Olmos yurak sohibi

Adabiyot inson maʼnaviyati, dunyoqarashi va tafakkur doirasini kengaytirishga xizmat qilsa, uning ajralmas qismi boʻlgan bolalar adabiyoti kelajagimiz egalarini tarbiyalaydi. Yoshligidan kitobga, adabiyotga mehr qoʻygan bola mustaqil fikri, keng dunyoqarashi va bilim doirasi bilan boshqa bolalardan ajralib turadi. Oʻzbek xalqining “Bilagi zoʻr birni, bilimi zoʻr mingni yiqar” maqoli kitobning inson hayotidagi oʻrni naqadar beqiyos ekanligini yana bir karra namoyon etadi.

Oʻzbek bolalar adabiyoti ijodkorlaridan biri Qudrat Hikmat qisqa umr koʻrgan boʻlsa-da, bolalar shoiri zimmasidagi ishlarni qilishga ulgurdi. Vafot etganiga yarim asrdan ortiqroq vaqt oʻtganiga qaramay, kitoblari qayta nashr etilmoqda, sheʼrlari maktab darsliklari sahifalaridan tushmaydi. Buning asosiy sababi, shoir asarlari tarbiyaviylik, maʼrifatparvarlik, vatanparvarlik, ona tabiatni sevish kabi tuygʻular bilan boyitilganida.

Qudrat Hikmat qalbida sheʼriyatga muhabbat maktabda oʻqib yurgan vaqtlaridayoq tugʻilgan. Ustoz Quddus Muhammadiy yosh qalamkashning adabiyot olamiga kirib kelishiga sababchi boʻldi. Qudrat Hikmat sheʼrlari oynomalarda chop etila boshladi.

“Urushdan keyingi ogʻir yillar… Oybekning Oʻzbekiston yozuvchilariga rahbarlik vaqtlari. Kunlarning birida yozuvchi kabinetiga ustida yirtiq koʻylak, boshida eski doʻppi, oyoqyalang bir yigit kirib keldi. Shimining choʻntagidan toʻrt buklangan qogʻozni olib: “Eshiting, Oybek aka, sheʼr oʻqiyman”, dedi. “Oʻqing, oʻqing”, dedi Oybek. Yigit sheʼr oʻqidi. Sheʼrni oʻqib boʻlib u adibdan oʻzining asari haqida biron narsa eshitgisi keldi. Lekin Oybek hech narsa demadi. U sheʼrni ehtiros bilan oʻqib bergan bu yigitga boshdan oyoq razm solib qaradi va sekin oʻrnidan turib, uni ergashtirib litfond raisining oldiga olib kirdi. Yigit yanagi safar bu idoraga kelganida yangi kostyum-shimda edi…”[1]. Qudrat Hikmat Oybekdan shu tariqa birinchi yoʻllanmani olgan. 1947 yilda baxshi Islom shoir Nazar oʻgʻliga adabiy kotib sifatida xizmat qilishi sheʼriyatga boʻlgan intilishning yanada kamol topishiga yordam berdi. 1950 yilda “Mening vatanim” nomli ilk sheʼriy toʻplami nashr etildi. Shundan soʻng uning “Baxtli bolalar”, “Tinchlik-obodlik”, “Doʻstlik”, “Uch oʻrtoqning sovgʻasi”, “Nabira mehri”, “Onaxonim”, “Alisher va kitob”, “Toshbaqalar hujumi”, “Soatjonning soati”, “Daydi bola”, “Oʻgʻlim bilan suhbat”, “Chirchiq farzandi”, “Ilonshoh va uning amaldori ari haqida ertak” kabi yigirmaga yaqin kitoblari bosmadan chiqdi.

Qudrat Hikmat hajviy janrga mansub bir qator asarlar ham yozdi. “Hayron qoldirar”, “Yaxshi emas”, “Tolib soʻlaqmon”, “Dangasa”, “Boʻlgan ekan…”, “Erkatoyim hali yosh”, “Tantiq”, “Men “ikki”dan qanday qutuldim?” kabi sheʼrlar shular jumlasidan. “Tantiq” sheʼrida ota-onasining arzandasi Vahob ismli bolaning xarakteridagi manmanlik, dangasalik, oʻqishga beparvolik, ayyorlik kabi kamchiliklar fosh etilgan. “Yaxshi emas” sheʼrida yangi poyafzal kiyib loy kechadigan, egnidagi kir xalatini yechishga erinadigan, hattoki boshidan tushgan doʻppini olib kiyishga yaramaydigan Isoq kabi erinchoq, landavur bola obrazi tasvirlangan. “Tolib soʻlaqmon” sheʼrida mehnatdan qochadigan, dangasa, bezori, ozodalikka hushi yoʻq, “ikki”chi bolaning kirdikorlari koʻrsatilgan. Kattalar ish buyurganda bahona qidiradigan, koʻchada “tegmaganga tegib, tekkanga kesak otadigan”, egnidan kir koʻylakni yechmaydigan, hatto qoʻy-qoʻzilar undan qochadigan Tolibning nima sababdan “Tolib soʻlaqmon”ga aylanganligi hikoya qilingan. Ushbu asarlar tilining soddaligi, xalqonaligi, voqealarni tasvirlashda tabiiylikka erishilgani bilan oʻziga xosdir, ular kitobxonni ozodalikka, saranjom-sarishtalikka undash bilan birga goʻzallik va nafosat bilan bogʻliq maʼnaviy-axloqiy tushunchalarning shakllanishiga hissa qoʻshadi. Bu sheʼrlarni oʻqigan kitobxon oʻziga tegishli xulosalarni chiqarib oladi.

Maʼlumki, hajviy asarlarda dangasalik, chaqimchilik, ayyorlik, yalqovlik kabi illatlar barobarida “ikki”chilik ham qattiq tanqid qilinadi. Bolalar adabiyotida insonga tenglashtirilgan jonivorlar, predmetlar juda koʻplab uchraydi. Jonlantirishga asoslangan bunday kulgili holatlar esa, oʻz navbatida bolalarni fikrlashga chorlaydi. “Men “ikki”dan qanday qutuldim?” sheʼri ham maʼjoziy xarakterda. Bu asarda mumtoz adabiyotimizdagi tashxis sanʼatidan foydalanilganini koʻrish mumkin: “ikki” bahoning ishshayishi, oʻchakishishi, shoʻppayishi, qochishi, duduqqa oʻxshab turishi, oʻquvchining ketidan chopishi. Umuman, dars qilmaydigan oʻquvchi, “ikki”dan qutulishning har xil yoʻllarini oʻylab topadi, afsuski bu yoʻllar ichida kitob oʻqish, dars qilishdek asosiy vazifalar yoʻq. Muallif oʻquvchi bilan “ikki”ni xuddi tirik odamlar bir-biri bilan quvlamachoq oʻynayotgandek tasvirlaydi. “Ikki”dan qutula olmagan oʻquvchi, koʻzi jiqqa yoshga toʻlib, alam bilan uyga kirib, bosh koʻtarmasdan kitob oʻqiydi va shuning natijasida “ikki” bilan boshqa uchrashmaydi. Aslida, muallifning asosiy maqsadi ham shu, oʻquvchilarni turli bahonalar qidirmasdan ilmli boʻlishga chorlash. Bunday satirik asarlar nafaqat adabiyotda, balki bolalar adabiyotida ham oʻzining oʻrniga ega. Demak, kulgi vositasida ham yosh avlod qalbiga goʻzallik urugʻini sochish, uni his etishni oʻrgatish mumkin.

Qudrat Hikmat asarlarida lirik qahramonning koʻrinishlaridan biri shoir qiyofasida namoyon boʻladi. “Bola edik”, “Oybek”, “Oybeknikida…”, “Shoir”, “Qoʻmsash”, “Shoir va sheʼr”, “Mening yuragim”, “Doʻst achitib gapirar…” kabi sheʼrlarida yuksak fidoyilik, vatanparvarlik his-tuygʻulari yarq etib turadi.

 

Olmos mening yuragim, / Tolmas mening yuragim,

Kim aytadi sheʼrimda, / – Qolmas mening yuragim[2].

 

Ushbu toʻrt misradan iborat sheʼr zarrada osmon aks etgani singari oʻzida juda katta maʼnoni mujassamlashtirgan. Sheʼr tilining soddaligi, ravonligi, qofiyasining pishiqligi, takror sanʼatidan mohirona foydalanish tufayli oʻquvchi xotirasida tez saqlanib qolishi bilan ham oʻziga xos. Toʻrtlik misralari oʻzaro qofiyalanib, sheʼrning musiqiy ohangi yanada jozibador boʻlishiga erishilgan.

Qudrat Hikmat tabiatan adolatparvar, haqgoʻy inson edi. Haq gapni shartta gapirishi barchaga ham xush kelavermasdi. Shoir feʼlidagi bu jihatni ayrimlar kamchilik deb bilar va unga dakki berar edi. Qudrat Hikmat “Doʻst achitib gapirar…” nomli sheʼrini shunday insonlarga javoban yozgan. Shoir adolatsiz, mansabparast, xalq manfaatidan oʻz manfaatini ustun qoʻyadigan kimsalarga nisbatan befarq emasligini joʻshqin satrlarida bayon qilgan. Sheʼr tilining soddaligi, qofiyasining toʻqligi, soʻz boyligi bilan ham oʻziga xos, asarda ishlatilgan dagʻal, serzarda, qovogʻidan qor yogʻish, tajang, taʼbni xira qilish kabi maʼnodosh soʻzlarning qoʻllanilishi yosh kitobxon soʻz boyligining ortishiga xizmat qiladi. Asarning yana bir muhim jihati shoir haqiqatning, inson hayotini bezashini, anʼanaviy xalq maqollari bilan emas, balki oʻzining badiiy ijod mahsuli boʻlgan “Haq soʻz hayot naqshidir” aforizmi bilan yakunlagan. Sheʼrni oʻqigan kitobxon haqiqiy doʻst bilan soxta doʻstning orasidagi farqni tushunib yetadi.

Shoir tabiat manzaralarini benihoya goʻzal va jonli tasvirlagani bois bu ijod namunalari hanuzgacha oʻziga xosligi bilan bolalar adabiyoti xazinasida oʻzining mustahkam oʻrniga ega. Hozirgi oʻzbek bolalar adabiyotining taniqli vakili Tursunboy Adashboyev “har bir misra ustida ishlash va kartina yaratish sanʼatini ustoz Qudrat Hikmatdan oʻrganganman” deb bejiz eʼtirof etmagan. Qudrat Hikmatning tabiat manzaralari aks ettirilgan sheʼrlarini oʻqigan kitobxon koʻz oʻngida sinchkov musavvirning sehrli moʻyqalami yaratgan turfa xil yorqin ranglar namoyon boʻladi. Shoirning “Bahor” sheʼriga eʼtibor beraylik:

 

Uchib yurar mayin shamollar, / Yelpib-yelpib anhor yuzini.

Qirgʻoqlarda soyabon tollar / Oyna-suvda koʻrar oʻzini.

Tong yellari oʻynoqlab sekin, / Jiydazorga kirib yoʻqolar.

Maysa oʻtlar tebranib sekin / Orqasidan kuzatib qolar.

 

Shoir jonlantirish sanʼatidan juda ustalik bilan foydalanganini esayotgan shamolni anhor yuzini yelpiyotganga, tollarni soyabonga oʻxshatib tasvirlashida yaqqol koʻrish mumkin. Anhorning koʻzguga oʻxshatilishi, tolning suvda aksini koʻrishi qizlarning oʻz goʻzalliklarini koʻzguga solishlariga qiyoslangan. Bu esa yosh kitobxon qalbida goʻzallikka oshnolikni yanada kuchaytiradi.

Muxtasar qilib aytganda, XX asr oʻzbek bolalar adabiyotining taraqqiyotiga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshgan hassos shoir Qudrat Hikmat ijodi mavzu koʻlamining kengligi va rang-barangligi bilan oʻziga xosdir.

 

Dilorom TOʻRAYEVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–5

 


[1] Qoʻshjonov M. Onaga taʼzim, bolaga mehr. – Toshkent: Yosh gvardiya, 1983. – B. 60.

[2] Q.Hikmat. Mening yuragim. Toshkent: Gʻ.Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1986. – B.24

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/olmos-yurak-sohibi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x