Osmonning oxiri

Osmonning oxiri qayerda, dedim bir donishga. U miq etmadi.

Menga juda yoqdi bu javob.

Osmonning oxiri yoʻq, axir!

Irmoqning oxiri daryo. Daryoning oxiri dengiz. Osmonning esa oxiri yoʻq.

Yoʻl chetida yumalab yotgan toshni tepdim.

Toshdan sado chiqmadi.

Xudoga soldim, degani bu.

Olma shoxiga osilib devorga chiqdim. Toʻkilgan meva

qumursqalarga ermak boʻldi. Toʻkilgan devor tuprogʻi esa

gunohimga gunoh boʻlib qoʻshildi. Tunda paxsakash chol

tushimga kirdi. Mening shirin uyqum buzildi.

Xuddi eski devor buzilganiday…

Uyquning oxiri – oʻlim. Oʻlimning oxiri esa yoʻq.

Boʻlsa ham, hech kim unga yetgan emas.

Axir, oʻlim bu hamma narsaning oxiri-da.

Odamning umri goho yerda yotgan qogʻozcha ham emas.

Ertalab ishga ketayotib koʻrgan qogʻozingni kechda

qaytishda ham koʻrishing mumkin. Ertalab koʻrgan

odamni esa hamisha kechqurun koʻravermaysan.

Chumoli chumolini oʻligini tashiydi.

Biya qulunidan koʻz uzmay oʻtlaydi.

Oqibat faqat odamlarda yetishmaydi.

Yer odamni boqadi. Kiyintiradi.

Odam esa bir kun uni sahroga aylantiradi.

Suv odamning mardikori: hosil beradi,

tegirmon yurgizadi.

Odam uni oʻylamaydi.

Dunyodagi hamma narsa odamga yaqinlashishi bilan

oʻzligini yoʻqotadi.

Odam odamga yaqinlashganda ham topganidan

yoʻqotgani koʻproqdir…

Oftob qayerga botadi, deyman bobomga. Osmonning

oxiriga, deydi u. Oftob osmonning oxiriga borib

botmaydi, balki yigʻlaydi.

Dunyodagi barcha yoʻllarning oxiri yigʻi.

Dunyoning oxiri – qiyomat ham yigʻi.

Odam yigʻi nimaligini anglab yetgunicha yaqinlari

olamdan oʻtgan boʻladi.

 

* * *

Koʻrpangga qarab oyoq uzat, dedim oʻzimga oʻzim bir kuni.

Keyin oʻylanib qoldim. Kim aytgan ekan bu gapni

birinchi marta.

Ehtimol, Odam Ato Momo Havoga aytgandir. Yoʻq, bu

yaqin kishilar bir-biriga aytadigan gap emas. Bu gap

koʻrpasi bir odamlarning gapi emas.

Binobarin, Odam Ato bilan Momo Havoda koʻrpa nima

qilsin?..

Ibtidoiy odamlar teri yopinib yotishgan.

Qullarning koʻrpasi tuproq boʻlgan.

Feodallar koʻrpa talashishmagan.

Demak, bu ham kapitalizm illati!

 

Chaqaloq uchun hamma narsaning boshi-oxiri – Ona

koʻkragi. Oftobni chaqaloqqa oʻxshatish mumkin boʻlsa,

uning boshi osmonning koʻksida. Xoʻsh, Osmonning boshi

kimning koʻksida? Togʻlarning boshi Yerning koʻksida.

Yerning boshi-chi?.. Bilmayman. Bilmaganimdan xijolat

ham emasman. Bu yorugʻ dunyo, aslida, “bilmayman” degan

soʻzdan iborat. Men qachon tugʻilganimni aytib berishgan.

Men qachon yurishni oʻrganganimni yolgʻiz onam biladi.

Qachon tilim chiqqanini ham.

Men birinchi sheʼrimni qachon yozganimni oʻzim

bilmayman.

Xoʻsh, qani kim aytadi, oxirgisini qachon yozaman?..

 

Bilib turib birovga ozor berishdan yomoni yoʻq. Oʻzing

ham bilmasdan birovga yaxshilik qilishdan ortiq

yaxshilik yoʻq.

Sheʼr yozish ham oʻzing bilmay birovga yaxshilik

qilishday gap.

Haqiqiy sheʼriyat hamisha oyoq ostida. Misralar

qulunlar kabi tuproqqa agʻanab yotishibdi. Tur, toychoq,

chopamiz, desang, bas. Biz har zamon bir oyoq ostiga

boqib sheʼr topamiz. Keyin uning changini qoqamiz va

qancha koʻp qoqsak – shuncha koʻp sheʼr yoʻqotamiz…

Barcha buyuk zotlarning buyukligi ham xokisorligidir!

 

* * *

Men hozir Yerni ushlab toʻxtataman. Nega tinmay

aylanaveradi u?

Nahot zerikmagan boʻlsa?

Yerning oxiri qayda? Tasavvurning-chi?..

Aniq raqamlarni jinim suymaydi. Uchburchaklar –

tasavvur qafaslaridir.

Mashaqqatning oxiri rohat. Rohatning oxiri yana

mashaqqat. Kunning oxiri tun. Tunning esa oxiri yoʻq.

Bir ogʻiz sovuq soʻz bilan diling yana zimiston.

Loaqal, bir kungina kechgacha baxtli boʻlib yurgan

odamni topib bering menga!

Siz ming mashaqqat bilan chiqqan choʻqqida kapalak ham

bor. Qumursqa ham yashaydi. Sizning bu yutugʻingiz ular

uchun oddiy bir turmush tashvishi. Ular kunda-shunda.

Men hidlab toʻymagan bedani biya qarsillatib chaynaydi.

Yalpizni suv oqizib ketadi. Men koʻzimga surtgan suvda

qurbaqa choʻmiladi.

Momaqaldiroq dunyoni boshiga koʻtarib hayqiradi.

Yulduzlar qoʻrqib qochib qolishadi. Bulutlar yigʻlashga

tushadi. Yer yuzida qoʻziqorinlar tugʻiladi. Har qanday

hayqiriq soʻnggida nimadir dunyoga keladi.

Nimadir dunyodan ketadi.

Kulib gul ochiladi – yigʻlab shabnam toʻkiladi.

Daryo toshadi – togʻ nuraydi. Kelin xoʻrsinadi – yanga

ermak qiladi…

 

* * *

Odam dunyoga bir marta keladi. Shu bir kalima soʻz

bilan qancha savob ishlar qilish mumkin. Shu bir

kalima soʻz pinjida qancha gunohga botish mumkin.

Bu gapni agar qariqiz aytsa, yigʻlaging keladi.

Satanglar aytsa, ensasi qotadi odamning.

Qoʻy, oʻsha sevgi-pevgingni, ajrashinglar, deydi boyvuchcha

ona qiziga. Odam dunyoga bir marta keladi!

Seni bir haftada onasi oʻpmaganiga uylantirib

qoʻyaman-e, deydi takabbur ota oʻgʻliga: Ajrash.

Odam dunyoga bir marta keladi!

 

…Olisga qatnovchi avtobus haydovchisi yoʻl boʻyi xayol

surib kelayotganimni koʻrib, meni gapga soladi.

Ha, yigit. Buncha oʻychansiz, sevib qoldingizmi?

Men indamayman.

Sevgi yoʻq, deydi u jahlim chiqqanidan huzur qilib.

Sevgi suvga choʻkib ketgan. Tohirning sandigʻida…

“Qalay, bopladimmi?” Bu – uning qovoq yuzidagi nim

tabassum.

Men undan qutulish uchun jilmaygan boʻlaman. U buni

oʻzicha tushunadi.

Endi nasihatga oʻtadi: Xafa boʻlmagin-u, boʻshang yigit

ekansan, ogʻayni.

Shunaqa xayol surib yuraversang, xotinsiz qolasan.

Sevgi harakatning asiri, deydi.

– Oʻzingiz sevib uylanganmisiz? Savolim unga

yoqmaydi. Shubhalanib bir qarab oladi. Va iddao

bilan: Boʻlmasam-chi! Sevgan qizimga uylanganman,

deydi.

– Axir, sevgi suvga choʻkib ketgan-ku, deyman.

Tohirning sandigʻida.

U endi eshitmaganga oladi. Men hozir chambarakni

sherigimga berdim, dam olmoqchiman, deydi. Keyin yana

qulogʻimga shivirlaydi: xafa boʻlma, ustident,

hazillashdim.

Osmonning oxiri qayerda, deyman unga jiddiy. U, hech

narsani tushunmadim, degandek yelka qisadi.

Mana, u shunday yuragimning yonboshida xurrak otmoqda.

Men uning uygʻonib qolishidan qoʻrqaman!

 

Mudroq bosgan dilim,

Aytaman bir sir,

Tangri uyquni-da

Pallada tortar.

Uyqu – ham

Nasiyaga berilgan umr,

Uyqung ortgan sayin

Qarzing ham ortar…

 

* * *

Mening isteʼdodli shoir doʻstim, nihoyat, bir qizni

sevib qoldi. Biz bugun birga kinoga boramiz. Men

boʻlajak kelinning dugonasini zeriktirmasligim kerak.

Salomlashamiz. Yaʼni mana bunday: ular mening hali

qurib ulgurmagan yaltiroq boʻyinbogʻimga qarab

jilmayib qoʻyishadi. Bu qalaysiz, degani.

Men ularning belidan yuqorisi nafis koʻylaklariga

qaray olmay xoʻrsinaman. Qizlar shoir ogʻaynimning

ozgʻin boʻyniga imo qilishib qiqirlashadi.

Ularni bir amallab Eskijoʻvaga topshirib,

tangalarimizni jaranglatib metroga chopamiz. Doʻstim

mening yoqamga yopishadi: qalay bizning qalliqcha?

Boʻlmaydi, deyman. U seni istagan kuni tashlab ketishi

mumkin!

Qishlogʻingga ket, deyman.

U ketadi. Uyiga emas – Uzoq Sharqqa. Keyin uyoqdan

menga xatlar kela boshlaydi. Ayo doʻstim, osmonning

oxirini topdim. Osmonning oxiri Uzoq Sharqda –

dengizning yoqasida ekan!..

 

Shoir yarim yildan soʻng, yarim kechada ustimga bostirib

keladi. Kayfi taroq – egnida charm kurtka. Choʻntak

toʻla pul. Uyni baliq hidi tutib ketadi.

– Bilasanmi, Nilu – (Nilufar) erga tegayotganmish.

Toʻyiga taklifnoma yuboribdi…

Toʻyga bormaslikka koʻndiraman. U tuni bilan uxlamay

yozgan sheʼrini konvertga joylab bevafo qalliqchasiga

joʻnatamiz.

Shoir Uzoq Sharqdan faqat baliq hidi emas, yangi

maqol ham olib kelgan edi. U deyarli har kuni mendan

soʻraydi: Nega men seni oʻzimga doʻst tutdim, bilasanmi?

Kim uchundir jonimni berishim mumkin boʻlishi uchun!..

Odam dunyoga bir marta keladi, doʻstim.

 

* * *

Keng bir oʻtloq boʻlsa. Atrofing koʻm-koʻk maysa. Osmon

tip-tiniq. Maysaga yastanib yotsang-u… oʻlib qolsang!

Bedazorda ana shunday xayol surib yotsam, qanotlari

oppoq bir kapalak kelib, yelkamga chordona qurib

oʻtirib oldi. Salom, ogʻayni. Nega kayfiyating yomon?

Charchadim, dedim unga. Yashashdan charchadim.

Kapalak bir xoʻrsinib joʻnavordi.

Qiziq, unda ham bola-chaqa bormikin?

Kapalakning kapasi qayerda?

Nega shunday ojiz va nafis jonzot ham odamdan

yuqorida uchib yuradi.

Baquvvat va vazmin narsalar hamisha oyoq ostida

boʻlishadimi? Demak, odam ogʻir-bosiqligi uchun xormi?

Yengiltak va xushomadgoʻy kimsalarni shuning uchun oshigʻi

olchi ekan-da…

“Fikrlaringizni jilovlab oling, ular hamma

narsaning boshlanishidir”.

Haligi kapalakning qanotidagi yozuv bu.

Tanishganimdan xursand edim. Tongda men uni bogʻda

koʻrdim. Atirgulning shoxida. Kechagi tushkun holatim

uchun uyaldim. Uzr soʻramoqchi boʻldim.

Ammo kechikdim.

Atirguldan yumaladi kapalak,

Bir silkinib qoʻymadi ham gul shoxi.

Jon talashib, qum yaladi kapalak,

Koʻchdi mening koʻksimga ham titrogʻi.

 

Men undan Osmonning oxiri qayerda, deb soʻramoqchiydim.

Axir, buni faqat oʻsha qanoti ojiz qush bilishi mumkin

edi-da…

 

* * *

Osmon hech kimga qaramaydi.

Bulutlarning ham egasi yoʻq.

Hech kim quyoshni ham meniki, deb aytolmaydi. Agar

shunday daʼvogar topilsa, uni devonaga chiqarishadi.

Xoʻsh, nega odamlar yerga egalik qilishadi. Atrofini

oʻrab olishadi-da, bu yer meniki, deyishadi. Yer talashib

bir-birini oʻldirishadi.

Menga ayting-chi, bahorning egasi kim?..

Boychechakning boshligʻi, binafshaning xoʻjayini-chi?..

Ekkaningni oʻrasan. Ekmaganingni esa, koʻrasan, xolos.

Men bolaligim oʻtgan joylarni oʻzgarib ketishini

istamayman. Men kimdir oʻtinga moʻljallab qoʻygan

qadrdon shotutni otamni sogʻingandek sogʻinaman. Tollar

bilan quchoqlashib soʻrashgim keladi. Xuddi, qizlarni

quchoqlagan singari.

Agar shu gaplarni beda qorovuli eshitsa, hiringlab

kuladi. Kel, deydi, ana dala toʻla qoratol,

xohlaganingni quchoqla, istaganingcha oʻp:

gorko!

Osmonning oxiri esa, yalpizning yelkasida. Bir

elkasida. Uning boshqa yelkasi toʻla sogʻinch, muruvvat,

muhabbat.

Agar shu gaplarni beda qorovuli eshitsa…

 

* * *

Osmonning oxiri qayerda, dedim men suygan qizimga. U

mening peshonamni ushlab koʻrdi: issigʻing yoʻqmi,

ishqilib…

Savolimni takrorladim.

“Osmonning oxiri qaydaligini bilmadim-u, lekin

doʻkonga sariyogʻ kelganmish. Agar mumkin boʻlsa, bir

gʻayrat qilsalar…”

Hech iloji yoʻq, dedim. Ulugʻ ishlar bilan bandman.

Hali uylanmasimdan ish buyuradi. Ayol zoti, agar unga

ishqing tushganini sezib qolsa, burningni yerga

ishqaydi. Qaysi dono bobokalonim aytgan edi bu gapni?

Ammo kimnidir sevmasdan ham yashab boʻlmaydi.

Osmonning oxiri esa yoʻq. Boʻlsa ham menga nima?

“Nega allaqanday taka turkmanlarni maqtaysan?

Mening qayerim kam ulardan?..”

Koʻylaklari bilan koʻchalarni supirib yurishlari uchun

yaxshi koʻraman, bildingmi?

Osmonning oxiri turkman qizlarning uzun yenglarida.

Ular qoʻllarini koʻtargan joyda koʻk tugaydi.

Qoʻllari quyoshni toʻsib qoʻyadi…

Qiziq, oʻzi umrimda bironta turkman qiz bilan

koʻrishmaganman. Tiliga ham tushunmayman.

Lekin yaxshi koʻraman.

Axir, Xudoni ham yuzini bir koʻrmay turib yaxshi

koʻradi-ku, bandalari.

Muhammad ham uning bandasi.

Uning va muhabbatning bandasi.

 

* * *

Bozor qayerdan boshlanadi?..

Vokzal – chiptaxonadan.

Tayyoragoh – pasportni izlashdan.

Xoʻsh, bozor-chi, bozor qayerdan boshlanadi?

Hazilkashroq kishi choʻntakni kavlashdan,

deyishi mumkin.

Jiddiyrogʻi xomchoʻtdan, deydi.

Hammasi toʻgʻri. Chunki bozorga hamma har xil

xayolda boradi-da.

Kimdir shunchaki zerikib.

Kimdir dam olish uchun.

Birov toʻy taraddudi ila.

Xullas, bozorga hammaning oʻz soʻqmogʻi bor.

Menimcha, bozor darvozadan boshlanadi.

Oʻz darvozangdan chiqib, xarid qilishni koʻzlaganing

bozor darvozasidan hatlashing hamon oʻzgaradi-qoladi.

Bozorda, ayniqsa, Sharq bozorida, oʻzingga qoʻshilib yana

bir juft qoʻl choʻntagingga kirib chiqayotgandek goʻyo.

Bir zumda non ushoqlariga qoʻling tegib qoladi.

Koreys kampirining xushboʻy karamlaridan totib koʻrish

hissi paydo boʻladi.

Arab qizlarining yuzlaridek loʻppi xurmolar yonidan

koʻz yumib oʻtolmaydi odam.

Tarvuzlar oʻzlari yumalab oyogʻing ostida oʻyinga tushadi.

Navbatda turib gʻirt suyak goʻsht olasan. Ichingda esa

“meni tanidi, suyak qoʻshmadi”, degan yolgʻon tasalli.

Inqillab avtobus bekatiga kelasan. Shundagina uydan

olib chiqqan maoshing yodga tushadi. Yopiray, nahotki,

barini ishlatdim?..

Xurmoni nega oldim?

Tarvuz uyda bor edi-ku!

Ana shunaqa gaplar.

Xoʻsh, bozor qayerdan boshlanar ekan? Bilmadim, bilmadim.

Bilganim – bozor nima bilan tugashi.

Xotin ila janjal bilan tugaydi.

…Oltiariqlik turpfurush choldan soʻradim.

Otaxon, bilmaysizmi, osmonning oxiri qayerda?

Chol meni imlab yoniga chaqirib olib, qulogʻimga

shivirladi:

Torozixonada, bolam!..

 

Muhammad YUSUF

 

“Sharq yulduzi”, 2014–1

https://saviya.uz/ijod/nazm/osmonning-oxiri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x