Chalgʻi

Ivo ANDRICH (Serbiya)

 

Yakshanba kuni shaharni shovqin-suron butkul zabtiga oladi. Savdo rastalari uzra toʻxtovsiz sado berib turadigan temirlar darang-durungi ularning hammasini bosib ketadi: dehqonlar sotib olayotgan chalgʻilarini doʻkonlarning tosh ostonalariga urib-surib sinab koʻradi.

Dehqon qiladigan ishini avval xayolida obdan pishitishga oʻrganmagan. Ammo oʻzi uchun muhim bir yumushni bajarishga kirishar ekan, bor dunyoni unutib, bamaylixotir, butun vujudi bilan ishga berilib, boshini xoʻp qotiradi. Chalgʻi xaridi ham uning uchun ana shunday muhim ish.

Vitomir sahar-mardonda tupkaning tagidagi koʻrimsizgina qishlogʻidan shaharga tushib, olib kelgan narsasini sotdi. Endi u bahorning uzundan-uzoq bu kunida yana bir ishni uddalashi – chalgʻi sotib olishi kerak.

Avval bozorchilar bilan gurunglashdi, ularning chogʻini oldi, keyin kuymalangancha, chilangarlik rastalarini bir necha bor aylanib chiqdi. Yurib-yurib, oxiri oʻzi durustroq biladigan doʻkonga kirishga ahd qildi. Ana endi tomoshani koʻring. Doʻkondor, xoʻsh, xizmat, degandek unga qaraydi. Vitomir ochigʻini aytmay, nimalardir deb mingʻirlaydi. Devorga osilgan mollarni quvlik bilan koʻzdan kechiradi. Chalgʻi qidiradi. Nihoyat koʻpni koʻrgan doʻkondor uning koʻnglini topadi va xizmatkor bola ichkaridan kanop matoga oʻralib, ustidan mahkam tangʻilgan, qilichdek yaltirab turgan chalgʻilarni olib chiqadi.

Dehqon ogʻziga talqon solganday, jim choʻnqayadi va oʻramdagi chalgʻilarni asta-avaylab sugʻurib oladi. Tigʻi, tarxi va rangini koʻzdan kechiradi. Oʻtkirligini chamalab koʻrgach, oʻrogʻini koʻzlariga miltiqdek yaqin olib boradi va nishonga olayotgandek, tigʻini tekshiradi. Tuflaydi, yalaydi. Tirnab koʻrish ham esidan chiqmaydi. Yonida – tishlari kemtik, koʻzlari kattalarnikidek quvgina bola. Gumashta.

Dehqon chalgʻilardan ikki-uchtasini tanlab, doʻkondan tashqariga olib chiqadi va ularni ostonadagi toshga birma-bir urib koʻradi. Erinmasdan uzoq sinashga tushadi. Chalgʻilardan koʻz uzmayotgan bola uning ortidan qolmaydi. Xaridor esa goʻyo bu mishiqidan qanday qutulishning yoʻlini topolmay garang: chalgʻi bilan yolgʻiz qolish uchun u bor dunyosidan voz kechishga tayyor. Chalgʻini yolgʻiz oʻzing shoshilmasdan sinab-tekshirib koʻrganingga nima yetsin. U bolani, butun borliqni unutgisi keladi. Chalgʻini toshga ohista urib, tor ohangini tinglamoqchi boʻlgan mashshoqdek qulogʻiga tutadi. Poʻlat jarangini shunchalar uzoq tinglaydiki, hatto butunlay sas chiqarmay qoʻygandan keyin ham tovushiga mahliyo boʻlib oʻtiraveradi. Yuzida befarqlik: bor-yoʻgʻi tirikchilik vajidan, noilojdan keladigani bu bozorda poʻlat sasini tinglar ekan, xayoli uni uzoq-uzoqlarga olib ketadi. Oʻzini oʻrim ayni avjga chiqqan maysazorda koʻradi. Sozlab, soplangan, peshlangan chalgʻining tik qiyalik uzra maysalarni shigʻ-shigʻ oʻrayotgani, oʻrilgan oʻtlarning bir tekis yastanib qolayotganini aniq-tiniq tasavvur qiladi…

Vitomirning yonidan oʻtayotgan dehqonlar toʻxtab, bir zum turib qolishadi, poʻlat jarangiga quloq solishadi, maslahat berishadi, mulohazalarini baham koʻrishadi. Bu urinishingizdan bir naf chiqishi qiyin-ov, deyishadi. Dongʻi ketgan burungi Varsar chalgʻilari endi qayoqda deysiz. Vitomir bu gaplarning hammasini bosh irgʻab eshitadi, lekin oʻz bilganidan qolmaydi.

Doʻkondor ota-bobolaridan qolgan tujjorlarga xos meros – beadad sabr-toqati tugab, eshik oldiga chiqmagunicha, Vitomir chalgʻilarni toshga urib, jarangiga quloq solib oʻtiraveradi. Muloyim ovozidan diqqati oshgani sezilib turgan doʻkondor ham unga maslahat bera boshlaydi. Qoʻlidagi chalgʻilardan birini tezroq tanlashga koʻndirmoqchi boʻladi:

– Ortiqcha bosh qotirishga ne hojat, Vitomir, – deydi. – Unisi ham, bunisi ham asl mol.

– Albatta, albatta, – deydi dehqon. Lekin doʻkondorning gapi maʼqul kelgani uchun emas, tujjorni chalgʻitish, iloji boricha vaqtni choʻzib, maslahatlardan xoli, bemalol oʻylab olish uchun shunday deydi.

Chalgʻilar ikkita. Ulardan birining – qoramtirrogʻining yuziga mazmuni Vitomirga tushunarsiz, qandaydir zarhal yozuvlar bitilgan. Shuning uchun dehqonlar uni tilla chalgʻi, deb atashadi. Salib deb ataladigan ikkinchi chalgʻi esa koʻkimtir poʻlatdan. Harflari juda mayda. Tamgʻa oʻrnida ishlangan kumush rangli yoʻngʻichqa barglarini eslatadi.

– Bosh qotiradigan joyi yoʻq, – deb qistaydi doʻkondor. – Mana, yozuvi-yu, tamgʻalariga – beda bargiga qara.

– Shundaylikka shundayku-ya, – deydi dehqon parishonxotirlik bilan, lekin yaxshi biladiki, yozuv deganingiz oʻqishdan xabari bor odamni ham aldashi turgan gap. Tamgʻasini tomosha qilaman, deb xayoling qochib, qilayotgan ishingdan chalgʻib ketishing hech gap emas.

– Albatta, albatta…

Uning tujjorga beradigan bor-yoʻq javobi shu. Xayolida esa qoʻlidagi chalgʻilar bilan tillashishdan toʻxtamaydi. Ular dehqonning butun fikr-zikrini oʻgʻirlagan, hatto gʻala-gʻovurga toʻla bozor izdihomini ham unutgan. Koʻziga chalgʻidan boshqa narsa koʻrinmaydi.

“Bilamiz, – deydi u oʻziga-oʻzi. – Juda yaxshi bilamiz. Yozuvlari ham, bezagi ham joyida. Bundan zoʻri boʻlmaydi. Lekin bu hashamat chalgʻini sotib olguningizcha. Oldingizmi, ana undan keyin koʻrasiz nagʻmasini. Hamma dehqonning haqidan ursam deydi. Chalgʻining chiroyidan ham, zarhal yozuvlaridan ham maysaga oʻralib yotgan ilondan qoʻrqqanday qoʻrqish kerak. Lekin ulardan qutulib boʻpsiz. Dikavadagi chayir maysalarning bu chiroyli soʻzlaru hashamatli tamgʻalar bilan necha pullik ishi bor. Ularga baquvvat chalgʻi kerak. Ammo qani oʻsha chalgʻi?! Asl chalgʻi qanday boʻlishini, mana, bizdan soʻrang. Bunday savdolar boshimizdan koʻp oʻtgan. Doʻkonda bunday qoʻlingga olib tomosha qilsang, naqd qilich, qilichdan ham zoʻr, oʻtkir koʻrinadi koʻzingga. Chalgʻimisan chalgʻi. Biroq uni Dikavaning toshday metin choʻqqilariga olib chiqib, soplab, peshlab, oʻroqqa solsang, bu padari qusur arraga oʻxshab oʻtni gʻajishdan boshqa ishga yaramaydi. Qayroq solsang, dami qirovday toʻkiladi. Bilamiz, hammasini bilamiz!”

Vitomir shunday gaplarni xayolidan oʻtkazar ekan, chalgʻilarning goh unisini, goh bunisini toshga urib koʻraveradi. Goʻyo chalgʻini notanish soʻzlar va jimjimador naqshlari zamiriga yashiringan haqiqatni oshkor etishga majbur qilmoqchi. Navbati bilan qoʻliga olib, uzoq, sinchiklab qaraydi. Chalgʻining goʻyo tillarang, koʻk yoʻl-yoʻl chiziqlaridan uning tarixini oʻqimoqchi boʻladi.

Nima boʻlganda ham, u endi shu chalgʻini sotib olishga mahkum. Yo oʻzi, yoki chalgʻi ishga butunlay yaroqsiz boʻlib qolgunicha uni qoʻlidan qoʻymasligi kerak. Peshonasiga bitilgani shu. Vitomir chalgʻini toshga zarda bilan uradi. Doʻkondor peshtaxta ortidan yana boʻynini choʻzadi. Chalgʻi jarangidan dehqonning oʻzi ham uyqudan uygʻonib ketgandek choʻchib tushadi, kalovlangancha jim boʻlib qoladi.

Uzoq davom etgan taraqa-turuq, mulohaza va ikkilanishlardan soʻng, ikki chalgʻidan birini tanlaydi. Endi doʻkondor bilan uzundan-uzoq savdolashish boshlanadi. Bu tortishuv bunday sergʻalva, uzoq, mugʻombirona marosimlarni boshdan kechiraverib diydasi toshday qotib ketgan doʻkondorni ham holdan toydiradi. Oqshom uyiga borgach, yuz-qoʻlini chayib, dasturxon boʻyiga oʻtirar ekan, kim biladi deysiz, nechanchi bor uf tortadi va xotiniga yozgʻiradi: “Bu qishloqilar bilan savdo qilish – koni azob. Hamyonidan bir mirini sugʻurib olguningcha, ming marta oʻlib, ming marta tirilasan”.

Nihoyat, bor-baraka deyilib, aqchasi toʻlanadi. Vitomir nahorda olma ortib kelgan baytaliga minib, egarning orqasiga boʻsh qopga oʻralgan chalgʻini tangʻiydi. Soʻng toqqa – qishlogʻiga qarab yoʻlga tushadi.

Baytal jonivor tepalikka chumoliday tirishib-tirmashib oʻrmalaydi. Vitomirning esa dimogʻi chogʻ. Har holda, unga shunday tuyuladi. Gʻayrati joʻshib, miskin koʻngli koʻtarila, dadillasha boshlaydi. Shirin-shirin xayollarga berilib, qaddi gʻozlanadi. Ana-mana deguncha qoʻshiq aytgisi ham kelib qoladi. Bunday sururli damlarda chalgʻining yaxshi-yomonini farqlashni ham, doʻkondor bilan savdolashishni ham qoyilmaqom qilib uddalashi mumkinligiga koʻzi yeta boshlaydi. Doim shunday: shaharga tushdi deguncha, negadir darrov oʻzini yoʻqotib, dovdirab, shalvirab qoladi. Hech kimga, hatto oʻziga ham ishonmay qoʻyadi. Gʻala-gʻovur, ur-sur bozor ortda qolib, toqqa, Dikava sari oʻrlay boshladimi, goʻyo aqli-hushi yana joyiga kelib, oʻzini qushday yengil his qila boshlaydi. Togʻda hamma narsaga fahmi yetadi, hammasini tushunadi. Biroq keyingi bozor keldi deguncha yana oʻsha ahvol.

Vitomir qora terga botgan baytalida yoʻlning tanobini tortib borar ekan, egarga tangʻilgan va bugun uni gʻoyat holdan toydirgan, shunga qaramay, juda yaqin, qadrdon boʻlib qolgan chalgʻisiga koʻz tashlaydi. Xoʻsh, bu savilning necha pullik mol ekanini kim biladi? Balki u chalgʻining yaxshisini tanlay olmagandir? Balki, qimmatga olgandir? Vitomir doʻkondorning savdolashish asnosidagi qiyofasini koʻz oldiga keltirishga urinadi. Ammo chalgʻidagi zavod tamgʻasiga tishi oʻtmaganidek, tujjorning yuzidan ham biror maʼni oʻqiy olmaydi. Balki, “moʻrtroq” va “yomonroq” tuyulgan, Vitomir qoʻlida rosa aylantirib koʻrgan oʻsha koʻkimtir chalgʻi durustroq, baquvvatroqmidi. Endi tushingni suvga ayt. Shunday boʻlsa-da, shubha uni tark etmaydi. Dilidagi gʻubor uni oʻz xaridiga bot-bot oʻgirilib qarashga majbur qiladi. Oʻngga oʻgirilsa – chalgʻining sopdoniga, chapga oʻgirilsa, xaridining besh kunlik oydek egilgan oʻtkir oʻrogʻiga koʻzi tushadi. Chalgʻisiga ham quvonch, ham biroz asabiy soʻz qotadi:

– Sen hali qaysi qishloqqa ketayotganingni bilmaysan-da, baraka topkur! U joylarda sinu-sumbatimni tomosha qilishib, tilla bezaklarimni koʻzlariga surtishadi, deb oʻylayotgandirsan. Xomtama boʻlma. Bizning qishloqda duch kelgan harfu suratlarga mahliyo boʻlib qoladiganlar juda kam. Biz tomonlarda chalgʻiga ham, oʻt-oʻlanu odamga ham – hammaga qiyin!.. Riston bobo – koʻp chapani odam edi, rahmatli – katta-kichik, hammamizni xashak toʻdalashga haydagani esimda. Bola bechoralar jizgʻanak qilib qovurayotgan oftob tigʻiga dosh berolmay, tappa-tappa yiqilgan. Onalar bolalarini qoʻyib yuborishini soʻrab yolvorgan. Riston bobo esa oʻshqirgani-oʻshqirgan: “Birov terilaringni shilib, etlaringni nimtalayotgan boʻlmasa, buncha dodlaysizlar. Yorugʻ dunyoga keldinglarmi, ishlanglar-da! Qani, xashakni toʻdalanglar!” Esimda, juda yaxshi esimda. Bundan besh battarlarini ham koʻrganmiz…

Vitomir oy nurida tovlanib borayotgan chalgʻisiga qarab jilmayar ekan, shirin xayollariga yakun yasaganday boʻladi:

– Ana shunaqa gaplar, oshna. Ertaga seni sandalga qoʻyib, shunday bolgʻalayki, olovlaring otilib, dod solganingni butun maysazor eshitsin! Qumqayrogʻimning ostida bir sayragin, bir sayragin! Dikava nimaligini ana oʻshanda bilasan. Koʻzginang ochiladi! Tilla tamgʻalaru yolgʻon-yashiq yozuvlaringdan nom-nishon qolarmikin. Ana shunaqa! Bu togʻlar, bilsang, oshna, qahri qattiq, shafqatsiz togʻlar!

Xiragina nur sochib turgan oy yorugʻida Vitomir torgina tekis yalanglikka yetib kelganini sezdi. Qishlogʻiga yaqinlashganini anglab, xuddi birov bilan qasdlashgandek, na ohangi, na soʻzini tushunib boʻladigan, boʻrining uvlashidek choʻziq bir ovozda xirgoyisini boshlab yubordi.

 

Ruschadan

Qulman OCHIL

tarjimasi

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/chalgi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x