Ong orqali yurakka

Dunyoga mashhur amerikalik yozuvchi, Nobel hamda Pulitser mukofotlari laureati Uilyam Folkner shaxsiyati koʻpchilikda qiziqish uygʻotadi. Hikoya va qissalari, esseyu romanlari, sheʼriyat hamda dramaturgiyasi jahon kitobxonlari tomonidan birvarakayiga iliq kutib olinishi ijodkor mahoratining yuksakligidan dalolat. Uning xalqu hukumat koʻzigayu koʻngliga yaqinligi, dunyo miqyosida eʼtirof etilishi koʻplab yozuvchilarga butun umr qoʻl choʻzsa yetib boʻlmas orzuligicha qolaveradi.

Uilyam Katbert Folkner 1897 yilning 25 sentyabrida Amerikaning Missisipi shtatida dunyoga keldi. Qahramonimizning yoshligi boshqa bolalar kabi koʻcha changitib oʻynash – dan yiroqda oʻtdi. Otasining kasbi sabab u shahardan bu shaharga tinimsiz koʻchib yurishlar bunga imkon ham bermasdi. Nyu-Olbanidan Ripleyga, undan Texasga koʻchib yuruvchi sayyor oila va nihoyat, Oksfordda qoʻnim topdi. Bu shahar yozuvchi hayotida oʻchmas iz qoldirdi. Oiladagi ijodiy muhit Uilyamning dunyoqarashi, aktyorlik mahoratiga oʻz taʼsirini oʻtkazar, mutolaaga mehr qoʻyishida birlamchi omil edi. Volidasi Maud farzandlariga Charlz Dikkens va aka-uka Grimm ertaklarini muntazam oʻqib berardi. Tengqurlari orasida zukkoligi, ziyrak nigohi va oʻtkir quvvai hofizasi bilan ajralib turgan Folkner koʻproq vaqtini kattalar bilan oʻtkazishni xush koʻrardi. Urush mavzusi haqida gap ketdi, deguncha qulogʻini ding qilib, bobosining fuqarolar urushi haqidagi xotiralarini tinglardi.

Sanoyi nafisaning chinakam ixlosmandi – Folkner hayotida sarba-sar oʻzgarishlar roʻy bera boshlaydi. 1918 yilda yoshlikdan pinhon koʻngil qoʻyib yurgan sevgilisi boshqa bir inson bilan turmush quradi. Shundan soʻng u koʻngillilar qatorida frontga ketishga qaror qiladi, biroq uni ayrim jismoniy kamchiliklari tufayli qabul qilishmaydi. Uning uchun har tomondan eshiklar yopilar, Uilyam esa boshqasini ochaverardi. Yozgi harbiy maktabni muvaffaqiyatli tamomlaganda esa, Birinchi jahon urushi ham tugaydi. Taqdirning unga atab qoʻygan “tuhfalari”dan soʻng, Folkner koʻp oʻtmay tark etgani – Missisipi universitetiga oʻqishga kiradi. “Yangi Respublika” jurnalida “Favnning tonggi uyqusi” nomli ilk sheʼri bosilib chiqadi.

Qalami avval nazmda charxlangan Uilyam Folkner 1925 yilgacha nasrga murojaat qilmadi. Uning 17 yoshida Filipp Stoun bilan uchrashuvi ijodiy faoliyatiga juda katta taʼsir koʻrsatadi. Folknerning dastlabki sheʼriy mashqlariga koʻz tashlaboq, Stoun uning isteʼdodi, aktyorlik imkoniyatlarida saktalik sezmaydi hamda yosh shoirni imkon qadar qoʻllab-quvvatlaydi. Uilyam ijodidagi ruhiy madadkor – uning salafi Filipp Stoun va jonajon shahri Missisipi edi: ulardan ilhom olib, kuchga toʻlardi. Ayniqsa, yozuvchiga ona shahridagi chirkin hodisalar, irqlar oʻrtasidagi notenglik kabi muammolar tinchlik bermasdi.

Bedorliklar natijasi oʻlaroq, birin-ketin “Askar mukofoti” (1926), “Chivinlar” (1927), “Gʻubor qoʻngan bayroqlar” (1929) asarlari dunyoga keladi. 1929 yilda Uilyam Folknerga olamshumul shuhrat tuhfa etgan, hali hanuz jahonning eng mashhur asarlari roʻyxatida yetakchi oʻrinlarni band etib kelayotgan, amerikalik ijod ahlining orzusi – Pulitser mukofotini muallifga ilk bor taqdim etgan “Shovqin va gʻazab” asari yoziladi. Uilyamning shaxsiy hayotidagi sarafrozlikni ham oʻsha yillarda kuzatish mumkin: va nihoyat, birinchi muhabbati, turmushidan ajragan Estell Oldemga yetishadi. Turmushi davomida Alabama va Jill ismli qizaloqlarni birgalikda kamolga yetkazishadi.

Uilyam Folkner ijodi munaqqidlar tomonidan chuqur munozalarga sabab boʻlsa-da, kitobxonlar uchun noodatiy va murakkab tuyular, shu sabab keng ommaga doim ham maʼqul kelavermasdi. Bu kabi holatlarni oʻzining muvaffaqiyatsizligiga yoʻygan muallif 1932 yildan to 1946 yilga qadar Gollivud uchun ssenariylar yozish bilan shugʻullanadi. Oʻn besh yillik ijodi davomida ham baribir romanlar tartib berishdan chekinmadi: “Avgust yogʻdusi” (1932), “Avessalom, Avessalom!” (1936), “Boʻysunmaslar” (1938), “Yovvoyi palmalar” (1939), “Qoʻrgʻoncha” (1940) va hokazo.

Folkner zamondoshi Ernest Xeminguey uslubidan farqli oʻlaroq, “ong oqimi” yoʻnalishida ijod qildi: yuksak hissiyotlar oqimi, koʻz ilgʻamas mohirlik, aqliy hujum, tushunishdagi murakkablik, chigallik va baʼzan ilohiylik, gʻayrioddiylikni oʻzida jamlagan asarlarida turli-turfa qahramonlar – sobiq qullar yoki qul avlodlari, nochor oq tanlilar, dehqonlar yoxud ishchi janubliklar va janublik zodagonlarni uchratish mumkin. Folknerning ijod mahsuli ham Jeyms Joys asarlari kabi oʻquvchini oʻylatishga, fikr yuritishga, mulohazaga chorlaydi. Biroq, ularning murakkab syujetlari sababidanmi, yoxud hazmi ogʻir ekanidanmi koʻpchilik kitobxonlar bu kabi asarlarga toʻxtalib, aniqrogʻi, “bosh ogʻritib” oʻtirishni afzal bilmaydi. Omma kitobxonining sarguzashtu kulgili voqealarga boy asarlarga talabidan farqli ravishda, uning ijodi xos adabiyotga taalluqliday tuyuladi. Yuksak adabiyotni tushunish, magʻzini chaqish uchun ham teran aql, tafakkur lozimki, “ong oqimi” oʻzining oqimii bilan kitobxonni-da oqizib ketadi.

Uning ijodiy faoliyati davomida “Emili uchun gullar”, “Oʻsha tungi quyosh”, “Qizil yaproqlar”, “Qaqroq sentyabr” kabi hikoyalarini “Bu, oʻn uchlar” (1931) nasriy toʻplamida jamlaydi, “Dangʻillama hovli”, “Pastga tush, Moisey”, “Oʻgʻrilar” (ikkinchi bor Pulitser mukofotini keltirgan asar) kabi romanlari bosilib chiqadi. Koʻplab ahli ijod kabi Folkner ham ichkilikdan, maydan ilhom olar, taniga “oppoq ogʻu” yugurarkan, ayni chogʻda qalami ham oppoq qogʻoz uzra oʻynardi. Rostlik va mastlik aro dunyoga kelgan ijod namunalarini bosmaxonaga topshirar ekan: “Bir kun kelib ijod va mening oʻrtamda devor paydo boʻlishini bilaman. Biroq hali u devor yoʻq. Men yoza olaman”, derdi. Bu degani – “mening asarlarimga tuzatishu oʻzgartirishlar kiritilmasin” degani bilan barobar edi. Alalxusus, bunga hech kim jurʼat etolmasdi. Demakki, u oʻziga, asarlarining komilligiga, sarnigun boʻlmasligiga ishongan.

Omadli adib 1950 yilning dekabrida adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti laureati sifatida Stokholmga tashrif buyurdi. Uning ijodi, asarlari endi dunyo miqyosida tan olinardi. Muvaffaqiyatlar yoxud mukofotlar eshigi ketma-ket ochilib, 1955 va 1963 yillarda qoʻshaloq Pulitser mukofotiga sazovor boʻldi. Hayotligidayoq oʻziga haykal qoʻyib ulgurgan Uilyam Folkner 1962 yil 6 iyulda AQSHning Bayxeliya shtatida dunyodan koʻz yumdi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–9

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/ong-orqali-yurakka/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x