyugoning oʻsha paytlarda yozgan har bir asari – u xoh sheʼr, xoh drama, xoh tadqiqiy asar boʻlsin – talabchan fransuz oʻquvchilari orasida tez tarqalib, muallif jahoniy shuhratga noil boʻldi. Sababi, oʻsha yillarda fransuz tili ham, adabiyoti ham, madaniyati ham jahon xalqlari nazdida ilgʻor sanalardi. Qarabsizki, hali oʻttiz yoshning eshigini ham qoqib ulgurmagan yigit sal vaqt ichida adabiy dargohlarning qadrli mehmoniga, muxlislarning sevimli adibiga aylandi. Yoʻq, yosh ijodkor bu muvafaqiyatlardan esankirab qolmadi, hali oʻzi yozadigan asarlar, nomini abadiylikka muhrlab qoʻyadigan romanlar oldda kutayotganini yurak-yurakdan his qila oldi, oʻzini butunlay ijod olamiga urdi. Nashriyot xodimlari yosh adibning isteʼdodidan, qudratli qalamidan xabar topib, Gyugo bilan shartnomalar tuzishga kirishadi. 1831 yili Gyugo qalamiga mansub “Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasi” romani yosh yozuvchiga ulkan muvaffaqiyat keltirdi. Oradan oʻn yil oʻtib, hali 40 yoshga toʻlmagan Viktor Gyugo Fransiya akademiyasining aʼzoligiga saylanadi. 1845 yilda esa, siyosat sohasi hokimiyat tepasiga kelgan Orlean sulolasini qoʻllab, Burbonlardan voz kechgani uchun u qirollikda per unvonini olishga ham muvaffaq boʻladi. Bundan koʻrinadiki, Gyugo xalq ommasi kayfiyatini anglab yetishda, uni ifodalashda ham yaxshigina iqtidorga ega boʻlgan.
“Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq” deyishadi. Aftidan, mamlakatda boʻlib oʻtayotgan siyosiy, ijtimoiy voqeliklar adib sifatida katta shuhrat qozongan Gyugoning ham boshini aylantirgan koʻrinadi. 1848 yilgi inqilob toʻs-toʻpolonlaridan soʻng, u mamlakatda respublikachilar gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlab, ham maslaklari maslahatiga koʻra aprezidentlik saylovlarida oʻz nomzodini olgʻa suradi. Dekabr oyida hukumat tepasiga Lui Napoleon kelgach, avvaliga Gyugo bu yangi hukumatni qoʻllab-quvvatlaydiyu, biroq keyinchalik hukmronlik qiluvchi qoʻmita tarkibidan oʻziga ham oʻrin tegmay qolganidan oʻpkalab, yangi hukumatga qarshi boʻlib oladi. Va nihoyat, ijodkorlik bilan siyosat olami boshqa-boshqa narsalar ekanligini tushungan Gyugo 1851 yilgi davlat toʻntarishidan soʻng (Lui Napoleon oʻzini imperator deb eʼlon qilgach), adib Fransiyani tark etishga, La-Mansh boʻgʻozidagi Angliyaga qarashli fransuz tilli aholi yashaydigan orolda yashashga majbur boʻladi. Bu surgun qariyb yigirma yil davom etdi. Yozuvchi hatto oʻziga nisbatan eʼlon qilingan avf etish farmoni – amnistiyani ham qabul qilmadi. 1862 yilda u oʻzining “Xoʻrlanganlar” romanini yozib tugatadi.
Oradan yillar oʻtaverdi. Fransiyada “Uchinchi respublika” davri boshlangandan soʻnggina (1870 yillar) Gyugo oʻz vataniga, qadrdon Parijga qaytib keldi. Uning qaytishini butun mamlakat olqishlar bilan kutib oldi. U kelishi bilanoq hukumat tarkibidagi qonunchilik organida ish boshladi. Yanada yangi kuch-quvvat, shiddat bilan ijodini davom ettirdi. U endi yana qadrdon muxlislari, xalqi, oʻzi sevgan demokratik gʻoyalarga sodiq fuqarolar orasida edi. Gyugo ozod Fransiyaning yanada gullab yashnashi, taraqqiy etishi, dunyoda ilgʻor oʻrinlardan birini egallashi yoʻlida yetsa isteʼdodi bilan, yetmasa joni bilan toʻlib-toshib mehnat qildi, sheʼrlar, dramalar, romanlar, adabiy publitsistik maqolalar yozdi. Vafotidan soʻng (1885) Parijdagi Panteon mozoriga – Fransiya uchun unutilmas xizmatlar qilib ketgan ulugʻ shaxslar dafn etiladigan qabristonga izzat-ikrom bilan dafn etildi. Uning dafn etilish kuni butun mamlakat hududida motam kuni deb eʼlon qilindi.
U juda sermahsul adib edi, uning vafotidan soʻng nashr etilgan asarlarining toʻplami jami 90 jildni tashkil etdi. Koʻplab eng mashhur asarlari dunyoning deyarli barcha tillariga tarjima qilinib, jahon xalqlari maʼnaviyatining oltin xazinasiga aylandi.
Muzaffar AHMAD
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2
[1] Fransua Rene de Shatobrian (1768-1848) atoqli fransuz adibi.
[2] Alfred Viktor de Vini (1797-1863) – shoir, dramaturg, tarjimon, romannavis.
[3] Sharl Nodye (1780-1844) – romannavis.
[4] Teofil Gotye (1811-1872) – atoqli adib.
[5] Alfons Mari Lui de Lamartin (1790-1869) – shoir va publitsist. Yuqoridagilarning bari oʻsha davrda nom taratgan ijodkorlar boʻlishgan.
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/ozod-vatan-qismati-edi/