Birinchi bosh muharrir saboqlari

Nurafshon sayyora

Erkin Vohidov…

Bu nomni ilk bor qachon eshitganman – yodimda yoʻq. Balki, muallimimiz tilidan, ehtimol, televizor yo radiodan – bilmayman. Muhimi, bu nom men uchun nihoyatda qadrli, undan taralguvchi nur, ziyo ruhiyatimning bir qismiga aylanib ketgan.

Oʻzi shunday boʻladi: quyosh, oy, yulduzlarga qoʻling yetmaydi, ularga borib koʻrmagansan, lekin doimiy ravishda tun-kuningga yorugʻlik, taft bagʻishlab turgani bois qaysidir darajada senga yaqin, hayotingga daxldor tuyuladi, umringning bir qismiga aylanib ketadi. Bu haqiqatni ustozning oʻzi ham sezgan holda shunday yozgan edi:

 

Odamlar, siz mening hayotim,

Har biringiz umrim parchasi…

 

Erkin Vohidov nurafshon sayyoralar kabi mendan juda olisda va ayni paytda menga juda yaqin edi.

Esimda, fan olimpiadasining tuman bosqichida ona tili va adabiyot boʻyicha gʻolib boʻlganim uchun maktab direktorimiz qalin muqovali, ustida yolqinli alanga tasvirlangan kitob bilan taqdirlagandi. Bu Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Kuy avjida uzilmasin tor” kitobi boʻlib, menga – oʻzicha sheʼr mashq qilib yurgan oʻsmirga tengi yoʻq tuhfa edi. Toʻplamga kirgan lirik sheʼrlarni yutoqib oʻqiganlarim, Matmusaning begʻubor sarguzashtlaridan qah-qah otib kulganlarim, ijtimoiy ruh bilan yoʻgʻrilgan misralar taʼsirida uzoq vaqtgacha oʻychan yurganlarim – butun taassurotlarim yodimda.

 

Uygʻoq nigoh

Oʻylab qarasam, Erkin Vohidov oʻzidan keyingi ijodkorlarning nafaqat shoir, balki shaxs sifatida shakllanishiga ham jiddiy taʼsir koʻrsatgan ekan. U kishining yonida yurgan yoshlar-ku, mayli, lekin poytaxtdan yuzlab chaqirim olisdagi qishloqda oʻz xomxayollari ogʻushida yashagan menday xayolparastning dunyoqarashi qotishida, muayyan hayotiy maslakka ega boʻlishida ham bu ulkan adibning oʻrni katta edi.

Oʻtgan asrning 80-yillari oxirida dadamning yoniga oʻtirvolib, “Vremya”, “Axborot” singari siyosiy-ijtimoiy teledasturlarni kuzatar va yosh shuurim bilan sobiq ittifoq hududida ulkan tarixiy jarayonlar yuz berayotganini ilgʻardim. Ammo bu chigal voqea-hodisalarni qanday talqin etish kerak, ularga qay tarzda munosabatda boʻlish lozim – tajribasiz ongim qamrab olishga, tahlil etishga ojizlik qilardi. Ayni shu pallada jonkuyar adiblarimiz, xususan, Erkin Vohidovning televideniyedagi chiqishlari, gazeta-jurnallardagi maqolalari koʻplab yoshlar qatori mening ham aql koʻzimni ochgan, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Iztirobu kuyunchaklik bilan yozilgan diloʻrtar misralar dunyoga shoirona uygʻoq nigoh bilan qarash lozimligidan saboq bergan.

Qishlogʻimizga haftada ikki marta pochtachi kelardi. Uzoqdan velosiped mingan odam qorasi koʻrinsa, eshikka qarab chopardim. U tashlab ketgan oʻndan ziyod gazeta-jurnal orasida “Yoshlik” ham boʻlardi! Albatta, men oʻsha paytlari bu adabiy nashrning ilk bosh muharriri Erkin Vohidov boʻlgani-yu, jurnal shu darajaga yetguncha qancha ter toʻkilib, zahmat chekilganini bilmasdim. Hali qaysi kasbning boshini tutishim aniq emasligi bois tahririyat nima, jurnalistika qanday kasb – oʻylab ham koʻrmagandim, butun fikru zikrim jurnalda chop etilgan bir-biridan qiziqarli asarlaru maqolalarda edi. Xususan, oʻzbekning atoqli va ardoqli shoiri Erkin Vohidov qalamiga mansub sheʼrlar, maqolalarni kesib olib (albatta, dadam oʻqib chiqqanidan soʻng), yigʻib borardim.

Shoirning oʻsha paytlari eʼlon qilingan, “qayta qurish” otligʻ davrning mohiyati yaqqol ochib berilgan sheʼrini bir oʻqishda yodlab olganim, oʻzimcha xirgoyi qilib yurganim ham esimda.

 

Bizlar arra tortmoqdamiz,

Arramizning tishi yoʻq.

Nega arrang tishi yoʻq, deb

Soʻraydigan kishi yoʻq.

 

Chunki bizlar anoyimas,

Pishib ketgan koʻzimiz.

Arra tushgan oʻsha shoxda

Oʻltiribmiz oʻzimiz.

Oʻsha davrga xos koʻzboʻyamachilik, xoʻjakoʻrsinchilikning oʻta ustalik bilan chizilgan surati bu. Ustoz shoir ijodida bunday istehzoli sheʼrlar koʻp edi. Oʻsha, menga sovgʻa qilingan toʻplamdan joy olgan “Majlis qiling”, “Eski hammom, eski tos”, “Uyatchanlik”, “Orol oʻlayotir…”, “Iztirob” singari sheʼrlarda ham zulmning, loqaydlikning, nosogʻlom siyosatning avra-astari agʻdarib koʻrsatilgandi. Eng muhimi, qizgʻin ijtimoiy ruh sheʼr sanʼatining nozik vositalari, badiiyat talablari bilan omuxtalashgan holda oʻquvchi qalbiga yoʻl topar edi.

Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari shoirlar eng qaltis paytlarda adolattalab, haqiqatga tashna xalqning ovoziga aylangan ekan, endi bilsak.

 

Oʻzi va soʻzi bir shoir

Koʻp ijodkorlar kabi talabalik, dunyo va yangi oʻzbek sheʼriyati bilan tanishuv, adabiyotdagi turli “izm”larga mahliyolik bosqichlarini boshdan oʻtkazdik. Murakkab uslublarga qiziqib, sodda va samimiy sheʼriyatga biroz bepisand qaraganimiz ham bor gap. Nihoyat, ustoz Erkin Vohidov mahorat bilan tarjima qilgan nemis mutafakkir shoiri Gyote ilgari surgan shoirning shakllanishi haqidagi “Avval soddalik, keyin murakkablik va yana soddalik…” degan purmaʼno hikmat magʻzini chaqdik. Jumladan, Erkin Vohidov sheʼriyatidagi tiniqlik va tabiiylik, soddalik va teranlik, musiqiylik va ravonlik, fikr va tuygʻu muvozanati ulkan isteʼdod, hayotiy tajriba va toblangan mahorat mahsuli ekanini, bu maqomga koʻtarilish hammaga ham nasib qilavermasligini anglab yetdik. Yana bir narsani tushundik: shoirning yoniq sheʼrlari muayayn qatlamga emas, butun xalqimizga maʼnaviy oziq, ruhiy quvvat boʻlgan, yaʼni ustoz chin maʼnoda xalq shoiriga aylanib ketgan ekan.

Afsuslanadigan joyimiz – Toshkentda ishlay boshlaganimizdan soʻng ham adabiyotimiz faxri boʻlgan koʻp ustozlarga yaqinlashmabmiz. Toʻgʻrisi, bunga haddimiz sigʻmagan. “Ular kim-u, biz kimmiz? Huzuriga borsak, qanday kutib olarkin?” qabilidagi andishali savollar toʻsigʻidan oshishga jurʼatimiz yetmagan. Holbuki, asarlari orqali doimo muloqotda edik, televideniye va matbuotdagi chiqishlarini muntazam kuzatardik. “Falon gazetada Erkin Vohidovning yangi sheʼrlari berilibdi. Piston suhbatda shunday fikr bildiribdi…” deb oʻzimizcha tahlil qilardik.

Bir gal Erkin Vohidov el suygan shoir va jamoat arbobi sifatida televideniyega kelgani, u kishiga peshvoz chiqqanimiz yodimda. Qisqa suhbat asnosida bir-biriga zidday tuyuluvchi ikki xislat – kamtarlik va salobatning bir shaxsda jamuljam boʻlganidan hayratga tushganman.

Oʻzbek sheʼriyati tarixida bir-biriga oʻxshamaydigan ulkan isteʼdod egalari koʻp. Har biri alohida dunyo. Erkin Vohidov deyilganda koʻz oldimizda tugʻma isteʼdod va yuksak sharqona madaniyatni oʻzida uygʻunlashtirgan, intellekti baland, shaxsiyati va ijodi muvofiq keladigan zabardast shoir qiyofasi gavdalanadi. Shunday ulugʻ insonga goh olis, goh yaqindan hamnafas boʻlganimiz, uning koʻngil va ruhiyat bulogʻidan suv ichganimiz kishiga cheksiz faxr, mamnuniyat bagʻishlaydi.

 

“Emas oson bu maydon ichra turmoq…”

“Yoshlik” jurnalida ish boshlaganimda xayolimga dastlab “Bu tahririyatga qanday ulugʻ insonlar rahbarlik qilgan-a!” degan oʻy keldi. Birinchi galda koʻz oʻngimda Erkin Vohidov siymosi purviqor qoyaday namoyon boʻldi. Ham adabiyotda, ham jamiyatda beqiyos obroʻ, nufuzga ega shunday shon-shavkatli bosh muharrirga izdosh boʻlish… kishiga xursandchilik va ayni paytda katta masʼuliyat ham yuklaydi.

Jurnalning oʻttiz-oʻttiz besh yil oldingi taxlamlarini varaqlash, ustozlar tajribasini oʻrganish asnosida yana bolalikka qaytganday, oʻsha paytdagi qadrdon doʻstimni qayta topganday boʻldim. Erkin Vohidovning ism-sharifi “Bosh redaktor” degan yozuv ostida qoʻr toʻkib, jurnalga bezakday turibdi. Birmuncha mayda harflarda bosilgan, lekin koʻp yirik, salmoqli asarlarni chop etgan jurnal… Adadi ham hozir xayolga sigʻmaydigan darajada koʻp. Oʻsha paytda tahririyatda ishlagan yosh ijodkorlarning aksariyati bugun adabiyotimizda oʻz oʻrniga ega ustoz adiblarga aylangan.

Eski taxlamlarni varaqlarkanman, jurnalga mehnati singgan barcha ustozlarga, birinchi galda tahririyatning birinchi bosh muharriri Erkin Vohidovga gʻoyibona minnatdorlik bildiraman. “Sizlarning tengsiz isteʼdodingiz, fidoyiligingiz, jonkuyarligingiz tufayli “Yoshlik” jurnali shunday nom qozondi. Hali ham sizlar taratgan dovruq soyasida yuribmiz. Tashakkur!” deyman ularga xayolan.

“Erkin Vohidov falon yili qiyin vaziyatga tushib qolganimda menga shunday yoʻl-yoʻriq koʻrsatgan…”

“Erkin Vohidov falon yili meni adolatsizlikdan himoya qilgan…”

“Erkin Vohidov falon yili katta xato qilganimda dakki berish oʻrniga, jilmayib koʻnglimni koʻtargan…”

“Erkin Vohidov falon yili hech esimdan chiqmaydigan yaxshilik qilgan…”

Ustoz bilan birga ishlagan hamkasblari, shogirdlarining bunday samimiy, minnatdorona dilsoʻzlarini eshitib, koʻnglimdan bir oʻy oʻtadi: Erkin Vohidovday shoir boʻlish qanchalar qiyin boʻlsa, u kishiday bosh muharrir boʻlish ham shunday mushkul ekan!

 

Mardona ruh

2015 yilning 28 dekabri. Ustoz bir kam sakson yoshni qarshi olayotgan kun. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari, Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo: “Erkin akani tabriklab kelaylik. Shu bahonada jurnalning birinchi bosh muharriri duosini olasiz”, deb qoldi. Taklifdan koʻnglim yorishdi va birgalikda yoʻlga tushdik.

Erkin Vohidov necha ming marta goh xursand, goh xafa, goh oʻychan holda hatlab oʻtgan darvoza oldida turibmiz. “Mana, men maqolamda yozgan qoʻngʻiroq!” dedi Iqbol aka eshik yonidagi tugmani bosarkan. Chindan ham, shogirdlarni saboqqa chorlovchi qoʻngʻiroq ovozi jaranglaganday boʻldi.

Ichkari kirib, ustoz bilan yuzma-yuz kelganimizda, u kishining xastalikdan jisman toliqqanini, oʻzini sal oldirib qoʻyganini sezdik. Katta shoirimizni teleekranlarda doimo oʻktam qiyofada koʻrib odatlanganimiz bois koʻnglimizda xijillik uygʻondi. Ustozning ruhini koʻtarishga, dalda berishga intildik. Iqbol aka: “Yaqinda Samarqandda ijodiy safarda boʻldik, sheʼriyat muxlislari Sizni eslab, qayta-qayta soʻrashdi”, dedi. Men ham oʻzimcha nimalardir deganday boʻldim. Ustoz minnatdorlik bildirdi. Sogʻlom paytlari ham ohista, soʻzlarni avaylab-erkalab gapiradigan shoirning ovozi shikasta chiqardi. Erkin aka asta-sekin hayotidagi koʻp kulguli, yorugʻ xotiralarni soʻzlay boshladi. Hajviy sheʼrlarini eslab, baʼzi parchalarni yoddan oʻqidi. Birpasda koʻnglimizdagi ezginlik tarqalib, xushchaqchaq kayfiyat, erkin muhit paydo boʻldi. Samimiy gurung qildik. Qizigʻi, biz ustozning emas, u kishi bizning koʻnglimizni koʻtardi, qalbimizga yorugʻlik ulashdi. Shunda, yana bir bor, xastaligu keksalikdan zaiflashgan vujudda qanday ulugʻvor, mardona ruh borligini tuydik.

Suhbat soʻngida ustozga “Yoshlik” jurnalining yangi sonlarini taqdim qildik. Ustoz bir paytlar oʻzi yoʻlga qoʻygan jurnalni oʻzgacha mehr, sogʻinish bilan varaqladi. Tahririyat ishiga rivoj tilab, duoga qoʻl ochdi. “Kitob-jurnal oʻqiydigan odamlar koʻpaysin!” degan tilak, ayniqsa, bizni mutaassir etdi.

Qutlugʻ xonadondan chiqarkanmiz, ustoz Erkin Vohidov bilan kechgan lahzalarimiz yillarga tatigulik saboq boʻlganini his qildik.

 

Yuksak eʼtibor

Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasidan nomzodi koʻrsatilgan Shavkat Mirziyoev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangandan keyin chiqargan ilk qarorlardan biri Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash toʻgʻrisida boʻldi. Yangi saylangan Prezidentimizning ulugʻ shoir merosi va xotirasini eʼzozlashga qaratilgan bu qarori butun xalqimizni xursand qildi. Chunki Erkin Vohidov, sal avvalroq taʼkidlaganimizdek, chinakam xalq shoiri edi. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, Erkin Vohidov oʻz salaflari qatori oʻtli, isyonkor sheʼrlari bilan elimizni istiqlolga ruhan tayyorlashda faol ishtirok etdi. Mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bilan yelkama-yelka turib, isteʼdodu bilimini, kuchu gʻayratini ozod va obod mamlakat bunyod etishga sarfladi. Borligʻini jonajon xalqimizga baxshida qildi. Haqli ravishda Oʻzbekiston Qahramoni deb eʼtirof etildi.

Bugun Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning 80 yilligi tantanalarida ishtirok etarkanmiz, barcha yoshlar, shogirdlarning koʻnglidan bitta oʻy oʻtyapti: “Ustoz! Siz kuylagan yurt, siz alqagan el borki, porloq yodingiz, yoniq soʻzingiz hech qachon oʻchmagay! Ilohim, bizga ham sizning sharafli, nurli yoʻlingizdan yurish nasib etsin!”

 

Nodir JONUZOQ

 

“Yoshlik”, 2016–12

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/birinchi-bosh-muharrir-saboqlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x