Qadim zamonlarda Lili ismli bir qiz turmushga chiqibdi. Koʻp oʻtmay, qaynonasi bilan bir uyda yashay olmasligini anglab, tushkunlikka tushibdi.
Qaynona esa Lilining har bir ishidan kamchilik topib janjal chiqarar, uning sabr kosasi borgan sari toʻlib borarkan. Biroq urfga koʻra, u qaynonasining barcha injiqliklariga koʻnib yashashga majbur ekan. Lilining bunga sabri yetmabdi va oʻylay-oʻylay, otasining Xuang ismli giyoh sotuvchi doʻsti yoniga boribdi. Unga qaynonasini oʻldirish uchun zahar kerakligini aytibdi. Xuang esa unga: “Sen oddiy ogʻu ishlatmasliging kerak. U oʻzidan soʻng asorat qoldirib, shubha uygʻotishi mumkin. Senga shunaqa zahar berayki, u odam tanasiga sekinlik bilan taʼsir qiladi va hech qanday shubha uygʻotmaydi. Sendan hech kim gumon qilmaydi”, debdi.
Keyin qattiq tayinlabdi: “Zaharni bergach, qaynonangga shirin gapir, gap qaytarma, janjallashma. Nima ish buyursa, ogʻrinmasdan, chin koʻngildan bajar. Doim xizmatiga shay tur, unga itoat et. Qarabsanki, koʻp oʻtmay, maqsadingga erishasan, sabrli boʻl”.
Lili dorishunos aytganidek, qaynonasi bilan xushmuomala boʻla boshlabdi. Buyurganlarini rad etmay bajaribdi. Biroz vaqt oʻtib, uni oʻz onasidek yaxshi koʻrib qolibdi. Oradan bir oy oʻtgach, Lili Xuanning yoniga yigʻlab kelibdi. “Zaharni qaynonamga berdim. Ammo men endi avvalgidek uni yomon koʻrmayman, oʻz onamdek boʻlib qoldi. Iltimos, bir ilojini qilib, uni davolang”, deb yigʻlab yolvoribdi. Shunda Xuang: “Yigʻlama, men senga hech qanday zahar berganim yoʻq. U shunchaki, sogʻliqni yanada mustahkamlovchi giyoh edi, xolos”, debdi. Lili xursand boʻlganicha uyiga yuguribdi. Kela solib: “Siz mening onamsiz!” deya qaynonasini quchoqlabdi.
Ingliz tilidan
Ozoda VALIYEVA
tarjimasi
“Oila davrasida”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/nasr/onaga-berilgan-zahar/