Xat – gʻalat, maʼno – gʻalat…

Tilning yuksak maqomi

Hozirgi zamonda davlat tili maqomiga ega boʻlmagan tillarning yuksak darajada ravnaq topishiga aslo ishonmang.

Mana, 28 yilga yaqinlashyaptiki, oʻzbek tili – davlat tili. Xususan, mustaqillikka erishganimizdan keyin ona tilimiz taraqqiyoti uchun juda katta qulayliklar yuzaga keldi. Shu tilda davlat siyosati olib borilyapti. Ommaviy axborot vositalarining miqdor-miqyosi shu qadar kengayib ketdiki, mamlakatimizda har kuni oʻzbek tilida amalda qancha ogʻzaki va yozma matn tuzilayotganini hisobga olishning hech imkoni yoʻq.

Nutqimiz oʻsdi. Lof emas, hozirgi paytda radio yoki televideniye xodimi mikrofon tutsa, katta-kichik har qanday oʻzbek oʻz fikrini ravon ifodalay oladigan darajaga keldi. Oʻzbek tilini yaxshi biladigan boshqa millat va elatlar vakillari soni ham oshib borayotir.

 

Qizim, senga aytaman…

Buyuk Alisher Navoiyning ustozi va piri Abdurahmon Jomiyning:

Nusxai oshuftai devoni

umri mo mapurs,

Xat – gʻalat, imlo – gʻalat, insho – gʻalat, maʼno – gʻalat, –

degan mashhur bir bayti bor. Undan: “Umrimiz devonining oshufta nusxasini soʻrama, (unda) xat (yozuv) – xato, imlo – xato, insho – xato, maʼno – xato”, – degan maʼno-mazmun anglashiladi.

Albatta, bu yerda shaxs hayotining xatoliklar bilan oʻtgani haqida soʻz boryapti. Shoir buni “devon” istiorasi orqali ifodalagan. Lekin zimdan muallif bu bilan, oʻsha zamondagi “xat – gʻalat, imlo – gʻalat, insho – gʻalat, maʼno – gʻalat” sheʼriy devonlar ham boʻlganiga ishora qilmagan, deya olmaymiz ham.

Til bor ekan, u ravnaq topadi. Ammo bu taraqqiyot tinimsiz ravishda mavjud xatoliklarni aniqlash va tuzatish orqali kechadi. Shu maʼnoda tilimiz bilan bogʻliq muammolar ham yetarli. Ularni bartaraf etish uchun avval masalaning oʻzini, uni qanday qilib tuzatish mumkinligini aniqlashtirib olish zarur.

 

“Xoltoyev”mi yoki “Kaltayev”?

Shoʻro davrida Xoltoy aka oʻgʻil koʻrib, tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnoma olish uchun qishloq sovetiga boribdi. U yerda oʻzbek tilini chalaroq biladigan, rus maktabini tugatgan bir kishi ishlar ekan. U kishi otlarini soʻragan ekan, “Qoltoy”, – debdilar qishloqlaridagi talaffuz bilan. Albatta, kotib soʻzlarni ruschaga moslab yozishga oʻrganib qolgan. “Q”ni “K”, “o”ni “a” yozish kerakligini biladi. Hujjatga “Kaltayev” deb yozibdi-da…

Oʻshandan beri Xoltoy akaning oʻgʻillari har gal “Kaltayev” deb familiyasi oʻqilganda, bir qizaradi, bir boʻzaradi. Chunki oʻzining boʻyi ikki metr ekan-da. Familiyasi boʻyiga tamoman teskariligi boshqalarda kulgi qoʻzgʻashidan norozi boʻlar ekan.

Lekin… Shuni borib oʻzgartirib kelish mumkinligini 60 yildan beri oʻylab koʻrmaydi.

Iloji bor. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 226-moddasida fuqarolarga shunday huquq berilgan.

Xoʻsh, familiya, ism va ota ismi qanday holatlarda oʻzgartiriladi?

Agar familiya, ism va ota ismi eshitilishda yoqimsiz boʻlsa; fuqaroning millatiga toʻgʻri kelmasa; xohishiga qarab, nikohgacha boʻlgan familiyaga (nikohda turgan davrida ham, nikohdan keyin ham) qaytish fikri paydo boʻlsa; oilada bir xil familiyada boʻlish istagi tugʻilsa (agar nikoh tuzish paytida er-xotin umumiy familiyani tanlamagan boʻlsa) va boshqa uzrli deb topilgan asoslarga koʻra oʻzgartiriladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunining 15-moddasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashovchi shaxslar – millatidan qatʼi nazar, familiya, ism va otasining ismini milliy-tarixiy anʼanalarga monand oʻzgartirish huquqiga ega. Ichki ishlar boʻlimlari 30 kun mobaynida taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganib chiqib, oʻz xulosasini beradi. Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish boʻlimi xulosani olgach, hujjatlar asosida familiya, ism va otasining ismini oʻzgartirish yoki bu taklifni rad etish toʻgʻrisida asoslantirilgan xulosa tuzadi va dalolatnoma yozuviga tegishli oʻzgartirishlarni kiritib, fuqaroga yangi guvohnoma beradi.

Erinchoqligimiz, hujjatbozliklardan oʻzimizni olib qochishimiz oqibatida koʻplarimizning shaxsimizni tasdiqlovchi hujjatlarimizda familiyamiz, ismimiz, ota ismimiz xato yozilgan.

Maʼlumki, bizda fuqaro 16 yoshga toʻlganda unga pasport beriladi. Agar familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish ehtiyoji boʻlsa, bu ishni pasport olguniga, yaʼni 16 yoshga toʻlguniga qadar amalga oshirgan – har taraflama maʼqul. Chunki yuqorida qayd etilgan uzrli sabablar boʻlganida yoki “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunning 15-moddasiga koʻra, familiya, ismi va otasining ismini oʻzgartirish istagini bildirgan ota-ona yoki 10 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan bolaning arizalariga asosan, FHDYo boʻlimi tomonidan ariza qabul qilingan kuniyoq masala hal etilishi mumkin.

Shoʻro davrida pasportga ham oʻzbekcha, ham ruscha qilib familiya, ism va ota ismi yozilar edi. Albatta, koʻpincha “oʻ”, “q”, “gʻ”, “h” harflari ruschaga “u”, “k”, “g”, “x” boʻlib oʻtar edi. Sobiq Ittifoqda davlat tili rus tili boʻlgani uchun davlat idoralarida ruschasi birlamchi ahamiyatga ega hisoblanar, ichki ishlar tizimida ruschasi asosiy kuchga ega edi. Fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi pasporti berilayotganda, albatta, ruschasiga suyanish qoidasiga amal qilingan.

Bunday holatga duch kelgan fuqarolar – agar tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi familiyasi, ismi va ota ismi oʻzbekcha qanday yozilgan boʻlsa, yangi pasportiga shunday yozilishini talab qilishga haqli.

”Otliq” – kim?

Oʻzbek tili koʻp uzoq yoʻlni bosib oʻtgan. Yoʻl-yoʻlakay oʻziga kerakli narsalarni “qoʻltiqlab” kelavergan. Baʼzi soʻzu ifodalarimiz xalqona talqinlarda eski shaklini aynan saqlab ham qolaveradi.

Masalan, bir kamyob narsa haqida gap ketsa: “Bu narsa otliqqa yoʻgʻ-u…” – deb qoʻyiladi. Bu yerdagi “otliqqa” soʻzini ayrimlar suvoriy, yaʼni ot mingan kishi maʼnosida tushunar ekan. Yoʻq, agar bu iborada agar “otliq”, chindan ham, suvoriyni anglatsa edi, u, bu narsa boy odamda yoʻgʻ-u, kambagʻalda qayoqdan boʻlsin, degan maʼnoda kelishi kerak edi. Shundan kelib chiqib, baʼzilar hozir: “Bu narsa otliqqa yoʻgʻ-u, piyodada qayoqdan boʻlsin”, – deb ishlatishyapti. Mabodo, shunday boʻlganida edi, ibora “otliqqa yoʻq” emas, “otliqda yoʻq” boʻlishi kerak edi.

Holbuki, oʻrin-payt kelishigi qoʻshimchasi (-da) oʻz oʻrnida ishlatiladigan shevalarimizda ham ibora “otliqqa yoʻq” tarzida qoʻllanadi. Aniq boʻldiki, bu yerda gap ot mingan kishi haqida ketayotgani yoʻq.

“Otliqqa” degani bu yerda “nomiga”, “otiga” degan maʼnoda keladi. Yaʼni, bu ibora, bu narsa, hatto, nomini tilga olish uchun ham topilmaydi, degan maʼnoni anglatadi.

Tilimizda “nomiga” soʻzining “atigi” degan maʼnodoshi ham bor. “Atigi” ham, aslida, “nomiga” kalimasiga maʼnodosh boʻlgan “otiga” soʻzining talaffuzda oʻzgargan shakli (“atiga” – “atige” – “atigi”), xolos.

 

Gap… “bugʻdoyda”mi?

Xuddi shunday bir xatoni yana bir misolda koʻramiz.

“Gap unda emas, aka, bugʻdoy-da”, – deb yozadi baʼzi bir adiblarimiz.

Demak, kimlardir, bu iboradagi “unda” soʻzida gap bugʻdoydan olinadigan un haqida ketyapti, deb tushunar ekan-da.

Holbuki…

“Gap unda emas”, “gap bunda emas”, – degan iboralar, aslida, gap boshqa yoqda ekanini aytish uchun qoʻllanadi. Demak, bu yerdagi “u” – olmosh, u oʻrin-payt kelishigida kelgani uchun oraga “n” qoʻshiladi. Bu yerdagi “gap unda emas” iborasi ruscha “delo ne v etom”ning aynan soʻzma-soʻz tarjimasi, xolos.

Demak, bu iboraning bugʻdoyga hech qanday aloqasi yoʻq.

Modomiki, tilimiz xalqimizning bebaho boyligi ekan, har birimiz uni asrab-avaylashga, soʻzu iboralarni buzmay va oʻrinli qoʻllashga masʼulmiz.

 

Sultonmurod OLIM,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/xat-galat-mano-galat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x