Yarim tun

Pak In SUK

Har kuni yigirma uchdan ellik besh daqiqa oʻtgan payt men uchun juda muhim. Shunday paytda men va oyim bir-birimizdan uzoqda boʻlamiz. Tungi navbatda ishlaganim bois, har safar shu paytda oyimga telefon qilish mening odatimga aylangan.

 – Oyi, menman, ha-ha. Mendan xavotir olmay, uxlayvering, oyijon, – deyman.

– Tezroq kelgin, oʻgʻlim. Men yaxshiman, oʻzingni asra. Gʻayrat bilan ishla.

– Xoʻp, oyi.

Mening bu qoʻngʻirogʻim onamga bir olam quvonch beradi, goʻyo kun boʻyi madorsiz yurgan-u, gaplashganimizdan soʻng kuchga toʻlgandek boʻlardi.

– Oyijon, xavotir olmang, men tezda boraman, – deyman baʼzan beparvo.

Doim uyga kirib borganimda, avaylab oʻstirgan farzandini hech kimga ishona olmay, tuni bilan uxlamay, meni kutib oʻtirgan oyimning holatini koʻrib yuragim eziladi.

– In Suk, keldingmi? – deydi oyim yuz yildan buyon koʻrmagandek mehr bilan tikilib. U mening kelishimni kutib, mijja qoqmagani uchun koʻzlari qizarib, oʻzi toliqib oʻtirardi.

– Hali ham uxlamadingizmi?

– Sening kelganingni koʻrsam, tinch uxlayman-da, oʻgʻlim. Charchagandirsan?

– Oyijon…

Men mehrsiz farzand, baʼzan hatto, onamga bir qoʻngʻiroq qilishga ham erinaman. Ishim tugagach, saharda uyga kirib kelaman. Bir kuni kelsam, onam mudrab oʻtirgan ekan. Uygʻotib yubormaslik uchun eshikni ohista ochdimu yengil qadamlar bilan ichkariga kirdim. Oyim televizorni yoqqan koʻyi stolga suyanib uxlar edi. “Yaxshiyam shu televizor bor”, dedim men oʻzimga. Shu payt oyimning qoʻlidan polga nimadir tushib ketdi. Telefon va raqamlar yozilgan daftar edi bu. Unda ish joyimning telefon raqami yozilgan edi. Oyim mening qoʻngʻirogʻimni kutib, oʻzim qoʻngʻiroq qilsammikan, deya ikkilangan va uxlab qolgan koʻrinadi. Stolga suyanib uxlab qolgan oyimning ajin tushgan yuzlariga qarab, ichimdan otilib chiqishga urinayotgan yigʻini tutib tura olmadim. Qishda barglarini toʻkib, koʻrimsiz boʻlib qolgan daraxt kabi huvillab qolgan edi oyimning yuzi. U kishini ohista koʻtarib, karavotiga yotqizdim va koʻrpani avaylabgina yopib qoʻydim. Shu payt onam uygʻonib qoldi.

– In Suk, keldingmi?..

– Oyi, kechiring.

– Kechiring, deganing nimasi, axir, faqatgina oʻn ikki boʻlishidan oldin telefon qilib qoʻysang boʻlar edi-ku. Tinchlikmi oʻzi? Qoʻngʻiroq qilmaganing uchun xavotir oldim. Yana…

Oyim uyqusirab, horgʻin ovozda gapirdi. Soʻng chuqur nafas olib, bir entikib oldi. Doim oʻzini oʻylaydigan, menga bor mehrini tortiq qiladigan onam oʻzimdan hech narsa soʻramasdi. Faqatgina bir chimdim mehr… bir ogʻiz shirin soʻz kifoya onamga. Shunda har kuni oyimga mehr ulashishga qasam ichdim. Qanday ishim boʻlishidan qatʼi nazar, albatta oyimga telefon qilib, uni shirin soʻzlar bilan siylashga oʻz-oʻzimga soʻz berdim.

…Oyimning vafot etganiga bir yildan oshdi, men oʻz odatimcha ish tutaman. Qoʻlimga telefonni olamanu osmonga qarab shunday deyman:

– Oyijon, sizni yaxshi koʻraman…

 

Koreys tilidan

Malohat GʻAFFOROVA

tarjimasi

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/yarim-tun/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x