Otdosh ogʻam

Oti bir xil otdoshlar oʻrtasida qandaydir ruhiy uygʻunlikmi, qadrdonlikmi boʻladiganga oʻxshaydi, nazarimda. Aslida unday emasdir-u, kimsan Erkin Vohidovga oʻzimni yaqin tutganim uchun menga – yana bir Erkinga shunday tuyular. Bu yaqinlik, bu iliqlik maktabdan, ilk bor darslikda Erkin Vohid (aynan shunday!) degan imzoni uchratganimda boshlangandir; qarangki, men – Erkin, ukamning ismi esa Vohid edi.

Vaholanki, ismlar uyqashligi anchayin bir sirtqi alomat, kishining taqdiru hayotida hech nimani anglatmas – otdoshlik deganlari omad otiga oʻtqazib qoʻymaydi-ku sizni. Lekin ulugʻ bir insonga loaqal ana shunday yaqinlik ham yaxshi-da, toʻgʻrimi? Deylik, menga oʻxshab, “Eng yaxshi Erkinga – eng yomon Erkindan” deya kitobingizga erkalik bilan dastxat yozib bersangiz ham boʻlaveradi.

Agar oʻzaro botiniy bir rishta boʻlmasa, Erkin Vohidovdek dovruqli inson menga shuncha yaxshilik, adabiy taqdirimga shuncha gʻamxoʻrlik qilarmi edi deng! U kishining taklifi, u kishining sharofati ila bir emas, ikki joyda talay yil birga ishlamoq nasib etibdi: “Yoshlik” jurnali hamda Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotda.

Qizigʻi shundaki, har ikkala holda ham men ishdan boʻshab, bekor yurgan edim. Yosh ijodkorlarning yigirma-oʻttiz yillik orzusi roʻyobga chiqib, “Yoshlik” jurnali taʼsis boʻldi. Bu yoshlar uchungina emas, butun adabiy Oʻzbekiston miqyosida katta voqea edi. Bugun endi uch-toʻrt shovvoz gapni bir joyga qoʻyib, bemalol jurnal yoki gazeta ochishi mumkin, nashriyot tashkil qilishi mumkin. Keyin, yil oʻtib-oʻtmay ularning faoliyati taqa-taq toʻxtashi ham hech gap emas. Bu kabi yangiliklarni birov bilib, birov bilmay qoladi. Biroq u kezlarda qirq-ellik yillik gazeta-jurnal tahririyatlariga nihoyati bir kichik adabiy xodim oʻrni zarur boʻlganda ham azza-bazza Maskovning ruxsati darkor edi.

“Yoshlik” jurnalining dunyoga kelishi naqadar shov-shuv qoʻzgʻaganini shundan ham bilsa boʻlar. Arzanda bu nashrga barcha birday kutgan odam, sevimli shoirimiz Erkin Vohidov bosh muharrir etib tayinlangani esa yoshlarni shoyon ruhlantirib yubordi. Bizga oʻxshab “ijodiy taʼtil”da yurganlarning koʻnglida orzu gʻimirlab qoldi deng: “Men ham shu jurnalda ishlasam! Kimsan, Erkin Vohidovga shogird tushsam!” Bu kabi oʻy-xayollar kaminaning ham koʻnglidan oʻtgani tabiiy. Lekin, bugungi taʼbirni qoʻllasak, “kasting” katta edi, “sen telbaga son qayda”! Shundanmikan, kelib Erkin Vohidovga uchrasharkansiz, deb telefon qilganlarida ishonib-ishonmay uydan chiqqanman. Oʻsha vaqtda ikkitagina toʻplamim nashr etilgan, birov tanib, birov tanimas edi. Erkin aka ham gʻira-shira bilardilar, chogʻi; otdoshligimiz tufayli yodlarida qolgan boʻlsam kerak. (Keyin eshitishimcha, ishga taklif etilgunimga qadar uncha-muncha maʼlumotnomayu tavsiyanomalar olingan ekan.)

Yangi jurnal Yozuvchilar uyushmasining Pushkin koʻchasi muyulishidagi binosida ish boshlagan edi. Erkin aka sanjobroq majlisxonaning toʻridagi omonat stolda qogʻoz koʻrib oʻtirgan ekanlar. Barchaga maʼlum xushsuxanlik, oʻzidan kichikka ham izzat-eʼtibor… Bosh muharrir jurnalning boʻlajak ijodiy qiyofasi, bu boradagi reja-moʻljallardan soʻzladi, nasr boʻlimiga qoʻyilajak talablarni aytdi. “Mudir kim boʻladi, boʻlim mudiri?” deb soʻradim ishga joylashganimga ishonch hosil qilgach. “Siz-da, siz”, dedilar Erkin aka xuddi tushimga kirgandek.

Ish yuzasidan goho yoshlikka xos tezoblik, mahmadanagarchiliklar qilib bosh muharririmizning gʻashiga tekkanim bor gap. Eslasam, hali-hamon yuzlarim lovullab, xijolatdan terga tushaman. Oʻshanday paytlarda u kishi balki boshdagi qarorlaridan pushaymon ham boʻlgandirlar, ammo qariyb besh yillik hamkorlik mobaynida buni biror marta sezdirganlari yoʻq.

Davlat boshiga Chernenko degani kelib, daqqi mafkurachilardan emasmi, kompartiyaning navbatdagi plenumida adabiyot jabhasidagi ogʻishlar, jumladan, hayotning chigal tomonlarini aks ettirishga ruju qoʻyilayotgani qattiq tanqid qilindi. Bu gaplar Maskov nashrlariga tegishli edi, albatta. Lekin, qoidaga koʻra, ittifoqchi respublikalar ham unga labbay deb javob berishi kerak. Bizning odatdagi qoliplarga moyilroq adabiyotimizda esa bunga misol yoʻq hisobi, ammo topish shart! Jurnalimizning galdagi soni rejalari muhokamasida asosiy eʼtibor shunda boʻldi. Aksiga olgandek, oʻjarroq bir muallifning rejaga kirgan qoʻsh hikoyasidan biri “Alam”, ikkinchisi “Oʻlim” deb atalar ekan, oʻqib oʻtirilmay ikkisi-da qurbon boʻldi. Biz, sezgir muharrirlarning taklifiga koʻnmagani uchun jazo! Qarangki, kaminaning “Javob” degan narsasi ham shu songa moʻljallangan edi. “Oʻzingizniki nima haqda, Erkinjon?” deb soʻradi bosh muharririmiz. “Oʻzimniki ham shunday…” dedim nafasim ichimga tushib.

Alam qildi, albatta. Necha kunlar qoʻl ishga bormay yurdi. Araz.

Oradan ikki oymi-uch oy oʻtib, navbatdagi songa yirikroq narsa topilmay, “Bir oʻqiylik-chi”, deb rahbarimiz masʼul kotib orqali oʻsha qissani soʻratdilar. Ishonchsizlik bilan eltib berdim. Ertasigayoq chaqirib, qoʻlyozmani qoʻlimga tutqazdilar. Bunday qarasam, qalam urilmagan. Demak, yo qayta ishlash kerak, yo butunlay maʼqul boʻlmagan! “Nima qilay buni?” debman beixtiyor. “Nima qilardingiz – bosmaga, naborga!” dedilar kishini hayratga solib. “Hayotning chigal tomonlari-chi?..” Erkin aka xuddi oʻzlariga oʻzlari gapirgandek dedilar: “Chigallik boʻlmasa, dard boʻlmasa, unday asar kimga kerak?!”

Qissani moshinkada oʻzim koʻchirgan edim. Qaysidir sahifasining oxiridagi abzatsga koʻndalang chiziq tortib qoʻyilibdi – oʻchirilgan. Keyingi sahifa ham aynan shu abzats bilan boshlanardi. Takroran terilgan ekan-da. Boshqa birorta eʼtiroz yoʻq…

Oʻsha kezlarga oid tagʻin bir hangoma hech esdan chiqmaydi. Bunisi endi oʻzimizning markazqoʻm “mahsulot”i. Turib-turib tanqid va oʻz-oʻzini tanqidni yanada kuchaytirishga qaror qilindi. Katta-kichik tashkilotu korxonalarda yarim hazil, yarim chin “ur-yiqit” boshlanib ketgan.

Tahririyatimizda oʻtgan ana shunday tanqid majlisiga markazqoʻmdagi mafkurachi opaxonlardan biri nazoratchi vakil boʻlib keldi. U kishi hali bu jabhada xiyla havaskor, ayrim safdoshlari singari erkakchasiga qoʻl silkiy-silkiy gapni kesib gapirolmas, ayniqsa, Erkin akaning salobati bosibmi, kecha tushgan kelinchak misol iymanibroq oʻtirar edi. Ammo baribir “yuqorining odami”! Oʻyin qoidasini buzmay, hamma bir-birini yengilgina chilpib oʻtgan boʻldi: kelgan odam birpasdan keyin ketadi, qolib birga ishlaydigan oʻzimiz-da.

Soʻz navbati menga yetdi, kelib-kelib chekimga rahbarimizni – Erkin akani tanqid qilish mushkuloti tushgan. Nima deyin, u kishidan biror-bir yomonlik koʻrganim yoʻq, neki boʻlsa ish yuzasidan boʻlgan, oʻzlariga esa hurmat-eʼtiqodim baland. Gapni aylantira boshlaganimni sezib, iymanchoq opadan prinsipial sado chiqdi: “Siz qoʻrqmang, uka, Erkin Vohidovich akamiz tanqidni toʻgʻri tushunadilar”. Bu daldasi ham samara bermagach, u oʻziga kerakli javobni endi sugʻurib olmoqqa oʻtdi: ishga kech qolganingizda urishadilarmi, huda-behuda koyiydilarmi, baʼzan qoʻpollik qilib turadilarmi?.. Yoʻq, yoʻq, yoʻq. Vakil qalamini tishlab oʻyga toldi: nima desak ekan-a unda? Nihoyat, zarur ifoda topilib, bloknotga bunday tushdi: “Jurnal jamoasiga munosabatda oʻta bagʻrikeng, ishga talabchanlik oʻrniga goho koʻngilchanlikka boradi…”

Majlis yakunidagi yana bir gap yodda qolgan. “Zoʻr jurnal chiqaryapsizlar, Erkin Vohidovich, oʻqib turamiz, rahmat sizlarga! – dedi masʼul xodim tanqid ruhini unutib, xushhollik bilan. – Lekin bittagina istak bor edi. Mana, deylik, yigit bilan qizni tasvirlab kelasizlar-kelasizlar-da, oxiri noaniq boʻlib qoladi: ular birga ketadimi, yoki… Bir jumlagina gap qoʻshib, shuni aniqroq yozsa boʻlmasmikan-a? Iltimos-da bu”.

Majlis ahli “iltimos”dan lol qolgan, kulib yubormaslik uchun hamma bazoʻr tishini tishiga bosib oʻtirar edi. Erkin akaga qaradim, u kishi aslo sir boy bermay, odatdagicha jilmayib turardilar. “Juda yaxshi, – dedilar keyin muloyimlik bilan, – juda yaxshi. Biz buni albatta hisobga olamiz. A, yigitlar? Ocherk-pocherk yozganda-da…”

Endi oʻylasam, oʻsha davr oʻyinlarining begunoh bir oʻljasi, aslida soddagina, koʻngilchan ayol ekan u…

Murod Muhammad Doʻst “Galatepaga qaytish”ini yozgan, lekin qaysi jurnalda bostirishni bilmay boshi qotib yurgan edi. Oʻqigan odam dafʼatan nima demoqqa hayron – odatiy asarlardan emas edi. Oʻylay-oʻylay bosh muharririmizga koʻrsatadigan boʻldik. “Doʻstingizning yaxshi qalami bor ekan, shuning hurmati chiqaraylik. Lekin ozroq ishi bor”, dedilar Erkin aka va asarni yaxlitlashtirishga doir taklif-mulohazalarini aytdilar. Suyunchi olib muallifga yetkazdik.

Ammo u kezlar jurnal yoki nashriyotda chop etiladigan yirikroq asar jamoat muhokamasidan oʻtmogʻi shart edi. Adabiyotimizning oʻsha davrdagi ayrim “qozikalon”lari asarga butunlay qarshi, undan gʻurradek boʻrtib turadigan biror kommunistik gʻoya qidirishar, muallifning yangicha uslubi ham ularning gʻashini qoʻzgʻamoqda edi.

Nasr kengashi aʼzolari atay xufyaroq yoʻsinda Yozuvchilar uyushmasining nomdor bir kotibi xonasiga toʻplandi. Eng katta nasrchi adibimiz ham, Gʻafur Gʻulom nashriyotini oʻtqazib-turgʻizadigan opaxonu akaxonlar ham shu yerda. Ular nasrchilar yigʻinida Erkin akani koʻrib andak taajjublanganlari, ayni choqda allanechuk sipo tortganlari kechagidek esimda. Lekin baribir qoʻlyozmani ayab oʻtirishmadi, yaroqsizga chiqarishdi-qoʻyishdi. Hammasi yosh muallifga goʻyoki achinish bilan qaraydi deng: Maskovlarda oʻqib kelgan odam ham shunaqa narsa yozadimi!..

Muhokama soʻngida Erkin akamiz soʻz olib, barchani lol qoldirdilar: “Asar bizga maʼqul. “Yoshlik” jurnali unga xaridor. Baʼzi mulohazalarimiz asosida Murodjon qoʻlyozmani qayta koʻrib berishga rozi. Asarga ustoz Ozod Sharafiddinov soʻzboshi yozyaptilar!”

Bu qaror-xulosani u kishi xuddi hozirgina asar yuzasidan bildirilgan nordon fikrlarni eshitmagandek, hech kim bilan munozaraga kirishmay, baayni davrani shunchaki bir xabardor qilib qoʻyayotgan kabi xolis, beozor ohangda aytdilar. Kengash ahli battar taajjubda qolib, negadir biror eʼtiroz qilolmay, yelka qisa-qisa tarqaldi.

Bosh muharririmizni yolgʻonchiga chiqarib qoʻymaslik uchun shu zahoti qoʻlyozmani koʻtarib Ozod akanikiga chopdik. Asar domlaga maʼqul boʻlib, soʻzboshi yozib berdilar. Endi oʻsha vahimali muhokamalar zamoni ham, boshqasi ham oʻtdi, “Galatepaga qaytish” “Yoshlik” jurnalida eʼlon qilinib, adabiyotimiz oʻziga xos bir asar bilan boyigani qoldi.

Xullas, niyatimiz yoʻldosh boʻlib, shu tariqa jurnal tilga tushdi, oʻsha yillardagi nashrlar orasida bayroqdorlik qila boshladi. Bugun endi sababu sirini soʻraganlarga Erkin aka mashhur “Yunost” jurnaliga rahbarlik qilgan Valentin Katayev tajribasini misol keltirib, “Muhimi – xodimlarga xalaqit bermaslik, yaʼni hadeb ularning ishiga aralashavermaslik”, deydilar. Jurnal ahli ham shu ishonchning qadriga yetardi, bosh muharrir nomiga gard yuqtirmaslikka tirishib ishlardi.

Bilasizki, bunday holat odatda uzoq davom etmaydi, albatta nimadir boʻladi. Boʻldi. Erkin akamiz koʻtarilib ketdilar – Gʻafur Gʻulom nomidagi kattakon nashriyotga bosh boʻldilar. Biz gʻoʻralar esa oʻzimizcha buni tushunolmay xunob: “Yoshlik” zoʻr edi-ku, obroʻli edi-ku, u sergʻalva joyda nima bor?!

Birov bir nima degani yoʻq, Erkin akaga oʻrganib qolgan ekanmizmi, qoʻl sovib, ishni yigʻishtirdik. Bekor oʻtirgan kunlarimizning birida choshgoh mahali uyga Xayriddin Sultonov kirib keldi. U oʻsha kezlari Gʻafur Gʻulom nashriyotida bosh muharrir oʻrinbosari edi. Bafurja gurungga chogʻlanayotganimni koʻrib, “Boʻling, sizni opketgani keldim. Ustoz soʻrayaptilar”, dedi.

Nashriyotga yetib borganimizda tushlik payti boʻlib qolgan, direktor boshliq toʻrt-besh kishi – muovinlaru tahririyat mudirlari ikki-uch moshina boʻlib allaqayga lagʻmonxoʻrlikka otlanib turishgan ekan. Biz ham qoʻshildik. Ich qiziydi deng: nega chaqiribdilar-a? Ammo na yoʻlda, na ovqat mahali bu haqda soʻz ochildi. Tushlikdan qaytgach, kabinetlarida ikkov qolganimizdagina qarorlari maʼlum boʻldi: “Ishga kelasiz!” Vaj-korsonlarimni qalashtira boshlagan edim, ilgarigiga oʻxshamagan bir jiddiyatu qatʼiylik bilan takrorladilar: “Kelasiz, tamom! Hammasi yaxshi boʻladi”.

Oʻsha kuniyoq buyruq chiqdi: koʻptomlik nashrlar tahririyatining mudiri etib tayinlandim. Keyin bilsam, nashriyotning oʻzida ham, tashqarida ham bu lavozimni koʻzlab yurganlar kam emas ekan.

Ustozimizning ishonchini oqladikmi-yoʻqmi, harqalay, u kishi boshqa ishga oʻtib ketganlaridan soʻngra ham yana uch-toʻrt yil qolib noshirlik qildik.

Erkin aka bir kuni qoʻngʻiroq qilib qoldilar: “Fargʻonani bir aylantirib kelsam nima deysiz? Doʻstlaringiz ham borishadi – Xurshidjonlar”.

Bu dunyoning asti tugamaydigan tashvishlari, ayniqsa, oʻsha vaqtdagi jamoat ishlari, bir yoqda jurnalga tegishli yumushlar, xullas, odatdagi tanglik-tigʻizlik – bir yoqlarga borib oʻynab kelgani vaqt qayda deysiz! Lekin Erkin akaga yoʻq deb boʻlarmidi! Shunday taklifni rad etib, keyin pushaymon qilmaysizmi?

Alqissa, ikki Xurshidu (Doʻst va Davron) ikki Erkin – toʻrtovlon “Qaydasan, goʻzal Fargʻonam” deya yoʻlga tushdik. Safarimizga rasmiyroq tus bermasa boʻlmasdi, Erkin Vohidov katta odam, qolganlar ham chakana emas, kimsan – deputat! Oliy oʻquv dargohlarida, ishlab chiqarish korxonalarida boʻlgan qizgʻindan-qizgʻin uchrashuvlar. Ayniqsa, Margʻilondagi dilkash kunlar! Qarindoshlarining toʻyi ustiga borib qolgan ekanmiz, ul ajib izdihom, ul izzat-ikromu fayziyob mashvaratlarni ayting. Erkin akamizni Fargʻona ahli davrasida koʻrmoq bir boʻlakcha edi.

Bugun oʻylab qarasangiz, ustozimiz bizni Fargʻona ziyoratiga bekor taklif qilmagan ekan. Dunyo tashvishlari hamon bitgani yoʻq, bitmasligi ham maʼlum, oʻshandagi Fargʻona safari esa bir umr yoddan chiqmas xotira boʻlib qoldi.

Keyinchalik Erkin aka bilan oliy mahkamalarda birga oʻtirish ham nasib etdi. U kishining oʻzini tutishi, minbarga chiqqanda loʻnda-loʻnda, barchaning koʻnglidagini kutilmagan bir yoʻsin, bir noziklik bilan ifoda etib berishlari bizga maktab, bizga andoza edi. Yashirib nima qildik, kattaroq amaldorni koʻrganda uncha-munchamiz birdan kichrayib, ovozimiz ingichkalashib, ikki bukilay deb qolamiz, shunday emasmi? Eng oliy mansabdorlar bilan roʻbaroʻ kelganda ham Erkin akamizning aslo sarosimaga tushmay, teppa-teng muomalada boʻlganlariga koʻp bora guvohman. Oʻsha kamtarinlik, oʻsha samimiyatu oʻsha xushsuxanlik – zarracha ortiq emas. Insoniy qadrini, shoirlik shaʼnini yuksak tutgan odamninggina qoʻlidan keladi bu ish!

Hali-hanuz baʼzi bir vaziyatlarga duch kelinganda, Erkin aka mana shunda nima degan boʻlardilar, nima qilgan boʻlardilar, degandek oʻy-andishalar oʻtadi koʻngildan. Yoʻq, behuda, behuda. Harchand otdosh boʻlmaylik, harchand u kishiga havas qilib, oʻzimizni maslakdosh sanamaylik, baribir boshqa-boshqa odamligimiz ayon boʻlib qoladi. Beixtiyor koʻngilni bir tasalli va faxr tuygʻusi qamraydi: mayli, Erkin akadek boʻlolmasak-da, u kishiga intilib, u kishiga havas qilib yashash ham gʻanimat-ku! Erkin aka misoli odamlar bilan zamondoshlik ham bir martaba emasmi bizga? Shunday. Xuddi shunday!

 

Erkin AʼZAM,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi

 

“Yoshlik”, 2016–12

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/otdosh-ogam/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x