Turkiy tazkiralarda Alisher Navoiy siymosi

 Tazkira milliy va oʻzaro yaqin adabiyotlar tarixini yaratishda, muayyan davr adabiy muhitini oʻrganishda, alohida adabiy siymolar va asarlarni tadqiq etishda adabiyotshunoslikning benazir janri sifatida xizmat qiladi. Hazrat Mir Alisher Navoiy hayotini va olamshumul ijodini tadqiq etish va ulugʻ adibning ilmiy biografiyasini yaratishda ham forsiy va turkiy tazkiralarning muayyan ilmiy ulushi bor. Fors tilida yozilgan Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro”, Som Mirzoning “Tuhfai Somiy”, Rizoqulixon Hidoyatning “Majma ul-fusaho” tazkiralarida Navoiy siymosi haqidagi fikrlar navoiyshunoslikning ayrim qirralarini yoritishda qatnashgan. Shu bilan birga Hazrat Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasi fors tiliga Faxriy Hiraviy tomonidan “Latoyifnoma” sarlavhasi bilan Hirotda, Hakimshoh Muhammad Qazviniy (v. 1558) esa uni Onadoʻlida forschaga oʻgirganlar.

Hazrat Alisher Navoiy tomonidan yaratilgan turkiy tazkirachilik maktabi XX asr boshlariga qadar nafaqat Turkiston yoki Markaziy Osiyoda, balki Eron, Hindiston, Afgʻoniston, Ozarbayjon hamda Turkiyada muvaffaqiyat bilan davom etgan[1]. Oʻtgan 500 yildan ortiqroq vaqt davomida yaratilgan tazkiralarda “Majolis un-nafois”ning izlarini ilgʻash qiyin emas. Birgina Onadoʻlida turkiy tilda 36 tazkira yaratilgan boʻlib, bular, asosan, “Shoir tazkiralari” (yaʼni valiylar va dabirlar tazkiralari bu hisobdan tashqari)dir[2]. Shundan 12 tazkirada Hazrat Navoiy shaxsi tilga olingan, uning ijodiga munosabat bildirilgan. Mazkur tazkiralardagi maʼlumotlarga koʻra, Usmonli shoirlaridan 70 dan ortigʻi – Navoiyning sheʼriy asarlariga naziralar yozganlar, ulardan 30 dan ortigʻi ham bu anʼanani izchil davom ettirgan[3]. Ayni mana shu ijodiy vorislikni xamsanavislik doirasida, ulugʻ adib nasriy va tasavvufiy asarlaridan taʼsirlanish jarayonida ham kuzatish mumkin.

Alisher Navoiy “Majolis un-nafois”asarining taʼsiri haqida professor Mustafo Eson shunday yozadi: “Hazrat Alisher Navoiy boshqa koʻplab tazkiralarga namuna boʻlarlik asar yaratgani bilan ahamiyatlidir… Muhimi, tazkiralarning Onadoʻlida paydo boʻlishiga taʼsiri, yaʼni bu tazkiralarga andozalik vazifasini bajarishidir. Yanada toʻgʻrirogʻi, Hirot maktabi tazkiralari sifatida nom olgan Jomiy, Davlatshoh va Navoiy hazratlarining asarlari keyinroq Usmonli oʻlkasida paydo boʻlgan tazkirai shuaro janriga teran taʼsir etib, adabiy biografiya rivojini tezlashtirdi… Butun XVI asr tazkiralarida Navoiy anʼanalari davom etdi, XVII asrdan… mumtoz tazkiralarga qaytildi[4] va endi Navoiy yana bir sogʻinch bilan eslanib, qoʻmsala boshlandi”[5].

Ushbu eʼtirofdan kelib chiqib mavzuga yondoshilganda Onadoʻlida yaratilgan ilk tazkiralar sifatida Saxiy Bey (1548)ning “Hasht bihisht” (“Sakkiz jannat”, 1538) asariga diqqat qaratamiz. Muqaddimada muallif oʻzining “Hirot tazkiralaridan “Bahoriston”, “Davlatshoh tazkirasi” va “Majolis…”ni tadqiq etganini Usmonli oʻlkasida yetishgan shoirlarni unutilishdan qutqarmoq uchun ularga oʻxshatma tarzida bir asar yozganini aytadi”[6]. Saxiy Bey Navoiydan andoza olib, oʻz tazkirasini 8 qismga ajratdi, ularni “Hasht bihisht” deb atagani holda agar Hazrat Navoiy, Sulton Husayn Boyqaro ijodiga 8-majlisni lozim koʻrsa, Saxiy Bey oʻz podshohi Qonuniy Sulton Sulaymonga 1-majlisni bagʻishlaydi. Keyin esa 2-tabaqada yana orqaga qaytib, Sulton Sulaymondan avval oʻtgan adiblar ijodiga murojaat qiladi. Soʻngra esa amaldor shoirlar, olim-shoirlar, oʻzidan avval yashab, vafot etgan shoirlar, muallifning yoshligida shuhrat qozongan shoirlar, asar yozilayotgan paytda hayot boʻlgan va nihoyat, soʻnggi tabaqada nomi endi eshitila boshlagan umidli shoirlar tasniflanadi. Ayni oʻrinda “Majolis…”ning majlislararo tasnifi oʻquvchilarga maʼlum boʻlgani uchun ularni qiyoslash oʻrniga yana mutaxassislarning eʼtiroflariga tayanamiz. Tazkirachilik maktablari haqida maxsus tadqiqot yaratgan professor M. Eson kuzatishiga koʻra, “Hayot hikoyalarining tartib tarzi Saxiyda tabaqot asosida boʻlgani kabi bu usulni aynan Navoiydan olgan: shoirlarning qisqacha tugʻilgan joyi, nomi, vazifalari, adabiy aholi bilan bogʻliq bir necha taqlidiy qolipli soʻz, asarlari, baʼzan shoir bilan bogʻliq bir voqea, oxirida bir necha bayt yoki qitʼa kabilar” shular jumlasidan[7].

“Majolis…”ning taʼsiri Onadoʻ-lidagi ilk tazkirada koʻringanidek, keyingi davr tazkiralarida ham mana shu holat u yoki bu maʼnolarda takrorlanadi, ayrim fakt va kuzatishlar asosida boyitiladi. Oradan sakkiz yil oʻtib, Saxiy Beyning tazkirachilik faoliyati Latifiy (1491–1582) tomonidan davom ettiriladi. Shoir, adib va olim Latifiyning Navoiy ijodiga bogʻlanishi tazkiradan tashqari uning nazm va nasr qorishigʻida yozgan “Fusuli arbaa” (“Toʻrt fasl”) asarida ham kuzatiladi. Shoirning “Nazmu-l-javohir” nomli asari esa Hazrat Alining hikmatlari asosida tuzilgani hamda ulugʻ oʻzbek shoiri asarining nomini aynan olgani Navoiyning Latifiy ijodiga taʼsirini alohida oʻrganishga ehtiyoj borligini anglatadi. Muallif “Tazkira tush-shuaro va tabsira-tun-nuzamo” (”Shoirlar tazkirasi va nozimlar qiyofalari”, 1546) tazkirasini Qonuniy Sulton Sulaymon (Muhibbiy taxallusi bilan sheʼrlar yozgan)ga bagʻishlagan boʻlsa-da, uning tazkirachilikdagi oʻrni mavjud asarlarga ijodiy munosabatda koʻrinadi. Latifiyning yozishicha, Navoiy sheʼrlarini ilk bor Onadoʻliga olib kelgan shoir Basiriy boʻlgan: “Ajam sarhadiga yaqin joydan. Sulton Boyazid zamonida Hazrat Shayx Jomiy va Mavlono Navoiy tarbiyatnomasi-la kelmish… aksari avqotin bu diyorda kechurmagin tarzi sheʼrida turkiyzabon nazmlari shevasin va Rum shoirlari ishvasin rioyat etmishdi.

 

Matlaʼ:

Oshiqlarini oh ul masihodam oʻldurur,

Bu odam oʻldururki, Masih odam boʻldurur”[8].

 

Ayni faktning oʻzi hali Hazrat Navoiy va Sulton Husayn Boyqaro usmonli Sulton Boyazid II bilan diplomatik yozishmalarga kirishmay turib, Navoiy asarlari Onadoʻliga kirib kelgan boʻlishi yoki Navoiy sheʼrlari bilan birga uning maktubini mana shu Basiriy keltirgan boʻlishi ham mumkin. Chunki Navoiy ijodining Onadoʻliga kirib kelishi borasida juda koʻp olimlar qiziqarli kuzatishlar olib borgan boʻlsalar-da, Navoiy asarlarini ilk bor kim olib borgani va nima uchun u turkistonlik shoir Basiriy vazifani ado etgach, oʻz yurtiga qaytmasdan Rumda qolib ketgani va “sheʼrida tarkiyzabon nazmlari shevasi”ni davom ettirgani nomaʼlum edi. Yuqorida Latifiy keltirgan baytning oʻziyoq Basiriyning sheʼriy isteʼdodidan darak beradi. Biroq Latifiy Basiriy haqida mufassal maʼlumot bermaydi.

Navoiy anʼanasini oʻzicha boyitgan Latifiy shoirlar tasnifotida alifbo usulini maʼqul koʻrdiki, bu usul ham keyingi tazkiralarda anʼanaviylik tusini oldi. Bundan tashqari Latifiy “Fasli avval”da yana ham oʻziga xosroq yoʻlni tanlab, XIII asrdan oʻz zamoniga qadar boshqa oʻlkalardan (jumladan, Turkistondan ham) Onadoʻliga kelib oʻrnashib qolgan 13 shoir haqida maʼlumot beradi. Garchi Latifiy oʻz tazkirasini Sulton Sulaymonga bagʻishlagan boʻlsa ham u oʻz hukmdori Muhibbiyga maxsus boʻlim ajratmaydi, aksincha, sulton va shahzodalar boʻlimining eng soʻngida bir necha sahifada uning sheʼrlari tahlili munosabati bilan hukmdorga murojaat qiladi. Tazkirada bir yoki bir necha bayt oʻrniga toʻliq holda gʻazal va qitʼaning keltirilishiga eʼtibor qaratsak, Latifiy tazkirasi antologiyaga yaqinlashganini ham kuzatish mumkin.

Uchinchi tazkira Oshiq Chalabiy (1520–1571)ning “Mashoyir ush-shuaro” (“Shoirlar mashoirasi”, 1568) nomli tazkira esa 425 shoir ijodi haqida maʼlumot beruvchi tazkiradir. Muqaddimada tazkiranavis:

 

“Zaboni turkiyning dostonsaroyi,

Fasohat bulbuli, yaʼni Navoiy

 

deya Navoiydan soʻz ochadi. Va davomida “Oxir umrinda Sulton Boyazid (bu oʻrinda Yeldirim Boyazid emas, Sulton Boyazid II (1447–1512) nazarda tutilgan, u 1481 yilda taxtga chiqqan – H. B.)ga Navoiy oʻttiz uch gʻazal yubormish, birisi ushbu gʻazaldur, matlaʼsi quyidagichadir:

Matlaʼi Navoiy:

 

Ul pari paykarki hayron boʻlmish insu jon anga,

Jumla olam manga hayronu men hayron anga.

 

Sulton Boyazid bu gʻazalni Ahmat Poshoga yuborib, unga nazira bitishni buyurdi”. Ushbu faktga asoslanib, dastlab shoir Nomiq Kamol, keyin F. Koʻprulu, Ogoh Sirri Lavand, Kamol Eraslon kabi turk; Gibb, Broun, Z. Kleynmixel, Gorbuzova kabi gʻarb olimlari; N. Karimov, Z. Nagiyeva, Olmos Ulviy, R. Roʻzmonova kabi oʻzbek va ozar olimlari maqola va tadqiqotlarida bu fikrlar dunyo boʻylab ilmiy “sayohat” qilgan, bu samarali taʼsir natijalari atroflicha oʻrganilgan. Lekin Oshiq Chalabiy tazkirada oʻrni bilan Navoiy gʻazalining “yaxshiligi”, unga nazira yozgan shoir maqtaʼsi (Maqtaʼ: Soʻzda ushshoqi muhayyir ayladirsun Ahmado, Boʻyla goʻyo oʻlmagʻa kuyin kerak boʻston anga)” mahorat bobida Navoiydan ancha quyiroq ekanini ham qayd etgan (290-b.).

Ayni fikr xinolizoda Hasan Chalabiyning “Tazkiratu-sh-shuaro” (1585–1586) tazkirasida takrorlanish barobarida “Hazrati Jomiy va Navoiy gʻazallari siporishnoma (maxsus rasmiy davlat maktubi – H. B.) bilan Sulton Boyazidga kelgan” deb umumlashtiradi[9]. Va “Ahmad Posho Navoiy uslubini oʻrgangach, uning sheʼri xub va tarzi guftori margʻub boʻldi” deb Ahmad Posho Navoiy gʻazallari yoʻliga kirgandan keyin sheʼrlarining usluban goʻzallashgani va hamma tomonidan ragʻbat koʻrgani qayd etilgan”[10].

Shuningdek, bunga uygʻun fikrlar Gʻaliboʻlulu Oliyning “Koʻnh-ul-axbor” asari tazkira qismi”da “Sulton Husayn Boyqaroning vaziri mushiri va ul asri bohirun-nasrin malozi fuhulu fuzalo boʻlgan Mir Alisher ul shahriyori oliyhimmat (Boyazid II ga – H. B.) bir necha gʻazal joʻnatdi. Ular taqi nazoir jihatdan tatabbusini marhum Ahmad Poshoga asir ayladi” kabi tazkiralardan tazkiralarga koʻchib, yuqorida tilga olingan olimlarning tadqiqot va maqolalariga mavzu boʻldi. Alining tazkirasida Kotibiy taxallusli Saidiy Ali Rais munosabati bilan yana bir muhim fikr oʻrtaga tashlanadi. Bu shoir vazifa yuzasidan Hindistonda Navoiy izdoshi sifatida tanilgan va Navoiyi Soniy laqabini olgan shoir “uch yarim yil sayohatdan soʻng Hindu Sind va Xuroson va Gujarot va Sherozu Ozarboyjon salomini keltirdi”[11].

Koʻrsatilgan tazkiralar ichida Oshiq Chalabiyning “Mashoyir-ush-shuaro” asari Navoiy ijodiga keng va atroflicha munosabat bildirgani bilan ajralib turadi. Oshiq Chalabiy Navoiy gʻazallarini Rumga Basiriy keltirganiga urgʻu beradi: “Navoiyi marhumning “Majolis un-nafois”inda mazkur boʻlgan shuarodan va poytaxti mulki Xuroson boʻlgan Hirotda Mirzo Sulton Husaynu Navoiyu Jomiyu Binoiy va ul kasning akobiri xizmatiga erishgan zufarolardan edi. Rumga Sulton Boyazidi marhumga Navoiy va Jomiyning kitobu gʻazallari va siporishlariy-la kelmishdir” (420-421 b.). Hirotda yuqoridagi ulugʻlar xizmatida boʻlgan hirotli shoir Basiriyning kelishi aniqlashdi, biroq u nimagadir vazifani ado etgach, qaytib ketmasdan bir umrga Rum elida qolib ketdi va asosan, Hazrat asarlari targʻiboti bilan mashgʻul boʻlib, uning ijodini boshqa oʻlkalarga yoyilishiga sabab boʻldi.

Tazkirada shu bilan birga Navoiyning Adniy taxallusli Valiy Mahmud Posho (vafoti 1474) bilan maktub yozishgani toʻgʻrisida fikr bildirilgan. Koʻrinadiki, Navoiyning Rum eli bilan bogʻlanishi birgina yuqoridagi 33 gʻazal bilan cheklanmaydi, ayrim shoirlar, xususan, Adniy taxallusli Mahmud Posho bilan yozishmalari mavjud. Agar mazkur shoirning 1474 yilda vafot etgani eʼtiborga olinsa, 1481 yilda taxtga chiqqan Boyazid II ga Navoiyning 33 gʻazali yetib bormay turib, bundan taxminan oʻn yillar chamasi avval, yaʼni ulugʻ shoir 22-25 yoshlarida rumlik shoirlar bilan maktublar yozishgan.

Tazkirada “Ajam vasfinda bir bayt

 

Roʻyash chu musʼhafest u az u husni oyatiy,

Husni xatesh chu nuqta nadorad nihoyati

(Tarjimasi: Yuzi musʼhaf kabi ekani oyatining goʻzalligidandir. Xati goʻzalligining nuqta kabi soʻnggi yoʻqdir) kabi bayt keltirilib, asridan soʻngi asrga kelguncha shuaroga hikmatomuz” taʼsir etganini koʻrsatib oʻtadi” (243-b.). Shuningdek, mazkur tazkirada olti tilni yaxshi bilgan Shukriy munosabati bilan “turkiy tilda ravon Navoiy kabi, forsiyda hamon Binoiy kabi…” deya oshirilgan maqtovlar ham uchraydi, ayrim shoirlarni “Navoiyning kotibi”, “Navoiyga raqqos” deb ataydi, “Navoiy davoti (siyohdoni)ning sohiblari”, “Navoiy gulshanining xud bulbuli” deb ataydi.

Tazkiralarda qayd etilgan maʼlumotlarga koʻra, Yusuf Chetintogʻ Navoiy uslubini oʻzida yorqin aks ettirgan yigirmaga yaqin shoirning nomini keltiradi, masnaviylarda Hazrat anʼanasini davom ettirgan shoirlar ijodidan bahs yuritadi[12].

Keltirilgan maʼlumotlarning hammasi turk manbalarida zikr etilgan, zamonining ulugʻ adib va olimlari tomonidan eʼtirof etilgan fikrlardir. Bundan tashqari qanchadan qancha tazkiraga kirmay qolgan shoirlar, nafaqat shoirlar tazkiralari, balki valiylar tazkiralari, risolalar, masnaviy va nasriy asarlarning muqaddimalarida, tarixiy va axloqiy-falsafiy asarlar zayl (ilova)larining qatlarida Hazrat Navoiy hayoti va ijodi bilan bogʻliq manbalar borki, ularni oʻrganish, yuqorida zikr etilgan Navoiyning turk sultoni Boyazid II ga yozgan 10 dan ortiq maktublarini, boshqa shoirlar bilan yozishmalarini topib, nashr qilish orqali Hazratning maʼnaviyat xazinasini boyitish bugungi navoiyshunoslik zimmasidagi ilmiy yumushlardan hisoblanadi.

Demak, Navoiy shuhrati 25 yoshlarda ekan, Rum eli eʼtiborini tortadi va Oshiq Chalabiy Navoiy Adniy taxallusli shoir bilan maktublar yozishgan.

Navoiy va Jomiy asarlarini Rum eli va uning sultoni Bayazid II ga Basiriy taxallusli shoir yetkazgan va umrining oxiriga qadar Onadoʻlida yashab qolib, Navoiy asarlari targʻiboti bilan mashgʻul boʻlgan. Navoiyning maktubotlari orasida Basiriy taxallusli shoirga muammo bitgani manbalarda qayd etilgan. Mutribiyning xabar berishiga qaraganda, uning ona tomonidan bobosi Basiriy taxallusli shoir boʻlgan. Bu ikki Basiriy bir kishi boʻlib chiqishi ehtimoli bor, biroq buni tasdiqlovchi hujjat qoʻlimizda yoʻq.

Alisher Navoiyning Onadoʻliga yuborilgan devoni “Navodir un-nihoya” boʻlib, undan 33 gʻazalni Sulton Boyazid maʼqul koʻrib, zamonasining shoiri aʼlosi Ahmad Poshoga nazira yozishni buyurgan. Ahmad Posho va boshqa oʻnlab shoirlar Navoiy ijodining taʼsirida boʻlganlar.

Amir Navoiy davlat idoralarida ekan, Sulton Boyazid II ga bir necha maktublar yozgan (turk tazkiralariga koʻra, ular 10 dan ortiq). Biroq u maktublarning matni hali aniqlanmagan, ularni topib, ilmiy muomalaga kiritish navoiyshunoslar zimmasida.

 

Hamidulla BOLTABOYEV,

Oʻzbekiston Milliy universiteti professori

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2


 

[1]  Klasik Turk Edebiyatinda Biografi / Mustafa Isen Adina Uluslararasi Sempozyum. Bildiriler. – Ankara, Ataturk Kultur Merkezi, 2010. 709 s.

[2] Sair Tezkireleri. Haz. Dr. Haluk Ipekten. – Ankara, 2002. S.17-28.

[3]  Cetindag Y. Ali Sir Nevai. – Istanbul: Kaynak yayinlari, 2010. S.249.

[4] Sodiq Kitobdor nazarda tutilgan. Qarang: Əfsar, Sadiq bəy. MƏcmƏul-xƏvas. – Baki, 2008.

[5] Isen M. Tezkireden Biyografiye. – Istanbul: Kapi Yayinlari, 2010. S.51-52.

[6] Hast-Behist. Haz. Gunay Kut. – Harvard, 1978. S. 77.

[7]  Isen M. Tezkireden Biyografiye. – Istanbul: Kapi Yayinlari, 2010. S.84.

[8] Latifi. Tezkiretu’s-suara ve Tabsitatu’n-nuzama. Haz. Sanim, Ridvan. Ankara: Ataturk Kultur Merkezi Yay., 2000.Koʻrsatilgan asar, 51/a varaq. Mana mu maʼlumot bir oz oʻzgacharoq talqinda “Kunhul-axbor”da ham keladi.

[9] Qarang: Cetindag Y. Ali Sir Nevai. – Istanbul: Kaynak yayinlari, 2010. S.250.

[10] Kınalı-zade H.Ç. Tazkiretü’ş-Şuara. Hazırlayan: Ibrahim Kutluk, I. Ankara, 1989. S.135.

[11]  Koʻrsatilgan asar. 263-bet.

[12]  Cetindag Y. Ali Sir Nevai. – Istanbul: Kaynak yayinlari, 2010. S.256.     

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/turkiy-tazkiralarda-alisher-navoiy-siymosi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x