Olti daqiqa mutolaa xotirjamlikka erishish uchun kifoya

Kitob mutolaasi insonni nafaqat maʼrifatli, maʼnaviyatli qilishga xizmat qiladi, balki uning salomatligiuchun ham foydali ekani bilan ahamiyatli. Xoʻsh, kitob mutolaasi inson salomatligiga qaysi jihatlari bilantaʼsir etishi mumkin?

– Hayotdagi kundalik muammolarning taʼsiri asab tizimiga, asab tolalarining zoʻriqishiga olib keladi, – deydi nevropatolog Zafar BOʻTAYEV. – Buning taʼsirida baʼzan kimdir qattiq tushkunlikka tushib qoladi, kimdir esa kuchli asabiylashishdan ruhiy kasallikka chalinishi mumkin. Mana shunday holatlarda koʻp kitob oʻqigan odam yoʻlini topib ketishga oʻzida kuch topadi. Kitobga aloqasi boʻlmagan inson muammo oldida ojizlik qilib qolishi hech gap emas. Shuning uchun ham mutolaaning asablarni tinchlantirishga, kundalik charchash sindromini bartaraf etishga, tushkunlikka barham berishga, xotira pasayishining oldini olishga, eshitish qobiliyatini kuchaytirishga katta foydasi bor. Agar kuchli asabiy holatda turib, olti daqiqa kitob oʻqilsa, inson xotirjamlikka erishadi. Bu usulni anʼanaviy qogʻoz kitobda qilish kerak.

Atrofimizda kitob nima, uning mutolaasi qanday kuch ekanini anglab yetmayotgan yoshlar soni oz emas. Mavridi kelganda farzandini oʻqishidan koʻra ogʻir mehnatini afzal bilguvchi ota-onalar ham kam emas. Ularga kitob mutolaasi, bilim olish haqida gapirsangiz uni zerikarli mashgʻulotlar sifatida bilishi tayin. Bugungi kun muammosiga aylangan yoshlar orasidagi madaniyatsizlik, qoʻpolliklar, zoʻravonlik tuygʻularining sababi, mana shu turmush tarzidan paydo boʻlmayaptimikan?

Qiziqarli va oʻquvchining hayotiga tanish boʻlgan asarni topib oʻqish har qanday kishini ham yaxshilikka chorlashga qodir, – deydi Oʻzbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopova. – Mutolaa insonga goʻzallik, estetik did, yaxshi xulq, xushmuomalalik, soʻzamollikni baxshida etadi. Oʻquvchining dunyoqarashini kengaytirib, shirinzabon qilishga yordam beradi. Bugun kitob topish, uni mutolaa qilish muammo emas. Buning uchun barcha sharoitlar yetarli. Bizning bolaligimizda-chi? Kitobning oʻzini topish mushkul edi. Shuning uchun bitta asarni jamoa boʻlib, tunlari dugonalarimizning uyiga borib yoki yoshi kattalarga hamroh boʻlib oʻqirdik. Biroq bugungi yoshlar bu imkoniyatlardan toʻliq foydalanyapti, deya olmaymiz. Internet ularning hayoti mazmuniga aylanib boryapti. Ammo hech kim kitob oʻqimayapti, deyish ham notoʻgʻri. Shunchaki farzandlarimizning bolaligidan telefon yoki kompyuterga emas, kitob mutolaasiga qiziqishi orttirib borilsa, yanada foydali boʻlardi. Bugungi bolalar sabrsiz, zamon kabi shiddatli. Faqat ularning qiziqishini foydali mashgʻulotlarga toʻgʻri yoʻnaltirishimiz kerak.

– Kitobni oʻqish va uni yaxshi tushunish uchun, avvalo, koʻz sogʻlom boʻlishi kerak, – deydi oftalmolog Dilshod NABIYEV. – Kitobni koʻzga yaqin qilib oʻqiymiz. Shu bois, elektron kitoblar oddiy kitoblardan koʻra koʻzni tez charchatadi. Elektron nurlar esa turli koʻz kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun, kitob oʻqiyotgan xonamizda yetarlicha kislorod va kerakli yorugʻlik boʻlishi kerak. Toza havoda oʻqilsa, yanada yaxshi. Kitobga tushadigan nur ham koʻzimizni qiynab qoʻyishi kerak emas. Yorugʻ toʻgʻri boʻlib tushishi kerak. Yotib oʻqiganda oʻpka bilan yurakka havo yetib bormaydi. Nafas olish qiyinlashadi. Kitob va koʻz oraligʻi 15-20 santimetr boʻladi. Natijada odam tezda toliqib qoladi. Kitobni oʻtirib oʻqish koʻz uchun foydali. Shuningdek, 45 daqiqa oʻqib, 5-10 daqiqa koʻz va miyaga dam berish lozim. Bu holat kishiga kitobni tahlil qilib olishga va xotirada saqlashga hamda koʻzni dam oldirishga yordam beradi.

Oddiy choʻpon yoki quruvchi, iqtisodchi, oshpaz, xullas, hamma oʻz sohasida ijodkor hisoblanadi. Buni yanada boyitishda esa kitob bizga hamrohlik qiladi. Izlanish, umumiy savodxonlikni oshirish, oʻz qobiliyatini rivojlantirish, sohaning ustasi boʻlishda mutolaaning oʻrni beqiyos.

 

Sohiba SUYUNOVA

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/olti-daqiqa-mutolaa-xotirjamlikka-erishish-uchun-kifoya/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x