Navoiy va Saʼdiy

Sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiy nomi haqli ravishda jahon adabiyotining eng buyuk siymolari qatorida faxr bilan tilga olinadi. Eng avvalo, Navoiyning favqulodda nodir isteʼdodi va ulkan ijodiyoti, hazrat Jomiy va Bobur taʼbiri bilan aytganda, koʻp va xoʻb (yaxshi) yozganligi shoirni beqiyos ulugʻlik martabasiga koʻtardi. Zotan, shoirning oʻzi ham bir faxriyasida buhaqiqatni shuday eʼtirof etgan:

 

Falak koʻrmadi men kibi nodire,

Nizomiy kibi nazm aro qodire

 

Shu bilan birga Navoiyning tengsiz isteʼdodiga bamisoli bir qanot bagʻishlagan, uni butun salohiyati va jilolari bilan erta namoyon boʻlishiga imkon bergan muhim maʼnaviy-estetik omillar borligini ham unutmaslik lozim. Ustoz shoir E. Vohidov taʼkidlaganidek,”Bir yozuvchining adabiyot dargohiga kirib, undan oʻz oʻrnini topishi uchun ming bir shartu sharoitning tajassumi kerak”. Navoiy sheʼriyatdagi ilk qadamlaridanoq oʻzidan oldingi turkiy va forsiyzabon shoirlar ijodiga katta mehr va ixlos bilan qaradi, ulardan hamisha ruhiy madad va ilhom oldi. Ijodiy balogʻat sari koʻtarilayotgan yosh shoir uchun serzavq, taʼsirchan mutolaa va koʻngilli muloqot hamda ulardan olingan unutilmas saboqlar uning tiyrak ongu shuuri va poetik tafakkurini nechogʻlik boyitib, mahorat sirlariga oshno etganligini samimiyat bilan xotirlaydi:”Yigitligʻim zamoni va shabob ayyomi ovonida koʻprak sheʼrda sehrsoz va nazmda fusunpardoz shuaroning shirin ashʼori va rangin abyotidin 50 mingdan ortiq yod tutibmen va alar zavq va xushholligʻidin oʻzumni ovutibmen va saloh va fasodlariga fikr etibmen va maxfiy daqoyiqiga taammul va tafakkurlar bila yetibmen”.

Shuni ham ishonch bilan aytish joizki, Alisher Navoiy bilan turkigoʻy salaflari va fors adabiyotining ulkan namoyandalari oʻrtasida kechgan ustoz-shogirdlik tom maʼnoda ijodiy yoʻnalishda boʻlgan. Belinskiy iborasi bilan aytganda, ulugʻ ustozlar ijodi va moʻjizakor sirlarini oʻrganish yosh shoirga bamisoli yerning bagʻridagi kuchni uygʻotgan quyosh nurlaridek gʻoyat samarali va ilhombaxsh taʼsir koʻrsatib, uning oʻziga va iqtidoriga boʻlgan ishonchini qanchalar orttirganligi boʻlajak daho uchun, ehtimol, taqdirning tengsiz bir tuhfasi boʻlgandir. Binobarin, Navoiy buyuk soʻz sanʼatkorlari ijodiyotidan ibratli saboq olish va ularning qutlugʻ anʼanalarini muvaffaqiyatli davom ettirish bilan cheklanib qolmasdan, balki chinakam novator shoir sifatida ustozlari bilan koʻp jabhada ijodiy musohaba va musobaqaga kirishib, ulkan badiiy “kashfiyot”lar yarata oldi.

Ani nazm etki, tarxing toza boʻlgʻay,

Ulusqa mayli beandoza boʻlgʻay.

Yoʻq ersa, nazm qilgʻonni xaloyiq

Mukarrar aylamak sendin ne loyiq…

 

Bu – Alisher Navoiyning yuksak aʼmoli, ijodiy-estetik dasturi edi, deyish mumkin. Darhaqiqat, Navoiy hayot misoli rangin, boy va sehrli boʻlgan soʻz mulki ichra sayr etib, “bu boʻston sahnida gul koʻp, chaman koʻp” ekanligini toʻla isbot etdi. Bunga ishonch hosil qilish uchun fors-tojik adabiyotining mashhur namoyandalaridan biri – Saʼdiy Sheroziy bilan Navoiy ijodining gʻoyaviy-hayotiy manbalariga, bemisl tafakkuri, dunyoqarashining uzviy aloqadorligi va mushtarak jihatlariga bir nazar solish kifoya.

Koʻplab manbalardan maʼlumki, koʻp asrli fors-tojik adabiyotining mumtoz vakillaridan boʻlgan Muslihiddin Abu Muhammad Abdulloh ibn Mushrifiddin Saʼdiy Sheroziy 1203–1210 yillar orasida Eronning Sheroz shahrida ruhoniy xonadonida tavallud topadi. Oʻrta va Yaqin Sharq mamlakatlariga uzoq yillar davomida bir necha marta sayohat qilgan va hayotning koʻpdan-koʻp mashaqqatlari va rutubatli kunlarini boshidan kechirib, piri murshid boʻlib tanilgan donishmand shoir 1292 yilda vafot etadi.

Saʼdiy serqirra ijodkor boʻlib, jumladan, qator sheʼriy devonlar yaratgan. Ayniqsa, Saʼdiyning boy hayotiy tajribasi va teran tafakkurining samarasi oʻlaroq maydonga kelgan “Boʻston” (1257) va “Guliston”(1258) nomli didaktik-pandnoma asarlari na faqat Sharq va Oʻrta 0siyoda, balki rus va boshqa Yevropa xalqlari orasida ham keng tarqalgan boʻlib, muallifga beqiyos shuhrat keltirdi. Jahon adabiyotining koʻplab mashhur namoyandalari ham Saʼdiy asarlariga qayta-qayta murojaat qilganligi va ulardan ijodiy taʼsirlanib, qator iqtiboslar olganligi bejiz emas.

Chunonchi, Saʼdiy ijodini ixlos bilan oʻrgangan Lev Tolstoy uning “Du rafiq”(“Ikki oʻrtoq”) hikoyatini ijodiy tarjima qilib, oʻz majmuasiga kiritganligi ham shoir anʼanalarining ilhombaxsh qudrati bardavomligidan guvohlik berib turadi.

Alisher Navoiy va doʻsti Husayn Boyqaro bolalik chogʻidanoq Saʼdiy asarlariga oshno boʻlganligi Oybekning “Navoiy” romanida ham haqqoniy aks ettirilgan. Saʼdiy ijodiyoti Navoiyni, eng avvalo, chuqur hayotiyligi, yuksak badiiyati va hikmatlarga boyligi bilan oʻziga maftun etadi. Shuning uchun ham Saʼdiy asarlari va shaxsini gʻoyat eʼzozlab, uni “Maʼno ahlining nuktapardozi” (goʻzallashtiruvchi, sayqal beruvchisi) deb taʼriflaydi. Saʼdiy va Navoiy asarlari hamda shaxsi bilan yaqindan tanishgan oʻquvchi shunday yakdil bir xulosaga kelishi tabiiy: bu ikki ulugʻ sanʼatkorning na faqat keng tafakkur-dunyoqarashi, ruhiyati va maʼnaviy eʼtiqodida, balki ularning boy sheʼriyati va ijodiyotida, hayot va insonni talqin qilish va tasvirlash mahorati, qolaversa, soʻz qoʻllash sanʼatida ham ajib bir mushtaraklik va gʻoyaviy hamohanglik yaqqol koʻzga tashlanib turadi.

Jumladan, Navoiy oʻzining “Hayrat ul-abror”kabi yirik asarlaridagi bir qator maqolot va hikoyatlarni yaratishda Yusuf Xos Hojib va Ahmad Yugnakiy dostonlari bilan birga Saʼdiyning mashhur asarlaridan ham taʼsirlanganligi adabiyot ixlosmandlariga maʼlum. Darhaqiqat, ular ikki xalq vakili va turli asrda yashagan boʻlsa-da, biroq ularning tasavvuf va boshqa ilgʻor oqim-tariqatlar taʼsirida shakllangan ijtimoiy-falsafiy qarashlari va sermahsul ijodiyotidagi ibratli mushtaraklik, ayniqsa, Hotam Toiy, Noʻshiravoni odil, darvesh yoxud it va boshqa anʼanaviy didaktik obrazlar talqinidagi bir-birini toʻldirib, boyitib turuvchi maʼnaviy va gʻoyaviy-axloqiy jihatlar gʻoyat salmoqdor ekanligi eʼtiborni tortadi. Hali adabiyotshunoslikda yetarli oʻrganilmagan koʻp qirrali bu ijodiy jarayonning muhim bir sabab-izohi, bizningcha, shundaki, ular badiiy ijodda anʼanaviylik va novatorlik tamoyillariga izchil amal qilgan va ilohiy bir shuur, botiniy nigoh bilan koʻplab millat va xalqlarning mushtarak orzu-intilishlari va ruhiyatini teran anglab yetgan (taʼbir joiz boʻlsa, bashoratgoʻylik salohiyatiga ham ega boʻlgan) buyuk idrok sohiblari sifatida oʻzlarining hayratangiz timsolu tasvirlari va purhikmat nazmiy javohirlari bilan jahon adabiyoti va tafakkur olamida yangi sahifa ochgan ulugʻ mutasavvuf ijodkorlardir.

Saʼdiy va Navoiyning boy, mazmundor hayoti va serqirra faoliyatini hayrat bilan oʻrganar ekanmiz, ularga xos boʻlgan ibratli bir xususiyatni alohida taʼkidlash joiz. Ular butun umri davomida pokiza iymon-eʼtiqod bilan yashashida, eng avvalo, Qurʼoni Karim hayotiy dasturilamal boʻlganidek, ularning ijodida ham ilohiy kalom-oyatlarning oʻrni va ahamiyati beqiyos boʻlganligi adabiyot va maʼnaviyat olami uchun ham noyob bir hodisa deyish mumkin. Bu ikki sanʼatkorning buyukligi yana shunda koʻrinadiki, oradan necha asrlar oʻtib, hayotda ham, adabiyotda ham necha-necha yangi avlodlar yetishib chiqqani, dunyo va tafakkurimiz qanchalar oʻzgargani va qalb-ruhiyatimizdagi jiddiy evrilishlarga qaramasdan, ularning bebaho adabiy merosi hozirgi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Chunonchi, Saʼdiyning quyidagi mashhur satrlari bugun ham barcha millatlar uchun odamiylikning yuksak axloqiy bir mezoni boʻlib jaranglaydi desak, mubolagʻa boʻlmaydi:

 

Tu gar mehnati digaron begʻami,

Nashoyadki nomat nihand odami.

 

Yaʼni: agar sen oʻzgalar mehnati, dard-tashvishiga begʻam boʻlsang, sening nomingni odam deb atab boʻlmaydi. Shu oʻrinda hazrat Navoiyning millionlab komil insonlarning hayotiy maqsad va dasturi ifodalangan dono oʻgitlaridan birini qiyosan yodga olaylik:

 

Odami ersang, demagil odami,

Oniki, yoʻq xalq gʻamidin gʻami

 

Adabiyot va sanʼatning oliy maqsadi va insonparvarlik mazmun-mohiyatini namoyon etib, necha asrlarki jahon sheʼriyatining porloq sahifalarini bezab turgan bu hikmat nuqralarining teran maʼno va shakli, vazni va hatto xijolari bilan qofiyalanishi ham bir-biriga monand va hamohangligi tasodifiy emas. Ular Saʼdiy va Navoiyning yuksak insonparvarlik va xalqparvarlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan maslak va orzularining mushtarakligidan yorqin dalolat berib turishi bilan birga, ayni vaqtda, mazkur shoh baytlar adabiyot va jamiyatning mangu muammolarini yoritishda ularning yakdil, hamfikr ekanligini koʻrsatib turishi bilan ham eʼtiborli. Yaʼni, butun ijodi va ruhiyatida islom maʼrifati va aqidalari ustuvor boʻlgan Saʼdiy va Navoiy kishilarni hamisha odamiylikka, insoniy komillikka boshlab, ularning oʻzaro hamdard va ahil boʻlishini na faqat ezgulik va muruvvatning oliy bir namunasi deb, balki kishilik jamiyatining maʼnaviy tayanch-ustunlari sifatida beqiyos qadrlagan. Shu tariqa ular oʻz ijodini asrlar davomida eskirmaydigan hayotbaxsh, umuminsoniy gʻoya va qarashlar bilan muzayyan etgan.

Shubhasiz, mazkur misralarda tajassum topgan mavzu-mazmun birligi va gʻoyaviy-ruhiy yaqinlik tasodifiy bir oʻxshashlik yoxud shunchaki taqlid natijasida yuzaga kelib qolgan emas. Balki bu mushtaraklik, avvalo, ikki ulugʻ soʻz sanʼatkorining mustahkam gʻoyaviy-diniy eʼtiqodi va gumanistik dunyoqarashidagi teranlik bilan, ular ijodida INSONning asl mohiyati gʻoyat chuqur, sanʼatkorona talqin etilganligi bilan izohlansa toʻgʻriroq boʻladi. Bu oʻrinda shuni ham eʼtirof etish zarurki, Saʼdiy va Navoiydek buyuk ijodkorlarning qudratli taxayyul olami va tafakkur yogʻdusida oʻzining ravshan ifodasini topgan va insoniyat tamadduniga munosib hissa boʻlib qoʻshilgan mushtarak ezgu gʻoyalar va oliyjanob fazilatlar bizning kunlarimizda ham mashhur adiblar tomonidan yaratilgan yetuk asarlarda mahorat bilan kuylanib, muqaddas qadriyatlar sifatida eʼzozlanmoqda.

Bu oʻrnida Saʼdiyning baʼzi badxulq kimsalarga xos nomargʻub xislatlar bilan bogʻliq boʻlgan boshqa bir hayotiy sabogʻini koʻzdan kechiraylik: shoir ayrim salbiy harakterli shaxslar tabiatida chuqur ildiz otib ketgan illatlarni qoralar ekan, ulardan kitobxonni shunday ogoh etadi:

 

Nokas bo tarbiyat nashavad, ey hakim, kas,

Dar bogʻ lola ruyad va dar shoʻra xoru xas.

 

Yaʼni, ey oqil kishi, odam zotiga yot maxluqfeʼl nokasni (kas-forscha, kishi) solih inson qilaman deb, behuda urinib, aziyat chekma, chunki unumdor zamindagi bogʻda gulu lola yashnaganidek, yantogʻu shoʻrazorda faqat tikanak bilan xas-xashak bitadi. Inson tiynatining murakkabligi va u azaldan shu feʼl-atvori bilan bir-biridan tubdan farq qilishini falsafiy teranlik bilan yorituvchi bunday hayotiy va taʼsirchan sheʼriy hikmatlar Navoiy ijodida alohida oʻrin tutadi. Bu hol, albatta, shoirning beqiyos badiiy – estetik tafakkuri, isteʼdod yoʻnalishi va yoniq qalb tugʻyoni bilan birga u yashagan nosoz zamon va murakkab davr muhiti bilan ham bevosita bogʻliq ekanligini taʼkidlash lozim:

 

Nokasu nojins avlodin kishi boʻlsun debon,

Chekma mehnat, yaxshi boʻlmas kasofat olami –

Kim, kuchuk birla xutukka qancha qilsang tarbiyat,

It boʻlur, eshak boʻlur, boʻlmaslar aslo odami.

 

Saʼdiy va Navoiyning hayot va tabiat haqidagi sharqona tafakkuri, milliy ruh bilan yoʻgʻrilgan ijtimoiy-estetik va axloqiy qarashlarining uygʻunligi hamda ularga xos boʻlgan ulugʻvor maqsad va gʻoyaviy-badiiy niyatning xalqona majoziy bir ifodasi hamdir. Sheʼrlar zamiridagi hayotiy tajriba-saboq, kuchli mantiq va keskin gʻoyaviy hamohanglik ikki buyuk mutafakkirning qatʼiy bir xulosasi, yaʼni razil va tuban kimsalar xususidagi chuqur falsafiy mushohadasi-ning badiiy inʼikosi sifatida inson qalbini junbushga keltirishini tasavvur qilish qiyin emas. Ayni paytda, ular ijodida keng oʻrin tutuvchi maʼrifat va adolat, ezgulik va saxovat kabi oliyjanob fazilatlarni ulugʻlash va aksincha, jaholat, qabohat, nohaqlik va taʼmagirlik singari illatlar insoniyatga qanchalar katta zarar va xavf tugʻdirishini chuqur badiiy tahlil va talqin asosida fosh etish mahorati jahon adabiyoti va ijtimoiy-tanqidiy tafakkur rivojiga ham munosib hissa boʻlib qoʻshilishi shubhasizdir. Zotan,

 

Yuz jafo qilsa menga, bir qatla faryod aylamon,

Elga qilsa bir jafo, yuz qatla faryod aylaram, –

 

degan hayotiy dasturiga izchil amal qilgan Navoiy xalqqa sitam yetkazgan zolim va razil hukmdorlarga qarshi oʻzining butun ijodi va ijtimoiy-siyosiy faoliyati bilan mardona kurashganligi oʻziga xos bir jasorat timsoli boʻla oladi. Shoirning zamondoshi mashhur muarrix Xondamirning “Makorim ul-axloq” asarida bayon qilinishicha, Navoiy podshoh Abusaidning adolatsizligi xalqning qattiq noroziligi va arz-dodiga sabab boʻlganligini fosh etuvchi bir voqeaning shohidi boʻlar ekan, unga nisbatan keskin munosabati va koʻnglidagi nafratini Saʼdiyning quyidagi hikmati bilan ifodalashni lozim topadi:

 

Gadoyeki non az dari shoh just,

Bboyadki zi obi xudash dast shust.

 

Yaʼni: podshoh eshigidan non umidvor boʻlgan gado qoʻlini yuvib, qoʻltigʻiga urishi, jonidan umidini uzishi kerak. Badiiy mukammallik namunasi boʻlgan bunday tagdor baytlar va ular zamirida aks etgan hayotiy muammo-fojialar, shubhasiz, mehnatkash xalq dardiga malham boʻlishni oʻzining bosh aʼmoli deb bilgan Navoiyni loqayd qoldirishi mumkin emas edi. Professor A. Hayitmetov kabi adabiyotshunoslar taʼkidlaganidek, Saʼdiy asarlaridan katta maʼnaviy-ruhiy ozuqa olgan va bunday purmaʼno sheʼrlariga alohida hurmat-nazokat bilan yondoshgan Navoiy ushbu anʼanaviy mavzuda ham oʻziga xos masʼuliyat va jurʼat bilan qalam tebratadi. Zamon talab-ehtiyojlaridan kelib chiqib, ustozlarining sheʼrlarini ham ruhan, ham maʼnan ijodiy davom ettirar ekan, goʻyo ularning gʻoyaviy mazmun-koʻlamini yanada kengaytirib, taʼsirchanligini ham oshiradi; natijada, Saʼdiy misralariga hamohang quyidagi zalvorli satrlar, Shayxzoda iborasi bilan aytganda,”jasur mazmunga ega” sheʼrlar vujudga keladi. Eng muhimi, ularda koʻplab xunrezliklarga sabab boʻlgan zolim hukmdorlarning olchoq tabiati va ajdaho misoli yovuz qiyofasini yana ham keskin fosh etish bilan birga oʻsha qattol zamondagi ogʻir ijtimoiy hayotning dahshatli bir haqiqatini navoiyona qatʼiyat va shijoat bilan aks ettirishga muvaffaq boʻladi:

 

Jahon ganjigʻa shoh erur ajdaho,

Ki oʻtlar sochar qahr hangomida.

Aning komi birla tirilmoq erur –

Maosh aylamak ajdaho komida.

 

Turkiy tilimizda ilk bor yaratilib, dunyo adabiyotining yuksak choʻqqilarini zabt etgan “Xamsa” va “Xazoyin ul-maoniy”dek buyuk asarlarning gʻoyaviy-badiiy mazmun-mundarijasida muhim oʻrin tutuvchi bunday nazmiy durdonalar chuqur bir tarixiy haqiqatni ifodalashi bilan yanada qimmatlidir. Oʻtmishda, xususan, Navoiy yashagan davrda turkiy tilimiz nohaq kamsitilib, “bu – nafosatdan yiroq, qashshoq til, unda goʻzal, maʼnodor sheʼr-gʻazal bitib boʻlmaydi” kabi gʻarazli, tahqiromuz qarashlar ancha keng tarqalgan edi. Navoiyning mavlono Lutfiy va Jomiydek tengsiz ustozlarining yuksak eʼtirofu tahsinlariga sazovor boʻlgan va ijod ahlini hamisha hayratga solgan mumtoz sheʼr-dostonlari bu iddaolarning asossizligini va oʻzbek tilimizning naqadar boy, ifoda imkoniyatlari cheksiz va serjilo-ohangdorligini ham badiiy, ham ilmiy jihatdan isbotlab berganligi, shubhasiz, uning chinakam vatanparvar va millatparvar ijodkor sifatidagi buyuk xizmatlaridan biri edi. Zotan, Navoiy ana shunday sharafli xizmati va mislsiz fidoiyligi bilan ham mangulikka daxldor benazir siymo ekanligidan xalqimiz cheksiz gʻururlanadi.

Koʻrinadiki, Navoiy va Saʼdiy asarlaridagi gʻoyaviy hamohanglik, adabiy janrlar, obraz va talqinlardagi anʼanaviylik va mushtaraklik ular ijodiyoti va badiiy tafakkur olamining muhim bir qirrasi sifatida namoyon boʻladi. Bular aslo ulugʻ shoirlar isteʼdodining oʻziga xosligi, moʻjizakor badiiy qudrati va mahoratini joʻnlashtirishga yoxud ularning betakror, benazir asarlariga biryoqlama, yuzaki yondoshish va baholashga asos bermaydi. Binobarin, Saʼdiy va Navoiy buyuk mutafakkirlar sifatida hamisha kishilik jamiyati taraqqiyotiga muhim xizat qiladigan gʻoyalarni kuylaganlar va na faqat oʻz davrining, balki bani basharning dard-tashvishi va ogʻriqli haqiqatlarini teran idrok etib, ularni hayotiy, taʼsirchan obrazlar va gʻaroyib tashbehlar orqali sanʼatkorona ifoda etganlar. Mana shunday fazilatlar ularni maʼnaviy-ruhiy, gʻoyaviy-badiiy jihatdan bir-biriga yaqinlashtiradi va ular ijodining umuminsoniy, baynalmilal mazmun-mohiyatini yanada chuqurlashtiradi. Jahon adabiyotida ustuvor ahamiyat kasb etayotgan turli millat, turli avlod ijodkorlariga xos boʻlgan mushtarak umuminsoniy tafakkur, ilhombaxsh gʻoyalar taʼsiri va hayotiy obrazlar zaminida vujudga kelgan bunday samarali adabiy-estetik anʼanaviylik va bardavom maʼnaviy-ruhiy silsilaning mustahkam oltin bir halqasini, shubhasiz, Saʼdiy va Navoiy ijodiyoti tashkil etadi. Bu esa ular isteʼdodi, badiiy-estetik olami va ijodiy anʼanalarining umumbashariy mazmun-miqyosidan va jahonshumul ahamiyatga molik ekanligidan yorqin dalolatdir.

 

Usmonjon QOSIMOV,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/navoiy-va-sadiy/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x