“Oskar”, paxta va Odil Yoqubov

2014 yilning 2 martida kino sohasidagi eng nufuzli Oskar mukofoti topshirilishining 86-marosimi boʻlib oʻtdi. AQSH kinoakademiklari “12 yil qullikda” kartinasini 2013 yilning eng yaxshi filmi deb topdilar.

Premerasi 2013 yilning 30 avgustida boʻlib oʻtgan film AQSH prokatida 18 oktyabrdan paydo boʻldi, Rossiyada 12 dekabrdan, Buyuk Britaniyada esa 2014 yilning 24 yanvaridan namoyish etila boshlangan. Byudjeti 20 million dollarni tashkil etgan, 133 daqiqalik film qisqa vaqt ichida 180 million dollardan koʻproq daromad keltirgan.

Film Solomon Nortapning “12 yil qullikda” hujjatli kitobi asosida suratga olingan.

Oʻrni kelib qoldi, memuar muallifi haqida ozgina maʼlumot berib oʻtaylik.

Solomon Nortap (1807–1863 yillar) – Amerikaning shimolidagi Saratoga-Springs shahrida yashagan qora tanli, savodli erkin fuqaro (oʻsha paytlari mamlakat janubida qullik tizimi hali saqlanib turardi), skripkachi, fermer. U 1828 yili uylanadi, tez orada farzand koʻradi.

1841 yili ikkita quljallob uni ish berish bahonasida Vashingtonga taklif qiladi va uchrashuv chogʻida narkotik moddalar berib, hushdan ketkazib qoʻyishadi. Soʻng Solomon shu holida Yangi Orleanga olib kelinadi-da, Luizianadagi plantatsiyalardan birining egasiga yangi ism bilan qul qilib sotib yuboriladi.

Nortap oʻzining erkin fuqaro ekanligini aytishga urinadi, biroq buning evaziga shafqatsiz kaltaklanishlarga, xoʻrlanishlarga duchor boʻladi. Xullas, bir yumalab haq-huquqsiz qulga aylanib qolgan Solomon 12 yil bu azob-uqubatni boshidan kechiradi, bir necha marotaba qochishga urinadi, ammo har gal qoʻlga tushib, ayovsiz jazolarga giriftor etiladi.

Nihoyat oilasi, doʻstlari, Nyu-York shtati gubernatori koʻmagida Nortap 1853 yilning yanvar oyida ozodlikka chiqib, uyiga qaytib keladi.

Nortap Vashingtondagi quljalloblarni sudga beradi, ammo ishni yutqazadi. Zero, oʻsha paytlarda amalda boʻlgan qonunlar qora tanlining oq tanliga qarshi guvohlik berishiga yoʻl qoʻymasdi.

Shundan soʻng Solomon Nortap oʻzining qullikda koʻrgan-kechirgan doʻzax azoblarini qogʻozga tushirdi va oʻsha yilning oʻzida “12 yil qullikda” nomi bilan eʼlon qildi. Bu bilan ham kifoyalanib qolmagan sobiq qul mamlakatning shimoli-sharqida qullikda oʻtkazgan uqubatli yillari haqida maʼruzalar oʻqidi.

Nortapning oʻlimi sanasi va sababi haqida turli taxminlar bor. Ayrim tasdiqlanmagan maʼlumotlarga qaraganda, qullikka qarshi ayovsiz kurashchiga aylangan Solomon aynan qul savdogarlari tomonidan yana oʻgʻirlangan va oʻldirib yuborilgan…

Xoʻsh, bugun, XXI asrning oʻn toʻrtinchi yiliga kelib, deyarli 170 yil burun roʻy bergan voqealar nima uchun sahnalashtirildi, nima uchun film bu qadar yuksak eʼtiroflarga sazovor boʻldi? Axir “12 yil qullikda” kartinasi Oskardan tashqari, Independent Spirit Award – mustaqil kinochilarning besh mukofotini (eng yaxshi stsenariy, rejissura, operatorlik ishi…), Critics Choicening bosh mukofotini, AQSH prodyuserlari gildiyasining mukofotlarini qoʻlga kiritdi va bu roʻyxat davom etmoqda. Bulardan tashqari film eng koʻp ijobiy taqrizlar olgan kartina sifatida yana bir rekordga erishib ulgurdi.

Yana bir yangilik. AQSH maktab kengashlari milliy assotsiatsiyasi (NSBA) mamlakatning barcha davlat maktablariga “12 yil qullikda” filmini oʻquv dasturiga kiritishni majburiy etib belgiladi. Yaʼni bundan keyin yuqori sinflar oʻquvchilariga Makkuinning filmi namoyish qilinishi bilan birgalikda Solomon Nortapning kitobi ham beriladi. Bundan tashqari, kitob va uning ekrandagi talqini xususida alohida oʻquv qoʻllanmasi chop etiladi. Mazkur tashabbus bilan chiqqan taniqli teleboshlovchi va aktyor Montel Uilyamsning soʻzlariga koʻra: “Gollivud chindan ham yaxshi asar yaratar ekan, bunday kino qudratidan kuchli taʼlim omili sifatida foydalanishimiz lozim. Bu film Amerika tarixining sharmandali davrini hayotiy aks ettirib bergan. Film oʻquvchilarni oʻtmish xatolarini takrorlamaslikka hamda yorqin kelajak xususida orzu qilishga undaydi…”

Darvoqe, bobo-momolari qullar avlodidan boʻlgan rejissyor Stiv Makkuinning oʻzi bu haqda shunday deydi: “Bu tarixiy voqea hamisha dolzarb boʻlib qolaveradi. Atrofga qarang va siz har qadamda hali-hanuz butkul yoʻqolib ketmagan qullikning unsurlarini koʻrasiz”.

Suratga olish ishlari 2012 yilning iyun oyida, bir paytlar qullik juda avj olgan Luiziananing Yangi Orleanida boshlandi va ikki oy davom etdi.

Solomon Nortap rolini ijro etgan aktyor Chivetel Ejiofor eslaydi: “Suratga olishning birinchi kuni paxta dalasiga chiqdik; 42 daraja issiq, soya joyning oʻzi yoʻq edi. Men bunaqangi issiqda qanday qilib ishlash mumkinligini tasavvur ham etolmadim. Biroq ayni paytda qahramonim aynan qanday sharoitlarda mislsiz azoblarni boshidan oʻtkazganligini his qila boshladim…”

Keling, aktyorning ushbu dil soʻzlarini tayanch nuqtasi sifatida qabul qilaylik-da, “12 yil qullikda” filmining bevosita va bilvosita oʻzimizga daxldor boʻlib koʻringan ayrim oʻrinlari borasida toʻxtalaylik.

Kartinada qullar eng qiynalgan, mashaqqat chekib ishlagan epizodlar paxta terimi bilan bogʻliq. Stsenariy muallifi Jon Ridli bilan rejissyor Makkuin ishni boshlashlaridan oldin Amerikaning janubiy shtatlarida oʻsha paytlari mavjud qulchilik tizimini puxta oʻrganisharkan, aynan paxta ishlab chiqarish tufayli bu tizim vujudga kelganligi va gullab-yashnaganligi haqidagi xulosaga kelishdi. Tasavvur eting: XIX asrning oʻrtalari, texnika yoʻq, shtatlar farovonligiga xizmat qiladigan paxta hosili qoʻlda terib olinadi. Va shafqatsiz espluatator, qamchisidan qon tomadigan quldorlar mutlaqo haq-huquqsiz qullarga kunlik norma belgilashadi: kuniga 200 funtdan! 200 funtdan-a!

Ammo… quyosh terak boʻyi koʻtarilganda uygʻotiladigan, gʻamgin qoʻshiq aytib (!) paxta terayotgan qullarga achinishga shoshmay turaylik. Ingliz tilida soʻzlashadigan mamlakatlarda (AQSH, Buyuk Britaniya) keng tarqalgan bu ogʻirlik oʻlchov birligi boʻlgan bir funt, agar juda aniq aytadigan boʻlsak, 0,45359237 kilogramga teng. Demak, hisob-kitoblarga koʻra qullar uchun kunlik norma 90,71 kilogramni tashkil etadi. (Qavs ichida qoʻshib oʻtib ketaylik, bitta oʻyinbuzuqi “dala malikasi”ni hisobga olmaganda (mana bu bizga juda tanish atama qayerdan kelib qolgan ekan!), shu normaniyam bajarolmagan qul qancha: ularning koʻrsatkichi 120-180 funt (54-80 kilogramm) atrofida, hatto bir yangi qul 64 funt (28 kilogramm) paxta teradi, xolos).

90 kilogramm…

Beixtiyor yodimga oʻtgan asrning saksoninchi yillari keladi. Kuz. Biz, Toshkentdan “oq oltin” terishga kelgan talabalarga kunlik norma 100 kilogramm etib belgilandi (“tushgacha 60, tushdan keyin 40”). Shuncha paxta terishga majbur edik. Bu talabni bajarmagan “xalq dushmanlari” kechki ovqatdan keyin, traktor chiroqlari yorugʻida yana paxtazorga chiqardik. Tong qorongʻusida esa harbiycha “Podʼyom!” buyrugʻi…

Surishtirib bildik, keyingi daladagi mahalliy terimchi ayollar orasida kuniga 200-300 kilolab, hattoki toʻrt yuz kilolab paxta terayotgan “dala malikalari” koʻpchilikni tashkil etarkan.

Bugun boʻlsa butun dunyo ahli “12 yil qullikda” filmida 520 funt (234 kilo) paxta tergan qul mehnatidan favqulodda hayratda! Fantastika bu! Mumkin emas!.. Milionlab tomoshabinlar koʻzlarida yosh bilan manfur, mustabid kolonizatorlarni qoralab yotibdi. Tili kalimaga kelmay, lol qotgan tomoshabinlar kartinaga mukofot ustiga mukofot berib charchashmayapti: axir, toʻgʻri-da, tirik insonni ham shunchalar xoʻrlab boʻladimi…

Darhaqiqat, “12 yil qullikda” filmi har qanday yuksak mukofotlarga munosib, biz buning uchun ikkala qoʻlimizni koʻtarib ovoz beramiz. Illo, hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, aynan ushbu kartina juda koʻplarning koʻzini ochdi, juda koʻplarni hayotga, inson umriga tiyrakroq, sergakroq va hurmat bilan nazar tashlashga oʻrgatdi…

Vaholanki, ushbu voqealar yuz berganidan soʻng oradan bir yarim asr oʻtib dunyoning boshqa chekkasida, texnika rivojlangan (!) davrda, Oʻzbekiston atalmish kattagina bir yurtda oʻz pasportiga ega, goʻyoki konstitutsiya himoyasidagi erkak-ayollar Janubiy Amerika qullaridan ayanchliroq ahvolda, yomonroq sharoitda mehnat qilganliklarini bilisharmikin bu koʻngilchan, serhissiyot xonimlar va janoblar…

Filmni tomosha qilarkanmiz, nechukdir quloqlarimiz tagida yana bir oʻtli sas yangrayotganday boʻlaverdi. Ha, bu ulugʻ adibimiz Odil Yoqubovning shoʻro davri intihosi ibtidosida, SSSR xalq deputatlarining birinchi sʼyezdida soʻzlagan, qoraya boshlagan sokin osmonda nogoh chaqnagan chaqindek taassurot uygʻotgan otashin nutqi (Axir yodimizda-ku: “Saratonning jaziramasida xudoning bergan kuni oʻn ikki soatlab qirt-qirt zahmat chekish, hatto, dam olish kunlari, bayram, taʼtil nimaligini bilmasdan ter toʻkayotgan dehqon… Oftobning zahri tufayli, zaharli ximikatlarning huda-behuda qoʻllanilishi tufayli rak, oshqozon-ichak va sariq kasalliklari, ayollarning kamqonligi va boshqa xastaliklar behad urchidi… Otam zamonidagiday tappi qalab, qozon qaynatishadi… Qaddi basti nechundir yashin urgan qayinlarni eslatuvchi shu ayollarning barkashday qoraygan yuzlariga koʻzim tushsa, koʻzlarimdan beixtiyor yosh tirqiraydi… Koʻzlari toʻla mung, armon va hasrat…”). Keling, koʻpchiligimiz oʻqigan, eshitgan ushbu iztirob va alamga toʻla maʼruzadan kichik bir iqtibos keltiraylik: “… Janubiy Amerikadagi toshbagʻir oq tanli fermerlar tutgan yoʻlni bir eslaylikmi-a. Ular paxta plantatsiyalarida oʻzlari ishlashni istashmadi, bu zahmatdan xotin, bola-chaqasini ham xalos etish uchun, borib Afrikadan necha yuz ming qora tanlini kishanband etib, olib kelishdi. Ammo adolat yuzasidan shuni ham aytish kerakki, naslu nasabini paxta zahmatidan asragan oʻsha qahri qattiq fermerlar ham, kelgusida qullaridan sogʻlom, yaʼni ogʻirini yengil qiladigan nasl yetishsin uchun, ularni toʻydirib boqishgan. Shuning sharofatidanki, boʻyi ikki metrli qoratanli polvonlar dunyoga keldi; ularning avlodlari bugungi kunda Amerika sportining, sanʼatining ham gultojlaridir!..” (Fitna sanʼati. 2-kitob. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining “Fan” nashriyoti. Toshkent-1993.4-bet).

Yurak qaʼridan otilib chiqqan bu gaplarga izohning oʻzi ortiqcha… Ammo baribir koʻngilni alamli bir savol oʻrtayveradi: oʻsha… qullardan ham xormidi bu el… Illo har narsa muqoyasada bilinadi…

U kunlarning qoʻrqinchli tush kabi ortda qolgani rost boʻlsin…

Insoniyat oʻtmishga qarab kelajak sari qadam tashlaydi, deyishadi. Gollivudning navbatdagi kinodurdonasi – “12 yil qullikda” filmini tomosha qiling, tariximizning “eng kir, eng qora” kunlari qatori yaqin kechmishimizni ham yodga oling… Ogʻir kunlarni-ku, unutarmiz, ammo ular bergan saboqlarni unutib boʻlarmi?..

Bugun, odam savdosi avj olgan, yigirma birinchi asrning oʻn toʻrtinchi yiliga kelib ham Insonning qul kabi ishlatilishi, quldek hayot kechirishi oddiy holga aylangan, “olomon madaniyati” xurujlari tufayli yengil hayot, osmondan tushadigan boylik, maishat istagidagi lak-lak izdihom maʼnaviyati qullikdan ham battar ruhiy manqurtlikka duchor boʻlayotgan bir davrda yaratilgan bu film balki ayni ushbu sabab-omillar tufayli biz uchun yanada ibratli va qimmatli boʻlib tuyildi…

 

Abduqayum YOʻLDOSHYeV

2014 yil aprel

 

“Hurriyat” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/oskar-paxta-va-odil-yoqubov/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x