Badiiy tarjima maʼnaviyat kaliti, hamkorlik vositasi

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Ilhomjon TOʻXTASINOV bilan tarjimashunoslik sohasida qilingan ishlar va istiqboldagi rejalar xususida suhbatlashdik.

 

– Oʻzbekistonda tarjimashunoslik tarixi qaysi davrdan boshlanadi?

 – Oʻzbekiston zaminidagi tarjima maktablari haqida gap ketganda, Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Al-Fargʻoniy, Forobiy, Mahmud Koshgʻariy, Zamaxshariy, Yusuf Xos Hojiblarning tarjimalari, Alisher Navoiyning tarjimonlik faoliyati va uning asarlarining dunyo tillariga tarjimasi tarixi, Xorazm tarjima maktabi vakillari Muhammadrizo Ogahiy, Komil Xorazmiy, Toshkent tarjima maktabi vakillari Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Abdulla Qahhor, Oybek, Fafur Fulom, Maqsud Shayxzoda va boshqalarning tarjimonlik faoliyati, Faybulla Salomov, Ozod Sharofiddinov, Amir Fayzullolarning tarjimashunoslikka qoʻshgan hissalarini taʼkidlab oʻtish mumkin.

Nazariy tarjimashunoslik – Oʻzbekistonda nisbatan yangi soha. Tarjimashunoslik ilmiy asosda XX asrning oʻttizinchi yillaridan shakllana boshladi. Talantli tarjimon va olim Sanjar Siddiqning “Adabiy tarjima sanʼati” (1936 y.) kitobi Oʻzbekistonda tarjima nazariyasiga bagʻishlangan ilk puxta ilmiy kitobdir. Sanjar Siddiq bilan birga yonma-yon Sotti Husayn, Mannon Roik, Madamin Davron, S. Palastrov, M. Salye singari amaliyotchi tarjimonlar tarjimashunoslik bilan faol shugʻullanib, nashr etilayotgan tarjima asarlarning yutuq va kamchiliklarini tahlildan oʻtkazib borganlar.

 – Samarqandlik jadidlar Sayid Rizo Alizoda, Mahmudxoʻja Behbudiy, Hoji Muin, Siddiqxoʻja Azjiy maktablar uchun darsliklarni 5-6 tildan tarjima qilishgan. Tarjimashunoslikda bu holat tahlil etilganmi?

 – Jadidchilar faoliyati bilan filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Dadaboyev shugʻullangan. Ularning faoliyatidagi yutuq va kamchiliklarni oʻzining tadqiqot ishlarida yoritib bergan. Biroq mazkur sohada, yaʼni ilmiy tarjima borasida tadqiqot ishlarining koʻlami aytarli darajada koʻp emas, bu borada qilinadigan ishlar koʻp.

 – Tarjimaning xalqaro tartibi yoki standarti bormi?

 – Odatda badiiy asarni muallif nazarda tutgan gʻoya va tarjima matni oʻquvchisining mavqei, mentaliteti, dunyoqarashi, ijtimoiy holati kabi omillarni hisobga olib, tarjima qilish mumkin. Zamonaviy biznes olamida tarjima jarayoni majburiy sifat standartlariga amal qilmasdan, mijoz tomonidan talab qilinadigan oddiygina tarjima sifatini taʼminlash mumkin emas. Aynan shu fakt Yevropa hamda Amerika tarjimonlar assotsiatsiyasini tarjima materiallaridan foydalanuvchilarni himoya qilish va ularni bundan xabardor qilishga yoʻnaltirilgan umummilliy standartlarni ishlab chiqish haqida muzokara boshlashga majbur qildi. YeN 15038 Yeuropean umumevropa tarjima standarti 2006 yil 1 avgustda kuchga kirgan, Yevropa standartlashtirish qoʻmitasi 30 mamlakatning tarjimada qoʻllanadigan terminologiya standartlarini birlashtirdi, til bilan bogʻliq xizmatlarni amalga oshiruvchilarga qoʻyiladigan asosiy talablarni, tarjima isteʼmolchilari huquq va majburiyatlarini belgilab berdi.

 – Tarjimada nima muhim: tarjimon mahoratimi, asar saviyasimi yoki buyurtmachi ehtiyojimi?

 – Tarjimada siz taʼkidlab oʻtgan uch jihatning barchasi ham muhim. Biroq tarjimon mahorati ular orasida eng muhimi hisoblanib, qolgan ikki jihatni toʻldirib ketishi mumkin. Agar tarjimon yetarli darajada bilim va tajribaga ega boʻlmasa, tarjima toʻlaqonli chiqishi mushkul. Agar bu ikki sifat yetarli boʻlsa, ijodiy metodlardan foydalanib, saviyasiz asarni ham saviyali koʻrinishda tarjima qilishi va buyurtmachi ehtiyojini toʻla qondirishi mumkin.

 – Samarqand tarjima maktabi salohiyati va imkoniyatiga toʻxtalsangiz.

 – Oʻzbekistonda tarjima nazariyasi va amaliyoti sohasining shakllanishi va rivojlanishida samarqandlik olimlarning munosib hissasi bor. Tarjimashunoslik Samarqandda fan sifatida farangzabon adabiyot namunalarini rus tili vositasida oʻzbek tiliga oʻgirishning nazariy aspektlarini ilmiy tadqiq qilish orqali boshlangan. 1963 yilda samarqandlik iqtidorli tarjimashunos olim Yusufjon Poʻlatov “Oʻzbekistonda chet el adabiyoti va Gi de Mopassan novellalarining oʻzbek tiliga tarjimasining oʻziga xos xususiyatlari” mavzusiga bagʻishlangan nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Bu dissertatsiyada ilk bor rus tili orqali oʻzbek tiliga oʻgirilgan Mopassan novellalari tarjimasining lisoniy va uslubiy oʻziga xosliklari oʻrganilib, oʻzbek tarjimashunosligi fanida yangi yoʻnalish ochib berildi.

Yana bir samarqandlik olim M. Xolbekovning tadqiqotlari ham oʻzbek-fransuz tarjimachiligi va adabiy aloqalarining rivojlanishiga bagʻishlanadi. Uning Oʻzbekistonda fransuz adabiyotining tarjima tarixini oʻrganishga bagʻishlangan nomzodlik dissertatsiyasi va tarjima tanqidchiligiga oid qator maqolalari Samarqand tarjima maktabi rivojiga xizmat qildi.

Samarqand davlat chet tillar institutida tarjimonlik boʻlimining ochilishi bu yerda iqtidorli tarjimonlar tayyorlashga ixtisoslashgan professor-oʻqituvchilarning toʻplanishiga, bu bilan respublikamiz tarjimonlik maktabiga bevosita chet tillardan tarjima qila oladigan mutaxassislar yetishib chiqishiga zamin yaratdi.

Afsuski, Samarqand tarjimashunoslik maktabi soʻnggi yillarda juda katta yoʻqotishlarga uchradi. Poshali Usmon, Abdimurod Koʻchiboyev, Salim Jabborov, Salohiddin Hayitov kabi zabardast ustoz-tarjimonlar va olimlar bizni tark etishdi, bu nafaqat tarjimonlik sohasi, balki butun Samarqand adabiy muhiti uchun jiddiy yoʻqotishdir.

Bugun faol ijod bilan mashgʻul tarjimonlar Dinara Sultonova, Eshqobil Vali, Oybek Ostonovlarning nomlari tez-tez qulogʻimizga chalinib, bizni quvontirmoqda. SamDCHTI talabalari orasida ham badiiy tarjima bilan jiddiy shugʻullanishni niyat qilgan bir talay yosh iqtidorlar bor, biroq ular bilan hali koʻp ishlashimiz kerak.

 – Endi bevosita Abdulla Qodiriy asarining tarjimasi haqida.

 – Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida 2012–2014 yillarda “Oʻzbek adabiyoti antologiyasini ingliz tiliga tarjima qilish va adabiyotlararo muloqot” mavzuidagi ilmiy-amaliy loyiha amalga oshirildi. Mazkur loyiha doirasida oʻzbek adabiyotining sara namunalaridan 18 tasi oʻzbek tilidan bevosita ingliz tiliga tarjima qilindi. Ular orasida Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” asari ham bor. Asarlarni tanlashda avvalo, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda tarjimon olimlardan Ibrohim Fafurov, Omon Moʻminov va Nosir Qambarovlarning tavsiyalariga tayandik. Tarjima jarayonida biz asarni asliyat shaklida saqlashga, oʻzbek mentalitetiga xos milliy-madaniy urf-odat, tarixiy, anʼana hamda marosimlarda ishlatiladigan soʻz va iboralarni saqlab qolishga harakat qilganmiz.

Asarni tarjima qilish uchun kun va oylar kerak boʻldi, oʻziga yarasha qiyinchiliklar bizni nashr qilishdan uzoqlashtirdi. Mutasaddi shaxslardan amaliy yordam soʻrab, asarning mohiyati, uning bugungi kundagi ahamiyati va dolzarbligi haqida aytishga harakat qildim. Asar tarjimasi borasida adabiyot va tilshunoslik sohasiga qiziqqan bir qancha xorijlik mutaxassislarga murojaat qildim. Natijani Samarqanddan topishga muyassar boʻldim. Samarqand davlat chet tillar institutida 2016–2017 oʻquv yili uchun AQSH elchixonasining koʻngilli ingliz tili oʻqituvchisi Ellis Britan biriktirilganligi meni quvontirdi. Biz tahrir ustida uch oy birgalikda ishladik.

 – Bizda tarjimani moddiy ragʻbatlantirish yoʻlga qoʻyilganmi?

 – Odatda tarjimon nashriyot tomonidan gonorar koʻrinishida moddiy ragʻbatlantiriladi. Agarda kelajakda milliy adabiyotlarimizni tarjima qilishda davlat tashkilotlari, vazirlik va uyushmalar tomonidan loyiha sifatida mablagʻlar ajratilib, qoʻllab-quvvatlansa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Bizning urf-odat, madaniyatimiz, maʼnaviyatimiz, tariximiz va tilimizning betakrorligini inobatga olsak, bu dunyo xalqlarini qiziqtirishi aniq. Albatta, tarjimonlarni moddiy ragʻbatlantirib, ularga yetarli eʼtibor berilsa, yurtimizda tarjima sanʼati yanada rivojlanishiga shubha yoʻq.

 – Ijodiy rejalar bilan ham oʻrtoqlashsangiz. Ehtimol, boʻlajak tarjimonlarga maslahatlaringiz bordir.

 – Mamlakatimiz kundan-kun rivojlanib, dunyo sahniga chiqib boryapti. Oʻzbek adabiyoti, madaniyati va urf-odatlari dunyo mamlakatlarining nazarida boʻlishini inobatga olishimiz kerak. Xorijliklar yurtimizga kelishdan oldin tariximiz va madaniyatimizni sinchiklab oʻrganib chiqishga harakat qilishadi. Biz yana oʻndan ortiq asarlarni tarjima qilishni oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz, bular hozircha sir boʻla qolsin, sababi tarjima ertaga tayyor boʻladi, deydigan narsa emas. Boʻlajak tarjimonlarga asl adabiyotimizni chuqur oʻrganishni maslahat bergan boʻlardim.

 

F. ISʼHOQOV

suhbatlashdi.

 

zarnews.uz

https://saviya.uz/hayot/suhbat/badiiy-tarjima-manaviyat-kaliti-hamkorlik-vositasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x