Oʻzi ustoz boʻlar ustoz koʻrganlar

Hayot kurashdan iborat, zafar va magʻlubiyatdan iborat, irodasi mustahkam, bagʻrikeng ustozlarimiz tanti boʻlish, raqibiga ham marhamatli boʻlishning olijanob namunalarini koʻrsatganlar. Shunday ustozlardan biri Laziz Qayumov edi.

 

Doʻstlaring boʻlsin

 

Bir kam dunyo.

Sen ham bir banda.

Mayli, kamu koʻstlaring boʻlsin.

Lek koʻrganda shod, koʻrmaganda

Sogʻinguvchi doʻstlaring boʻlsin.

 

Ularga dil toʻla himmating,

Mehr toʻla koʻzlaring boʻlsin.

Qaydasan, deb, buzib xilvating,

Bosib kelar doʻstlaring boʻlsin.

 

Sevin ular tegsa joningga,

Ishdan qoʻysa kul, yayra, kuldir.

Kelmay qoʻysa birov yoningga

Dunyo oxir boʻlgani shuldir.

 

 

     Istibdod

 

Adib Said AHMAD soʻzi

 

Egil, oʻzni pana qil,

 Borligingni bildirma.

 Yoʻtalganga oʻn besh yil,

Aksirganga yigirma.

 

Kar boʻl, koʻr boʻl, tishla til,

Boshga balo keltirma.

Gapirganga oʻn besh yil,

Eshitganga yigirma.

 

Qalamingni dushman bil,

Qogʻoz uzra jildirma.

Roman yozsang – oʻn besh yil,

Doston yozsang – yigirma.

 

Tashbehlarning tagi zil,

Qofiya ham qidirma.

Menga tegdi oʻn besh yil,

Shuhrat oldi yigirma.

Zamon kechdi shu zayil,

Bizlar koʻrdik, sen koʻrma.

Oʻtsa ham koʻp oʻn besh yil,

Oʻtsa ham koʻp yigirma.

 

Said Ahmad, shukur qil,

Keksaliging bildirma.

Sen ozodsan oʻn besh yil,

Yoshing esa yigirma.

 

 

Bedor tunlar

 

Mijja qoqqani yoʻq shoir oʻtgan tun,

Sheʼr qoralab, oqqa koʻchirib chiqdi.

Bu kech ham uxlamay, barini butun

Bir satr qoldirmay oʻchirib chiqdi.

 

 

Soʻz – zabarjad

 

Soʻz – zabarjad,

Soʻz – gavhar, oltin,

Zargarlikning mashaqqati koʻp.

Soʻzni baytga qadashdan oldin

Kaftingga qoʻy, toʻyib qara, oʻp.

 

 

Oʻchmas chiroqlar

 

Tunlar achchiq-achchiq qahvalar ichib,

Muzdek suvlarga yuz yuvgan ekanmiz.

Yoshlikda muttasil uyqudan kechib,

Uni qaytmas qilib quvgan ekanmiz.

 

Mudroq yoʻqlamaydi endi bir dafʼa,

Arazlagan vujud, ozor chekkan jon.

Yurak xafa, yurak ichra qon xafa,

Orttirgan dardimiz nomi xafaqon.

 

Ming bu xastaliklar, sanchiq, ogʻriqlar

Oʻsha yuz oʻgirgan oromdan tortiq.

Biz endi tun boʻyi ichgan dorilar

Umr boʻyi ichgan qahvadan ortiq.

 

Baxsh etmoqni istab dillarga ziyo,

Tunlar chirogʻimiz oʻchmadi, biroq

Oʻchmaydigan qilib mahshargacha to

Biz oʻz boshimizda yoqibmiz chiroq.

 

 

Ustoz

 

Sohibqiron yotar ustoz poyida,

Jomiyni pir tutgan Navoiy hazrat.

Ustoz buyuk degan buyuk qoida

Bu qaytar dunyoda azaliy hikmat.

 

Aflotunga shogird edi Arastu,

Ul shogirdga shogird boʻldi Iskandar.

Bu oltin silsila davomi mangu,

Oʻzi ustoz boʻlar ustoz koʻrganlar.

 

Bormi murabbiydan baxtliroq inson,

Shogirdlari qilsa yuksakka parvoz.

Boshimizga tojsiz, bor boʻling omon,

Tabarruklar ichra tabarruk ustoz!

 

 

 Ayriliq

 

Doʻstning oʻlimiga qandoq koʻnarmiz,

Jon parchasin yerga qoʻshib koʻmarmiz.

Ayrila-ayrila ado boʻlgach jon

Doʻstlar ketgan yurtga biz ham joʻnarmiz.

 

 

  Soya

 

 Quyoshli kun soyang qolmas izingdan,

Bulut chiqsa gʻoyib boʻlar koʻzingdan.

Oftobing tik kelsa poyingda yotar,

Kun botarda uzun boʻlar oʻzingdan.

 

 

Hayot yoʻli

 

Zamon tez, fursat oz,

Har lahza ziqdir,

Har lahza ziqligi bilan qiziqdir.

Hayot yoʻli nadir? Qabr toshida

Ikki sana aro qisqa chiziqdir.         

 

 

Boʻsagʻa

 

Oʻpmoqqa qoʻlin bermadi,

             ostonani men zor –

Oʻpdim. Boʻsagʻa boʻsagʻa nom –

             olmadi bekor.

 

 

Qizil chiroq

 

Ichsang may, boqsang – qiz yanogʻi qizil,

Cheksang oʻt, oʻpsang – yor dudogʻi qizil.

Oshiq qalb nimalar istamas, lekin

Koʻngil koʻchasining chirogʻi qizil.

 

 

Koʻnglim aytur

 

     Navoiy gʻazaliga muxammas

 

Koʻnglim aytur, sevgi domiga asir tayyoramen,

Der koʻzim, hijron tuni zor yigʻlamoqdin qoramen,

Jon degay oʻt oraman, tan aytadur ming poramen,

To muhabbat dashti bepoyonida ovoramen,

Har baliyat kelsa ishq oshubidin bechoramen.

 

Chun firoq dashtida bir yaproq kabi fasli xazon

Ayrilibdurman chamandin, yoʻq menga manzil-makon,

Izlamang, ovora boʻlmang, topmagʻaysiz bir nishon,

El netib topqay menikim, men oʻzumni topmamon,

Boʻylakim, ishqu junun sahrosida ovoramen.

 

Karbalo dashtida koʻrgan ohular birlan mani

Angladi Majnun bilan bir jon mani, bir tan mani,

Yondi jon, bir Laylivashning dardi kuydirgan mani,

Oh dudi ichra bir uchqun kibi koʻrgan meni,

Bildikim, hijron tuniga kavkabi sayyoramen.

 

Qoshlaring hijronida yodek egilsam, ne ajab,

Gʻuncha laʼling sogʻinib koʻksimni tilsam, ne ajab,

Shamʼ husning shavqida oʻtga yoqilsam, ne ajab,

Kecha oʻrtansam, sahar faryod qilsam, ne ajab,

Ishq aro parvonavu bulbulgʻa chun hamkoramen.

 

Xoʻblar vasli gʻanimat, xizmatini ayla xoʻb,

Nuri diydang shamʼ etib tut, qomatingni ayla choʻb,

Borida qadriga yet, ketganda tuprogʻini oʻp,

Ey Navoiy, bordi deb ahbob taʼjil etma koʻp,

It kibi men erishib ul korvonni boramen.

 

 

Koʻzung ne balo qaro boʻlubtur

 

 Navoiy gʻazaliga muxammas

 

Ishqing menga to jafo boʻlubtur,

Koʻnglimga jafo safo boʻlubtur,

Qoshing, ne jazoki, yo boʻlubtur,

Koʻzung ne balo qaro boʻlubtur,

Kim, jongʻa qaro balo boʻlubtur.

 

Hajringki, yuzimni zard qildi,

Dunyoni koʻzimga sard qildi,

Dashti adam ichra gard qildi,

Majmuʼi davoni dard qildi,

Dardingki, manga davo boʻlubtur.

 

Chun oʻtli yuzing adosi yuz jon,

Qosh birla koʻzing gadosi yuz jon,

Zulfingni chu mubtalosi yuz jon,

Ishq ichra aning fidosi yuz jon,

Har jonki, sanga fido boʻlubtur.

 

Tun-kun tiladim visol Xudodin,

Hijronni yubordi ul samodin,

Yor yuz oʻgiribdi men fidodin,

Begona boʻlubtur oshnodin,

Begonagʻa oshno boʻlubtur.

 

Chun ikki jahon saodati – ishq,

Chun umrim oʻzi – hikoyati ishq,

Erkin tilagi – hidoyati ishq,

To tuzdi Navoiy oyati ishq,

Ishq ahli aro navo boʻlubtur.

 

Erkin VOHIDOV

 

“Sharq yulduzi”, 2014-1

https://saviya.uz/ijod/nazm/ozi-ustoz-bolar-ustoz-korganlar-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x