Ota-ona haqida she’rlar to’plami, eng ta’sirli she’rlar

Yetmish yulduz yog’ilib,
Yarim oycha to’lolmas,
Yeti yanga yig’ilib,
Bitta ona bo’lolmas,
Ona tirik eshikka
G’urbat yaqin yo’lolmas,
Mening esa, bag’rim qon,
Vayronaman onajon.

Garchi biz yosh, g’o’r edik,
Siz bor – biz ham zo’r edik,
Bir mayizni besh o’g’il
Teng bo’lishib yer edik,
Goh talashsak, haq so’zni
Onam aytsin der edik,
Tushmi endi u zamon,
Hayronaman, onajon.

Tirik yursa volidang
Toqqa kuching yetarkan,
Onang o’lsa, boshingdan
Oftob o’tib ketarkan,
Jindekkina alam ham
Tog’dek botib ketarkan,
Ko’ksim to’la ming armon,
To’lg’onaman, onajon.

Onasiz uy – oysiz tun
Ekan endi o’ylasam,
Qalbni o’rtar dardlarim,
Qay birini so’ylasam?
Sizsiz ko’cham befayz,
Halovat yo’q uyda ham,
Farishtasi tark etgan
Ostonaman, onajon

O’zing uchun o’l yetim!
O’rda ham men, qirda ham.
Ko’ylagimda tugma yo’q,
Tugma bo’lsa, kir -yoqam.
To’rt yangamga qo’shilib
Turtkilaydi to’rt og’am,
O’z uyimda jonajon,
Begonaman, onajon.

Ko’ngil o’zin tutingan
Bir mehribon qo’msaydi,
Dunyoda bir odamga
Siring aytib bo’lsaydi,
Onasizni do’sti ham,
Dushmani ham aldaydi,
Ayting axir, men kimga
Ishonaman, onajon?.

Yo’qligingiz qadamda
Turar shunday bilinib,
Non yopmaysiz tonglari
Menga kulcha ilinib,
Sarg’ayarman sarg’aygan
Rasmingizga termulib,
Ziyo istab zor qaqshar
Parvonaman, onajon.

Uy to’rida tolbeshik –
Akam yotgan, men yotgan,
Sherdek-sherdek kelbatli
Besh o’g’ilga asqotgan,
Qaytib kirib bo’lsaydi
Bo’lardim jon deb qaytgan!
Men bu joyni hammadan
Qizg’onaman, onajon.

Yashayapman sharpadek
Sezilmay goh, sezilib.
Gohi ko’kka intilib,
Gohi yerga egilib,
Sog’inganda she’r yozib
Yuraklarim ezilib –
El ichra bir shoiri
Devonaman, onajon

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x