O‘zbekiston Oliy sudining birinchi raisi va uning ayanchli qismati


Post Views:
80

Saʼdulla Qosimov yoxud «Qosimovchilik ishi»

Saʼdulla Qosimov 1901 yil Toshkent shahrida dunyoga kelgan. 1909 yildan mashhur muallim Eshonxo‘ja Xoniyning yangi usuldagi “Xoniya” boshlang‘ich maktabida, 1916 yilgacha Munavvarqori Abdurashidxonovning rushdiy “Namuna” maktabida o‘qigan. Ayni paytda rus-tuzem maktabida o‘qib, rus tili va zamonaviy fanlarni ham o‘zlashtirgan. 1918-1920 yillarda “O‘zbek pedagogika bilim yurti”da tahsil olgan. 1919 yil dekabr oyigacha o‘qituvchi bo‘lib, 1919 yil aprel oyida Munavvarqorining tavsiyasi bilan bolsheviklar firqasiga kirgan. So‘ng Turkfront siyosiy bo‘limiga safarbar etilib, 1919 yil oxirigacha Turkfrontning maktab ishlari bo‘yicha instruktori bo‘lib ishlagan. 1920-1921 yillar harbiy xizmatda bo‘lgan. Harbiy xizmatdan qaytgach, 1922 yil Eski shahar ijroiya qo‘mitasida maorif bo‘limi raisining o‘rinbosari vazifasida ishlagan. Saʼdulla Qosimov 1923 yilda sud boshqaruv tizimida islohotlar o‘tkazish davrida keksa tajribali qozilar bilan birga tergov-taftish ishlarini olib boradi. U Islom huquqi va zamonaviy huquq tizimini chuqur tahlil asosida o‘rganadi. Bu esa uning keyingi faoliyatida katta maktab bo‘ldi.

Saʼdulla Qosimov 1923 yildan Toshkent viloyat sudi aʼzosi, 1924 yil dekabrdan viloyat sud raisi o‘rinbosari va 1925 yil martdan Toshkent viloyat sudi raisi bo‘ldi. U 25 yoshida, 1925 yil dekabrdan O‘zSSR MIK Prezidiumining qarori asosida O‘zSSR Oliy sudi raisi bo‘lib ish boshladi.

Saʼdulla Qosimov o‘ta g‘ayratli inson, huquqshunos sifatida haqiqiy isteʼdod sohibi edi. 1925-29 yillar O‘zSSR Oliy sudi raisi sifatida hali Samarqandda, hali Andijonda, hali Qashqadaryoda, hali Buxoroda bo‘lar, har bir ishni diqqat bilan o‘rganib, halol, adolatli va xolis yechimga kelar edi. U vijdon qonunini proletar qonunlardan yuz bor ustun qo‘yardi. Bu esa proletar diktaturasi qonunlariga zid edi.

1929 yil boshlarida Saʼdulla Qosimovning ustidan millatchilik va poraxo‘rlikda ayblab shikoyat tushgan degan bahona bilan Markaz uning mehnat faoliyati ustidan tekshirish belgilaydi. Shu maqsadda Moskvadan Rastopchin, Kornilov (OGPU)lar hamda mahalliy vakil Ahmadbek Mavlonbekovlardan iborat komissiya tuziladi. Komissiya 1929 yil 3 mart kuni S.Qosimovni o‘z vazifasidan rasman ozod qilib, qamoqqa oladi. Uch oy davom etgan tekshirish va tergovlarda birorta ayblov o‘z isbotini topmadi. Natijada Saʼdulla Qosimov ozodlikka chiqib, xatto o‘z ishiga tiklanishga erishadi. Komissiya Moskvaga borishi bilan tanqidga uchradi. Ular uchun haqiqat emas, har qanday holda o‘zining siyosatiga qarshi chiqqan S.Qosimov mahv etilishi kerak edi…

S.Qosimov o‘sha kunlarni keyinroq tergovda quyidagicha eslaydi: ozodlikka chiqqanimdan xursand bo‘lib Toshkentga bordim. Meni ko‘rgani do‘stim, Germaniyada oliy maʼlumot olib qaytgan agronom Abduvahhob Murodiy keldi. Biz ustozimiz Usmonxo‘ja To‘xtaxo‘jayev bilan uchrashishni xohladik va Usmonxo‘ja domla bilan ertasiga soat 10:00 da Revolyutsiya skveri (hozirgi Amir Temur xiyoboni)da uchrashishga kelishdik. Murodiy men bilan uyimda qoldi. Ertasi kelishilgan joyga borib, u kishini kuta boshladik. U kishi kelmadi. G‘ani Musaxonov kelib u kishini qamashmoqchi ekanligini va tuman partiya qo‘mitasidan odam kelib, uning ishdan olganini aytib ketibdi. Shunga, kelsa, sizlarga ham yomonligi tegishi mumkinligi uchun kelmasligini aytib yubordi dedi. Biz tashvishlandik. Murodiy ana endi qama-qama boshlanadi, deb alam ustida o‘zining tajriba stansiyasiga yo‘l oldi. Men eski shaharga ustozimning uyiga yo‘l oldim. U kishi esa menikiga yo‘lga chiqqan ekan. Biz tramvayda, yo‘lda uchrashdik. Nimagadir ahvolimizni ko‘rib ko‘zimga yosh keldi. U kishi ham o‘zini bosolmay yig‘lab yubordi. Atrofdagi odamlarning eʼtiborini tortmaslik uchun Tarnovboshidagi masjidga kirdik. Murodiyning aytgani bo‘ldi. Ikki kun o‘tib Usmonxo‘ja To‘xtaxo‘jayev qamoqqa olindi. Keyin hammani qaytadan qamashga kirishdilar. Meni ham olib kelishdi, deydi. Shu tariqa qiynoq va tahqirli tergovlar yana boshlanadi.

1930 yil mart kuni S.Qosimov ayblov bayonnomasi SSSR Oliy sudi prokuraturasining muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi tomonidan tuzildi. Samarqandda ochilgan sud ishi 1930 yil 25 martdan 21 iyungacha bo‘lib o‘tadi. Uch oy davom etgan bu sud insoniyat tarixidagi eng manfur sahna sudi bo‘ldi.

Davlat qoralovchisi R.I.Katanyanning hissiyotga to‘la nutqlarida huquqshunoslikka oid lotincha terminlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, haqiqatdan, adolatdan, eng oddiy insoniylikdan zarracha nishon yo‘q edi.

Sud zalida uni ataylab tahqirlovchi so‘zlar bilan kesatishlar bo‘ldi. U haqidagi maqolalarda S.Qosimovni sho‘rolar mamlakatini ag‘darib tashlovchi kuchga ega haqiqiy xalq dushmani deb ayyuhannos soldilar. Saʼdulla Qosimov aslo o‘zini yo‘qotmadi. Tiz cho‘kmadi. Ming marta talab qilishsa ham bir marta hech kimdan kechirim so‘ramadi. Karuskiy sud zalida “mana o‘zini xuddi milliy qahramon, burgut qilib tutayapti, hech narsa demaydi” dedi. Shunda S.Qosimov tilga kirib, «uyimni tintuv qilishganida hamma qog‘ozlarimni olib ketishgan edi. Qolganlarini ham ko‘zimning oldida yoqib tashladilar. Bugun mening nomimga aytilayotgan bo‘hton va yolg‘onlarni hujjatlarimsiz qanday qilib isbotlayman. To‘g‘ri, sudda menga qancha bo‘hton aytishsa ham indamadim. Xo‘sh nimani gapiraman? Kimgadir men ham tuhmat qilayinmi? Vijdonsiz yashagandan men uchun pok vijdon bilan o‘lim afzalku», deydi.

Albatta, sudda garchi ochiqligiga qaramay kerakli odamlar kiritilmasa-da S.Qosimov o‘zini juda yaxshi himoya qiladi. Har zamonda yozma savollar bilan sudning qanchalik tuban ahvolini fosh qilib turar edi. Quyidagi S.Qosimov va R.Katanyanning savol-javobi sovet sudining asl basharasini aynan ifodalaydi. “Agar men aksilinqilobchi bo‘lsam, buni menga isbot qilib beringlar!” desa, qoralovchi “Siz o‘z xatti-harakatlaringizning oqibatlari qanday bo‘lishini oldindan ko‘rgansiz, siz o‘z faoliyatingiz bilan sovet hokimiyatining obro‘yiga putur yetkazayotganingizni oldindan bilgansiz. Shuning o‘zi bizga kifoya!”…

1930 yil 25 martdan boshlangan matbuotdagi shovqin 3 yilgacha tinim bilmadi. Sovet matbuotida “Qosimovchilar sudi” jarayonining tayyorlanishi va amalga oshirilishi haqida poyga tashkil etildi. “Qizil O‘zbekiston”, “Pravda Vostoka”, “Sharq haqiqati”, “Yangi Farg‘ona” gazetalarida keng miqyosda tinimsiz maqola va xabarlar bosildi. Birgina “Qizil O‘zbekiston” gazetasida (1930 y., aprel-sentyabr) sud jarayoni haqida 75 ta maqola bosildi. Albatta, bu maqolalarning nomi qanchalik xilma-xil bo‘lmasin ichida zarra haqiqat yo‘q. Faqat xalqning ko‘zini bo‘yash va qo‘rquvda ushlash uchun yozilgan edi.

Sudga raislik qilgan SSSR Oliy sudi sudyasi Vasilev Yujin Saʼdulla Qosimovni qoralar ekan asosiy ayblari sifatida Andijonda bir el oqsoqoli bo‘lgan boyning ishini ko‘rganida xalq uning o‘limini kutayotgan bir vaqtda boyga 6 yil qamoq jazosi bergani, uning Ubaydulla Xo‘jayevning yaqin do‘sti ekanligi, bir necha sudda unga oqlovchilik vazifasini topshirganligi, hatto suratni ko‘rsatib mana uning yonida suyukli shogird sifatida turibdi kabi zaharxanda gaplar hamda qaynotasining savdogarligi, Eshonxo‘ja Xoniy qozi bo‘lganida unga katta hurmat ko‘rsatgani kabilardan nariga o‘ta olmadi.

1931 yil 21 iyun kuni SSSR Oliy sudi nomidan Saʼdulla Rashidovich Qosimov, Badriddin Sharipov, Nasriddin Olimov, Vyacheslav Petrovich Spiridonovning hammasi oliy jazoga hukm qilindi. “Qizil O‘zbekiston” sahifalarida katta harflar bilan S.Qosimov ishi haqidagi so‘nggi hukm barchani larzaga soldi. Samarqandda maktab bolalari ko‘chalarga jamlanishib “Qosimovni otish hukmi to‘xtatilsin” deb yig‘lab qichqirishar edi. Bu voqeadan so‘ng milliy ziyoliylar ham dahshatga tushdilar. Ular endi GPU xohlagan aybini o‘ylab topib, xohlagan insonni yo‘q qilib tashlaydi. Yaxshisi taʼlimni qo‘yib, eng qora ishlarga kiramiz. Shu yo‘l bilangina jonimizni saqlab qolishimiz mumkin ekan, degan xulosa keldilar.

Albatta, O‘zbekistonning hukumat rahbarlari, jumladan, Akmal Ikromov ham bolalikdan do‘sti bo‘lgan S.Qosimovni tashlab qo‘ya olmas edi. Biroq, osmon baland yer qattiq. U “qosimovchilik” bilan bog‘liq nutqida bu holni “GPU mustamlakachiligi” deb taʼriflaydi. A.Ikromov S.Qosimov ishi bilan bog‘liq jarayonga yaqinlashtirilmadi. Hatto sudga ham hech kim yo‘latilmadi. Ular bu ishni o‘z bilganlaricha to‘qib bichdilar.

Aslida “qosimovchilik ishi” Stalinning A.Ikromovga sovg‘asi edi. Fikrimni asoslash uchun D.Rizayevning guvohligidan keltirish mumkin: «Moskvada V-Qurultoy asnosida O‘zbekistonning doimiy vakili Muhiddin Tursunxo‘jayevni ko‘rgan edim. Unga xalq “Qosimov ishi” uchun A.Ikromovdan norozi, turli xil gaplar ko‘payib ketyapti. “Qosimov ishi” endi nima bo‘ladi, dedim. Muhiddin: Tamom, u otiladi. Moskvada Saʼdullaning qarindoshi Abdulhay Tojiyevni ham butunlay tamom bo‘lgan, murdaday bir ahvolda. A.Ikromov ham ketishi mumkin. Ishlarni Moskvaning o‘zi kuzatib tashkillashtirib turgan bo‘lishi mumkin” deydi…

Xullas, zamonlar o‘tdi, qancha suvlar oqib ketdi. Ammo, Saʼdulla Qosimov oqlanmadi. Umid qilamizki yaqin zamonlarda O‘zbekistonning ilk Oliy sudi raisi Saʼdulla Qosimov albatta oqlanadi va bu jarayonlar jiddiy ilmiy tadqiq etiladi.

Bahrom Irzayev

https://shosh.uz/uz/ozbekiston-oliy-sudining-birinchi-raisi-va-uning-ayanchli-qismati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x